toggle_night_mode
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON QO‘SHIQ BAYRAMI TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1996-yil 27-avgustdagi PF-1550-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, respublika “Ma’naviyat va ma’rifat” jamoatchilik markazi, Yozuvchilar uyushmasi, Bastakorlar uyushmasi va “O‘zteleradio” kompaniyasi har yilgi respublika qo‘shiq bayramini o‘tkazishni tashkil etsinlar.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-maydagi 270-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 19-son, 345-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
2. O‘zbekiston qo‘shiq bayrami to‘g‘risidagi Nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(2-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 19-sentabrdagi 359-sonli qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 19-sentabrdagi 359-sonli qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan)
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga joylarda qo‘shiq ko‘rik-tanlovini tayyorlash va yuqori saviyada o‘tkazishni ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari va tegishli hokimlarning o‘rinbosarlari rahbarligida komissiyalar tuzish tavsiya etilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Madaniyat vazirligi o‘zlariga qarashli tashkilotlarning saralash ko‘rik-tanlovlarini mustaqil o‘tkazadilar. Sarf-xarajatlar ichki mablag‘lar hisobiga qoplanadi.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-maydagi 270-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 19-son, 345-modda)
6. “Mahalla”, “Navro‘z”, “Kamolot”, “Oltin meros”, “Amir Temur” jamg‘armalarining respublika qo‘shiq bayramining alohida qatnashchilarini taqdirlash uchun o‘z maxsus sovrinlari va pul mukofotlarini ta’sis etish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin.
7. “O‘zteleradio” kompaniyasi, gazetalar va jurnallar tahririyatlari qo‘shiq bayrami tadbirlarini keng yoritsinlar.
8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ko‘rik-tanlov g‘oliblarini 3-ilovaga muvofiq mukofotlash, shuningdek reklama mahsulotlari, sovrinlar, diplomlar va nishonlar tayyorlash, ko‘rik-tanlovni o‘tkazish xarajatlarini qoplash uchun har yili mablag‘ ajratishni nazarda tutsin.
9. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha ko‘rik-tanlovlarni, bayramni tayyorlash va o‘tkazish bilan bog‘liq barcha xarajatlar, shuningdek, respublika yakunlovchi tanlovi qatnashchilarining safar xarajatlari mahalliy budjet va homiylarning mablag‘lari hisobidan qoplanishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A. Azizxo‘jayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 18-noyabr,
403-son
Vazirlar Mahkamasining 1996-yil
18-noyabrdagi 403-son qaroriga
2-ILOVA
O‘zbekiston qo‘shiq bayrami to‘g‘risida
NIZOM
Bayramning maqsad va vazifalari:
O‘zbekiston qo‘shiq bayrami kelajagi buyuk davlatimiz va uning bunyodkor, bag‘ri keng, mehridaryo xalqini madh etuvchi, insonlar qalbida muqaddas Vatan tuprog‘ini, mustaqillikni ko‘z qorachig‘iday asrab avaylash, buning uchun kerak bo‘lsa jon fido qilishga undovchi yuksak badiiy saviyadagi musiqa asarlari va qo‘shiqlarning yaratilishiga keng imkoniyat tug‘dirish maqsadida o‘tkaziladi.
Bayramni o‘tkazish shartlari:
Bayram doirasida har yili ikki bosqichda qo‘shiq ko‘rik-tanlovi o‘tkaziladi:
1-bosqich (saralash)
Ko‘rik-tanlovning birinchi bosqichi respublika tashkiliy qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan jadvalga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasida, viloyatlarda va Toshkent shahrida o‘tkaziladi.
Ko‘rik-tanlovda qatnashishga tuman tashkilotlari va alohida ijrochilarning tavsiya-buyurtmanomalari bo‘yicha professional, havaskorlik badiiy jamoalari, ansambllar va yakka ijrochilar, shuningdek, bolalar bog‘chalari, maktablar, oliy o‘quv yurtlari, harbiy qismlarning jamoalari, xorijiy ijodiy jamoalar va yakka ijrochilar qo‘yiladilar.
Ko‘rik-tanlov qatnashchilarining yoshi cheklanmaydi.
Ko‘rik-tanlov qatnashchilarining hujjatlari tegishli tashkiliy qo‘mitalar tomonidan belgilangan muddatlarda qabul qilinadi.
Qatnashchilarning ko‘rik-tanlovga kelishlari bilan bog‘liq barcha xarajatlarni tavsiya etuvchi tashkilotlar to‘laydilar.
Tanlov jamoatchilik ishtirokida bir tur doirasida o‘tkaziladi.
Qatnashchilarning chiqishlari tartibi qur’a tashlash yo‘li bilan quyidagi janrlar yo‘nalishi bo‘yicha belgilanadi:
— maqom ijrosi;
— xor ijrosi;
— akademik ijro;
— folklor ijrosi;
— vokal-cholg‘u ijrosi.
Ko‘rik-tanlov qatnashchilarining ijro mahoratini baholash uchun tegishli tashkiliy qo‘mitalar yetakchi san’at va madaniyat xodimlaridan iborat hay’at tashkil etadilar, hay’at tarkibi har yili qayta tasdiqlanadi.
Qo‘shiq musiqasining o‘ziga xosligi, matnning yangiligi, mazmundorligi, Vatanga muhabbat va istiqlolga sadoqat g‘oyalarini badiiy yuksak saviyada aks ettirishi baholashning asosiy mezoni hisoblanadi.
Hay’at taqdim etilgan asarlarni 10 balli tizim bo‘yicha baholaydi.
Hay’at qatnashchilar erishgan natijalarga bog‘liq ravishda belgilangan mukofotlar soni doirasida mukofotlarni musiqa, matn mualliflari va ijrochilar o‘rtasida teng nisbatda taqsimlaydi.
Joylarda o‘tkaziladigan ko‘rik-tanlovlardagi mukofotlar soni va miqdorini tashkiliy qo‘mitalar mustaqil belgilaydilar, biroq ular respublika mukofotlaridan ko‘p bo‘lmasligi kerak.
Hay’at ko‘rik-tanlov shartlariga to‘la javob beradigan qo‘shiqlar taqdim etilmagan hollarda ayrim mukofotlarni bermaslik huquqiga egadir.
Hay’atning qarori uzil-kesil hisoblanadi hamda qayta ko‘rib chiqilmaydi.
Qatnashchilarning chiqishlari dasturi:
Ko‘rik-tanlov qatnashchilari tashkiliy qo‘mitalarga istalgan janr yo‘nalishidagi, tanlovning mavzu shartlariga javob beradigan faqat yangi qo‘shiqlarni taqdim etishlari zarur Ayni vaqtda yangi qo‘shiqlarning matn materiali mumtoz shoirlarning she’riy materiallariga ham, zamonaviy o‘zbek shoirlarining she’riy materiallariga ham asoslanishi mumkin.
Qo‘shiq ko‘rik-tanlovi tuman, shahar g‘oliblari (birinchi—uchinchi o‘rinlarni egallaganlar) viloyat, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ko‘rik-tanlovida qatnashish uchun tavsiya etiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ko‘rik-tanlovi g‘oliblari (birinchi—uchinchi o‘rinlarni egallaganlar) respublika qo‘shiqlar ko‘rik-tanlovining yakunlovchi bosqichida qatnashish uchun tavsiya etiladi.
Vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning Qoraqalpog‘iston Respublikasida, viloyatlarda va Toshkent shahrida saralash qo‘shiqlar ko‘rik-tanlovini o‘tkazish tartibi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida saralash qo‘shiqlar ko‘rik-tanlovi o‘tkazish jadvalini tartibga solish maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
1. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Madaniyat vazirligi o‘zlariga qarashli tashkilotlarning saralash ko‘rik-tanlovlarini mustaqil o‘tkazadilar, qo‘shiqlar ko‘rik-tanlovi qatnashchilari to‘g‘risidagi nizomga muvofiq g‘oliblarni respublika qo‘shiqlar ko‘rik-tanloviga umumiy asoslarda tavsiya etadilar;
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-maydagi 270-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 19-son, 345-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
2 O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi “O‘zbekkonsert” davlat muassasasiga barcha professional musiqa jamoalari va Toshkent shahrida yashovchi alohida ijrochilarning saralash ko‘rik-tanlovini mustaqil o‘tkazish huquqi beriladi.
(2-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-maydagi 270-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 19-son, 345-modda)
Ko‘rik-tanlovning qolgan barcha qatnashchilari saralash ko‘rik tanlovidan mazkur Nizom shartlariga muvofiq o‘tadilar.
2-bosqich
Ko‘rik-tanlovning 2-bosqichi Toshkent shahrida, avgust oyining uchinchi haftasi mobaynida o‘tkaziladi.
Respublika qo‘shiqlar ko‘rik-tanlovi sovrindorlari va qatnashchilarining yakunlovchi konserti har yili qo‘shiq bayrami kunida, avgust oyining uchinchi yakshanbasida o‘tkaziladi.
Buyurtmalar berish tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar tashkiliy qo‘mitalari g‘olib qo‘shiqlar va ijrochilarning qo‘shiqlar ko‘rik-tanlovi yakunlovchi turida qatnashishi haqidagi taqdimnomalarni joriy yilning 20-iyulidan kechikmay quyidagi manzilga yuborishlari zarur: Toshkent shahri, Navoiy ko‘chasi, 2-uy, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi, tanlovlar va festivallar bo‘limiga.
(“Buyurtmalar berish tartibi” bo‘limining birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-maydagi 270-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 19-son, 345-modda)
Taqdimnomaga quyidagilar ilova qilinadi:
— yo‘llovchi tomonning tavsiyasi;
Oldingi tahrirga qarang.
(“Buyurtmalar berish tartibi” bo‘limining to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyuldagi PF-6269-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.07.2021-y., 06/21/6269/0704-son)
— qo‘shiq matni va nota materiali (klavir yoki partitura).
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan kelgan qatnashuvchilarning Toshkent shahrida bo‘lishlari bilan bog‘liq barcha xarajatlarni (har ikki tomonga borib-kelish kira haqi, mehmonxonada yashash, ovqatlanish, transport xarajatlari) tavsiya etuvchi tashkilotlar to‘laydilar.
G‘olib qo‘shiqlarni tanlovda eshitib ko‘rish jamoat oldida o‘tkaziladi.
Qatnashchilarning chiqishlari tartibi qur’a tashlash yo‘li bilan aniqlanadi.
Barcha qatnashchilar mualliflik huquqlariga rioya qilish, qo‘shiqlar ko‘rik-tanlovi to‘g‘risidagi Nizomni bajarish to‘g‘risidagi Bitimni imzolaydilar.
Chiqishlarni baholash uchun tashkiliy qo‘mita hay’at tuzadi, uning tarkibiga O‘zbekistonning yetakchi madaniyat va san’at arboblari kiradi.
Hay’at tarkibi har yili yangilanib turadi
Mukofotlar
Respublika qo‘shiqlar ko‘rik-tanlovi g‘oliblari uchun quyidagi mukofotlar belgilanadi:
Oldingi tahrirga qarang.
birinchi o‘rin uchun ‎ — bazaviy hisoblash miqdorining 110 baravari miqdorida;‎
ikkinchi o‘rin uchun (uchta)‎ — bazaviy hisoblash miqdorining 80 baravari miqdorida;‎
uchinchi o‘rin uchun (uchta)‎ — bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida;‎
rag‘batlantiruvchi mukofotlar (uchta) ‎ — bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari miqdorida‎
(“Mukofotlar” bo‘limining ikkinchi — beshinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-apreldagi 183-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.04.2021-y., 09/21/183/0283-son)
Hay’at qo‘shiqlar ko‘rik-tanlovi qatnashchilariga Faxriy yorliqlar berish huquqiga egadir.
Davlat va jamoat tashkilotlari, turli jamg‘armalar va hokazolar tanlov qatnashchilari uchun maxsus sovrinlar ta’sis etishlari mumkin, ular hay’atning qaroriga ko‘ra topshiriladi.
Respublika qo‘shiqlar ko‘rik-tanlovi tashkiliy qo‘mitasi tanlov tamom bo‘lgandan keyin tanlov sovrindorlari va ishtirokchilarining xayriya konsertlarini o‘tkazadi.
Tashkilotchilarning huquqlari
Respublika qo‘shiqlar ko‘rik-tanlovini o‘tkazish tashkiliy qo‘mitasi quyidagi huquqlarni o‘zida qoldiradi:
1. Eshittirishga yoki eshittirish uchun boshqa tashkilotlarga joylashtirishga bo‘lgan eksklyuziv huquqlar.
2. Audio va video mahsulotlar barcha turlarini (SD, kassetalar, filmlar, video-kassetalar) ishlab chiqarish va tarqatishga bo‘lgan eksklyuziv huquqlar.
3. Tashkiliy qo‘mita nomiga reklama maqsadlari uchun yuboriladigan ayrim materiallardan foydalanishga eksklyuziv bo‘lmagan huquq.
Vazirlar Mahkamasining 1996-yil
18-noyabrdagi 403-son qaroriga
3-ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston qo‘shiq bayrami Respublika ko‘rik-tanlovi g‘oliblarining mukofotlari

Mukofotlar

Soni

Miqdori (bazaviy hisoblash miqdoriga nisbatan, baravar)

Birinchi o‘rin

1

110

Ikkinchi o‘rin

3

80

Uchinchi o‘rin

3

50

Rag‘batlantiruvchi o‘rin

3

25

Jami

10

(3-ilovaning matni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-apreldagi 183-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.04.2021-y., 09/21/183/0283-son)