1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.14.00.00 Qishloq xoʻjaligi / 09.14.09.00 Qishloq xoʻjaligi tarmoqlari / 09.14.09.06 Urugʻchilik. Seleksiya. Tajriba xoʻjaliklari]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Qishloq xoʻjaligi]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qishloq xoʻjaligi ekinlarining yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan noyob belgi va xususiyatlarga ega mahalliy navlarini qayta tiklash va ularning original urugʻchiligini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 17-iyundagi PF-5742-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, respublikada qishloq xoʻjaligi ekinlarining yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan noyob belgi va xususiyatlarga ega mahalliy navlarini qayta tiklash va istiqbolli navlarning original urugʻchiligini tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
[OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.08.00.00 Iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy qurilish sohasidagi davlat boshqaruvining umumiy masalalari / 02.08.01.00 Davlat dasturlari, konsepsiyalar va boshqalar]
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda qishloq xoʻjaligi ekinlarining yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan noyob belgi va xususiyatlarga ega mahalliy navlarini qayta tiklash, saqlash va ularning original urugʻchiligini tashkil etish chora-tadbirlari dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Qishloq xoʻjaligi ekinlarining yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan noyob belgi va xususiyatlarga ega mahalliy navlarini qayta tiklash hamda istiqbolli navlarning original urugʻchiligini tashkil etish sohasida quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Fanlar akademiyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
jahon amaliyotida keng qoʻllanilayotgan zamonaviy usul va texnologiyalardan foydalangan holda qishloq xoʻjaligi ekinlarining yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan noyob belgi va xususiyatlarga ega mahalliy navlari asosida iqlim oʻzgarishlari, suv tanqisligi va shoʻrga moslashgan, kasallik va zararkunanda hasharotlarga bardoshli hamda kompleks qimmatli xoʻjalik belgilariga ega boʻlgan yangi navlarini va ularning genetik pasportlarini yaratish hamda seleksiyada birlamchi materiallarni tanlab olish samaradorligini oshirish;
ichki va tashqi bozor talabidan kelib chiqqan holda noanʼanaviy qishloq xoʻjaligi ekinlari navlarini xorijiy mamlakatlardan introduksiya qilish;
qayta tiklangan qishloq xoʻjaligi ekinlarining mahalliy navlarini Qishloq xoʻjaligi ekinlari navlarini sinash markazining nav sinash stansiyalari va uchastkalarida sinovdan oʻtkazish hamda ularni belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etiladigan qishloq xoʻjaligi ekinlarining davlat reyestriga kiritish;
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-martdagi 158-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi hududida ekishga tavsiya qilingan qishloq xoʻjaligi ekinlari davlat reyestrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
hududlarning muayyan ekin turiga ixtisoslashuvidan kelib chiqqan holda mahalliy seleksiya navlarining original (birlamchi) urugʻlarini yetishtirish hamda ekinboplik koʻrsatkichlari yuqori boʻlgan urugʻlik materiallari zaxirasini yaratish;
qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarining xalqaro standartlar talablariga muvofiqligini taʼminlash va tashqi bozorda raqobatbardoshligini oshirish;
qayta tiklangan hamda qimmatli xoʻjalik belgilariga ega boʻlgan navlarni qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilariga tanishtirish va muntazam targʻibot-tashviqot ishlarini olib borish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda bir oy muddatda:
qishloq xoʻjaligi ekinlarining yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan noyob belgi va xususiyatlarga ega mahalliy navlarini baholash mezonlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
qishloq xoʻjaligi ekinlarining yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan noyob belgi va xususiyatlarga ega mahalliy navlarini aniqlash va oʻrganish boʻyicha ishchi guruhi tarkibini shakllantirsin va tasdiqlasin.
4. Ishchi guruhining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi hududlariga qishloq xoʻjaligi ekinlarining yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan noyob belgi va xususiyatlarga ega mahalliy navlarini aniqlash va oʻrganish boʻyicha ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirish;
qishloq xoʻjaligi ekinlarining yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan noyob belgi va xususiyatlarga ega mahalliy navlarini baholash mezonlariga muvofiq har yil yakuni bilan ularning reyestrini shakllantirish;
ilmiy ekspeditsiyalar davomida tajribali dehqon va bogʻbonlar tomonidan xalq seleksiyasi yoʻli bilan yaratilgan qishloq xoʻjaligi ekinlari, meva va uzumning mahalliy navlarini yigʻish va ularning qimmatli xoʻjalik belgi va xususiyatlarini oʻrganish uchun respublikaning yetakchi oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan yaqindan hamkorlik qilish.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi qishloq xoʻjaligi ekinlarining yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan noyob belgi va xususiyatlarga ega mahalliy navlari urugʻliklari Oʻsimliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot institutining “Qishloq xoʻjaligi ekinlari genetik resurslari Milliy genbanki”da saqlanishini tashkil etsin hamda urugʻliklarning ekinboplik sifat koʻrsatkichlarini tahlil qilish asosida urugʻlik materiallari doimiy yangilanib borilishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda:
uch oy muddatda meva va uzumning yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan yuqori sifat koʻrsatkichiga ega, suvsizlikka chidamli navlari koʻchatlarini “In vitro” laboratoriyalarida koʻpaytirish ishlarini tashkil etsin;
qishloq xoʻjaligining lalmi va yaylov yerlari uchun qishloq xoʻjaligi ekinlarining iqlim oʻzgarishlari va suv tanqisligiga chidamli va serhosil navlari kolleksiyasini yaratishga hamda ulardan seleksiya jarayonida keng foydalangan holda yangi navlarni amaliyotga joriy etilishiga alohida eʼtibor qaratsin;
tajribali dehqon va bogʻbonlar tomonidan xalq seleksiyasi yoʻli bilan yaratilgan sabzavot, poliz, kartoshka ekinlari, meva va uzumning mahalliy navlarining qimmatli xoʻjalik belgi va xususiyatlari yuzasidan ilmiy tadqiqotlar oʻtkazib, andoza navlardan ustun boʻlganlarini patentga layoqatliligi boʻyicha ekspertizadan oʻtkazilishiga va Oʻzbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etiladigan qishloq xoʻjaligi ekinlarining davlat reyestriga kiritilishiga koʻmaklashsin;
qishloq xoʻjaligi ekinlarining yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan noyob belgi va xususiyatlarga ega mahalliy navlari va duragaylari tavsifi hamda ularni yetishtirish agrotexnikasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar oʻz rasmiy veb-saytlarida muntazam ravishda keng yoritilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda:
2020 — 2022-yillarda qishloq xoʻjaligi ekinlari seleksiyasi va urugʻchiligi bilan shugʻullanuvchi tashkilotlarning moddiy-texnika bazasini modernizatsiya qilish;
ikki oy muddatda import oʻrnini bosadigan qishloq xoʻjaligi ekinlarining mahalliy navlari urugʻliklarini tezkor koʻpaytirish va isteʼmolchilarga yetkazib berish maqsadida seleksiya va urugʻchilikka ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot institutlarida va ularning respublika hududlaridagi filiallarida maxsus urugʻchilik koʻchatxonalarini tashkil etish;
qishloq xoʻjaligi ekinlari seleksiyasi va urugʻchiligini rivojlantirish uchun xalqaro moliya institutlari grantlari hamda texnik koʻmak mablagʻlarini jalb qilish choralarini koʻrsin.
Yaqin istiqbol va kelajakda qishloq xoʻjaligi boʻyicha shakllanadigan investitsiya loyihalarida, qoida tariqasida, seleksiya, urugʻchilik va koʻchatchilikni rivojlantirish komponentlari nazarda tutilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Fanlar akademiyasi bilan birgalikda har yil yakuni bilan:
qishloq xoʻjaligi ekinlarining yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan noyob belgi va xususiyatlarga ega mahalliy navlarini qayta tiklashga va ularning original urugʻliklarini yetishtirishni tashkil etishga doir davlat ilmiy dasturlari doirasida loyihalar tanlovlarini oʻtkazsin va tanlov gʻolibi boʻlgan ilmiy loyihalarni moliyalashtirsin;
qishloq xoʻjaligi ekinlarining yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan noyob belgi va xususiyatlarga ega mahalliy navlarini qayta tiklash, kompleks xoʻjalik belgilariga ega boʻlgan eksportbop navlarini yaratish hamda hududlarda istiqbolli innovatsion ishlanmalarni joriy etish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritilishini taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
2021-yil 20-fevralga qadar qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarini yetishtirish boʻyicha 2021 — 2025-yillarga moʻljallangan namunaviy texnologik kartani ishlab chiqsin;
oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Oʻ.I. Barnoyev va Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 24-avgust,
504-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-avgustdagi 504-son qaroriga ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda qishloq xoʻjaligi ekinlarining yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan noyob belgi va xususiyatlarga ega mahalliy navlarini qayta tiklash, saqlash va original urugʻchiligini tashkil etish
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda qishloq xoʻjaligi ekinlarining yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan noyob belgi va xususiyatlarga ega mahalliy navlarini aniqlash.
1. Qishloq xoʻjaligi ekinlarining yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan noyob belgi va xususiyatlarga ega mahalliy navlarini aniqlash va oʻrganish boʻyicha ishchi guruhini tashkil etish.
2. Hududlarga uyushtirilgan ekspeditsiya natijalari asosida qishloq xoʻjaligi ekinlarining yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan noyob belgi va xususiyatlarga ega mahalliy navlarini qayta tiklash yuzasidan ilmiy-tadqiqot muassasalariga takliflar kiritish.
2020-yil sentabr
2021-yil fevral
Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.Xodjayev),
Fanlar akademiyasi (B.Yuldashev),
Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi (N.Najimov),
Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligi (R.Boboyev)
2
Ilmiy-tadqiqot muassasalarida qishloq xoʻjaligi ekinlarining yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan mahalliy navlarini qayta tiklash.
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda qishloq xoʻjaligi ekinlarining yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan noyob belgi va xususiyatlarga ega mahalliy navlarini qayta tiklash boʻyicha ilmiy-tadqiqot muassasalarida sinov ishlarini olib borish.
2. Qishloq xoʻjaligi ekinlarining yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan noyob belgi va xususiyatlarga ega mahalliy navlaridan istiqbollilarini tanlab olish va seleksiya jarayonida foydalanish.
3. Qishloq xoʻjaligi ekinlarining yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan hamda qimmatli xoʻjalik belgi va xususiyatlariga ega mahalliy navlarini sinash uchun Qishloq xoʻjaligi ekinlari navlarini sinash markaziga topshirish.
2021-2022-yillar davomida
Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.Xodjayev),
Fanlar akademiyasi (B.Yuldashev)
3
Qishloq xoʻjaligi ekinlarining qayta tiklangan mahalliy navlari urugʻliklarini bosqichma-bosqich koʻpaytirish.
1. Tegishli ilmiy-tadqiqot muassasalarida qishloq xoʻjaligi ekinlarining qayta tiklangan hamda noyob belgi va xususiyatlarga ega boʻlgan mahalliy navlari original urugʻlarini bosqichma-bosqich koʻpaytirishni tashkil qilish.
2. Qishloq xoʻjaligi ekinlarining qayta tiklangan mahalliy navlari original urugʻliklari asosida elita va 1-reproduksiyali urugʻliklarini tayyorlash hamda ishlab chiqarishga tatbiq etish.
Doimiy
Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.Xodjayev),
Fanlar akademiyasi (B.Yuldashev),
Urugʻchilikni rivojlantirish markazi (Sh.Namazov),
Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi (A.Xaitov)
4
Qayta tiklangan mahalliy meva va uzum navlari asosida kolleksiya bogʻlarini yaratish.
1. Qayta tiklangan mahalliy meva va uzum navlarining koʻchatlarini ilmiy-tadqiqot muassasalarida bosqichma-bosqich koʻpaytirishni yoʻlga qoʻyish.
2. Qayta tiklangan mahalliy meva va uzum navlarining koʻchatlari asosida onalik va kolleksiya bogʻlarini barpo qilish.
3. Qayta tiklangan mahalliy meva va uzum navlarining koʻchatlarini ishlab chiqarishga tatbiq etish.
Doimiy
Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.Xodjayev),
Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi (N.Najimov),
Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligi (R.Boboyev)
5
Qishloq xoʻjaligi ekinlarining mahalliy navlari original urugʻliklarini yetishtirish sohasidagi ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish.
1. Urugʻchilik sohasi rivojlangan mamlakatlar bilan hamkorlik oʻrnatish va ularning tajribasini oʻrganish.
Doimiy
Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.Xodjayev),
Innovatsion rivojlanish vazirligi
(I.Abduraxmonov)
6
Ilmiy-tadqiqot muassasalaridagi qishloq xoʻjaligi ekinlarining mavjud mahalliy navlarini markazlashgan holda saqlashni tashkil etish.
1. Ilmiy-tadqiqot muassasalarida qishloq xoʻjaligi ekinlarining mavjud mahalliy navlarini markazlashgan holda “Qishloq xoʻjaligi ekinlari genetik resurslari Milliy genbanki”da saqlashga taqdim etish uchun hamkorlik shartnomalarini tuzish va qishloq xoʻjaligi ekinlarining mahalliy navlari genofondini boyitib borish.
2. “Qishloq xoʻjaligi ekinlari genetik resurslari Milliy genbanki”da qishloq xoʻjaligi ekinlarining mahalliy navlarini saqlash, yangilanishini taʼminlash, oʻrganish va monitoringini yuritish.
Doimiy
Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.Xodjayev),
Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi (A. Turayev)
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-maydagi 274-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.05.2021-y., 09/21/274/0414-son)
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.08.2020-y., 09/20/504/1208-son; 05.05.2021-y., 09/21/274/0414-son)