1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.11.00.00 Majburiyatlarning alohida turlari / 03.11.22.00 Sug‘urta / 03.11.22.01 Umumiy qoidalar]
[TSZ:
1.Moliya / Sug‘urta]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“MADAD” AGENTLIGIni TAShKIL ETISh VA UNING FAOLIYATI MASALALARI TO‘G‘RISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 27-dekabrdagi PQ-2699-sonli “O‘zbekiston Respublikasining 2017-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va davlat budjeti parametrlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni sug‘urta yo‘li bilan himoya qiluvchi Agentlikni tashkil qilish to‘g‘risida” gi Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar ma’lumot uchun qabul qilinsin:
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki, “O‘zsanoatqurilishbank”, “O‘zdehqonchiliksanoatbank”, “O‘ztadbirkorbank”, “O‘zsavdogarbank”, “Mevasabzavotbank”, Tadbirkorlar uyushmasi, Shaxsiy yordamchi xo‘jaliklar uyushmasi, Ishbilarmon xotin-qizlar uyushmasi tomonidan aksionerlik jamiyati shaklidagi “Madad” sug‘urta agentligi tashkil etiladi;
(1-bandning uchinchi — o‘n ikkinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 16-iyundagi 117-sonli qarori bilan chiqarilgan — O‘R QHT, 2006-y., 24-son, 219-modda)
2. Agentlik boshqaruvining taklif etilayotgan tashkiliy tuzilmasi, markaziy apparati tuzilmasi hamda uning viloyat filiallari namunaviy tuzilmasi 1, 2 va 3-ilovalarga muvofiq ma’qullansin.
3. Xususiy tadbirkorlik va kichik biznes subyektlarini (shu jumladan kichik biznes korxonalari tomonidan olinadigan kreditlarni ta’minlash uchun qo‘yilgan garovlarni) sug‘urta qilish tartibi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 17-yanvardagi 28-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2004-y., 3-son, 31-modda)
4. “Madad” agentligi biznes-fond bilan birgalikda qarzdorning mas’uliyatini sug‘urtalashga oid imtiyozli stavkani belgilasin.
5. Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirishning ahvoli hamda istiqbollari to‘g‘risidagi axborot-tahliliy materiallar bilan “Madad” agentligi ta’minlab tursinlar.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 27-noyabrdagi 413-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2002-y., 22-son, 180-modda)
6. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi “Madad” agentligini ochiq turdagi aksionerlik jamiyati sifatida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazsin.
7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bir oy muddatda agentlikning filiallari uchun tegishli xizmat xonalarini ajratib bersinlar.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 27-noyabrdagi 413-sonli qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2002-y., 22-son, 180-modda)
9. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning o‘rinbosarlari B.S. Hamidov va V.A. Chjen zimmasiga yuklansin. Ularga “Madad” agentligini tashkil etishga oid ta’sis yig‘ilishini tayyorlash va o‘tkazish topshirilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 26-iyul,
292-son
Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 26-iyuldagi 292-son qaroriga 1-ILOVA
“Madad” sug‘urta agentligini boshqarishning tashkiliy tuzilmasi
Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 26-iyuldagi 292-son qaroriga 2-ILOVA
“Madad” sug‘urta agentligi markaziy tuzilmasi
Markaziy apparat xodimlari soni — 53 kishi
Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 26-iyuldagi 292-son qaroriga 3-ILOVA
Viloyat filiallarining namunaviy sxemasi
1. Qoraqalpog‘iston filiali — 7 kishi
2. Andijon filiali — 9 kishi
3. Buxoro filiali — 10 kishi
4. Jizzax filiali — 7 kishi
5. Qashqadaryo filiali — 9 kishi
6. Navoiy filiali — 8 kishi
7. Namangan filiali — 10 kishi
8. Samarqand filiali — 12 kishi
9. Sirdaryo filiali — 7 kishi
10. Surxondaryo filiali — 9 kishi
11. Farg‘ona filiali — 10 kishi
12. Xorazm filiali — 8 kishi
13. Toshkent viloyati filiali — 10 kishi
14. Toshkent shahar filiali — 12 kishi
Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 26-iyuldagi 292-son qaroriga 4-ILOVA
Xususiy tadbirkorlik va kichik biznes subyektlarini sug‘urta qilish
1. “Madad” agentligi kichik biznes korxonalariga kredit beruvchi bank bilan uzviy aloqada ishlaydi, takliflar va loyihalarni belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkazishni, shuningdek, qarz oluvchilarga biznes-fond tomonidan kredit ajratilishida asos hisoblanadigan sug‘urta polisini berishni ta’minlaydi.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 17-yanvardagi 28-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2004-y., 3-son, 31-modda)
2. Tadbirkor hujjatlar paketi (Ustav, balans, loyihaning biznes-rejasi) bilan “madad” agentligiga murojaat qiladi.
3. “Madad” agentligi taqdim etilgan hujjatlarni ekspertizadan o‘tkazadi va quyidagilarni o‘rganib chiqadi:
— loyihaning xususiy tadbirkorlikni va kichik biznesni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga muvofiqligi;
— loyihaning kichik va xususiy korxonalar mezonlariga muvofiqligi;
— tavakkalchilik darajasini belgilash imkonini beradigan boshqa masalalar.
Ekspertiza natijalari agentlik Boshqaruviga ma’lum qilinadi, u sug‘urta kafolatini berishning maqsadga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi to‘g‘risida qaror chiqaradi. Boshqaruv qarori tadbirkorga yetkaziladi va u bilan sug‘urta shartnomasi tuziladi, shu shartnoma asosida sug‘urta polisi beriladi.
4. Tadbirkor sug‘urta shartnomasi asosida agentlikka sug‘urta to‘lovini o‘tkazadi. Agar tadbirkorda sug‘urta haqini to‘lashga mablag‘ bo‘lmasa, to‘lovlar bo‘yicha hisob-kitoblarni kichik biznes korxonalariga kredit beruvchi bankdan kredit olganidan keyin amalga oshiradi.
Tadbirkor kredit mablag‘larni kichik biznes korxonalariga kredit beruvchi bankda rasmiylashtiradi va oladi. Kredit berishda sug‘urta polisi va kichik va o‘rta biznes korxonalariga kredit beruvchi bank bilan tadbirkor o‘rtasida tuzilgan kredit shartnomasi huquqiy asos hisoblanadi.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 17-yanvardagi 28-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2004-y., 3-son, 31-modda)
5. Kredit va sug‘urta shartnomalari amalda bo‘lgan davrda “Madad” agentligi ajratilgan va sug‘urtalangan kreditdan maqsadli foydalanilayotganligini tekshiradi.
6. Kredit shartnomasining amalda bo‘lish muddati tugagandan keyin kredit yoki uning bir qismi to‘lanmay qolgan taqdirda “Madad” agentligi kichik biznes korxonalariga kredit beruvchi bank taqdimnomasi bo‘yicha sug‘urta holati boshlangani haqida Dalolatnoma tuzadi va 10 kun muddatda to‘lov topshirig‘i orqali tegishli mablag‘ni kichik va o‘rta biznes korxonalariga kredit beruvchi bankning hisob-kitob schyotiga o‘tkazadi.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 17-yanvardagi 28-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2004-y., 3-son, 31-modda)
7. Sug‘urta qoplamasi to‘lagandan keyin sug‘urtalanuvchi (foyda ko‘ruvchi) sug‘urta natijasida ko‘rilgan zararlar uchun mas’ul bo‘lgan shaxsga qo‘yiladigan talablar huquqining to‘lagan summasi doirasida “Madad” agentligiga o‘tadi.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 27-noyabrdagi 413-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2002-y., 22-son, 180-modda)
8. “Madad” agentligining bosh tashkiloti bilan uning hududiy bo‘linmalari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar:
— bosh tashkilot bo‘linmalarga metodik rahbarlikni amalga oshiradi;
— hududiy bo‘linmalar — filiallar to‘g‘risidagi nizom va bosh tashkilotdan olingan ishonchnoma asosida ish yuritadilar hamda o‘zlarining ishlab chiqarish faoliyatlari to‘g‘risida unga hisob beradilar;
— filiallar sug‘urta faoliyatini mustaqil ravishda amalga oshiradilar;
— sug‘urta holati yuzaga kelgan taqdirda filiallar sug‘urta tovonini sug‘urta to‘lovlarini jamlash yo‘li bilan hosil qilingan o‘z mablag‘lari hisobidan to‘laydilar.
Filialning mablag‘lari yetmay qolgan taqdirda bosh tashkilot ushbu summani o‘zining sug‘urta fondidan to‘laydi.