toggle_night_mode
Hujjat 21.08.2020 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligini taʼminlash, xavfli ishlab chiqarish obyektlarini hisobga olish va davlat reyestrini yuritish tartibini belgilash, shuningdek “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishi ustidan ishlab chiqarish nazoratini amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Xavfli ishlab chiqarish obyektlarini hisobga olish va davlat reyestrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Keyingi tahrirga qarang.
Xavfli ishlab chiqarish obyektida sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishi ustidan ishlab chiqarish nazoratini tashkil etish va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining rahbarlari idoraviy mansub tashkilotlar tomonidan ushbu qaror bilan tasdiqlangan nizomlar talablariga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlasinlar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi raisi B.V. Gulyamov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 19-may,
291-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 19-maydagi 291-son qaroriga
1-ILOVA
Xavfli ishlab chiqarish obyektlarini hisobga olish va davlat reyestrini yuritish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom xavfli ishlab chiqarish obyektlarini hisobga olish va davlat reyestrini yuritish tartibini belgilaydi.
Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining davlat reyestrini yuritish xavfli ishlab chiqarish obyekti toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini yaratish, sanoat xavfsizligi sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, xavfli ishlab chiqarish obyektlarida sanoat xavfsizligi talablarining taʼminlanishi monitoringini olib borish, shuningdek, roʻyxatga olingan xavfli ishlab chiqarish obyektlari va ushbu obyektlardan foydalanuvchi tashkilotlar toʻgʻrisida tizimli axborotni toʻplash, tahlil qilish va saqlash maqsadida amalga oshiriladi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
xavfli ishlab chiqarish obyekti (keyingi oʻrinlarda — XICHO) — “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 4-moddasida belgilangan korxonalar yoki ularning sexlari, uchastkalari, maydonchalari, shuningdek, boshqa ishlab chiqarish obyektlari;
xavfli ishlab chiqarish obyektlari davlat reyestri (keyingi oʻrinlarda — Reyestr) — XICHO va ulardan foydalanuvchi tashkilotlar toʻgʻrisida qogʻoz va elektron shakllardagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oluvchi yagona axborot maʼlumotlar bazasi;
XICHOdan foydalanuvchi tashkilot — mulkchilikning tashkiliy-huquqiy shaklidan qati nazar hususiy mulk yoki boshqa ashyoviy huquqlar asosida unga tegishli boʻlgan XICHOdan foydalanuvchi tashkilot;
ekspert tashkiloti — sanoat xavfsizligini qonun hujjatlariga muvofiq ekspertizadan oʻtkazadigan va belgilangan tartibda akkreditatsiya qilingan tashkilot.
Keyingi tahrirga qarang.
2-bob. Reyestrda hisobga olinadigan XICHO
3. Belgilangan tartibda foydalanishga qabul qilingan hamda Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 10-dekabrdagi 271-son qarori bilan tasdiqlangan Xavfli ishlab chiqarish obyektlarini identifikatsiyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan tartibda identifikatsiyalashdan oʻtgan XICHO Reyestrda majburiy hisobga olinadi.
Ijaraga olingan XICHO ushbu obyektlardan foydalanuvchi tashkilot — ijaraga oluvchi tarkibida hisobga olinadi.
4. Foydalanishga qabul qilingan XICHO foydalanishga qabul qilingan sanadan oʻttiz kundan kechiktirmasdan indentifikatsiyalanadi. Identifikatsiyalashdan oʻtkazilgan XICHO ularni identifikatsiyalash sanasidan oʻttiz kundan kechiktirmasdan hisobga olinishi shart.
3-bob. XICHOni hisobga olish va Reyestrni yuritish
5. XICHOni hisobga olish Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi) tomonidan ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha XICHO toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Reyestrga kiritish orqali amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. XICHOni Reyestrda hisobga olish ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
7. XICHOdan foydalanuvchi tashkilot XICHOni Reyestrda hisobga olish uchun XICHOni sanoat xavfsizligi ekspertizasidan va identifikatsiyalashdan oʻtkazish natijalari toʻgʻrisida ekspert tashkilotining xulosasi olingan sanadan oʻn kundan kech boʻlmagan muddatda ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasiga yoki uning hududiy boʻlinmalariga bevosita, pochta aloqasi orqali yoki elektron shaklda ariza taqdim etilishini taʼminlaydi:
XICHOning identifikatsiya varaqasini oʻz ichiga olgan sanoat xavfsizligi ekspertizasi natijalari toʻgʻrisidagi xulosaning nusxasi;
XICHOni tekshiruvdan oʻtkazish uchun bazaviy hisoblashning bir baravari miqdoridagi toʻlov amalga oshirilganligini tasdiqlovchi hujjat.
Elektron shaklda taqdim etilgan hujjatlar tashkilot rahbarining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
8. U haqidagi maʼlumotlar davlat sirlariga yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirga tegishli boʻlgan XICHOni Reyestrda hisobga olish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Reyestrni yuritish Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasiga yuklanadi va quyidagi tartib-taomillarni oʻz ichiga oladi:
Keyingi tahrirga qarang.
hisobga olish raqamini berish bilan XICHO toʻgʻrisidagi zarur axborotni maʼlumotlar bazasiga kiritish;
ushbu Nizomning 4-bobiga muvofiq XICHO toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni davriy yangilash yoki uni Reyestrdan chiqarish.
10. Reyestrni yuritish axborotning qogʻoz va elektron shaklda saqlanishini taʼminlash prinsipi boʻyicha amalga oshiriladi.
11. Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi XICHOni Reyestrga kiritish uchun ariza kelib tushgan sanadan boshlab oʻttiz kundan koʻp boʻlmagan muddatda taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqadi hamda ularning toʻliqligi va haqqoniyligini tekshiradi, shuningdek, zarur hollarda joyiga chiqqan holda XICHOning ushbu hujjatlarga muvofiqligiga aniqlik kiritish maqsadida uni tekshiruvdan oʻtkazadi.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Taqdim etilgan hujjatlar boʻyicha eʼtirozlar mavjud boʻlganda, Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi ariza beruvchiga mavjud eʼtiroz va kamchiliklarni bartaraf etish zarurligi toʻgʻrisida ariza qabul qilingan kundan boshlab uch kundan ortiq boʻlmagan muddatda yozma xabarnoma yuboradi, xabarnomada ariza beruvchi eʼtiroz va kamchiliklarni bartaraf etib hujjatlarni takroran koʻrib chiqish uchun taqdim etishga haqli boʻlgan muddat koʻrsatiladi, biroq ushbu muddat yozma xabarnoma olingan kundan boshlab oʻn ish kunidan kam boʻlmasligi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
13. XICHOni Reyestrga kiritishni rad etish uchun asos boʻlgan eʼtiroz va kamchiliklar ariza beruvchi tomonidan bartaraf etilgan taqdirda, taqdim etilgan hujjatlar Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi tomonidan uch ish kuni davomida takroran koʻrib chiqiladi, tegishli maʼlumotlar Reyestrga kiritiladi hamda bir hafta muddatda ariza beruvchiga XICHO Reyestrga kiritilganligi toʻgʻrisida xabarnoma yuboriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
14. XICHOdan foydalanuvchi tashkilot qayta tashkil etilganda yoki nomi oʻzgarganda, uning rahbari arizasiga asosan XICHO Reyestrda qayta hisobga olinadi.
15. XICHOni qayta hisobga olish Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi tomonidan XICHOni Reyestrda hisobga olish uchun nazarda tutilgan tartibda toʻlov undirilmasdan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
4-bob. Reyestrga oʻzgartirishlar kiritish yoki XICHOni Reyestrdan chiqarish
16. Reyestrda hisobga olingan XICHO toʻgʻrisidagi maʼlumotlar oʻzgarganda, XICHOdan foydalanuvchi tashkilot oʻn ish kuni mobaynida ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha ariza berish yoʻli bilan ushbu oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasiga yoki uning hududiy boʻlinmalariga quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda taqdim etadi:
Keyingi tahrirga qarang.
XICHOni rekonstruksiya qilish yoki texnik jihatdan qayta jihozlashga loyiha hujjatlarining sanoat xavfsizligi ekspertizasi xulosasi;
identifikatsiya varaqasini oʻz ichiga olgan XICHOni sanoat xavfsizligi ekspertizasi natijalari toʻgʻrisidagi xulosa nusxasi.
17. XICHO tugatilgan yoki foydalanishdan chiqarilgan taqdirda, arizaga XICHOni tugatish yoki foydalanishdan chiqarishga loyixa hujjatlarining sanoat xavfsizligi ekspertizasining tegishli xulosasi ilova qilinadi.
18. Reyestrga oʻzgartirish kiritish yoki XICHOni Reyestrdan chiqarish Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi tomonidan XICHOdan foydalanuvchi tashkilot tomonidan ariza taqdim etilgan sanadan boshlab oʻn ish kuni mobaynida amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
19. Reyestrda hisobga olingan XICHO ijaraga berilgan taqdirda, ijaraga beruvchi tashkilot XICHOdan foydalanuvchi tashkilot — ijaraga oluvchi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oluvchi hujjatlarni Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasiga taqdim etadi.
Keyingi tahrirga qarang.
20. XICHOdan foydalanuvchi tashkilot tugatilgan taqdirda, tugatish komissiyasi yoki boshqa vakolatli organ XICHOni Reyestrdan chiqarish uchun bir hafta muddatda ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq shaklda arizani quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasiga taqdim etishi shart:
Keyingi tahrirga qarang.
XICHOni Reyestrdan chiqarish uchun asos boʻluvchi hujjat nusxasi (muassisning, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining, sudning qarori, oldi-sotdi shartnomasi);
mulkni topshirish va qabul qilish dalolatnomasining nusxasi.
21. XICHO Reyestrdan chiqarilganda Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi tomonidan ariza beruvchiga bir hafta muddatda bevosita pochta aloqasi orqali yoki elektron shaklda tegishli xabarnoma yuboriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
5-bob. Reyestrdagi maʼlumotlarni taqdim qilish
22. Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi murojaatlar asosida Reyestrdan koʻchirmalar berish yoʻli bilan davlat sirini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sir va axborotni himoya qilish boʻyicha talablarni hisobga olgan holda manfaatdor davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga, Oʻzbekiston Respublikasining jismoniy va yuridik shaxslariga Reyestrdan maʼlumotlarni taqdim etadi.
Keyingi tahrirga qarang.
23. Reyestrdan koʻchirma berish yoki uni bermaslikni asoslantirilgan holda rad etish murojaat kelib tushgan kundan boshlab oʻn ish kuni davomida amalga oshiriladi.
6-bob. XICHOni tekshiruvdan oʻtkazishdan tushgan mablagʻlardan foydalanish tartibi
24. XICHOni tekshiruvdan oʻtkazishdan tushgan mablagʻlar Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasining shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
25. Ushbu Nizomning 12-bandida nazarda tutilgan hollarda oʻtkazilgan mablagʻlar qaytarilmaydi.
26. Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasining shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga tushgan mablagʻlar qoldigʻi moliyaviy yil yakunlari boʻyicha olib qoʻyilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
27. Reyestrga kiritish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarning haqqoniyligi va ularning oʻz vaqtida Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasiga taqdim etilishi uchun javobgarlik XICHOdan foydalanuvchi tashkilotlarning rahbarlari zimmasiga yuklanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
28. Ekspert tashkilotlari Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasiga taqdim etilayotgan maʼlumotlar va xulosalarning haqqoniyligi uchun qonun hujjatlariga muvofiq javobgardirlar.
Keyingi tahrirga qarang.
29. Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi unga yuklatilgan vazifa va funksiyalar doirasida XICHOdan foydalanuvchi tashkilotlar rahbarlarini hamda ekspert tashkilotlarini ushbu Nizom talablarini buzganligi yoki bila turib XICHO toʻgʻrisida yolgʻon maʼlumotlarni va xulosalarni taqdim etganligi uchun qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortish choralarini koʻradi.
Keyingi tahrirga qarang.
30. Ushbu Nizom talablariga rioya etilmaganligi uchun XICHOdan foydalanuvchi tashkilot rahbarlari qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Xavfli ishlab chiqarish obyektlarini hisobga olish va davlat reyestrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Xavfli ishlab chiqarish obyektlari davlat reyestri

T/r

Sana

Hisobga olish raqami*

Yuqori turuvchi tashkilotning nomi (mavjud boʻlsa)

XICHOdan foydalanuvchi tashkilotning nomi va pochta manzili

STIR

XICHOning nomi

1

2

3

4

5

6

7



XICHO joylashgan joy

XICHOning turi

XICHO sexlari, uchastkalari, maydonchalari va boshqa ishlab chiqarish obyektlarining nomi

VMning 2008-yil 10-dekabrdagi 271-son qaroriga muvofiq xavfli moddalarning nomi va miqdori**

Reyestrga oʻzgartirish kiritish sabablari

XICHOni Reyestrdan chiqarish sabablari

Izoh

8

9

10

11

12

13

14


* Reyestrda hisobga qoʻyilganda har bir XICHOga uchta belgilar guruhidan iborat, tire (defis) bilan ajratilgan XXXXX-XXXX-XX koʻrinishida hisobga olish raqami biriktiriladi. Bu hisobga olish raqami XICHOdan foydalanuvchi tashkilotning, XICHOning oʻzining va XICHO hisobga qoʻyilganligining identifikatori hisoblanadi.
** Xavfli moddalar miqdorining chegalangan meʼyorlari Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 10-dekabrdagi 271-son qarori bilan tasdiqlangan Xavfli ishlab chiqarish obyektlarini identifikatsiyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 1 va 2-jadvallarida keltirilgan.
Xavfli ishlab chiqarish obyektlarini hisobga olish va davlat reyestrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Xavfli ishlab chiqarish obyektini xavfli ishlab chiqarish obyektlari davlat reyestrida hisobga olish
SXEMASI
Keyingi tahrirga qarang.
Xavfli ishlab chiqarish obyektlarini hisobga olish va davlat reyestrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA

ARIZA

Sizdan _____________________________________________________________________________

‎‎(ariza beruvchi tashkilotining toʻliq nomi)

_____________________________________________________________________________

(pochta indeksi va manzili)

tomonidan foydalanilayotgan quyidagi xavfli ishlab chiqarish obyektlarini davlat reyestriga kiritishni (davlat reyestriga oʻzgartirishlar kiritishni/davlat reyestridan chiqarishni) soʻrayman.

T/r

Xavfli ishlab chiqarish obyektining nomi




Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

1.‎ ___________________________;
2.‎ ___________________________;
3.‎ ___________________________;

______________

______________

______________

rahbarning lavozimi

imzo

F.I.O.

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 19-maydagi 291-son qaroriga
2-ILOVA
Xavfli ishlab chiqarish obyektida sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishi ustidan ishlab chiqarish nazoratini tashkil etish va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan, mulkchilik shaklidan hamda idoraviy mansubligidan qatʼi nazar jismoniy va yuridik shaxslarning xavfli ishlab chiqarish obyektlarida sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishi ustidan ishlab chiqarish nazoratini tashkil etish va amalga oshirish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
xavfli ishlab chiqarish obyekti (keyingi oʻrinlarda — XICHO) — “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 4-moddasida belgilangan korxonalar yoki ularning sexlari, uchastkalari, maydonchalari, shuningdek, boshqa ishlab chiqarish obyektlari;
sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishi ustidan ishlab chiqarish nazorati (keyingi oʻrinlarda — ishlab chiqarish nazorati) — XICHOning xavfsiz ishlashini taʼminlashga, avariya va noxush hodisalarning oldini olishga, shuningdek, ehtimol tutilgan avariya va noxush hodisalarning kengayib ketishiga yoʻl qoʻymaslikka hamda ularning oqibatlarini tugatishga shaylikni taʼminlashga qaratilgan tashkiliy-texnik tadbirlar kompleksi;
sanoat xavfsizligi talablari — qonun hujjatlarida, shuningdek, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda nazarda tutilgan hamda rioya etilishi sanoat xavfsizligini taʼminlaydigan shartlar, taqiqlar, cheklovlar va boshqa majburiy talablar;
Keyingi tahrirga qarang.
avariya — XICHOdagi inshootlar va (yoki) qoʻllaniladigan texnika qurilmalarining buzilishi, nazorat qilib boʻlmaydigan portlash va (yoki) xavfli moddalar ajralib chiqishi;
noxush hodisa — XICHOda qoʻllaniladigan texnika qurilmalarning ishdan chiqishi yoki shikastlanishi, texnologiya jarayoni rejimidan chetga chiqish, sanoat xavfsizligi sohasidagi qonun hujjatlarida, shuningdek, texnik jihatdan tartibga solish sohasida normativ hujjatlarda koʻrsatilgan talablarning buzilishi;
Keyingi tahrirga qarang.
XICHOdan foydalanuvchi tashkilot — mulkchilikning tashkiliy-huquqiy shaklidan qati nazar hususiy mulk yoki boshqa ashyoviy huquqlar asosida XICHOdan foydalanadigan tashkilot.
3. XICHOdan foydalanuvchi tashkilot raxbari “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 9 va 18-moddalari hamda ushbu Nizom talablariga muvofiq ishlab chiqarish nazoratini taʼminlaydi, shuningdek, ishlab chiqarish obyektining ixtisosligini hisobga olgan holda ishlab chiqarish nazorati toʻgʻrisidagi lokal hujjat ishlab chiqilishini tashkil etadi.
Ishlab chiqarish nazorati toʻgʻrisidagi lokal hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi) organlari bilan majburiy kelishilgan holda XICHOdan foydalanuvchi tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Xodimlari soni yigirma kishidan kam boʻlgan XICHOdan foydalanuvchi tashkilotlar XICHOdan foydalanuvchi hamda shtatida ishlab chiqarish nazorati xizmati (boʻlim, departament, byuro) mavjud boʻlgan tashkilotlar bilan ishlab chiqarish nazoratini tashkil etish boʻyicha shartnomalar tuzishi mumkin.
XICHOda avariya sodir boʻlgan taqdirda, XICHOdan foydalanuvchi tashkilot rahbari XICHO xodimlarining hayoti va sogʻligʻini himoya qilish choralari taʼminlanishi uchun qonun hujjatlariga muvofiq javob beradi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. XICHOdan foydalanuvchi tashkilot rahbari tomonidan ishlab chiqarish nazoratini amalga oshirish vakolati tashkilotning quyidagi xodimlaridan biriga yuklanadi:
XICHOdan foydalanuvchi tashkilot rahbarining oʻrinbosarlaridan biriga — agar XICHOda band boʻlgan xodimlarning soni 150 nafardan kam boʻlsa;
maxsus tayinlangan xodimga — agar XICHOda band boʻlgan xodimlarning soni 150 nafardan 500 nafargacha boʻlsa;
ishlab chiqarish nazorati xizmati rahbariga — agar XICHOda band boʻlgan xodimlarning soni 500 nafardan 5 000 nafargacha boʻlsa;
boʻlim boshligʻiga — texnik rahbar oʻrinbosariga — agar XICHOda band boʻlgan xodimlarning soni 5 000 nafardan 10 000 nafargacha boʻlsa;
departament (boʻlim) rahbariga — korxona texnik rahbarining oʻrinbosariga — agar XICHOda band boʻlgan xodimlarning soni 10 000 nafar va undan koʻp boʻlsa.
Ishlab chiqarish nazorati xizmati xodimlari soni XICHOdan foydalanuvchi tashkilot rahbari tomonidan belgilanadi.
5. Ishlab chiqarish nazorati xizmati (boʻlimi, departamenti, byurosi) xodimlariga quyidagi talablar qoʻyiladi:
ishlab chiqarish obyekti ixtisosligiga muvofiq boʻlgan oliy texnik maʼlumotga ega boʻlish;
tegishli tarmoqdagi XICHOda kamida 3 yil ish stajiga ega boʻlish;
sanoat xavfsizligi boʻyicha oʻqiganligi va attestatsiyadan oʻtganligini tasdiqlovchi sertifikat yoki guvohnomaga ega boʻlish.
6. Ishlab chiqarish nazoratini amalga oshirish vazifasi yuklatilgan xodim (xizmat) quyidagi funksiyalarni bajaradi:
XICHOda sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishini taʼminlaydi;
tegishli xizmatlar tomonidan zarur sinov va koʻriklar, shuningdek, XICHOda qoʻllaniladigan texnika qurilmalari, binolar va inshootlar diagnostikasi oʻz vaqtida oʻtkazilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
XICHOda avariya va noxush hodisalarning oldini olishga, shuningdek, ehtimol tutilgan avariya va noxush hodisalarning kengayib ketishiga yoʻl qoʻymaslikka hamda ularning oqibatlarini tugatishga shaylikni taʼminlaydi;
XICHOda sanoat xavfsizligi xolatini takomillashtirishga hamda baxtsiz hodisalar, avariyalar va noxush hodisalarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqadi;
texnologik intizomga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
7. Ishlab chiqarish nazoratini amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan xodim (xizmat) quyidagi huquqlarga ega:
kunning istalgan vaqtida XICHOga toʻsqinliksiz kirish;
XICHOdan foydalanuvchi tashkilotda sanoat xavfsizligi holatini baholash uchun zarur boʻlgan hujjatlar bilan tanishish;
sanoat xavfsizligi deklaratsiyalarini ishlab chiqish va qayta koʻrib chiqishda ishtirok etish;
XICHOdan foydalanuvchi tashkilot rahbariga sanoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etgan xodimlarni ragʻbatlantirish yuzasidan takliflar kiritish.
8. Ishlab chiqarish nazorati amalga oshirilishiga masʼul boʻlgan xodim (xizmat) quyidagi majburiyatlarga ega:
a) XICHO xodimlari tomonidan sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishi ustidan nazorat oʻrnatilishini taʼminlash;
b) har yili:
XICHOdan foydalanuvchi tashkilot boʻlinmalarida ishlab chiqarish nazoratini taʼminlash yuzasidan ishlarni amalga oshirish boʻyicha ish rejani;
sanoat xavfsizligi holatini tekshirish hamda ish joylarini attestatsiyadan oʻtkazish natijalari yuzasidan sanoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish;
v) sanoat xavfsizligi holati yuzasidan kompleks va maqsadli tekshiruvlar oʻtkazish, ish joylaridagi xavfli omillarni aniqlash;
g) XICHOda avariyalar va noxush hodisalar kengayib ketishiga yoʻl qoʻymaslik hamda ularning oqibatlarini tugatish boʻyicha chora-tadbirlar rejalari ishlab chiqilishini tashkil etish;
d) XICHOda sanoat xavfsizligi ekspertizasi oʻtkazilishi boʻyicha ishlarni tashkil etish;
e) XICHOda avariyalar va noxush hodisalar, shuningdek, baxtsiz xodisalar yuzaga kelishining sabablarini tahlil qilish hamda ularni hisobga olish hujjatlari saqlanishini taʼminlash;
j) sanoat xavfsizligi sohasida xodimlarning tayyorgarligi va attestatsiyadan oʻtkazilishini tashkil etish;
z) XICHOda yangi texnologiyalar va uskunalar joriy etilishida ishtirok etish;
i) normativ-huquqiy hujjatlarda, shuningdek, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan sanoat xavfsizligi talablaridagi oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni XICHO xodimlariga yetkazish;
k) XICHOdan foydalanuvchi tashkilot raxbariga:
sanoat xavfsizligini taʼminlash va takomillashtirish yuzasidan tadbirlar oʻtkazish;
sanoat xavfsizligi talablari buzilishini bartaraf etish;
tegishli malakaga ega boʻlmagan, sanoat xavfsizligi boʻyicha oʻz vaqtida tayyorgarlikdan va attestatsiyadan oʻtmagan shaxslarni XICHOda ishlashdan chetlashtirish;
sanoat xavfsizligi talablarini buzgan shaxslarni javobgarlikka tortish toʻgʻrisida takliflar kiritish.
9. Ishlab chiqarish nazoratini amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan xodim (xizmat) quyidagilar ustidan nazoratni taʼminlaydi:
sanoat xavfsizligi sohasida faoliyat turlari boʻyicha litsenziyalar, ruxsat beruvchi hujjatlar shartlari bajarilishi;
sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishi yuzasidan XICHOning qurilishi, rekonstruksiya qilinishi, kapital taʼmirlanishi, texnik jihatdan qayta jihozlanishi, konservatsiyalanishi va tugatilishi, shuningdek, XICHOda foydalaniladigan texnik qurilmalarning taʼmirlanishi;
avariyalar va noxush hodisalarning kelib chiqish sabablari va oqibatlarining bartaraf etilishi;
tegishli xizmatlar tomonidan XICHOda qoʻllaniladigan texnik qurilmalarning zarur sinov va texnik koʻrikdan oʻz vaqtida oʻtkazilishi, nazorat oʻlchov vositalarining taʼmirlanishi va qiyoslovdan oʻtkazilishi;
qoʻllaniladigan texnika qurilmalariga sanoat xavfsizligi talablariga muvofiqlik sertifikatining mavjudligi;
Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi tarkibiy boʻlinmalari yozma koʻrsatmalarining bajarilishi.
Keyingi tahrirga qarang.
2-bob. Ishlab chiqarish nazoratini tashkil etish
10. XICHOdan foydalanuvchi tashkilotda sanoat xavfsizligini taʼminlashning barcha elementlari va jihatlari ishlab chiqarish nazorati xizmati tomonidan doimiy va muntazam oʻtkaziladigan tekshiruvlarning predmeti xisoblanadi.
Sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishini tekshirish faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha tegishli boʻlimlar va xizmatlarni jalb etgan holda ishlab chiqarish nazoratini amalga oshirish boʻyicha ish rejasiga muvofiq davriy maqsadli va kompleks tekshiruvlar yoʻli bilan rejalashtiriladi va amalga oshiriladi.
Ishlab chiqarish nazoratini amalga oshirish boʻyicha ish rejasi hamda maqsadli va kompleks tekshiruvlar jadvali XICHOdan foydalanuvchi tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
11. Ishlab chiqarish nazoratini amalga oshirish va sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishini tekshirish rejasi quydagilarni oʻz ichiga oladi:
tekshirilishi zarur boʻlgan faoliyat turlari va sohalari;
malakasi va tajribasi hisobga olingan holda tekshiruv oʻtkazish uchun masʼul xodimlar roʻyxati;
tekshiruv oʻtkazish sabablari.
Bundan tashqari tekshirish rejasi, qoida tariqasida, tekshirish natijalari boʻyicha xulosalar va tavsiyalarni taqdim etish tartib-taomilini oʻz ichiga oladi.
12. XICHOdan foydalanuvchi tashkilotning tarkibiy boʻlinmalari (xizmatlari)ni tekshirish quydagilarni qamrab olishi mumkin:
XICHOning tashkiliy tuzilmasi;
maʼmuriy va ish tartib-taomillari;
moddiy va inson resurslari, uskunalar;
ish uchastkalari, operatsiyalar va ishlab chiqarish jarayonlari;
hujjatlar, hisobotlar, ishlab chiqarish nazorati bilan bogʻliq maʼlumotlarni roʻyxatga olish va saqlash tartibi.
Tekshiruvda ishtirok etayotgan shaxslar tekshirilayotgan faoliyat bilan shugʻullanishlari mumkin emas.
13. Sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishi boʻyicha tekshiruv natijalari, ishlab chiqarish nazorati xizmatining xulosasi va tavsiyalari XICHOdan foydalanuvchi tashkilot rahbariyatiga tekshiruv natijalari boʻyicha dalolatnoma shaklida koʻrib chiqish uchun taqdim etaladi.
Tekshiruv natijalari boʻyicha dalolatnoma ishlab chiqarish nazorati xizmati tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilishi va tekshirilgan ish joylari uchun masʼul rahbarlarga yetkazilishi kerak.
Zarur hollarda tashkilot tomonidan tekshiruv natijalari yuzasidan aniqlangan sanoat xavfsizligi talablari buzilishlarini bartaraf etish boʻyicha qaror qabul qilinadi.
14. Tekshiruv natijalari boʻyicha dalolatnomada:
sanoat xavfsizligi talablari buzilishi, ularga nomuvofiqlar yoki ulardan chetga chiqishning qisqacha tavsifi;
aniq normalar va qoidalar buzilishiga havola;
sanoat xavfsizligi talablarining buzilishi, ularga nomuvofiqlilar yoki ulardan chetga chiqishlarni bartaraf etish choralari va ularni bajarish muddatlari koʻrsatiladi.
15. Tekshiruv natijalari XICHOdan foydalanuvchi tashkilot mutaxassislari va rahbariyati tomonidan koʻrib chiqiladi.
XICHOdan foydalanuvchi tashkilot rahbariyati sanoat xavfsizligi talablari buzilishi, ularga nomuvofiqliklar yoki ulardan chetga chiqishlarni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishi kerak.
Chora-tadbirlar sanoat xavfsizligi talablaridan chetga chiqishning oldini olishni taʼminlovchi boshqaruv qarorlarini qabul qilishni, sanoat xavfsizligi talablari buzilishi, ularga nomuvofiqlilar yoki ulardan chetga chiqishlarni bartaraf etish uchun masʼul shaxslarni belgilashni hamda ularni bartaraf etish muddatlarini oʻz ichiga oladi.
Chora-tadbirlar amalga oshirilgandan keyin ishlab chiqarish nazorati xizmatiga qoida buzilishlarining bartaraf etilganligi toʻgʻrisida hisobot taqdim etiladi.
16. XICHOdan foydalanuvchi tashkilot rahbariyati ishlab chiqarish nazorati natijalarining mustaqil tahlil qilinishi hamda sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishining xolisona baholanishini taʼminlashi kerak. Bunday tahlil va baholash XICHOdan foydalanuvchi tashkilot rahbariyati tarkibidagi shaxslar yoki foydalanuvchi tashkilot rahbariyati tomonidan jalb etilgan vakolatli mustaqil mutaxassislar (ekspertlar) tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
17. Oʻtkazilgan tahlil:
XICHOdan foydalanuvchi tashkilotning barcha tarkibiy boʻlinmalari (hizmatlari) tomonidan sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishini tekshirish natijalarini;
sanoat xavfsizligining umumiy boshqaruvi samaradorligini baholashni;
ishlab chiqarish faoliyati va ishlarning tabiiy, texnogen va ijtimoiy shart-sharoitlardagi oʻzgarishlarga muvofiq ishlab chiqarish nazorati samaradorligini taʼminlash boʻyicha takliflarni oʻz ichiga oladi.
3-bob. XICHOda sanoat xavfsizligi holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni roʻyxatdan oʻtkazish
18. Ishlab chiqarish nazorati xizmati (xodimi) XICHOning sanoat xavfsizligi holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni XICHOdan foydalanuvchi tashkilot tomonidan belgilangan tartibda identifikatsiyalash, toʻplash, roʻyxatdan oʻtkazish, saqlash, kiritish va roʻyxatdan chiqarishni amalga oshiradi yoki tashkil etadi.
XICHOning sanoat xavfsizligi holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning yuritilishi sanoat xavfsizligi talablari bajarilishini tasdiqlash maqsadida amalga oshiriladi.
XICHOdan foydalanuvchi tashkilotda qoʻllaniladigan texnik qurilmalar, asbob-uskunalar va boshqa mahsulotlarning sanoat xavfsizligi talablariga muvofiqligi toʻgʻrisidagi axborot koʻrsatilgan maʼlumotlarning tarkibiy elementi boʻlishi kerak.
19. XICHOning sanoat xavfsizligi holati haqidagi barcha maʼlumotlar XICHOdan foydalanuvchi tashkilotda saqlanadi. Bunda ularning yaroqsiz holatga kelishi va yoʻqotilishining oldini oluvchi shart-sharoitlar taʼminlanishi kerak.
XICHOning sanoat xavfsizligi holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni saqlash muddatlari XICHOdan foydalanuvchi tashkilot rahbari buyrugʻi bilan belgilanadi.
Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasining tarkibiy boʻlinmalari XICHOdan foydalanuvchi tashkilotlardan XICHOda sanoat xavfsizligi holati hamda ishlab chiqarish nazorati amalga oshirilishi toʻgʻrisida roʻyxatdan oʻtkazilgan maʼlumotlarni soʻrab olishga haqlidir.
Keyingi tahrirga qarang.
4-bob. Ishlab chiqarish nazoratini tashkil etish toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etish
20. XICHOdan foydalanuvchi tashkilotlar yil yakunlari boʻyicha, shuningdek soʻrovga koʻra ishlab chiqarish nazorati tashkil etilishi toʻgʻrisidagi axborotni qonun hujjatlariga muvofiq Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasining tarkibiy boʻlinmalariga va boshqa vakolatli organlarga taqdim etadi.
Keyingi tahrirga qarang.
21. Ishlab chiqarish nazorati tashkil etilishi toʻgʻrisidagi axborot quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi:
a) sanoat xavfsizligini boshqarish tizimini tashkil etish tartibi;
b) ishlab chiqarish nazoratini amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan xodimning familiyasi, uning lavozimi, maʼlumoti, mutaxassislik boʻyicha ish staji, sanoat xavfsizligi boʻyicha oxirgi attestatsiya sanasi;
v) asosiy potensial xavf manbalari, ehtimol tutilgan avariyalar oqibatlarining tavsifi bilan XICHOlar soni;
g) sanoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar rejasini amalga oshirish hamda tekshiruv natijalari, shuningdek, qoida buzilishlarini bartaraf etish va Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi tarkibiy boʻlinmalarining yozma koʻrsatmalarini bajarish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
Keyingi tahrirga qarang.
d) XICHOda avariya yuz bergan taqdirda boshqa shaxslarning hayoti, sogʻligʻi va (yoki) mol-mulkiga hamda atrof muhitga zarar yetkazganlik uchun fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish shartnomasi nusxasi;
e) XICHOda qoʻllaniladigan va majburiy sertifikatlanadigan asbob-uskunalarning holati;
j) XICHOdan foydalanuvchi tashkilot xodimlarining avariya vaqtidagi harakatlarga shayligini baholash;
z) XICHOda sodir boʻlgan noxush hodisalar va avariyalarning tavsifi, ularning yuz berishi sabablari va koʻrilgan choralar tahlili;
i) XICHO rahbarlari, mutaxassislari va boshqa xodimlarini sanoat xavfsizligi boʻyicha tayyorlash va attestatsiyadan oʻtkazish rejasi.
5-bob. Yakunlovchi qoida
22. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Keyingi tahrirga qarang.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.05.2020-y., 09/20/291/0613-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2021-y., 09/21/774/1198-son, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 05.05.2025-y., 09/25/289/0406-son; 26.06.2026-y., 09/26/325/0635-son)