1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.79.00 (Кучини йукотган) Nodavlat ta’lim muassasalari (xususiy, jamoat birlashmalari, diniy va boshqa tashkilotlarining ta’lim muassasalari). Nodavlat va diniy ta’lim muassasalari faoliyatini litsenziyalash]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Ta’lim]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Nodavlat ta’lim tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalq ta’limi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 5-sentabrdagi PQ-3931-son qarori ijrosini ta’minlash, O‘zbekiston Respublikasida ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha nodavlat sektorning salmog‘ini kengaytirish borasida tadbirkorlik subyektlariga qulay shart-sharoitlar yaratish hamda nodavlat ta’lim tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining (keyingi o‘rinlarda Davlat inspeksiyasi deb ataladi) nodavlat ta’lim tashkilotlariga amaliy yordam ko‘rsatish orqali ularning faoliyatini yanada takomillashtirish, nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish bilan bog‘liq jarayonlarni aholi orasida keng targ‘ib qilish, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotida ta’lim olganlik to‘g‘risida davlat namunasidagi hujjatlarning yagona shaklini tasdiqlash va ularning qat’iy hisobini yuritib borish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
2. Davlat inspeksiyasi O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 1-oktabrga qadar nodavlat ta’lim tashkilotlari, ularning ta’lim oluvchilari, pedagoglari va ta’lim-tarbiya jarayoni to‘g‘risidagi ishonchli ma’lumotlarni o‘z ichiga oladigan “Nodavlat ta’limni boshqarish axborot tizimi”ni (keyingi o‘rinlarda axborot tizimi deb ataladi) yaratsin va amaliyotga joriy etsin.
3. Nodavlat umumta’lim tashkilotining namunaviy ustavi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Amalda faoliyat yuritayotgan nodavlat umumta’lim tashkilotlariga o‘z ustavlarini ikki oy muddatda Nodavlat umumta’lim tashkilotining namunaviy ustaviga muvofiqlashtirish choralarini ko‘rish tavsiya etilsin.
5. Belgilab qo‘yilsinki:
a) 2020-yil 1-oktabrdan boshlab:
nodavlat ta’lim tashkilotlari litsenziya olganlaridan keyingi litsenziya talablari va shartlaridan biri — nodavlat ta’lim tashkiloti, uning ta’lim oluvchilari, pedagoglari va ta’lim-tarbiya jarayoni to‘g‘risidagi ishonchli ma’lumotni axborot tizimiga kiritish uchun Davlat inspeksiyasiga yozma yoki elektron shaklda taqdim etish hisoblanadi;
axborot tizimida nodavlat ta’lim tashkiloti, uning ta’lim oluvchilari, pedagoglari va ta’lim-tarbiya jarayoni to‘g‘risidagi ishonchli ma’lumotning ular litsenziya olgan kundan boshlab o‘ttiz kun davomida yo‘qligi nodavlat ta’lim tashkiloti litsenziyasining amal qilishini to‘xtatish yoki tugatish uchun asos bo‘ladi;
kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim olganlik to‘g‘risida davlat namunasidagi hujjatlar blankalari nodavlat ta’lim tashkilotlari bitiruvchilariga axborot tizimiga kiritilgan ma’lumotlar asosida beriladi;
kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim olganlik to‘g‘risida davlat namunasidagi hujjatlar blankalarini berganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi miqdorida yig‘im joriy etiladi;
kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim olganlik to‘g‘risida davlat namunasidagi hujjatlar blankalarini rasmiylashtirib berganlik uchun undiriladigan yig‘imlardan tushadigan mablag‘ Davlat inspeksiyasining budjetdan tashqari rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi;
b) 2020-yil 1-sentabrdan boshlab litsenziya asosida faoliyat ko‘rsatayotgan nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim olganlik to‘g‘risida davlat namunasidagi hujjat davlat talablari asosida ta’lim olgan bitiruvchilarga beriladi.
6. Quyidagilar:
Kadrlarni qayta tayyorlash bo‘yicha nodavlat ta’lim olganlik to‘g‘risidagi diplomning davlat namunasi va uning tavsifi 2-ilovaga muvofiq;
Kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim olganlik to‘g‘risidagi sertifikatning davlat namunasi va uning tavsifi 3-ilovaga muvofiq;
Kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim olganlik to‘g‘risida davlat namunasidagi hujjatlarni berish tartibi haqidagi nizom 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasi Davlat inspeksiyasining buyurtmasiga muvofiq har yili kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim olganlik to‘g‘risida davlat namunasidagi hujjatlar blankalari belgilangan tartibda tayyorlanishini ta’minlasin.
Kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim olganlik to‘g‘risida davlat namunasidagi hujjatlar blankalarini tayyorlash bilan bog‘liq xarajatlar Davlat inspeksiyasining budjetdan tashqari rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplansin.
8. Davlat inspeksiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
a) O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
ishchi guruhlar tashkil etgan holda, respublika hududlarida faoliyat yuritayotgan nodavlat ta’lim tashkilotlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazish, tegishli litsenziya olmasdan faoliyat yuritayotgan nodavlat ta’lim tashkilotlarini qonuniy tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishini ta’minlash, nodavlat ta’lim tashkilotlarining faoliyatini tizimli ravishda o‘rganib borish choralarini ko‘rsin;
xatlov natijasida aniqlangan barcha nodavlat ta’lim tashkilotlarini axborot tizimiga kiritilishini ta’minlasin;
nodavlat ta’lim tashkilotlarida mehnatidan noqonuniy foydalanib kelinayotgan shaxslar aniqlanganda, ularning qonunchilikka muvofiq faoliyat yuritishi hamda soliq to‘lovchi sifatida e’tirof etilishi uchun amaliy yordam ko‘rsatish choralarini ko‘rsin;
(8-bandning “a” kichik bandi to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
b) litsenziyasining amal qilishi to‘xtatilgan,tugatilgan yoki litsenziyasi bekor qilingan nodavlat ta’lim tashkilotlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning Internet jahon axborot tarmog‘idagi rasmiy veb-saytlarda joylashtirib borilishini ta’minlasin.
9. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va Davlat inspeksiyasi bilan birgalikda ikki oy muddatda:
litsenziya asosida ta’lim xizmatlari ko‘rsatish, nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan ta’lim faoliyatining davlat ta’lim standartlari va davlat talablariga muvofiq amalga oshirilishi to‘g‘risida aholining huquqiy savodxonligini oshirish, nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar va mavjud imkoniyatlarni ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritishga doir maxsus media-reja ishlab chiqsin;
nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi yangiliklarga bag‘ishlangan teleko‘rsatuvlar, videoroliklar va radioeshittirishlar tayyorlash hamda ularning muntazam namoyish qilinishini tashkil etsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 5-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
11. Davlat inspeksiyasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A.A. Abduxakimov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i U.N. Tashkenbayev va O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri Sh.X. Shermatov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 24-dekabr,
1028-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-dekabrdagi 1028-son qaroriga 1-ILOVA
Nodavlat umumta’lim tashkilotining
NAMUNAVIY USTAVI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Namunaviy ustav nodavlat umumta’lim tashkilotining maqomi, maqsad va vazifalari, ta’lim jarayonini va ushbu tashkilotning faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Nodavlat umumta’lim tashkiloti qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan tashkiliy-huquqiy shaklda tuzilgan tijorat yoki notijorat tashkilot bo‘lib, o‘zining alohida mulkiga, banklarda hisobraqamlarga, o‘z nomi yozilgan dumaloq muhrga, shtamplarga va o‘z ramziga ega bo‘ladi.
(2-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Nodavlat notijorat umumta’lim tashkiloti mazkur Namunaviy ustavda belgilangan maqsadlariga mos ravishda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin.
3. Nodavlat umumta’lim tashkiloti o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga, shuningdek, o‘z ustaviga amal qiladi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
4. Nodavlat umumta’lim tashkiloti belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan vaqtdan boshlab tashkil etilgan hisoblanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 10-martdagi 57-son qarori bilan tasdiqlangan Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
5. Nodavlat umumta’lim tashkilotining ustavi uning muassisi (muassislari) qarori bilan tasdiqlanadi va belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Nodavlat umumta’lim tashkilotining ustavi mazkur Namunaviy ustav asosida ishlab chiqiladi hamda uning faoliyati ustav asosida tashkil etiladi.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
6. Nodavlat umumta’lim tashkilotining nodavlat umumta’lim xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (keyingi o‘rinlarda Davlat inspeksiyasi deb ataladi) tomonidan beriladigan litsenziya asosida amalga oshiriladi.
7. Nodavlat umumta’lim tashkiloti ta’lim oluvchilarning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar (keyingi o‘rinlarda ota-onalar deb ataladi), fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, boshqa ta’lim muassasalari va nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi.
8. Nodavlat umumta’lim tashkilotining rasmiy nomi:
9. Nodavlat umumta’lim tashkiloti joylashgan joy (pochta manzili): O‘zbekiston Respublikasi, ___________________________ QQR yoki viloyati (shahri), ______________ tumani (shahri), ____________________ ko‘chasi, ____-uy, ___________________________________
(pochta manzili)
2-bob. Nodavlat umumta’lim tashkilotining maqsadi va vazifalari
10. Nodavlat umumta’lim tashkilotining maqsadi ta’lim oluvchilarga umumiy o‘rta ta’limning yuqori sifatini ta’minlaydigan qulay shart-sharoitlar yaratish, an’anaviy ta’lim xizmatlari bilan bir qatorda sifatli va ommabop ta’lim olishning muqobil imkoniyatlarini yaratadigan pullik ta’lim xizmatlari ko‘rsatish, ilg‘or xalqaro tajribalarni inobatga olgan holda o‘qitishning innovatsion pedagogik shakllari, uslublari hamda zamonaviy texnologiyalaridan foydalanish asosida umumiy o‘rta ta’lim sohasidagi samaradorlik va natijadorlikni oshirishdan iborat.
11. Nodavlat umumta’lim tashkilotining vazifalari quyidagilardan iborat:
umumiy o‘rta ta’limni har bir shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini ko‘zlagan holda amalga oshirish, ta’lim oluvchilarning jinsi, millati, dini, irqiy mansubligi va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar, ularning har tomonlama kamol topishi uchun qulay shart-sharoitlar, o‘z ustida mustaqil ishlashi va qo‘shimcha bilim olishi uchun imkoniyatlar yaratish;
ta’lim oluvchilarning muntazam bilim olishini ta’minlash, ularda bilim olish ehtiyojini kuchaytirish, bazaviy o‘quv, ilmiy va umummadaniy bilimlarni shakllantirish;
ta’lim oluvchilarga milliy an’analar va umuminsoniy qadriyatlar asosida ta’lim berish, milliy hamda umumbashariy qadriyatlarni uyg‘unlashtirish asosida yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarni qaror toptirish, o‘z Vataniga va xalqiga sodiq fuqaroni shakllantirish;
ta’lim oluvchilarning alohida ijobiy xususiyatlari va qobiliyatlarini aniqlash, qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, ularning yuksak darajada ta’lim olishi, ijodiy imkoniyatlarini rivojlantirishi va ro‘yobga chiqarishi uchun shart-sharoit yaratib berish;
ta’lim oluvchilarda mehnat qilish va mustaqil ijodiy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish, ularni kasbiy yo‘naltirishga va kasb tanlashiga ko‘maklashish;
ta’lim to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya qilish, ta’lim jarayonini umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartiga muvofiq tashkil etish;
(11-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
ta’lim jarayoniga yuqori malakali pedagog va boshqa kadrlarni, shu jumladan xorijiy mutaxassislarni jalb etish, ta’lim jarayonini samarali tashkil etish uchun ularga zarur shart-sharoitlar yaratish;
o‘qish muddati va shartlari, to‘lov miqdori, tomonlarning huquq va majburiyatlari hamda boshqa shartlar belgilangan shartnomaga muvofiq ta’lim oluvchilarning ota-onalari yoki boshqa qonuniy vakillari bilan ishlarni tashkil etish;
ta’lim dasturlarining belgilangan darajasini amalga oshirish uchun o‘quv binolarini zarur darsliklar, o‘quv-metodik adabiyotlar va boshqa vositalar hamda jihozlar bilan ta’minlash;
ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qobiliyatli va iqtidorli farzandlarini tanlov asosida bepul o‘qishga qabul qilish orqali ularning sifatli bilim olishlariga va jamiyatga uyg‘unlashuviga ko‘maklashish;
ta’lim jarayonini umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartiga muvofiq tashkil etgan, o‘quv dasturlari va o‘quv rejalari bo‘yicha barcha fanlarni o‘zlashtirgan bitiruvchilarga umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risida davlat namunasidagi hujjat berish;
nodavlat umumta’lim tashkilotini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan o‘rnatilgan tartibda o‘tkazish uchun vakolatli organga ariza bilan murojaat qilish.
3-bob. Ta’lim jarayonini tashkil etish
12. Nodavlat umumta’lim tashkilotida ta’lim jarayoni O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan o‘quv rejalari va o‘quv dasturlari asosida amalga oshiriladi.
Ta’lim oluvchilar va ularning ota-onalarining xohish-istaklarini inobatga olgan holda, nodavlat umumta’lim tashkiloti pedagogik kengashining qaroriga asosan qo‘shimcha o‘quv rejalari va o‘quv dasturlaridan foydalanilishi mumkin.
13. Nodavlat umumta’lim tashkilotida o‘quv yili va ta’tillarning davomiyligi, sinfdan sinfga o‘tkazish va bitiruv imtihonlari muddatlari, ta’lim oluvchilar bilimini nazorat qilish shakllari hamda ta’lim oluvchilarning bilimini baholash davlat umumta’lim muassasalari uchun belgilangan tartib va muddatlarga mos holda amalga oshiriladi.
14. Ta’lim jarayonini tashkil etishda quyidagi muddatlarga amal qilinadi:
o‘quv yilining davomiyligi — 34 hafta;
o‘quv haftasining davomiyligi — 6 kun;
dars mashg‘ulotining davomiyligi — 45 daqiqa;
dars mashg‘ulotlari oralig‘idagi tanaffusning davomiyligi — 5 daqiqa, katta tanaffusning davomiyligi 15 daqiqa.
Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda bayram (ishlanmaydigan) kuni deb belgilangan kunlarda dars mashg‘ulotlari o‘tkazilmaydi.
(14-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
15. Choraklar oralig‘idagi ta’tillar davrida nodavlat umumta’lim tashkilotining pedagog xodimlari tomonidan mashg‘ulotlarning innovatsion texnologiyalarga asoslangan dasturlarini ishlab chiqish, o‘zlashtirishi past bo‘lgan ta’lim oluvchilarning bilim saviyasini tahlil qilish va ular bilan qo‘shimcha ishlash, ularga maslahatlar berish, ota-onalar va ta’lim oluvchilar o‘rtasida umumiy o‘rta ta’limning ahamiyatini targ‘ib qilish maqsadida tadbirlar tashkil etish, o‘quvchilar uchun shaxsiy va taqvim ish rejalari tuzish kabi ishlar amalga oshiriladi.
16. Nodavlat umumta’lim tashkilotida ta’lim jarayoni ta’lim oluvchilar bilan guruh bo‘yicha va yakka tartibda mashg‘ulotlar olib borish orqali tashkil etiladi.
17. Yakka tartibda dars mashg‘ulotlarini olib boradigan pedagog xodimlar har bir ta’lim oluvchiga o‘quv yili uchun shaxsiy ish rejasi, guruh tartibda dars mashg‘ulotlarini olib boradigan pedagog xodimlar taqvim ish rejasini tuzadi.
18. Nodavlat umumta’lim tashkiloti bitiruvchilariga o‘qishni tugatganligi to‘g‘risida davlat namunasidagi hujjat (umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnoma yoki attestat) beriladi.
Nodavlat umumta’lim tashkilotlarini davlat namunasidagi hujjat blankalari bilan ta’minlash ularning buyurtmalari asosida tegishli hududdagi tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi tomonidan amalga oshiriladi.
19. Nodavlat umumta’lim tashkiloti pedagogik kengashining qarori asosida dars mashg‘ulotlari, o‘quv haftasi va ta’tillar davomiyligi, nazorat shakllari va ularning o‘tkazilish muddatlari hamda baholash tizimi o‘zgartirilishi mumkin.
4-bob. Ta’lim jarayonining ishtirokchilari
20. Ta’lim oluvchilar, ota-onalar, pedagog xodimlar va nodavlat umumta’lim tashkiloti ta’lim jarayonining ishtirokchilari hisoblanadi.
21. Ta’lim oluvchilar quyidagi huquqlarga ega:
davlat ta’lim standartlari asosida ixtiyoriy ravishda ta’lim olish;
nodavlat umumta’lim tashkilotining ta’lim jarayoni va ish faoliyatini takomillashtirishga oid takliflar berish;
davlat umumta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun tashkil etiladigan ko‘rik-tanlovlar va sport musobaqalarida ishtirok etish.
Ta’lim oluvchilar qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
(21-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
22. Ta’lim oluvchilar:
nodavlat umumta’lim tashkilotining ichki tartib-qoidalariga, odob-axloq qoidalariga rioya qilishga;
nodavlat umumta’lim tashkilotining moddiy-texnik bazasidan samarali foydalanish va uni asrab-avaylashga majbur.
Ta’lim oluvchilar qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham olishi mumkin.
(22-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
23. Ota-onalar quyidagi huquqlarga ega:
nodavlat umumta’lim tashkiloti rahbariyatidan farzandi uchun mazkur tashkilotning ustaviga muvofiq zarur shart-sharoitlar yaratilishini talab qilish;
farzandining shaxsiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni talab qilish;
jamoatchilik asosida nodavlat umumta’lim tashkilotining ish faoliyatida ishtirok etish.
Ota-onalar qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
(23-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
24. Ota-onalar:
farzandining jismoniy va ruhiy sog‘lom bo‘lishi uchun g‘amxo‘rlik qilishga;
farzandiga o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga;
farzandining ta’lim olishiga ko‘maklashish va o‘quv mashg‘ulotlariga muntazam qatnashishini ta’minlashga;
farzandining nodavlat umumta’lim tashkilotining ichki tartib-qoidalariga hamda odob-axloq qoidalariga rioya qilishini ta’minlashga;
shartnoma asosida o‘qish uchun to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirishga majbur.
Ota-onalar qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham olishi mumkin.
(24-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
25. Pedagog xodimlar quyidagi huquqlarga ega:
nodavlat umumta’lim tashkilotining muhim masalalari muhokamasida va qarorlar qabul qilinishida qatnashish;
o‘z kasbiy sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish;
nodavlat umumta’lim tashkilotini boshqarishda ishtirok etish;
nodavlat umumta’lim tashkiloti rahbariyatiga o‘quv jarayonini yaxshilash bo‘yicha takliflar kiritish;
mashg‘ulotlarning innovatsion texnologiyalarga asoslangan dasturlarini ishlab chiqish;
faoliyat yuritishi uchun sharoitlar bilan ta’minlanish, malakasini oshirish, qayta tayyorgarlikdan o‘tish;
dars mashg‘ulotining shakli, uslubi va vositalarini mustaqil tanlash.
Pedagog xodimlar qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
(25-bandning to‘qqizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
26. Pedagog xodimlar:
ta’lim jarayonini davlat ta’lim standartlari hamda belgilangan tartibda tasdiqlangan o‘quv rejalari va dasturlari asosida tashkil etishga;
pedagog odob-axloq qoidalariga qat’iy rioya qilishga;
dars mashg‘ulotlarini yuqori saviyada olib borish, ta’lim mazmunini takomillashtirish, o‘qitish vositalarini yaratishda faol qatnashishga;
ta’lim oluvchilarning qadr-qimmatiga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, ularda mehnatsevarlik, ezgulik, mehr-shafqat kabi fazilatlarni shakllantirish, o‘quvchilarni ona Vatanga sadoqat, davlat tiliga, milliy va umuminsoniy, tarixiy va madaniy qadriyatlarga, ota-onaga va o‘zidan katta yoshdagilarga hurmat, atrof-muhitga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish ruhida tarbiyalashga;
o‘zining nazariy bilim darajasini, pedagogik mahorati va kasb malakasini uzluksiz ravishda oshirib borish va o‘z ustida muntazam ishlashga;
ta’lim jarayoni va o‘quv-uslubiy ishlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqishga;
ta’lim oluvchilarning ota-onalari bilan muntazam hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga majbur.
Pedagog xodimlar qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatni ham olishi mumkin.
(26-bandning to‘qqizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
27. Nodavlat umumta’lim tashkilotining ta’lim oluvchilari, pedagoglari va ta’lim-tarbiya jarayoni to‘g‘risidagi ishonchli ma’lumotlarni o‘z ichiga oladigan “Nodavlat ta’limni boshqarish axborot tizimi” Davlat inspeksiyasi tomonidan yuritiladi.
Nodavlat umumta’lim tashkiloti ta’lim oluvchilarining umumiy ro‘yxati har yili may va oktabr oylarida Davlat inspeksiyasi hamda tegishli hududdagi tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limiga taqdim etib boriladi.
5-bob. Nodavlat umumta’lim tashkilotiga o‘qishga qabul qilish, o‘qishni ko‘chirish va o‘qishdan chetlashtirish
28. Nodavlat umumta’lim tashkiloti rahbariyati har yili iyun — avgust oylarida o‘qishga qabul qilish ishlarini tashkil etadi.
O‘qishga kirish uchun talabgorlar o‘quv yili davomida ham nodavlat umumta’lim tashkilotiga o‘qishga qabul qilinishi mumkin.
Ta’lim oluvchilar nodavlat umumta’lim tashkilotiga muassis (muassislar) tomonidan belgilanadigan qabul kvotalari doirasida to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Qabul kvotalari nodavlat umumta’lim tashkilotining quvvati, moddiy-texnik bazasi, kadrlar bilan ta’minlanganlik darajasi inobatga olingan holda shakllantiriladi.
29. O‘qishga kirish uchun talabgorlar soni qabul kvotalari sonidan oshib ketgan taqdirda, nodavlat umumta’lim tashkilotida qabul sinovlari o‘tkazish uchun mazkur tashkilot rahbarining buyrug‘i bilan 5 kishidan iborat tarkibda qabul komissiyasi tuziladi.
30. Qabul komissiyasi tarkibiga tashkilot rahbari, uning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari va pedagog xodimlar kiritiladi. Tashkilot rahbari qabul komissiyasi raisi hisoblanadi.
31. Nodavlat umumta’lim tashkilotiga o‘qishga kirish uchun talabgor yoki uning ota-onalari har yili iyul-avgust oylari mobaynida qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
tashkilot rahbari nomiga ariza;
o‘quvchining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi nusxasi;
ota-onalarning fuqarolik pasporti (fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi) nusxasi;
o‘quvchining sog‘ligi to‘g‘risida tibbiy ma’lumotnoma;
o‘quvchining 3,5 x 4,5 sm hajmdagi 4 dona rangli fotosurati.
32. Qabul sinovlari har yili avgust oyida o‘quvchining bilimini aniqlash maqsadida tashkilot pedagogik kengashi tomonidan tasdiqlangan shaklda (test sinovi, og‘zaki yoki yozma imtihon) o‘tkaziladi va baholanadi. Qabul sinovlari bir marta topshiriladi, qayta topshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
33. Nodavlat umumta’lim tashkilotining ikkinchi va undan yuqori sinflariga qabul qilishda sinov materiallari O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan o‘quv dasturlari bo‘yicha tegishli sinfda o‘tiladigan fanlar doirasida tayyorlanadi.
34. Talabgorning sinovdan o‘tgan yoki o‘tmaganligi qabul komissiyasi tomonidan aniqlanadi va talabgorni o‘qishga qabul qilish yoki qabul qilmaslik to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
Qabul komissiyasining ijobiy qaroriga asosan nodavlat umumta’lim tashkiloti muassisi (muassislari) bilan o‘qishga qabul qilingan ta’lim oluvchining ota-onasi o‘rtasida o‘qish muddatiga tuzilgan shartnoma asosida to‘lov amalga oshirilganidan keyin tashkilot rahbari talabgorni o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida buyruq chiqaradi.
35. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalardan bo‘lgan talabgorlar tashkilotdagi jami ta’lim oluvchilar umumiy sonining 10 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda qabul komissiyasi tomonidan o‘tkaziladigan sinovlar asosida o‘qishga bepul (grant asosida) qabul qilinadi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalardan bo‘lgan talabgorlar tomonidan nodavlat umumta’lim tashkilotidagi jami ta’lim oluvchilar umumiy sonining 10 foizidan kam murojaatlar kelib tushgan taqdirda, qabul kvotasining bo‘sh qolgan o‘rinlariga boshqa talabgorlar o‘qishga qabul qilinishi mumkin.
36. Ta’lim oluvchi yoki uning ota-onasi o‘z xohishlariga ko‘ra, o‘quv yili davomida yoki u tugagandan so‘ng nodavlat umumta’lim tashkilotidan boshqasiga yoki davlat umumta’lim muassasasiga o‘qishini ko‘chirish huquqiga ega.
Ta’lim oluvchi yoki uning ota-onasi nodavlat umumta’lim tashkilotidan boshqasiga yoki davlat umumta’lim muassasasiga o‘qishni ko‘chirish sabablarini ko‘rsatgan holda, nodavlat umumta’lim tashkiloti rahbari nomiga ariza bilan murojaat qiladi.
Ariza nodavlat umumta’lim tashkiloti rahbari tomonidan bir ish kuni ichida ko‘rib chiqilib, ta’lim oluvchini nodavlat umumta’lim tashkilotining ta’lim oluvchilari safidan chetlatish to‘g‘risida buyruq chiqariladi.
Nodavlat umumta’lim tashkilotining rahbari tomonidan ikki kun muddatda ta’lim oluvchining ta’lim oluvchilar safidan chiqarilganligi to‘g‘risida tegishli hududdagi tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limiga xabar beriladi.
37. Nodavlat umumta’lim tashkiloti tomonidan o‘qishini boshqa nodavlat umumta’lim tashkilotiga yoki davlat umumta’lim muassasasiga ko‘chirgan ta’lim oluvchilarga rahbar tomonidan quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
ta’lim oluvchining ta’lim oluvchilar safidan chiqarilganligi to‘g‘risidagi buyruqdan ko‘chirma;
o‘qiganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma;
ta’lim oluvchining baholar (o‘zlashtirish) tabeli.
38. O‘qishi ko‘chirilgan ta’lim oluvchilar o‘qishni davom ettirish uchun tanlangan nodavlat umumta’lim tashkilotiga muassis (muassislar) tomonidan belgilanadigan qabul kvotalari doirasida o‘qishga qabul qilish tartibiga muvofiq o‘qishga qabul qilinadi.
Nodavlat umumta’lim tashkiloti yoki davlat umumta’lim muassasasidan o‘qishini ko‘chirayotgan ta’lim oluvchilar muassis (muassislar)ning qaroriga ko‘ra qabul komissiyasi tomonidan sinovdan o‘tkazilishi mumkin.
39. O‘qishi ko‘chirilgan ta’lim oluvchini nodavlat umumta’lim tashkilotiga qabul qilish to‘g‘risida tashkilot rahbari buyruq chiqaradi.
40. Nodavlat umumta’lim tashkiloti muassisi (muassislari)ning ruxsati bilan o‘qishga qabul qilingan yoki o‘qishi ko‘chirilgan ta’lim oluvchi shartnoma asosidagi to‘lovni kechiktirib to‘lashi mumkin.
41. Ta’lim oluvchilar nodavlat umumta’lim tashkilotidan quyidagi holatlarda chetlashtirilishi mumkin:
o‘z xohishiga binoan;
o‘qishning davlat umumta’lim muassasasiga yoki boshqa nodavlat umumta’lim tashkilotiga ko‘chirilishi munosabati bilan;
salomatligi tufayli (tegishli hududdagi tibbiy mehnat ekspert komissiyasi ma’lumotnomasi asosida);
akademik o‘zlashtira olmaganligi (qarzdorligi) uchun;
o‘quv intizomini va tashkilotning ichki tartib-qoidalarini, odob axloq qoidalarini buzganligi uchun;
o‘qish uchun belgilangan to‘lovning o‘z vaqtida to‘lanmaganligi sababli (to‘lovdan ozod etilgan ta’lim oluvchilar bundan mustasno);
ta’lim oluvchining sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganligi munosabati bilan;
vafot etganligi sababli.
Nodavlat umumta’lim tashkiloti rahbarining ta’lim oluvchini nodavlat umumta’lim tashkilotidan chetlashtirish to‘g‘risidagi buyrug‘iga quyidagilardan biri asos bo‘ladi:
ota-onaning arizasi;
pedagogik kengash qarori.
42. Nodavlat umumta’lim tashkilotidan chetlashtirilgan ta’lim oluvchilar yoki ularning ota-onalari o‘qishga qayta tiklash to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qilishlari mumkin.
Ta’lim oluvchini o‘qishga qayta tiklash yoki tiklamaslik masalasi nodavlat umumta’lim tashkilotining pedagogik kengashida ko‘rib chiqiladi va uning qaroriga ko‘ra hal qilinadi.
43. Nodavlat umumta’lim tashkilotidan chetlashtirilgan ta’lim oluvchi haqida tashkilot rahbariyati tomonidan tegishli hududdagi tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limiga uch kun muddatda yozma xabar beriladi.
6-bob. Nodavlat umumta’lim tashkilotini boshqarish
44. Jismoniy va yuridik shaxslar nodavlat umumta’lim tashkilotining muassislari bo‘lishi mumkin.
45. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi nodavlat umumta’lim tashkilotining o‘quv-tarbiya jarayoniga uslubiy rahbarlik qiladi.
46. Nodavlat umumta’lim tashkilotiga muassis (muassislar) tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor bevosita rahbarlik qiladi.
Nodavlat umumta’lim tashkiloti direktori muassasaning tashkiliy-huquqiy, o‘quv-tarbiyaviy, ma’naviy-ma’rifiy va moliyaviy-xo‘jalik faoliyatining tashkil etilishi uchun bevosita mas’ul hisoblanadi.
Nodavlat umumta’lim tashkiloti direktori lavozimiga qo‘yiladigan malaka talablari muassis tomonidan belgilanadi.
47. Direktorning o‘quv va xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari bo‘lishi mumkin.
48. Direktor:
nodavlat umumta’lim tashkilotiga umumiy rahbarlik qiladi;
kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo‘yish va ularning zaxirasini shakllantirish ishlarini amalga oshiradi;
pedagoglar va boshqa xodimlarga o‘z faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur sharoit yaratadi;
ta’lim oluvchilarning intizomi, bilim saviyasi hamda sinfdan tashqari olib boriladigan ishlarning tashkil etilishi va mazmuni yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;
o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish uchun zarur ishlarni tashkil qiladi;
nodavlat umumta’lim tashkilotining xarajatlar smetasiga rioya etilishini nazorat qiladi;
mehnat intizomi, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari, mehnatni muhofaza qilish, yong‘in va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilishini ta’minlaydi;
ta’lim oluvchilarni ta’limning keyingi bosqichidagi kirish imtihonlariga tayyorlashni nazorat qiladi;
davlat umumta’lim va qo‘shimcha ta’lim muassasalari, madaniyat uylari, klublar o‘rtasida o‘zaro aloqalar o‘rnatadi;
(48-bandning o‘ninchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-dekabrdagi 776-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.12.2025-y., 09/25/776/1149-son)
ota-onalar va jamoatchilik bilan ish olib borishni tashkil qiladi;
tashkilot faoliyati yuzasidan muassis (muassislar)ga hisobot beradi;
o‘z vakolati doirasida mehnat vazifalarini buzgan xodimlarga nisbatan mehnat qonunchiligi doirasida intizomiy jazo choralarini qo‘llaydi;
tashkilotning pedagog va boshqa xodimlarini malakasini oshirish va qayta tayyorlanishini tashkil etadi, shuningdek, ularni rag‘batlantirish hamda mukofotlashga taqdim etadi;
pedagog hamda boshqa xodimlar bilan mehnat shartnomasini tuzadi va bekor qiladi.
49. Direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari:
muassasadagi o‘quv-tarbiyaviy jarayonning tashkil qilinishi va ish hujjatlarining yuritilishini nazorat qiladi;
pedagog xodimlarga metodik yordam ko‘rsatadi;
o‘quv-uslubiy va ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil qiladi;
pedagoglarning o‘qitish uslubini tahlil qilish maqsadida o‘quv mashg‘ulotlariga kiradi;
pedagog xodimlar va ta’lim oluvchilar tomonidan tashkilot ichki tartib-qoidalariga rioya etilishini nazorat qiladi;
o‘quv-tarbiyaviy, uslubiy ish rejalari, dars jadvali, ochiq darslar rejasi, sinov imtihonlari, pedagoglar haqida ma’lumotlar, o‘quv mashg‘ulotlari tarifikatsiyasini tuzish va tasdiqlash uchun direktorga taqdim etadi;
direktor bo‘lmagan vaqtda uning vazifasini bajarib turadi;
pedagog xodimlar tomonidan dars jadvali, o‘quv-uslubiy, tarbiyaviy hamda sinfdan tashqari ishlarning bajarilishini nazorat qiladi.
Nodavlat umumta’lim tashkiloti direktori va uning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari o‘z ixtisosliklari bo‘yicha mehnat qonunchiligiga muvofiq pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishlari mumkin.
50. Direktorning xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari:
xo‘jalik faoliyatini boshqarish, nodavlat umumta’lim tashkilotining dars mashg‘ulotlari o‘tkazilishi uchun zarur shart-sharoit yaratadi;
nodavlat umumta’lim tashkiloti mablag‘laridan maqsadli foydalanish tadbirlarini o‘z vakolati doirasida ishlab chiqadi hamda ulardan to‘g‘ri foydalanilishini ta’minlaydi;
moliyaviy faoliyat natijalarini tahlil qiladi, shartnoma majburiyatlarining belgilangan muddatida to‘liq bajarilishini ta’minlaydi, moliyalashtirishning qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan turli manbalari hisobiga mablag‘larni shakllantirish va ulardan samarali foydalanilishini nazorat qiladi;
(50-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
tovar-moddiy boyliklar va asosiy vositalar tushumini to‘liq hisobga oladi, qo‘shimcha moliyaviy manbalar va moddiy mablag‘larni jalb etadi;
o‘quv jihozlari, asbob-uskunalari va boshqa ta’lim vositalarining saqlanishini va ulardan samarali foydalanilishini ta’minlaydi;
moddiy-texnik bazasini rivojlantirish ishlarini tashkillashtiradi, bino va qo‘shimcha obyektlarning texnik holati va jihozlanganligini muntazam ravishda o‘rganib boradi;
nodavlat umumta’lim tashkilotiga yetkazib berilgan jihozlarni qabul qiladi, jihozlarning sinf xonalari va boshqa xonalar bo‘yicha taqsimotini amalga oshiradi;
kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonida tegishli ravishda ko‘mir, suyuq yoqilg‘i, tabiiy gaz va elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojlarni aniqlaydi va ma’lumotlarni nodavlat umumta’lim tashkiloti direktoriga taqdim etadi hamda qabul qilingan yoqilg‘ilarning sifati va saqlanishini ta’minlaydi;
nodavlat umumta’lim tashkilotiga biriktirilgan hududlarni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va tozalash ishlariga rahbarlik qiladi, texnik xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar ishlarini muvofiqlashtiradi;
sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari, mehnatni muhofaza qilish, texnika va yong‘in xavfsizligi qoidalari talablariga rioya etadi.
51. Nodavlat umumta’lim tashkiloti faoliyati bilan bog‘liq eng muhim masalalarni muhokama qilish, muammolarni bartaraf etish va istiqboldagi rejalarni shakllantirish maqsadida tashkilotda pedagogik kengash tashkil qilinadi.
Pedagogik kengash tarkibiga nodavlat umumta’lim tashkilotining direktori va pedagog xodimlari kiritiladi.
52. Pedagogik kengashning yig‘ilishlari bir o‘quv yili mobaynida kamida to‘rt marta o‘tkaziladi. Unga nodavlat umumta’lim tashkiloti direktori raislik qiladi. Direktor bo‘lmagan vaqtda, raislikni direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari amalga oshiradi.
53. Pedagogik kengashning vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
nodavlat umumta’lim tashkiloti pedagogik jamoasining faoliyatini ta’lim oluvchilarning egallashi lozim bo‘lgan bilim, ko‘nikma va malakalarini ta’minlashga, ularga ta’lim-tarbiya berish sifatini oshirishga yo‘naltirish;
dars va darsdan tashqari mashg‘ulotlar dasturlarini muhokama qilish va tasdiqlash;
pedagog xodimlarning yo‘nalishlar bo‘yicha axborotlari va hisobotlarini eshitish, nodavlat umumta’lim tashkilotining sanitariya-gigiyenik holati, yong‘inga qarshi amalga oshiriladigan ishlar, mehnatni muhofaza qilish, o‘quvchilarning sog‘lig‘i va hayotiga oid hamda boshqa masalalarni muhokama qilish va yakuniy xulosa berish;
bosqichli nazoratlar va yakuniy davlat attestatsiyasini o‘tkazish, ta’lim oluvchilarni yuqori sinfga o‘tkazish, yakuniy davlat attestatsiyasiga ruxsat berish, bitiruvchilarga o‘qishni bitirganlik to‘g‘risida hujjatlarni, shu jumladan ularning dublikatini berish, a’lo ko‘rsatkichlarga va namunali xulqqa ega bo‘lgan ta’lim oluvchilarni rag‘batlantirish yuzasidan qarorlar qabul qilish;
ta’lim berishda o‘qitishning ilg‘or pedagogik va innovatsion texnologiyalaridan foydalanishni tatbiq etish choralarini ko‘rish;
o‘quvchilarni yuksak ma’naviy-axloqiy, umuminsoniy va milliy ruhda, o‘z Vatani, xalqini ardoqlovchi, tinchlik va barqarorlikka qaratilgan milliy qadriyatlar asosida tarbiyalash yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish va joriy etish;
nodavlat umumta’lim tashkilotida ta’lim jarayonini tashkil etish va ta’lim samaradorligini oshirish bo‘yicha maqbul shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan qarorlar qabul qilish;
ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalardan bo‘lgan talabgorlarni nodavlat umumta’lim tashkilotidagi jami ta’lim oluvchilar umumiy sonining 10 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda o‘qishga qabul qilinishini hamda ularni darsliklar to‘plami bilan bepul ta’minlanishini nazorat qilish;
ilg‘or pedagog xodimlarning ish tajribalarini o‘rganish, ommalashtirish, ularni davlat mukofotlariga tavsiya etish, yosh pedagoglarga metodik yordam ko‘rsatish ishlarini tashkil etish;
pedagogik jamoa uchun o‘z vakolati doirasida me’yoriy talablarni ishlab chiqish, tasdiqlash va bajarilishini nazorat qilish.
Pedagogik kengash qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
(53-bandning o‘n ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
54. Pedagogik kengashning raisi kengash qabul qilgan qarorlarning bajarilishini doimiy ravishda nazorat qilib boradi.
55. Nodavlat umumta’lim tashkilotining ta’lim, metodik va innovatsion faoliyatini ta’minlash yuzasidan metodik xizmatni amalga oshirish, pedagog xodimlarning malakasini oshirish, ularning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, kasbiy mahoratini oshirish hamda metodik ishlarga tez moslashuvchanligini ta’minlash maqsadida metodik kengash tashkil qilinadi.
Metodik kengash tarkibiga nodavlat umumta’lim tashkilotining direktori o‘rinbosarlari va pedagog xodimlari kiritiladi. Metodik kengash raisi umumta’lim tashkiloti direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari hisoblanadi.
Metodik kengash nodavlat umumta’lim tashkilotining pedagogik kengashiga bo‘ysunadi va o‘z faoliyatini pedagogik kengash qarorlarini bajarishga yo‘naltiradi.
56. Metodik kengashning vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
nodavlat umumta’lim tashkilotida ta’lim sifatini oshirish uchun zarur bo‘lgan metodik faoliyatni muvofiqlashtirish, pedagog xodimlarning faoliyati samaradorligini oshirish;
nodavlat umumta’lim tashkilotining o‘quv dasturi, o‘quv rejasi va uning rivojlantirish dasturlarini birlamchi ekspertizadan o‘tkazish hamda tasdiqlash uchun pedagogik kengashga tavsiya etish;
ta’lim oluvchilarga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni, ta’lim metodlari, shakli va vositalarini topishga ko‘maklashish, dars jarayonida qo‘llashga sharoit yaratish, ilg‘or ish tajribalarini ommalashtirish va ta’lim jarayonida yutuqlarga erishayotgan pedagog xodimlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tavsiyalar berish;
ta’lim oluvchilar bilimi, ko‘nikma va malakalarining davlat ta’lim standartiga mosligini o‘rganish, tahlil qilish, monitoring qilish va natijalariga ko‘ra aniqlangan bo‘shliqlarni to‘ldirish bo‘yicha metodik tavsiyalar ishlab chiqish;
pedagog xodimlarning ish natijalarini tahlil qilib borish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tavsiyalar berish, pedagog xodimlarga metodik ishlarni samarali tashkil etish bo‘yicha asosiy vazifalarni belgilab berish;
pedagog xodimlarning innovatsion faoliyatini tashkil qilish, ijodiy izlanishlari uchun seminarlar, trening mashg‘ulotlari, pedagogik texnologiyalar bo‘yicha taqdimotlar hamda ochiq darslar tashkil etish;
nodavlat umumta’lim tashkiloti pedagog xodimlarining malaka oshirishlarini tashkil etish;
pedagog xodimlarning pedagogik faoliyatini tahlil qilish, o‘quv seminarlar tashkil etishini kuzatish hamda ish rejasi asosida ijodiy hisobotlarini eshitish;
fanlar bo‘yicha sinfdan tashqari ishlarni muvofiqlashtirish;
pedagog jamoaning ta’lim jarayonini rivojlantirishga va amaliyotda qo‘llashga yo‘naltirilgan tajriba-sinov, ilmiy-tadqiqot, innovatsion, ijodiy faoliyatiga oid tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va ularni rag‘batlantirish choralarini ko‘rish;
pedagog xodimlarni ilmiy, metodik, didaktik materiallar, o‘quv dasturlari bilan ta’minlash;
ilg‘or pedagogik va innovatsion texnologiyalar asosida dars o‘tishning yangi metodlarini sinovdan o‘tkazish;
ta’lim sohasida tajriba almashish maqsadida boshqa nodavlat ta’lim tashkilotlari va davlat umumta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilish;
ta’lim mazmunini rivojlantirishga oid masalalarni hal qilish, innovatsion dasturlar tuzish, diagnostik tahlil o‘tkazish, yangi pedagogik texnologiyalarni ishlab chiqish uchun vaqtinchalik ijodiy guruhlar faoliyatini tashkil etish;
pedagog xodimlar tomonidan ishlab chiqilgan o‘quv-metodik qo‘llanmalar va didaktik materiallarni muhokamadan o‘tkazish.
7-bob. Nodavlat umumta’lim tashkilotini moliyalashtirish va moddiy-texnik ta’minlash
57. Nodavlat umumta’lim tashkiloti faoliyati muassis (muassislar) tomonidan tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq moliyalashtiriladi.
Nodavlat umumta’lim tashkiloti o‘ziga biriktirilgan mol-mulkni va xarajatlar smetasi bo‘yicha ajratilgan mablag‘larni o‘z xohishiga ko‘ra tasarruf etadi.
58. Nodavlat umumta’lim tashkiloti faoliyati quyidagi manbalar hisobidan moliyalashtiriladi:
muassis (muassislar) tomonidan ajratilgan mablag‘lar;
shartnoma asosida ta’lim oluvchilar va ularning ota-onalari tomonidan to‘langan mablag‘lar;
dars mashg‘ulotlaridan tashqari paytda bo‘sh binolar, inshootlar, asbob-uskunalarni ijaraga berishdan tushgan mablag‘lar;
xo‘jalik faoliyatidan shartnoma asosida pullik xizmatlar ko‘rsatishdan olingan daromadlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, mahalliy va xalqaro tashkilotlarning grantlari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
(58-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
59. Qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan faoliyatdan olingan daromad hisobiga sotib olingan mol-mulk tashkilotning mol-mulki tarkibiga kiritiladi.
(59-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
60. Nodavlat umumta’lim tashkiloti mol-mulki va pul mablag‘larining qonunchilik hujjatlariga zid ravishda yoki samarasiz sarflanishi uchun bevosita uning direktori javobgar hisoblanadi.
(60-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
61. Nodavlat umumta’lim tashkiloti xodimlarining ish haqi lavozim maoshi, mukofotlar, qo‘shimcha haqlar, ustamalardan va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa to‘lovlardan iborat.
(61-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Muassis (muassislar) tomonidan nodavlat umumta’lim tashkiloti xodimlari lavozim maoshlariga har oyda qo‘shiladigan rag‘batlantirish xususiyatiga ega bo‘lgan qo‘shimcha haqlar va ustamalarni berish tartibi tasdiqlab qo‘yilishi mumkin.
62. Nodavlat umumta’lim tashkiloti shtatidagi xodimlar soni muassis (muassislar) tomonidan tasdiqlangan shtatlar jadvaliga muvofiq belgilanadi.
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
63. Nodavlat umumta’lim tashkiloti umumiy o‘rta ta’lim bo‘yicha xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi mumkin. Xalqaro hamkorlik shartnomalar asosida xorijiy tashkilotlar bilan pedagogik axborot va tajriba almashish, pedagog xodimlarning malaka oshirishi hamda stajirovka o‘tashi shaklida amalga oshirilishi mumkin.
64. Nodavlat umumta’lim tashkilotini qayta tashkil etish yoki tugatish o‘quv yili yakunida muassis (muassislar) tomonidan amalga oshiriladi.
Litsenziyasining amal qilishi to‘xtatilgan, tugatilgan yoki litsenziyasi bekor qilingan nodavlat umumta’lim tashkilotining muassisi (muassislari) ta’lim oluvchilarni ota-onalarning roziligi bilan boshqa nodavlat umumta’lim tashkilotiga yoki davlat umumta’lim muassasalariga o‘tkazishda ko‘maklashadi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-dekabrdagi 1028-son qaroriga 2-ILOVA
Kadrlarni qayta tayyorlash bo‘yicha nodavlat ta’lim olganlik to‘g‘risidagi diplomning davlat namunasi
O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
Qayta tayyorlash bo‘yicha nodavlat ta’lim olganlik to‘g‘risida DIPLOM QT № 000000000
___________________________________________________________________________________________ (bitiruvchining familiyasi, ismi va otasining ismi)
20____ yil ________ _________________________dan 20____ yil _________ ________________________gacha
_________________________________________________________________________________________ da
Kadrlarni qayta tayyorlash bo‘yicha nodavlat ta’lim olganlik to‘g‘risidagi diplomning tavsifi
Kadrlarni qayta tayyorlash bo‘yicha nodavlat ta’lim olganlik to‘g‘risidagi diplom A4 formatli oq qog‘ozda ofset usulida besh xil rangdan foydalangan holda: matn uchun — qora rangda, rasmlar tasviri uchun — yashil, ko‘k, qizil ranglarda, fon uchun — och havo rangda bosib chiqariladi. Varaqning chap qismida chetidan 10 mm chekingan holda, eni 22 mm bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i tasvirlangan tasma joylashtiriladi. Tasmaning yuqori qismida diametri 25 mm bo‘lgan Davlat gerbi, past qismida esa 35 mm o‘lchamli ikkita kvadrat qo‘shilishidan hosil bo‘lgan sakkiz qirrali yulduz, yulduzning o‘rtasida muhr uchun 25 mm diametrli oq aylana joylashgan. Varaqning qolgan qismida yuqorida lotin yozuvi bilan davlat tilida “O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI. Qayta tayyorlash bo‘yicha nodavlat ta’lim olganlik to‘g‘risida” so‘zlari bosiladi. Diplom ikki lotin harfi — QT va yetti raqamli sondan iborat tartib raqami bilan ta’minlangan. Barcha matn naqshli rastrdan iborat och havo rang fonda bosib chiqariladi.
Diplom: bosib chiqarishning ikki usuli — ofset va yuqori usuli; yorug‘lik vositasida nusxa ko‘chirishni qiyinlashtirish uchun ochiq ranglar; naqshli rastr; har xil rangli rastrlardan foydalanish yo‘li bilan turli ranglarni tashkil etish; maxsus qog‘ozlar; o‘zgaradigan raqamlardan iborat tartib raqami qo‘llangan holda oltita himoyaga ega.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-dekabrdagi 1028-son qaroriga 3-ILOVA
Kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim olganlik to‘g‘risidagi diplomning davlat namunasi
O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
Malaka oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim olganlik to‘g‘risida SERTIFIKAT MO № 000000000
___________________________________________________________________________________________ (bitiruvchining familiyasi, ismi va otasining ismi)
20____ yil ________ _________________________dan 20____ yil _________ ________________________gacha
_________________________________________________________________________________________ da
Kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim olganlik to‘g‘risidagi sertifikatning tavsifi
Kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim olganlik to‘g‘risidagi sertifikat A4 formatli oq qog‘ozda ofset usulida besh xil rangdan foydalangan holda: matn uchun — qora rangda, rasmlar tasviri uchun — yashil, ko‘k, qizil ranglarda, fon uchun — och yashil rangda bosib chiqariladi. Varaqning chap qismida chetidan 10 mm chekingan holda, eni 22 mm bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i tasvirlangan tasma joylashtiriladi. Tasmaning yuqori qismida diametri 25 mm bo‘lgan Davlat gerbi, past qismida esa 35 mm o‘lchamli ikkita kvadrat qo‘shilishidan hosil bo‘lgan sakkiz qirrali yulduz, yulduzning o‘rtasida muhr uchun 25 mm diametrli oq aylana joylashgan. Varaqning qolgan qismida yuqorida lotin yozuvi bilan davlat tilida “O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI. Malaka oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim olganlik to‘g‘risida SERTIFIKAT” so‘zlari bosiladi. Sertifikat ikki lotin harfi — MO va yetti raqamli sondan iborat tartib raqami bilan ta’minlangan. Barcha matn naqshli rastrdan iborat och yashil rang fonda bosib chiqariladi.
Sertifikat: bosib chiqarishning ikki usuli — ofset va yuqori usuli; yorug‘lik vositasida nusxa ko‘chirishni qiyinlashtirish uchun ochiq ranglar; naqshli rastr; har xil rangli rastrlardan foydalanish yo‘li bilan turli ranglarni tashkil etish; maxsus qog‘ozlar; o‘zgaradigan raqamlardan iborat tartib raqami qo‘llangan holda oltita himoyaga ega.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-dekabrdagi 1028-son qaroriga 4-ILOVA
Kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim olganlik to‘g‘risida davlat namunasidagi hujjatlarni berish tartibi haqida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim olganlik to‘g‘risida davlat namunasidagi hujjatlarni (keyingi o‘rinlarda nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar deb ataladi) bitiruvchilarga berish tartibini belgilaydi.
2. Nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar kadrlarni qayta tayyorlash to‘g‘risidagi diplom va kadrlar malakasini oshirish to‘g‘risidagi sertifikatdan iborat bo‘lib, ta’limning keyingi bosqichlarida o‘qishni davom ettirish va kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanish huquqini beradi.
3. Nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar blankalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining (keyingi o‘rinlarda Davlat inspeksiyasi deb ataladi) yozma buyurtmasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan muhofazalangan qog‘ozda chop etiladi.
31. Ushbu Nizom Transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim olganlik to‘g‘risida davlat namunasidagi hujjatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
(31-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 28-sentabrdagi 504-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.09.2023-y., 09/23/504/0736-son)
2-bob. Nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar blankalarini Davlat inspeksiyasidan olish, rasmiylashtirish va bitiruvchilarga topshirish
4. Nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha kurs tashkil etilganda, ta’lim oluvchilar to‘g‘risidagi ma’lumot Davlat inspeksiyasining “Nodavlat ta’limni boshqarish axborot tizimi”ga (keyingi o‘rinlarda axborot tizimi deb ataladi) joylashtiriladi.
5. Nodavlat ta’lim tashkilotlari kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha kurs tamom bo‘lishidan ko‘pi bilan o‘n kun oldin nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar blankalarini olish uchun Davlat inspeksiyasining Internet jahon axborot tarmog‘idagi rasmiy veb-saytida maxsus tashkil etilgan interaktiv xizmat (certform.tdi.uz) orqali Davlat inspeksiyasiga buyurtma beradi.
Buyurtmaga nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarning har bir blankasi uchun bitiruvchilar tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi miqdorida yig‘im undiriladi.
(5-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-dekabrdagi 774-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.12.2021-y., 09/21/774/1198-son)
6. Nodavlat ta’lim tashkilotlarining buyurtmasi besh ish kunida o‘rganib chiqiladi va axborot tizimiga kiritilgan ma’lumotda ko‘rsatilgan ta’lim oluvchilar soniga mutanosib ravishda nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar blankalari beriladi.
Nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar blankalarini olish uchun buyurtma berilgunga qadar nodavlat ta’lim tashkilotining ta’lim oluvchilari safidan chetlatilganlar bo‘lsa, ularni chetlashtirish to‘g‘risidagi buyruqlaridan nusxalar elektron shaklda taqdim etiladi. Nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar blankalarini berish ta’lim oluvchilar safidan chetlatilganlar inobatga olingan holda amalga oshiriladi.
7. Davlat inspeksiyasi tomonidan axborot tizimiga nodavlat ta’lim tashkilotlariga berilgan nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar blankalarining seriyasi va raqami to‘g‘risidagi ma’lumot kiritib boriladi.
8. Nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar blankalari nodavlat ta’lim tashkiloti vakiliga mazkur tashkilot tomonidan tasdiqlangan ishonchnoma asosida beriladi.
Nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar blankalarining qabul qilib olinganligi to‘g‘risida dalolatnoma tuziladi.
9. Nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar blankalari ip o‘tkazib tikilgan, muhr bilan tasdiqlangan nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar blankalarini tarqatish daftarida hisobga olinadi va seyfda saqlanadi.
10. Nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar blankalari bitiruvchilarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar asosida to‘ldiriladi.
Nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar qora tush bilan o‘zbek tilida (lotin alifbosiga asoslangan harflarda) yoki axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda bosma harflarda chiroyli va aniq qilib to‘ldiriladi.
11. Nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar nodavlat ta’lim tashkiloti rahbarining imzosi hamda nodavlat ta’lim tashkilotining muhri bilan tasdiqlanadi. Muhr aniq va o‘qilishi oson bo‘ladigan holda tushiriladi, muhri bo‘lmagan nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjat haqiqiy hisoblanmaydi.
Nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarning to‘g‘ri to‘ldirilishi bo‘yicha javobgarlik shaxsan ta’lim tashkiloti rahbariga yuklanadi.
12. Nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarni to‘ldirish jarayonida xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan taqdirda, buzilgan blankalar topshirilgan holda Davlat inspeksiyasidan yangi blankalar qayta buyurtma berish yo‘li bilan olinadi. Buzilgan blankalar to‘g‘risida nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar blankalarini tarqatish daftarida qayd etiladi.
Buzilgan nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar blankalarining seriyasi va raqamlari qirqib olinadi va bu haqda tuzilgan dalolatnomaga ilova qilingan holda saqlanadi.
13. Buzilgan nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar blankalari Davlat inspeksiyasida kamida uch kishidan iborat tarkibda tuzilgan komissiya tomonidan yo‘q qilinadi. Buzilgan nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar to‘g‘risidagi dalolatnoma komissiya a’zolari tomonidan imzolanadi va Davlat inspeksiyasi boshlig‘i tomonidan tasdiqlanadi.
14. Bitiruvchilarga berilgunga qadar to‘ldirilgan nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar, ularni hisobga olish va tarqatish daftari, nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarni olish va berishga asos bo‘ladigan barcha hujjatlar nodavlat ta’lim tashkiloti rahbarida saqlanadi. Nodavlat ta’lim tashkiloti rahbari o‘zgargan taqdirda, barcha hujjatlar dalolatnoma asosida yangi rahbarga topshiriladi.
15. Bitiruvchiga nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar nodavlat ta’lim tashkiloti rahbarining nodavlat ta’lim tashkiloti pedagogik kengashi qarori asosida qabul qilingan buyrug‘iga asosan beriladi.
16. Har bir bitiruvchi nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatni bevosita nodavlat ta’lim tashkilotidan oladi.
Bitiruvchilar nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatni olgani haqida nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarni hisobga olish va ta’lim oluvchilarga topshirishni qayd qilish daftariga imzo qo‘yadi.
17. Nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarni hisobga olish va bitiruvchilarga topshirishni qayd qilish daftarida xatolikka yo‘l qo‘yilsa, ushbu xatolar tegishli izohlar bilan tuzatiladi. Daftardagi barcha yozuvlar nodavlat ta’lim tashkiloti rahbari imzosi hamda tashkilot muhri bilan tasdiqlanadi.
Nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarni hisobga olish va bitiruvchilarga topshirishni qayd qilish daftari Davlat inspeksiyasi tomonidan bir yilda bir marta tekshiruvdan o‘tkaziladi.
18. Ayrim sabablarga ko‘ra vaqtida berilmagan nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar bitiruvchilarga berilgunga qadar to‘ldirilgan holda nodavlat ta’lim tashkilotlarida 75 yil saqlanadi, so‘ngra o‘rnatilgan tartibda yo‘q qilinadi.
Berilmay qolgan to‘ldirilgan nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar bo‘yicha dalolatnoma tuzilib, ularning raqami va mazkur hujjatlarni olmagan bitiruvchilarning ismi va familiyasi ko‘rsatiladi.
19. Nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar bitiruvchilarga topshirilgan kundan boshlab o‘n ish kuni ichida to‘ldirilmagan nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar Davlat inspeksiyasiga qaytarilishi shart. To‘ldirilmagan nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarni nodavlat ta’lim tashkilotlarida saqlash qat’iyan taqiqlanadi.
20. Nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarning to‘ldirilmagan blankalari yo‘qolgan hollarda, nodavlat ta’lim tashkiloti rahbari bu haqda darhol Davlat inspeksiyasiga xabar qiladi, bunda yo‘qolgan hujjatning seriyasi va raqami ko‘rsatilib, yo‘qolish sabablari aniq bayon qilinadi.
Davlat inspeksiyasi boshlig‘ining yo‘qolgan blankalarni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida buyrug‘i darhol qabul qilinadi hamda ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilinadi, bu haqda ma’lumot axborot tizimiga joylashtiriladi.
21. Nodavlat ta’lim tashkilotlari rahbarlari Davlat inspeksiyasiga bitiruvchilarga topshirilgan nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar bo‘yicha har chorakda hisobot berib boradilar.
3-bob. Nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar dublikatini berish
22. Nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar yo‘qolgan, yaroqsiz holga kelgan yoki bitiruvchining familiyasi, ismi va otasining ismi o‘zgargan hollarda hujjat dublikati beriladi.
23. Hujjat dublikatini olish uchun bitiruvchi nodavlat ta’lim tashkilotiga ariza bilan murojaat qiladi.
Arizaga:
nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjat yo‘qolgan bo‘lsa — hujjat yo‘qolganligi to‘g‘risida nodavlat ta’lim tashkiloti yoki Davlat inspeksiyasining Internet jahon axborot tarmog‘idagi rasmiy veb-saytiga chop etish uchun e’lon (e’londa yo‘qolgan nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatning berilgan yili, seriyasi va raqami ko‘rsatilish kerak);
nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjat yaroqsiz holga kelgan bo‘lsa — yaroqsiz holga kelgan nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjat;
bitiruvchining familiyasi, ismi va otasining ismi o‘zgargan bo‘lsa — ushbu holatni tasdiqlovchi hujjat (pasport);
nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarning har bir blankasi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi miqdorida yig‘im to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinadi.
24. Dublikat berish masalasi nodavlat ta’lim tashkilotining pedagogik kengashida ko‘rib chiqiladi. Pedagogik kengashning dublikat berish to‘g‘risida qarori asosida nodavlat ta’lim tashkiloti rahbarining buyrug‘i qabul qilinadi.
25. Nodavlat ta’lim tashkiloti rahbarining dublikat berish to‘g‘risidagi buyrug‘i asosida axborot tizimiga ma’lumot kiritiladi hamda dublikat olish uchun Davlat inspeksiyasiga buyurtma beriladi.
Buyurtmaga nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarning har bir blankasi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi miqdorida yig‘im undiriladi.
(25-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-dekabrdagi 774-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.12.2021-y., 09/21/774/1198-son)
26. Davlat inspeksiyasi tomonidan nodavlat ta’lim tashkilotining buyurtmasi kelib tushgan paytdan boshlab uch ish kuni ichida nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjat blankasi beriladi.
Nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatning dublikati Davlat inspeksiyasi tomonidan nodavlat ta’lim tashkilotiga nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjat blankasi berilgan sanadan boshlab uzog‘i bilan uch ish kuni ichida rasmiylashtirib beriladi.
27. Nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjat dublikati belgilangan qoidalarga asosan nodavlat ta’lim tashkiloti tomonidan to‘ldiriladi va yuqori o‘ng burchagiga qora tush bilan yoki axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda “dublikat” so‘zi yozib qo‘yiladi.
Dublikat nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarni hisobga olish va tarqatish daftarida qayd etiladi hamda bitiruvchi tomonidan dublikat olganlik to‘g‘risida imzo qo‘yiladi va sana ko‘rsatiladi.
28. Yo‘qolgan, yaroqsiz holga kelgan va bitiruvchining familiyasi, ismi va otasining ismi o‘zgarganligi sababli bekor qilingan nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Davlat inspeksiyasi tomonidan axborot tizimiga kiritiladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
29. Nodavlat ta’lim tashkiloti tugatilgan hollarda dublikat axborot tizimiga kiritilgan ma’lumotlar hamda bitiruvchining arizasi asosida Davlat inspeksiyasi tomonidan beriladi.
30. Hujjat dublikatini olish uchun bitiruvchi Davlat inspeksiyasiga ariza bilan murojaat qiladi. Arizaga ushbu Nizomning 23-bandida ko‘rsatilgan hujjatlar ilova qilinadi.
Davlat inspeksiyasi boshlig‘ining dublikat berish to‘g‘risidagi buyrug‘iga muvofiq bitiruvchi ariza bilan murojaat qilgan paytdan boshlab uch ish kuni ichida axborot tizimiga kiritilgan ma’lumotlar asosida nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatning dublikati yozib beriladi.
31. Nodavlat ta’lim tashkiloti tomonidan nodavlat ta’lim tashkilotini bitirgan shaxslarga nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatni berishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bitiruvchilar nodavlat ta’lim tashkilotining nodavlat ta’lim to‘g‘risidagi hujjatni berishni rad etish bo‘yicha xatti-harakatlari yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda Davlat inspeksiyasiga yoki sudga shikoyat qilishlari mumkin.
(31-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-dekabrdagi 1028-son qaroriga 5-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 5-yanvardagi 5-son qarori bilan tasdiqlangan Ta’lim muassasasi ustavini ishlab chiqish tartibi muqaddimasining birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mazkur Tartib barcha ta’lim turlari bo‘yicha davlat ta’lim muassasalari ustavlarini (keyingi o‘rinlarda Ustav deb ataladi) ishlab chiqishda amal qilish uchun qo‘llaniladi”.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-sonli qaroriga asosan 2022-yil 1-martdan o‘z kuchini yo‘qotadi — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.02.2022-y., 09/22/80/0154-son)
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 25.12.2019-y., 09/19/1028/4222-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.12.2021-y., 09/21/774/1198-son, 22.02.2022-y., 09/22/80/0154-son, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 30.09.2023-y., 09/23/504/0736-son; 11.12.2025-y., 09/25/776/1149-son; 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)