toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti huzuridagi Oʻzbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 19-sentabrdagi “Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti huzurida Oʻzbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-2602-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash doirasida Yaponiyaning yetakchi universitetlari bilan birgalikda tadqiqotlarni amalga oshirish uchun ikki tomonlama mustahkam hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyildi.
2016-yildan boshlab Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti huzuridagi Oʻzbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazining (keyingi oʻrinlarda — Markaz) 15 nafardan ortiq yosh olimlari Yaponiyaning yetakchi ilmiy va taʼlim muassasalarida stajirovkadan oʻtib, ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirishning zamonaviy, ilgʻor uslublari va texnologiyalarini oʻzlashtirdi. Hamkorlik natijalari dunyo miqyosidagi ilmiy va axborot-tahlil nashrlariga taqdim etildi va tan olindi.
Markazda Yaponiyaning xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) tomonidan “Oʻzbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazining ilmiy-tadqiqot salohiyatini oshirish haqida”gi begʻaraz texnik koʻmak loyihasi amalga oshirilmoqda hamda uning doirasida 2019-yilda Markazning 6 nafar xodimi saralab olindi va malakasini oshirish maqsadida Yaponiyaga yuborildi.
Shu bilan birga, istiqbolda mavjud ilmiy salohiyatni samarali rivojlantirish va eksperimental tadqiqotlarni oʻtkazishni jadallashtirish uchun qoʻshimcha choralarni koʻrish talab etilmoqda.
Innovatsion rivojlanish uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, ilmiy ishlanmalar natijalarini amaliyotga tatbiq etish, Markazning mavjud ilmiy-texnik va innovatsion salohiyatini safarbar etish, Oʻzbekiston-Yaponiya hamkorligini yanada kengaytirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Moliya vazirligining:
Markaz ehtiyoji va innovatsion loyihalarni amalga oshirish uchun ilmiy asbob-uskunalar va jihozlarni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan xarid qilishga;
Yaponiya tomonining tavsiyasiga koʻra 2020-yilda Markaz uchun ilmiy-laboratoriya qurilmalarini xarid qilish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalarni istisno tariqasida Respublika tovar-xom ashyo birjasining maxsus elektron portaliga eʼlon joylashtirmasdan, elektron savdo va tenderlarsiz tuzishga, ularni roʻyxatdan oʻtkazishga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshirishga ruxsat berish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
Markaz faoliyatini muvofiqlashtirish, shu jumladan uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xalqaro hamkorligini rivojlantirish, innovatsion loyiha va ishlanmalarini amaliyotga joriy qilish Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan amalga oshiriladi;
Markaz direktori Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining taklifiga asosan Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining buyrugʻi bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi hamda keyinchalik Markaz Vasiylik kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi:
Markaz faoliyatini samarali tashkil etsin, davlat organlari va muassasalari bilan oʻzaro hamkorlik qilishda unga yaqindan amaliy yordam koʻrsatsin;
Markazning vazirlik tizimidagi innovatsiya va texnologiya transferi markazlari, texnoparklar, laboratoriyalar, startap va biznes akseleratorlar hamda boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro mustahkam hamkorligini yoʻlga qoʻysin;
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalari jamgʻarmasi hisobidan Markazning fundamental, amaliy va innovatsion loyihalarini moliyalashtirishga mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.
3. Markaz zimmasiga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatilsin:
innovatsion faoliyat natijalarining transferi va tijoratlashtirilishi, startap loyihalarni amalga oshirish, sanoat darajasida ularni toʻlaqonli joriy etishda amaliy yordam koʻrsatish yoʻli bilan yoshlar, olimlar va oʻqituvchilarni iqtisodiyot sohalari va korxonalarning ilmiy-texnik muammolarini hal etishga jalb qilish;
innovatsiya va texnologiya transferi markazlari, texnoparklar, yuqori texnologiyali laboratoriyalar, innovatsiya laboratoriyalar, startap va biznes akseleratorlar, Yoshlar akademiyasi bilan yaqindan oʻzaro hamkorlik qilish;
xalqaro va mahalliy darajada eʼtirof etilgan kompaniyalar, tashkilotlar, olimlar va mutaxassislar ishtirokida innovatsiyalar sohasida mahorat darslari, treninglar va malaka oshirish kurslari, shuningdek, dolzarb ilmiy-innovatsion yoʻnalishlar boʻyicha ilmiy-amaliy konferensiyalar va seminarlar, tanlovlar oʻtkazish.
4. Belgilansinki:
a) Markaz uchun qurilmalar, xom ashyo, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlarni xarid qilish va oʻrnatish bilan bogʻliq xarajatlar quyidagi manbalardan qoplanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasidan 500 ming AQSH dollari miqdorida;
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalari jamgʻarmasidan 500 ming AQSH dollari miqdorida;
b) mazkur bandda belgilangan mablagʻlarni sarflash faqatgina Yaponiya tomoni bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
5. Quyidagilar:
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti huzuridagi Oʻzbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti huzuridagi Oʻzbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazi Vasiylik kengashining tarkibi (keyingi oʻrinlarda — Vasiylik kengashi) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Vasiylik kengashi yiliga kamida ikki marta oʻtkazilishi qayd etilsin.
6. Belgilab qoʻyilsinki:
Vasiylik kengashi, zarur hollarda, Markaz tuzilmasiga xodimlarning tasdiqlangan cheklangan umumiy soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish;
Markaz direktori ilmiy-tadqiqotlar va konstruktorlik ishlarini amalga oshirish uchun Markazning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan shartnoma asosida ilmiy xodimlarni qoʻshimcha jalb etish huquqiga ega.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Fanlar akademiyasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda Markaz xodimlariga:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 22-martdagi “Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi ishtirokida “Oliy taʼlim muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash” loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisida”gi PQ-2848-son qaroriga muvofiq Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasining imtiyozli resurslaridan olingan kredit hisobidan tashkil etiladigan 7 ta oliy taʼlim muassasalariaro ilmiy laboratoriyalaridan;
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilgʻor texnologiyalar markazi laboratoriyalaridan;
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Bioorganik kimyo instituti huzuridagi Jamoaviy foydalanish markazining laboratoriya qurilmalaridan tekin foydalanish imkoniyatini yaratsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda respublika iqtisodiyoti real sektorining potensial buyurtmachi (isteʼmolchi) tashkilotlari bilan birgalikda Markazning tadqiqotlar yoʻnalishlari boʻyicha iqtisodiyot tarmoqlarining ilmiy-tadqiqot hamda innovatsion ishlanmalarga boʻlgan ehtiyoji uch oy muddatda oʻrganilishini taʼminlasin.
Oʻrganish natijalari boʻyicha Markazda Innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish va yangi materiallar yaratish boʻyicha maqsadli kompleks ilmiy-texnik dastur ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti:
Markazning yangi tahrirdagi Ustavini ikki oy muddatda tasdiqlanishini va belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 10-martdagi 57-son qarori bilan tasdiqlangan Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda xalqaro talablar va standartlarni inobatga olgan holda, Markazning intellektual mulki himoyasi va faoliyati xavfsizligini taʼminlash choralarini koʻrsin.
(9-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-apreldagi PQ-221-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.04.2022-y., 07/22/221/0357-son)
10. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Markazni zamonaviy ilmiy-tadqiqot laboratoriya qurilmalari, jumladan zarur laboratoriya mebellari va asbob-uskunalari bilan jihozlash uchun xalqaro moliya institutlari hamda tashkilotlari grantlari, texnik koʻmak va boshqa tashqi begʻaraz koʻmak mablagʻlarini jalb qilish choralarni koʻrsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Transport vazirligi, “Oʻzkimyosanoat” AJ, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” DK, “Olmaliq kon-metallurgiya” AJ, “Oʻzmetkombinat” AJ, “Oʻzbekneftgaz” AJ va “Oʻzavtosanoat” AJ Markaz ilmiy tadqiqotlarining real ishlab chiqarish masalalarini hal qilishga yoʻnaltirilishini taʼminlash uchun ikki oy muddatda oʻz sohasi va korxonalarini rivojlantirishning ilmiy-texnik muammolari boʻyicha ilmiy-tadqiqot mavzulari bazasini shakllantirsin va ushbu masalalarning yechimini taʼminlash uchun Markazning ilmiy salohiyatini xoʻjalik shartnomalari asosida jalb etish choralarini koʻrsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi ikki oy muddatda:
Markazning ilmiy-innovatsion faoliyatini tashkil etish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni;
Markaz rezidentlarini roʻyxatdan oʻtkazish, istiqbolli innovatsion loyihalarni saralash va moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vasiylik kengashga kiritsin.
Oldingi tahrirga qarang.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Markaz bilan birgalikda Markaz rezidentlari va norezidentlariga ixtirolar va boshqa intellektual mulk obyektlariga arizalarni tayyorlashda maslahat yordamini koʻrsatish boʻyicha Markazning tijoratlashtirish boʻlimi ishini tashkil qilsin.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-apreldagi PQ-221-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.04.2022-y., 07/22/221/0357-son)
14. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Tashqi ishlar vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda yetakchi xorijiy davlatlarning texnoparklari, innovatsion markazlari va boshqa tuzilmalari bilan, shu jumladan Markaz xodimlari va rezidentlarining tajriba almashishi, oʻqishi hamda stajirovkalarini tashkil etish masalalarida hamkorlikni yoʻlga qoʻysin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 19-sentabrdagi “Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti huzurida Oʻzbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-2602-son qarorining 4-bandi, shuningdek, 1 va 2-ilovalari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduhakimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 13-dekabr,
PQ-4550-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-dekabrdagi PQ-4550-son qaroriga
1-ILOVA
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti huzuridagi Oʻzbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazining
TUZILMASI
Boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni — 35 nafar.
Texnik va yordamchi xodimlarning soni amaldagi normativlarga muvofiq belgilanadi.
Ilmiy xodimlar bajarilayotgan ilmiy-texnikaviy (fundamental, amaliy va innovatsion) ishlar hajmidan kelib chiqib, shartnoma asosida ilmiy-texnikaviy loyihalarga jalb qilinishi mumkin.
* Yaponiya tomonidan meʼyorlar belgilangan va Oʻzbekiston tomonidan tasdiqlangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-dekabrdagi PQ-4550-son qaroriga
2-ILOVA
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti huzuridagi Oʻzbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazi Vasiylik kengashining
TARKIBI

A.A. Abduhakimov

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Vasiylik kengashi raisi

I.Yu. Abduraxmonov

Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri, Vasiylik kengashi raisining oʻrinbosari

I.U. Madjidov

Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri, Vasiylik kengashi raisining oʻrinbosari

S.M. Turabdjanov

Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti rektori, Vasiylik kengashi raisining oʻrinbosari

L.Sh. Qudratov

Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari

B.Sh. Usmanov

Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vaziri oʻrinbosari

O.Sh. Temirov

“Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi

K.S. Sanakulov

“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” DK bosh direktori

A.X. Xursanov

“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ boshqaruvi raisi

T.T. Azamatov

“Oʻzmetkombinat” AJ boshqaruvi raisi

B.B. Sidikov

“Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi

Takasaka Muneo

Oʻzbekistondagi Yaponiyaning xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) ofisi bosh direktori (kelishuv boʻyicha)

Nakaxigashi Masafumi

Nagoya Universiteti vitse-prezidenti (kelishuv boʻyicha)

Isoda Fumio

Nagoya Universitetining Osiyo satellit kampuslari instituti direktori (kelishuv boʻyicha)

E.Sh. Elmurodov

Nagoya universitetining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi ijrochi direktori (kelishuv boʻyicha)

Yukinori Yanagida

Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti huzuridagi Oʻzbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazining loyiha boshqaruvi eksperti (kelishuv boʻyicha)

E.B. Xaltursunov

Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti huzuridagi Oʻzbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazining direktori, Vasiylik kengashi kotibi

Izoh: Vasiylik kengashi aʼzolari boshqa ishga oʻtganda uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli vazifalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.12.2019-y., 07/19/4550/4163-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.04.2022-y., 07/22/221/0357-son)