1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.03.00.00 Madaniyat / 13.03.09.00 Istirohat va madaniyat bog‘lari]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Madaniyat]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent hayvonot bog‘ini kelgusida modernizatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida
2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlariga asosan, teatr va tomosha maskanlarini, madaniy-ma’rifiy tashkilotlar va muzeylar faoliyatini rivojlantirish hamda takomillashtirish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash aholiga qulay yashash sharoitlarini yaratishda asosiy vazifa etib belgilangan.
Toshkent hayvonot bog‘i bugungi kunda xizmat ko‘rsatishning zamonaviy xalqaro standartlarga javob bermaydi shuningdek, zarar bilan faoliyat yuritayotgan davlat tashkiloti hisoblanadi. Xususan, so‘nggi uch yilda Toshkent hayvonot bogini saqlash uchun davlat budjetidan jami 22,7 mlrd. so‘m ajratilgan.
Davlat budjeti mablag‘laridan samarali foydalanish, mamlakat iqtisodiyotidagi davlat ishtirokini qisqartirish, shuningdek zamonaviy madaniy-tomosha, ilmiy-ma’rifiy maskanlarini yaratish orqali mamlakat aholisiga munosib hayot sharoitlarini yaratish, hayvonot bog‘ining kolleksiyasini noyob va ekzotik hayvonlarning turlari bilan boyitishni ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Toshkent hayvonot bog‘i” davlat muassasasini tashkiliy-huquqiy shaklini mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi xo‘jalik jamiyatiga aylantirgan holda, “Wildlife Care” MChJga (keyingi o‘rinlarda Ishonchli boshqaruvchi deb ataladi) ishonchli boshqarishga (keyingi o‘rinlarda Ishonchli boshqarish shartnomasi deb ataladi) berish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Belgilansinki:
a) “Toshkent hayvonot bog‘i” mas’uliyati cheklangan jamiyatining ustav kapitali qayta tashkil etilayotgan “Toshkent hayvonot bog‘i” davlat muassasasi mol-mulklarining qoldiq balans qiymatida shakllantiriladi va jamiyatning ustav kapitalidagi ta’sischi funksiyasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan amalga oshiriladi;
b) Ishonchli boshqaruvchi tomonidan Ishonchli boshqarish shartnomasi talablariga to‘liq rioya etilgan taqdirda, shartnomaning muddati 30 yilgacha uzaytirib boriladi;
v) “Toshkent hayvonot bog‘i” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga aylantirilganda “Toshkent hayvonot bog‘i” davlat muassasasining amaldagi soliq rejimi saqlanib qolinadi;
g) ishonchli boshqaruvchi uchun to‘lanadigan haq miqdori “Toshkent hayvonot bogi” mas’uliyati cheklangan jamiyatining yil yakunlari bo‘yicha hisoblanadigan dividend hisobidan to‘lanadi;
d) ishonchli boshqaruvchi tomonidan jalb qilingan investitsiyalar auditorlik tashkilotining hisobotiga asosan “Toshkent hayvonot bog‘i” mas’uliyati cheklangan jamiyatining sof foydasidan qaytariladi;
e) “Toshkent hayvonot bog‘i” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga “Toshkent hayvonot bog‘i” davlat muassasasi uchun 2019-yilda ajratilgan mablag‘lardan kam bo‘lmagan miqdorda budjet hisobidan mablag‘lar ajratilib boriladi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Madaniyat vazirligi bilan birgalikda “Toshkent hayvonot bog‘i” davlat muassasasining tashkiliy-huquqiy shaklini mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi xo‘jalik jamiyatiga aylantirilishini ta’minlasin.
[OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.08.00.00 Iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy qurilish sohasidagi davlat boshqaruvining umumiy masalalari / 02.08.01.00 Davlat dasturlari, konsepsiyalar va boshqalar]
4. Toshkent hayvonot bogini Ishonchli boshqaruvchi tomonidan kompleks modernizatsiya qilish hamda infratuzilma sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha konsepsiya 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Ishonchli boshqaruvchi tomonidan quyidagi takliflar bildirilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin:
dastlabki besh yil davomida 5 mln. AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritish;
hayvonlar tarkibiy turini ko‘paytirish;
yangi volyerlarni qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish;
hayvonlar uchun reabilitatsiya markazini tashkil etish va hayvonot bog‘i ishchilarining malakasini oshirish uchun o‘quv markazini tashkil etish;
zamonaviy audio-video vizualizatsiyasini joriy etish va boshqalar.
6. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi:
Madaniyat vazirligi bilan birgalikda, “Toshkent hayvonot bog‘i” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga aylantirilgandan so‘ng, bir oylik muddatda Ishonchli boshqaruvchi bilan mazkur qarorda ko‘rsatilgan shartlar asosida Ishonchli boshqarish shartnomasini tuzilishini;
Moliya vazirligi bilan birgalikda, “Toshkent hayvonot bog‘i” mas’uliyati cheklangan jamiyatidagi davlat ulushini kelgusida Ishonchli boshqaruvchiga davlat xususiy-sheriklik shartlari asosida berilishi bo‘yicha taklif kiritilishini;
Ishonchli boshqarish shartnomasining amal qilish muddati mazkur qarorning 2-bandi “b” kichik bandida belgilangan tartibda tugatilgandan so‘ng, Toshkent hayvonot bog‘idagi hayvonlar va boshqa mulklarni Madaniyat vazirligi tasarrufiga o‘tkazilishini ta’minlasin.
7. Istisno tariqasida Ishonchli boshqarish shartnomasi amal qilish davomida “Toshkent hayvonot bog‘i” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshiriladigan xaridlarga O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonuni tatbiq etilmaydi.
[OKOZ:
1.21.00.00.00 O‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha kompleks tusdagi hujjatlar / 21.03.00.00 O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari]
8. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A.A. Abduxakimov va O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri B.S. Sayfullayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 13-dekabr,
996-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-dekabrdagi 996-son qaroriga 1-ILOVA
Toshkent hayvonot bogini kompleks modernizatsiya qilish hamda infratuzilma sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha
KONSEPSIYA
Toshkent hayvonot bog‘i O‘zbekiston Respublikasining madaniyat, ta’lim va turistik infrastrukturasining eng muhim obyektlaridan biridir. 2020 — 2024-yillarda Toshkent hayvonot bog‘ini kompleks modernizatsiya qilish hamda infratuzilma sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha Konsepsiya (keyingi o‘rinlarda Konsepsiya deb ataladi) hayvonot bog‘larining asosiy prinsiplari ijrosini ta’minlash, shu jumladan sun’iy sharoitlarda yovvoyi hayvonlarni ko‘rgazmaga chiqarish va o‘rganish, ilmiy-ma’rifiy, tadqiqot va tabiatni muhofaza qilishga oid masalalarni hal qilish hisoblanadi. Shuningdek, Konsepsiya doirasida aholi va turistlarning madaniy hordiq zonalarini yaratish, xususan hayvonlar va bog‘ga tashrif buyurganlar uchun maksimal qulay sharoitlarni yaratish maqsadida hayvonlar saqlanayotgan joylardan uzoqroqda bolalar uchun o‘yin zonalarni tashkil qilish rejalashtirilmoqda.
hayvonlar turlarini ko‘paytirish, oq ayiq, nosorog, shimpanze, pingvin, jirafa, antilopa, zebra, baykal nerpasi kabi noyob hayvonlarni shu jumladan, Xalqaro Qizil kitob, O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kirgan hayvonlarni xarid qilish, shuningdek, O‘zbekiston endemik hayvonlarni saqlab qolish, ko‘paytirish, bu sohadagi ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, o‘lkamizning faunasini tashviqot qilish;
hayvonot bog‘ining landshaft dizaynini o‘zgartirish, yangi aydentikasini (yangi logotip, bog‘dagi ko‘rsatkichlar, yo‘laklardagi belgilar, axborot tablo) yaratish va joriy etish orqali hayvonot bog‘i hududini madaniylashtirish;
Toshkent hayvonot bog‘ining veterinariya binosini rekonstruksiya qilish hamda zamonaviy uskunalarni xarid qilish orqali hayvonlar uchun reabilitatsiya markazini yaratish;
O‘zbekiston va chet davlatlar hayvonot bog‘lari xodimlarining malakasini oshirish uchun o‘quv markazini tashkil etish, shuningdek hayvonot bog‘iga yangi ishga kiradiganlar uchun o‘quv qo‘llanmalar chop etish;
audio va video vizualizatsiya hamda tashrif buyuruvchilar uchun maksimal qulay sharoitlarni yaratish maqsadida yagona to‘lov xizmati tizimini joriy etish;
hayvonlar uchun xalqaro standartlarga muvofiq yangi volyerlar qurish hamda mavjud volyerlarni rekonstruksiya qilish;
hayvonot va atrof muhitni muhofaza qilish sohasida mahalliy va xalqaro ekspertlarni jalb qilish orqali hayvonot bog‘ini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish va joriy etish;
hayvonot bog‘ini rivojlantirish strategiyasini amalga oshirishning shaffof mexanizmini ta’minlash maqsadida biologlar, hayvonot bog‘i xodimlari, ko‘ngillilar, zoohimoyachilar, jurnalistlardan iborat bo‘lgan jamoa kengashini tashkil etish.
Konsepsiyaning vazifasi:
hayvonot bog‘larining asosiy prinsiplari ijrosini ta’minlash;
sun’iy sharoitlarda yovvoyi hayvonlarni ko‘rgazmaga chiqarish va o‘rganish, ilmiy-ma’rifiy, tadqiqot va tabiatni muhofaza qilishga oid masalalarni hal qilish hisoblanadi.
2-bob. Konsepsiyadan kutilayotgan natijalar
Konsepsiya amalga oshishi natijasida quyidagi natijalarga erishilishi kutilmoqda:
Markaziy Osiyoda eng yaxshi hayvonot bog‘i darajasigacha yetkazish maqsadida Toshkent hayvonot bog‘ini rekonstruksiya qilish va rivojlantirish, uni MDXdagi boshqa hayvonot bog‘lari bilan raqobatbardoshligini ta’minlash;
shahar atrof-muhiti landshaftining ijobiy o‘zgartirilishiga ko‘maklashish va hayvonot bog‘i asosida turistlarni (mahalliy va xorijiy) jalb qilish;
Yevroosiyo Hayvonot bog‘lar va Akvariumlar (EARAZA) hududiy uyushmasida Toshkent hayvonot bog‘ining o‘rnini oshirish.
Toshkent hayvonot bog‘ining balansida saqlanayotgan hayvonlar, shuningdek mavjud faoliyat ko‘rsatayotgan infrastruktura Konsepsiyaning aktivlari hisoblanadi.
Qo‘yilgan maqsadlarni samarali amalga oshirish uchun “Toshkent hayvonot bog‘i” davlat muassasasini tashkiliy-huquqiy shaklini mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi xo‘jalik jamiyatiga aylantirgan holda ishonchli boshqarishga beriladi.
“Toshkent hayvonot bog‘i” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga aylantirilgandan so‘ng, Ishonchli boshqaruvchi bilan Ishonchli boshqarish shartnomasi (keyingi o‘rinlarda Shartnoma deb ataladi) tuziladi.
3-bob. Hayvonot bogining hozirgi holati va muammolarni hal etish bo‘yicha taklif
Hozirda hayvonot bog‘ining faoliyati quyidagicha:
faoliyat asosan rekreatsion, so‘ng maorif yo‘nalishida olib borilmoqda, tabiatni muhofaza qilish (hayvonlarning noyob turlarini ko‘paytirish) sohasida faoliyat deyarli olib borilmaydi;
hayvonlarning asosiy qismini saqlash sharoitlari ularning ehtiyojlari va xalqaro standartlarga muvofiq emas.
Qayd qilingan muammolarni hal etish maqsadida 2024-yilga qadar quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur:
xususiy sektor va chet el investorlarning investitsiyalarini jalb qilish orqali hayvonlar, shu jumladan Xalqaro Qizil kitobga kiritilgan noyob hayvonlar uchun qulay hududni barpo etish;
O‘zbekiston Respublikasining aholisi va xorijiy turistlar uchun vaqtni qiziqarli va mazmunli o‘tkazish maqsadida kulay sharoitlar yaratish.
besh yil (2020 — 2024-yillar) davomida hayvonot bog‘ini to‘liq rekonstruksiya qilish;
2024-yilda xalqaro ekspert hamjamiyatini jalb etgan holda Toshkent hayvonot bog‘ining 100 yilligini nishonlash maqsadida xalqaro konferensiya o‘tkazish.
4-bob. Taklif etilayotgan innovatsiyalar
Tashuvchilarni maksimal soniga integratsiya qilish va keyinchalik merchendayz mahsulotini rivojlantirish imkoniyati mavjud kengaytirilgan brend-platformani yaratish. Bundan tashqari, mazkur brend-platforma ijtimoiy va marketing instrumentlarini, shu jumladan reklama va PRNN yanada faolroq qo‘llash imkoniyatini berishi quyidagi yo‘nalishlarni moslashuvchan bo‘lishiga imkon beradi:
hayvonot bog‘i bo‘ylab qulay navigatsiya;
uch tilda (o‘zbek, rus, ingliz) ma’lumot taxtachalari;
veb-saytni restayling qilish va mobil ilovalarni yaratish;
ijtimoiy tarmoqlarda faol reklama;
suvenir va merchaidayzing mahsulotlari.
Shuningdek, hayvonot bog‘i xodimlarini oddiy mehmondan ajratib olish muammoligi sababli tizim dizayni asosida hayvonot bog‘ining barcha xodimlari uchun alohida maxsus kiyim ishlab chiqish. Hayvonot bog‘ining barcha xodimlari, sotuvchilar, xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar hayvonot bog‘ining korporativ uslubiga mos keladigan kiyim kiyishlari shart. Bundan tashqari, hayvonot bog‘i xodimlari ular o‘rtasida bo‘lingan hududni qo‘riqlashlari, qafaslar yaqinidagi tashrif buyuruvchilarni nazorat qilishlari, tashrif buyuruvchilar tomonidan hayvonlarning sog‘ligi va hayotiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan taqiqlangan narsalarni tashlashlariga yo‘l qo‘ymasliklari lozim.
Hayvonot bog‘ining faoliyatini o‘ta mavsumiyligini kamaytirishga, oktyabr oyidan aprelga qadar tashriflarni ko‘paytirish va ishni faollashtirishga qaratilgan dastur ishlab chiqish. Jumladan, qishki ekspozitsiyani, tashrif buyuruvchilar uchun “issiq hududlar”ni yaratish, keng omma uchun turli tadbirlar, axborot yangiliklari va voqealar marketingini o‘tkazish.
Shuningdek, hayvonot bog‘ining ekspozitsiyasi, infrastrukturasi yaxshilanishi, mavsumiyligi kamaytirilishi, reklama va voqeaviy marketing (masalan, hayvonot bog‘ida yangi qiziqarli hayvon keltirilishini OAVda namoyish etish va PR-tadbir o‘tkazish) orqali takroriy tashriflarni ko‘paytirish.
Turli xil chiptalarni, jumladan oilaviy, guruhlar uchun va ko‘p marotabalik hamda ekskursiyaviy xizmat ko‘rsatish va qo‘shimcha imkoniyatlar (sovg‘a, suvenir, hayvonlarni ovqatlantirish va x.k.) mavjud chiptalarni joriy etish. Bundan tashqari, chiptalarni sutkani vaqti va hafta kunlari bo‘yicha bo‘lish shuningdek, chiptalarni onlayn buyurtmalash, xarid qilish va kartalarni to‘ldirish tizimini yo‘lga qo‘yish.
Hayvonot bog‘i hududida taqdim etilayotgan barcha turdagi xizmatlarni (shu jumladan tashrifni, attraksionlarni va boshqalarni) to‘lash vositasi sifatida depozit kartalarni yaratish. Shu bilan birga, hayvonot bog‘ida kartadan mablag‘larni echish, marketing tadqiqotlari va tahlilni amalga oshirish imkonini beruvchi tegishli uskunalar o‘rnatish, shuningdek, sarflangan mablag‘larning ma’lum foizi foydalanuvchiga yoki tabiatni muhofaza qilish jamg‘armasiga o‘tkaziladigan diskont tizimini joriy etish.
Bundan tashqari, hayvonlarni ruxsatsiz ovqatlantirish muammosini hal etadigan, hayvonlarni oziqlantirish uskunalarini o‘rnatish. Mazkur uskunalar ovqatni maqsadlar bo‘yicha ajratib berishi, jumladan qushlar ozuqasini boshqa hayvonlarnikidan alohida qilib berishi lozim.
O‘zining asosiy funksiyalaridan tashqari, hayvonot bog‘i bog‘ hududi sifatida ham taqdim etilishi lozim. Shu munosabat bilan landshaft dizaynini batafsil ishlash, guldonlar, fontanlar, sayr hududlarini tashkil qilish zarur. Haykaltaroshlik kompozitsiyalarga alohida e’tibor berilishi lozim. Hozirgi kunda hayvonot bog‘idagi haykaltaroshlik kompozitsiyalar mutanosib bo‘lmagan ko‘rinishga va ijro etish sifati past darajaga ega. Shu munosabat bilan hayvonot bog‘ini innovatsion rekonstruksiyasi qilish orqali quyidagi ishlar amalga oshiriladi:
turli ob-havo sharoitlarida dam olish imkoniyatini yaratish (o‘rindiqlar, yomg‘irdan boshpanalar, qishki paytda — issiqxonalar);
hayvonot bog‘ini rekonstruksiyasida tashrif etuvchilarning dam olishi uchun maksimal qulay sharoitlar ko‘zda tutish jumladan, maxsus zonalarga ajratilgan yuqori sifatli ovqatlanish va suvenirlar savdosining shahobchalarini tashkil etish;
aloqa qilish imkonini beruvchi (kontakt) hayvonot bog‘i yoki yosh hayvonlarga mo‘ljallangan maydoncha hududini yaratish;
ta’lim faoliyati, ma’ruzalar, to‘garaklar, multimedia prezentatsiyalari o‘tkazish bilan bog‘liq hududlarni rivojlantirish.
5-bob. Hayvonot bog‘idan foydalanish huquqi
“Toshkent hayvonot bog‘i” davlat muassasasini tashkiliy-huquqiy shaklini mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi xo‘jalik jamiyatiga aylantirgan holda, ishonchli boshqarishga beriladi. Bu holatda ishonchli boshqaruvchi obyektdan foydalanishda mustaqil ravishda:
mulkning moddiy-texnika ta’minoti va saqlanishini ta’minlaydi;
mulkni joriy ta’mirlanishini amalga oshiradi;
muhandislik tarmoqlari va elektr uskunalaridan foydalanadi;
mulkdan foydalanish bilan bog‘liq barcha to‘lovlarni amalga oshiradi;
amaldagi qonunchilikda belgilangan yong‘inga qarshi, sanitar va boshqa normalarga rioya etilishini nazorat qiladi.
Ishonchli boshqaruvchi hayvonot bog‘ining tegishli ko‘chmas mulkni tasarruf etish, garovga qo‘yish, foydalanish maqsadlarini o‘zgartirishga haqli emas.
Shartnomaning amal qilish muddati belgilangan tartibda tugatilgandan so‘ng, Toshkent hayvonot bog‘idagi hayvonlar va boshqa mulklarni Madaniyat vazirligi tasarrufiga o‘tkaziladi.
6-bob. Konsepsiyaning umumiy qiymati
Konsepsiyaning umumiy qiymati 5 million AQSh dollarini tashkil etadi, bunda Shartnoma imzolanganidan so‘ng 5 yil davomida (2020 — 2024-yillar) qayta investitsiya qilingan foyda hisoblanmaydi.
7-bob. Konsepsiyani moliyalashtirish asoslari
Konsepsiyani moliyalashtirish quyidagicha amalga oshiriladi:
Ishonchli boshqaruvchi rejalashtirilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun o‘z mablag‘laridan foydalanadi, foydani qayta investitsiya qiladi, shuningdek umumiy qiymati kamida 5 million dollarga teng xorijiy investitsiyalarni jalb qiladi. Shuningdek, ishonchli boshqaruvchi Shartnoma imzolangan kundan boshlab dastlabki 5 yil ichida olingan foyda miqdorini to‘liq qayta investitsiya qiladi.
Ishonchli boshqaruvchi tomonidan jalb qilingan investitsiyalar auditorlik tashkilotining hisobotiga asosan “Toshkent hayvonot bog‘i” mas’uliyati cheklangan jamiyatining sof foydasidan qaytariladi.
Ishonchli boshqaruvchi uchun to‘lanadigan haq miqdori “Toshkent hayvonot bog‘i” mas’uliyati cheklangan jamiyatining yil yakunlari bo‘yicha hisoblanadigan divident hisobidan to‘lanadi.
8-bob. Konsepsiyani amalga oshirish muddatlari
Konsepsiyani amalga oshirish muddati 30 yilni tashkil etadi, shundan:
birinchi bosqich (2020-2021-yillar) — hayvonot bog‘i holatini xar tomonlama tahlil qilish, rekonstruksiya qilinadigan ustuvor obyektlarni aniqlash, yangi obyektlar qurilishi uchun loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash, xalqaro ekspertlarni jalb qilish, rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish;
ikkinchi bosqich (2021-2022-yillar) — hayvonot bog‘ining ommaviyligini oshirish, obyektlarni bosqichma-bosqich qayta qurish bo‘yicha yangi rivojlanish strategiyasini tasdiqlash va amalga oshirish;
uchinchi bosqich (2022 — 2024-yillar) — rejalashtirilgan tadbirlar va qurilish ishlarini yakunlash;
to‘rtinchi bosqich (2024 — 2049 yillar) — yangi tashkil etilgan infratuzilmani saqlash, xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, hayvonot bog‘ining hududini zaruratga qarab kengaytirish.
Konsepsiyani boshqarish, Konsepsiya boshqaruvi tamoyillariga muvofiq amalga oshiriladi, xususan:
xodimlarni boshqarish (NR menejment), mutaxassislarni tanlash (yo‘llash) mexanizmini joriy qilish hamda chet elda malaka oshirish, master-klasslar o‘tkazish uchun xalqaro ekspertlarni jalb qilish orqali xodimlarning bilimlarini oshirish;
pul oqimlarining shaffof tizimi;
tovarlar va xizmatlarni xarid qilishning shaffof tizimi;
Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga audit natijalarini taqdim etgan holda moliyaviy-xo‘jalik faoliyatining doimiy auditini o‘tkazish.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Madaniyat vazirligi bilan birgalikda Shartnoma shartlariga rioya etilishini ta’minlash borasida Konsepsiyaning amalga oshirilishini monitoring qiladi. Ishonchli boshqaruvchi tegishli hisobotlarni o‘z vaqtida taqdim etib borilishini o‘z zimmasiga oladi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-dekabrdagi 996-son qaroriga 2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanayotgan qarorlari
1. Vazirlar Mahkamasining “2016 — 2020-yillar davrida Toshkent hayvonot bog‘ini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” 2016-yil 20-maydagi 163-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2016-y., 21-son, 230-modda).
2. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida” 2017-yil 11-maydagi 270-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlari to‘plami, 2017-y., 19-son, 345-modda) 1-ilovaning 68-bandi.
3. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida” 2017-yil 14-noyabrdagi 915-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2017-y., 46-son, 1134-modda) 1-ilovaning 69-bandi.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 14.12.2019-y., 09/19/996/4156-son)