1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.14.00.00 Intellektual mulk / 03.14.01.00 Umumiy qoidalar]
[TSZ:
1.Fuqarolik qonunchiligi. Tadbirkorlik / Intellektual mulk. Fuqarolik muomalasi qatnashchilarini individuallashtirish vositalari]
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
Patent vakilligiga nomzodlarni attestatsiyadan va roʻyxatdan oʻtkazish hamda patent vakillarini attestatsiyadan oʻtkazish qoidalarini tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 13-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3203]
LexUZ sharhi
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 12-avgustdagi 18-mh-sonli ““Patent vakilligiga nomzodlarni attestatsiyadan va roʻyxatdan oʻtkazish hamda patent vakillarini attestatsiyadan oʻtkazish qoidalarini tasdiqlash haqida”gi buyruq, shuningdek unga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3203-2, 12.08.2022-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-oktabrdagi 887-son “Patent vakillari toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, buyuraman:
1. Patent vakilligiga nomzodlarni attestatsiyadan va roʻyxatdan oʻtkazish hamda patent vakillarini attestatsiyadan oʻtkazish qoidalari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar 2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin va bu haqda Hukumat bayonnoma qarorlari va idoraviy normativ hujjatlarni huquqiy ekspertizadan oʻtkazish boshqarmasi Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
4. Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi hamda Qonun hujjatlarini tahlil qilish va turkumlash boshqarmasi ushbu idoraviy normativ-huquqiy hujjatni barcha manfaatdor shaxslarga yetkazilishini, “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilinishini taʼminlasin.
5. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
6. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilish vazir oʻrinbosari T. Abdusattarov zimmasiga yuklansin.
Vazir R. DAVLETOV
Toshkent sh.,
2019-yil 13-dekabr,
538-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 13-dekabrdagi 538-mh-son buyrugʻiga
1-ILOVA
Patent vakilligiga nomzodlarni attestatsiyadan va roʻyxatdan oʻtkazish hamda patent vakillarini attestatsiyadan oʻtkazish
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 1-iyuldagi 298-son qarori bilan tasdiqlangan Patent vakillari toʻgʻrisidagi nizomga (bundan buyon matnda Nizom deb yuritiriladi) muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligida patent vakilligiga nomzodlarni attestatsiyadan va roʻyxatdan oʻtkazish hamda patent vakillarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
Agentlik — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi;
patent vakilligiga nomzod (bundan buyon matnda nomzod deb yuritiladi) — patent vakili sifatida faoliyatni amalga oshirish istagini bildirgan jismoniy shaxs;
patent vakili — ushbu Qoidalar talablariga muvofiq yuridik yoki jismoniy shaxslar nomidan Agentlik hamda boshqa tashkilotlar oldida intellektual mulk obyektlariga huquqiy muhofaza olish va uni amalga oshirish masalalari boʻyicha vakillik qilish huquqi berilgan jismoniy shaxs;
reyestr — Oʻzbekiston Respublikasi patent vakillari davlat reyestri.
2-bob. Malaka va apellatsiya komissiyalarining faoliyatini tashkil etish
2. Nomzodlarni attestatsiyadan va roʻyxatdan oʻtkazish hamda patent vakillarini attestatsiyadan oʻtkazish Agentlik tomonidan amalga oshiriladi.
Nomzodlarni attestatsiyadan oʻtkazish taqdim etilgan hujjatlarni tekshirish va professional faoliyatni bajarishga tayyorlik darajasini aniqlash uchun ular arizada koʻrsatgan ixtisoslikni inobatga olgan holda malaka imtihoni oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
3. Nomzodlarni attestatsiyadan va roʻyxatdan oʻtkazish hamda patent vakillarini attestatsiyadan oʻtkazish uchun Agentlik tomonidan malaka va apellatsiya komissiyalari tuziladi, ularning faoliyati mazkur Qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi.
4. Patent vakili attestatsiyasi patent vakillarining kasbiy malaka darajasini xolisona baholash maqsadida oʻtkaziladi.
Patent vakillari attestatsiyasi har besh yilda kamida bir marta oʻtkaziladi.
5. Malaka komissiyasi:
a) malaka imtihoni oʻtkazish tartiblarini belgilaydi;
b) imtihon topshiriqlarini tasdiqlaydi;
v) imtihon oluvchilarni tayinlaydi va imtihonni tashkil etadi;
g) nomzodning yoki patent vakilining malaka imtihoniga qoʻyilishi toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
d) nomzodning yoki patent vakilining attestatsiyadan oʻtishiga ruxsat berilishi yoxud attestatsiyadan oʻtishi rad etilishi haqida qaror qabul qiladi.
6. Malaka komissiyasi Agentlik direktori buyrugʻi bilan Agentlikning eng malakali va tajribali xodimlari, shuningdek, intellektual mulk obyektlarini muhofaza qilish sohasida faoliyat yurituvchi mustaqil olimlar va mutaxassislar ishtirokida shakllantiriladi.
7. Malaka komissiyasi ishini Agentlik direktori buyrugʻi bilan tayinlangan malaka komissiyasi raisi boshqaradi.
8. Malaka komissiyasi raisi boʻlmaganda, uning vazifalari vaqtinchalik malaka komissiyasi raisi oʻrinbosari zimmasiga yuklatiladi.
9. Malaka komissiyasi majlisida bayonnoma yuritiladi va malaka komissiyasining barcha aʼzolari tomonidan imzolanadi.
10. Malaka komissiyasi qarorlari majlisda qatnashayotgan barcha aʼzolarning koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar nisbati teng boʻlganda raisning ovozi hal qiluvchi ahamiyatga egadir.
11. Malaka komissiyasi qarorlari yozma ravishda tuziladi va malaka komissiyasi raisi hamda aʼzolari tomonidan imzolanadi.
12. Malaka komissiyasi qaroriga qoʻshilmagan komissiya aʼzosi oʻz nuqtai nazarini bayon qilishga haqlidir.
13. Malaka komissiyasi qarorlari yuzasidan apellatsiya komissiyasiga shikoyat kiritilishi mumkin.
14. Apellatsiya komissiyasi nomzodlar yoki patent vakillarining malaka komissiyasi qarori yuzasidan shikoyatlarini, shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslarning patent vakillarining noqonuniy xatti-harakatlari yoki Patent vakillari toʻgʻrisidagi nizom talablarini buzadigan xatti-harakatlari yuzasidan shikoyatlarini koʻrib chiqadi.
15. Apellatsiya komissiyasi ham malaka komissiyasi shakllantirilgan tartibda shakllantiriladi.
16. Apellatsiya komissiyasi qarorlari yigʻilishda qatnashayotgan barcha aʼzolarning koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar nisbati teng boʻlganda raisning ovozi hal qiluvchi ahamiyatga egadir.
17. Apellatsiya komissiyasi qarorlari yozma ravishda tuziladi va apellatsiya komissiyasi raisi va aʼzolari tomonidan imzolanadi.
18. Apellatsiya komissiyasi qaroriga qoʻshilmagan komissiya aʼzosi oʻz nuqtai nazarini bayon qilishga haqlidir.
19. Apellatsiya komissiyasi qarorlari yuzasidan shikoyatlar sud tartibida koʻrib chiqiladi.
3-bob. Hujjatlarni qabul qilish
20. Nomzod mazkur Qoidalarning 1-ilovasida keltirilgan shakldagi oʻzini patent vakili sifatida attestatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisidagi arizani malaka komissiyasiga topshiradi.
21. Ariza davlat tilida yoki rus tilida taqdim etiladi.
22. Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
a) oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplom nusxasi;
b) nomzodning intellektual mulk obyektini muhofaza qilish sohasida yoki intellektual mulk obyektlariga huquqlarni himoya qilish sohasida advokat sifatida zarur ish stajiga ega ekanini tasdiqlovchi hujjatlar (mehnat daftarchasi yoki individual mehnat shartnomasining nusxasi yoxud ishga qabul qilingani va boʻshatilgani haqida buyruqlardan koʻchirmalar va intellektual mulk obyektlariga huquqlarni himoya qilish bilan bogʻliq nizolarda qatnashganlik toʻgʻrisidagi hujjatlar);
v) attestatsiyadan oʻtkazish uchun belgilangan toʻlov toʻlanganligi haqidagi hujjat;
g) nomzodning istagiga koʻra uning malakasini tavsiflovchi boshqa hujjatlar.
23. Patent vakili mazkur Qoidalarning 2-ilovasida keltirilgan shakldagi attestatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisidagi arizani malaka komissiyasiga topshiradi.
Arizaga malaka oshirish kurslarida oʻqiganlik toʻgʻrisida sertifikat nusxasi va attestatsiyadan oʻtkazish uchun belgilangan toʻlov toʻlanganligi haqidagi hujjat ilova qilinadi.
24. Nomzod yoki patent vakili Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmaganda yoxud Agentlik va uning tizimidagi tashkilotlar xodimi boʻlganda, shuningdek, mazkur Qoidalar 22-bandining “a” — “v” kichik bandlari va 23-bandda belgilangan hujjatlar mavjud boʻlmaganda attestatsiyadan oʻtkazish rad etilishi mumkin. Boshqa asoslar boʻyicha rad etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
25. Ariza va unga ilova qilingan hujjatlar qabul qilingan sanadan boshlab, oʻn ish kuni mobaynida nomzod yoki patent vakiliga attestatsiyadan oʻtishga ruxsat berilgani yoki attestatsiyadan oʻtkazish rad etilgani haqida yozma ravishda bildirishnoma yoʻllanadi.
4-bob. Nomzod yoki patent vakilini attestatsiyadan oʻtkazish
26. Malaka imtihoni nomzod yoki patent vakilini attestatsiyadan oʻtkazishga ruxsat berilgani haqidagi bildirishnoma yoʻllangan sanadan eʼtiboran 2 oydan oshmagan muddatda oʻtkaziladi.
27. Nomzod yoki patent vakiliga malaka imtihoni oʻtish joyi, sanasi va vaqti haqida imtihon oʻtadigan sanadan 10 kalendar kunidan kam boʻlmagan muddat avval xabar beriladi.
28. Nomzodlar yoki patent vakillari imtihon topshirishda pasport yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatni taqdim etadi.
29. Nomzod yoki patent vakili imtihon davomida intellektual mulk obyektlariga huquqlarni himoya va muhofaza qilish boʻyicha faoliyatni amalga oshirish uchun Agentlik tomonidan tasdiqlangan dasturga mos ravishda zarur nazariy va amaliy koʻnikmalarga ega ekanini koʻrsatishi lozim. Imtihon topshiriqlari nomzod arizasida kelgusidagi faoliyati uchun koʻrsatilgan ixtisoslikni inobatga olgan holda tuziladi.
30. Malaka komissiyasi imtihon oluvchilar qoʻygan baholar asosida malaka imtihoni natijasining qoniqarli yoki qoniqarsizligi toʻgʻrisida hamda nomzod yoki patent vakilini attestatsiyadan oʻtkazish yoxud attestatsiyadan oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
31. Malaka komissiyasi qarori ikki nusxada tuziladi, bir nusxasi attestatsiyadan oʻtkazishga oid hujjatlar yigʻma jildiga tikiladi, ikkinchisi — nomzod yoki patent vakiliga topshiriladi.
32. Nomzod yoki patent vakili attestatsiyadan oʻtkazishning, shu jumladan malaka imtihoniga qoʻyishning rad etilgani yuzasidan u attestatsiyadan oʻtkazish rad etilgani toʻgʻrisidagi qarorni olgan sanadan boshlab 3 oy muddatda apellatsiya komissiyasiga shikoyat qilishi mumkin.
Apellatsiya komissiyasi shikoyat boʻyicha u olingan sanadan boshlab 1 oy muddatda qaror qabul qiladi.
v) roʻyxatdan oʻtkazilganlik uchun, roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar eʼlon qilinganligi va patent vakili guvohnomasi berilganligi uchun belgilangan toʻlov toʻlangani toʻgʻrisidagi toʻlov hujjati nusxasi.
34. Roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida ariza berilgan sanadan boshlab, 3 ish kuni mobaynida patent vakili Agentlik tomonidan reyestrda roʻyxatdan oʻtkaziladi, reyestrda roʻyxatdan oʻtkazilgan sanadan boshlab 10 kun mobaynida mazkur Qoidalarning 4-ilovasida keltirilgan shaklda patent vakiliga guvohnoma beriladi va roʻyxatdan oʻtkazilganlik toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Agentlikning rasmiy axborotnomasida eʼlon qilinadi.
Agentlik attestatsiyadan oʻtmagan shaxs tomonidan roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida ariza berilgan, roʻyxatdan oʻtkazish uchun belgilangan toʻlov toʻlanmagan, shuningdek, Nizomning 3 — 5-bandlariga muvofiq patent vakilini roʻyxatdan oʻtkazishga toʻsqinlik qiluvchi holatlar paydo boʻlgan hollarda roʻyxatdan oʻtkazishni rad etadi.
35. Reyestrdagi qayd quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi:
a) roʻyxat raqami, ushbu raqam guvohnomaga ham qoʻyiladi;
b) patent vakilining familiyasi, ismi, otasining ismi;
v) patent vakilining doimiy turar joyi;
g) malaka komissiyasi qarori raqami va sanasi;
d) patent vakili tomonidan koʻrsatilgan faoliyat ixtisosligi;
e) patent vakilining yollanish boʻyicha ishi toʻgʻrisida maʼlumotlar;
j) yozishma uchun manzil (Oʻzbekiston Respublikasi hududida), shuningdek, telefon va faks raqamlari hamda elektron pochta manzili;
i) guvohnoma berilgan yoki joʻnatilgani toʻgʻrisida maʼlumotlar. Reyestrga boshqa maʼlumotlar ham kiritilishi mumkin.
36. Patent vakili sifatida roʻyxatdan oʻtmagan yoxud reyestrdan oʻchirilgan shaxsning oʻz faoliyatida “patent vakili” maqomidan foydalanishi mumkin emas.
37. Guvohnoma patent vakiliga shaxsan topshiriladi yoki buyurtma pochta yoʻllanmasi tarzida joʻnatiladi.
6-bob. Patent vakillari toʻgʻrisida maʼlumotlarni eʼlon qilish
38. Patent vakilining roʻyxatdan oʻtkazilgani toʻgʻrisidagi maʼlumotlar u reyestrda roʻyxatdan oʻtkazilgan taqdirdagina eʼlon qilinishi mumkin.
39. Agentlikning rasmiy axborotnomasida patent vakili toʻgʻrisida quyidagi maʼlumotlar eʼlon qilinadi:
40. Agentlik rasmiy axborotnomada, shuningdek, patent vakillarini roʻyxatdan oʻtkazishga doir oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, shu jumladan, patent vakillari faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni tuzatishga qaratilgan chora-tadbirlar, patent vakili reyestrdan oʻchirilgani haqidagi va boshqa maʼlumotlarni eʼlon qiladi.
Ilova qilinayotgan hujjatlar roʻyxati: 1. Oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplom nusxasi ____v. 2. Zarur ish stajiga ega ekanini tasdiqlovchi hujjatlar ___v. 3. Attestatsiyadan oʻtkazish uchun toʻlov toʻlanganini tasdiqlovchi hujjat. 4. Malakani tavsiflovchi boshqa hujjatlar ___v.
Ilova qilinayotgan hujjatlar roʻyxati: 1. Malaka oshirish kurslarida oʻqiganlik toʻgʻrisida sertifikat nusxasi ___v. 2. Attestatsiyadan oʻtkazish uchun toʻlov toʻlanganini tasdiqlovchi hujjat.
patent vakili F.I.O. __________________________________________________________________________
Ilova qilinayotgan hujjatlar roʻyxati: 1. Roʻyxatdan oʻtkazish, maʼlumotlarni eʼlon qilish, guvohnomani berish uchun toʻlov toʻlanganini tasdiqlovchi hujjat. 2. Attestatsiya haqidagi qaror nusxasi
patent vakili F.I.O. __________________________________________________________________________
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 13-dekabrdagi 538-mh-son buyrugʻiga
2-ILOVA
Oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilayotgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat patent idorasi direktorining 2003-yil 11-noyabrdagi 66-son “Patent vakillarini attestatsiyadan va roʻyxatdan oʻtkazish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 1294, 2003-yil 24-dekabr).
2. Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi bosh direktorining 2011-yil 26-avgustdagi 31-son “Patent vakillarini attestatsiyadan va roʻyxatdan oʻtkazish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyruqqa oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 1294-1, 2011-yil 30-sentabr).