Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining
qarori
Nomzodlarning ishonchli vakillari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14 va 16-moddalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:
1. Nomzodlarning ishonchli vakillari toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining ayrim qarorlari 2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinsin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining oʻrinbosari M. Istamov zimmasiga yuklansin.
Rais M. ABDUSALOMOV
Toshkent sh.,
2019-yil 11-sentabr,
936-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 11-sentabrdagi 936-son qaroriga 1-ILOVA
Nomzodlarning ishonchli vakillari toʻgʻrisida
NIZOM
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 43-moddasiga muvofiq ishlab chiqilgan boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod va Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatligiga nomzodlarning ishonchli vakillarini roʻyxatga olish tartibini, uning huquqiy maqomini, huquq va majburiyatlarini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod 15 nafargacha, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod 10 nafargacha, Xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar kengashi deputatligiga nomzod 5 nafargacha, Xalq deputatlari tuman va shahar kengashi deputatligiga nomzod 3 nafargacha ishonchli vakilga ega boʻlishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasining oʻn sakkiz yoshga toʻlgan fuqarosi nomzodning ishonchli vakili boʻlishi mumkin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 2-iyuldagi 1344-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
2. Ishonchli vakil saylov komissiyasining aʼzosi boʻlishi mumkin emas.
3. Ishonchli vakillarning Oʻzbekiston Respublikasi hududi doirasidagi saylov bilan bogʻliq safar xarajatlari saylovni oʻtkazish uchun ajratilgan mablagʻlar hisobidan toʻlanadi.
4. Ishonchli vakilga uning arizasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining talablariga muvofiq saylovoldi tashviqoti oʻtkazish davrida ish haqi saqlab qolinmagan holda taʼtil berilishi mumkin.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2023-yil 8-iyundagi 1283-sonli qarori tahririda)
41. Ishonchli vakillikka nomzodlarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun tegishli saylov komissiyasiga tavsiya etish hamda saylov komissiyasi tomonidan roʻyxatga olish jarayonlari “E-saylov” axborot tizimi orqali amalga oshirilishi mumkin.
Ishonchli vakillarga guvohnomalar elektron shaklda “E-saylov” axborot tizimi orqali berilganda guvohnoma tegishli saylov komissiyasi raisi tomonidan elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanadi.
(41-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 2-iyuldagi 1344-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
II. Ishonchli vakillarni roʻyxatga olish
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning ishonchli vakillari uning taqdimnomasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan roʻyxatga olinadi va mazkur Nizomning 1-ilovasida belgilangan shaklda ularga guvohnoma beriladi.
6. Deputatlikka nomzod roʻyxatga olinganidan keyin ishonchli vakillarini oʻz xohishiga koʻra belgilaydi va ularni roʻyxatga olish uchun tegishli saylov komissiyasiga ariza bilan murojaat qiladi. Bunda ariza:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga:
bir mandatli saylov okruglari boʻyicha roʻyxatga olingan nomzodlar tomonidan tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy saylov komissiyasiga;
roʻyxatga olingan partiya roʻyxatiga kiritilgan nomzodlar tomonidan Markaziy saylov komissiyasiga;
xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari deputatligiga nomzod tomonidan tegishli viloyat, Toshkent shahar hududiy saylov komissiyasiga;
xalq deputatlari tuman, shahar (bundan Toshkent shahri mustasno) Kengashi deputatligiga nomzod tomonidan tuman, shahar saylov komissiyasiga taqdim etiladi.
Arizaga ishonchli vakillikka nomzodning pasport nusxasi (yoki identifikatsiya ID-kartasi), 2 dona 3 x 4 hajmdagi fotosurati ilova qilinadi.
Tegishli saylov komissiyasi arizani qabul qilgan kundan boshlab, 3 kunlik muddatda ishonchli vakillarni roʻyxatga oladi va ularga mazkur Nizomning 2 — 2v-ilovalarda belgilangan shaklda guvohnoma beradi.
Guvohnomada nomzod koʻrsatgan siyosiy partiyaning alohida farq belgilar (rangi yoki boshqa) aks ettirilishi mumkin.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 2-iyuldagi 1344-sonli qarori tahririda)
7. Ishonchli vakilning guvohnomasi tegishli saylov komissiyasi raisining imzosi va muhri bilan tasdiqlanadi.
8. Nomzod saylovga qadar istalgan vaqtda oʻz ishonchli vakilini tegishli saylov komissiyasiga maʼlum qilgan holda vakolatidan mahrum qilishi va uni boshqasi bilan almashtirishi mumkin. Ishonchli vakil istalgan vaqtda oʻz vakolatlarini zimmasidan soqit qilishga haqli.
III. Ishonchli vakilning huquq va majburiyatlari
9. Ishonchli vakil:
nomzodga saylov kampaniyasini oʻtkazishda yordam beradi;
nomzod saylanishi uchun tashviqot olib boradi;
davlat organlari va jamoat birlashmalari, saylov komissiyalari bilan boʻladigan munosabatlarda nomzodning manfaatlarini ifodalaydi.
10. Ishonchli vakil boshqa nomzod yoki uning ishonchli vakili bilan birgalikda saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazishga yoxud boshqa nomzod tomonidan tashkil etilgan saylovchilar bilan uchrashuvlarda ishtirok etishga haqli.
11. Ishonchli vakilga saylovoldi tashviqoti davrida:
tashviqotni saylovchilarga bepul yoki imtiyozli shartlarda tovarlar berish, xizmatlar koʻrsatish (axborot xizmatlaridan tashqari), shuningdek pul mablagʻlari toʻlash bilan qoʻshib olib borish;
notoʻgʻri axborotni tarqatish, shaxsga doir maʼlumotlarning maxfiyligini buzish, shuningdek nomzodlarning shaʼni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan maʼlumotlarni tarqatish;
(11-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 2-iyuldagi 1344-sonli qarori tahririda)
saylov kuni va ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin jamoatchilik fikri soʻrovlari natijalarini, saylov natijalari prognozlarini, oʻtkazilayotgan saylov bilan bogʻliq boshqa tadqiqotlarni eʼlon qilish (hammaga maʼlum qilish), shu jumladan axborot tarmoqlariga, shuningdek Internet jahon axborot tarmogʻiga joylashtirish taqiqlanadi.
12. Ishonchli vakil tomonidan saylovga bir kun qolganida va saylov kunida tashviqot olib borish taqiqlanadi.
Nomzodlarning ishonchli vakillari toʻgʻrisidagi Nizomga
2v-ILOVA
XALQ DEPUTATLARI TUMAN (SHAHAR) KENGASHI DEPUTATLIGIGA NOMZOD ISHONCHLI VAKILINING GUVOHNOMA
NAMUNASI
140 x 100 mm. oʻlchamdagi guvohnoma bir tarafli oʻzbek tilida namunaviy blankda rasmiylashtiriladi.
(2v-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 2-iyuldagi 1344-sonli qarori tahririda)
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 11-sentabrdagi 936-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilayotgan qarorlari
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatligiga nomzodlarning ishonchli vakillari faoliyati bilan bogʻliq ayrim masalalar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining yoʻriqnomasi toʻgʻrisida” 1999-yil 9-noyabrdagi 53-son qarori.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi saylovini oʻtkazish bilan bogʻliq Markaziy saylov komissiyasining nizom va yoʻriqnomalari toʻgʻrisida” 2004-yil 18-sentabrdagi 198-son qarori 6-bandi va 6-ilovasi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov oʻtkazish bilan bogʻliq normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” 2014-yil 11-sentabrdagi 618-son qarori 1-bandining oʻninchi xatboshisi va 9-ilovasi.