toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi qurilish vazirining
buyrugʻi
Loyiha-tadqiqot ishlarining qiymatini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 9-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3180]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 29-apreldagi PQ-847-son “Loyiha-tadqiqot tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda 2019-yil 27-fevraldagi F-5445-son “2019-yilda vazirliklar, davlat qoʻmitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarga erishishlarini baholashning asosiy mezonlari toʻgʻrisida”gi farmoyishiga asosan buyuraman:
1. Loyiha-tadqiqot ishlarining qiymatini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasining 2008-yil 10-noyabrdagi 22-son “Loyiha-tadqiqot ishlarining qiymatini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori (roʻyxat raqami 1879, 2008-yil 9-dekabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 50-son, 499-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir oʻrinbosari K. TULYAGANOV
Toshkent sh.,
2019-yil 19-avgust,
396-son
Oʻzbekiston Respublikasi qurilish vazirining 2019-yil 19-avgustdagi 396-son buyrugʻiga
ILOVA
Loyiha-tadqiqot ishlarining qiymatini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 29-apreldagi PQ-847-son “Loyiha-tadqiqot tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda 2019-yil 27-fevraldagi F-5445-son “2019-yilda vazirliklar, davlat qoʻmitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarga erishishlarini baholashning asosiy mezonlari toʻgʻrisida”gi farmoyishiga asosan loyiha-tadqiqot ishlarining qiymatini aniqlash tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom talablari markazlashtirilgan manbalar, davlat boshqaruv organlari va davlat korxonalari mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladigan qurilish obyektlari uchun loyiha-tadqiqot ishlari qiymatini aniqlashda qoʻllaniladi.
Ushbu Nizom talablari boshqa manbalar hisobiga moliyalashtiriladigan qurilish obyektlari uchun tavsiyaviy xarakterga ega.
2. Buyurtmachi tomonidan loyiha-tadqiqot ishlarining qiymati loyiha-tadqiqot hujjatlarini (loyiha, ishchi loyiha va ishchi hujjatlar) ishlab chiqish, shuningdek ishchi loyihalashdan oldingi texnik-iqtisodiy asoslar (bundan buyon matnda TIA deb yuritiladi) hamda texnik-iqtisodiy hisob-kitob (bundan buyon matnda TIHK deb yuritiladi) bosqichlarida mazkur Nizom asosida aniqlanadi.
3. Loyiha-tadqiqot ishlarining joriy narxlarda belgilangan qiymati loyiha-tadqiqot ishlarining ijrochisini aniqlash uchun davlat xaridlarini amalga oshirishda boshlangʻich qiymat sifatida qoʻllaniladi.
4. Loyiha-tadqiqot hujjatlarini ishlab chiqqan tashkilot loyiha-tadqiqot hujjatlarini mazkur sohada tegishli vakolatga ega boʻlgan ekspertiza organlarining ekspertiza xulosasini olishda, qurilish ustidan mualliflik nazoratini oʻtkazishda hamda tugallangan qurilish obyektlarini foydalanishga qabul qilib olish boʻyicha komissiyalari yigʻilishlarida ishtirok etadi.
2-bob. Loyiha-tadqiqot ishlarining qiymatini aniqlash
5. Buyurtmachi tomonidan loyiha-tadqiqot ishlarining boshlangʻich qiymatini aniqlashda quyidagi parametrlar loyihalashtirish topshirigʻida nazarda tutilishi lozim:
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 22-yanvardagi 15-son qarori bilan tasdiqlangan Obyektlarning loyiha-qidiruv va qurilish-montaj ishlari boʻyicha murakkablik toifalari klassifikatoriga muvofiq murakkablik darajasi;
mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq Loyiha-tadqiqot hujjatlarini ishlab chiqishdagi murakkab sharoitlar uchun qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar;
mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq Qurilishning umumiy qiymatida uskuna qiymatining solishtirma tarkibiga bogʻliq holda qurilishning hisob bahosini aniqlash uchun pasaytiruvchi koeffitsiyentlarning mavjudligi;
loyiha-tadqiqot hujjatlarini manfaatdor idoralar bilan kelishilganligi.
6. Loyiha-tadqiqot ishlarining qiymati qurilish obyekti narxi va murakkablik darajasiga qarab buyurtmachi tomonidan aniqlanadi. Bunda qurilish obyekti narxi tarkibiga quyidagilar kiritiladi:
montaj talab etuvchi jihozlarga boʻlgan xarajatlar;
qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalariga boʻlgan xarajatlar;
ijtimoiy sugʻurtalash hisobini inobatga olgan holda asosiy mehnat haqiga ketadigan xarajatlar;
mashina va mexanizmlardan foydalanish xarajatlari;
ishlab chiqarish xususiyatiga ega boshqa xarajatlar;
pudratchining zarur foydadan, shu jumladan pudrat ishlari (xizmatlar) bozori konyunkturasidan kelib chiqib shakllantiriladigan majburiy toʻlovlar va ajratmalardan iborat boshqa sarf-xarajatlari;
obyektlar qurilishini sugʻurtalash xarajatlari;
buyurtmachining loyiha-tadqiqot ishlari, ekspertiza, davlat xaridlarini amalga oshirish, texnik nazorat xarajatlaridan, obyekt qurilishi bilan bogʻliq boshqa sarf-xarajatlari;
navbatdagi yilda qurilish narxlarining prognozlangan indeksidan kelib chiqib aniqlanadigan xatarni qoplash uchun xarajatlar.
7. Buyurtmachi tomonidan ishchi loyihani ishlab chiqish qiymati quyidagi formula boʻyicha aniqlanadi:
Sp = Sb x L, bunda:
Sp — ishchi loyihaning joriy narxlardagi qiymati;
Sb — obyekt qurilishining joriy narxlardagi qiymati;
L — mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq ishchi loyiha qiymatining hisoblash mezoni.
8. Turli bosqich va davrlarda loyihalashdan oldingi-asoslanma va ishchi hujjatlarni ishlab chiqishning miqdoriy qiymati mazkur Nizomning 4-ilovasiga muvofiq aniqlanadi.
9. Loyiha-tadqiqot qiymatini aniqlashda ikkita yoki undan ortiq murakkablashtiruvchi omil mavjud boʻlsa, koeffitsiyent ularning har biriga alohida qoʻllaniladi. Bunda umumiy muvofiqlash koeffitsiyenti quyidagi formula boʻyicha aniqlanadi:
Kc.=1 + ∑ N, bunda:
Kc. — umumiy muvofiqlash koeffitsiyenti;
∑ N — bir turga qoʻllaniladigan muvofiqlash koeffitsiyentlarining kasr qismlari (verguldan keyingi) yigʻindisi.
10. Majmualardan tashqaridagi ayrim obyektlarni loyihalashda foydalanishga tayyor boʻlgan koʻp marotaba qoʻllaniladigan loyihalardan foydalanilganda (loyihalash topshirigʻiga muvofiq), ishlar qiymati quyidagi koeffitsiyentlarni qoʻllagan holda umumiy qoida boʻyicha aniqlanadi:
poydevor yechimlarni qayta hisoblamasdan — 0,4;
poydevor yechimlarini qayta hisoblaganda — 0,6;
poydevor va yer ustki qismi yechimlarini qayta hisoblaganda — 0,7.
11. Tugallangan qurilishning loyiha va haqiqiy oʻlchamlari qiymati obyektning dastlabki qiymatiga nisbatan 1,5 baravaridan yuqori yoki kamni tashkil etganda loyiha-tadqiqot ishlarining qiymati qayta hisoblab chiqiladi, boshqa holatlar bundan mustasno.
12. Loyiha-tadqiqot ishlarining toʻliq qiymati quyidagi formulaga koʻra aniqlanadi:
Bir bosqichli loyihalashda:
Sf = Sw + Se, bunda:
Sf — loyiha-tadqiqot ishlarining joriy narxlardagi toʻliq shartnomaviy qiymati;
Sw — ishchi loyihaning barcha mezonlarni inobatga olgan joriy narxlardagi qiymati.
Se — ishchi loyiha tarkibidagi hisobga olinmagan ishlarning qiymati.
Ikki bosqichli loyihalashda:
Sf = Sbs + Swp+ Se, bunda:
Sf — loyiha-tadqiqot ishlarining joriy narxlardagi toʻliq shartnomaviy qiymati;
Sbs — asoslanma qismining joriy narxlardagi qiymati;
Swp — ishchi hujjatlarining joriy narxlardagi qiymati;
Se — ishchi loyiha tarkibidagi hisobga olinmagan ishlarning qiymati.
“Ishchi loyiha” ikki bosqichli loyihalash qiymatini hisoblashda asos qilib olinadi.
13. TIA, TIHK va boshqa bosqichlarning (jumladan, dastlabki eskiz loyihalari) shartlari loyihalashtirish topshirigʻida boshqacha nazarda tutilgan hollarda, ishlab chiqishdagi qiymat quyidagicha hisoblanadi:
Sf = Sbs + Se, bunda:
Sf — loyiha-tadqiqot ishlarining joriy narxlardagi toʻliq shartnomaviy qiymati;
Sbs — asoslanma qismining joriy narxlardagi qiymati;
Se — ishchi loyiha tarkibidagi hisobga olinmagan ishlarning qiymati.
14. Loyiha-tadqiqot ishlari qiymatini shakllantirish mazkur Nizomning 5-ilovasiga muvofiq Qurilishning taxminiy qiymatini aniqlashga doir qisqacha tavsiyalar asosida amalga oshiriladi.
15. Loyiha-tadqiqot ishlarining qiymatini hisoblashda koʻzda tutilmagan ishlar qiymatini aniqlash mezonlari mazkur Nizomning 6-ilovasiga muvofiq amalga oshiriladi.
16. Loyiha-tadqiqot ishlari qiymatini aniqlash mazkur Nizomning 7-ilovasiga muvofiq namunada amalga oshiriladi.
17. Loyiha tashkilotlari oʻzining ichki imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda loyiha ishlari qiymatini aniqlashda chegirmalar belgilash imkoniyatiga ega.
3-bob. Loyiha-tadqiqot ishlarining muddatlari
18. Buyurtmachilar markazlashtirilgan manbalar hisobidan amalga oshiriladigan loyihalar boʻyicha loyiha-qidiruv ishlarining manzilli roʻyxati belgilangan tartibda tasdiqlangandan soʻng, quyidagi birlamchi-ruxsat beruvchi hujjatlarni ikki hafta muddatda loyiha tashkilotlariga yetkazishlari lozim:
tuman (shahar) hokimining yer uchastkalarini ajratish yoki rekonstruksiya (kapital taʼmirlash) toʻgʻrisidagi qarori;
bino va inshootlarni rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlashda nuqson dalolatnomalari;
loyihalashtirish topshiriqlari.
19. Buyurtmachilar tomonidan birlamchi-ruxsat beruvchi hujjatlar taqdim etilganidan soʻng, ikki oy muddatda quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:
arxitektura-rejalashtirish topshirigʻini ishlab chiqish;
rekonstruksiya qilinadigan va kapital taʼmirlanadigan binolar va inshootlarning texnik holatini oʻrganish;
mahalliy hokimlikning binolarning inventarizatsiyasi materiallari, mavjud bino va inshootlarni buzish va kompensatsiya usullari koʻrsatilgan qarori;
loyihalashtirish uchun muhandislik-texnik izlanishlarni bajarish (loyihalashtiriladigan maydon boʻyicha 1:500 masshtabda, tashqi tarmoqlar boʻyicha 1:1000 yoki 1:500 masshtabda topografik xaritalar va muhandislik-geologiya xulosasini tayyorlash);
belgilangan tartibda tender (tanlov) hujjatlarini tayyorlash va tasdiqlash.
20. Buyurtmachi va loyiha tashkiloti oʻrtasida shartnoma tuzishda mazkur Nizom talablari inobatga olinishi lozim.
Buyurtmachi va loyiha tashkiloti oʻrtasidagi shartnoma buyurtmachi tomonidan qisman va/yoki toʻliq moliyalashtirish ochish uchun asos hisoblanadi.
21. Loyiha tashkilotlari loyiha-tadqiqot hujjatlarini shartnomada koʻrsatilgan muddatda ishlab chiqilishini taʼminlashlari lozim.
Loyiha-tadqiqot ishlarining loyihalashtirish topshirigʻida aniq ish hajmlarini hisobga olgan holda quyidagi muddatlarda belgilanadi:
kapital taʼmirlash obyektlari boʻyicha — 1,5 oydan koʻp boʻlmagan;
rekonstruksiya obyektlari boʻyicha — 3 oydan koʻp boʻlmagan;
namunaviy loyihalar va qayta (bazaviy) qoʻllaniladigan loyihalar asosida yangi qurilayotgan obyektlar boʻyicha — 3-4 oydan koʻp boʻlmagan;
yirik obyektlar qurilishi va rekonstruksiyasi boʻyicha — 4 oydan koʻp boʻlmagan.
22. Buyurtmachi tomonidan loyiha-tadqiqot ishlari monitoringi buyurtmachi va loyiha tashkiloti oʻrtasida shartnomaga asosan loyiha-tadqiqot ishlarini bajarish grafigi asosida olib boriladi.
23. Buyurtmachi tomonidan tayyor boʻlgan loyiha-tadqiqot hujjatlari belgilangan tartibda mazkur sohada tegishli vakolatga ega boʻlgan ekspertiza organlariga topshiriladi.
4-bob. Yakuniy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
24. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
25. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan kelishilgan.
Moliya vazirining birinchi oʻrinbosari T. ISHMETOV
2019-yil 19-avgust
Iqtisodiyot va sanoat vaziri B. XODJAYEV
2019-yil 19-avgust
Loyiha-tadqiqot ishlarining qiymatini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Loyiha-tadqiqot hujjatlarini ishlab chiqishdagi murakkab sharoitlar uchun qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar

T/r

Loyiha-tadqiqot hujjatlarini ishlab chiqishdagi murakkab sharoitlar

Loyiha-tadqiqot hujjatlarini ishlab chiqishdagi murakkab sharoitlar uchun qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar

1.

Obyekt xususiyatlarining oʻta noyobligi (innovatsion texnologiyalar asosida)

1,5

2.

Koʻp marotaba qoʻllaniladigan obyektlarni loyihalash, loyihalash uchun asos materiallarni tayyorlash, eksperimental loyihalarni ishlab chiqish

1,4

3.

Maydonchaning hisob boʻyicha zilzilaga chidamliligi (9 ball)

1,2

4.

Tarixiy binolar hududida quriladigan obyektlar

1,3

5.

Tarixiy obyektlarni qayta tiklash

1,4

6.

Faoliyat yurituvchi korxona sharoitlarida qayta tiklash (ishlab chiqarish faoliyati bilan bogʻliq obyektlar uchun)

1,3

7.

Mavjud boʻlgan bino va inshootlarning qurilish konstruksiyalarini kuchaytirish loyihalari

1,2

8.

Loyihalarni BIM (Building Information Management) texnologiyalari asosida bajarish

2,0

9.

“Fast track” usulida loyihalashtirish

1,2

Loyiha-tadqiqot ishlarining qiymatini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Qurilishning umumiy qiymatida uskuna qiymatining solishtirma tarkibiga bogʻliq holda qurilishning hisob bahosini aniqlash uchun pasaytiruvchi koeffitsiyentlar

T/r

Qurilishning umumiy qiymatida uskuna qiymatining solishtirma tarkibi

Qurilishning umumiy qiymatida uskuna qiymatining solishtirma tarkibiga bogʻliq holda qurilishning hisob bahosini aniqlash uchun pasaytiruvchi koeffitsiyentlar

1.

25% gacha

1,0

2.

25%

0,8

3.

50%

0,65

4.

70%

0,5

5.

90% va undan ortiq

0,4

Izoh: oraliq qiymatlar interpolyatsiya yoʻli bilan aniqlanadi.
Loyiha-tadqiqot ishlarining qiymatini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA
Ishchi loyihani ishlab chiqish qiymatining hisoblash mezoni

T/r

Obyekt qurilishining joriy narxlardagi qiymati (bazaviy hisoblash miqdorida)

Loyiha ishlari qiymatining hisoblash mezoni, murakkablik darajasiga koʻra qurilish qiymatiga nisbatan % gacha

I

II

III

1.

500 baravarigacha

5,0

---

---

2.

1 000 baravarigacha

4,5

5,0

---

3.

2 500 baravarigacha

4,0

4,7

5,0

4.

3 500 baravarigacha

3,5

4,4

4,7

5.

5 000 baravarigacha

3,0

4,1

4,4

6.

10 000 baravarigacha

2,7

3,8

4,1

7.

25 000 baravarigacha

2,5

3,5

3,8

8.

50 000 baravarigacha

---

3,2

3,5

9.

75 000 baravarigacha

---

2,9

3,3

10.

100 000 baravarigacha

---

2,5

3,1

11.

200 000 baravarigacha

---

---

3,0

12.

300 000 baravarigacha

---

---

2,8

13.

400 000 baravarigacha

---

---

2,6

14.

500 000 baravarigacha va ortiq

---

---

2,5

Izohlar:
1. Obyekt qurilishining joriy narxlardagi qiymatini aniqlash maqsadida obyektlarni loyihalash va qurishning chegaralari quyidagicha belgilanadi:
komplekslar uchun (ikki va undan ortiq bino va inshootlardan iborat obyektlar uchun) — ajratilgan yer maydoni chegarasida;
alohida bino va inshootlar uchun — bino va inshootning chegarasini belgilovchi konstruksiyalarning, shu jumladan, binolarning koʻprikli, muhandislik jihozlar tizimlarini chiqarish va kiritish joylaridagi tashqi konturlari ichida.
2. Hisoblash mezonining oraliq miqdorlari vertikal qatordagi bir-biriga eng yaqin boʻlgan ikkita koʻrsatkich interpolyatsiya yoʻli bilan aniqlanadi.
3. Ishchi loyihani ishlab chiqish qiymatini hisoblashda quyidagi ishlar hisobga olinmagan:
konstruksiyalar va ishlarni bajarishning oʻta murakkab usullari qoʻllaniladigan obyektlarni loyihalash vaqtida maxsus yordamchi inshootlar, moslamalar, qurilma va uskunalarning ishchi chizmalarini ishlab chiqish (bu ishlar loyihalashtirish topshirigʻida aks ettirilgan boʻlishi zarur);
zavodda ishlab chiqariladigan metall konstruksiyalar va texnologik quvur oʻtkazgichlarning mufassal chizmalarini, andozasiz va nostandart jihozlarni konstruktorlik hujjatlarini ishlab chiqish (shu jihozlarni konstruksiyalashga boʻlgan loyihalash topshiriqlari bundan mustasno);
buyurtmachi topshirigʻiga binoan qoʻshimcha ishlarni bajarish;
texnik koʻrik va oʻlchov ishlarini bajarish.
Mazkur Ilovada keltirilgan obyektlar qurilishining joriy narxlardagi qiymatida qoʻshilgan qiymat soligʻi eʼtiborga olinmagan.
Loyiha-tadqiqot ishlarining qiymatini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
4-ILOVA
Turli bosqich va davrlarda loyihalashdan oldingi-asoslanma va ishchi hujjatlarni ishlab chiqishning miqdoriy qiymati

T/r

Loyiha-tadqiqot hujjatlarni ishlab chiqish bosqichlari

Ishchi loyihani ishlab chiqishga nisbatan ulush miqdoridagi qiymati

1.

TIA mustaqil bosqich sifatida

0,15

2.

TIHK mustaqil bosqich sifatida

0,15

3.

Loyihalar eskizi (foreskiz) va loyiha konsepsiyasi mustaqil bosqich sifatida

0.2

4.

Obyektlarni 3D formatdagi interyer, eksteryer va bosh planlarni bajarish mustaqil bosqich sifatida

0.2

5.

Loyiha va ishchi hujjatlar chizmasi boʻyicha ikki bosqichli ishchi loyihalash:

1,0

a) loyiha

0,2

0,4

b) ishchi hujjatlar

0,8

0,6

6.

TIHK (TIA) va ishchi hujjatlar chizmasi boʻyicha ikki bosqichli ishchi loyihalash:

1,0

a) TIHK (TIA)

0,2

0,3

b) ishchi hujjatlar

0,8

0,7

7.

Ishchi loyiha davridagi bir bosqichli loyihalash

1,0

8.

Tanlov hujjatlarining texnikaviy qismini ishlab chiqish

0,1

Loyiha-tadqiqot ishlarining qiymatini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
5-ILOVA
Qurilishning taxminiy qiymatini aniqlashga doir qisqacha tavsiyalar
Loyiha-tadqiqot ishlari qiymatini shakllantirish maqsadida qurilishning qiymatini aniqlashda quyidagi tavsiyalar qoʻllaniladi:
1-variant. Qurilishi moʻljallangan obyektning respublika hududlari boʻyicha quvvatlar bir birligini (1 kv m., oʻquvchi oʻrni, koyka va faoliyat sohasidan kelib chiqqan holda boshqalar) qurishning preyskurant qiymatlari toʻplamlari.
2-variant. Analog obyektlar.
3-variant. Qurilishning yirik hisobda olingan smeta koʻrsatkichlari.
4-variant. Loyiha-tadqiqot hujjatlari ishlab chiqishning dastlabki bosqichlarida aniqlab olingan iqtisodiy koʻrsatkichlar.
Mazkur variantlarda nazarda tutiladigan qiymatlar joriy vaqtga nisbatan qoʻllaniladi. Bunda narxlar indeksi oʻzgarishini hisoblab chiqish uchun asosiy tuzilmaviy xarajatlar quyidagi ulushli miqdorda (foizlarda) olinadi (uskunalarsiz):
mehnat haqi — 0,2;
materiallar — 0,6;
mashinalardan foydalanish — 0,2;
Narxlar indeksi oʻzgarishi quyidagicha olinadi:
mehnat haqi toʻlovi xarajatlariga — joriy hisoblash davridagi bazaviy hisoblash miqdorining normativlar va analoglarini ishlab chiqish davridagi bazaviy hisoblash miqdoriga nisbati;
materiallarni xarid qilish xarajatlariga — material-buyumlarning (beton, gʻisht, metall, yogʻoch konstruksiyalar va boshqalar) joriy hisoblash davrdagi narxlarining normativlar, analoglarni ishlab chiqish davridagi shu materiallar narxlariga nisbati;
mashinalardan foydalanishga — joriy hisoblash davrdagi yoqilgʻi materiallar narxlarining normativlar, analoglarni ishlab chiqish davridagi narxlariga nisbati.
Jihozlar va uskunalarning qiymati buyurtmachi, prays-varaqlar, kataloglar, birja xabarnomalari yoki haqqoniy axborotning boshqa manbalaridan olingan maʼlumotlarga koʻra aniqlanadi.
Loyiha-tadqiqot ishlarining qiymatini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
6-ILOVA
Loyiha-tadqiqot ishlarining qiymatini hisoblashda koʻzda tutilmagan ishlar qiymatini aniqlash mezonlari
Oldingi tahrirga qarang.

T/r

Ishlar nomi

Hisoblanadigan qiymat darajasi, qurilish qiymatiga nisbatan % da

Qurilishning joriy narxlardagi qiymati (bazaviy hisoblash miqdorida)

800 baravarigacha

800 baravaridan
1500 baravarigacha

1500 baravaridan
10000 baravarigacha

10000 baravaridan
50000 baravarigacha

50000 baravaridan 200000 baravarigacha

1.

Maxsus yordamchi inshoot, moslamalarga ishchi chizmalarni ishlab chiqish. Konstruksiyalari va ishlarni bajarish usullari oʻta murakkab boʻlgan obyektlarni loyihalashdagi moslamalar va qurilmalar

0,7

0,56

0,45

0,36

0,28

2.

Zavodda ishlab chiqarilgan metall konstruksiyalar va texnologik quvur oʻtkazgichlarning mufassal chizmalarini, shuningdek andozasiz va nostandart jihozlarni ishlab chiqishga boʻlgan konstruktorlik hujjatlarni ishlab chiqish (shu jihozlanishga boshlangʻich talablarni tuzish bundan mustasno)

Konstruktorlik hujjatlarini ishlab chiqishga taalluqli boʻlgan toʻplamlar boʻyicha

3.

Qurilish ustidan mualliflik nazorati, loyihalarni ishlanma boshlanishidan amalga tatbiq etilishining oxirigacha olib boriladigan texnikaviy kuzatuvi

Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish qiymati doirasida

4.

Loyiha-tadqiqot hujjatlariga ekologik ilova materiallarini ishlab chiqish

Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining shu sohaga oid qabul qilgan normativ hujjatlari asosida

5.

Buyurtmachi topshirigʻiga binoan qoʻshimcha ishlarni bajarish:
a) birlamchi-ruxsat beruvchi hujjatlarni shakllantirish;

Umumiy holda loyihalash tashkilotining ijrochilariga (ishlab chiqarish xodimlariga) toʻlashga rejalashtirilgan mehnat haqi fondidan kelib chiqqan holda mehnat xarajatlariga koʻra hisoblanadi (1-izoh)

b) topografiya (geodeziya), geologiya ishlari;

Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining shu sohaga oid qabul qilgan normativ hujjatlari asosida

v) ishga tushirish kompleksini alohida hisoblash;

0,7

0,56

0,45

0,36

0,28

g) loyihalash topshirigʻini shakllantirishga zarur boʻlgan loyihalashdan oldingi ishlar majmuasi (shu jumladan, qurilish maydonchasi va birlamchi-ruxsat beruvchi hujjatlarni oʻrganib chiqish, buyurtmachi takliflarini koʻrib chiqish hamda loyihalash topshirigʻini tuzish)

0,05

0,04

0,032

0,026

0,021

d) loyihalash vaqtida dastlabki maʼlumot sifatida qoʻllaniladigan ilmiy-tadqiqotchilik va tajriba-eksperimental amaliy ishlar, ilmiy va ilmiy texnikaviy asoslamalar

Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining shu sohaga oid normativ hujjatlari asosida

6.

Texnik koʻrik va oʻlchov ishlari

Ijrochilariga (ishlab chiqarish xodimlariga) toʻlashga rejalashtirilgan mehnat haqi fondidan kelib chiqqan holda mehnat xarajatlariga koʻra hisoblanadi (1-izoh)

Izohlar:
1. Mehnat xarajatlari boʻyicha hisob-kitob quyidagi formula boʻyicha hisoblanadi:
Sp = CiXNc, bunda:
Sp — joriy narxlardagi qiymat;
Ci — berilgan ishni bajarish uchun ijrochilarga (ishlab chiqarish xodimlariga) toʻlashga rejalashtirilgan mehnat haqi fondi;
Nc — qiymat normativi, loyihalash tashkilotida hisoblangan yillik hajmning rejaga koʻra ijrochilarga (ishlab chiqarish xodimlari) toʻlanadigan ish haqiga boʻlgan nisbatda aniqlanadi. Avvalgi yil uchun yillik balans hisobotining moliyaviy natijalari koʻrsatkichlariga muvofiq belgilash tavsiya etiladi.
2. Hisoblash mezonining oraliq miqdorlari gorizontal qatordagi bir-biriga eng yaqin boʻlgan ikkita koʻrsatkich interpolyatsiya yoʻli bilan aniqlanadi.
(6-ilova Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 13-avgustdagi 18-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3552, 15.08.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.08.2024-y., 10/24/3552/0630-son)
Loyiha-tadqiqot ishlarining qiymatini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
7-ILOVA
Loyiha-tadqiqot ishlari qiymatini aniqlash namunasi
Loyihalash obyekti: tozalash inshootlariga ega boʻlgan garaj.
Bosqich — “Ishchi loyiha”.
Maydonchaning hisob boʻyicha zilzilaga chidamliligi — 9 ball.
1. Loyihalash obyekti va qurilish murakkabligi darajasining yagona tasnifiga koʻra obyektning murakkablik darajasi — II.
2. Mazkur Nizomning 5-ilovasiga muvofiq qurilishning taxminiy qiymati 510,0 mln. soʻmni tashkil qiladi.
3. Mazkur Nizomning 3-ilovasiga koʻra vertikal qatordagi bir-biriga eng yaqin boʻlgan ikkita koʻrsatkich interpolyatsiya yoʻli bilan loyiha-tadqiqot ishlari qiymatining hisoblash mezoni aniqlanadi.
Bunda:
Bazaviy hisoblash miqdorining 1 000 baravarigacha tafovut 5,0 % darajasiga mos keladi;
Bazaviy hisoblash miqdorining 2 500 baravarigacha tafovut 4,7 % darajasiga mos keladi.
Interpolyatsiya yoʻli bilan topilgan 510,0 mln. soʻm miqdoridagi hisoblash mezoni 4,74 % darajasiga mos keladi.
4. Obyekt qurilishining joriy narxlardagi qiymati — 510,0 mln. soʻm x 4,74 % x 1,2 = 29,0 mln. soʻm.
5. Loyihalash topshirigʻiga koʻra ishga tushirish kompleksini alohida hisoblash talab etiladi.
Mazkur Nizomning 7-ilovasi 5-bandiga muvofiq tegishli hujjatlarni ishlab chiqishga hisoblash mezonini gorizontal qatordagi bir-biriga eng yaqin boʻlgan ikkita koʻrsatkich interpolyatsiya yoʻli bilan aniqlanadi.
Bunda:
Bazaviy hisoblash miqdorining 800 baravarigacha tafovut 0,7 % darajasiga mos keladi;
Bazaviy hisoblash miqdorining 800 dan 1500 baravarigacha tafovut 0,56 % darajasiga mos keladi.
Interpolyatsiya yoʻli bilan topilgan 510,0 mln. soʻm miqdoridagi hisoblash mezoni 0,659 % darajasiga mos keladi.
6. Ishga tushirish kompleksini alohida hisoblash ishlari qiymatini hisoblab chiqamiz:
510,0 mln. soʻm x 0,659% = 3,36 mln. soʻm
7. Ishchi loyiha ishlab chiqilishining toʻliq qiymatini hisoblaymiz:
29,0 + 3,36 = 32,36 mln. soʻm, bunda:
29,0 mln. soʻm — obyekt qurilishining joriy narxlardagi qiymati;
3,36 mln. soʻm — ishga tushirish kompleksini alohida hisoblash qiymati.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.09.2019-y., 10/19/3180/3715-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 19.08.2024-y., 10/24/3552/0630-son)