toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida” 2019-yil 17-yanvardagi PF-5635-son Farmoni)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida” 2019-yil 17-yanvardagi PF-5635-son Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari A.A. Abduxakimov, Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I.U. Madjidov hamda Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri I.Y. Abduraxmonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 17-avgust,
684-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-avgustdagi 684-son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan
oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy ragʻbatlantirish toʻgʻrisida” 2008-yil 13-oktabrdagi 226-son qarorida (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2008-y., 42-son, 422-modda):
a) 1-ilovaning 10-bandi ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Stipendiyalar har yili tayanch doktorantning tayanch doktoranturaning oxirgi kursidagi oʻqish davri uchun, stipendiyaning ikki barobari miqdorida qatʼiy muvofiq holda tayinlanadi”;
b) 2-ilovaning 12-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari sohiblari boʻlgan bakalavriat talabalari oliy taʼlim muassasasini bitirgach, ikki yil davomida magistraturaga davlat granti asosida, magistratura talabalari tayanch doktoranturaga kirish imtihonlarisiz Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga oʻqitish uchun qabul kvotasi asosida qabul qilinadi”.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 22-maydagi 304-son qarorida (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2017-y., 5-son, 79-modda):
a) 1-ilovaning 3-bandi toʻrtinchi va beshinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
tayanch doktorantura — ishlab chiqarishdan ajralgan holda mutaxassislikni chuqur oʻrganish va doktorlik dissertatsiyasini tayyorlash hamda himoya qilish maqsadida ular tomonidan ilmiy izlanishlar olib borish boʻyicha falsafa doktori (RhD) ilmiy darajasi izlanuvchilari uchun OTM va ITMlarida oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosliklari boʻyicha tashkil etiladigan oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim shakli;
doktorantura — ishlab chiqarishdan ajralgan holda mutaxassislikni chuqur oʻrganish va doktorlik dissertatsiyasini tayyorlash hamda himoya qilish maqsadida ular tomonidan ilmiy izlanishlar olib borish boʻyicha fan doktori (DSc) ilmiy darajasi izlanuvchilari uchun OTM va ITMlarida oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosliklari boʻyicha tashkil etiladigan oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim shakli”;
2-bandning toʻrtinchi va beshinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
tayanch doktorantura — ishlab chiqarishdan ajralgan holda mutaxassislikni chuqur oʻrganish va doktorlik dissertatsiyasini tayyorlash hamda himoya qilish maqsadida ular tomonidan ilmiy izlanishlar olib borish boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi izlanuvchilari uchun OTM va ITMlarida oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosliklari boʻyicha tashkil etiladigan oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim shakli;
doktorantura — ishlab chiqarishdan ajralgan holda mutaxassislikni chuqur oʻrganish va doktorlik dissertatsiyasini tayyorlash hamda himoya qilish maqsadida ular tomonidan ilmiy izlanishlar olib borish boʻyicha fan doktori (DSc) ilmiy darajasi izlanuvchilari uchun OTM va ITMlarida oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosliklari boʻyicha tashkil etiladigan oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim shakli”;
8-bandning ikkinchi xatboshisi kuyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ilmiy unvoni boʻlgan fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy rahbarlik yoki ilmiy maslahatchi faoliyati samaradorligi tahlili asosida Kollegial organ tavsiyasiga koʻra bir vaqtning oʻzida faqat ikki nafar tayanch doktorantga va mustaqil izlanuvchiga ilmiy rahbar etib biriktirilishi mumkin”;
13-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“13. Tayanch doktorantura va doktoranturaga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga va toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish uchun qabul kvotasi (keyingi oʻrinlarda qabul kvotasi deb ataladi), qoida tariqasida, tegishli oʻquv yili uchun tasdiqlangan oliy taʼlim muassasalariga davlat buyurtmasi asosida magistratura mutaxassisliklariga oʻqishga qabul qilish umumiy parametrlarining 30 foizidan kam boʻlmagan miqdorda belgilanadi.
Tasarrufida OTM yoki ITM boʻlgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar har yili 15-maygacha boʻlgan muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarga boʻlgan ehtiyojlar, amaldagi oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim institutlarining samaradorligi, taʼlim olayotgan doktorantlar va mustaqil izlanuvchilar kontingenti, ilmiy rahbarlar va ilmiy konsultantlarning samarali ishlari, shuningdek, mazkur Nizomda belgilangan bitta ilmiy rahbar va bitta ilmiy konsultantga biriktiriladigan doktorantlar sonidan kelib chiqib, keyingi yildan boshlab tayanch doktoranturaga, doktoranturaga qabul kvotasi boʻyicha asoslangan takliflar bilan murojaat qiladilar”;
24-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“24. Tayanch doktoranturaga va doktoranturaga kiruvchi talabgorlarning kirish imtihonlari, suhbat natijalaridan va ajratilgan qabul kvotasidan kelib chiqib, qabul komissiyasi va (yoki) Kollegial organ tomonidan 30-noyabrgacha boʻlgan muddatda qabul qilinganlardan tanlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyalari sohiblari tayanch doktoranturaga kirish imtihonlariciz qabul qilinadi.
Bir necha talabgorlarning tayanch doktoranturaga va doktoranturaga kirish imtihonlari yoki suhbat natijalari boʻyicha ular tomonidan toʻplangan yakuniy ballari teng boʻlgan taqdirda quyidagi talabgorlarga ustunlik beriladi:
a) tayanch doktoranturaga:
magistraturani aʼlo baholar bilan tamomlaganlar;
mualliflik guvohnomalari va patentga ega boʻlganlar;
jurnallarda, shu jumladan xorijiy jurnallarda ilmiy maqolalar chop etganlar;
b) doktoranturaga:
5 yildan ortiq ilmiy-pedagogik stajga ega boʻlganlar;
mualliflik guvohnomalari va patentga ega boʻlganlar;
monografiya (ijtimoiy-gumanitar fanlar uchun), talabgorning dissertatsiya mavzusi boʻyicha OAK roʻyxatiga muvofiq ilmiy jurnallarda, shu jumladan xorijiy jurnallarda chop etilgan soni boʻyicha (boshqa talabgorlarga nisbatan) koʻp miqdorda ilmiy maqolaga ega boʻlganlar;
dissertatsiya tadqiqoti hajmining 50 foizdan koʻp qismini bajarganlar”;
35-bandning toʻrtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Xorijiy fuqarolar yoki fuqaroligi boʻlmagan, shuningdek, toʻlov-kontrakt asosida qabul qilingan doktorantlarning ilmiy rahbarlari va konsultantlarning mehnatiga haq toʻlash oʻqitish uchun kelib tushadigan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.08.2019-y., 09/19/684/3601-son)