toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 21.04.1998
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TOVAR IShLAB ChIQARUVChILAR VA TADBIRKORLARNI QO‘LLAB-QUVVATLASh FONDI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI VA UNING MABLAG‘LARIDAN FOYDALANISh TARTIBINI TASDIQLASh HAQIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 21-apreldagi 166-sonli “O‘zbekiston tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi faoliyati masalalari to‘g‘risida” 1996-yil 30-martdagi 125-son qarorining 7-bandini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash fondi to‘g‘risidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq;
Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash fondi mablag‘larini shakllantirish va undan foydalanish tartibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash fondining ijro etuvchi direksiyasi tuzilmasiga 3-ilovaga muvofiq rozilik berilsin.
3. O‘zbekiston tadbirkorlar ittifoqi huzuridagi tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash fondi muassislari bir hafta muddatda tugatish komissiyasini tuzsinlar va bir oy muddatda fondni tugatishni hamda uning majburiyatlari bo‘yicha hisob-kitoblarni nihoyasiga yetkazsinlar.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari V. A. Chjen zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 7-iyun,
215-son
Vazirlar Mahkamasining 1996-yil
7-iyundagi 215-son qaroriga
1-ILOVA
Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash fondi to‘g‘risida
NIZOM
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasini tashkil etish to‘g‘risida” 1996-yil 12-martdagi Farmoniga va Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi faoliyati masalalari to‘g‘risida” 1996-yil 30-martdagi 125-son qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan.
2. Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar fondi (keyingi o‘rinlarda Fond deb ataladi) O‘zbekiston Tadbirkorlar ittifoqi huzuridagi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash fondi negizida tashkil etiladi.
Fond o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga, mazkur Nizomga va Ustavga amal qiladi.
3. Fond O‘zbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi a’zolarini qo‘llab-quvvatlash va ularga moliyaviy yordam ko‘rsatish maqsadida, mazkur Nizom hamda Ustavdan kelib chiqadigan maqsad va vazifalarni amalga oshirish uchun tashkil etilgan.
4. Fond mustaqil yuridik shaxs hisoblanadi, o‘z balansiga, bank muassasalarida ham milliy valyutada, ham xorijiy valyutada hisob-kitob va boshqa schyotlarga, o‘z emblemasi tasvirlangan va nomi yozilgan muhrga, shtamplarga, blanklarga va boshqa belgilarga ega bo‘ladi.
5. Fond o‘z majburiyatlari bo‘yicha o‘zining tasarrufida bo‘lgan mol-mulk, pul mablag‘lari va boshqa aktivlar bilan javob beradi.
6. Fond daromadlari va tushumlari mazkur Nizomda hamda Ustavda nazarda tutilgan maqsad va vazifalarni amalga oshirish uchun yo‘naltiriladi.
II. FOND VAZIFALARI VA FAOLIYATINING ASOSIY YO‘NALIShLARI
1. Quyidagilar Fond vazifalari va faoliyatining asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi:
tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun Palata a’zolarini shart-sharoitlar va imkoniyatlar bilan ta’minlovchi bozor infrastrukturasini shakllantirishda qatnashish;
lizing xizmatlari tizimini, franchayzingni, respublikaning barcha mintaqalarida kichik tadbirkorlarning barcha subyektlari uchun qulay bo‘lgan kichik tadbirkorlikda investitsiyaga oid tavakkalchiliklarni kafolatlash va sug‘urta qilish tizimini tashkil etishni mablag‘ bilan ta’minlashda qatnashish;
respublika kichik biznesi sohasiga xorijiy investitsiyalar uchun kafolatlar berish;
kichik tadbirkorlik subyektlarining davlat ehtiyojlari uchun mahsulot (tovarlar va xizmatlar) ishlab chiqarishda va yetkazib berishda (tanlov asosida) qatnashishlari uchun huquqiy, iqtisodiy va innovatsiya shart-sharoitlari yaratishda qatnashish;
kichik, o‘rta va xususiy tadbirkorlik subyektlariga marketing, reklama, yuridik, axborot va boshqa konsalting xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha tuzilmalar tashkil etish va ularni rivojlantirishda qatnashish;
tadbirkorlik faoliyatining har xil turlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini tashkil etish va rivojlantirishda qatnashish;
bankrot korxonalarga nisbatan, ularning asosida (xalqaro texnik yordam va investitsiyalarni jalb etgan holda) “mini-poligonlar”, texnoparklar va ishlab chiqarish innovatsiya kichik tadbirkorlikning boshqa tuzilmalarini tashkil etgan holda, sanatsiya chora-tadbirlarini amalga oshirishda kichik tadbirkorlikning ishtirok etishiga ko‘maklashish;
tadbirkorlikni rivojlantirishga oid konferensiyalar, seminarlar, simpoziumlar o‘tkazishga oid chora-tadbirlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash;
mahsulotlarning yangi turlarini yaratish va ishlab chiqarishga joriy etish hamda xizmatlar ko‘rsatish bilan bog‘liq loyihalar va dasturlarni o‘z mablag‘lari va jalb qilingan mablag‘lar hisobiga mablag‘ bilan ta’minlash;
tadbirkorlik tuzilmalarining innovatsiya faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ishlanmalarni va mahsulotning raqobatbardosh turlarini ishlab chiqarishni rag‘batlantirish;
yangi texnologiyalarni, nou-xau, eksportga mo‘ljallangan va importning o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni o‘zlashtirishga ko‘maklashish;
ishlab chiqarishning, shuningdek, xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirishni amalga oshiruvchi tadbirkorlik tuzilmalariga moliya muassasalari tomonidan kreditlar ajratilishida yordam ko‘rsatish;
tadbirkorlarga maslahat va axborot xizmatlari ko‘rsatish;
tadbirkorlik muammolariga oid konferensiyalar, seminarlar, xalqaro simpoziumlar va yarmarkalar tashkil etish va ularda qatnashish;
loyihalar, texnologiyalar va shu kabilarni mustaqil ekspertiza qilish.
III. FONDNING HUQUQLARI
1. Funksiyalar va vazifalarni bajarish uchun Fond quyidagi huquqlarga egadir:
vatanimiz va xorijiy investorlarning mablag‘larini jalb etish va ularni joylashtirishni hamda ulardan samarali foydalanishni ta’minlash;
kichik, o‘rta va xususiy biznesni qo‘llab-quvvatlash hamda rivojlantirishga oid loyihalarni va dasturlarni mablag‘ bilan ta’minlash, Palata a’zolarining majburiyatlari bo‘yicha garovga qo‘yuvchi, kafil bo‘luvchi, kafilligini oluvchi bo‘lish;
Palata a’zolariga Fond tomonidan ajratiladigan yoki Fond yordamida ular tomonidan olinadigan mablag‘larning maqsadli foydalanilishini nazorat qilish, tartib buzilishlar aniqlangan hollarda mablag‘ bilan ta’minlashni to‘xtatib qo‘yish yoki ajratilgan mablag‘larni qaytarib olish;
xo‘jalik hisobidagi tashkilotlarni tashkil etishda qatnashish;
tadbirkorlarni tayyorlashda va ularning malakasini oshirishda, shu jumladan, chet ellarda, yordam ko‘rsatish;
tadqiqotlarni, tajriba-konstruktorlik ishlarini mablag‘ bilan ta’minlash va tadbirkorlikni rivojlantirish bilan bog‘liq mavzularda ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar o‘tkazish;
shartnomalar tuzish, ko‘chiriladigan mulk va ko‘chmas mulkni sotib olish va ijaraga olish, yuridik va jismoniy shaxslar bilan aloqalar o‘rnatish;
tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish, xalqaro tashkilotlar va boshqa xorijiy yuridik va jismoniy shaxslar bilan aloqalar o‘rnatish;
tanlov komissiyalari, ekspert kengashlari, shu jumladan, xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda tuzish;
reklama-noshirlik faoliyatini amalga oshirish;
hududiy Palatalar huzurida o‘z vakillariga ega bo‘lish;
qonunchilikka zid kelmaydigan, fond va Palata maqsadlari va vazifalariga muvofiq keluvchi faoliyatning boshqa turlarini amalga oshirish.
Fond savdo-vositachilik, lizing, trast, ipoteka operatsiyalari va qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish huquqiga ega emas. Ko‘rsatib o‘tilgan operatsiyalarni amalga oshirish uchun Fond tegishli litsenziyalar asosida ish ko‘ruvchi ixtisoslashtirilgan korxonalar tashkil etishga haqlidir.
2. Fond tomonidan berilgan to‘lov kafilligi (kafolatlar) summasi tegishli qonunchilik va normativ hujjatlar bilan belgilangan miqdorlardan oshib ketmasligi kerak.
Fond tomonidan qarz mablag‘lar faqat foizli stavka asosida, keyinchalik mablag‘larni jalb qilishdan katta stavka bilan kredit berish uchun, jalb qilinishi mumkin.
IV. FONDNING MAJBURIYATLARI
1. Fond:
fond mablag‘larini joylashtirishni va ulardan samarali foydalanishni ta’minlashga;
Palata a’zolarining fond mablag‘laridan maqsadli foydalanishlarini nazorat qilishga;
tadbirkorlikni rivojlantirish va uni mustahkamlash uchun ko‘maklashishga;
Palata a’zolariga moliyaviy yordam ko‘rsatishning zarur bo‘lgan hajmini belgilovchi hisob-kitoblarni amalga oshirishda yordam berishga;
moliyaviy intizom darajasini ko‘tarish yuzasidan Palata a’zolari bilan ish olib borishga;
tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar orasida halol raqobatni rivojlantirishga va ularning Tadbirkorlar xartiyasi prinsiplariga rioya qilishlariga yordam ko‘rsatishga;
daromadlar va xarajatlar balansini har yili e’lon qilishga majburdir.
V. FONDNI BOShQARISh
1. Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi prezidiumi lavozimiga tayinlanadigan va lavozimidan bo‘shatadigan bosh direktor boshchiligidagi direksiya fondini boshqarish organi hisoblanadi.
2. Fondning bosh direktori:
Fond faoliyatini tashkil etadi va Fondga yuklangan vazifalarning bajarilishi uchun javob beradi;
Fond xodimlarini ishga qabul qiladi va ishdan bo‘shatadi;
Fondni davlat organlari, muassasalari va korxonalar, yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan, xorijiy davlatlar yuridik va jismoniy shaxslari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar oldida ifodalaydi;
yuridik va jismoniy shaxslar bilan shartnomalar tuzadi, Fond nomidan ishonchnoma qog‘ozisiz harakatlar sodir etadi;
shtat jadvalini tuzadi va uni Palata prezidiumi tasdiqlashi uchun taqdim etadi;
Fondning mansab yo‘riqnomalarini va boshqa ichki hujjatlarini tasdiqlaydi;
Fond nomidan da’vo qiladi;
Fond xodimlari bajarishlari majburiy bo‘lgan buyruqlar va farmoyishlar chiqaradi;
mazkur Nizomga hamda amaldagi qonunchilikka muvofiq boshqa masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qiladi;
Fond vakolati doirasidagi boshqa faoliyatni amalga oshiradi.
3. O‘zbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi prezidiumi fond faoliyatini, Fondning qonunchilikka, mazkur Nizomga hamda Ustavga qanday rioya qilayotganligini nazorat qiladi.
Palata prezidiumi navbatdagi yil uchun mablag‘lar kelib tushishining asosiy manbalari va ulardan foydalanishning yo‘nalishlari bo‘yicha daromadlar va xarajatlar smetasini tasdiqlaydi.
VI. FOND MABLAG‘LARINI ShAKLLANTIRISh MANBALARI
1. Quyidagilar Fond mablag‘larini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasining beg‘araz moliyaviy yordami;
Vazirlar Mahkamasining zaxira fondidan olinadigan mablag‘lar;
xususiylashtirish davlat dasturini amalga oshirish, bozor infrastrukturasini tashkil etish va rivojlantirish uchun mo‘ljallangan mablag‘larning 10 foizi;
O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslarning mablag‘lari;
xorijiy yuridik shaxslar va xalqaro moliya tashkilotlarining mablag‘lari;
kredit berish va investitsiya qo‘yishni, shuningdek, qonunchilikka zid kelmaydigan faoliyatning boshqa turlarini o‘z ichiga oluvchi o‘z xo‘jalik faoliyatida olingan daromad.
VII. BOShQA QOIDALAR
Fondni tugatish va qayta tashkil etish qonunchilik bilan belgilangan tartibda va hollarda amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 1996-yil
7-iyundagi 215-son qaroriga
2-ILOVA
Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash fondi mablag‘larini shakllantirish hamda taqsimlash
TARTIBI
1. Ushbu Tartib O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi faoliyati masalalari to‘g‘risida” 1996-yil 30-martdagi 125-son qarori asosida ishlab chiqilgan hamda Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash fondi (keyingi o‘rinlarda Fond deb ataladi) mablag‘laridan foydalanish tartibini belgilab beradi.
2. Fond mablag‘lari quyidagi manbalar hisobiga shakllantiriladi:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasining 100 mln. so‘m miqdoridagi beg‘araz moliyaviy yordami hamda Vazirlar Mahkamasining zaxira fondidan bir yo‘la beriladigan 50 mln. so‘m miqdoridagi mablag‘lar;
xususiylashtirish, bozor infrastrukturasini tashkil etish va rivojlantirish davlat dasturini amalga oshirishga mo‘ljallangan mablag‘lardan yilning har choragida Davlat mulki qo‘mitasi tomonidan beriladigan 10 foiz miqdoridagi mablag‘lar;
O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslarning mablag‘lari;
xorijiy yuridik shaxslar va xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘lari;
kredit berishni, investitsiya qo‘yishni, shuningdek qonunchilikka zid kelmaydigan boshqa faoliyat turlarini o‘z ichiga oluvchi o‘z xo‘jalik faoliyatidan olingan daromadlar.
3. Fond faoliyatidan olingan daromadlar va tushumlar o‘zining tasarrufida qoladi va Fond to‘g‘risidagi Nizomda nazarda tutilgan maqsad va vazifalarni amalga oshirish uchun yo‘naltiriladi.
O‘zbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi prezidiumi har yili mablag‘lar tushadigan asosiy manbalar hamda ulardan foydalanish yo‘nalishlari bo‘yicha, daromadlar va xarajatlarning navbatdagi yil uchun smetasini tasdiqlaydi.
4. Fond mablag‘lari quyidagi tartibda taqsimlanadi:
Palata a’zolariga lizing, konsalting, auditorlik, yuridik va axborot xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha xo‘jalik hisobidagi tashkilotlar (markazlar, xizmatlar, firmalar) tashkil etishga;
mayda ulgurji, vositachilik, transport tashkilotlari, konsignatsiya omborxonalari tarmoqlarini va bozor infrastrukturasining boshqa obyektlarini rivojlantirishga;
import-eksport tovarlarni, xomashyo va asbob-uskunalarni ekspertiza qilishning hukumatga qarashli bo‘lmagan tizimini shakllantirishga;
barcha darajalardagi Palatalar to‘g‘risida umumrespublika axborot tizimini va ma’lumotlar banklarini yaratishga;
tadbirkor kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga.
Ushbu maqsadlarga Fond mablag‘larning 50 foizgachasini;
zaxira fondini tashkil etishga — 5 foizini;
Fond va Palataning o‘z infrastrukturasini rivojlantirishga — 10 foizgachasini sarflashi mumkin.
Moliyaviy yordam tadqiqotlarni mablag‘ bilan ta’minlash, tajriba-konstruktorlik ishlarini amalga oshirish, tadbirkorlar va tovar ishlab chiqaruvchilar tayyorlash va ularning malakasini oshirish, ilmiy-amaliy konferensiyalar va seminarlar hamda Palata dasturiga muvofiq boshqa tadbirlar o‘tkazish maqsadida ham ko‘rsatilishi mumkin.
5. Fond Palata a’zolariga muddatli, qaytarish va to‘lash prinsiplari bo‘yicha moliyaviy yordam ko‘rsatadi. Mablag‘lar bozor infrastrukturasini yaratish va rivojlantirish uchun, ishlab chiqarishga yangi mahsulot turlarini joriy etishga, ishlab chiqarishni kengaytirish, rekonstruksiya qilish va texnika bilan qayta jihozlashga, ko‘rsatiladigan xizmatlar va bajariladigan ishlar hajmini ko‘paytirishga ajratiladi.
6. Fond mablag‘larini 5-bandga muvofiq berish majburiyatlarning bajarilishi (sug‘urta guvohnomasi, kafolatnoma, garov ta’minoti va shu kabilar) ta’minlangan taqdirda qarz oluvchilar bilan tuzilgan tegishli shartnomalar asosida beriladi.
7. Shartnomada quyidagilar majburiy tartibda belgilab qo‘yiladi:
shartnoma bo‘yicha ajratiladigan mablag‘larning eng ko‘p miqdori;
mablag‘larni ajratish davri;
qarzdorning asosiy qarzni to‘lash jadvali;
foizli to‘lovlar jadvali, foizli stavkalar va uni qayta ko‘rib chiqish tartibi;
to‘lov muddati o‘tib ketgan qarzlarni hamda jarima foizlarini hisoblash tartibi;
tomonlarning bank rekvizitlari.
Kredit shartnomasi shartlariga har qanday o‘zgartirishlar tomonlarning yozma holdagi bitimlariga binoan kiritiladi.
8. Palata a’zosiga — qarz oluvchiga xizmat ko‘rsatiladigan tijorat bankida qarz mablag‘larini o‘tkazish va ulardan belgilangan maqsadda foydalanishni ta’minlash uchun subhisob schyoti ochiladi. TIA moliyaviy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomaning mablag‘lardan foydalanishning aniq yo‘nalishlari ko‘rsatilgan nusxasi subhisob schyoti mablag‘laridan belgilangan maqsadda foydalanilishini bank tomonidan nazorat qilish uchun asos bo‘lib hisoblanadi.
9. Fondning o‘z infrastrukturasini, shuningdek Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasini rivojlantirishga xarajatlar tushadigan mablag‘lar va daromadlarning 10 foizi doirasida amalga oshiriladi.
10. Fond har yil choragi birinchi oyining 15-kunigacha Davlat mulki qo‘mitasiga va Moliya vazirligiga yilning keyingi choragi oxiridagi moliyaviy ahvol to‘g‘risida hisobot topshiradi. Hisobotda quyidagi ma’lumotlar bo‘lishi kerak:
Fond balansi;
schyotlardagi mablag‘larning yil choragidagi harakati;
resurslarning ishlatilishi, kreditlarning berilishi va to‘lanishi, kreditlarning respublika mintaqalari bo‘yicha taqsimlanishi;
daromad va xarajatlar.
Vazirlar Mahkamasining 1996-yil
7-iyundagi 215-son qaroriga
3-ILOVA
Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash fondi ijro etuvchi direksiyasi
TUZILMASI
(O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari to‘plami, 1996-y., 6-son, 19-modda)