toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
Bank xizmatlari isteʼmolchilari bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qoʻyiladigan minimal talablar toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 15-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3030-1]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq Markaziy bank Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2018-yil 28-apreldagi 16/18-son qarori (roʻyxat raqami 3030, 2018-yil 2-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2018-yil 9-iyul, 27-son, 553-modda) bilan tasdiqlangan Bank xizmatlari isteʼmolchilari bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qoʻyiladigan minimal talablar toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2019-yil 8-iyun,
13/14-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 8-iyundagi 13/14-son qaroriga
ILOVA
Bank xizmatlari isteʼmolchilari bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qoʻyiladigan minimal talablar toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 5-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5. Bank xizmatlarini taqdim etish shartlari, ushbu shartlarning oʻzgarishi haqidagi maʼlumotlar bankning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinishi, shuningdek bankning axborot stendlarida doimiy ravishda joylashtirib borilishi kerak.
Bunda, bank xizmatlarini taqdim etish shartlarining oʻzgarishi haqidagi maʼlumot kuchga kirishidan kamida oʻn kun oldin, valyuta ayirboshlash kurslarining oʻzgarishi toʻgʻrisidagi maʼlumot zudlik bilan eʼlon qilinishi lozim.”.
2. Quyidagi mazmundagi 61-band bilan toʻldirilsin:
“61. Isteʼmolchi bank xizmatlarini koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomani (kredit, depozit, bank hisobvaragʻiga xizmat koʻrsatish, lizing, bank kartalari va boshqalar boʻyicha) imzo qoʻymasdan oldin tanishib chiqishi uchun oʻzi bilan olib ketishga haqli.
Bank isteʼmolchini ushbu huquqqa ega ekanligi toʻgʻrisida xabardor qilishi lozim.”.
3. Quyidagi mazmundagi 121-band bilan toʻldirilsin:
“121. Bank isteʼmolchiga yoki uning vakolatli vakiliga bank xizmatini koʻrsatish toʻgʻrisida shartnoma imzolangan kunda shartnomaning bitta asl nusxasini taqdim etishi kerak.”.
4. 13-band qoʻyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Rasmiy veb-saytga joylashtirilayotgan axborotlarning sanasi koʻrsatilishi kerak.”.
5. Quyidagi mazmundagi 241-band bilan toʻldirilsin:
“241. Bank omonatchilar uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan cheklovlar oʻrnatishga haqli emas.”.
6. 26-band quyidagi mazmundagi toʻqqizinchi — oʻn uchinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“foiz stavkalari;
omonat boʻyicha asosiy summa va foizli daromadlarni toʻlab berish tartibi;
omonatga qoʻshimcha mablagʻ kiritish imkoniyati;
omonatga naqd pullarni kirim qilish qanday hujjat bilan rasmiylashtirilishi;
omonatga qoʻyish maqsadida bank kassasiga naqd pullarni topshirish yoki bank hisobvaragʻiga mablagʻlarni oʻtkazishdan avval bank bilan depozit shartnomasini rasmiylashtirish shartligi;”;
toʻqqizinchi xatboshi oʻn toʻrtinchi xatboshi deb hisoblansin.
toʻrtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“foiz stavkasining yillik nominal qiymati, shuningdek isteʼmolchi murojaat qilgan sanadagi kreditning toʻliq qiymati (shartnoma tuzish paytida uning mutlaq qiymatini, yaʼni kredit yoki qarzning asosiy qiymati, foizlari, komission va boshqa toʻlovlar, shu jumladan amaldagi tariflar boʻyicha uchinchi shaxs foydasiga toʻlanadigan toʻlovlarni, agar bunday toʻlovlar qarzdorning majburiyati boʻyicha shartnoma shartlaridan kelib chiqadigan boʻlsa, ularni alohida koʻrsatgan holda maʼlumot taqdim etadi);”;
quyidagi mazmundagi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“isteʼmolchi tomonidan kredit olish uchun taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqish, kreditni taqdim etish va undan foydalanish muddatlari;
kredit olish uchun zarur boʻlgan hujjatlarning toʻliq roʻyxati;
kredit taʼminotiga qabul qilinadigan garov turlari (agar garov talab qilinsa).”.
8. Quyidagi mazmundagi 301-band bilan toʻldirilsin:
“301. Isteʼmolchi kredit olish uchun bankka murojaat qilganida, bank mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq Kreditning asosiy shartlari toʻgʻrisidagi axborot varaqasini (bundan buyon matnda Axborot varaqasi deb yuritiladi) isteʼmolchi bilan birgalikda toʻldiradi va isteʼmolchiga bepul tarzda taqdim etadi.
Axborot varaqasi kredit olish uchun buyurtmanoma hisoblanmaydi.”.
9. Quyidagi mazmundagi 361 364-bandlar bilan toʻldirilsin:
“361. Isteʼmolchi-jismoniy shaxs bank xizmatlari uchun toʻlovlarni amalga oshirish shaklini oʻzi mustaqil tanlash huquqiga ega.
362. Bank tomonidan toʻlov shakliga qarab (naqd pul bilan yoki naqd pulsiz hisob-kitoblar) bank xizmatlari uchun har xil narxlar (tariflar) belgilash taqiqlanadi.
363. Isteʼmolchilarga nisbatan bank tomonidan bank xizmatlari uchun toʻlovlarni faqat oʻz filiallarining kassalari (mini-banklari) orqali va (yoki) naqd pul shaklida toʻlash, shuningdek omonatlarga mablagʻlar faqat naqd pul shaklida qabul qilish lozimligi boʻyicha talab belgilanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
364. Isteʼmolchi-jismoniy shaxs yashash joyidan qatʼi nazar, oʻzi tanlagan bankka kredit olish uchun murojaat etishga haqli.”.
birinchi xatboshisidagi “bankka oʻtkazish” degan soʻzlar “shaxs foydasiga voz kechish” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Mazkur bandning birinchi xatboshisida nazarda tutilgan qoidalar ipoteka kreditlari boʻyicha talablarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-maydagi PF-5715-son “Ipoteka krediti bozorini rivojlantirish va kengaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan tashkil etilgan Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasiga oʻtkazish holatlariga tatbiq etilmaydi.”.
11. Quyidagi mazmundagi 471 — 476-bandlar bilan toʻldirilsin:
“471. Bank isteʼmolchining murojaat qilish huquqini cheklashga haqli emas. Bank tomonidan isteʼmolchilarning murojaatlarini koʻrib chiqish bepul amalga oshiriladi.
Bank tomonidan murojaatni qabul qilishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
472. Bank oʻzining rasmiy veb-sayti orqali isteʼmolchilarning elektron murojaatlarini qabul qilishni tashkillashtirishi lozim.
473. Banklar isteʼmolchilar bilan telefon aloqasi orqali bogʻlanishini taʼminlovchi Call-markazlarga ega boʻlishlari lozim. Mazkur Call-markazlar orqali isteʼmolchilarga bank faoliyati bilan bogʻliq ogʻzaki maslahatlar va tushuntirishlar berilishi kerak.
474. Call-markazlar telefonlarining raqamlari bank rasmiy veb-sayti bosh sahifasida, shuningdek uning filiallari, mini-banklari va bank binosidan tashqarida joylashgan kassalarining axborot stendlarida joylashtirilishi lozim.
475. Call-markaz orqali tushayotgan murojaatlar ish vaqti davomida qabul qilinadi.
476. Isteʼmolchining ogʻzaki murojaatida bayon etilgan masala qoʻshimcha oʻrganishni yoki qoʻshimcha tekshirish oʻtkazishni talab etmasa, ushbu murojaatga javob telefon orqali yoki shaxsiy qabul davomida ogʻzaki berilishi mumkin.
Agar isteʼmolchining ogʻzaki murojaatida bayon etilgan masalasi qoʻshimcha oʻrganishni talab etsa, isteʼmolchiga murojaatni tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda yozma yoki elektron shaklda taqdim etish taklif etiladi.”.
12. Quyidagi mazmundagi 491 va 492-bandlar bilan toʻldirilsin:
“491. Isteʼmolchilarning yozma murojaatlari bankka kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn besh kun ichida, qoʻshimcha oʻrganish va (yoki) tekshirish, qoʻshimcha hujjatlarni soʻrab olish talab etilganda esa, bir oygacha boʻlgan muddatda koʻrib chiqiladi.
Murojaatlarni koʻrib chiqish uchun tekshirish oʻtkazish, qoʻshimcha materiallarni soʻrab olish yoxud boshqa chora-tadbirlar koʻrish zarur boʻlgan hollarda, ularni koʻrib chiqish muddatlari bankning rahbari tomonidan istisno tariqasida uzogʻi bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin, bu haqda murojaat etuvchiga xabar qilinadi.
492. Quyidagi murojaatlar koʻrib chiqilmaydi:
anonim murojaatlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari orqali berilgan murojaatlar, ularning vakolatini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlmagan taqdirda.
Murojaatlar koʻrmay qoldirilganda tegishli xulosa tuziladi, u bankning rahbari yoki vakolat berilgan mansabdor shaxsi tomonidan tasdiqlanadi.
Jismoniy va yuridik shaxs vakilining vakolatini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emasligi sababli murojaatlar koʻrmay qoldirilganligi toʻgʻrisida murojaat qiluvchi tegishli tartibda xabardor qilinadi.”.
13. Mazkur oʻzgartirish va qoʻshimchalarning ilovasiga muvofiq tahrirda ilova bilan toʻldirilsin.
Bank xizmatlari isteʼmolchilari bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qoʻyiladigan minimal talablar toʻgʻrisida nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarga
ILOVA
“Bank xizmatlari isteʼmolchilari bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qoʻyiladigan minimal talablar toʻgʻrisida nizomga
ILOVA

Kreditning asosiy shartlari toʻgʻrisidagi axborot varaqasi*

‎‎Tijorat bankining nomi ‎‎
Mazkur varaqa kim tomondan toʻldirilgan (F.I.O. va bank mutaxassisining lavozimi) ‎‎
‎‎Toʻldirilgan sana

1-boʻlim. Kredit boʻyicha maʼlumotlar

1. Kreditning maqsadi (turi) ‎‎
2. Ajratiladigan kreditning valyuta turi ‎‎
3. Kreditning miqdori ‎‎
4. Kreditning muddati ‎‎
5. Kreditning foiz stavkasi
(nominal miqdorda)‎‎

‎‎_______________
‎(foiz koʻrinishida)

_______________________
(kreditning toʻliq muddatiga pul koʻrinishida)

6. Kreditning toʻliq qiymati
(nominal foiz stavkasini va kreditga xizmat koʻrsatish xarajatlarini oʻz ichiga oladi)
7. Toʻlovlarning davriyligi
(har oyda, har chorakda va h.k.)
‎‎
‎‎8. Kreditni soʻndirish usuli
(annuitet usulida (teng miqdorlarda), kreditning qoldiq summasidan kamayib borish usulida va h.k.)
9. Toʻlovlarning davrida bir martalik toʻlovning summasi

‎‎_______________________
(annuitet usulida)

10. Kredit bilan bogʻliq qoʻshimcha xarajatlar, jumladan:

‎‎______________________
‎(kreditning toʻliq muddatiga pul koʻrinishida, jami)

Turlari boʻyicha bankning komissiya va yigʻimlari
(alohida koʻrsatilsin)

_________________________
‎(kreditning toʻliq muddatiga pul koʻrinishida)

‎uchinchi shaxslar xizmati
(alohida koʻrsatilsin)

______________________________
‎(kreditning toʻliq muddatiga pul koʻrinishida)

Kredit olishga rozi boʻlishdan oldin diqqat bilan oʻrganib chiqing!

‎‎_______________________________
* Mazkur varaqa kredit shartnomasi yoki kredit olish uchun buyurtmanoma oʻrnini bosmaydi, aksincha turli banklarning kreditlash shartlarini taqqoslashga va kerakli tanlovni amalga oshirishga yordam beradi.

‎‎2-boʻlim. Boshqa muhim shartlar

‎‎1. Kredit shartnomasi shartlari buzilganligi uchun neustoyka

_________________________________
‎(foiz yoki qatiy belgilangan summa koʻrsatiladi, shuningdek neustoyka hisoblash uchun asos boʻluvchi shartnoma shartlari keltiriladi)

2. Kredit boʻyicha qarzdorlik oʻz vaqtida soʻndirilmaganligi uchun kredit summasidan toʻlanadigan oshirilgan foiz stavkasi miqdori
(agar bunday shart mavjud boʻlsa)

_________________
(foizda)

3. Kreditning taʼminoti
(taʼminot predmetiga qoʻyiladigan minimal talablar, garovning minimal qiymati)
Mazkur axborot varaqasining 1 va 2-boʻlimlarda keltirilgan maʼlumotlar yakuniy hisoblanmaydi va kredit shartnomasida oʻzgartirilishi mumkin.

3-boʻlim. Kredit olish uchun taqdim etilishi lozim boʻlgan hujjatlar roʻyxati

1.
‎2.
‎...

4-boʻlim. Boʻlajak qarz oluvchi sifatida Sizning huquqlaringiz

1. Siz bankni va bank xizmatlarini tanlashda erkinsiz.
‎2. Siz kredit shartnomasi yoki boshqa shartnoma va bitimlarni imzolashdan bosh tortishga haqlisiz.
‎3. Siz kredit shartnomasi tuzishda shartnoma tuziladigan tilni tanlash huquqiga egasiz (davlat yoki rus tillarida).
‎4. Siz kredit shartnomasi loyihasini bank tashqarisida tanishib chiqish va maslahatlashish uchun olishga haqlisiz.
‎5. Siz kreditning shartlari va qiymati toʻgʻrisida, toʻlovlar va hisob-kitoblar tartibi toʻgʻrisida (foizlar, jarima va penyalar), kredit shartnomasi boʻyicha Sizning huquqlaringiz va majburiyatlaringiz toʻgʻrisida, kredit shartnomasi boʻyicha yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xatarlar va javobgarliklar toʻgʻrisida, shuningdek Sizga tushunarsiz boʻlgan boshqa masalalar yuzasidan bankdan toʻliq va batafsil maʼlumot olishga haqlisiz.
‎6. Kredit shartnomasi imzolanganidan keyin, biroq pul mablagʻlari haqiqatda olingunga qadar Siz kredit olishdan biron-bir toʻlovlarsiz voz kechish huquqiga egasiz.
‎Bank xodimlari haq evaziga kredit olish yuzasidan koʻmaklashishga haqli emas.
‎Agar Sizda shikoyatlar mavjud boʻlsa, u holda Siz murojaatingizni (telefon raqami koʻrsatiladi) raqamli telefonga yoki (bankning pochta manzili koʻrsatiladi) manzilga yoki (bankning elektron pochtasi manzili koʻrsatiladi) elektron manzilga joʻnatishingiz mumkin.
AXBOROT VARAQASINING TOʻGʻRILIGI VA HAQIQIYLIGI TASDIQLANADI.

_______________________________________
‎(F.I.O. va bank mutaxassisining lavozimi)”.

(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.07.2019-y., 10/19/3030-1/3428-son)