1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.14.00.00 Qishloq xoʻjaligi / 09.14.09.00 Qishloq xoʻjaligi tarmoqlari / 09.14.09.06 Urugʻchilik. Seleksiya. Tajriba xoʻjaliklari]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Sanoat]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasida zamonaviy urugʻchilik klasterlarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻlik materiallarini ishlab chiqarish, qayta ishlash va tayyorlashga samarali usullarni joriy etish, sifatli va raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni kengaytirish, keyinchalik xalqaro bozorlarga tarqatish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha Harakatlar strategiyasining “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida” 2019-yil 17-yanvardagi PF-5635-son Farmoni hamda “Issiqhona komplekslarini rivojlantirish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 20-noyabrdagi PQ-4020-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, “Oʻzpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati, “Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi va tegishli viloyatlar hokimliklarining 2019-yilning uchinchi choragidan boshlab Buxoro, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo va Fargʻona viloyatlarida qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklari ishlab chiqarishning klaster shaklini bosqichma-bosqich joriy etish boʻyicha taklifiga rozilik berilsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarini ishlab chiqarish boʻyicha urugʻchilik klasterlari (keyingi oʻrinlarda urugʻchilik klasterlari deb ataladi) Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi “Urugʻchilikni rivojlantirish markazi” Davlat unitar korxonasi (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) hamda toʻgʻridan-toʻgʻri, shuningdek, xorijiy investitsiyalarni kiritish orqali urugʻchilik klasteri rivojlanishini taʼminlovchi investorning birgalikdagi ishtirokida tashkil etiladi;
urugʻchilik klasterlari Markaz ishtirokisiz tashkil etilganda, investor va Markaz oʻrtasida qishloq xoʻjaligi ekinlarining birlamchi urugʻchiligini tashkil etish va rivojlantirish, urugʻliklarni tayyorlash va foydalanish, urugʻchilik sohasida ilmiy va tajriba-sinov tadqiqotlarini oʻtkazishni tartibga solish boʻyicha kelishuvlar tuziladi;
investorni tanlash Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan tanlov asosida amalga oshiriladi. Tanlov yakunlariga koʻra, urugʻchilik klasterlarini tashkil etish uchun yer maydonlarini ajratish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi;
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 5 –7-moddalari.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tashabbusi bilan davlat-xususiy sheriklik (keyingi oʻrinlarda DXSH deb ataladi) asosida urugʻchilik klasterlari tashkil etilishi mumkin.
3. Urugʻchilik klasterlari quyidagi shartlarda tuzilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin:
a) investor:
paxta xom ashyosini dastlabki qayta ishlash, urugʻlik materiallari tayyorlash, tuproq va issiqxona kompleksida qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklari yetishtirish boʻyicha ishlab chiqarish quvvatlarini, shuningdek, boshqa mol-mulk va aktivlarini urugʻchilik klasteri ustav jamgʻarmasiga oʻtkazadi;
paxta xom ashyosini dastlabki qayta ishlash, urugʻlik materiallari tayyorlash boʻyicha oʻzining ishlab chiqarish quvvatlarini yaratadi;
b) Markaz:
paxta chigiti va boshoqli don urugʻliklari tayyorlash sexlarini, shuningdek, boshqa mol-mulk va aktivlarini urugʻchilik klasteri ustav jamgʻarmasiga oʻtkazadi;
v) qishloq xoʻjaligi ekinlarining urugʻliklarini yetishtiruvchi urugʻchilik klasterlari faoliyatini tashkil etish 1-ilovaga muvofiq sxemada amalga oshiriladi.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
urugʻchilik klasterlariga oʻtkazilayotgan paxta tozalash korxonalarining bino va inshootlari jamiyatlar boshqaruv organlari qarori asosida belgilangan tartibda 5 yil muddatga boʻlib toʻlash sharti bilan sotiladi;
paxta tozalash va donni qayta ishlash korxonalarining mol-mulk shaklidagi urugʻlik tayyorlash sexlari, shuningdek, “Oʻzpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyatining urugʻlik tayyorlashga ixtisoslashgan masʼuliyati cheklangan jamiyatlaridagi ulushi jamiyatlar boshqaruv organlari qarori asosida Markazga oʻrnatilgan tartibda 10 yil muddatga boʻlib toʻlash sharti bilan sotiladi;
Markazning urugʻlik tayyorlash sexlarini sotib olish mablagʻlari manbasi etib, urugʻchilik klasterlari tomonidan sotiladigan paxta tolasining ulgurji narxi bilan sotish narxi orasidagi ijobiy farqdagi mablagʻlar, shuningdek, Markazning daromadlari hisoblanadi.
5. Urugʻchilik klasterlarini tashkil etish uchun tanlovlarni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Buxoro, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo va Fargʻona viloyatlari hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi va Markaz bilan birgalikda:
a) ikki oy muddatda investorlar oʻrtasida tanlov oʻtkazilishini tashkil etsin;
b) 2019-yil 1-sentabrga qadar boshoqli don urugʻliklari, shuningdek, 2020-yil 1-fevralga qadar paxta, sabzavot, poliz, ozuqa va moyli ekinlar urugʻliklari yetishtiradigan fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi tashkilotlari roʻyxatini shakllantirsin va ular bilan urugʻchilik klasterlari oʻrtasida 2020-yilda urugʻliklar yetishtirish yuzasidan kontraktatsiya shartnomalari tuzilishini taʼminlasin.
[OKOZ:
1.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.05.00.00 Respublika budjeti / 07.05.09.00 Budjet ssudalari. Davlat kreditlari;
2.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.06.00.00 Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti. Mahalliy budjet]
7. Belgilab qoʻyilsinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 28-fevraldagi 149-son qarori bilan tasdiqlangan Topshirilgan paxta xom ashyosi va boshoqli don yetishtirish boʻyicha xarajatlarga kredit ajratish va yakuniy hisob-kitob qilish tartibi toʻgʻrisida nizomga muvofiq Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) mablagʻlari hisobidan urugʻchilik klasterlariga kredit ajratiladi;
Jamgʻarma oʻrnatilgan tartibda urugʻchilik klasterlariga 2020-yil hosilidan urugʻlik paxta xom ashyosi va boshoqli don urugʻliklari yetishtirishni tashkil etish uchun yetarli miqdorda kredit ajratilishini taʼminlaydi;
urugʻchilik klasterlariga Vazirlar Mahkamasining “Paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishini tashkil etishning zamonaviy shakllarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 25-yanvardagi 53-son qarori 2 va 13-bandlari, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “Paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlari faoliyatini tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 31-martdagi 253-son qarori 2-bandida nazarda tutilgan imtiyoz va shartlar tatbiq etiladi;
boshoqli don urugʻliklari tayyorlash sexlarining qoʻshimcha mahsulotlari birja savdolari orqali omuxta yem ishlab chiqaruvchi tashkilotlarga realizatsiya qilinadi.
8. Urugʻchilik klasterlarining asosiy moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
urugʻlik materialini tayyorlashdan, uni realizatsiya qilishdan, shuningdek, eksportga sotishdan olingan daromadlar;
xalqaro moliyaviy va boshqa institutlar, xorijiy tashkilotlar grantlari doirasida kelib tushgan mablagʻlar;
oʻz mablagʻlari va qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
9. “Oʻzpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati va “Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda:
urugʻchilik klasterlari tarkibiga oʻtkazilayotgan paxta tozalash korxonalari, paxta va boshoqli don urugʻliklari tayyorlash sexlarining bino va inshootlarini xatlovdan oʻtkazilishini va baholashni;
Markaz va urugʻchilik klasterlari bilan paxta tozalash korxonalari, paxta va boshoqli don urugʻliklari tayyorlash sexlari bino va inshootlari boʻyicha oldi-sotdi shartnomalari tuzilishini taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Moliya vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi va “Oʻzpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati bilan birgalikda uch oy muddatda sotib olish toʻlovlari grafiklarini inobatga olgan holda, Vazirlar Mahkamasiga oʻrnatilgan tartibda toʻlovlarni 12 oygacha uzaytirish boʻyicha asoslangan takliflar kiritish bilan birga paxta tozalash korxonalari bino va inshootlari boʻyicha oldi-sotdi shartnomalari tuzilgandan soʻng urugʻchilik klasterlariga realizatsiya qilinayotgan paxta tozalash korxonalarining soliqdan qarzdorligini xatlovdan oʻtkazsin.
11. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq urugʻchilik klasterlari:
oʻz ishlab chiqarish quvvatlari yaratilgunga qadar urugʻlik paxta xom ashyosini qayta ishlashni “Oʻzpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyatining paxta tozalash korxonalari va paxta-toʻqimachilik klasterlarida toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida amalga oshiradi;
qishloq xoʻjaligi texnikalari uchun ularning sonidan kelib chiqqan holda tabiiy gaz ishlab chiqarish va taqsimotining moddiy balanslari doirasida avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor stansiyalariga ajratilgan siqilgan tabiiy gazdan xarid qiladi;
oʻzlari ishlab chiqaradigan urugʻlik sifatiga, shuningdek, ularni tayyorlash texnologiyasini doimiy ravishda takomillashtirib borish boʻyicha zarur tadbirlarni oʻz vaqtida va toʻliq amalga oshirilishiga javobgar hisoblanadi.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi har yilgi moddiy balanslarni shakllantirishda alohida qatorda urugʻchilik klasterlari tomonidan ishlab chiqariladigan paxta tolasini hisobga olinishini nazarda tutsin.
13. Urugʻchilik klasterlariga “Oʻzpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyatining paxta tozalash korxonalari oʻtkazilayotgan tumanlarida “Oʻzpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati va “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi bilan kelishgan holda texnik paxta xom ashyosini qayta ishlashga va kontraktatsiyani amalga oshirishga ruxsat berilsin. Bunday hollarda, urugʻchilik klasterlari urugʻlik va texnik paxta xom ashyosini alohida jamgʻarilishini taʼminlaydi.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmuasi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi va Markaz bilan birgalikda:
urugʻchilik klasterlari tomonidan belgilangan hajmlarda yuqori sifatli urugʻlik materiallari ishlab chiqarilishini;
zamonaviy raqamli va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, shuningdek, videouskunalar, elektron tarozilar, avtomatlashtirilgan nazorat va hisobga olishning mos keluvchi tizimlarini keng joriy qilinishi boʻyicha tizimli nazorat oʻrnatilishini taʼminlasin.
15. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Andijon, Jizzax, Navoiy, Sirdaryo, Toshkent va Xorazm viloyatlari hokimliklari qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarini ishlab chiqarishning klaster shaklini joriy etish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri xususiy va xorijiy investitsiyalarni kiritishga xohishi boʻlgan investorlarni faol jalb qilish boʻyicha zarur tashkiliy-amaliy choralarni koʻrsin.
16. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi A.D. Vaxabov hamda Qishloq xoʻjaligi vaziri J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 18-iyun,
512-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-iyundagi 512-son qaroriga 1-ILOVA
Qishloq xoʻjaligi ekinlarining urugʻliklarini yetishtiruvchi urugʻchilik klasterlari faoliyatini tashkil etish
SXEMASI
Bosqichlar
Subyektlar
Chora-tadbirlar
Koʻrib chiqish muddati
1-bosqich
“Oʻzpaxtasanoat” AJ,
“Oʻzdonmahsulot” AK Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan hamkorlikda
Tashkil etilayotgan urugʻchilik klasterlari tarkibiga oʻtkazilayotgan paxta tozalash korxonalari, paxta va boshoqli don urugʻliklari tayyorlash sexlari bino va inshootlari roʻyxatini shakllantirish.
Har yili 20-martga qadar
2-bosqich
Qishloq xoʻjaligi vazirligi
Tanlov asosida viloyatlar hokimliklari bilan kelishilgan holda urugʻchilik klasterini tashkil etish boʻyicha investorlarni aniqlash.
Har yili 1-aprelga qadar
3-bosqich
Urugʻchilikni rivojlantirish markazi, investor
Urugʻchilik klasterini tashkil etish.
Har yili 10-aprelga qadar
4-bosqich
“Oʻzpaxtasanoat” AJ,
“Oʻzdonmahsulot” AK Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan hamkorlikda
Urugʻchilik klasterlariga oʻtkazilayotgan paxta tozalash hamda don korxonalarining urugʻlik chigit va urugʻlik don tayyorlash sexlari hamda mol-mulklarini xatlovdan oʻtkazish va baholash.
Har yili 10-iyulga qadar
5-bosqich
Urugʻchilikni rivojlantirish markazi, investor bilan birgalikda
“Oʻzpaxtasanoat” AJ, “Oʻzdonmahsulot” AK bilan urugʻlik chigit va urugʻlik don tayyorlash sexlarini sotib olish boʻyicha oldi-sotdi shartnomalar tuzish.
Har yili 20-iyulga qadar
6-bosqich
Urugʻchilikni rivojlantirish markazi
Urugʻchilik klasterlariga urugʻlik chigit va urugʻlik don tayyorlash sexlarini, shuningdek, ularning boshqa mol-mulklarni oʻtkazish.
Oldi-sotdi shartnoma tuzilgandan soʻng, bir oy muddatda
7-bosqich
Investor
Paxta xom ashyosini dastlabki qayta ishlash, urugʻlik tayyorlash, tuproq va issiqxonada qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklari yetishtirish komplekslari va ishlab chiqarish quvvatlarini urugʻchilik klasterlariga oʻtkazish.
Har yili 15-iyulga qadar
8-bosqich
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, Qishloq xoʻjaligi vazirligi,
Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yerlari egalari kengashi,
Markaz
Qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklari yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari va boshqa tadbirkorlik subyektlari roʻyxatini aniqlash hamda:
urugʻlik paxta xom ashyosi yetishtiruvchi subyektlar va urugʻchilik klasterlari oʻrtasida urugʻlik paxta xom ashyosi yetishtirish;
sabzavot, poliz, ozuqa va moyli ekinlar urugʻliklarini yetishtiruvchi subyektlar va urugʻchilik klasterlari oʻrtasida sabzavot, poliz, ozuqa va moyli ekinlar urugʻliklarini yetishtirish;
boshoqli don ekinlari urugʻliklari yetishtiruvchi subyektlar va urugʻchilik klasterlari oʻrtasida boshoqli don urugʻliklari yetishtirish boʻyicha kontraktatsiya shartnomalari tuzish.
Har yili 1-fevralga qadar
Har yili 1-sentabrga qadar
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-iyundagi 512-son qaroriga 2-ILOVA
Urugʻchilik klasterlarini tashkil etish uchun tanlovlarni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom urugʻchilik klasterlari tashkil etish uchun tanlovlarni (keyingi oʻrinlarda tanlov deb ataladi) oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalar qoʻllaniladi:
urugʻchilik klasteri — ilgʻor texnologiyalarni joriy qilish hamda davlat va xalqaro standartlarga muvofiq holda urugʻliklar tayyorlash va realizatsiya qilish uchun ishlab chiqarish korxonalari, taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan bevosita va uzviy aloqalarga ega qishloq xoʻjaligi tashkiloti;
Markaz — Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi “Urugʻchilikni rivojlantirish markazi” Davlat unitar korxonasi;
investor — kelishuv tuzgan yuridik yoki jismoniy shaxs. Davlat tashkilotlari xususiy sherik sifatida ishtirok etishlari, shuningdek, xususiy sherik tarafidan qatnashishlari mumkin emas;
loyiha — urugʻchilik klasterlari tashkil etish sohasida investitsion va innovatsion chora-tadbirlar majmui.
3. Urugʻchilik klasterlari quyidagi tamoyillarga asosan tashkil etiladi:
axborotning ochiqligi va erkinligi, davlat siri va qonun bilan himoya qilinadigan maxfiy maʼlumotlar sirasiga kiradigan maʼlumotlar bundan mustasno;
kamsitilishga yoʻl qoʻymaslik, kelishuv tomonlarining teng huquqliligi;
tomonlarning kelishuv boʻyicha majburiyatlarini vijdonan bajarishi;
tomonlar oʻrtasida xatarlar va majburiyatlarning adolatli taqsimlanishi;
tomonlar oʻzaro munosabatlarining shartnomaviy asosi.
4. Urugʻchilik klasterlari yaratish uchun investorlarni jalb qilish quyidagi maqsadlar uchun amalga oshiriladi:
davlat va xalqaro standartlarga muvofiq holda, shuningdek, gidroponika va aeroponika texnologiyalarini qoʻllagan holda himoyalangan tuproqda texnik, donli, don-dukkakli, sabzavot, poliz, moyli, ozuqa va boshqa ekinlar urugʻliklarini ishlab chiqarish, tayyorlash va realizatsiya qilish, shuningdek, eksport qilish;
urugʻchilik klasterlarida texnik, donli, don-dukkakli, sabzavot, poliz, moyli, ozuqa va boshqa ekinlar birlamchi urugʻchiligini, shuningdek, oʻsimliklar biotexnologiyasini tashkil etish;
mavjud mahalliy va xorijiy navlar seleksiyasi kolleksiyasi asosida yuqori hosildorlikka, sifatga ega, zararli organizm va kasalliklarga chidamli, yuqori qoʻshilgan qiymatga ega raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishga yoʻnaltirilgan qishloq xoʻjaligi ekinlari nav va duragaylarini ishlab chiqarish tizimini yaratish;
oʻz mablagʻi va toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni, shuningdek, tijorat banklari kreditlarini jalb etish hisobiga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va raqobatbardosh urugʻliklarni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish;
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi “Urugʻchilikni rivojlantirish markazi” Davlat unitar korxonasi (keyingi oʻrinlarda — Markaz deb ataladi), ilmiy va taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda urugʻchilik sohasida, qishloq xoʻjaligi ekinlari yangi nav va duragaylarini yaratish boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazishda amaliy yordam koʻrsatish;
shartnoma asosida qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilari va taʼlim muassasalariga urugʻchilik sohasida kadrlar malakasini oshirishda amaliy yordam koʻrsatish.
5. Urugʻchilik klasterlarini tashkil etishda investorni tanlash tanlov asosida amalga oshiriladi.
6. Tanlov oʻtkazish boʻyicha tashkilotchi — Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi (keyingi oʻrinlarda Vazirlik deb ataladi).
Vazirlik:
tanlov komissiyasi aʼzolari chaqiruvini, ularga ishlash xonalari, orgtexnika, majlis oʻtkazish uchun kerakli materiallar bilan taʼminlanishini tashkillashtiradi, shuningdek, tanlov bilan bogʻliq barcha xarajatlarni qoplaydi;
tanlov komissiyasi topshirigʻi asosida taklifnomalar tarqatadi va oʻzaro yozishmalarni yuritadi;
ishtirokchilardan tanlov takliflarini qabul qiladi, ularning hisobini yuritadi, tanlov komissiyasi tomonidan belgilangan tartibda xatjild ochilgunga qadar butligini, maxfiyligini taʼminlaydi;
tanlov komissiyasi tomonidan jalb etilgan ekspert va konsultantlar faoliyatini muvofiqlashtiradi, shuningdek, ularga haq toʻlash xarajatlarini qoplaydi.
7. Tanlov komissiyasi tarkibi (keyingi oʻrinlarda Komissiya deb ataladi) Vazirlik tomonidan shakllantiriladi va Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
Komissiya ishchi organi Markaz hisoblanadi.
8. Komissiya tarkibiga Markaz, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmuasi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi, “Oʻzpaxtasanoat” AJ, “Oʻzdonmahsulot” AK, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, shuningdek, joylardagi davlat hokimiyati organlari vakillari kiritilishi mumkin.
Komissiya aʼzolari soni toq boʻlishi va toʻqqiz kishidan kam boʻlmasligi kerak. Komissiyaga Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri raislik qiladi.
9. Komissiya quyidagi huquqlarga ega:
a) mustaqil tarzda oʻz ish reglamentini ishlab chiqish va tasdiqlash;
b) tanlov oʻtkazish toʻgʻrisidagi xabarnomada koʻrsatilgan tanlov muddatidan bir oydan kechiktirmasdan tanlov hujjatlarini taqdim etgan barcha ishtirokchilarni yozma ogohlantirgan holda, shuningdek, Nizomning 20-bandida koʻzda tutilgan axborot resurslarida eʼlon qilgan holda tanlov takliflarini taqdim etish muddatlarini uzaytirish yoki tanlov oʻtkazish muddatlarini oʻzgartish boʻyicha qaror qabul qilish;
v) tushunarli boʻlgan, umumqabul qilingan belgilar va nomlanishlardan foydalanib tuzilgan, ikkiyoqlama talqin etilmaydigan tanlov hujjatlarini tasdiqlash;
g) xatjild ochilgandan uch ish kunidan oshmagan muddatda tanlov takliflarini koʻrib chiqish va tanlov gʻolibini aniqlash muddatini belgilash;
d) ishtirokchilarni ogohlantirish va rad etish sababini koʻrsatgan holda tanlov hujjatlariga va tanlov oʻtkazish shartlariga muvofiq boʻlmagan ishtirokchilar takliflarini rad etish;
e) tanlovni quyidagi hollarda oʻtkazilmagan deb eʼlon qilish:
xabarnomada koʻrsatilgan muddatda birorta ham soʻrovnoma kelib tushmaganda;
barcha taqdim etilgan tanlov takliflarining tanlov hujjatlari shartlariga muvofiq boʻlmaganda;
mazkur Nizom shartlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar shartlarining buzilishi, qasddan kelishuv va tanlov oʻtkazish jarayonini buzuvchi boshqa koʻzda tutilmagan holatlar aniqlanganda.
10. Komissiya quyidagilar uchun javobgardir:
oʻz faoliyatini shaxsiy ishtirok tartibida tashkil etilishini taʼminlashga;
xatjildlar ochilishida va tanlov natijalari eʼlon qilinishida ishtirokchilar yoki ularning ishonchli vakillari va tegishli tuman (shahar) hokimliklari vakillarining ishtiroki uchun sharoitni taʼminlashga;
xatjildlarga qoʻyilgan muhrlar butunligini tekshirishni amalga oshirishga;
tanlov natijalari boʻyicha qaror qabul qilishda shartlar yakdilligini va sofdillikni taʼminlashga;
tanlov takliflarini koʻrib chiqishda maxfiylikni taʼminlashga;
belgilangan kun va soatda tanlov takliflari solingan birinchi xatjildlarni, ikkinchilarini esa tanlov hujjatlari takliflari boʻyicha nizolar vujudga kelganda ochishga;
tanlov takliflari solingan xatjildlar ochilishida tanlov shartlari va muolajalariga amal qilishni, tanlov hujjatlarida belgilangan hujjatlar borligini tekshirishga.
11. Tanlov komissiyasi qarorlari komissiya yigʻilishlarida komissiya aʼzolarining uchda ikki qismidan kam boʻlmagan hollarda haqiqiy hisoblanadi.
Qarorlar yigʻilishda ishtirok etgan komissiya aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng kelgan hollarda komissiya raisining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
Komissiya yigʻilishi oʻtkaziladigan joy, sana va vaqti haqida komissiya aʼzolari oʻz vaqtida xabardor qilinishi kerak. Komissiya aʼzolari tomonidan sirtdan ovoz berish orqali qaror qabul qilish, shuningdek, oʻz vakolatlarini boshqa shaxslarga oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.
12. Tanlov komissiyasi qarorlari yozma bayonnoma tarzida rasmiylashtiriladi va tanlov ishtirokchilariga uch ish kuni mobaynida yetkaziladi.
2-bob. Investor tarafidan loyiha tashabbusini ilgari surish tartibi
13. Urugʻchilik klasteri tashkil etishga xohish bildirgan yuridik shaxs (keyingi oʻrinlarda — talabgor deb ataladi) Vazirlikka tegishli ariza taqdim etadi.
14. Talabgor tanlovda ishtirok etish uchun Vazirlikka arizaga ilova qilgan holda quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
yuridik shaxs roʻyxatdan oʻtganligi toʻgʻrisida guvohnoma;
tanlovda ishtirok etish uchun taqdim etilgan ariza sanasidan bir oydan koʻp boʻlmagan, soliqlar, yigʻimlar, boshqa majburiy toʻlovlar va boshqa moliyaviy sanksiyalar boʻyicha qarzdorliklar mavjud emasligi toʻgʻrisida maʼlumotlar;
loyiha amalga oshirilishining moliyaviy imkoniyatini tasdiqlovchi investorning sof aktivlari, loyiha qiymatining 25 foizidan kam boʻlmagan miqdordagi boshqa tashkilotning kafilligi toʻgʻrisida maʼlumotlar;
urugʻchilik klasteri tashkil etish uchun dastlabki texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlar.
Tanlovda ishtirok etish uchun qayta tashkil etish, likvidatsiya yoki mol-mulkiga band solingan bankrotlik jarayonidagi talabgorlar qoʻyilmaydi.
15. Loyihani amalga oshirish boʻyicha kelib tushgan ariza tanlov komissiyasi va Markaz bilan hamkorlikda besh ish kuni mobaynida mazkur Nizom shartlariga muvofiqligi boʻyicha koʻrib chiqiladi.
16. Mazkur Nizomda koʻrsatilgan talablari buzilgan holda taqdim etilgan hujjatlar bir ish kuni mobaynida talabgorga qaytariladi.
Taqdim etilgan arizada yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etgan holda qonunchilik normalariga muvofiq Vazirlikka qayta koʻrib chiqish uchun takroriy taqdim etish muddatlari aniq koʻrsatilgan holda yozma ravishda, shuningdek, elektron axborot tizimi vositasida talabgorga xabarnoma yuboriladi.
Talabgor tomonidan kamchiliklar bartaraf etish va hujjatlarni qayta koʻrib chiqish uchun taqdim etish muddati yozma yoki elektron xabarnoma qabul qilingandan boshlab oʻn kundan muddat kam boʻlmasligi kerak.
Qayta taqdim etilgan hujjatlar qayta taqdim etilgan kuni qabul qilingan deb hisoblanadi.
3-bob. Markaz tarafidan loyiha tashabbusini ilgari surish tartibi
17. Markaz ehtiyojlardan kelib chiqib, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklaridan kelib tushgan takliflar oʻrganib chiqilishi natijasida loyihani amalga oshirish tashabbusini ilgari surishi mumkin.
18. Tanlov oʻtkazish mazkur Nizomning 4-bobida belgilangan tartibda va Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
4-bob. Tanlov oʻtkazish tartibi
19. Vazirlik tanlov boshlanishidan oʻn kalendar kun oldin majburiy tartibda Vazirlik rasmiy saytida, shuningdek, boshqa ommaviy axborot vositalari manbalarida, shu jumladan Internet tarmogʻida tanlov oʻtkazish toʻgʻrisida eʼlon joylashtiradi.
20. Tanlov toʻgʻrisidagi eʼlonda quyidagi maʼlumotlari boʻlishi talab etiladi:
Markazning nomi, pochta manzili, aloqa telefon raqamlari va elektron pochta manzili;
obyektning nomi, joylashuvi, miqdori va tavsifi (xarakteristikasi);
loyihani amalga oshirish shartlari;
talab etiladigan investitsion majburiyatlarning eng kam miqdori;
tanlov oʻtkazish sanasi, vaqti va joyi;
tanlov takliflari qabul qilinadigan oxirgi muddat (yil, oy, kun va soati koʻrsatilgan holda).
21. Tanlov hujjatlari yigʻmajildi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
talabgorlar uchun qoʻllanma;
tanlovning texnik qismi;
tanlovning tijorat qismi.
Shuningdek, tanlov hujjatlariga tanlov komissiyasi tomonidan tasdiqlanadigan tanlov gʻolibini aniqlash mezonlari ham ilova qilinadi. Tanlov gʻolibini aniqlash mezonlarida tanlovning texnik va tijorat qismlariga qoʻyiladigan ballar koʻrsatiladi, bunda tanlov texnik qismiga qoʻyiladigan ballar jami toʻplangan ballning kamida 70 foizini tashkil etishi kerak.
22. Tanlov talabgorlari uchun qoʻllanma quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
tanlov oʻtkazish qoidalari bilan tanishish uchun kerak boʻladigan Markazning pochta manzili, aloqa telefoni va faks raqamlari, elektron pochta manzili;
tanlovda ishtirok etish uchun talab etiladigan hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi;
tanlov takliflarini rasmiylashtirishga boʻlgan talablar;
tanlov takliflarini taqdim etish jarayoniga boʻlgan talablar;
tanlov takliflari solingan xatjildni ochish tartibi;
tanlov takliflarini baholash tartibi.
23. Tanlov hujjatlari texnik qismi quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
urugʻchilik klasteri tashkil etish shartlari va maqsadlari:
tanlov shartlarini bajarish boʻyicha shartnoma loyihasi;
urugʻchilik klasteri tashkil etish uchun yer maydonlari ajratish boʻyicha materiallar;
tanlov gʻolibining atrof-muhitni himoya qilish, ekologik xavfsizlik talablariga, shuningdek, sanitar va yongʻin xavfsizligi norma va qoidalariga amal qilish majburiyatlari.
24. Tanlov hujjatlari tijorat qismi urugʻchilik klasteri tashkil etish boʻyicha kiritiladigan investitsiya hajmi taklifini oʻz ichiga olishi kerak.
25. Talabgorlar eʼlon berilgandan soʻng tanlov hujjatlarini oladilar.
26. Tanlovda ishtirok etish uchun talabgor yoki uning vakili shaxsan yoki pochta orqali buyurtma xat bilan tanlov eʼlonida oʻrnatilgan muddatlarda Vazirlikka ikki nusxada quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda taqdim etadi:
tanlov hujjatlariga qoʻyilgan talablarga muvofiq tuzilgan tanlov taklifi;
loyihaning talabgorning oʻz mablagʻlari, shuningdek, kredit resurslari hisobidan moliyalashtirilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
loyihaning amalga oshirilishi moliyaviy imkoniyatini tasdiqlovchi, tanlov ishtirokchisining sof aktivlari, boshqa tashkilotning tanlov ishtirokchisi kiritayotgan investitsiyalarning 25 foizidan kam boʻlmagan miqdordagi kafilligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
Tanlovda ishtirok etish uchun qayta tashkil etish, likvidatsiya yoki mol-mulkiga band solingan bankrotlik jarayonidagi talabgorlar qoʻyilmaydi. Qayta tashkil etish, likvidatsiya yoki mol-mulkiga band solingan bankrotlik jarayonidagi talabgorlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tanlov komissiyasi tomonidan tegishli tashkilot va davlat organlariga soʻrovnoma yuborish orqali tasdiqlanadi.
Tanlovda ishtirok etish uchun berilgan arizaga ilova qilingan barcha hujjatlar muhrlangan (imzo bilan tasdiqlangan) xatjildlarda taqdim etiladi.
Taqdim etilgan hujjatlarning barcha varaqlari talabgor tomonidan imzo bilan tasdiqlanishi kerak.
Tanlov takliflari amal qilish muddati tanlov hujjatlarida belgilanadi.
27. Tanlov komissiyasi tomonidan belgilangan kun va soatda tanlov takliflari solingan birinchi xatjildlar ochiladi. Ikkinchi xatjildlar Vazirlikda saqlanadi va tanlov takliflari maʼnosi boʻyicha nizolar vujudga kelgan taqdirda ochiladi.
Talabgorlar tanlov takliflari solingan xatjildlar ochilishida ishtirok etishlari mumkin.
Tanlov komissiyasi tomonidan tanlov takliflari solingan xatjildlar ochilishida tanlov shartlari va jarayonlariga amal qilish, tanlov hujjatlarida koʻrsatilgan hujjatlar mavjudligi tekshiriladi.
28. Tanlov takliflarini baholash va tanlov gʻolibini aniqlash quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
tanlov hujjatlari texnik qismi boʻyicha talabgor taklifini baholash;
nazarda tutilayotgan investitsiyalar hajmi boʻyicha talabgor taklifini baholash;
ishlab chiqarish rejalashtiralayotgan mahsulot turi, hajmi va assortimenti yoki koʻrsatiladigan xizmatlar turi boʻyicha talabgor taklifini baholash;
kiritilayotgan investitsiyalar hajmi boʻyicha talabgor taklifini baholash;
loyiha talabgorning oʻz mablagʻlari hisobiga moliyalashtirilishi bilan taʼminlanganligi.
Tanlov takliflarini baholash uchun zarurat yuzasidan tanlov komissiyasi tomonidan quyidagi qoʻshimcha hujjatlar talab etilishi mumkin:
oxirgi yil uchun (mavjud boʻlsa) auditorlik tashkiloti xulosasi (yuridik shaxslar uchun);
oxirgi ikki yil uchun (mavjud boʻlsa) talabgor — yuridik shaxsning buxgalteriya balansi.
29. Tanlov gʻolibini aniqlash xatjildlar ochilish kunida tanlov komissiyasining yopiq majlisida oʻtkaziladi.
Qaror umumiy komissiya aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovoz berishi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng kelganda Komissiya raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Majlisda komissiya aʼzolarining toʻrtdan uch qismidan kam boʻlmagan soni qatnashgan taqdirda haqiqiy hisoblanadi.
30. Loyihani amalga oshirishda eng maqbul deb topilgan tanlov taklifi bergan ishtirokchi tanlov gʻolibi deb tan olinadi.
31. Tanlov gʻoliblarini aniqlashda quyidagilar asosiy mezon hisoblanadi:
texnik (paxta), don, sabzavot, poliz va boshqa ekinlar urugʻini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan toʻlaqonli urugʻchilik klasterini tashkil etish kafolatlarining mavjudligi;
taklif etilgan investitsion loyihaning amalga oshirilishidan eng yuqori ijobiy samara;
loyiha amalga oshirilishiga ketadigan eng qisqa muddatlar;
loyiha amalga oshirilishiga kiritiladigan oʻz investitsiyalarining eng yuqori hajmlari;
taklif etilgan loyiha amalga oshirilishida eng kam xatar;
loyiha xarajatlarining qoplanishiga eng kam muddat;
urugʻlik materiali tayyorlashning ilgʻor agrotexnologiyalarini, zamonaviy texnologiyalarni tatbiq qilish niyati;
ilmiy-amaliy faoliyat uchun sharoit yaratish niyati.
32. Tanlov gʻoliblarini aniqlashda, boshqa teng sharoitlarda, ustunlik quyidagi investorlarga beriladi:
investitsion loyiha amalga oshirilishiga eng koʻp oʻz mablagʻlarini kiritayotganlarga;
koʻproq mahsulot sotish imkoniyatlarini asoslovchi tasdiqlangan hujjatlar taqdim etganlarga;
qishloq xoʻjaligi va urugʻlik tayyorlashda 3 yildan kam boʻlmagan amaliy tajribaga ega boʻlganlarga.
33. Tanlov talablariga muvofiq taklif parametrlari taqdim etgan, biroq tanlov hujjatlariga muvofiq tanlov taklifi taqdim etgan gʻolib parametrlaridan pastroq natijalari boʻyicha zaxiradagi gʻolib ham aniqlanadi.
34. Tanlov tanlov ishtirokchilaridan ikki yoki undan ortiq ariza kelib tushganda oʻtkaziladi.
Tanlov ishtirokchilaridan faqat bir ariza kelib tushganda tanlov komissiya tomonidan taklif koʻrib chiqiladi. Ariza tanlovning barcha shartlariga muvofiq boʻlganda yagona ishtirokchini tanlov gʻolibi deb qaror qabul qilinadi.
35. Tanlov komissiyasi tanlov yakunlari boʻyicha qaror qabul qilgan kuni Markaz tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi rasmiy veb-saytida tanlov natijalari toʻgʻrisida maʼlumot joylashtirish orqali tanlov ishtirokchilarini xabardor qilishga majburdir.
36. Qabul qilingan qarorga rozi boʻlmagan tanlov ishtirokchisi sudga eʼtiroz bilan murojaat qilishga haqlidir.
5-bob. Yakuniy qoida
37. Mazkur Nizom shartlarini buzishda aybdor shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgardirlar.
Urugʻchilik klasterlarini tashkil etish uchun tanlovlarni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Urugʻchilik klasterlarini tashkil etish uchun tanlovlarni oʻtkazish
SXEMASI
Bosqichlar
Subyektlar
Chora-tadbirlar
Ijro muddatlari
1-bosqich
Qishloq xoʻjaligi vazirligi
Tanlov eʼlon qilish.
Zaruratga koʻra
2-bosqich
Talabgor
Nizom talablariga muvofiq ariza va unga ilova qilinadigan hujjatlarni (keyingi oʻrinlarda Ariza deb ataladi) Qishloq xoʻjaligi vazirligiga taqdim etish.
Tanlov eʼlon qilingach 10 kalendar kunida
3-bosqich
Qishloq xoʻjaligi vazirligi
Arizaning nizom talablariga muvofiqligini tekshirish, nizom talablariga muvofiq boʻlmaganda arizani talabgorga qaytarish.
Bir kalendar kunida
4-bosqich
Tanlov komissiyasi
1. Ikkitadan kam boʻlmagan talabgordan ariza kelib tushganda, tanlov oʻtkazish, tanlov natijasiga koʻra gʻolibni aniqlash va qaror qabul qilish.
2. Bir ishtirokchidan ariza kelib tushganda arizani nizom talablari asosida koʻrib chiqish va qaror qabul qilish.
Yetti kalendar kunida
Besh kalendar kunida
5-bosqich
Qishloq xoʻjaligi vazirligi
Qishloq xoʻjaligi vazirligi rasmiy veb-saytida qabul qilingan qaror toʻgʻrisidagi axborotni joylashtirish orqali tanlov ishtirokchilarini xabardor qilib borish.
Qaror qabul qilingan kunda
6-bosqich
Urugʻchilikni rivojlantirish markazi, investor
Urugʻchilik klasteri tashkil etish
Ikki oy mobaynida
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.06.2019-y., 09/19/512/3305-son; 27.02.2021-y., 06/21/6179/0165-son, Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2021-y., 09/21/774/1198-son, 13.05.2022-y., 09/22/255/0412-son; 13.12.2023-y., 09/23/653/0931-son; 02.04.2025-y., 09/25/197/0299-son)