toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 03.07.2026
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oliy ta’lim muassasalari reytingini aniqlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Respublika oliy ta’lim muassasalari reytingini aniqlash tartibini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oliy ta’lim muassasalari reytingini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oliy ta’lim muassasalari reytingini (keyingi o‘rinlarda reyting deb ataladi) aniqlashda quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
oliy ta’lim muassasalarining ilmiy-pedagogik faoliyati darajasi, o‘quv-metodik ishlar, ta’lim sifati, talabalar va bitiruvchilar bilimini tavsiflovchi ma’lumotlar bazasini tizimli shakllantirish hamda ularni reyting indikatorlariga muvofiq baholash asosida har yili respublika oliy ta’lim muassasalari reytingini tuzish;
jahondagi yetakchi reyting tashkilotlari bilan hamkorlik qilish va milliy oliy ta’lim muassasalarining dunyodagi nufuzli oliy ta’lim muassasalari reytingiga kirishida amaliy yordam ko‘rsatish;
reyting natijalari asosida respublika oliy ta’lim muassasalari faoliyati to‘g‘risida tahliliy axborotni tayyorlash va uni oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan aniq takliflar bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
har yili reyting natijalarini keyingi o‘quv yili boshlanishidan kechiktirmay O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilish va ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish;
ilg‘or xalqaro tajriba asosida va oliy ta’limni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini hisobga olgan holda reyting tuzilmasiga zarur o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
tegishli vazirliklar va idoralarning mas’ul tarkibiy bo‘linmalari hamda oliy ta’lim muassasalarining ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limlari tomonidan reytingni aniqlashga doir ma’lumotlar to‘planadi, tahlil qilinadi hamda har yili 1-fevralga qadar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga taqdim etiladi;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga kiritilayotgan reytingni aniqlashga doir ma’lumotlarning asoslanganligi, ishonchliligi va belgilangan muddatda taqdim etilishi uchun ma’lumotni kiritayotgan vazirliklar va idoralar hamda oliy ta’lim muassasalarining birinchi rahbariga shaxsiy javobgarlik yuklatiladi;
reyting natijalarini hisoblash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining qo‘shma qarori bilan tasdiqlanadigan oliy ta’lim muassasalari reytingini hisoblash metodikasi asosida amalga oshiriladi.
4. Vazirlar Mahkamasining “Respublika oliy ta’lim muassasalari reytingini baholash tizimini joriy etish to‘g‘risida” 2012-yil 29-dekabrdagi 371-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QHT, 2013-y., 1-son, 10-modda) o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda ular qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A.A. Abduxakimov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i U.N. Tashkenbayev hamda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.U. Madjidov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 7-iyun,
467-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi 467-son qaroriga
ILOVA
Oliy ta’lim muassasalari reytingini aniqlash tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom oliy ta’lim muassasalari reytingini (keyingi o‘rinlarda reyting deb ataladi) aniqlash tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizom talablari O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy ta’lim muassasalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
3. Oliy ta’lim muassasalari reytingi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (keyingi o‘rinlarda Davlat inspeksiyasi deb ataladi) tomonidan har yili xolislik, oshkoralik va adolat tamoyillariga amal qilingan holda aniqlanadi.
4. Oliy ta’lim muassasalari reytingini aniqlashni tashkil etish ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Reytingni aniqlashning maqsad va vazifalari
5. Oliy ta’lim muassasalari orasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, ularning ilmiy-pedagogik faoliyati darajasi va sifatini oshirishni rag‘batlantirish, professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatidan samarali foydalanish, o‘qitish sifati bo‘yicha xalqaro mezon va standartlarga muvofiq yuqori ko‘rsatkichlarga erishishga hamda iqtisodiyotning real sektori tarmoqlari uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga zamin yaratish reytingni aniqlashning maqsadi hisoblanadi.
6. Quyidagilar reytingni aniqlashning vazifalari hisoblanadi:
oliy ta’limni muntazam takomillashtirib borish asosida mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan malakali kadrlarni tayyorlash;
oliy ta’lim muassasalarida ko‘rsatilayotgan ta’lim xizmatlari sifati, ulardagi ilmiy va o‘quv-tarbiya jarayonlari hamda imkoniyatlar haqida ta’limni boshqarish bo‘yicha vakolatli organlar, kadrlar buyurtmachilari va keng jamoatchilikni xolis axborotlar bilan ta’minlash;
oliy ta’lim muassasalarining dunyodagi reytingi yuqori bo‘lgan oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorligini ta’minlash hamda ularning xalqaro standartlarga muvofiq yuqori ko‘rsatkichlarga erishishiga ko‘maklashish;
milliy reyting tizimida yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etgan oliy ta’lim muassasalarining dunyodagi nufuzli 500 talikka kiruvchi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga kirishi uchun zarur chora-tadbirlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish.
3-bob. Reytingni aniqlashga oid ma’lumotlar bazasini shakllantirish
7. Reytingni aniqlashga oid ma’lumotlar bazasini shakllantirish Davlat inspeksiyasi tomonidan hisobot yilidan keyingi yilning birinchi choragida amalga oshiriladi.
8. Davlat inspeksiyasi tomonidan ma’lumotlar bazasini shakllantirish maqsadida tegishli namunadagi jadvallar ishlab chiqiladi va reyting aniqlanayotgan yilning 20-dekabriga qadar tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralarga hamda oliy ta’lim muassasalariga yetkaziladi.
9. Vazirliklar va idoralar hamda oliy ta’lim muassasalari tomonidan reytingni aniqlashga oid ma’lumotlar asoslovchi hujjatlari bilan birgalikda 1-fevralga qadar Davlat inspeksiyasiga taqdim etiladi.
Asoslovchi hujjatlar taqdim etilmagan taqdirda, ma’lumotlar reytingni hisoblashda inobatga olinmaydi.
10. Reytingni aniqlashga oid ma’lumotlarning ishonchliligini ta’minlash maqsadida Davlat inspeksiyasi tomonidan ushbu ma’lumotlar 1-aprelga qadar tahlil qilinadi va dastlabki o‘rganilgan ma’lumotlar tanishib chiqish va tasdiqlash uchun 10-aprelga qadar oliy ta’lim muassasalariga yuboriladi.
11. Reytingni aniqlashga oid ma’lumotlar oliy ta’lim muassasalari rektori imzosi bilan tasdiqlangan holda 1-mayga qadar Davlat inspeksiyasiga taqdim etiladi. Qo‘shimcha kiritiladigan reytingni aniqlashga oid ma’lumotlar asoslovchi hujjatlar bilan birga taqdim etilganda hisobga olinadi.
Reytingni aniqlashga oid ma’lumotlar Davlat inspeksiyasiga elektron shaklda ham taqdim etilishi mumkin.
12. Reytingni aniqlashga oid ma’lumotlar bazasini shakllantirish uchun:
oliy ta’lim muassasalarida ilmiy-tadqiqot ishlariga yo‘naltirilgan xorijiy grantlar va xorijiy jamg‘armalar mablag‘lari, sohalar bo‘yicha buyurtmalar asosida o‘tkazilgan ilmiy (ilmiy-ijodiy) tadqiqot natijasida olingan mablag‘lar hamda davlat grantlari doirasida o‘tkazilgan tadqiqotlardan olingan mablag‘lar to‘g‘risidagi ma’lumotlar — O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan;
oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining ishga joylashganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar — O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan;
(12-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-oktabrdagi 627-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)
fan nomzodi, falsafa doktori (PhD) va fan doktori, fan doktori (DSc) ilmiy darajalariga hamda ilmiy darajaga ega bo‘lmay dotsent yoki professor ilmiy unvonlariga tasdiqlangan oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari tomonidan himoya qilingan dissertatsiyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan;
oliy ta’lim muassasalari va ularda faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchilarga tegishli ixtiro, foydali model, sanoat namunalari va seleksiya yutuqlari uchun olingan patentlar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari uchun dasturlar va ma’lumotlar bazalari uchun olingan guvohnomalar, mualliflik huquqi bilan himoya qilinadigan turli boshqa materiallar to‘g‘risidagi ma’lumotlar — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Davlat inspeksiyasiga taqdim etiladi.
(12-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 9-iyundagi 324-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.06.2022-y., 09/22/324/0510-son)
4-bob. Reytingni aniqlashga oid so‘rovnomalar va nazorat ishlarini o‘tkazish
13. Reytingni aniqlash jarayonida Davlat inspeksiyasi tomonidan har yili may-iyun oylarida:
professor-o‘qituvchilarning xorijiy til va axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga oid bilim darajasini aniqlash maqsadida test sinovlari;
talabalarning mutaxassislik fanlariga oid bilim darajasini aniqlash maqsadida nazorat ishlari (test sinovlari) va oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini o‘rganish yuzasidan so‘rovnoma o‘tkaziladi.
Davlat inspeksiyasiga nazorat ishlari va so‘rovnomalarni tashkil etish va o‘tkazishda oliy ta’lim muassasalarining ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limlari ko‘maklashadi.
14. So‘rovnomani o‘tkazish nazorat ishlari boshlanishidan oldin tashkil etiladi. So‘rovnoma quyidagi to‘rtta qismdan iborat bo‘ladi:
ta’lim olish uchun yaratilgan sharoitlar;
darslar sifati;
talabalar bilimining xolisona baholanishi;
oliy ta’lim muassasasidagi ijtimoiy-ma’naviy muhit.
15. Nazorat ishlari tanlash asosida belgilangan bakalavriat ta’lim yo‘nalish (magistratura mutaxassislik)larining talabalari uchun mutaxassislik fanlaridan o‘tkaziladi.
Nazorat ishlari o‘tkaziladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalish (magistratura mutaxassislik)lari va fanlar ro‘yxati nazorat qilish muddatidan kamida bir oy oldin Davlat inspeksiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
16. Oliy ta’lim muassasalarining asosiy shtatida faoliyat yuritadigan professor-o‘qituvchilar “Xorijiy til” va “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari” fanlaridan test sinovlari topshiradilar.
17. Test topshiriqlari:
a) professor-o‘qituvchilar uchun:
“Xorijiy til” fani bo‘yicha — 20 ta;
“Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari” fani bo‘yicha — 20 ta;
b) talabalar uchun ikkita mutaxassislik fanidan — 20 tadan jami 40 ta savoldan iborat bo‘ladi.
18. Test sinovlarida har bir test savoli uchun 2 daqiqadan, jami 80 daqiqa vaqt beriladi. Har bir to‘g‘ri bajarilgan test savoli 2,5 ball bilan baholanadi.
19. Nazorat ishlari o‘tkaziladigan talabalar guruhlari Davlat inspeksiyasi tomonidan aniqlanadi va nazorat ishlari o‘tkazilishidan kamida uch kun oldin oliy ta’lim muassasalariga ma’lum qilinadi.
So‘rovnoma va nazorat ishlarida tanlangan bakalavriat ta’lim yo‘nalish (magistratura mutaxassislik)lari talabalarining kamida 30 foizi ishtirok etishi shart.
So‘rovnoma va nazorat ishlari har o‘quv yili oxirida o‘tkaziladi.
20. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan Davlat inspeksiyasi bilan hamkorlikda oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bilimi, malaka va ko‘nikmalarini aniqlash maqsadida ish beruvchilar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkaziladi. So‘rovnoma savollari Davlat inspeksiyasi tomonidan tuziladi.
So‘rovnoma natijalari Davlat inspeksiyasi tomonidan tahlil qilinadi va reytingni aniqlashda hisobga olinadi.
5-bob. Reyting natijalarini hisoblash va e’lon qilish
21. Reytingni aniqlashga oid to‘plangan ma’lumotlar, o‘tkazilgan so‘rovnomalar va nazorat ishlari natijalari asosida Davlat inspeksiyasi tomonidan oliy ta’lim muassasalari reytingi aniqlanadi.
Reyting ballarini hisoblash ushbu Nizomga 2-ilovada keltirilgan oliy ta’lim muassasalari reytingini aniqlash mezonlari asosida amalga oshiriladi.
22. Reyting indikatorlari uchun ballarni hisoblash quyidagicha amalga oshiriladi:
tegishli reyting indikatori bo‘yicha eng katta ko‘rsatkichga ega oliy ta’lim muassasalari aniqlanadi;
eng katta ko‘rsatkichga ega bo‘lgan oliy ta’lim muassasalariga shu indikator uchun belgilangan eng yuqori ball beriladi;
boshqa barcha oliy ta’lim muassasalarining ballari shu indikator bo‘yicha eng yuqori ballga ega bo‘lgan oliy ta’lim muassasalarining ko‘rsatkichiga nisbatan hisoblanadi;
har bir indikator bo‘yicha hisoblangan ballar yig‘indisi oliy ta’lim muassasalari reytingini belgilaydi.
23. Reyting natijalari har yili keyingi o‘quv yili boshlanishidan kechikmay Davlat inspeksiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi va ommaviy axborot vositalarida keng yoritiladi.
24. Reytingni aniqlashga oid ma’lumotlar Davlat inspeksiyasida 5 yil davomida saqlanadi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
25. Ushbu Nizomni qo‘llashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
(25-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
26. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(26-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oliy ta’lim muassasalari reytingini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA
Oliy ta’lim muassasalari reytingini aniqlash
SXEMASI

Bosqich

Mas’ullar

Chora-tadbirlar

Bajarish muddatlari


1-bosqich

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi

Reytingni aniqlashga oid ma’lumotlar bazasini shakllantirish maqsadida tegishli jadvallar ishlab chiqiladi va tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar hamda oliy ta’lim muassasalariga yetkaziladi.

oliy ta’lim muassasalari faoliyati o‘rganilayotgan (reytingi aniqlanayotgan) yilning 20-dekabriga qadar


2-bosqich

Vazirliklar va idoralar hamda oliy ta’lim muassasalari

Reytingni aniqlashga oid ma’lumotlar asoslovchi hujjatlari bilan birgalikda Davlat inspeksiyasiga taqdim etiladi.

har yili 1-fevralga qadar


3-bosqich

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, sohalar bo‘yicha jalb qilinadigan mutaxassis-ekspertlar

Reytingni aniqlashga oid ma’lumotlarning ishonchliligini ta’minlash maqsadida ular tahlil qilinadi (o‘rganib chiqiladi).

har yili 1-aprelga qadar


4-bosqich

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi

O‘rganilgan ma’lumotlar tanishib chiqish va tasdiqlash uchun oliy ta’lim muassasalariga yuboriladi.

har yili 10-aprelga qadar


5-bosqich

Oliy ta’lim muassasalari rektorlari,

Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limlari

Reytingni aniqlashga oid ma’lumotlar tasdiqlangan holda Davlat inspeksiyasiga taqdim etiladi.

har yili 1-mayga qadar

6-bosqich

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi,

oliy ta’lim muassasalarining ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limlari

Reytingni aniqlash jarayonida:

1. Professor-o‘qituvchilarning xorijiy til va axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga oid bilim darajasini aniqlash maqsadida test sinovlari o‘tkaziladi.

2. Talabalarning mutaxassislik fanlariga oid bilim darajasini aniqlash maqsadida nazorat ishlari (test sinovlari) va oliy ta’lim muassasalaridagi ta’lim sifatini o‘rganish yuzasidan so‘rovnoma o‘tkaziladi.

har yili may-iyun oylarida


7-bosqich

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi,

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi

Oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bilimi, malaka va ko‘nikmalarini aniqlash maqsadida ish beruvchilar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkaziladi.

har yili 20-iyulga qadar


8-bosqich

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi

Reytingni aniqlashga oid to‘plangan ma’lumotlar, o‘tkazilgan so‘rovnomalar va nazorat ishlari natijalari asosida oliy ta’lim muassasalarining reyting ballari hisoblanadi.

har yili 20 — 30-iyulda


9-bosqich

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi

Hisoblangan reyting ballari asosida oliy ta’lim muassasalarining reytingi tuziladi.

har yili 1-avgustga qadar


10-bosqich

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi,

ommaviy axborot vositalari

Reyting natijalari Davlat inspeksiyasining veb-saytida e’lon qilinadi va ommaviy axborot vositalarida keng yoritiladi.

har yili keyingi o‘quv yili boshlanishidan kechiktirmay

Oliy ta’lim muassasalari reytingini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga
2-ILOVA
Oliy ta’lim muassasalari reytingini aniqlash
MEZONLARI

T/r

Reyting indikatorlari

Ball

JAMI:

100

I. Professor-o‘qituvchilarning ilmiy faoliyati

40

1.

Dunyoning nufuzli 1000 taligiga kiruvchi oliy ta’lim muassasalarida fan nomzodi, falsafa doktori (PhD) va fan doktori, fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olgan professor-o‘qituvchilar ulushi (asosiy shtatdagi professor-o‘qituvchilarning umumiy soniga nisbatan foiz hisobida)

3

2.

Reytingni aniqlash yilida dunyoning nufuzli 1000 taligiga kiruvchi oliy ta’lim muassasalarida o‘quv mashg‘ulotlari (ma’ruzalar, amaliy mashg‘ulotlar, seminar-treninglar) o‘tkazgan professor-o‘qituvchilar ulushi (asosiy shtatdagi professor-o‘qituvchilarning umumiy soniga nisbatan foiz hisobida)

2

3.

Professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyati (asosiy shtatdagilar bo‘yicha foizda), shu jumladan:

3

a) fan doktori, fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega (shuningdek, ilmiy darajaga ega bo‘lmay professor ilmiy unvonini olgan yoki unga tenglashtirilgan) professor-o‘qituvchilar ulushi

2

b) fan nomzodi, falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega (shuningdek, ilmiy darajaga ega bo‘lmay dotsent ilmiy unvonini olgan yoki unga tenglashtirilgan) professor-o‘qituvchilar ulushi

1

4.

Professor-o‘qituvchilar tomonidan himoya qilingan doktorlik (PhD va DSc) dissertatsiyalari soni

6

5.

Xalqaro ko‘rsatkichlarga ko‘ra oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari nashrlariga iqtiboslar (“Web of Science”, “Scopus” va “Google Scholar” bazalari bo‘yicha, so‘nggi 5 yilda)

9

6.

Reytingni aniqlash yilida xalqaro ilmiy jurnallarda va mahalliy ilmiy nashrlarda (“Web of Science”, “Scopus” bazasiga va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi ro‘yxatiga kiritilgan jurnallarda) chop etilgan maqolalar (bir nafar professor-o‘qituvchi hisobiga), shu jumladan:

5

a) xalqaro jurnallardagi ilmiy maqolalar

3

b) respublika ilmiy jurnallaridagi ilmiy maqolalar

2

7.

Oliy ta’lim muassasasida ilmiy-tadqiqot faoliyati va ilmiy-tadqiqot natijalarini amaliyotga taqdim etish asosida olingan mablag‘lar hajmi yoki boshqa nomoddiy ko‘rsatkichlar (ijtimoiy samaradorlik) (bir nafar professor-o‘qituvchiga to‘g‘ri keladigan), shu jumladan:

4

a) xorijiy ilmiy-tadqiqot markazlari grantlari va xorijiy ilmiy fondlar buyurtmalari hisobiga olingan mablag‘lar (bir nafar professor-o‘qituvchiga to‘g‘ri keladigan mablag‘)

2

b) sohalar buyurtmalari asosida o‘tkazilgan ilmiy-tadqiqot (ilmiy-ijodiy) faoliyatidan olingan moliyaviy mablag‘lar (bir nafar professor-o‘qituvchiga to‘g‘ri keladigan mablag‘)

1

v) davlat grantlari asosida o‘tkazilgan ilmiy tadqiqotlardan olingan mablag‘lar (bir nafar professor-o‘qituvchiga to‘g‘ri keladigan mablag‘)

1

8.

Professor-o‘qituvchilarning bilim darajasi, shu jumladan:

4

a) xorijiy tillar bo‘yicha

2

b) axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha

2

9.

Reytingi aniqlanayotgan yilda bajarilgan ilmiy-tadqiqot ishlarining samaradorligi, shu jumladan:

4

a) chop etilgan monografiyalar soni

2

b) ixtiro, foydali model, sanoat namunalari va seleksiya yutuqlari uchun olingan patentlar (tegishli tashkilotlar tomonidan tasdiqlangan hujjatlar asosida)

1

v) axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga oid dasturlar va elektron ma’lumotlar bazalari uchun olingan guvohnomalar, mualliflik huquqi bilan himoya qilinadigan turli materiallar

1

II. O‘quv-metodik ishlar va o‘qitish sifati

30

10.

Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim berish sifati darajasi va ijtimoiy-ma’naviy muhit (talabalar o‘rtasida o‘tkaziladigan so‘rovnoma natijalari asosida), shu jumladan:

7

a) ta’lim olish uchun yaratilgan sharoitlar

2

b) darslarning sifati

2

v) talabalar bilimining xolisona baholanishi

1

g) ta’lim muassasasidagi ijtimoiy-ma’naviy muhit

2

11.

Hisobot yilida oliy ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari tomonidan yozib tayyorlangan va belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari, shu jumladan:

8

a) darsliklar

6

b) o‘quv qo‘llanmalari

2

12.

Reyting aniqlanayotgan yilda xorijiy professor-o‘qituvchilar va talabalar ulushi (tegishli ravishda umumiy songa nisbatan foizda), shu jumladan:

7

a) xorijiy professor-o‘qituvchilar

3

b) xorijiy talabalar

4

13.

Hisobot yilida xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan almashuv dasturlari, konferensiyalar, ilmiy yoki o‘quv loyihalarida o‘qituvchilar va talabalarning ishtirok etganligi, shu jumladan:

5

a) akademik almashuv (talabalar tomonidan)

3

b) xalqaro konferensiyalar, seminarlar, ilmiy yoki o‘quv loyihalarida talabalar va professor-o‘qituvchilarning ishtiroki

2

14.

Ta’lim yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) bo‘yicha xorijiy tilda o‘qitiladigan fanlar salmog‘i (mutaxassislik fanlarining jami soniga nisbatan foizda)

3

III. Talabalar bilimi va bitiruvchilar sifati

27

15.

Talabalarning bilim darajasi (nazorat ishlari natijalari asosida)

8

16.

Bitiruvchilarning ishga joylashish darajasi (bitirganidan so‘ng 6 oy ichida)

8

17.

Oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari bilim va ko‘nikmalari sifati haqida ish beruvchilarning bahosi (so‘rovnoma asosida aniqlanadi)

8

18.

Reyting yilida xalqaro va respublika olimpiadalarida, nufuzli tanlovlar va sport musobaqalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan hamda mukofot (diplom)larga sazovor bo‘lgan talabalar salmog‘i, shu jumladan:

3

a) xalqaro miqyosda

2

b) respublika miqyosida

1

IV. Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish bo‘yicha faoliyati

3

19.

Sport klubi va seksiyalariga a’zo bo‘lib,sport bilan muntazam shug‘ullanuvchi hamda sport tasnifiga (razryadga) ega bo‘lgan talabalar soni

2

20.

Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish bo‘yicha moddiy-texnik bazaning holati, sport infratuzilmasining mavjudligi va jihozlanish darajasi

1

(2-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-fevraldagi 106-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 21.02.2020-y., 09/20/106/199-son)
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.06.2019-y., 09/19/467/3264-son; 21.02.2020-y., 09/20/106/199-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 10.06.2022-y., 09/22/324/0510-son; 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)