toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika hududlarida “Business city” zamonaviy ishbilarmonlik markazlarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 2-avgustdagi PQ-3895-son qarorini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika hududlarida “Business city” zamonaviy ishbilarmonlik markazlarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 2-avgustdagi PQ-3895-son qarorining ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oldingi tahrirga qarang.
“Business city” zamonaviy ishbilarmonlik markazlari faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
“Business city” zamonaviy ishbilarmonlik markazlarini barpo etish ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha komissiyalarning namunaviy tarkibi 2-ilovaga muvofiq;
“Business city” zamonaviy ishbilarmonlik markazlari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(1-bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-maydagi PQ-247-sonli qaroriga asosan ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilar bilan almashtirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.05.2022-y., 07/22/247/0428-son)
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tegishli tumanlar va shaharlarda tashkil etiladigan “Business city” zamonaviy ishbilarmonlik markazlari hududida obyektlarni qurish va ulardan foydalanish direksiyalari tashkil qilinishini va ularning samarali faoliyat yuritishini taʼminlasinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — transport vaziri A.J. Ramatov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari E.M. Ganiyev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 5-iyun,
461-son
Oldingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-iyundagi 461-son qaroriga
1-ILOVA
“Business city” zamonaviy ishbilarmonlik markazlari faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom respublika hududlarida tashkil etiladigan “Business city” zamonaviy ishbilarmonlik markazlari (keyingi oʻrinlarda “Business city” markazlari deb ataladi) faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
“Business city” markazi — tuman va shahar markazlarining meʼmoriy qiyofasini yanada yaxshilash va obodonlashtirish, ularning xorijiy va mahalliy investorlar uchun jozibadorligini oshirish, asosiy turizm yoʻnalishlarida zamonaviy obyektlar qurish, shuningdek, koʻrsatiladigan xizmatlar roʻyxatini kengaytirish va sifatini yaxshilash maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining tegishli qarori asosida chegaralari aniq belgilangan holda tashkil etiladigan hudud;
“Business city” markazi konsepsiyasi — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda mahalliy va xorijiy loyiha tashkilotlari tomonidan ishlab chiqiladigan “Business city” markazining batafsil qiyofasini oʻzida aks ettiruvchi bosh rejasi va asosiy koʻrsatkichlari aniq yoritilgan maʼlumotnoma;
Direksiya — buyurtmachi funksiyalarini bajarish, “Business city” markazlari hududida obyektlar qurilishini muvofiqlashtirish va nazorat qilish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari huzurida tashkil etiladigan davlat unitar korxonasi;
“Business city” markazlarini barpo etish ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha komissiya (keyingi oʻrinlarda Komissiya deb ataladi) — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan belgilanadigan namunaviy tarkibda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining qarori asosida tashkil etiladigan kollegial organ;
loyiha tashabbuskori — “Business city” markazlari hududidagi yer uchastkalarini mulk huquqi yoki ijara huquqi asosida realizatsiya qilish boʻyicha elektron onlayn-auksionda qatnashish istagini bildirgan Oʻzbekiston Respublikasining rezidenti yoki norezidenti boʻlgan yuridik va jismoniy shaxs;
“Business city” markazi investori (keyingi oʻrinlarda — Investor) — “Business city” markazi hududida qurilish va (yoki) boshqa faoliyatni amalga oshiradigan, yer uchastkalarini mulk huquqi yoki ijara huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali qoʻlga kiritgan tadbirkorlik subyekti;
“Business city” markazi hududida investitsiyalash toʻgʻrisidagi bitim (keyingi oʻrinlarda investitsiyalash toʻgʻrisidagi bitim deb ataladi) — Direksiya bilan Investor (investorlar) oʻrtasida tuziladigan, tomonlarning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligini belgilaydigan bitim;
“Business city” markazi lotlari — “Business city” markazi hududidagi yer uchastkalarining ishlab chiqilgan konsepsiyaga muvofiq tegishli boʻlaklarga ajratilgan qismlari;
elektron onlayn-auksion — Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-fevraldagi 71-son qaroriga 2-ilovada belgilangan tartibda oʻtkaziladigan auksion;
investitsiya majburiyatlari — Investorning investitsiyalash toʻgʻrisidagi bitimda belgilangan majburiyatlari.
3. “Business city” markazlari hududida yer uchastkalaring “Business city” markazi konsepsiyasi asosida lotlarga boʻlinishi, elektron onlayn-auksionga chiqarilishi, investitsiya majburiyatlarining bajarilishini nazorat qilish bilan bogʻliq barcha tashkiliy masalalarni hal etish Direksiyaga yuklanadi.
4. Komissiya oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga hamda mazkur Nizomga amal qiladi.
2-bob. “Business city” markazlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishish tartibi
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tegishli tumanlar va shaharlarda “Business city” markazlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflar:
tegishli shaharni (tumanni) rivojlantirish konsepsiyasi va tasdiqlangan bosh rejasiga muvofiqligi;
mavjud turar joy, noturar bino va inshootlarni buzish, ichki muhandislik va transport kommunikatsiyalari tarmoqlarini barpo etish, umumiy foydalaniladigan joylarni obodonlashtirish uchun eng kam sarf-xarajatlarni amalga oshirish imkoniyatidan kelib chiqib, mazkur hududlarning chegaralarini aniq koʻrsatgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kelishish uchun belgilangan tartibda kiritiladi.
6. “Business city” markazlarini tashkil etish rejalashtirilayotgan hududda qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari mavjud boʻlsa, ularning konsepsiyalarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish vaqtida Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Hukumat komissiyasiga (keyingi oʻrinlarda — Hukumat komissiyasi) ushbu yer uchastkalarining yer fondi toifasini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi masala ham kiritiladi.
7. Vazirlar Mahkamasining Hududlarni kompleks rivojlantirish, kommunikatsiyalar, qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi masalalari kotibiyati tomonidan oʻn kun muddatda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Qurilish vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Kadastr agentligining tegishli xulosalarini olgan holda, “Business city” markazlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflarni amalga oshirish istiqbollari oʻrganib chiqiladi hamda Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga axborot kiritiladi.
Hukumat komissiyasining qarori yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga bir kun ichida axborot kiritiladi.
8. Hukumat komissiyasi tomonidan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarining yer fondi toifasini oʻzgartirish toʻgʻrisida ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda unga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va (yoki) Vazirlar Mahkamasining farmoyishi qabul qilinadi.
Hukumat komissiyasi tomonidan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarining yer fondi toifasini oʻzgartirish toʻliq yoki qisman rad etilgan taqdirda Vazirlar Mahkamasining Hududlarni kompleks rivojlantirish, kommunikatsiyalar, qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi masalalari kotibiyati manfaatdor tashkilotlar bilan birga oʻn kun muddatda “Business city” markazlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflarga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishini taʼminlaydi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Business city” markazlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflarni kelishish Vazirlar Mahkamasining “Business city” zamonaviy ishbilarmonlik markazlari roʻyxatiga qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisidagi qarorini qabul qilish orqali rasmiylashtiriladi.
“Business city” markazlari faoliyatini tashkil etishda mazkur qaror talablariga rioya qilinmagan taqdirda tegishli markazni “Business city” zamonaviy ishbilarmonlik markazlari roʻyxatidan chiqarish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilinadi.
“Business city” zamonaviy ishbilarmonlik markazlari roʻyxatiga oʻzgartirish kiritish boʻyicha qaror loyihasi Vazirlar Mahkamasining Hududlarni kompleks rivojlantirish, kommunikatsiyalar, qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi masalalari kotibiyati tomonidan tayyorlanadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining tegishli oʻrinbosarlari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda qabul qilinadi.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Business city” zamonaviy ishbilarmonlik markazlari roʻyxatiga qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi qarori asosida uch kun muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining tegishli tumanlar va shaharlarda “Business city” markazlarini hamda ushbu markazlar hududida obyektlarni qurish va ulardan foydalanish direksiyasini tashkil etish toʻgʻrisidagi qarorlari qabul qilinadi.
11. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan ikki oy muddatda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Qurilish vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Kadastr agentligining tegishli xulosalari asosida mahalliy va xorijiy loyiha tashkilotlari tomonidan “Business city” markazining batafsil qiyofasini oʻzida aks ettiruvchi va asosiy koʻrsatkichlari aniq yoritilgan konsepsiyasi ishlab chiqilishi hamda kelishish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi taʼminlanadi.
Bunda “Business city” markazi hududini qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va yer fondi toifasi oʻzgartirilmagan yangi yer uchastkalari hisobiga kengaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
12. Vazirlar Mahkamasining Hududlarni kompleks rivojlantirish, kommunikatsiyalar, qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi masalalari kotibiyati tomonidan uch kun muddatda “Business city” markazining yakuniy konsepsiyasi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga axborot beriladi hamda kelishiladi.
3-bob. “Business city” markazi hududida yer uchastkalarini ajratish tartibi
13. Yer uchastkalarini elektron onlayn-auksionga chiqarish shartlarini belgilash maqsadida Direksiya bir oy muddatda:
yer uchastkalari va boshqa mol-mulk olib qoʻyilishi, turar joylar, noturar bino va inshootlar buzilishi sababli mulkdorlarga yetkazilgan zararlarni qoplash, hududlarni tozalash, yer ishlarini bajarish, muhandislik va transport kommunikatsiyalarining maydon ichki tarmoqlarini qurish, umumiy foydalaniladigan hududlarni obodonlashtirish, reklama kampaniyalari va taqdimot tadbirlarini oʻtkazish, shuningdek, mahalliy, xorijiy konsalting va arxitektura kompaniyalari xizmatlari uchun zarur boʻladigan xarajatlar miqdoriga aniqlik kiritadi;
jalb etilgan loyiha tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilgan “Business city” markazining yakuniy konsepsiyasiga muvofiq tanlangan hududni tegishli lotlarga ajratadi.
Oldingi tahrirga qarang.
14. “Business city” markazlari davlat mulki sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan boʻsh yer uchastkalarida tashkil etiladi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 23-fevraldagi 76-sonli qarori tahririda)
15. Umumiy foydalanishdagi yer uchastkalari bosh rejaga muvofiq infratuzilma obyektlari va ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlarni barpo etish uchun Direksiyaga va (yoki) ushbu obyektlarni qurish, saqlash va foydalanish vazifasini amalga oshiruvchi boshqa davlat organlari, muassasalari va korxonalariga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladi.
16. Bosh rejaga muvofiq tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun, shu jumladan koʻp kvartirali uylar, ishlab chiqarish, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarini qurish uchun moʻljallangan yer uchastkalari mulk huquqi va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilinadi.
17. Yer uchastkalari elektron onlayn-auksionda “Business city” markazlarining konsepsiyasi, bosh rejasi va batafsil rejalashtirish loyihasida nazarda tutilgan obyektlarni barpo etish sharti bilan lotlarga boʻlingan holda realizatsiya qilinadi, bunda har bir lot boʻyicha loyihaning taxminiy tavsifi va arxitektura qiyofasiga, foydalanishga topshirish muddatiga talablar belgilanadi.
18. Yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali sotishdan tushgan tushumlar (Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-fevraldagi 71-son qaroriga 2-ilovaning 39-bandi “a” — “d” kichik bandlarida nazarda tutilgan xarajatlar chegirib qolingan holda) Direksiyaga oʻtkaziladi.
19. “Business city” markazi qurilishi uchun tanlangan hududning ishlab chiqilgan konsepsiyaga muvofiq ajratilgan lotlari soni Direksiya tomonidan aniqlashtiriladi hamda bir hafta muddatda Komissiya yigʻilishida koʻrib chiqib, tasdiqlanadi.
20. Yer uchastkalarini elektron onlayn-auksionga chiqarish va yer uchastkasiga boʻlgan huquqlarni elektron onlayn-aukson gʻoliblariga rasmiylashtirish Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-fevraldagi 71-son qaroriga 2-ilovada belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Bunda:
yer uchastkasini ajratish materiallarini Komissiya aʼzolari boʻlgan tashkilotlar bilan kelishish talab etilmaydi;
yer uchastkasiga huquq turini (mulk huquqi yoki ijara huquqi) belgilash tuman (shahar) hokimliklari tomonidan Direksiyaning taklifi asosida amalga oshiriladi.
21. Auksionoldi barcha jarayonlar amalga oshirilgandan soʻng Direksiya tomonidan:
besh kun muddatda oʻz rasmiy veb-saytida “Business city” markazining konsepsiyasi joylashtiriladi;
elektron onlayn-auksion oʻtkazilishidan kamida oʻttiz kun oldin mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida “Business city” markazi qurilishi boʻyicha elektron onlayn-auksion toʻgʻrisida eʼlonlar joylashtiriladi;
Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalari orqali “Business city” markazi qurilishi boʻyicha elektron onlayn-auksion toʻgʻrisida xorijiy davlatlarda targʻibot ishlari amalga oshiriladi.
4-bob. Investitsiya shartnomasini tuzish tartibi
22. Direksiya elektron onlayn-auksion gʻolibi aniqlangandan soʻng besh kun muddatda ingliz, oʻzbek va rus tillarida investitsiya shartnomasi loyihasini tayyorlaydi hamda koʻrib chiqish va kelishish (imzolash) uchun yer uchastkasiga boʻlgan huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan Investorga yuboradi.
Investitsiya shartnomasi savdo platformasida elektron shaklda rasmiylashtirilishi mumkin.
23. Yer uchastkasiga boʻlgan huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan Investor va Direksiya oʻrtasida investitsiya shartnomasi rasmiylashtiriladi hamda ushbu Investor “Business city” markazi investorlari roʻyxatiga kiritiladi.
24. Investitsiya shartnomasi Oʻzbekiston Respublikasining “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq boʻlishi hamda quyidagi asosiy qismlardan iborat boʻlishi lozim:
loyihaning tavsifi va arxitektura qiyofasi;
investitsiya majburiyatlarini bajarish muddatlari;
Investorning huquq va majburiyatlari;
Direksiyaning huquq va majburiyatlari;
Direksiyaga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratilgan umumiy foydalanishdagi yer uchastkalari hamda ushbu yer uchastkalarida joylashadigan obyektlardan foydalanish shartlari;
loyihaning amalga oshirilishi yuzasidan monitoring va texnik nazorat oʻrnatilishi;
investitsiya majburiyatlarining bajarilishi boʻyicha hisobot topshirish tartibi;
investitsiya shartnomasi shartlari buzilganligi uchun taraflarning javobgarligi;
investitsiya shartnomasiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish;
investitsiya shartnomasining amal qilishini toʻxtatish;
nizolarni hal etish tartibi.
Ayrim loyihalarning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, shartnomada alohida shartlar koʻzda tutilishi mumkin.
25. Zaruratga koʻra, investitsiya shartnomasining alohida shartlarini kelishish maqsadida Direksiya va Investor oʻrtasida muzokaralar oʻtkazilishi mumkin.
26. Loyiha tashabbuskori va Direksiya oʻrtasida “Business city” markazi hududida rasmiylashtirilgan investitsiya shartnomasi belgilangan tartibda tegishli Direksiyada roʻyxatga olinadi.
Investitsiya shartnomasi roʻyxatga olingan kundan boshlab kuchga kiradi.
27. Investor quyidagi majburiyatlarni oʻz zimmasiga oladi:
obyekt qurilishi boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish hamda belgilangan tartibda davlat ekspertizasining ijobiy xulosasini olish;
obyekt qurilishi boʻyicha pudrat tashkilotlari bilan shartnomalar tuzish;
qurilish uchastkasi hududini maxsus toʻsiqlar bilan oʻrab olish hamda hududda qurilish ishlari olib borilayotganligi toʻgʻrisida ogohlantirish belgilarini oʻrnatish;
quruvchilarning qurilish hududida ishlashi uchun qulay sharoitlar yaratish;
umumiy foydalaniladigan hududlarni obodonlashtirish va saqlash uchun Direksiyaga haq toʻlash;
investitsiya shartnomasida koʻrsatilgan, bajarilishi zarur boʻlgan boshqa harakatlarni amalga oshirish.
28. Investorning shartnoma asosida olgan huquq va majburiyatlarini uchinchi shaxslarga berishi taqiqlanadi.
Yer uchastkasiga boʻlgan huquq qonunda belgilangan tartibda boshqa shaxsga oʻtgan taqdirda, investitsiya shartnomasi taraflarini almashtirish toʻgʻrisida kelishuv tuziladi.
5-bob. Direksiya faoliyatini moliyalashtirish va uning mablagʻlaridan foydalanish tartibi
29. Quyidagilar Direksiya faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:
muassis tomonidan ajratilgan mablagʻlar;
mazkur Nizomning 18-bandiga muvofiq yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali sotishdan tushgan mablagʻlar;
homiylik xayriyalari;
umumiy foydalaniladigan hududlarni obodonlashtirish va saqlash uchun investorlar tomonidan toʻlanadigan mablagʻlar;
tijorat faoliyatidan olinadigan boshqa daromadlar;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
30. Direksiya mablagʻlaridan “Business city” markazlarini qurish, shuningdek, ularning qurilishi munosabati bilan ushbu tuman va shahar markazlarining boshqa qismlarini rivojlantirish bilan bogʻliq quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:
“Business city” markazlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish;
yer uchastkalari va boshqa mol-mulk olib qoʻyilishi, turar joylar, noturar bino va inshootlar buzilishi sababli mulkdorlarga yetkazilgan zararlarni qoplash;
hududlarni tozalash, yer ishlarini bajarish, muhandislik va transport kommunikatsiyalarining maydon ichki tarmoqlarini qurish;
“Business city” markazining konsepsiyasida koʻrsatilgan va Komissiya qarorlarida Direksiya mablagʻlari hisobidan qurib topshirilishi belgilangan davlat mulkidagi ijtimoiy obyektlarni qurish;
umumiy foydalaniladigan hududlarni obodonlashtirish va saqlash;
reklama kampaniyalari va taqdimot tadbirlari oʻtkazish;
mahalliy, xorijiy konsalting va arxitektura kompaniyalari xizmatlari uchun xarajatlar;
Direksiyani saqlash va xodimlar mehnatiga haq toʻlash xarajatlari.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
31. Taraflarning investitsiya shartnomasida belgilangan majburiyatlarini bajarmasligi bilan bogʻliq nizolar oʻzaro kelishuv yoki sud tartibida koʻrib chiqiladi.
32. Investor tomonidan investitsiya shartnomasida belgilangan majburiyatlarning bajarilmasligi bitimni va “Business city” markazi investori maqomini bekor qilishga asos boʻlib xizmat qiladi.
33. Investitsiyalash toʻgʻrisidagi bitimda belgilangan majburiyatlarning bajarilishi Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 36-moddasida nazarda tutilgan hollarda ijara huquqi bilan berilgan yer uchastkasidan belgilangan maqsadlarda va oqilona foydalanilayotganligini baholash uchun asos hisoblanadi.
34. Direksiya loyiha tashabbuskori “Business city” markazi investori sifatida roʻyxatdan oʻtkazilgan yoki roʻyxatdan chiqarilgan kundan boshlab bir ish kuni ichida, bu haqda davlat soliq organlarini va boshqa manfaatdor tashkilotlarni, shuningdek roʻyxatdan chiqarilgan kunda darhol davlat bojxona organlarini xabardor qiladi.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-maydagi PQ-247-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.05.2022-y., 07/22/247/0428-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-iyundagi 461-son qaroriga
2-ILOVA
“Business city” zamonaviy ishbilarmonlik markazlarini barpo etish ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha komissiyalarning
NAMUNAVIY TARKIBI

1.

(lavozimiga koʻra)

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, Komissiya raisi

2.

(lavozimiga koʻra)

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xoʻjalik masalalari boʻyicha oʻrinbosari, Komissiya raisi oʻrinbosari

3.

(lavozimiga koʻra)

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining oʻrinbosari — Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshligʻi

4.

(lavozimiga koʻra)

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qurilish vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi boshligʻi

5.

(lavozimiga koʻra)

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirining, viloyatlar iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari

6.

(lavozimiga koʻra)

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri, viloyatlar uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish boshqarmasi va Toshkent shahar uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish bosh boshqarmasi boshligʻi

7.

(lavozimiga koʻra)

Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar boshqarmasi boshligʻi

8.

(lavozimiga koʻra)

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qoʻmitasi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshligʻi

9.

(lavozimiga koʻra)

“Hududiy elektr tarmoqlari” va “Oʻztransgaz” aksiyadorlik jamiyatlarining hududiy boʻlinmalari rahbarlari

10.

(lavozimiga koʻra)

“Business city” markazini qurish va undan foydalanish direksiyasi rahbari, Komissiya ishchi organi

Izoh: Komissiya aʼzolari boshqa lavozimga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga mazkur lavozimga yangidan tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi. Zaruratga koʻra, Komissiya tarkibiga boshqa tashkilotlar ham jalb qilinadi.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-maydagi PQ-247-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.05.2022-y., 07/22/247/0428-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-iyundagi 461-son qaroriga
3-ILOVA
“Business city” zamonaviy ishbilarmonlik markazlari
ROʻYXATI
1. “Nukus city” biznes markazi.
2. “Bukhara city” ishbilarmonlik markazi.
3. “Yangi Namangan shaharchasi” zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turar joylar kompleksi.
4. “Nurafshon business city” ishbilarmonlik markazi.
5. “Daryo boʻyi business city” tadbirkorlik markazi.
6. “Mirzo Ulugʻbek business city” tadbirkorlik markazi.
7. “Yunusobod business city” tadbirkorlik markazi.
8. “Olmazor business city” tadbirkorlik markazi.
9. “Tashkent city” xalqaro ishbilarmonlik markazi.
10. “Yangi Oʻzbekiston koʻchasi” ishbilarmonlik markazi.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-maydagi PQ-247-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.05.2022-y., 07/22/247/0428-son)
Oldingi tahrirga qarang.
11. “Shahrisabz” turistik markazi.
12. “Maydanak baland togʻ” turistik markazi.
(11-12-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-noyabrdagi PQ-376-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2023-y., 07/23/376/0909-son)
Oldingi tahrirga qarang.
13. “Yangi Navoiy shaharchasi” ishbilarmonlik markazi.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 8-apreldagi 192-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.04.2024-y., 09/24/192/0271-son)
Oldingi tahrirga qarang.
14. Yangi Toshkent shahri.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 13-iyuldagi 419-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
15. “Omonxona” turistik markazi.
16. “Sangardak” turistik markazi.
17. “Obihayot” turistik markazi.
(15 — 17-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-dekabrdagi PQ-439-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2024-y., 07/24/439/1029-son)
Oldingi tahrirga qarang.
18. “Guliston city” zamonaviy savdo-servis va turar joylar komplekslari.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 6-martdagi PQ-93-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
19. “Qadimiy Karmana” turistik markazi.
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-fevraldagi PQ-58-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.02.2026-y., 07/26/58/0143-son)
Oldingi tahrirga qarang.
20. “Shirin” zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turar joylar kompleksi.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 31-martdagi 134-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.04.2026-y., 09/26/134/0301-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.06.2019-y., 09/19/461/3239-son; 27.06.2020-y., 09/20/411/1000-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2021-y., 09/21/786/1216-son, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 19.05.2022-y., 07/22/247/0428-son; 30.11.2023-y., 07/23/376/0909-son; 08.04.2024-y., 09/24/192/0271-son; 16.12.2024-y., 07/24/439/1029-son; 16.02.2026-y., 07/26/58/0143-son, 02.04.2026-y., 09/26/134/0301-son)