toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi va uning idoraviy mansub tashkilotlari xodimlarini Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish jamgʻarmasi hisobiga qoʻshimcha moddiy ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2019-yil 1-fevraldagi PQ-4143-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi va uning idoraviy mansub tashkilotlari xodimlarini Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish jamgʻarmasi hisobiga qoʻshimcha moddiy ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ular qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — transport vaziri A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 24-may,
429-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-maydagi 429-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) mablagʻlarini shakllantirish, boshqarish va undan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Jamgʻarma yuridik shaxs hisoblanmaydi va uning mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligining (keyingi oʻrinlarda Transport vazirligi deb ataladi) gʻaznachilik hisobvaraqlarida jamlanadi.
2-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi
3. Jamgʻarma mablagʻlari quyidagi manbalar hisobiga shakllantiriladi:
shahar, shahar atrofi, shaharlararo va xalqaro avtomobillarda yoʻlovchilar va yuk tashishga litsenziya berilganligi uchun davlat boji toʻlashdan olingan tushumlarning 60 foizi;
Transport vazirligining hududiy boshqarmalari inspektorlari tomonidan avtomobil tashuvchilari sohasida maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisida tuzilgan bayonnomalar boʻyicha undiriladigan jarima toʻlovlari tushumining 60 foizi;
temir yoʻl transportida yoʻlovchilar va yuk tashish boʻyicha faoliyatni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya berilganligi uchun davlat bojining 20 foizi;
Oldingi tahrirga qarang.
avtomobil va temir yoʻl transportida yoʻlovchilar va yuk tashish huquqi uchun litsenziya olishga berilgan arizalarni koʻrib chiqish, shuningdek, xalqaro avtomobilda tashishlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma blankalari berilganligi uchun yigʻimlarning 60 foizi;
(3-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 28-oktabrdagi 710-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.10.2024-y., 09/24/710/0867-son)
shahar, shahar atrofi va viloyat ichki shaharlararo yoʻnalishlarini yoʻlga qoʻyish uchun tenderlarda ishtirok etish uchun toʻlovlarning 100 foizi;
Oldingi tahrirga qarang.
tegishli ruxsatnomasiz ogʻir vaznli, yirik gabaritli, xavfli yuklarni tashish va yuk bilan yoki yuksiz holdagi gabarit oʻlchamlari belgilangan normalardan ortiq boʻlgan transport vositalarida yoʻlga chiqish uchun undiriladigan jarimalar summasining 10 foizi;
yuk koʻtarish quvvati 10 tonnadan yuqori boʻlgan yuk avtotransporti vositalari va tirkamalarining avtomobil yoʻllari boʻylab harakatlanishi huquqi uchun yigʻimning 10 foizi;
tadbirkorlik subyektlariga tegishli oʻlchov nazorat shoxobchalari qayd etgan tegishli ruxsatnomasiz ogʻir vaznli, yirik gabaritli, xavfli yuklarni tashish va yuk bilan yoki yuksiz holdagi gabarit oʻlchamlari belgilangan normalardan ortiq boʻlgan transport vositalarida yoʻlga chiqish uchun undiriladigan jarimalar summasining 15 foizi;
tadbirkorlik subyektlariga tegishli koʻchma oʻlchov nazorat shoxobchalarida oʻrnatilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari orqali aniqlangan shoxobchaga kirish joyida toʻla vazni 12 tonnadan yuqori boʻlgan N3 va O4 toifaga kiruvchi avtotransport vositalarini yoʻnaltiruvchi yoʻl belgilariga rioya qilmagan holda shoxobcha orqali harakatlanmagan yuk avtotransport vositalari uchun qoʻllanilgan jarima summasining 50 foizi;
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 28-oktabrdagi 710-sonli qaroriga asosan yettinchi — oʻninchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.10.2024-y., 09/24/710/0867-son)
“Oʻzaeronavigatsiya” markazi” DK sof foydasining 5 foizi;
Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh mablagʻlarini Oʻzbekiston Respublikasi tijorat banklari depozitlarida joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat tashkilotlari kreditlari (qarzlari) va grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
4. Jamgʻarma mablagʻlaridan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:
transport sohasidagi ilmiy-tadqiqot ishlari;
Oldingi tahrirga qarang.
yoʻlovchi avtovokzallari va avtostansiyalarini, shuningdek, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga tegishli boʻlgan umumiy foydalanishdagi fuqarolar qatnov yoʻlining oraliq toʻxtash bekatlarini (keyingi oʻrinlarda infratuzilma obyektlari deb ataladi) qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash dasturlari;
(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
Transport vazirligi tuzilmasidagi ixtisoslashtirilgan avtotransport korxonalari uchun yangi avtotransport vositalarini sotib olish, ularni texnik jihatdan qayta jihozlash (gaz-ballon uskunasini, avtotransport vositalari faoliyatini kuzatish tizimini va boshqa shu kabi uskunalarni oʻrnatish);
transport sohasini boshqarish tizimiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish;
Transport vazirligining markaziy apparati va hududiy boshqarmalari, uning tuzilmasiga kiradigan tashkilotlar xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish, Transport vazirligini saqlash va uning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish xarajatlarini moliyalashtirish.
5. Jamgʻarma mablagʻlari qonun hujjatlariga muvofiq Transport vazirligi hayʼatining (keyingi oʻrinlarda hayʼat deb ataladi) qaroriga muvofiq ushbu Nizomning 4-bandida nazarda tutilmagan boshqa maqsadlarga ham yoʻnaltirilishi mumkin.
3-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini boshqarish
6. Jamgʻarma faoliyatini boshqarish va uning mablagʻlarini taqsimlash hayʼat tomonidan amalga oshiriladi.
7. Hayʼat majlisi uning majlisida hayʼat tarkibining yarmidan koʻpi qatnashsa haqiqiy hisoblanadi. Koʻrilayotgan masalalar boʻyicha qarorlar oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Qabul qilingan qarorlar bayonnomalar shaklida rasmiylashtiriladi.
8. Jamgʻarma faoliyatini boshqarish va uning mablagʻlarini taqsimlashda quyidagilar hayʼatning asosiy vazifalari hisoblanadi:
Jamgʻarmaga tushgan mablagʻlar doirasida daromadlar va xarajatlar smetasini tasdiqlash;
Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishini nazorat qilish;
Jamgʻarma mablagʻlarini ushbu Nizomda koʻrsatilgan maqsadlarga yoʻnaltirish (ajratish) toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish;
chorak yakunlari boʻyicha Jamgʻarmaning daromadlari va xarajatlari ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni koʻrib chiqish va tasdiqlash;
Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish boʻyicha ijro etuvchi organni shakllantirish (keyingi oʻrinlarda Ijro etuvchi organ deb ataladi);
Jamgʻarma mablagʻlaridan boshqa maqsadlarda foydalanish holatlari aniqlanganda darhol bartaraf etish, asoslanmagan xarajatlar va yetkazilgan zararni qoplash boʻyicha tegishli choralar koʻrish.
9. Hayʼat oʻz faoliyatini Ijro etuvchi organ orqali amalga oshiradi. Ijro etuvchi organ tarkibi transport vazirining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi va buxgalteriya boʻlimi va Transport vazirligi markaziy apparatining tegishli boʻlinmalarining Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish yoʻnalishlari boʻyicha loyihalarni shakllantirish bilan shugʻullanuvchi mutaxassislaridan iborat boʻladi.
10. Quyidagilar Ijro etuvchi organning asosiy vazifalari hisoblanadi:
Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish yoʻnalishlari boʻyicha loyihalarni shakllantirish;
Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish yoʻnalishlari boʻyicha Transport vazirligining tegishli boʻlinmalari va uning idoraviy mansub tashkilotlaridan tushgan moliyalashtirish boʻyicha buyurtmanomalarni koʻrib chiqish.
Loyihaning tashabbuskori loyihani iqtisodiy asoslash uchun masʼul hisoblanadi.
11. Jamgʻarma mablagʻlari hisobiga moliyalashtirilishi moʻljallanayotgan loyihalar ularning maqsadga muvofiqligi va zarurligini baholash uchun Ijro etuvchi organ tomonidan Transport vazirligining Ilmiy-texnik kengashiga ekspertizaga kiritiladi.
12. Transport vazirligining Ilmiy-texnik kengashi taqdim etilgan loyihalarni koʻrib chiqadi, ularni qabul qilish maqsadga muvofiqligi va zarurligini baholaydi va oʻz qarorini bayonnoma shaklida rasmiylashtiradi.
Transport vazirligi Ilmiy-texnik kengashining loyihani moliyalashtirish maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi qarori loyihani koʻrib chiqish uchun hayʼatga taqdim etishga asos hisoblanadi.
13. Hayʼat Ijro etuvchi organ tomonidan taqdim qilingan loyihalarni koʻrib chiqadi va loyihani Jamgʻarma mablagʻlari hisobiga moliyalashtirish yoki loyihaning maqsadga muvofiqligi va iqtisodiy samaradorligi yetarli asoslanmagan taqdirda moliyalashtirishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Moliyalashtirishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda hujjatlar qayta ishlash yoki ularning maqsadga muvofiqligini qoʻshimcha baholash uchun Ijro etuvchi organga qaytariladi.
14. Hayʼatning loyihani Jamgʻarma mablagʻlari hisobiga moliyalashtirish toʻgʻrisidagi qarori asosida Transport vazirligining buxgalteriya boʻlimi Jamgʻarmaning dastlabki smetasini ishlab chiqadi.
Transport vazirligining buxgalteriya boʻlimi Jamgʻarmaning dastlabki smetasini tuzishda:
kelgusi yilda Jamgʻarmaga pul mablagʻlari tushumining umumiy hajmini belgilaydi;
prognozlashtirilayotgan yil boshida Jamgʻarma mablagʻlari qoldigʻini va yil davomida prognozlashtirilayotgan tushumlar va xarajatlar hajmini hisobga oladi.
Transport vazirligining buxgalteriya boʻlimi tomonidan tuzilgan Jamgʻarmaning dastlabki smetasi hayʼat tomonidan koʻrib chiqiladi va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlanadi.
4-bob. Jamgʻarma mablagʻlaridan yoʻnalishlar boʻyicha foydalanish shartlari
1-§. Ilmiy-tadqiqot ishlarini moliyalashtirish
15. Ilmiy-tadqiqot ishlarini moliyalashtirishda Ijro etuvchi organ tomonidan quyidagi talablarga javob beruvchi loyihalar tanlab olinadi:
transport xizmatlari xavfsizligini taʼminlashning ilgʻor innovatsion texnologiyalarini joriy qilish;
yuqori sifatli transport xizmatlari, nazariy-metodik hujjatlar va avtomobil transporti standartlarining iqtisodiy-matematik modellashtirilishi (optimizatsiya);
asosan yangi texnika, texnologiya va materiallarning muayyan turlarini yaratishga yoʻnaltirilgan loyihalar yoki kompleks nazariy yoki eksperemental tadqiqotlar jarayonida amaliy natijalarga erishish.
2-§. Infratuzilma obyektlarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash
16. Infratuzilma obyektlarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlashning yillik hajmlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Avtomobil transportini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 6-martdagi PQ-3589-son qarori, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari va topshiriqlari bilan tasdiqlangan parametrlar asosida shakllantiriladi.
17. Jamgʻarma mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladigan loyiha-qidiruv ishlarining manzilli roʻyxatlarini shakllantirish, infratuzilma obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash uchun loyiha-smeta hujjatlarini tasdiqlash Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 26-iyuldagi 240-son qarori bilan tasdiqlangan Markazlashtirilgan investitsiyalar hisobiga moliyalashtiriladigan obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash uchun loyiha-tadqiqot ishlarining manzilli roʻyxatlarini shakllantirish, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va tasdiqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq Ijro etuvchi organ tomonidan amalga oshiriladi.
18. Infratuzilma obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash uchun pudratchi tashkilotlarni aniqlash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
19. Infratuzilma obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash uchun pudratchi tashkilotlarni moliyalashtirish (toʻlovlarni amalga oshirish) Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 12-sentabrdagi 395-son qarori bilan tasdiqlangan Markazlashtirilgan mablagʻlar hisobiga qurilishni tashkil etish, moliyalashtirish va kreditlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
20. Manzilli roʻyxatlarga kiritilgan infratuzilma obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash boʻyicha loyiha hujjatlari, ajratilgan moliyalashtirish mablagʻlarining maqsadli ishlatilishi, bajarilgan ishlarning hajmi va sifati Transport vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
21. Infratuzilma obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash manzilli roʻyxatlariga yil davomida qoʻshimcha obyektlarni kiritishga avariya holatlarida va moliyalashtirish mablagʻlari mavjud boʻlganda ruxsat beriladi.
3-§. Avtotransport vositalarini sotib olish uchun mablagʻlar ajratish
22. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari bilan tasdiqlangan avtotransport vositalarini yangilash (sotib olish) parametrlari doirasida avtomobil transporti tashuvchilariga avtotransport vositalari sotib olish uchun shartnoma asosida qaytarish sharti bilan mablagʻ ajratiladi.
23. Jamgʻarma mablagʻlarini olish uchun avtomobil transporti tashuvchisi Transport vazirligiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
Jamgʻarma mablagʻlarini olish uchun buyurtmanoma;
pul mablagʻlarini sarflash yoʻnalishlari koʻrsatilgan biznes-reja;
uchinchi yuridik shaxsdan kafillik shartnomasi;
soliq organlari tomonidan tasdiqlangan soʻnggi hisobot davridagi moliya hisoboti shakllari, yangi tuzilgan xoʻjalik subyektlari bundan mustasno;
24. Mablagʻlarni olish uchun Transport vazirligi va oluvchi oʻrtasida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ikki tomonlama shartnoma tuziladi.
4-§. Transport sohasini boshqarish tizimiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish uchun mablagʻ ajratish
25. Transport sohasini boshqarish tizimiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish uchun mablagʻlar Jamgʻarma daromadlari va xarajatlari smetasi doirasida ajratiladi.
26. Transport sohasini boshqarish tizimiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish uchun mablagʻ ajratish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-martdagi PQ-3589-son qarori bilan tasdiqlangan Avtomobil transporti boshqaruv tizimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish dasturi doirasida amalga oshiriladi.
5-§. Transport vazirligi xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishni moliyalashtirish, moddiy-texnika bazani rivojlantirish va boshqa xarajatlar
27. Transport vazirligi xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishga xarajatlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish jamgʻarmasi hisobiga Transport vazirligi va uning idoraviy mansub tashkilotlari xodimlarini qoʻshimcha moddiy ragʻbatlantirish tartibiga muvofiq amalga oshiriladi.
28. Transport vazirligini saqlash xarajatlariga:
joriy xarajatlarni;
moddiy-texnika bazani rivojlantirish xarajatlarini;
Oʻzbekiston Respublikasida va xorijiy davlatlarda Transport vazirligi tomonidan tashkil etiladigan biznes-forumlar, seminarlar, koʻrgazmalarni oʻtkazish xarajatlarini;
yoʻlovchilar va yuklarni avtomobil transportida tashish huquqiga litsenziya olish uchun berilgan arizalarni koʻrib chiqish, eʼlonlar boʻyicha xarajatlarni hisobga olgan holda ruxsatnomalar blankalari va tender hujjatlari toʻplamlarini tayyorlashning haqiqiy tannarxi boʻyicha ularni tayyorlash xarajatlarini;
xalqaro avtomobilda tashish masalalari boʻyicha qoʻshma/aralash komissiyalar majlislarini va boshqa tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish xarajatlari, ushbu sohada Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini amalga oshirish doirasida vakillik xarajatlarini;
davlat organlari va boshqa tashkilotlar, yetakchi loyiha institutlari, ilmiy va taʼlim muassasalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, xorijiy kompaniyalarning yuqori malakali mutaxassislari va ekspertlarni maslahatchilar sifatida jalb qilish xarajatlarini oʻz ichiga oladi.
Barcha xarajatlar Jamgʻarma daromadlari va xarajatlari smetasi doirasida moliyalashtiriladi.
29. Ekologiya, sogʻlomlashtirish va xayriya tashkilotlari, madaniyat va sogʻliqni saqlash muassasalari, mehnat organlari, jismoniy tarbiya va sport, taʼlim muassasalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻz oʻzini boshqarish organlari uchun homiylik va xayriya yordami shaklidagi subsidiyalar, toʻlovlar, mablagʻlar faqat Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga muvofiq ajratiladi.
30. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga chiqish vaqtida xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 5-martdagi PQ-3584-son qarorining 3-bandiga asosan ixtisoslashtirilgan kompaniyalar tomonidan jalb qilingan kreditlarni qaytarishga va xarajatlarni qoplashga yoʻnaltiriladigan, ular boʻyicha foizlar va vositachilik haqi toʻlash bilan bogʻliq boʻlgan mablagʻlar Jamgʻarma daromadlari va xarajatlari smetasi doirasida ajratiladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
31. Jamgʻarmaning joriy yilda sarflanmagan mablagʻlari keyingi yilga oʻtkaziladi va qaytarib olinmaydi.
32. Transport vazirligining hayʼati va bosh buxgalteri Jamgʻarma mablagʻlarining qonuniyligi va maqsadli yoʻnaltirilishi uchun javob beradi.
33. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-maydagi 429-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi va uning idoraviy mansub tashkilotlari xodimlarini Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish jamgʻarmasi hisobiga qoʻshimcha moddiy ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi va uning idoraviy mansub tashkilotlari (keyingi oʻrinlarda Transport vazirligi deb ataladi) xodimlari mehnatini moddiy ragʻbatlantirish tartibini belgilaydi.
2. Transport vazirligi va uning idoraviy mansub tashkilotlari xodimlari mehnatini moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy muhofaza qilish (keyingi oʻrinlarda moddiy ragʻbatlantirish deb ataladi) samaradorlik, bajarilayotgan ish sifati oshirilishidan ularning moddiy va maʼnaviy manfaatdorligini oshirish, ularga yuklangan vazifalarni bajarishda tashabbus koʻrsatilishini ragʻbatlantirish, mehnat va ijro intizomini taʼminlash maqsadida amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Ushbu Nizom Transport vazirligi markaziy apparati va hududiy boʻlinmalari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini oʻrganish markazi, Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi xodimlariga joriy qilinadi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 15-dekabrdagi 668-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.12.2023-y., 09/23/668/0945-son)
2-bob. Moddiy ragʻbatlantirishni amalga oshirish tartibi
4. Moddiy ragʻbatlantirish toʻgʻrisidagi qaror Transport vazirligi xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish komissiyasi (keyingi oʻrinlarda Komissiya deb ataladi) tomonidan qabul qilinadi.
Komissiya tarkibi va uning ishi reglamenti Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri tomonidan tasdiqlanadi (keyingi oʻrinlarda transport vaziri deb ataladi).
5. Transport vazirligi xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish boʻyicha takliflar Komissiyaning koʻrib chiqishi uchun:
transport vaziri oʻrinbosarlari tomonidan — Transport vazirligi faoliyatini baholash mezonlari asosida mutasaddilik qilinadigan tegishli tarkibiy boʻlinmalar rahbarlariga nisbatan;
tarkibiy boʻlinmalar rahbarlari tomonidan — Transport vazirligi faoliyatini baholash mezonlari asosida transport vazirining mutasaddilik qiladigan oʻrinbosarlari bilan kelishgan holda boʻlinmalar tegishli xodimlari yuzasidan kiritiladi.
6. Moddiy ragʻbatlantirish:
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish jamgʻarmasining (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) belgilangan tartibda tasdiqlangan xarajatlar smetasida nazarda tutilgan mablagʻlar hisobiga;
xodimning haqiqatda ishlagan vaqtidan kelib chiqib amalga oshiriladi (vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasi va/yoki mehnat taʼtili kunlarini hisobga olmagan holda) va ish haqining oʻrtacha miqdorini hisoblab chiqishda hisobga olinadi.
7. Transport vazirligi va uning idoraviy mansub tashkilotlari xodimlari uchun moddiy ragʻbatlantirishning quyidagi turlari amalga oshiriladi:
Oldingi tahrirga qarang.
a) har oylik oziq-ovqat uchun xarajatlarni qoplash boʻyicha toʻlovlar — bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida;
(7-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
Oldingi tahrirga qarang.
b) har oylik yoʻlkira uchun xarajatlarni qoplash boʻyicha toʻlovlar — Transport vazirligining xizmat avtotransporti biriktirilgan xodimlaridan tashqari barcha xodimlari uchun bazaviy hisoblash miqdorida;
(7-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
v) oylik va choraklik mukofot pullari — bir lavozim maoshigacha boʻlgan miqdorda (mehnatni ragʻbatlantirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda);
g) tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq toʻlanadigan mehnatga haq toʻlash fondidan 200 foizgacha boʻlgan miqdorda har oylik ustama;
d) bayram kunlari munosabati bilan beriladigan mukofotlar — bir lavozim maoshgacha boʻlgan miqdorda (mehnatni ragʻbatlantirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda), haqiqatda ishlangan vaqtdan qatʼi nazar xarajatlar smetasida ushbu maqsadlar uchun tasdiqlangan summa doirasida;
e) qonun hujjatlarida belgilangan xodimlarning alohida toifalariga ustamalar.
Mehnatga haq toʻlashning oylik fondi miqdorini belgilashda mehnatga haq toʻlash boʻyicha Yagona tarif setkasi boʻyicha tarif koeffitsiyentlari bilan bir qatorda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari davlat xizmatchilarining lavozim maoshlariga ustamalar (mehnatni ragʻbatlantirish koeffitsiyenti) hisobga olinadi.
Har oylik ustamalar miqdori Komissiya tomonidan har oyda Transport vazirligi xodimining shaxsiy hissasini baholash hisobga olingan holda belgilanadi.
8. Komissiyaning qarori bilan bir martalik ragʻbatlantirish, ijtimoiy, kompensatsiya toʻlovlari va taqdirlashlarning quyidagi turlari amalga oshirilishi mumkin:
a) xodimning 50, 60 yoshga toʻlishi — ikki lavozim maoshigacha;
b) xodimning mehnat pensiyasiga chiqishi — ikki lavozim maoshigacha;
Oldingi tahrirga qarang.
v) xodimning, shuningdek, uning bolalarining turmush qurishi — bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravarigacha;
(8-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
g) moddiy yordam — yiliga bir lavozim maoshi;
Oldingi tahrirga qarang.
d) xodimning yaqin qarindoshlari yoki oʻzining vafot etishi — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravarigacha.
(8-band “d” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
Xodim vafot etgan taqdirda moddiy zarar (agar u xodim vafot etgan yili bevosita xodimning oʻziga berilmagan boʻlsa) turmush oʻrtogʻiga toʻlanadi, u yoʻq boʻlsa xodim bilan yashagan voyaga yetgan bolalari yoki qonuniy vakillariga (vasiylar, homiylarga) yoxud voyaga yetmagan bolalarni (yoshidan qatʼi nazar bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxslar) farzandlikka olganlarga, shuningdek, xodimlarning qaramogʻidagi shaxslarga, yoki agar xodim turmush qurmagan boʻlsa va bolalari boʻlmasa teng qismda ota-onasiga beriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
e) kuz-qish mavsumida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotib olish — bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravarigacha;
(8-bandning “e” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
j) davolash muassasalariga, dam olish, sanatoriylar, pansionatlar, turizm bazalari va bolalar sogʻlomlashtirish muassasalariga yoʻllanmalar qiymatining qisman kompensatsiyasi — ular qiymatining 50 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda.
Transport vazirining qarori bilan xodimlarga boshqa turdagi shaxsiy ijtimoiy ragʻbatlantirish amalga oshirilishi mumkin.
9. Ushbu boʻlimda nazarda tutilgan toʻlovlarning barcha turlari Jamgʻarmaning tasdiqlangan xarajatlar smetasi mablagʻlari hisobiga, ularning haqiqatda mavjudligidan va Transport vazirligining moliyaviy-iqtisodiy faoliyati koʻrsatkichlaridan kelib chiqib amalga oshiriladi.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
10. Komissiya aʼzolari, Transport vazirligi tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari tarkibiy boʻlinmalar tegishli xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish boʻyicha takliflar kiritishda xolis yondashuvni taʼminlashlari kerak.
11. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-maydagi 429-son qaroriga
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-maydagi 325-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.05.2025-y., 09/25/325/0460-son)
2. Vazirlar Mahkamasining “Aholiga transport xizmati koʻrsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yoʻlovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish toʻgʻrisida” 2017-yil 25-apreldagi 238-son qarorining 6-bandi uchinchi xatboshi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2017-y., 17-son, 300-modda) quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“undiriladigan jarimalar summasining 60 foizi Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish jamgʻarmasiga oʻtkaziladi”.
3. Vazirlar Mahkamasining “Mahalliy va xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha temir yoʻl transportida yoʻlovchilarni hamda yuklarni tashish faoliyatini litsenziyalash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 9-apreldagi 278-son qaroriga 1-ilovaning 38-bandi ikkinchi-uchinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Litsenziyalar berilganligi uchun davlat boji mablagʻlari Transport vazirligining maxsus gʻaznachilik hisobvaragʻiga oʻtkaziladi va quyidagi tarzda taqsimlanadi:
20 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish jamgʻarmasiga;”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.05.2019-y., 09/19/429/3185-son; 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son; 18.12.2023-y., 09/23/668/0945-son; 31.10.2024-y., 09/24/710/0867-son; 22.05.2025-y., 09/25/325/0460-son; 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)