toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 12.06.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-iyundagi 366-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida“ 2018-yil 7-dekabrdagi PF-5590-son Farmonini ijro etish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi faoliyatini samarali tashkil etishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligining markaziy apparati tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar tibbiy-ijtimoiy xizmatlar boʻlimlarining tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;
tuman (shahar) tibbiy-ijtimoiy xizmatlar shuʼbalarining tuzilmasi 4-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi toʻgʻrisidagi nizom 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Boshqaruv xodimlarining cheklangan soni Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi (keyingi oʻrinlarda Agentlik deb ataladi) markaziy apparatida 25 nafar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar tibbiy-ijtimoiy xizmatlar boʻlimlarida (keyingi oʻrinlarda hududiy boʻlimlar deb ataladi) 70 nafar etib belgilansin.
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziriga, zarurat boʻlganda, boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida Agentlikning markaziy apparati va uning hududiy boʻlimlari tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligining:
Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti hisobidan taʼminlanadigan Respublika stomatologiya poliklinikasini va Respublika markaziy maslahat-diagnostika poliklinikasini davlat unitar korxonalari etib qayta tashkil etish;
“DOTS” markazining vazifalari, funksiyalari va majburiyatlarini Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga bergan holda uni tugatish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
3. Belgilansinki:
Agentlik faoliyatini tashkil etish qayta tashkil etilgan Respublika stomatologiya poliklinikasi, Respublika markaziy maslahat-diagnostika poliklinikasi, shuningdek, tugatilayotgan “DOTS” markazini moliyalashtirishga ajratilayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
Agentlik faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
Agentlik va uning hududiy boʻlimlari xodimlari mehnatga haq toʻlash, moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy muhofaza qilish boʻyicha, tegishli ravishda, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va uning hududiy boʻlinmalari xodimlariga tenglashtiriladi;
tuman (shahar) tibbiy-ijtimoiy xizmatlar shuʼbalari xodimlariga mehnatga haq toʻlashda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 30-sentabrdagi 459-son qaroriga 9a, 10a, 11a va 12a-ilovalarda nazarda tutilgan mehnatga haq toʻlash shartlari tatbiq etiladi.
4. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tarkibidan Agentlik tasarrufiga belgilangan tartibda oʻtkazilsin:
6-ilovaga muvofiq tibbiy-ijtimoiy muassasalar, Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi va uning hududiy boʻlinmalari;
“Muruvvat” va “Saxovat” internat-uylarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi;
Nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda Nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish manbalarini kengaytirish yuzasidan ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda takliflar kiritsin.
6. Nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi tuzilmasidagi Urush va mehnat faxriylarini sanatoriyada sogʻlomlashtirishni tashkil etish boʻlimi uning funksiyalarini va 4 ta shtat birligini Agentlikka bergan holda tugatilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Agentlik bilan birgalikda:
Agentlikning markaziy apparati uchun Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Avtobazasi uchun nazarda tutilgan avtotransport vositalari limitlari doirasida 2 ta biriktirilgan yengil avtotransport ajratsin;
Agentlik markaziy apparatini zarur nazariy bilimlarga va amaliy koʻnikmalarga ega boʻlgan, Agentlikka yuklangan vazifalarni professional darajada bajarishni taʼminlay oladigan yuqori malakali mutaxassislar bilan taʼminlasin;
bir oy muddatda hududiy tibbiy-ijtimoiy xizmatlar boʻlimlari va tuman (shahar) tibbiy-ijtimoiy xizmatlar shuʼbalari toʻgʻrisidagi namunaviy nizomni tasdiqlasin;
hududiy tibbiy-ijtimoiy xizmatlar boʻlimlari va tuman (shahar) tibbiy-ijtimoiy xizmatlar shuʼbalarini tegishli ravishda hududiy sogʻliqni saqlash boshqarmalarida va tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida zarur sharoitlar yaratib, keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarni, ularning jismoniy imkoniyatlarini inobatga olgan holda tekin joylashtirishni taʼminlasin.
8. Toshkent shahar hokimligi bir oy muddatda Agentlik markaziy apparatiga transport kommunikatsiyalari qulay, shuningdek, xizmat koʻrsatiladigan kontingent — keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarning jismoniy imkoniyatlarini hisobga olgan holda, zarur sharoitlarga ega boʻlgan bino ajratish toʻgʻrisida taklif kiritsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi asosli hisob-kitoblar boʻyicha moddiy-texnik bazani shakllantirish uchun zaruriy jihozlar, mebel, ofis va kompyuter jihozlari, tashkiliy texnika va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari xarid qilish, shuningdek, binoni taʼmirlash uchun Agentlikka mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Agentlikning buyurtmanomasi boʻyicha uni belgilangan tartibda tegishli aloqa turlari bilan taʼminlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari A.A. Abduxakimov va Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A.Q. Shadmanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 26-marta,
252-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-martdagi 252-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligining
TAShKILIY TUZILMASI
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-martdagi 252-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligining markaziy apparati
TUZILMASI
Boshqaruv xodimlari soni — 25 nafar.
Izoh: texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar soni qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-martdagi 252-son qaroriga
3-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar tibbiy-ijtimoiy xizmatlar boʻlimlarining namunaviy
TUZILMASI
Boshqaruv xodimlari soni — 5 nafar.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar tibbiy-ijtimoiy xizmatlar boʻlimlari boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni — 70 nafar.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-martdagi 252-son qaroriga
4-ILOVA
Tuman (shahar) tibbiy-ijtimoiy xizmatlar shuʼbalarining namunaviy
TUZILMASI
Boshqaruv xodimlari soni — 1 nafar.
Inspektor xodimlarining soni — 2-3 nafar (viloyat boshqaruvidagi shaharlar va Toshkent shahrining 10 ta tumanida — 3 nafardan, qolgan tuman va shaharlarda — 2 nafardan).
Boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni — 195 nafar.
Inspektor xodimlarining soni — 412 nafar.
Yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga uyida xizmat koʻrsatuvchi ijtimoiy xodimlar soni — 2003 nafar.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-martdagi 252-son qaroriga
5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligining (keyingi oʻrinlarda Agentlik deb ataladi) vazifalari, funksiyalari, huquqlari va javobgarligini, shuningdek, faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Agentlik oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Majlisi palatalari qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, mazkur Nizomga, boshqa qonun hujjatlariga va Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining qarorlariga amal qiladi.
3. Agentlikning oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari, tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilot va idoralar, xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
4. Agentlik oʻz faoliyatini davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, Sogʻliqni saqlash vazirligining tuzilmaviy boʻlinmalari, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslar bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradi.
5. Agentlikning hududiy boʻlinmalari Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri tomonidan tasdiqlangan nizomlarga muvofiq oʻz faoliyatini amalga oshiradilar.
6. Agentlik tuzilmasiga quyidagilar kiradi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri tibbiy-ijtimoiy xizmatlar boʻlimlari (keyingi oʻrinlarda hududiy boʻlimlar deb ataladi);
tuman (shahar) tibbiy-ijtimoiy xizmatlar shuʼbalari (keyingi oʻrinlarda — shuʼbalar deb ataladi);
urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionati;
nogironligi boʻlgan shaxslar va keksalar uchun “Muruvvat” va “Saxovat” internat-uylari;
keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriylar;
keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun respublika sanatoriylari;
nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi;
nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilititsiya qilish va protezlash hududiy markazlari;
Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi va uning hududiy boʻlimlari;
Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish boʻyicha respublika reabilitatsiya markazi.
Agentlik tuzilmasiga kiradigan tashkilotlar oʻz faoliyatini belgilangan tartibda tasdiqlanadigan nizomlar va ustavlarga muvofiq amalga oshiradilar.
Agentlik huzurida yuridik shaxs hisoblanmaydigan, Nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab — quvvatlash jamgʻarmasi va budjetdan tashqari “Muruvvat” va “Saxovat” internat-uylarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mavjud.
Ushbu jamgʻarmalar mablagʻlarini shakllantirish va sarflash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
7. Agentlik mustaqil yuridik shaxs boʻlib, bank hisob raqamiga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan hamda oʻz nomi yozilgan muhr va blankaga ega.
8. Agentlik faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
2-bob. Agentlikning asosiy vazifalari va funksiyalari
9. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari hisoblanadi:
keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalariga koʻrsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni yanada takomillashtirish va muvofiqlashtirishga qaratilgan tibbiy-ijtimoiy yordamning yagona siyosatini shakllantirish va amalga oshirish;
nogironlikni belgilashning keng qamrovli yagona tizimini yaratish maqsadida normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqish;
tibbiy-ijtimoiy muassasalarning keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalariga tibbiy xizmat koʻrsatish boʻyicha faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish;
muhtoj shaxslarni protez-ortopedik buyumlar va reabilitatsiya texnik vositalari bilan taʼminlash faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish;
tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati, nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilish faoliyatiga tashkiliy-uslubiy rahbarlik qilish va ularni muvofiqlashtirish.
10. Agentlik oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalariga koʻrsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni yanada takomillashtirish va muvofiqlashtirishga qaratilgan tibbiy-ijtimoiy yordamning yagona siyosatini shakllantirish va amalga oshirish sohasida;
keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalariga tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishni taʼminlaydi;
keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalariga manzilli tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish qonunchiligini yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritadi;
keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalariga tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatishni rivojlantirishga oid davlat va hududiy dasturlarni ishlab chiqishda va uni amalga oshirishda ishtirok etadi;
keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalariga tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish samaradorligini yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirishga qaratilgan yangi uslub va ijtimoiy texnologiyalarni tatbiq etish boʻyicha takliflarni ishlab chiqadi;
keksalar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalariga tibbiy-ijtimoiy yordamning yangi shakl va mexanizmini tatbiq etish, tibbiy-ijtimoiy ekspertiza, keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalarini reabilitatsiya qilish faoliyatini muvofiqlashtiradi;
b) nogironlikni belgilashning keng qamrovli yagona tizimini yaratish maqsadida normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqish sohasida;
tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmatini boshqaradi, nogironlik holati, dinimikasi va unga olib keladigan omillarning tizimli tahlilini oʻtkazadi;
nogironlikning oldini olish, nogironligi boʻlgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya va tibbiy-ijtimoiy yordam choralarini amalga oshirish sohasida kompleks dasturlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda nogironlik belgilash tartibini takomillashtirishda ishtirok etadi;
nogironligi boʻlgan shaxslarni yakka tartibda reabilitatsiya qilish dasturlari bajarilishiga va nogironligi boʻlgan shaxslar organizmi hayot faoliyati yoki funksiyalarini toʻliq yoki qisman tiklash asosida ushbu tadbirlarning samaradorligini baholashga koʻmaklashadi;
nogironligi boʻlgan shaxslar va keksa yoshdagi fuqarolar uchun infratuzilma va jamoat transporti obyektlaridan qulay foydalanishni taʼminlaydigan shaharsozlik sohasidagi davlat siyosatini shakllantirishda ishtirok etadi;
v) tibbiy-ijtimoiy muassasalarning keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalariga tibbiy xizmat koʻrsatish boʻyicha faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish sohasida;
Agentlik faoliyati bilan bogʻliq qonunchilikda belgilangan nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalariga imtiyozlar, sanatoriy-kurortda sogʻlomlashtirish uchun yoʻllanmalar, texnik va maxsus reabilitatsiya vositalarini taqdim etish sohasi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalariga tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatishning yangi shakl va mexanizmlarini tatbiq etish boʻyicha tibbiy-ijtimoiy muassasalar faoliyatini muvofiqlashtiradi;
ijro etuvchi hokimiyat organlari birgalikda yolgʻiz keksa fuqarolar, nogironligi boʻlgan shaxslar va davlat koʻmagiga muhtoj aholining boshqa guruhlariga ijtimoiy — maishiy xizmat koʻrsatishni tashkil etadi;
tibbiy-ijtimoiy muassasalarda yashaydigan keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga maishiy, tibbiy va madaniy xizmat koʻrsatishni tashkil etadi, mazkur muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashni taʼminlaydi;
ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan hamkorlikda oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga uyida ijtimoiy-maishiy xizmat koʻrsatish boʻyicha ishlarni tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;
keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalariga tibbiy-ijtimoiy yordam dasturlarini moliyalashtirish uchun mablagʻlarni jalb etishga oid ishlarda nodavlat notijorat va boshqa tashkilotlarning oʻzaro hamkorligini taʼminlaydi;
keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalariga tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish sohasida davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini tatbiq etishga koʻmaklashadi;
g) muhtoj shaxslarni protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari bilan taʼminlash faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish sohasida:
nogironligi boʻlgan shaxslar va ularni parvarishlash uchun maxsus harakatlanish vositalari, moslamalari, boshqa reabilitatsiyaning texnik vositalariga ehtiyojni aniqlaydi va ularni ishlab chiqarishga buyurtmalar beradi;
nogironligi boʻlgan va boshqa muhtoj shaxslarga protez-ortopediya yordamini tashkil etish, vazirliklar, muassasalar va ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarini ishlab chiqarish hajmini oshirish, ularni tayyorlash texnologiyalarini takomillashtirish, ularning yangi turlarini ishlab chiqarish boʻyicha ishlarning amalga oshirilishini taʼminlaydi;
nogironligi boʻlgan va boshqa muhtoj shaxslarga bepul beriladigan protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari roʻyxatini kengaytirish boʻyicha takliflar kiritadi;
nogironligi boʻlgan va boshqa muhtoj shaxslarni protez-ortopediya buyumlari va harakatlanish vositalari bilan taʼminlash tartibini belgilaydi;
mahalliy ishlab chiqarilgan protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari sifatini yaxshilash va turlarini koʻpaytirish, protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarini ishlab chiqarishga xalqaro standartlarni tatbiq etish boʻyicha choralar koʻradi;
d) tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati, nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilish faoliyatiga tashkiliy-uslubiy rahbarlik qilish va ularni muvofiqlashtirish sohasida:
Nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi va Nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash hududiy markazlarida nogironligi boʻlgan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish boʻyicha ishlarni tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;
reabilitatsiya qilish va protezlash markazlarini zamonaviy diagnostika, davolash va reabilitatsiya uskunalari bilan jihozlash orqali uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash boʻyicha ishlarni tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;
nogironligi boʻlgan shaxslarni yakka tartibda reabilitatsiya qilish dasturlarini ishlab chiqish tartibi, ular reabilitatsiyasining yakka tartibdagi dasturini amalga oshirish metodologiyasini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazlari va davolash-profilaktika muassasalari bilan birgalikda nogironligi boʻlgan shaxslarning tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiyasi boʻyicha choralarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
nogironligi boʻlgan shaxslarning tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiyasi masalalari boʻyicha ilmiy tadqiqotlar oʻtkazadi;
odam savdosidan jabrlanganlarga yordam berish va ularni himoya qilish boʻyicha manzilli choralarni amalga oshiradi;
odam savdosi oqibatida jabrlangan fuqarolarning tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiyasi va keyinchalik ijtimoiylashuvi boʻyicha huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlik qiladi.
3-bob. Agentlikning huquqlari va javobgarligi
11. Agentlik oʻziga yuklangan vazifa va funksiyalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalariga tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish masalalari boʻyicha davlat va boshqa tashkilotlar ishini muvofiqlashtirish;
Agentlik vakolatiga kiradigan hujjatlar, statistik maʼlumotlar, hisobotlar, tahliliy materiallar va boshqa axborotlarni oʻzga vazirlik, idora va muassasalardan soʻrash va olish;
tibbiy-ijtimoiy yordam boshqaruvi tizimini takomillashtirish va rivojlantirish, tibbiy-ijtimoiy muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda malakali xodimlarni tayyorlash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziriga takliflar kiritish;
keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalariga tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish sohasida maqsadli davlat dasturlarining bajarilishini tahlil qilish;
Agentlikka yuklangan vazifalar doirasida davlat organlari va tashkilotlari, nodavlat, loyiha tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari, xalqaro tashkilotlarning yuqori malakali xodimlarini va mutaxassislarni shartnoma asosida jalb etish;
tibbiy-ijtimoiy yordam mutaxassislari malakasini oshirish dasturlariga kiritish uchun takliflar ishlab chiqish;
tibbiy-ijtimoiy yordam muammolari boʻyicha ilmiy-uslubiy va axborot-tahliliy materiallarni tayyorlash va nashr etish.
Agentlik qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarni ham amalga oshirishi mumkin.
12. Agentlik oʻziga yuklangan vazifa va funksiyalarning samarali bajarilishi, taqdim etilayotgan tahliliy hujjatlarning xolisonaligi va kompleksliligi uchun javob beradi.
4-bob. Agentlik faoliyatini tashkil qilish
13. Agentlik bevosita Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziriga boʻysunadi.
Agentlik faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri tomonidan nazorat qilinadi va muvofiqlashtiriladi.
14. Agentlikni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor boshqaradi.
Agentlik direktori Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan bir nafar oʻrinbosarga ega boʻladi.
Agentlik direktori maqomi, maishiy, tibbiy va transport xizmati koʻrsatish sharoitlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosariga tenglashtiriladi.
15. Agentlik direktori oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish maqsadida:
a) Agentlik faoliyati yuzasidan umumiy boshqaruvni amalga oshiradi;
b) Agentlik xodimlari, hududiy boʻlimlar rahbarlarini belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod etadi;
v) hududiy boʻlimlar rahbarlari hisobotlarini eshitadi;
g) Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziriga quyidagilarni kiritadi:
Agentlik faoliyati natijalari toʻgʻrisidagi hisobotlar;
Agentlik vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa normativ hujjatlar loyihalari;
idoraviy mansub tashkilotlar rahbarlarini lavozimga tayinlash yoki lavozimdan ozod etish toʻgʻrisidagi taqdimnomalar;
Agentlik va uning hududiy boʻlimlari tuzilmalariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida taqdimnomalar;
d) Agentlik vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha qarorlar qabul qiladi, oʻz oʻrinbosari, Agentlik, hududiy boʻlimlar va idoraviy mansub tashkilotlar xodimlarining vakolatlari, majburiyatlari va javobgarlik darajasini belgilaydi;
e) oʻz vakolati doirasida Agentlik faoliyatini tashkil etish masalalari boʻyicha Agentlik hududiy boʻlimlari va idoraviy mansub tashkilotlarining barcha xodimlari tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan buyruqlar chiqaradi va koʻrsatmalar beradi;
j) Agentlikka yuklangan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
z) qonun hujjatlariga va mazkur Nizomga muvofiq boshqa ishlarni amalga oshiradi.
16. Agentlik direktori boʻlmagan taqdirda uning vakolatlarini direktor oʻrinbosari bajaradi.
17. Agentlik hududiy boʻlimlarini Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri bilan kelishilgan holda Agentlik direktori tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan boshliqlar boshqaradi.
18. Agentlik va uning hududiy boʻlimlari xodimlarining mehnatiga haq toʻlash, moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy muhofazasi boʻyicha tegishli ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va uning hududiy boʻlinmalari xodimlariga tenglashtiriladi.
19. Tibbiy-ijtimoiy xizmat hududiy boʻlimlari boshliqlari, Agentlikka idoraviy mansub boʻlgan respublika tashkilotlari rahbarlari, Agentlikning hududiy boʻlimlariga idoraviy mansub boʻlgan “Muruvvat” va “Saxovat” internat-uylari rahbarlari, keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriylar rahbarlari, nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash viloyat markazlari rahbarlari Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri bilan kelishilgan holda Agentlik direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi.
5-bob. Agentlikning oʻz tuzilmaviy boʻlinmalari bilan oʻzaro hamkorligi
20. Agentlikning oʻz hududiy boʻlinmalari va idoraviy mansub tashkilotlari bilan oʻzaro hamkorligi Agentlik markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalarining rahbarlari tomonidan taʼminlanadi.
21. Agentlik markaziy apparatining tuzilmaviy boʻlinmalari, oʻz faoliyati yoʻnalishlari boʻyicha hududiy boʻlinmalar va idoraviy mansub tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikda ishlagan holda:
topshiriqlarni hududiy boʻlinmalar va idoraviy mansub tashkilotlarga yetkazadilar hamda ularning bajarilishini nazorat qiladilar;
Agentlikning hududiy boʻlinmalari va idoraviy mansub tashkilotlariga tarkibiy boʻlinmalarining bevosita faoliyati masalalari boʻyicha soʻrovlar yuboradilar hamda ularning ijro etilishini nazorat qiladilar;
Agentlikning hududiy boʻlinmalari va idoraviy mansub tashkilotlari faoliyati amaliyotini tekshiradilar va oʻrganadilar, natijalarini umumlashtiradilar, uni takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqadilar va qabul qiladilar;
Agentlikning hududiy boʻlinmalari va idoraviy mansub tashkilotlari faoliyatini tashkil etish va faoliyati natijalari toʻgʻrisida hisobot va axborot materiallari, statistika maʼlumotlari va boshqa maʼlumotlar oʻrganilishini tashkil etadilar;
Agentlikning hududiy boʻlinmalari va idoraviy mansub tashkilotlari ish rejalarini tahlil qiladilar, ularning faoliyatini rejalashtirishni takomillashtirishga doir chora-tadbirlar koʻradilar;
Agentlikning hududiy boʻlinmalari va idoraviy mansub tashkilotlaridan tushgan takliflarni koʻrib chiqadilar;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda Agentlik hududiy boʻlinmalari va idoraviy mansub tashkilotlarining ishtirokini tashkil etadilar, himoyaga muhtoj fuqarolar toifalariga tibbiy-ijtimoiy xizmat koʻrsatish sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha ulardan tushgan takliflarni koʻrib chiqadilar.
6-bob. Yakunlovchi qoida
22. Agentlikni qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-martdagi 252-son qaroriga
6-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi tasarrufiga oʻtkazilayotgan muassasalari
ROʻYXATI

T/R

Muassasalar nomi

Muassaslar soni

Muassasalarning joylashgan joyi

1.

Nogironligi boʻlgan shaxslar va keksalar uchun “Saxovat” internat-uylari

6

Andijon, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Toshkent va Fargʻona viloyatlari

2.

Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionati

1

Toshkent shahri

3.

Nogironligi boʻlgan shaxslar uchun “Muruvvat” internat-uylari

20

Qoraqalpogʻiston Respublikasi (2), Andijon (2), Buxoro (2), Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo (2), Sirdaryo (2), Toshkent, Fargʻona (2), Xorazm viloyatlari va Toshkent shahri

4.

Nogironligi boʻlgan bolalar uchun “Muruvvat” internat-uylari

6

Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Fargʻona viloyatlari va Toshkent shahri (2)

5.

Keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriylar

3

Jizzax, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahri

6.

Keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun respublika sanatoriylari

5

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Jizzax, Namangan, Toshkent va Fargʻona viloyatlari

7.

Nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi

1

Toshkent shahri

8.

Nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash hududiy markazlari

10

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Toshkent, Fargʻona va Xorazm viloyatlari

9.

Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi

1

Toshkent shahri

10.

Bosh tibbiy-mehnat ekspertiza komissiyalari

14

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Toshkent, Fargʻona, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahri

11.

Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish boʻyicha respublika reabilitatsiya markazi

1

Toshkent shahri

Muassasalarning jami soni:

70

(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.03.2019-y., 09/19/252/2848-sona)