1.14.00.00.00 Sogʻliqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.02.00.00 Jismoniy tarbiya va sport / 14.02.01.00 Umumiy masalalar]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Jismoniy tarbiya va sport]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 8-maydagi 272-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi tashkil etilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz koʻchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrsida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, davlat mulki boʻlgan boʻsh turgan sport obyektlardan foydalanish samaradorligini oshirish hamda sport inshootlarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va trener kadrlarni ragʻbatlantirish tizimini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Qurilish vazirligi, Moliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining:
davlat mulki boʻlgan boʻsh turgan sport obyektlarini investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan belgilangan tartibda xususiy investorlarga berish;
xususiy sherikning mulki negizida tashkil qilingan sport obyektlarining holatini yaxshilashga koʻmaklashishni tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat-xususiy sheriklik loyihalarida davlat sherigi hisoblanadi;
davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan tanlovlar natijalariga koʻra tuziladi.
3. Quyidagilar:
Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida xususiy investorlarga beriladigan foydalanilmayotgan va boʻsh turgan sport inshootlari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Quyidagilar davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida davlat mulki boʻlgan boʻsh turgan sport obyektlaridan foydalanish va keyinchalik ularning faoliyatini rivojlantirish loyihalarini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
tashabbuskorlarning mablagʻlari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
5. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi uch oy muddatda:
jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimlarni tuzish boʻyicha tanlovlarni oʻtkazish komissiyasini (keyingi oʻrinlarda tanlov komissiyalari deb ataladi) shakllantirsin va ularga quyidagi vazifalar yuklansin:
jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini koʻrib chiqish, maʼqullash, rad qilish yoki qayta ishlash haqida qarorlar qabul qilish;
davlat-xususiy sheriklik bitimi loyihasini, zarur hujjatlar toʻplamini koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligiga (keyingi oʻrinlarda Agentlik deb ataladi) taqdim qilish;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat-xususiy sheriklik loyihasini Agentlik bilan birgalikda keyinchalik tanlov komissiyasiga kiritish maqsadida baholash;
tanlov komissiyasi tomonidan davlat-xususiy sheriklik loyihasi maʼqullanganidan soʻng barcha moliyaviy va iqtisodiy tavsiflari kiritilgan holda loyihani amalga oshirish haqida tegishli qaror qabul qilsin;
belgilangan tartibda tanlov hujjatlarini ishlab chiqish, tanlovni tashkil etish va oʻtkazish hamda uning yakunlari boʻyicha xususiy sherik bilan tegishli davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida bitim tuzish choralarini koʻrsin;
Agentlik bilan birgalikda davlat-xususiy sheriklik loyihasi, uni tayyorlash va amalga oshirish hamda xususiy sheriklarni tanlash haqidagi maʼlumotning Agentlikning butunjahon Internet axborot tarmogʻidagi rasmiy veb-saytida joylashtirilishini taʼminlasin.
6. Belgilab qoʻyilsinki, davlat-xususiy sheriklik shartlarida investorlarga topshirilgan obyektlarda nodavlat jismoniy tarbiya va sport tashkilotining faoliyati tashkil etilgan kundan boshlab, davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimlar amal qilishining muddatlari davomida uni qayta ixtisoslashtirish taqiqlanadi.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, manfaatdor vazirlik va idoralar:
uch oy muddatda oʻzlariga tegishli boʻsh turgan sport obyektlari, shuningdek, rekonstruksiya qilinishi va mukammal taʼmirlanishi zarur boʻlgan davlat jismoniy tarbiya va sport muassasalarining foydalanilmayotgan bino va inshootlarini toʻliq xatlovdan oʻtkazib, ularning roʻyxatini Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga taqdim etsin;
har yili 1-martga qadar davlat-xususiy sheriklik shartlarida nodavlat jismoniy tarbiya va sport tashkilotining binolarini qurish uchun ajratilishi mumkin boʻlgan yer uchastkalarini hamda oʻzlariga tegishli boʻsh turgan sport obyektlari, shuningdek, rekonstruksiya qilinishi va mukammal taʼmirlanishi zarur boʻlgan davlat jismoniy tarbiya va sport muassasalarining foydalanilmayotgan bino va inshootlarini aniqlab, ularning roʻyxatlarini Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga doimiy ravishda taqdim etib borilishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda nodavlat jismoniy tarbiya va sport tashkilotini tashkil etish uchun yer uchastkasi ajratilishini, shuningdek, yer uchastkasiga boʻlgan huquq davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan taqdim etilgan tegishli roʻyxatlarni umumlashtirgan holda, xususiy sheriklarga davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida beriladigan yer uchastkalari va sport obyektlarining yagona roʻyxatini shakllantirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga asoslantirilgan takliflarni kiritib borsin.
9. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligiga ommaviy axborot vositalarida mazkur qarorning mazmuni va ahamiyati keng yoritilishini hamda aholiga yetkazilishini tashkil etish tavsiya etilsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduxakimov hamda Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri D.X. Nabiyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 1-mart,
184-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 1-martdagi 184-son qaroriga 1-ILOVA
Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat-xususiy sheriklikni amalga oshirish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
davlat-xususiy sheriklik — xususiy investitsiyalarni jalb qilish, resurslarni birlashtirish va xavf-xatarlarni taqsimlash maqsadida davlat sherigi va xususiy sherikning aniq muddatga yuridik rasmiylashtirilgan jismoniy tarbiya va sport sohasidagi oʻzaro samarali hamkorligi;
davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida bitim (keyingi oʻrinlarda bitim deb ataladi) — tomonlarning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligini, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirishning boshqa shartlarini belgilab beradigan davlat sherigi va xususiy sherik oʻrtasida tuzilgan yozma shartnoma;
davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim obyekti (keyingi oʻrinlarda obyekt deb ataladi) — bitim boʻyicha jismoniy tarbiya va sport muassasalarini tashkil etish maqsadida foydalanish mumkin boʻlgan yer uchastkalari, boʻsh turgan binolar, shu jumladan ishlamaydigan, toʻliq yoki qisman foydalanilmaydigan davlat jismoniy tarbiya va sport muassasalari hamda boshqa obyektlar;
davlat-xususiy sheriklik loyihasi — davlat, ijtimoiy, iqtisodiy va ilmiy-texnik ahamiyatga ega boʻlgan jismoniy tarbiya va sport sohasidagi muhim investitsiyaviy, innovatsion, infratuzilmaviy va boshqa tadbirlar majmui;
balansda saqlovchi — davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida xususiy sherikka beriladigan jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlari, yer maydonlari va boshqa mulk egasi — davlat tashkiloti;
ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar — kam taʼminlangan oilalar, boquvchisini yoʻqotgan oilalar aʼzolari, yetim bolalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va pensionerlar;
konsessiya (konsession bitim) — muayyan muddatga tuzilgan bitim boʻlib, unga koʻra davlat konsessionerga qurilish ishlarini amalga oshirish uchun yer uchastkalariga, shuningdek, jismoniy tarbiya va sport muassasasini qayta qurish va jihozlash uchun binolarga egalik qilish (tasarruf etish huquqisiz) va ulardan foydalanish huquqini beradi, konsession faoliyat natijasida konsessioner ega boʻlgan mahsulot va daromadlar konsession bitimda belgilangan hajmda va shartlarda uning mulki hisoblanadi;
otaliq — otaliqqa olingan jismoniy tarbiya va sport muassasasiga jismoniy yoki yuridik shaxs (otaliq) tomonidan iqtisodiy, moliyaviy, madaniy, taʼlim yoki tizimli begʻaraz yordam koʻrsatish boʻyicha boshqa faoliyat.
xususiy sherik — bitim tuzgan yoki bitim tuzish istagini bildirgan yuridik yoxud jismoniy shaxs. Davlat tashkilotlari xususiy sheriklar boʻla olmaydi, shuningdek, xususiy sheriklar sifatida ishtirok eta olmaydi;
filantropik faoliyat — jismoniy va yuridik shaxslarning fuqarolarga yoki yuridik shaxslarga mol-mulkni, shu jumladan pul mablagʻlarini begʻaraz oʻtkazish, bepul ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish, boshqa turda koʻmaklashish boʻyicha ixtiyoriy faoliyati;
davlat sherigi — Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi.
3. Davlat-xususiy sheriklik quyidagi prinsiplarga asoslanadi:
davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi axborotning ochiqligi va qulayligi, davlat sirini va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil qiladigan maʼlumotlar bundan mustasno;
kamsitishning yoʻqligi, bitim tomonlarining teng huquqliligi;
tomonlarning bitim boʻyicha majburiyatlarni vijdonan bajarishi;
xavf-xatarlar va majburiyatlarning bitim tomonlari oʻrtasida adolatli taqsimlanishi;
davlat-xususiy sheriklik tomonlari oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarning shartnomada kelishib olinishi.
4. Davlat-xususiy sheriklik quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
nodavlat jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari binolarini qurish va ulardan foydalanish uchun yer uchastkalarini ijara huquqi asosida taqdim etish;
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-iyuldagi 375-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2022-y., 09/22/375/0618-son)
davlat jismoniy tarbiya va sport muassasalarining foydalanilmaydigan binolari yoki korpuslarini uzoq muddat bepul foydalanish uchun xususiy sheriklarga oʻtkazish;
mavjud davlat jismoniy tarbiya va sport muassasalarini qayta qurish va jihozlash;
keyinchalik otaliqqa olish sharti bilan nodavlat jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari obyektlarini qurishga yer uchastkalarini ijara huquqi asosida taqdim etish;
(4-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-iyuldagi 375-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2022-y., 09/22/375/0618-son)
konsessiya asosida qurish, qayta qurish va jihozlash uchun ijaraga yer uchastkasi yoki bino ajratish;
(4-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-iyuldagi 375-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2022-y., 09/22/375/0618-son)
xususiy sherikning mulki negizida tashkil etilgan nodavlat jismoniy tarbiya va sport tashkilotlarini moddiy-texnik va moliyaviy jihatdan taʼminlash;
otaliq shaklidagi filantropik faoliyat.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida hududlardagi foydalanilmayotgan va boʻsh turgan sport obyektlarini (yer maydonlarini) aniqlash boʻyicha tanlov komissiyalari (keyingi oʻrinlarda hududiy tanlov komissiyalari deb ataladi) tuziladi.
Hududiy tanlov komissiyalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, viloyatlar, Toshkent shahar jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari, moliya, soliq, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hududiy boshqarmalari hamda tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va hokimliklar vakillaridan iborat tarkibda shakllantiriladi.
Hududiy tanlov komissiyalari toq sonli aʼzolardan iborat boʻladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining oʻrinbosari, viloyatlar va Toshkent shahar hokimi oʻrinbosarlari tegishli hududdagi hududiy tanlov komissiyasining raisi hisoblanadi.
Hududiy tanlov komissiyasi ishining reglamenti mazkur komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadi.
6. Hududiy tanlov komissiyalari:
hududlarda foydalanilmayotgan va boʻsh turgan sport obyektlarini (yer maydonlarni) aniqlaydi;
davlat-xususiy sheriklik shartlari boʻyicha investorlarga berilishi taklif etilayotgan obyektlar roʻyxatini tuzadi;
roʻyxatning har yili kelgusi yilning 10-fevraliga qadar yangilab borilishini taʼminlaydi;
roʻyxatga kiritilgan obyektlar haqidagi maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga taqdim etadi hamda ommaviy axborot vositalarida eʼlon qiladi;
mazkur Nizomda belgilangan tartibda tanlovlarni tashkil etadi va oʻtkazadi.
7. Davlat-xususiy sheriklik loyihasining davlat sherigi yoki xususiy sherik tomonidan taklif etilishi jismoniy tarbiya va sport sohasida bitim tuzish uchun asos hisoblanadi.
8. Ushbu Nizomga muvofiq nodavlat jismoniy tarbiya va sport tashkilotlarini tashkil etish uchun xususiy sheriklarga yer uchastkalarini taqdim etishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarida belgilangan yuridik va jismoniy shaxslarga yer uchastkalarini taqdim etish tartibi tatbiq etilmaydi.
2-bob. Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimlarni tuzish boʻyicha tanlovlarni oʻtkazish komissiyasi
9. Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimlarni tuzish boʻyicha tanlovlarni oʻtkazish komissiyasi (keyingi oʻrinlarda Tanlov komissiyasi deb ataladi) kamida 5 kishidan iborat tarkibda Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri buyrugʻi bilan tashkil etiladi.
Tanlov komissiyasiga rais boshchilik qiladi.
10. Tanlov komissiyasi tomonidan jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimlar koʻrib chiqiladi.
11. Tanlov komissiyasi zaruriyatga koʻra, Tanlov komissiyasi raisining qarori boʻyicha chaqiriladi.
Tanlov komissiyasi majlisini Tanlov komissiyasi raisi, u boʻlmagan taqdirda — Tanlov komissiyasi raisining qarori boʻyicha Tanlov komissiyasi aʼzolaridan biri boshqaradi.
12. Tanlov komissiyasi majlisi, agar majlisda Tanlov komissiyasi aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi qatnashsa, vakolatli hisoblanadi.
Tanlov komissiyasining qarori ochiq ovoz bergan holda, koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
13. Tanlov komissiyasi aʼzolarining ovozi teng boʻlib qolgan taqdirda Tanlov komissiyasi majlisida raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
14. Tanlov komissiyasi qarori protokollashtirilishi va unda Tanlov komissiya aʼzolarining imzosi boʻlishi kerak.
3-bob. Xususiy sherik tomonidan davlat-xususiy sheriklik loyihasini taklif etish tartibi
15. Davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish istagini bildirgan xususiy sherik tanlov komissiyasiga tegishli ariza beradi. Arizaga mazkur Nizomning 22-bandida nazarda tutilgan zarur hujjatlar ilova qilinadi.
16. Davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisida kelib tushgan ariza, kelib tushgan kundan boshlab oʻn kun ichida Tanlov komissiyasi tomonidan koʻrib chiqiladi.
17. Ariza ushbu Nizomda nazarda tutilgan talablar buzilgan holda berilgan boʻlsa, ariza unga ilova qilingan hujjatlar bilan birga ariza beruvchiga bir ish kuni mobaynida qaytariladi.
Taqdim etilgan arizada talablar buzilganligi haqidagi xabar yozma shaklda, shu jumladan elektron axborot tizimi orqali xususiy sherikka topshiriladi (joʻnatiladi). Xabarda qanday talablar buzilganligi, qonunchilik hujjatlarining aniq normalari va xususiy sherik koʻrsatilgan talablar buzilishini bartaraf etib, hujjatlarni davlat sherigiga takroran koʻrib chiqish uchun taqdim etishi mumkin boʻlgan aniq muddat koʻrsatiladi.
(17-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Xususiy sherik kamchiliklarni bartaraf etishga va hujjatlarni takroran koʻrib chiqish uchun taqdim etishga haqli boʻlgan muddat yozma yoki elektron xabar olingan kundan boshlab oʻn ish kunidan kam boʻlishi mumkin emas.
18. Kelib tushgan ariza koʻrib chiqilib Tanlov komissiyasidan ijobiy xulosalar olingach, Tanlov komissiyasi tanlovni eʼlon qiladi.
Tanlov ushbu Nizomda belgilangan tartibga muvofiq oʻtkaziladi.
4-bob. Davlat sherigi tomonidan davlat-xususiy sheriklik loyihasini taklif qilish va tanlovni oʻtkazish tartibi
19. Davlat sherigi tegishli hudud aholisining ehtiyojlaridan kelib chiqib, shu jumladan fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan takliflarni oʻrganish natijalari asosida va ushbu Nizomga ilovadagi sxemaga muvofiq tanlovni eʼlon qilish orqali davlat-xususiy sheriklikning loyihasini amalga oshirishni taklif qilishi mumkin.
20. Davlat sherigi tanlov boshlanishidan 30 kun oldin tanlov savdolari oʻtkazilishi haqidagi eʼlonni oʻzining butunjahon Internet axborot tarmogʻidagi rasmiy veb-saytida hamda boshqa ommaviy axborot vositalari orqali tarqatadi.
21. Tanlov haqidagi eʼlonda quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak:
davlat sherigining nomi, telefon raqami, pochta, shu jumladan elektron pochta manzili;
obyekt nomi, joylashgan manzili, soni, tavsifi;
davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish shartlari;
davlat-xususiy sheriklikni amalga oshirish shakllariga qarab talab etiladigan investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarning eng kichik hajmi;
tanlov oʻtkaziladigan sana, vaqt va joy;
tanlov takliflari qabul qilinadigan oxirgi muddat (kuni va soati koʻrsatilgan holda).
22. Tanlovda ishtirok etish uchun xususiy sherik tanlov komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
ariza va yuridik shaxs roʻyxatdan oʻtkazilgan toʻgʻrisidagi guvohnoma (tadbirkorlik subyekti davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma bundan mustasno) yoki pasportning koʻchirma nusxasi (agar ariza jismoniy shaxs tomonidan berilgan boʻlsa);
(22-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-dekabrdagi 774-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2021-y., 09/21/774/1198-son)
tanlovda ishtirok etish uchun ariza taqdim etiladigan kundan kamida bir oy oldin soliqlar, yigʻimlar, boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzdorlik hamda boshqa moliyaviy sanksiyalar yoʻqligi toʻgʻrisida ariza;
jismoniy tarbiya va sport muassasasi binosini qurish (qayta qurish) yuzasidan tegishli taklif;
jismoniy tarbiya va sport muassasasi binosini qurish uchun dastlabki texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlar.
Qayta tashkil etilayotgan, tugatilayotgan yoki bankrot boʻlayotgan, mol-mulki xatlangan daʼvogarlarning tanlovda ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
23. Tanlov boʻyicha taklifi davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish uchun eng maqbul deb topilgan ishtirokchi tanlov gʻolibi deb eʼtirof etiladi.
Shuningdek, tanlov yakunlari boʻyicha takliflarining parametrlari tanlov shartlariga mos keladigan, biroq tanlov hujjatlariga muvofiq gʻolib tomonidan taklif etilgan parametrlar darajasidan past boʻlgan zaxiradagi gʻolib aniqlab olinadi.
Tanlov gʻolibi davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni ushbu Nizomning 27-bandida nazarda tutilgan muddatlarda imzolashni rad etsa yoki imzolashdan boʻyin tovlasa, zaxiradagi gʻolib bilan tegishli bitim tuzilishi mumkin.
24. Faqat bir ishtirokchidan ariza kelib tushgan taqdirda tanlov oʻtkazilmaydi, tegishli qaror esa tanlov komissiyasi tomonidan ishtirokchi arizasini va unga ilova qilingan hujjatlarni tanlov eʼlon qilingan vaqtdan boshlab oʻttiz kunlik muddat tugagandan keyin 5 ish kuni ichida oʻrganish yakunlari boʻyicha qabul qilinadi. Tanlov komissiyasi xususiy sherik takliflarining tanlov talablariga muvofiqligidan kelib chiqib, ijobiy yoki salbiy qaror qabul qiladi.
25. Davlat sherigi tanlov komissiyasining tanlov yakunlari boʻyicha qarori qabul qilingan kunda butunjahon Internet axborot tarmogʻidagi oʻz rasmiy veb-saytiga yoki boshqa ommaviy axborot vositalariga maʼlumot joylashtirish orqali tanlov natijalari haqida tanlov ishtirokchilarini xabardor qilishi shart.
26. Tanlov ishtirokchisi qabul qilingan qarorga rozi boʻlmasa, qaror yuzasidan sudga shikoyat qilish huquqiga ega.
5-bob. Bitimni tuzish, oʻzgartirish, toʻxtatish va bekor qilish
27. Tanlov komissiyasining ijobiy qarori asosida, u qabul qilingan kundan boshlab 10 kun ichida davlat sherigi va xususiy sherik qonunchilik hujjatlari va ushbu Nizom talablariga rioya qilgan holda bitim tuzadi va bitimni Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining yagona reyestriga kiritish uchun ushbu vazirlikka maʼlumot taqdim etadi.
(27-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
28. Bitimda uni amalga oshirish shakliga qarab quyidagilar aks ettirilishi zarur:
bitimning amal qilish muddati va shartlari;
xususiy investitsiyalar obyekti va hajmi;
jismoniy tarbiya va sport muassasasi foydalanishga topshiriladigan va faoliyati boshlanadigan muddatlar;
bitim tomonlarining huquqlari va majburiyatlari;
loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash, pudrat ishlari uchun shartnomalar tuzish muddatlari, loyihani moliyalashtirish manbalari, amalga oshirish jadvallari, loyihaning bajarilishini texnik nazorat qilish tartibi;
davlat-xususiy sheriklik loyihasining bajarilishi yuzasidan monitoring oʻtkazish tartibi;
infratuzilma obyektlari, davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish jarayonida ishlab chiqiladigan va (yoki) koʻrsatiladigan xizmatlar sifatiga qoʻyiladigan talablar;
xususiy sherik tomonidan oʻz majburiyatlarini bajarish jarayoni toʻgʻrisida hisobotlar taqdim etish tartibi va muddatlari;
davlat sherigi va xususiy sherik oʻrtasida bitim tuzish bilan bogʻliq xavf-xatarlarni taqsimlash tartibi va shartlari;
davlat sherigi tomonidan xususiy sherikka davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish uchun oʻtkazib beriladigan infratuzilma obyektiga egalik qilish va undan foydalanish tartibi;
jismoniy tarbiya va sport muassasasidan foydalanish, unga texnik xizmat koʻrsatish, uni loyihalashtirish, qurish, qayta qurish, taʼmirlash, modernizatsiyalash tartibi;
bitimning amal qilish muddati tugagandan keyin bitimni ijro etish jarayonida paydo boʻlgan obyektga va boshqa mulkka doir huquqlarni taqsimlash tartibi;
bitim shartlariga rioya qilmaganligi uchun tomonlarning javobgarligi;
bitimga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish tartibi;
bitimni bekor qilish tartibi, shuningdek, bitimni muddatidan oldin bekor qilish natijasida yetkazilgan zararlarning oʻrnini toʻldirish yoki qoplash tartibi;
xususiy sherik tomonidan majburiyatlar bajarilmagani yoki lozim darajada bajarilmaganligi uchun sanksiyalar;
bitimni amalga oshirish jarayonida yuzaga keladigan nizolarni hal qilish tartibi.
Bitimda qonunchilik hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa shartlar ham keltirilishi mumkin.
(28-bandning oʻn sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
29. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimida boʻlgan va davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida investorlarga berilgan sport obyektlarida jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport boʻyicha pulli xizmatlar koʻrsatish orqali tushgan umumiy tushumlarning 20 foizi davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq balansda saqlovchining maxsus hisob raqamlariga oʻtkaziladi (otaliq shaklidagi filantropik faoliyat tarzida davlat xususiy sheriklik shartlarida bundan mustasno) va quyidagicha taqsimlanadi:
Balansda saqlovchining maxsus hisob raqamlariga kelib tushgan mablagʻning 50 foizi davlat sherigining maxsus hisob raqamiga oʻtkaziladi. Qolgan qismi balansda saqlovchining ixtiyorida qoladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda balansda saqlovchining maxsus hisob raqamlariga kelib tushadigan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda balansda saqlovchining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va boshqa ehtiyojlariga sarflanadi.
30. Bitimni imzolashga tayyorlash uchun davlat sherigi xususiy sherikka bitim loyihasining matnini taqdim etadi.
31. Zaruratga qarab, bitim qoidalarini davlat sherigi va xususiy sherik oʻrtasida kelishib olish maqsadida muzokaralar oʻtkaziladi.
32. Bitim davlat sherigi va xususiy sherik oʻrtasida ikki nusxada, tomonlarning har biri uchun bittadan nusxada imzolanadi.
33. Tuzilgan bitimlarning yagona reyestri Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan yuritiladi.
34. Bitim tomonlar imzolagan vaqtdan boshlab kuchga kiradi va bitim muddati tugashigacha yoki bekor qilinishigacha amal qiladi.
35. Bitim tuzilgandan keyin xususiy sherik qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda nodavlat jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari faoliyatini amalga oshirish uchun zarur hujjatlarni oladi, nodavlat jismoniy tarbiya va sport tashkilotlarini moddiy-texnik va uslubiy jihatdan taʼminlash shakllari bundan mustasno.
(35-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
36. Bitimga oʻzgartirish va qoʻshimchalar quyidagi hollarda kiritilishi mumkin:
tomonlarning oʻzaro roziligi bilan;
davlat sherigining talabi boʻyicha — davlat sherigi va xususiy sherikning shartnoma asosidagi munosabatlariga doir jismoniy tarbiya va sport sohasini tartibga solish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarining oʻzgarishi munosabati bilan;
(36-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
sudning hal qiluv qarori asosida.
37. Bitim quyidagi hollarda bekor qilinadi:
tomonlarning oʻzaro roziligi bilan;
xususiy sherik bankrot boʻlsa yoki tugatilsa;
davlat sherigining talabi boʻyicha — xususiy sherik oʻz majburiyatlarini bajarmagan taqdirda;
xususiy sherikning talabi boʻyicha — davlat sherigi oʻz majburiyatlarini bajarmagan taqdirda.
38. Bitim uning amal qilish muddati tugagandan keyin toʻxtatiladi.
Bitimning amal qilish muddati toʻxtatilishi tomonlarni uni buzganlik uchun javobgarlikdan ozod qilmaydi.
6-bob. Bitim tomonlarining huquqlari va majburiyatlari
39. Xususiy sherik:
davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisidagi taklifni koʻrib chiqish uchun davlat sherigiga taqdim etishga;
yer uchastkalarini, boʻsh turgan binolarni, shu jumladan faoliyat koʻrsatmayotgan davlat jismoniy tarbiya va sport muassasalarini, shuningdek, ularning foydalanilmayotgan binolari yoki korpuslarini bitim amal qiladigan muddatga bepul olishga hamda ulardan foydalanishga;
binolar va inshootlarni xarid qilish, qayta qurish, zamonaviy oʻquv uskunalari va oʻqitish vositalarini xarid qilish uchun imtiyozli kreditlar olishga;
bitim shartlari davlat sherigi tomonidan buzilgan taqdirda, uni sud tartibida bekor qilishni talab qilishga haqli.
davlat-xususiy sheriklik asosida beriladigan sport inshootlariga maxsus turniket va videokuzatuv vositalarini oʻrnatishga haqli.
Xususiy sherik qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
(39-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
40. Xususiy sherik:
bitim va qonunchilik hujjatlari talablariga qatʼiy rioya qilishi;
(40-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
bitim amal qiladigan butun muddat davomida obyekt faoliyatining ixtisosligini saqlashi;
jismoniy tarbiya va sport tashkilotida sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya qilishi;
jismoniy tarbiya va sport tashkilotini yuqori malakali pedagog kadrlar va boshqa kadrlar bilan toʻldirish, oʻquv-mashq jarayonini qonunchilik hujjatlariga muvofiq oʻtkazish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish choralarini koʻrishi;
(40-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport mashgʻulotlari hamda tadbirlarini oʻtkazish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishi, shu jumladan isteʼdodli yoshlarni aniqlashi va qoʻllab-quvvatlashi;
ilgʻor xalqaro tajribani hisobga olgan holda jismoniy tarbiya va sportning innovatsion-pedagogik shakllari, usullari va zamonaviy texnologiyalaridan foydalanish asosida jismoniy tarbiya va sport sohasidagi faoliyatning samaradorligini va natijadorligini oshirish choralarini koʻrishi;
ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarning shugʻullanishini taʼminlash, ular uchun toʻlovlarni imtiyozli shartlarda (ushbu joydagi davlat jismoniy tarbiya va sport muassasalari uchun belgilangan miqdordan ortiq boʻlmagan hajmda) belgilashi;
mashqlarni oʻtkazish muddatlari va shartlari, haq toʻlash miqdorlari, tomonlar huquqlari va majburiyatlari hamda boshqa shartlar belgilangan shartnomaga muvofiq shugʻullanuvchilar bilan oʻzaro munosabatlarni yoʻlga qoʻyishi;
obyektning toʻliq yoki qisman moliyalashtirilishini, undan foydalanilishini, unga texnik xizmat koʻrsatilishini, shuningdek, loyihalashtirilishi, qurilishi, qayta qurilishi, taʼmirlanishi, modernizatsiyalanishini taʼminlashi shart.
Xususiy sherik qonunchilik hujjatlariga muvofiq oʻz zimmasiga boshqa majburiyatlarni ham olishi mumkin.
(40-bandning oʻn ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Bitim amal qiladigan muddat tugamasdan, xususiy sherik mulki boʻlgan obyektning u tomonidan musodara qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi, xususiy sherik qonunchilik hujjatlariga muvofiq almashtirilishi bundan mustasno.
(40-bandning oʻn uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
41. Davlat sherigi:
xususiy sherikdan har chorakda bitim shartlarini bajarish jarayoni toʻgʻrisida hisobot olishga;
bitim shartlarini bajarish jarayoni yuzasidan monitoring oʻtkazishga va davlat-xususiy sheriklik loyihalarning amalga oshishini baholashga;
qonunchilik hujjatlariga va bitim shartlariga rioya etilishi yuzasidan monitoring oʻtkazish doirasida aniqlangan qonunbuzarliklar bartaraf etilishini talab qilishga;
(41-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
xususiy sherik aybi bilan yuzaga kelgan obyekt boʻyicha zararlar qoplanishini talab qilishga;
bitim shartlari xususiy sherik tomonidan buzilgan taqdirda, bitimning sud tartibida bekor qilinishini talab qilishga;
davlat-xususiy sheriklik loyihasining amalga oshirilishini moliyalashtirishda ishtirok etishga haqli.
Davlat sherigi qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
(41-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
42. Davlat sherigi:
xususiy sherikka obyektni bitimda belgilangan muddatlarda, tartibda va shartlarda bepul taqdim etishi;
xususiy sherikka soliq imtiyozlari va qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa preferensiyalardan foydalanishida koʻmaklashishi;
(42-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
bino va inshootlarni xarid qilish, qayta qurish, zamonaviy sport anjomlari va jihozlari, oʻquv uskunalari va oʻqitish vositalarini xarid qilish uchun xususiy sherikka imtiyozli kreditlar olishida koʻmaklashishi;
xususiy sherikning xoʻjalik faoliyatini olib borishiga aralashmasligi shart.
Davlat sherigi qonunchilik hujjatlariga muvofiq oʻz zimmasiga boshqa majburiyatlarni ham olishi mumkin.
(42-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
7-bob. Nodavlat jismoniy tarbiya va sport tashkilotlarining binolarini qurish uchun ijara huquqi asosida taqdim etish tartibi
(7-bobning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-iyuldagi 375-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2022-y., 09/22/375/0618-son)
43. Nodavlat jismoniy tarbiya va sport tashkilotlarini tashkil etish uchun aholi punktlari tarkibiga kiradigan yer uchastkalari ajratiladi.
44. Davlat sherigi 30 yil muddatga bitim tuzilgan kundan boshlab bir kun ichida xususiy sherik — tanlov gʻolibining arizasini bitimda koʻrsatilgan shartlarda taqdim etish yuzasidan qaror qabul qilish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar yoki tuman (shahar) hokimliklariga yuboradi.
45. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat va Toshkent shahar yoki tuman (shahar) hokimligi xususiy sherik arizasini va tanlov komissiyasi qarorini obyekt qurilishi uchun yer uchastkasi taqdim etish boʻyicha materiallarni Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining hududiy boʻlinmasiga yuboradi.
46. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qurilish vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda Qurilish vazirligining hududiy organlari deb ataladi) yigirma ish kuni ichida yer uchastkasini taqdim etishga doir materiallarni tayyorlaydi va vakolatli organlar (tashkilotlar) bilan kelishadi hamda ushbu materiallarni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar yoki tuman (shahar) hokimliklariga yuboradi.
47. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari uch kun ichida nodavlat jismoniy tarbiya va sport tashkilotlarini tashkil etish maqsadida yer uchastkasini davlat sherigiga doimiy foydalanish uchun taqdim etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
(47-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-iyuldagi 375-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2022-y., 09/22/375/0618-son)
471. Davlat sherigi unga yer uchastkasi ajratilgan kundan boshlab bir kun ichida yer uchastkasini davlat-xususiy sheriklik bitimi doirasida xususiy sherikka ijaraga berish boʻyicha bitimga qoʻshimcha kiritilishini taʼminlaydi.
(471-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-iyuldagi 375-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2022-y., 09/22/375/0618-son)
(48-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-iyuldagi 375-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2022-y., 09/22/375/0618-son)
49. Yer uchastkasini taqdim etishga doir materiallarni tayyorlash va kelishish bilan bogʻliq xarajatlar xususiy sherik bilan bitim tuzilgandan keyin xususiy sherik tomonidan qoplanadi.
50. Davlat sherigi loyihani amalga oshirishda:
xususiy sherikning mablagʻlari yetarli boʻlmasa, unga imtiyozli kreditlar olishda koʻmaklashishi;
barcha zarur tashqi muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi (elektr energiya, gaz taʼminoti, suv taʼminoti, kanalizatsiya, avtomobil yoʻllari va boshqalar) bilan taʼminlashda koʻmaklashishi;
zarurat boʻlsa, jismoniy tarbiya va sport sohasida uslubiy va maslahat yordamini berishi shart.
51. Xususiy sherik loyihani amalga oshirishda jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport yoʻnalishida faoliyat yurituvchi guruhlar, bolalar uchun toʻgaraklar va boshqa jismoniy tarbiya va sport xizmatlarini tashkil etadi.
52. Loyihani amalga oshirishda xususiy sherik zimmasiga qoʻshimcha ravishda quyidagi majburiyatlar yuklanadi:
tutash hududni qurish, jihozlash, obodonlashtirish hamda jismoniy tarbiya va sport muassasasini bitimda koʻrsatilgan muddatlarda foydalanishga topshirish boʻyicha choralar koʻrish;
ijtimoiy koʻmakka muhtoj shaxslar uchun imtiyozli yoki bepul jismoniy tarbiya va sport xizmatlarini tashkil etish.
Bitim mulkni bitimning amal qilish muddati tugagandan keyin davlat sherigida qoldirish sharti bilan tuzilgan taqdirda, xususiy sherik bitimni uzaytirish boʻyicha ustuvor huquqqa ega boʻladi.
8-bob. Davlat mulki boʻlgan boʻsh turgan obyektlarni xatlovdan oʻtkazish tartibi
53. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining topshirigʻiga binoan uning hududiy organi axborot olgan vaqtdan boshlab uch kun ichida davlat mulki boʻlgan boʻsh turgan obyektni, shu jumladan faoliyat koʻrsatmaydigan davlat jismoniy tarbiya va sport muassasalarining binolarini balansda saqlovchiga (keyingi oʻrinlarda balansda saqlovchi deb ataladi) mulkni Buxgalteriya hisobi milliy standartlariga muvofiq xatlovdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi yozma talabni yuboradi.
54. Balansda saqlovchi oʻn ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatda xatlov oʻtkazadi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy organiga:
xatlov komissiyasini tashkil etish toʻgʻrisidagi buyruqning koʻchirma nusxasini;
xatlov komissiyasi majlislarining bayonnomalarini;
xatlov komissiyasi aʼzolari va rahbari tomonidan imzolangan mulkni xatlovdan oʻtkazish hujjatlarini;
kadastr hujjatlari, shu jumladan kadastr xaritasi (rejasi) va huquqni belgilovchi boshqa hujjatlarni (agar mavjud boʻlsa);
yer uchastkasiga, yer osti boyliklariga va boshqa tabiiy resurslarga boʻlgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarni;
balansda saqlovchining jamiyat roʻyxatdan oʻtkazilgan joy boʻyicha soliq organi tomonidan tasdiqlangan balansini;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan tasdiqlangan shakl boʻyicha davlat aktivlari boʻlgan obyektlarning pasporti va fotosuratlarini (kamida toʻrtta) ilova qilgan holda taqdim etadi.
55. Xatlov balansda saqlovchi tomonidan oraliq balans tuzilgan sanada oʻtkaziladi, bunda balansning har bir qatori tegishli xatlov roʻyxatlari bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak.
56. Balansda saqlovchi va xususiy sherik oʻrtasida xatlov hujjati tuzilgach, obyektni qabul qilish-oʻtkazish hujjati uning balans qiymati koʻrsatilgan holda imzolanadi.
57. Obyektni qabul qilish-oʻtkazish hujjati imzolangach, besh ish kuni ichida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy organi xususiy sherikka “tasarruf etish huquqisiz” belgisi bilan egalik qilish huquqi uchun davlat orderini beradi.
58. Bitimning amal qilish muddati tugashi bilan xususiy sherik oʻz majburiyatlarini va bitim shartlarini bajargan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy organi davlat sherigi tomonidan taqdim etilgan axborot boʻyicha xususiy sherikning egalik qilish huquqi uchun davlat orderining asl nusxasi taqdim etilgan kundan boshlab besh ish kunidan oshmaydigan muddatda qabul qiluvchi komissiyaning hujjati, shuningdek, audit xulosasi asosida “tasarruf etish huquqi bilan” belgisini qoʻyadi.
59. Davlat sherigi loyihani amalga oshirishda:
xususiy sherikning mablagʻlari yetarli boʻlmasa, unga imtiyozli kreditlar olishda koʻmaklashishi;
barcha zarur tashqi muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi (elektr energiya, gaz taʼminoti, suv taʼminoti, kanalizatsiya, avtomobil yoʻllari va boshqalar) bilan taʼminlashda koʻmaklashishi;
zarurat boʻlsa, jismoniy tarbiya va sport sohasida uslubiy va maslahat yordamini berishi shart.
60. Xususiy sherik loyihani amalga oshirishda jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport yoʻnalishida faoliyat yurituvchi guruhlar, bolalar uchun toʻgaraklar va boshqa jismoniy tarbiya va sport xizmatlari tashkil etadi.
61. Loyihani amalga oshirishda xususiy sherik zimmasiga qoʻshimcha ravishda quyidagilar yuklanadi:
tutash hududni qayta qurish va jihozlash, obod qilish hamda jismoniy tarbiya va sport tashkilotlarini bitimda koʻrsatilgan muddatlarda foydalanishga topshirish boʻyicha choralar koʻrish;
ijtimoiy koʻmakka muhtoj shaxslar uchun imtiyozli yoki bepul jismoniy tarbiya va sport xizmatlarini tashkil etish;
jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport boʻyicha pulli xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlarni davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda nazarda tutiladigan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda foydalanilmaydigan bino va yer uchastkalari egalarining maxsus hisob raqamlariga ushbu Nizomning 23-bandiga muvofiq oʻtkazish.
9-bob. Davlat jismoniy tarbiya va sport muassasalarining foydalanilmaydigan binolarini (korpuslarini) uzoq muddat bepul foydalanish uchun xususiy sheriklarga oʻtkazish tartibi
62. Davlat sherigi 30 yil muddatga bitim tuzilgan vaqtdan boshlab bir ish kuni ichida bitimni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Davlat raqobat qoʻmitasining viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy boshqarmalari huzuridagi Davlat mulkini ijaraga berish markaziga roʻyxatdan oʻtkazish uchun, shuningdek, obyektni balansida saqlovchiga yuboradi.
63. Tuzilgan bitim shartlariga muvofiq balansda saqlovchi oʻn kun muddat ichida xususiy sherikka obyektni taqdim etadi, xususiy sherik esa bitimning amal qilish muddati tugashi bilan yoki bitim muddatidan oldin bekor qilinsa, balansda saqlovchiga obyektni bitim shartlariga mos holda qaytarishi shart.
64. Obyekt xususiy sherikka beriladi va ushbu sherik tomonidan obyektning barcha buyumlari unga taalluqli boʻlgan texnik hujjatlar bilan birga qaytariladi.
65. Obyekt tomonlarning vakolatli vakillari ishtirokida ikki tomonlama oʻtkazish toʻgʻrisida hujjat tuzilgan holda oʻtkaziladi va qaytariladi. Mazkur hujjatda quyidagilar koʻrsatiladi:
hujjat tuzilgan joy va sana;
bitim rekvizitlari (tuzilgan sana, raqam);
davlat mulkining texnik holati.
Oʻtkazish toʻgʻrisidagi hujjatni tomonlarning vakolatli vakillari imzolaydi va tomonlarning muhrlari bilan tasdiqlanadi.
66. Balansda saqlovchi va xususiy sherik oʻrtasida oʻtkazish toʻgʻrisidagi hujjat imzolangach, bir hafta muddatda kommunal va ekspluatatsiya xizmatlarini yetkazib beruvchilar tomonidan belgilangan tariflar hisobga olingan holda, kommunal va ekspluatatsiya xizmatlari boʻyicha toʻlovlar miqdorini, ularni kiritish tartibi va muddatlarini tartibga soluvchi bitim tuziladi. Elektr energiyani, suv va gazni hisobga oluvchi zarur uskunalar balansda saqlovchi yoki xususiy sherik tomonidan bitim shartlariga muvofiq oʻrnatiladi.
67. Davlat sherigi loyihani amalga oshirishda:
xususiy sherikning mablagʻlari yetarli boʻlmasa, unga imtiyozli kreditlar olishda koʻmaklashishi;
barcha zarur tashqi muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi (elektr energiya, gaz taʼminoti, suv taʼminoti, kanalizatsiya, avtomobil yoʻllari va boshqalar) bilan taʼminlashda koʻmaklashishi;
zarurat boʻlsa, jismoniy tarbiya va sport sohasida uslubiy va maslahat yordamini koʻrsatishi shart.
68. Xususiy sherik loyihani amalga oshirishda jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport yoʻnalishida faoliyat yurituvchi guruhlar, bolalar uchun toʻgaraklar va boshqa jismoniy tarbiya va sport xizmatlarini tashkil etadi.
69. Loyihani amalga oshirishda xususiy sherik zimmasiga qoʻshimcha ravishda quyidagilar yuklanadi:
davlat jismoniy tarbiya va sport muassasalarining foydalanilmaydigan bino (inshoot)larini qayta qurish, hududni obodonlashtirish, davlat jismoniy tarbiya va sport muassasasining binosini joriy taʼmirlash va muhandislik kommunikatsiyalarini tegishli holatda saqlash yuzasidan choralar koʻrish, shuningdek, jismoniy tarbiya va sport xizmatlarini koʻrsatish uchun foydalanilmaydigan bino (inshoot)larni bitimda koʻrsatilgan muddatlarda foydalanishga topshirish;
ijtimoiy koʻmakka muhtoj shaxslar uchun imtiyozli yoki bepul jismoniy tarbiya va sport xizmatlarini tashkil etish;
jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport boʻyicha pulli xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlarni davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda nazarda tutiladigan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda foydalanilmaydigan bino va yer uchastkalari egalarining maxsus hisob raqamlariga ushbu Nizomning 23-bandiga muvofiq oʻtkazish.
10-bob. Ishlab turgan davlat jismoniy tarbiya va sport muassasalari hududidagi yer uchastkalarini ijaraga berish tartibi
(10-bobning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-iyuldagi 375-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2022-y., 09/22/375/0618-son)
70. Nodavlat jismoniy tarbiya va sport tashkilotlarini tashkil etish va nodavlat jismoniy tarbiya va sport tashkilot binolarini qurish uchun yetarli hajmda ortiqcha maydonga ega boʻlgan va ishlab turgan davlat jismoniy tarbiya va sport muassasalari hududidagi yer uchastkalari taqdim etiladi.
71. Davlat sherigi 30 yil muddatga bitim tuzilgan sanadan boshlab bir kun ichida xususiy sherik — tanlov gʻolibining arizasini bitimda koʻrsatilgan shartlarda yer uchastkasini taqdim etish boʻyicha qaror qabul qilish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyat va Toshkent shahar yoki tuman (shahar) hokimligiga yuboradi.
72. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar yoki tuman (shahar) hokimligi obyektni qurish boʻyicha yer uchastkasi taqdim etishga doir materiallarni tayyorlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining hududiy organiga xususiy sherik arizasini va tanlov komissiyasi qarorini yuboradi.
73. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining hududiy organi yigirma ish kuni ichida yer uchastkasini taqdim etishga doir materiallarni tayyorlaydi va vakolatli organlar (tashkilotlar) bilan kelishadi hamda xulosani Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar yoki tuman (shahar) hokimligiga yuboradi.
74. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar yoki tuman (shahar) hokimliklari uch kun ichida nodavlat jismoniy tarbiya va sport tashkilotlarini tashkil etish maqsadida yer uchastkasini davlat tomonidan sherikka doimiy foydalanish uchun taqdim etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
(74-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-iyuldagi 375-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2022-y., 09/22/375/0618-son)
741. Davlat sherigi unga yer uchastkasi ajratilgan kundan boshlab bir kun ichida yer uchastkasini davlat-xususiy sheriklik bitimi doirasida xususiy sherikka ijaraga berish boʻyicha bitimga qoʻshimcha kiritilishini taʼminlaydi.
(741-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-iyuldagi 375-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2022-y., 09/22/375/0618-son)
(75-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-iyuldagi 375-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2022-y., 09/22/375/0618-son)
76. Yer uchastkasini taqdim etishga doir materiallarni tayyorlash va kelishish bilan bogʻliq xarajatlar xususiy sherik bilan bitim tuzilgandan keyin xususiy sherik tomonidan qoplanadi.
77. Davlat sherigi loyihani amalga oshirishda:
xususiy sherikning mablagʻlari yetarli boʻlmasa, unga imtiyozli kreditlar olishda koʻmaklashishi;
barcha zarur tashqi muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi (elektr energiya, gaz taʼminoti, suv taʼminoti, kanalizatsiya, avtomobil yoʻllari va boshqalar) bilan taʼminlashda koʻmaklashishi;
zarurat boʻlsa, jismoniy tarbiya va sport sohasida uslubiy va maslahat yordamini koʻrsatishi shart.
78. Xususiy sherik loyihani amalga oshirishda jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport yoʻnalishida faoliyat yurituvchi guruhlar, bolalar uchun toʻgaraklar va boshqa jismoniy tarbiya va sport xizmatlarini tashkil etadi.
79. Loyihani amalga oshirishda xususiy sherik zimmasiga qoʻshimcha ravishda quyidagilar yuklanadi:
nodavlat jismoniy tarbiya va sport tashkilotlarini qurish va jihozlash, tutash hududni obodonlashtirish, ishlab turgan davlat jismoniy tarbiya va sport muassasasi hamda nodavlat jismoniy tarbiya va sport tashkiloti oʻrtasida toʻsiq qurish, nodavlat jismoniy tarbiya va sport tashkilotini bitimda koʻrsatilgan muddatlarda foydalanishga topshirish;
ijtimoiy koʻmakka muhtoj shaxslar uchun imtiyozli yoki bepul jismoniy tarbiya va sport xizmatlarini tashkil etish;
jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport boʻyicha pulli xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlarni davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda nazarda tutiladigan tartibda balansda saqlovchi maxsus hisob raqamlariga ushbu Nizomning 23-bandiga muvofiq oʻtkazish.
11-bob. Mavjud davlat jismoniy tarbiya va sport muassasalarini qayta qurish va jihozlash hamda keyinchalik otaliqqa olish sharti bilan nodavlat jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari obyektlarini qurishga yer uchastkalarini ijara huquqi asosida taqdim etish tartibi
(11-bobning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-iyuldagi 375-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2022-y., 09/22/375/0618-son)
80. Xususiy sherik bilan aholi punktidagi yer uchastkasini taqdim etish hamda mazkur yer uchastkasida nodavlat jismoniy tarbiya va sport tashkilotini qurish, qayta qurishga muhtoj boʻlgan biriktirilgan davlat jismoniy tarbiya va sport muassasasini qayta qurish va jihozlash, shuningdek, uni keyinchalik otaliqqa olish sharti nazarda tutilgan bitim tuziladi.
81. Xususiy sherikka 20 yil va undan ortiq davr mobaynida qayta qurish va kapital taʼmirlash boʻyicha kompleks ishlar olib borilmagan va kapital taʼmirga muhtoj boʻlgan hamda yer uchastkasi ajratilayotgan tumanda joylashgan davlat jismoniy tarbiya va sport muassasasi biriktiriladi.
82. Bitim tuzilgach, davlat sherigi bir kun muddatda xususiy sherik — tanlov gʻolibining arizasini yer uchastkasini bitimda koʻrsatilgan shartlarda taqdim etish yuzasidan qaror qabul qilish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyat va Toshkent shahar yoki tuman (shahar) hokimligiga yuboradi.
83. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat va Toshkent shahar yoki tuman (shahar) hokimligi xususiy sherikning arizasini va tanlov komissiyasining qarorini obyekt qurilishiga yer uchastkasini taqdim etishga doir materiallarni tayyorlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining hududiy organiga yuboradi.
84. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining hududiy organi yigirma kun ichida yer uchastkasini taqdim etishga doir materiallarni tayyorlaydi va vakolatli organlar (tashkilotlar) bilan kelishib oladi hamda xulosani Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyat va Toshkent shahar yoki tuman (shahar) hokimligiga yuboradi.
85. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar yoki tuman (shahar) hokimligi uch kun ichida nodavlat jismoniy tarbiya va sport tashkilotlarini tashkil etish maqsadida yer uchastkasini davlat sherigiga doimiy foydalanish uchun taqdim etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
(85-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-iyuldagi 375-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2022-y., 09/22/375/0618-son)
851. Davlat tomonidan sherik unga yer uchastkasi ajratilgan kundan boshlab bir kun ichida yer uchastkasini davlat-xususiy sheriklik bitimi doirasida xususiy sherikka ijaraga berish boʻyicha ijara shartnomasi imzolanishini taʼminlaydi.
(851-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-iyuldagi 375-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2022-y., 09/22/375/0618-son)
(86-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-iyuldagi 375-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2022-y., 09/22/375/0618-son)
87. Yer uchastkasini taqdim etishga doir materiallarni tayyorlash va kelishish bilan bogʻliq xarajatlar xususiy sherik bilan bitim tuzilgandan keyin xususiy sherik tomonidan qoplanadi.
88. Davlat sherigi loyihani amalga oshirishda:
xususiy sherikning mablagʻlari yetarli boʻlmasa, unga imtiyozli kreditlar olishda koʻmaklashishi;
barcha zarur tashqi muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi (elektr energiya, gaz taʼminoti, suv taʼminoti, kanalizatsiya, avtomobil yoʻllari va boshqalar) bilan taʼminlashda koʻmaklashishi;
zarurat boʻlsa, jismoniy tarbiya va sport sohasida uslubiy va maslahat yordamini koʻrsatishi shart.
89. Loyihani amalga oshirishda xususiy sherik zimmasiga qoʻshimcha ravishda quyidagilar yuklanadi:
tutash hududni qayta qurish va jihozlash, obodonlashtirish hamda biriktirilgan davlat jismoniy tarbiya va sport muassasasini bitimda koʻrsatilgan muddatlarda foydalanishga topshirish boʻyicha choralar koʻrish;
oʻziga ajratilgan yer uchastkasida nodavlat jismoniy tarbiya va sport tashkiloti qurilishini va bitimda koʻrsatilgan muddatlarda foydalanishga topshirilishini taʼminlash;
biriktirilgan jismoniy tarbiya va sport muassasasini otaliqqa olish, jumladan, uni bitim amal qiladigan muddatda, biroq 30 yildan kam boʻlmagan davrda jihozlar, uskunalar, sport anjomlari va jihozlari, oʻquv qoʻllanmalari bilan taʼminlash.
90. Ajratilgan yer uchastkasida tashkil etilgan nodavlat jismoniy tarbiya va sport tashkilotiga davlat-xususiy sheriklikning boshqa shakllari asosida tashkil etilgan jismoniy tarbiya va sport muassasalari uchun belgilangan imtiyozlar tatbiq etilmaydi.
12-bob. Konsessiya asosida qurish, qayta qurish va jihozlash uchun yer uchastkasi yoki bino ajratish tartibi
91. Jismoniy tarbiya va sport muassasalarini qurish, qayta qurish hamda jihozlash uchun davlat sherigi va xususiy sherik oʻrtasida konsessiya asosida bitim tuzilishi mumkin.
Konsessiya asosidagi bitim oʻn besh yil muddatga tuziladi.
Jismoniy tarbiya va sport muassasasini qurish uchun yer uchastkasi Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksida belgilangan tartibda ajratiladi.
(91-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-iyuldagi 375-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2022-y., 09/22/375/0618-son)
Jismoniy tarbiya va sport obyektini qayta qurish va jihozlash uchun xususiy sherikka boʻsh turgan, shu jumladan foydalanilmayotgan, davlat jismoniy tarbiya va sport muassasalari hududida joylashgan binolar ajratiladi.
Yer uchastkasi yoki bino bepul taqdim etiladi.
Xususiy sherik taqdim etilgan yer uchastkasiga va binolarga tasarruf etish huquqisiz egalik qiladi va ulardan foydalanadi.
Jismoniy tarbiya va sport obyektini qurish, qayta qurish, jihozlash va undan foydalanish natijasida xususiy sherik tomonidan olingan daromadlar konsessiya bitimida belgilab beriladigan miqdorlarda uning mulki hisoblanadi.
Xususiy sherikning jismoniy tarbiya va sport obyektini qurish, qayta qurish va jihozlash bilan bogʻliq xarajatlari davlat sherigining talabnomalari boʻyicha 15 yil davomida bitimda belgilangan tartibda konsessiya asosida Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamgʻarmasi tomonidan qoplanadi. Xususiy sherikka bitimda koʻrsatilgan mazkur xarajatlarni toʻlash jadvali Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo sanoat vazirligi bilan kelishib olinishi lozim.
92. Davlat sherigi loyihani amalga oshirishda:
barcha zarurat tashqi muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi (elektr energiya, gaz taʼminoti, suv taʼminoti, kanalizatsiya, avtomobil yoʻllari va boshqalar) bilan taʼminlashda koʻmaklashishi;
zarur boʻlsa, jismoniy tarbiya va sport sohasida uslubiy va maslahat yordamini koʻrsatishi shart.
93. Loyihani amalga oshirishda xususiy sherik:
jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport yoʻnalishida faoliyat yurituvchi guruhlar, bolalar uchun toʻgaraklar va boshqa jismoniy tarbiya va sport xizmatlarini tashkil etishi;
asosiy faoliyatdan, shuningdek, boshqa qoʻshimcha faoliyatdan foyda olish huquqiga ega. Qoʻshimcha faoliyatni amalga oshirish davlat sherigi bilan oldindan kelishib olinadi va bunday faoliyatni amalga oshirishda taqdim etilgan yer uchastkasining koʻpi bilan 30 foizidan foydalaniladi.
94. Davlat-xususiy sheriklik konsessiya asosida amalga oshirilsa, xususiy sherik quyidagi majburiyatlarni oʻz zimmasiga oladi:
tutash hududni qurish, jihozlash, obodonlashtirish va jismoniy tarbiya va sport muassasasini bitimda koʻrsatilgan muddatlarda konsessiya asosida foydalanishga topshirish boʻyicha choralar koʻrish;
ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar uchun imtiyozli yoki bepul jismoniy tarbiya va sport xizmatlarini tashkil etish;
jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport boʻyicha pulli xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlarni davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda nazarda tutiladigan tartibda balansda saqlovchi maxsus hisob raqamlariga ushbu Nizomning 23-bandiga muvofiq oʻtkazish.
95. Konsessiya asosidagi bitimning amal qilish muddati tugashi bilan jismoniy tarbiya va sport obyekti davlat sherigi mulkiga oʻtkaziladi.
13-bob. Xususiy sherik mulki negizida tashkil etilgan nodavlat jismoniy tarbiya va sport tashkilotlarini moddiy taʼminlash shaklida davlat-xususiy sheriklikni amalga oshirish
96. Xususiy sherik mulki negizida tashkil etilgan nodavlat jismoniy tarbiya va sport tashkilotlarini moddiy taʼminlash shaklidagi davlat-xususiy sheriklik loyihasi xususiy sherik tashabbusi bilan tanlov oʻtkazilmay va taqdim etilgan hujjatlarni oʻrganish asosida ular bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish orqali amalga oshiriladi.
97. Davlat-xususiy sheriklikni mazkur shaklda amalga oshirish uchun xususiy sherik davlat sherigiga quyidagi hujjatlar ilova qilingan arizani taqdim etadi:
(97-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-dekabrdagi 774-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2021-y., 09/21/774/1198-son)
yer uchastkasiga boʻlgan huquq davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi haqida guvohnoma;
binolarga boʻlgan huquq davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi haqida guvohnoma;
jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlarining pasportlari;
yongʻin nazorati organlarining mavjud binolar va xonalarning yongʻin xavfsizligi talablariga mosligi haqidagi xulosasi;
sanitariya-epidemiologiya xizmatining mavjud binolar va xonalarning sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlariga mosligi haqidagi xulosasi;
(97-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-noyabrdagi 694-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.11.2021-y., 09/21/694/1075-son)
xususiy sherik trener xodimlarining tegishli maʼlumoti va ruxsatnomalari borligini tasdiqlovchi hujjatlar.
98. Xususiy sherikning loyihani amalga oshirish toʻgʻrisidagi arizasi davlat sherigi tomonidan ariza kelib tushgan kundan boshlab 15 kun ichida koʻrib chiqiladi.
Loyihani amalga oshirish maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, davlat sherigi va xususiy sherik oʻrtasida yetti kun ichida bitim tuziladi.
99. Bitim xususiy sherik zarur hujjatlarni olgan kundan boshlab kuchga kiradi.
100. Davlat sherigi loyihani amalga oshirishda:
xususiy sherikning mablagʻlari yetarli boʻlmasa, unga imtiyozli kreditlar olishda koʻmaklashishi;
barcha zarur tashqi muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi (elektr energiya, gaz taʼminoti, suv taʼminoti, kanalizatsiya, avtomobil yoʻllari va boshqalar) bilan taʼminlashda koʻmaklashishi;
zarurat boʻlsa, jismoniy tarbiya va sport sohasida uslubiy va maslahat yordamini koʻrsatishi shart;
Loyihani amalga oshirishda xususiy sherik jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport yoʻnalishida faoliyat yurituvchi guruhlar, bolalar uchun toʻgaraklar va boshqa jismoniy tarbiya va sport xizmatlarini tashkil etadi.
101. Loyihani amalga oshirishda xususiy sherik zimmasiga qoʻshimcha ravishda quyidagi majburiyatlar yuklanadi:
ijtimoiy koʻmakka muhtoj shaxslar uchun imtiyozli yoki bepul jismoniy tarbiya va sport xizmatlarini tashkil etish;
jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport boʻyicha pulli xizmat koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlarni davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda nazarda tutiladigan tartibda balansda saqlovchining maxsus hisob raqamlariga ushbu Nizomning 23-bandiga muvofiq oʻtkazish.
14-bob. Davlat-xususiy sheriklikni otaliq shaklidagi filantropik faoliyat tarzida amalga oshirish
102. Davlat-xususiy sheriklik loyihasi otaliq shaklidagi filantropik faoliyat tarzida xususiy sherikning tashabbusi bilan tanlov oʻtkazilmay va taqdim etilgan hujjatlarni oʻrganish asosida ular bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish orqali amalga oshiriladi.
103. Davlat-xususiy sheriklik loyihasi otaliq shaklidagi filantropik faoliyat tarzida yuridik va jismoniy shaxslarning ixtiyoriy begʻaraz yordami (faoliyati) orqali amalga oshiriladi. Bu ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish va xayriya maqsadida boshqacha shaklda koʻmaklashish uchun mol-mulkni, shu jumladan pul mablagʻlarini davlat jismoniy tarbiya va sport muassasalariga begʻaraz yoki imtiyozli shartlarda oʻtkazishda ifodalanadi.
104. Davlat-xususiy sheriklik loyihasini otaliq shaklidagi filantropik faoliyat tarzida amalga oshirish uchun xususiy sherik davlat sherigiga quyidagi hujjatlar ilova qilingan arizani taqdim etadi:
yuridik shaxs davlat roʻyxatidan oʻtkazilgani haqidagi guvohnomaning koʻchirma nusxasi, tadbirkorlik subyekti davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma bundan mustasno (agar ariza jismoniy shaxs tomonidan berilgan boʻlsa);
(104-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-dekabrdagi 774-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2021-y., 09/21/774/1198-son)
oʻtkazib berilayotgan mulk va pul mablagʻlari toʻgʻrisida maʼlumotlar;
ishlar va xizmatlarni imtiyozli asosda taqdim etish shartlari;
xususiy sherikning moliyaviy resurslari toʻgʻrisida maʼlumotlar.
105. Xususiy sherikning loyihani amalga oshirish toʻgʻrisidagi arizasi davlat sherigi tomonidan ariza kelib tushgan kundan boshlab 10 kun ichida koʻrib chiqiladi va tegishli hudud aholisining ehtiyojlaridan kelib chiqib, loyihani amalga oshirish toʻgʻrisida 1 yil muddatga bitim tuzish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
106. Xususiy sherik loyihani amalga oshirishda:
oʻz xodimlarining farzandlarini otaliqqa olgan davlat jismoniy tarbiya va sport muassasasida shugʻullanishlari uchun ustuvorlikka ega boʻlish;
otaliqqa olgan davlat jismoniy tarbiya va sport muassasasi ish rejimining oʻzgarishini kelishish;
oʻz homiylik xayriyalaridan foydalanish maqsadi va tartibini belgilab olish;
taqdim etilayotgan mablagʻlar va mol-mulkdan maqsadli foydalanish toʻgʻrisida hisobot talab qilish huquqiga ega.
107. Xususiy sherik loyihani amalga oshirishda:
bitimda belgilangan hajmlarda va muddatlarda homiylik yordamini koʻrsatishi;
otaliqqa olingan davlat jismoniy tarbiya va sport muassasasiga jismoniy tarbiya hamda sport xizmatlarini rivojlantirish va ularning sifatini oshirishdan boshqa maqsadlarda yordam koʻrsatmasligi shart.
108. Davlat sherigi loyihani amalga oshirishda:
olingan mablagʻlardan maqsadli foydalanilishini taʼminlashi;
olingan homiylik xayriyalari hisobini yuritishi;
homiylik xayriyalari olingan kundan boshlab oʻn kun ichida ular toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalarida, shuningdek, agar Internet axborot tarmogʻida oʻz rasmiy veb-saytlari mavjud boʻlsa, mazkur veb-saytlarda axborot berishi;
qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlardan foydalanish uchun xususiy sherikka tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etishi shart.
(108-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
15-bob. Yakunlovchi qoida
109. Ushbu Nizom talablarini buzganlikda aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
(109-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Davlat sherigi tomonidan davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish
SXEMASI
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 1-martdagi 184-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida xususiy investorlarga beriladigan foydalanilmayotgan va boʻsh turgan sport inshootlari
ROʻYXATI*
T/r
Tuman (shahar) nomi
Inshoot turi
Inshoot qurilgan yili
Inshootni balansda saqlovchi tashkilot nomi
Davlat-xususiy sheriklik sharti
Andijon viloyati
1.
Qoʻrgʻontepa tumani
Suzish havzasi
1978-yil
Qoʻrgʻontepa tumani Bolalar-oʻsmirlar sport maktabi
Mavjud davlat jismoniy tarbiya va sport muassasalarini qayta qurish hamda jihozlash
Buxoro viloyati
2.
Kogon tumani
Moslashtirilgan sport zal
2012-yil
Janubiy-Gʻarbiy geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi Buxoro viloyat boshqarmasi
Davlat jismoniy tarbiya va sport muassasalarining foydalanilmaydigan binolari yoki inshootlarini uzoq muddatga bepul foydalanish uchun xususiy sheriklarga oʻtkazish
Navoiy viloyati
3.
Navoiy shahri
Sport zal
1988-yil
Sportning oʻyin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan BOʻSM
Mavjud davlat jismoniy tarbiya va sport muassasalarini qayta qurish hamda jihozlash
Namangan viloyati
4.
Uychi tumani
Moslashtirilgan sport zal
1974-yil
1-BOʻSM
Mavjud davlat jismoniy tarbiya va sport muassasalarini qayta qurish hamda jihozlash
Samarqand viloyati
5.
Samarqand shahri
Suzish havzasi
2004-yil
Sportning oʻyin turlari va yengil atletika boʻyicha ixtisoslashtirilgan BOʻSM
Davlat jismoniy tarbiya va sport muassasalarining foydalanilmaydigan binolari yoki inshootlarini uzoq muddatga bepul foydalanish uchun xususiy sheriklarga oʻtkazish
6.
Suzish havzasi
2003-yil
Samarqand shahridagi “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti
Davlat jismoniy tarbiya va sport muassasalarining foydalanilmaydigan binolari yoki inshootlarini uzoq muddatga bepul foydalanish uchun xususiy sheriklarga oʻtkazish
Sirdaryo viloyati
7.
Mirzaobod tumani
Sport zal
1987-yil
31-umumtaʼlim maktabi
Mavjud davlat jismoniy tarbiya va sport muassasalarini qayta qurish hamda jihozlash
8.
Futbol maydoni
1990-yil
Tuman hokimligi
Davlat jismoniy tarbiya va sport muassasalarining foydalanilmaydigan binolari yoki inshootlarini uzoq muddatga bepul foydalanish uchun xususiy sheriklarga oʻtkazish
9.
Moslashtirilgan sport zal
1984-yil
Tuman hokimligi
Mavjud davlat jismoniy tarbiya va sport muassasalarini qayta qurish hamda jihozlash
10.
Futbol maydoni
1980-yil
Tuman hokimligi
Mavjud davlat jismoniy tarbiya va sport muassasalarini qayta qurish hamda jihozlash
11.
Boyovut tumani
1-tip sport majmuasi
2004-yil
Yengilsanoat va agroservis kasb-hunar kolleji
Davlat jismoniy tarbiya va sport muassasalarining foydalanilmaydigan binolari yoki inshootlarini uzoq muddatga bepul foydalanish uchun xususiy sheriklarga oʻtkazish
12.
Sport majmuasi
1978-yil
BOʻSM
Mavjud davlat jismoniy tarbiya va sport muassasalarini qayta qurish hamda jihozlash
13.
Sayxunobod tumani
Mini-futbol maydonchasi
2015-yil
Sayxunobod tumani BOʻSM
Davlat jismoniy tarbiya va sport muassasalarining foydalanilmaydigan binolari yoki inshootlarini uzoq muddatga bepul foydalanish uchun xususiy sheriklarga oʻtkazish
Toshkent viloyati
14.
Angren shahri
Suzish havzasi
1981-yil
BOʻSM
Mavjud davlat jismoniy tarbiya va sport muassasalarini qayta qurish hamda jihozlash
15.
Stadion
1980-yil
Xorazm viloyati
16.
Yangibozor tumani
Futbol maydoni
1985-yil
Yangibozor pedagogika va sport kolleji
Mavjud davlat jismoniy tarbiya va sport muassasalarini qayta qurish hamda jihozlash
17.
Futbol maydoni
1987-yil
Yangibozor tumani 11-umumtaʼlim maktab
Qashqadaryo viloyati
18.
Gʻuzor tumani
Sport zal
1986-yil
Gʻuzor tuman 3-umumtaʼlim maktab
Mavjud davlat jismoniy tarbiya va sport muassasalarini qayta qurish hamda jihozlash
19.
Qarshi shahri
1994-yil
Viloyat nogironlarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazi
Davlat jismoniy tarbiya va sport muassasalarining foydalanilmaydigan binolari yoki inshootlarini uzoq muddatga bepul foydalanish uchun xususiy sheriklarga oʻtkazish
20.
21.
Mirishkor tumani
1985-yil
Mirishkor tuman xalq taʼlimi boʻlimi 22-umumtaʼlim maktab
Mavjud davlat jismoniy tarbiya va sport muassasalarini qayta qurish hamda jihozlash
22.
Chiroqchi tumani
Futbol maydoni
2010-yil
Suvliq MFY
Davlat jismoniy tarbiya va sport muassasalarining foydalanilmaydigan binolari yoki inshootlarini uzoq muddatga bepul foydalanish uchun xususiy sheriklarga oʻtkazish
23.
2007-yil
Koʻktosh MFY
Davlat jismoniy tarbiya va sport muassasalarining foydalanilmaydigan binolari yoki inshootlarini uzoq muddatga bepul foydalanish uchun xususiy sheriklarga oʻtkazish
24.
Shahrisabz shahri
Futbol maydoni
2006-yil
Boʻston MFY
Davlat jismoniy tarbiya va sport muassasalarining foydalanilmaydigan binolari yoki inshootlarini uzoq muddatga bepul foydalanish uchun xususiy sheriklarga oʻtkazish
Toshkent shahri
25.
Yunusobod tumani
Futbol maydoni
2009-yil
1-son BOʻSM
Davlat jismoniy tarbiya va sport muassasalarining foydalanilmaydigan binolari yoki inshootlarini uzoq muddatga bepul foydalanish uchun xususiy sheriklarga oʻtkazish
26.
Yakkasaroy tumani
Futbol maydoni, sport maydoni, sportchilar uchun yotoqxona
2016-yil
1-son BOʻSM
Davlat jismoniy tarbiya va sport muassasalarining foydalanilmaydigan binolari yoki inshootlarini uzoq muddatga bepul foydalanish uchun xususiy sheriklarga oʻtkazish hamda mavjud davlat jismoniy tarbiya va sport muassasalarini qayta qurish hamda jihozlash
27.
Yuusobod tumani
2011-yil
2-son BOʻSM
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.03.2019-y., 09/19/184/2694-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.11.2021-y., 09/21/694/1075-son, 27.12.2021-y., 09/21/774/1198-son; 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son, 08.07.2022-y., 09/22/375/0618-son)