toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Prezident maktablarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini rivojlantirish, iqtidorli bolalarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, ularning huquqiy ong va huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish xalq taʼlimi sohasidagi davlat siyosatining eng muhim yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.
Mamlakatning kelgusidagi jadal taraqqiyoti yosh isteʼdodlarni aniqlash, iqtidorli bolalarni tanlab olish va oʻqitish tizimini tashkil qilish, oʻsib kelayotgan avlodning intellektual imkoniyatlarini namoyon etishga yordam beruvchi koʻp tarmoqli taʼlim muhitini yaratish boʻyicha ishlar sifatini oshirish zaruratini taqozo etmoqda.
Iqtidorli bolalarni aniqlash, taʼlim jarayonida ilgʻor texnologiyalarni qoʻllagan holda ularni oʻqitish va tarbiyalash boʻyicha yaxlit tizim yaratish, isteʼdodli yoshlarni yanada qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, maʼnan yetuk va intellektual jihatdan barkamol avlodni shakllantirish, shuningdek 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturiga muvofiq:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasida, viloyatlar va Toshkent shahrida ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim muassasasi shaklidagi Prezident maktablari tashkil etilsin.
2. Quyidagilar Prezident maktablarining asosiy vazifalari etib belgilansin:
iqtidorli bolalarni aniqlash, tanlash va oʻqitish, ularning har tomonlama rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, shuningdek oʻquvchilarning intellektual, ilmiy va ijodiy salohiyatini ochib berish;
tabiiy va aniq fanlarni chuqur oʻrganish, xorijiy tillar, muhandislik va axborot texnologiyalarini oʻzlashtirishni tashkil qilish, oʻquvchilarning innovatsion gʻoyalari va ishlanmalarini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
oʻquvchilarni oʻqitish va ular bilimini baholashning zamonaviy uslublarini, shuningdek taʼlim dasturlarining integratsiyalashuviga asoslangan oʻqitishning fanlararo yondashuvini joriy qilish va keyinchalik ijobiy tajribani respublika xalq taʼlimi tizimiga tatbiq etish;
oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish, ularda yetakchilik koʻnikmalari va notiqlik sanʼatini rivojlantirish, tanqidiy fikrlash, axborotni izlash, tahlil qilish va qayta ishlash, olingan bilimlarni amaliyotda qoʻllash malakasini oshirish;
oʻquvchilarning umumtaʼlim fanlari boʻyicha xalqaro olimpiadalar, tanlovlar va musobaqalarda munosib ishtirokini taʼminlash;
oʻquvchilarda vatanparvarlik va Vatanga muhabbat tuygʻusini, bagʻrikenglik, qonunlar, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan munosabatni, hayotga qatʼiy ishonch va qarashlarni shakllantirish;
oʻquv dasturlarining uzluksizligini taʼminlash masalalarida xuddi shu yoʻnalishdagi milliy va xorijiy umumiy oʻrta va oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, bitiruvchilarning ilgʻor xorijiy oliy oʻquv yurtlarida va ularning respublikamizdagi filiallarida oʻqishini davom ettirish.
3. Belgilansinki:
Prezident maktablariga qabul qilish respublika umumtaʼlim muassasalarining 4-sinf bitiruvchilari orasidan Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) tomonidan belgilangan tartibda oʻtkaziladigan mantiqiy fikrlash testlari, yozma imtihon va suhbatlar natijalariga koʻra amalga oshiriladi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 27-maydagi 214-con qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi Prezident maktablariga oʻquvchilarni saralab olish va qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
Prezident maktabining yillik qabul kvotasi 24 nafar oʻquvchidan iborat boʻlib, ikkita sinfga bir xil — 12 nafardan oʻquvchi taqsimlanadi;
birinchi oʻquv yilida Prezident maktablarining har biriga 5 — 10-sinflarga 144 nafardan oʻquvchi oʻqishga qabul qilinadi;
Prezident maktablarida taʼlim jarayoni xorijiy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan oʻquv rejalari va dasturlari boʻyicha ingliz tilida amalga oshiriladi;
Prezident maktablarida “STEAM — taʼlim” (Science — tabiiy fanlar, Technology — texnologiyalar, Engineering — texnik ijodkorlik, Art — sanʼat, Mathematics — matematika) dasturi joriy etiladi;
Prezident maktabining 9 — 11-sinflarida oʻqitish oʻquvchilarning qiziqishlari va xususiyatlarini inobatga olgan holda, ayrim fanlar va ularni oʻrganish darajasini tanlab olish orqali oʻquv jarayonini individuallashtirishni koʻzda tutadi;
asosiy oʻquv dasturi bilan birgalikda Prezident maktablarida oʻquvchilarning qiziqishlaridan kelib chiqqan holda sinfdan tashqari amaliy mashgʻulotlar oʻtkazish nazarda tutiladi;
Prezident maktablari bitiruvchilariga belgilangan tartibda davlat tomonidan tasdiqlangan maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjat (shahodatnoma, attestat) bilan bir qatorda, xorijiy mamlakatlarning yetakchi oliy taʼlim muassasalariga kirish imkonini taqdim etuvchi xalqaro darajadagi tegishli dastur diplomi (International Baccalaureate, Advanced Placement yoki International Advanced Levels) beriladi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2023-yil 31-yanvardagi 44-son “Umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi elektron shahodatnomaning davlat namunasini tasdiqlash haqida”gi qarori.
Prezident maktablari bevosita Vazirlikka boʻysunadi.
4. Vazirlik Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2019-yil 1-mayga qadar quyidagi tartiblarni belgilab beruvchi Prezident maktabi haqidagi nizomni tasdiqlash boʻyicha hukumat qarori loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda kiritsin:
Prezident maktablarida oʻquv-tarbiya jarayonini tashkil etish;
kirish imtihonlarini oʻtkazish hamda oʻquvchilarning intellektual salohiyati va kreativ fikrlashini baholagan holda ularni qabul qilish;
Prezident maktablari xodimlarini, shu jumladan yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni tanlab olish, yollash va ular mehnatiga haq toʻlash;
Prezident maktablari faoliyatini moliyalashtirish va namunaviy shtat jadvalini tasdiqlash.
5. Quyidagilar:
2019 — 2021-yillarda Prezident maktablarini qurish jadvali 1-ilovaga muvofiq;
Toshkent, Nukus va Xiva shaharlarida Prezident maktablari faoliyatini tashkil etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Prezident maktablari faoliyatini tashkil etish boʻyicha komissiya (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) 3-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.
Prezident maktablariga quyidagi masalalarda koʻmaklashish Komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
moddiy-texnik bazani mustahkamlash, taʼlim sifatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish va amalga oshirish;
Prezident maktablari faoliyatining jadal rivojlanishini taʼminlash uchun chet el investorlari mablagʻlarini, texnik yordam (grantlar) va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa manbalarni jalb qilish;
Prezident maktablari mablagʻlarini samarali boshqarish va ulardan maqsadli foydalanish ustidan nazoratni taʼminlash;
Prezident maktablari faoliyatining sifati va samaradorligini oshirish, shu jumladan taʼlim jarayoniga oʻqitishning ilgʻor shakllari va uslublarini, pedagogik, kompyuter va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish boʻyicha takliflar tayyorlash.
Komissiyaga:
a) Prezident maktablarini zamonaviy uskunalar, mebel, kompyuter texnikasi bilan jihozlash, shuningdek ularni oʻquv adabiyotlari, metodik qoʻllanmalar va boshqa vositalar bilan taʼminlash boʻyicha namunaviy loyihalar va meʼyorlarni tasdiqlash;
b) istisno tariqasida, tanlov (tender) savdolarini tashkillashtirmasdan, eng yaxshi takliflarni tanlab olish yoʻli bilan:
loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun — loyiha tashkilotlarini;
Prezident maktablarini qurish uchun — pudrat tashkilotlarini;
Prezident maktablarini zamonaviy uskunalar, mebel, kompyuter texnikasi bilan jihozlash, shuningdek ularni oʻquv adabiyotlari, metodik qoʻllanmalar va boshqa vositalar bilan taʼminlash uchun — ishlab chiqaruvchilar (yetkazib beruvchilar)ni;
Prezident maktablarida oʻquv-metodik rahbarlikni taʼminlash, oʻquv jarayonini tashkil etish va yuritish, shuningdek oʻquvchilarni qabul qilish va chet ellik yuqori malakali mutaxassislarni yollash uchun — taʼlim sohasida xizmatlar koʻrsatuvchi ixtisoslashgan xorijiy tashkilotlarni belgilash huquqi berilsin.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bir oy muddatda Vazirlikka Prezident maktablari qurish uchun yer uchastkalarini ajratish boʻyicha takliflar kiritsin.
Vazirlik Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi bilan birgalikda Toshkent, Nukus va Xiva shaharlaridagi Prezident maktablari 2019-yil 20-avgustga qadar, respublikaning boshqa hududlarida esa tegishlicha 2020 va 2021-yil 20-avgustga qadar qurib bitkazilishi va ishga tushirilishini taʼminlasin.
8. Quyidagilar:
Vazirlik huzuridagi “Xalq taʼlimi sohasida loyiha hujjatlariga texnik topshiriqlarni ishlab chiqish va qurilish obyektlari sifatini monitoring qilish boʻyicha injiniring kompaniyasi” DUK — Prezident maktablarini qurish va ularni zamonaviy uskunalar, mebel, kompyuter texnikasi bilan jihozlash, oʻquv adabiyotlari, metodik qoʻllanmalar va boshqa vositalar bilan taʼminlash boʻyicha buyurtmachi etib;
Vazirlik huzuridagi “Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi” davlat unitar korxonasi — Prezident maktablari faoliyatining metodik va axborot-tahliliy taʼminoti uchun masʼul tashkilot etib belgilansin.
9. Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan va belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha Prezident maktablarini qurish, rekonstruksiya qilish, jihozlash va faoliyatini taʼminlash uchun olib kelinadigan uskunalar, kompyuter texnikasi, oʻqitishning texnik vositalari, adabiyotlar, multimedia mahsulotlari hamda qurilish materiallari, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar 2022-yil 1-yanvargacha bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlardan tashqari) ozod etilsin.
10. Belgilab qoʻyilsinki:
Prezident maktablarini qurish va zamonaviy asbob-uskunalar, mebel, kompyuter texnikasi bilan jihozlash, oʻquv adabiyotlari, metodik qoʻllanmalar va boshqa vositalar bilan taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari, xorijiy investitsiyalar, yuridik va jismoniy shaxslarning xayriya ehsonlari, Komissiya tomonidan jalb etiladigan qoʻshimcha mablagʻlar, Vazirlikning budjetdan tashqari mablagʻlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
Toshkent, Nukus va Xiva shaharlarida Prezident maktablarini qurish boʻyicha namunaviy loyihalarni ishlab chiqish “Prime Tower Group” MCHJ (Toshkent shahri) tomonidan Vazirlik huzuridagi “Xalq taʼlimi sohasida loyiha hujjatlariga texnik topshiriqlarni ishlab chiqish va qurilish obyektlari sifatini monitoring qilish boʻyicha injiniring kompaniyasi” DUK bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
11. Loyiha va pudrat tashkilotlariga, istisno tariqasida, Prezident maktablari qurishni loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqish bilan bir vaqtda amalga oshirishga ruxsat berilsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi Prezident maktablarini qurish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini kompleks ekspertizadan oʻtkazishni taʼminlasin va qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi ustidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini oʻrnatsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Vazirlikning buyurtmanomalariga asosan mazkur qarorni amalga oshirish doirasida jalb qilinadigan Prezident maktablarining chet ellik xodimlari hamda ularning oila aʼzolari uchun koʻp martalik kirish vizalari konsullik va boshqa yigʻimlar undirilmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-iyuldagi PQ-3836-son “Oʻzbekiston Respublikasiga xorijiy fuqarolarning kirishi tartibini optimallashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori.
14. Belgilab qoʻyilsinki, Prezident maktablarining joriy faoliyatini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi, bunda jumladan quyidagi xarajatlar ham qoplanadi:
Prezident maktablarining, shu jumladan shartnoma asosida xizmat koʻrsatuvchi xodimlariga ish haqi, ustamalar, qoʻshimcha haqlar, mukofotlar va boshqa ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar;
taʼlim sohasida xizmatlar koʻrsatuvchi ixtisoslashgan xorijiy tashkilotlarning Prezident maktablarida oʻquv-metodik rahbarlikni taʼminlash, taʼlim jarayonini yuritish hamda oʻquvchilarni qabul qilish va yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni yollash boʻyicha xizmatlari uchun toʻlovlar;
oʻquvchilarni bepul oziq-ovqat, maktab formasi va yashash joyi bilan taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda, Prezident maktablari faoliyatini taʼminlash bilan bogʻliq boshqa tadbirlarni moliyalashtirish xarajatlari.
15. Vazirlik manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduhakimov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 20-fevral,
PQ-4199-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 20-fevraldagi PQ-4199-son qaroriga
1-ILOVA
2019 — 2021-yillarda Prezident maktablarini qurish
jadvali

T/r

Hudud nomi

Jami

Shu jumladan:

2019-yilda

2020-yilda

2021-yilda

Jami:

14

3

5

6

1.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi

1

1

2.

Andijon viloyati

1

1

3.

Buxoro viloyati

1

1

4.

Jizzax viloyati

1

1

5.

Qashqadaryo viloyati

1

1

6.

Navoiy viloyati

1

1

7.

Namangan viloyati

1

1

8.

Samarqand viloyati

1

1

9.

Surxondaryo viloyati

1

1

10.

Sirdaryo viloyati

1

1

11.

Toshkent viloyati

1

1

12.

Fargʻona viloyati

1

1

13.

Xorazm viloyati

1

1

14.

Toshkent shahri

1

1

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 20-fevraldagi PQ-4199-son qaroriga
2-ILOVA
Toshkent, Nukus va Xiva shaharlarida Prezident maktablari faoliyatini tashkil etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar
dasturi

T/r

Chora-tadbirlarning nomi

Amalga oshirish shakli

Amalga oshirish muddatlari

Masʼul ijrochilar

I. Tayyorgarlik ishlari

1.

Toshkent, Nukus va Xiva shaharlarida Prezident maktablarini (keyingi oʻrinlarda — Prezident maktablari) qurish va zamonaviy uskunalar, mebel, kompyuter texnikasi va boshqa oʻquv-laboratoriya uskunalari bilan jihozlash, ularni oʻquv adabiyoti, metodik qoʻllanma va boshqa vositalar bilan taʼminlash boʻyicha pudratchi tashkilotlarni aniqlash.

Prezident maktablari faoliyatini tashkil etish boʻyicha komissiya qarori

2019-yil
1-aprelgacha

Xalq taʼlimi vazirligi (Sh. Shermatov),
Qurilish vazirligi (A. Toʻxtayev),
manfaatdor vazirliklar
va idoralar

2.

Prezident maktablarini qurish va zamonaviy uskunalar, mebel, kompyuter texnikasi va boshqa oʻquv-laboratoriya uskunalari bilan jihozlash, ularni oʻquv adabiyoti, metodik qoʻllanma va boshqa vositalar bilan taʼminlash boʻyicha oʻz vaqtida moliyalashtirishni taʼminlash.

Tashkiliy
chora-tadbirlar

loyihalarni amalga oshirish davomida

Moliya vazirligi (A. Haydarov),
Xalq taʼlimi vazirligi (Sh. Shermatov),

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

(S. Umurzoqov)

3.

Prezident maktablari ustavlarini ishlab chiqish va tasdiqlash hamda ularni belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazishni taʼminlash.

Ustav

2019-yil
1-sentabrgacha

Xalq taʼlimi vazirligi (Sh. Shermatov)

II. Oʻquv-tarbiya jarayonini tashkillashtirish

4.

Xalqaro standartlar talablarini hisobga olgan holda Prezident maktablarining oʻquv reja va dasturlarini tasdiqlash.

Idoraviy hujjat

2019-yil

15-avgustgacha

Xalq taʼlimi vazirligi (Sh. Shermatov),
Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (U. Tashkenboyev)

5.

Prezident maktablarining oʻquv-tarbiya jarayoniga “STEAM–taʼlimi” dasturini (Science — tabiiy fanlar, Technology — texnologiya, Engineering — texnik ijodkorlik, Art — sanʼat, Mathematics — matematika) joriy qilish.

Tashkiliy
chora-tadbirlar

2019-yil
mart — avgust

Xalq taʼlimi vazirligi (Sh. Shermatov),

Moliya vazirligi (A. Haydarov)

6.

Prezident maktablari bitiruvchilarga tomonidan xalqaro darajadagi tegishli dastur diplomlarini (International Baccalaureate, Advanced Placement yoki International Advanced Levels) taqdim etish mexanizmlarini joriy qilish.

Tashkiliy chora-tadbirlar kompleksi

2019-yil davomida

Xalq taʼlimi vazirligi (Sh. Shermatov),

Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (U. Tashkenboyev),
Tashqi ishlar vazirligi (A. Komilov)

7.

Prezident maktablarini jihozlash uchun kerakli oʻquv-metodik adabiyotlar va ilmiy nashrlar roʻyxatini aniqlash va ularni xarid qilish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish.

Tashkiliy
chora-tadbirlar

2019-yil
1-iyulgacha

Xalq taʼlimi vazirligi (Sh. Shermatov),
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar

agentligi (K. Allamjonov),
Moliya vazirligi (A. Haydarov)

8.

Prezident maktablarida oʻquv jarayonini tashkil etish uchun xorijiy yuqori malakali mutaxassislarni tanlab olish.

Tashkiliy
chora-tadbirlar

2019-yil
15-iyungacha

Xalq taʼlimi vazirligi (Sh. Shermatov),
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi

(Sh. Kudbiyev),
Moliya vazirligi (A. Haydarov)

III. Oʻquvchilarni tanlab olish va qabul qilish

9.

Prezident maktablariga oʻquvchilarni saralash boshlanishi va tartibi, oʻquvchilar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va boshqa afzalliklar haqida maʼlumotlarni keng jamoatchilikka yetkazish.

Tashkiliy
chora-tadbirlar

2019-yil aprel-may

Xalq taʼlimi vazirligi (Sh. Shermatov),

MTRK (A. Xodjayev), OʻzA (A. Koʻchimov)

10.

Nomzodlar hujjatlarini, shu jumladan elektron shaklda qabul qilishni tashkil etish.

Tashkiliy
chora-tadbirlar

2019-yil
iyun-iyul

Xalq taʼlimi vazirligi (Sh. Shermatov),
Adliya vazirligi
(R. Davletov),
LBMA (D. Li)

11.

Kirish imtihonlarini oʻtkazish.

Tashkiliy
chora-tadbirlar

2019-yil
10-avgustgacha

Xalq taʼlimi vazirligi (Sh. Shermatov)

12.

Prezident maktablariga oʻquvchilarni qabul qilish.

Buyruq

2019-yil
20-avgustgacha

Xalq taʼlimi vazirligi (Sh. Shermatov)

IV. Moddiy-texnik bazani shakllantirish

13.

Prezident maktablarini zamonaviy uskunalar, mebel, kompyuter texnikasi va boshqa oʻquv-laboratoriya uskunalari bilan jihozlash, ularni oʻquv adabiyoti, metodik qoʻllanma va boshqa vositalar bilan taʼminlash.

Tashkiliy
chora-tadbirlar

2019-yil
15-avgustgacha

Xalq taʼlimi vazirligi (Sh. Shermatov),
Moliya vazirligi (A. Haydarov)

14.

Prezident maktablarini ishga tushirish va oʻquv jarayonini boshlash.

Tashkiliy
chora-tadbirlar

2019-yil

20-avgustgacha

Xalq taʼlimi vazirligi (Sh. Shermatov),

Qurilish vazirligi (A. Toʻxtayev),

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi (K. Sariyev), Toshkent shahar hokimligi (J. Ortiqxodjayev)

Izohlar:
1. Huquqiy munosabatlarni tartibga solish predmeti va sohasidan kelib chiqib, chora-tadbirlarni amalga oshirish shakli oʻzgarishi, ishlab chiqilayotgan hujjatlar esa birlashtirilishi mumkin;
2. Ikki yoki undan ortiq bandlar birlashtirilganda, qoʻshilayotgan bandlar uchun oʻrnatilgan eng kech muddat ijro muddati etib belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 20-fevraldagi PQ-4199-son qaroriga
3-ILOVA
Prezident maktablari faoliyatini tashkil etish boʻyicha komissiya
TARKIBI

A.N. Aripov

Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, Komissiya raisi

A.A. Abduvaxitov

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi, Komissiya raisi oʻrinbosari

A.A. Abduxakimov

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Komissiya raisi oʻrinbosari

J.A. Qoʻchqorov

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri

E.M. Gʻaniyev

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari

Sh.X. Shermatov

Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri

lavozimi boʻyicha

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari

A.X. Toʻxtayev

Oʻzbekiston Respublikasi qurilish vaziri

A.X. Abdullayev

Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi raisi

U.U. Sharifxodjayev

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi shuʼba mudiri

R.O. Karimjonov

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi “Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi” DUK direktori, Komissiya kotibi

Izoh: Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.02.2019-y., 07/19/4199/2642-son)