toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Urugʻchilik toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2018-yil 8-noyabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2018-yil 13-dekabrda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi urugʻchilik sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Urugʻchilik toʻgʻrisidagi qonunchilik
Urugʻchilik toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining urugʻchilik toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.

(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
aprobatsiya — oʻsimliklarning genetik (nav) jihatdan sofligini, zararkunandalar bilan zararlangan-zararlanmaganligini, kasalliklarga chalingan-chalinmaganligini va ekish uchun moʻljallangan urugʻliklarning umumiy holatini aniqlash uchun dalada oʻtkaziladigan tekshiruv;
duragay urugʻliklar — irsiyati har xil navlar, turlar va turkumdoshlarni chatishtirishdan olingan urugʻliklar;
original urugʻliklar — nav muallifi yoki u vakolat bergan shaxs tomonidan yetishtirilgan va keyinchalik koʻpaytirish uchun moʻljallangan urugʻliklar;
patent egasi (litsenziar) — seleksiya naviga va (yoki) duragay urugʻliklarga boʻlgan mulk huquqini olgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
populyatsiya — bir xil tuproq-iqlim sharoitida tarqalgan va bir turga mansub boʻlgan, erkin chatishadigan (irsiy jihatdan bir-biridan farqlanadigan) oʻsimliklar majmui;
reproduksion urugʻliklar — elita urugʻliklardan olinadigan keyingi avlod urugʻliklari;
urugʻliklar — ekish uchun foydalaniladigan urugʻlar, mevalar, oʻsimlikning vegetativ yoʻl bilan koʻpaytiriladigan qismlari;
urugʻliklarning genetik (nav) sifati — muayyan nav urugʻligining genetik jihatdan sofligini tavsiflovchi koʻrsatkichlar majmui;
urugʻliklarning ekinboplik sifati — urugʻliklarning ekish uchun yaroqliligini tavsiflovchi koʻrsatkichlar majmui;
Oldingi tahrirga qarang.
urugʻliklar toʻdasi — kelib chiqishi va sifati boʻyicha bir xil boʻlgan urugʻliklarning muayyan miqdori;
(3-moddaning oʻn birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 12-noyabrdagi OʻRQ-583-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.11.2019-y., 03/19/583/4016-son)
urugʻchilik — urugʻliklarni yetishtirish, saqlash, realizatsiya qilish hamda ulardan foydalanish, shuningdek urugʻliklarning genetik (nav) va ekinboplik sifatlarini aniqlash boʻyicha oʻtkaziladigan tadbirlar bilan bogʻliq boʻlgan faoliyat;
elita urugʻliklar — original urugʻliklarni izchil koʻpaytirish yoʻli bilan olingan urugʻliklar.
4-modda. Urugʻliklarning toifalari
Qishloq xoʻjaligi ekinlarining navlarini takror koʻpaytirish bosqichlariga qarab, urugʻliklarning quyidagi toifalari belgilanadi:
original;
elita;
reproduksion.
5-modda. Urugʻchilik obyektlari
Urugʻchilik obyektlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
nav;
duragay;
populyatsiya;
urugʻliklar;
Oldingi tahrirga qarang.
urugʻlik yetishtirish uchun foydalaniladigan urugʻlik ekinlar.
(5-moddaning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 12-noyabrdagi OʻRQ-583-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.11.2019-y., 03/19/583/4016-son)
6-modda. Urugʻchilik subyektlari
Urugʻchilik subyektlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
navning muallifi;
urugʻlik yetishtiruvchi;
urugʻliklarni realizatsiya qiluvchi;
urugʻliklarning isteʼmolchisi (urugʻliklardan foydalanuvchi);
urugʻliklarning genetik (nav) va ekinboplik sifatlarini aniqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilot.
7-modda. Urugʻchilik subyektlarining huquqlari
Urugʻchilik subyektlari quyidagi huquqlarga ega:
urugʻchilik sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etish;
seleksiya yutuqlaridan foydalanish;
urugʻliklarning koʻrgazma-savdolarida (kimoshdi savdolarida) ishtirok etish;
oʻz faoliyatida innovatsion texnologiyalardan foydalanish va ilm-fan yutuqlarini joriy etish;
urugʻlik yetishtirish boʻyicha resurslarni tejovchi texnologiyalarni qoʻllash.
8-modda. Urugʻchilik subyektlarining majburiyatlari
Urugʻchilik subyektlari:
urugʻlik yetishtirish uchun foydalaniladigan maydonlarning davriy aprobatsiyadan oʻtkazilishini taʼminlashi;
vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan urugʻliklarni yetishtirish sxemalarining texnologik talablariga, ularni saqlash hamda realizatsiya qilish qoidalariga rioya etishi, shuningdek urugʻliklarning sifat va miqdor jihatidan saqlanishini taʼminlashi;
Oldingi tahrirga qarang.
urugʻliklarni realizatsiya qilishda urugʻlik toʻdasiga berilgan muvofiqlik sertifikatini, shuningdek duragaylar va navlarning tavsiflarini urugʻliklarning isteʼmolchilariga (urugʻliklardan foydalanuvchilarga) taqdim etishi;
(8-modda birinchi qismining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 12-noyabrdagi OʻRQ-583-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.11.2019-y., 03/19/583/4016-son)
vakolatli organlar bilan urugʻlik yetishtirish uchun foydalaniladigan maydonlarni aprobatsiyadan oʻtkazishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
Urugʻlik yetishtiruvchilar, urugʻliklarning genetik (nav) va ekinboplik sifatlarini aniqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilotlar har bir urugʻlik toʻdasining genetik (nav) va ekinboplik sifatlari boʻyicha toʻliq hisobini yuritishi shart.
(8-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 12-noyabrdagi OʻRQ-583-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.11.2019-y., 03/19/583/4016-son)
2-bob. Urugʻchilik sohasini davlat tomonidan tartibga solish
9-modda. Urugʻchilik sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari
Urugʻchilik sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
investitsiyalarni jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, infratuzilmani va servis xizmatlarini rivojlantirish;
ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish va faoliyatning zamonaviy shakllarini joriy etish;
urugʻlik yetishtirishda genetik (nav) sifat koʻrsatkichlarini saqlab qolish;
urugʻliklarni koʻpaytirishning va urugʻliklar isteʼmolchilarini (urugʻliklardan foydalanuvchilarni) urugʻliklar bilan taʼminlashning samarali tizimini yaratish;
urugʻchilik subyektlari faoliyatini ragʻbatlantirish va urugʻlik yetishtirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
urugʻchilik sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.
10-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining urugʻchilik sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
urugʻchilik sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
urugʻchilik sohasidagi davlat dasturlarini tasdiqlaydi hamda ularning amalga oshirilishini taʼminlaydi;
urugʻchilik sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qiladi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining urugʻchilik sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi.
11-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining urugʻchilik sohasidagi vakolatlari
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi:
qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻchiligi sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqishda hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarini, shu jumladan paxta chigitini va boshoqli don ekinlarining urugʻliklarini tayyorlash, ulardan foydalanish hamda ularni eksport qilishning zamonaviy tizimini shakllantiradi;
mahalliy va xorijiy seleksiya navlarining, shu jumladan biotexnologik navlarning birlamchi urugʻchiligini tashkil etadi hamda rivojlantiradi;
qishloq xoʻjaligi ekinlarining urugʻliklarini yetishtirish, qayta ishlash hamda saqlash boʻyicha normativ talablarni xalqaro standartlarga va texnik reglamentga muvofiq ishlab chiqadi;
urugʻchilik sohasida ilmiy va tajriba-eksperimental tadqiqotlarning ustuvor yoʻnalishlarini belgilaydi;
urugʻchilik boʻyicha xalqaro va milliy tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi, urugʻliklarga ekishdan oldin ishlov berishga hamda ularni qayta ishlashga oid innovatsion texnologiyalarni, ushbu sohadagi nou-xaularni joriy etadi;
qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarining navlarini sinashga doir ishlarni tashkil etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya qilingan qishloq xoʻjaligi ekinlarining davlat reyestrini yuritadi;
Oldingi tahrirga qarang.
urugʻchilik toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
(11-moddaning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklari navlarining sinoviga doir ishlarni tashkil etadi;
paxta chigitini va boshoqli don ekinlarining urugʻliklarini olib chiqish uchun ruxsat beradi;
qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarini yetishtirish hajmlariga doir maqsadli prognoz koʻrsatkichlarni belgilaydi;
urugʻlik ekinlarni joylashtirish uchun urugʻchilik xoʻjaliklarini aniqlaydi;
urugʻlik ekinlarni aprobatsiyadan oʻtkazishda ishtirok etadi.
(11-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 12-noyabrdagi OʻRQ-583-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.11.2019-y., 03/19/583/4016-son)
12-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasining urugʻchilik sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi:
oʻrmon xoʻjaligi ekinlari urugʻchiligi sohasida davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;
manzarali oʻsimliklarning urugʻliklarini sertifikatlashtirish va standartlashtirishning yagona tizimini yaratadi;
oʻrmon xoʻjaligi ekinlarining urugʻliklarini yetishtirish uchun foydalaniladigan maydonlarni aprobatsiyadan oʻtkazish tartibini ishlab chiqadi;
oʻrmon xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarining nav va ekinboplik sifatlarini aniqlaydi;
oʻrmon xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarining sifatini aniqlash uslublarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
oʻrmon xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarining genetik (nav) va urugʻ nazoratini, laboratoriya sinovlarini, sifati ekspertiza qilinishini amalga oshirishga doir qoidalarni ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi;
 LexUZ sharhi
Qarang: “Oʻrmon xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarining genetik (nav) va urugʻ nazoratini, laboratoriya sinovlarini, sifati ekspertiza qilinishini amalga oshirishga doir qoidalar” (roʻyxat raqami 3165).
oʻz vakolatlari doirasida oʻrmon xoʻjaligi ekinlari urugʻchiligi boʻyicha xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
13-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Urugʻchilikni rivojlantirish markazining urugʻchilik sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Urugʻchilikni rivojlantirish markazi:
Urugʻlik yetishtiruvchilarning reyestrini shakllantiradi va yuritadi;
urugʻchilik sohasida ilmiy va tajriba-eksperimental tadqiqotlar oʻtkazishga, ushbu soha korxonalarining ilmiy salohiyati va moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga koʻmaklashadi;
oʻz rasmiy veb-saytida mahalliy va chet eldan keltirilgan urugʻliklar, ularning navlari, gibridlari, toifalari, ularni yetishtirish hajmlari haqidagi, shuningdek urugʻliklarning narxlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qiladi.
(13-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 12-noyabrdagi OʻRQ-583-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.11.2019-y., 03/19/583/4016-son)
14-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining urugʻchilik sohasidagi vakolatlari
Oldingi tahrirga qarang.
Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari urugʻchilik sohasidagi hududiy dasturlarni tasdiqlaydi va ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
(14-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuniga asosan birinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari:
(14-modda ikkinchi qismning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
urugʻchilik sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
Oldingi tahrirga qarang.
urugʻchilik sohasidagi hududiy dasturlarni ishlab chiqadi, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organiga tasdiqlash uchun kiritadi va amalga oshiradi;
(14-modda ikkinchi qismning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hududiy boʻlinmalarining urugʻchilik sohasida tadbirlar oʻtkazishga doir faoliyatini muvofiqlashtiradi;
sugʻurta urugʻlik fondini tashkil etish uchun urugʻchilik xoʻjaliklarini aniqlaydi;
urugʻlik ekinlarini joylashtirish uchun urugʻchilik xoʻjaliklarini aniqlash boʻyicha komissiya tuzadi.
15-modda. Urugʻliklarni sertifikatlashtirish va ularning sifatini nazorat qilish boʻyicha davlat organi
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi hamda uning hududiy boʻlinmalari urugʻliklarni sertifikatlashtirish va ularning sifatini nazorat qilish boʻyicha davlat organidir.
(15-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 17-yanvardagi OʻRQ-898-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.01.2024-y., 03/24/898/0046-son)
Oldingi tahrirga qarang.
16-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining urugʻchilik sohasidagi vakolatlari
(16-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 17-yanvardagi OʻRQ-898-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.01.2024-y., 03/24/898/0046-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi quyidagilar ustidan nazoratni amalga oshiradi:
(16-modda birinchi qismining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 17-yanvardagi OʻRQ-898-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.01.2024-y., 03/24/898/0046-son)
paxta chigitining va boshoqli don ekinlari urugʻliklarining sifati;
qishloq xoʻjaligi ekinlari navlarining genetik sofligi va ushbu ekinlar urugʻliklarining sifati sohasidagi davlat siyosatining ijrosi, qishloq xoʻjaligi ekinlari navlarini joylashtirish, rayonlashtirish hamda navli urugʻliklarini tayyorlash rejalarining bajarilishi;
original, elita va reproduksion urugʻliklarning yetishtirilishi, ularning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga rioya etgan holda tejab sarflanishi;
qishloq xoʻjaligi ekinlarining urugʻlik ekinlari aprobatsiyasi toʻgʻri oʻtkazilishi;
qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklari mahalliy va xorijiy seleksiya navlarining, shu jumladan biotexnologik navlarning birlamchi urugʻchiligini tashkil etish hamda rivojlantirish;
qishloq xoʻjaligi ekinlarining ekiladigan urugʻliklarini tayyorlash, qayta ishlash hamda saqlash boʻyicha normativ talablarning xalqaro standartlar va texnik reglamentlarga muvofiq ishlab chiqilishi;
qishloq xoʻjaligi ekinlari boʻyicha urugʻliklar arxivining tarkibi va urugʻliklar arxivlarining yuritilishi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi sertifikatlashtirilmagan va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga javob bermaydigan urugʻliklarning tarqatilishini taqiqlaydi.
(16-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 17-yanvardagi OʻRQ-898-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.01.2024-y., 03/24/898/0046-son)
Oldingi tahrirga qarang.
17-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi organlari xodimlarining huquqlari
(17-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 17-yanvardagi OʻRQ-898-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.01.2024-y., 03/24/898/0046-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi organlarining xodimlari oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
(17-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 17-yanvardagi OʻRQ-898-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.01.2024-y., 03/24/898/0046-son)
urugʻliklarning sifat koʻrsatkichlari toʻgʻriligini va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiqligini tekshirish maqsadida zarur tahlillar oʻtkazish uchun urugʻliklarning namunalarini tanlab olish;
urugʻliklarning muhofaza qilinadigan navlaridan qonunga zid ravishda foydalanilishini taqiqlash;
har qanday urugʻlik yetishtiruvchining, urugʻliklarni realizatsiya qiluvchining va urugʻliklar isteʼmolchisining (urugʻliklardan foydalanuvchining) hududiga kirish;
Oldingi tahrirga qarang.
urugʻchilik dalalariga hamda urugʻliklarning toʻdalariga doir zarur axborot, hujjatlar va namunalarni olish;
(17-moddaning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 12-noyabrdagi OʻRQ-583-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.11.2019-y., 03/19/583/4016-son)
Oldingi tahrirga qarang.
urugʻliklarni qonunchilikni buzgan holda yetishtirishni, saqlashni, realizatsiya qilishni toʻxtatib qoʻyish yoki taqiqlash;
(17-moddaning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
muvofiqlik sertifikati va fitosanitariya sertifikati yoki karantin ruxsatnomasi mavjud boʻlmagan urugʻliklar toʻdalarining tashilishini taqiqlash;
(17-moddaning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 12-noyabrdagi OʻRQ-583-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.11.2019-y., 03/19/583/4016-son)
muvofiqlik sertifikati, fitosanitariya sertifikati yoki karantin ruxsatnomasi mavjud boʻlmagan urugʻliklarning Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirilishiga yoʻl qoʻymaslik;
qishloq xoʻjaligi ekinlarining navlarini yangilash va joylashtirish tartibini buzganlik uchun xoʻjaliklar rahbarlari hamda boshqa masʼul shaxslarga nisbatan choralar belgilash.
3-bob. Urugʻchilik sohasidagi faoliyatni tashkil etish
18-modda. Urugʻliklarning genetik (nav) sifatini aniqlash
Oldingi tahrirga qarang.
Urugʻliklarning genetik (nav) sifati urugʻlik yetishtirish uchun foydalaniladigan urugʻlik ekinlarning aprobatsiyasi, urugʻlik ekinlarning navlarini tuproqqa ekib baholash, urugʻliklarning laboratoriyada oʻtkaziladigan nav sinovlari natijalari boʻyicha aniqlanadi.
(18-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 12-noyabrdagi OʻRQ-583-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.11.2019-y., 03/19/583/4016-son)
Oldingi tahrirga qarang.
19-modda. Urugʻlik yetishtirish uchun foydalaniladigan urugʻlik ekinlarning aprobatsiyasi
Oldingi tahrirga qarang.
Urugʻlik yetishtirish uchun foydalaniladigan urugʻlik ekinlarning aprobatsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hududiy organlarining, shuningdek tegishli tayyorlov hamda taʼminot tashkilotlarining, ilmiy muassasalarning qoʻshma qarori bilan tuziladigan tuman aprobatsiya komissiyalari tomonidan oʻtkaziladi.
(19-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 17-yanvardagi OʻRQ-898-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.01.2024-y., 03/24/898/0046-son)
Urugʻlik yetishtirish uchun foydalaniladigan urugʻlik ekinlarning aprobatsiyasi oʻsimliklarning genetik (nav) jihatdan sofligining, zararkunandalar bilan zararlangan-zararlanmaganligining, kasalliklarga chalingan-chalinmaganligining va urugʻliklar umumiy holatining dalada oʻtkaziladigan tekshiruvi orqali amalga oshiriladi.
Urugʻlik yetishtirish uchun foydalaniladigan urugʻlik ekinlarning aprobatsiyasini oʻtkazish natijalariga koʻra tuman aprobatsiya komissiyalari tomonidan manfaatdor tashkilotlarga va jismoniy shaxslarga aprobatsiya dalolatnomasi beriladi.
Urugʻlik yetishtiruvchilar shaxsiy foydalanishdagi urugʻlik ekinlarning aprobatsiyasini aprobatsiya dalolatnomasini rasmiylashtirgan holda oʻtkazishga haqli.
(19-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 12-noyabrdagi OʻRQ-583-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.11.2019-y., 03/19/583/4016-son)
Oldingi tahrirga qarang.
20-modda. Urugʻlik yetishtirish uchun foydalaniladigan urugʻlik ekinlarni tuproqqa ekib baholash
Urugʻlik yetishtirish uchun foydalaniladigan urugʻlik ekinlarni tuproqqa ekib baholash urugʻliklarni maxsus uchastkalarda ekish va kelgusida ularning genetik (nav) sifatini tekshirish orqali urugʻliklarning muayyan turga, navga mansubligini hamda nav jihatdan sofligini belgilaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Urugʻlik yetishtirish uchun foydalaniladigan urugʻlik ekinlarni tuproqqa ekib baholash Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan oʻtkaziladi.
(20-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 17-yanvardagi OʻRQ-898-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.01.2024-y., 03/24/898/0046-son)
Urugʻlik yetishtirish uchun foydalaniladigan urugʻlik ekinlarni tuproqqa ekib baholashni oʻtkazish natijalariga koʻra manfaatdor tashkilotlarga va jismoniy shaxslarga urugʻliklarning genetik (nav) sifati toʻgʻrisida xulosa beriladi.
(20-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 12-noyabrdagi OʻRQ-583-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.11.2019-y., 03/19/583/4016-son)
21-modda. Urugʻliklarning laboratoriyada oʻtkaziladigan nav sinovi
Urugʻliklarning laboratoriyada oʻtkaziladigan nav sinovi laboratoriya tahlili oʻtkazish orqali ularning muayyan navga mansubligini belgilaydi va genetik (nav) sifatini aniqlaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Urugʻliklarning laboratoriyada oʻtkaziladigan nav sinovi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
(21-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 17-yanvardagi OʻRQ-898-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.01.2024-y., 03/24/898/0046-son)
Urugʻliklarning laboratoriyada oʻtkazilgan nav sinovi natijalariga koʻra manfaatdor tashkilotlar va jismoniy shaxslarga urugʻliklarning genetik (nav) sifati toʻgʻrisida xulosa beriladi.
22-modda. Urugʻliklarning ekinboplik sifatlarini aniqlash
Oldingi tahrirga qarang.
Urugʻliklarning ekinboplik sifatlari urugʻliklar toʻdalaridan ajratib olingan namunalardan urugʻliklar tahlilini oʻtkazish orqali aniqlanadi.
(22-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 12-noyabrdagi OʻRQ-583-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.11.2019-y., 03/19/583/4016-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Urugʻliklar toʻdalaridan namunalar ajratib olish, ularning tahlilini oʻtkazish va urugʻliklarning ekinboplik sifatlarini aniqlash Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
(22-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 17-yanvardagi OʻRQ-898-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.01.2024-y., 03/24/898/0046-son)
Urugʻliklarning ekinboplik sifatlarini aniqlash natijalariga koʻra standart urugʻliklarga urugʻliklarning ekinboplik sifatlari koʻrsatilgan holda muvofiqlik sertifikati va sinov bayonnomasi, nostandart urugʻliklarga esa urugʻliklarning ekinboplik sifatlarini tasdiqlovchi urugʻliklar tahlili natijasi beriladi.
23-modda. Urugʻliklarni sertifikatlashtirish
Ekish uchun foydalaniladigan urugʻliklar sertifikatlashtirilishi lozim.
Ekish uchun foydalaniladigan urugʻliklarni sertifikatlashtirish quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
sertifikatlashtirish uchun talabnoma berish va uni koʻrib chiqish;
namunalarni birxillashtirish, ajratib olish va laboratoriyaga yetkazish;
laboratoriyada namunalar sinovini oʻtkazish;
olingan natijalarni tahlil qilish, muvofiqlik sertifikatini berish yoki uni berishni rad etish;
muvofiqlik sertifikatlarini Oʻzbekiston Respublikasi milliy sertifikatlashtirish tizimining davlat reyestrida roʻyxatdan oʻtkazish.
Oldingi tahrirga qarang.
Urugʻliklarni sertifikatlashtirish texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar asosida Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
(23-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 17-yanvardagi OʻRQ-898-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.01.2024-y., 03/24/898/0046-son)
Oʻrmon xoʻjaligi ekinlarining urugʻliklarini sertifikatlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi hamda uning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq akkreditatsiya qilingan hududiy boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi.
24-modda. Urugʻlik yetishtiruvchilarning reyestri
Oldingi tahrirga qarang.
Urugʻlik yetishtiruvchilarning reyestri paxta chigitining, boshoqli don ekinlari hamda kartoshkaning original va elita urugʻliklarini ishlab chiqaruvchilar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Urugʻchilikni rivojlantirish markazi tomonidan yuritiladi.
(24-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 12-noyabrdagi OʻRQ-583-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.11.2019-y., 03/19/583/4016-son)
Urugʻlik yetishtiruvchilarning reyestri urugʻlik yetishtiruvchilar toʻgʻrisidagi, yangilab turiladigan yozuvlarni oʻz ichiga olgan maʼlumotlarning yagona axborot bazasidir.
Urugʻlik yetishtiruvchilarning reyestrida urugʻlik yetishtiruvchilar toʻgʻrisidagi quyidagi asosiy maʼlumotlar koʻrsatilgan boʻlishi kerak:
urugʻlik ishlab chiqaruvchining nomi, pochta manzili, telefon raqami;
urugʻlik yetishtiruvchi rahbarining familiyasi, ismi, otasining ismi;
paxta chigiti, boshoqli don ekinlari va kartoshka urugʻlari navlarining va duragaylarining nomi, shuningdek toifasi.
Oldingi tahrirga qarang.
Urugʻlik yetishtiruvchilarning reyestridagi axborot Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Urugʻchilikni rivojlantirish markazining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
(24-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 12-noyabrdagi OʻRQ-583-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.11.2019-y., 03/19/583/4016-son)
Urugʻlik yetishtiruvchilarning reyestriga kiritganlik uchun haq olinmaydi.
25-modda. Urugʻliklarni yetishtirish, tayyorlash, ularga ishlov berish, ularni saqlash va ulardan foydalanish
Urugʻliklarni yetishtirish, tayyorlash, ularga ishlov berish, ularni saqlash va ulardan foydalanish texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq amalga oshiriladi.
Qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarini yetishtirish, tayyorlash, ularga ishlov berish, ularni saqlash hamda ulardan foydalanish tartibi tegishli vakolatli organlar tomonidan belgilanadi.
Intellektual mulk obyekti boʻlgan urugʻliklardan foydalanishga patent egasining (litsenziarning) roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi.
26-modda. Urugʻliklarni realizatsiya qilish
Urugʻliklarni realizatsiya qilishga ularning genetik (nav) va ekinboplik sifatlari koʻrsatilgan muvofiqlik sertifikati mavjud boʻlgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
Kimyoviy yoki biologik ishlov berilgan urugʻliklar urugʻliklarning isteʼmolchisiga (urugʻliklardan foydalanuvchiga) yoki savdo tarmogʻiga faqat qadoqlangan tarzda yetkazib beriladi. Har bir qadoqda ishlov berish turi koʻrsatilgan yorliq va xavfsizlik chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma boʻlishi kerak.
Qishloq xoʻjaligi ekinlarining quyidagi urugʻliklaridan ekish (oʻtqazish) uchun foydalanish va ushbu urugʻliklarni ekish (oʻtqazish) uchun realizatsiya qilish taqiqlanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya qilingan qishloq xoʻjaligi ekinlarining davlat reyestriga kiritilmagan paxta chigiti navlari va duragaylarining, boshoqli don ekinlari hamda kartoshka navlari va duragaylarining urugʻliklari;
oʻsimliklar karantini obyektlari bilan zararlangan urugʻliklar;
texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiq kelmaydigan urugʻliklar.
Yangi va istiqbolli navlarning urugʻliklariga boʻlgan talabdan kelib chiqqan holda, shuningdek ularning sifati boʻyicha muvofiqlik sertifikati yoki tahlil natijasi mavjud boʻlgan taqdirda, paxta chigiti, boshoqli don ekinlari va kartoshka urugʻliklari Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining yoki uning vakolatli organining ruxsati bilan realizatsiya qilinishi mumkin.
Muomalaga kiritilayotgan urugʻliklar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq tamgʻalangan va qadoqlangan boʻlishi kerak.
Xorijiy mamlakatlardan olib kirilayotgan va karantin obyektlari hamda oʻta xavfli zararkunandalar, oʻsimliklar kasalliklari va begona oʻtlar keng tarqalgan zonalarda yetishtirilgan urugʻliklarni Oʻzbekiston Respublikasi hududida realizatsiya qilish taqiqlanadi.
27-modda. Realizatsiya qilinadigan urugʻliklarga doir kafolatlar
Urugʻliklarni yetishtirish hamda realizatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi urugʻchilik subyektlari urugʻliklarning genetik (nav) va ekinboplik sifatlari muvofiq boʻlishi uchun javobgar boʻladi.
Agar urugʻliklarni yetishtirish hamda realizatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi urugʻchilik subyektlari ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan urugʻliklarning genetik (nav) va ekinboplik sifatlariga nomuvofiqligi urugʻliklarni yetishtirish hamda realizatsiya qilish bilan shugʻullanuvchilarga bogʻliq emasligini isbotlasa, urugʻliklarning isteʼmolchisi (urugʻliklardan foydalanuvchi) zararning oʻrni qoplanishini talab qilishga haqli emas.
Olingan urugʻliklarga doir kafolatlar ularning sifati toʻgʻrisidagi hujjatda koʻrsatilgan muddatgacha amal qiladi.
28-modda. Urugʻliklarni olib kirish va olib chiqish
Urugʻliklarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirishga quyidagi shartlar asosida yoʻl qoʻyiladi, agar:
paxta chigiti, boshoqli don ekinlari va kartoshka urugʻliklari Oʻzbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya qilingan qishloq xoʻjaligi ekinlarining davlat reyestriga kiritilgan nav va duragay jumlasidan boʻlsa;
urugʻliklarning muvofiqlik sertifikati va fitosanitariya sertifikati, shuningdek karantin ruxsatnomasi mavjud boʻlsa;
urugʻliklar seleksiya va tadqiqot ishlari, koʻrgazmaga qoʻyish uchun moʻljallangan boʻlsa.
Urugʻliklarni (bundan paxta chigiti, boshoqli don ekinlari va kartoshka urugʻliklari mustasno) olib kirish chogʻida akkreditatsiya boʻyicha xalqaro tashkilotlar tomonidan akkreditatsiya qilingan xorijiy laboratoriyalar oʻtkazgan sinovlarning natijalari sinov chogʻida qoʻllanilgan talablar Oʻzbekiston Respublikasida amal qilayotgan shunga oʻxshash talablardan past boʻlmagan hollarda tan olinadi.
Ilmiy maqsadlarda va navni sinash uchun olib kirilayotgan hamda olib chiqilayotgan urugʻliklar uchun bojxona boji undirilmaydi va ular kvotalanmaydi hamda litsenziyalanmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Paxta chigitini va boshoqli don ekinlarining urugʻliklarini olib chiqish Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining qaroriga binoan amalga oshiriladi. Boshqa qishloq xoʻjaligi ekinlarining urugʻliklarini olib chiqish uchun maxsus ruxsatnoma talab etilmaydi.
(28-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 12-noyabrdagi OʻRQ-583-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.11.2019-y., 03/19/583/4016-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi hududidan olib chiqilishi lozim boʻlgan urugʻliklarga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi, viloyatlar va Toshkent shahar oʻsimliklar karantini va himoyasi boshqarmalari tomonidan berilgan fitosanitariya sertifikati ilova qilinadi.
(28-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 24-maydagi OʻRQ-771-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2022-y., 03/22/771/0448-son — 2022-yil 26-avgustdan kuchga kiradi)
29-modda. Urugʻliklarga qoʻshimcha ishlov berish, ularni utilizatsiya qilish va yoʻq qilish
Ekinboplik sifatlarini aniqlash natijalariga koʻra belgilangan maqsadda foydalanish uchun yaroqsiz deb topilgan urugʻliklarga texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning qoidalariga muvofiq qoʻshimcha ishlov berilishi, ular utilizatsiya qilinishi va (yoki) yoʻq qilinishi lozim.
Urugʻliklar ularning ekinboplik sifatlarini aniqlashni amalga oshirish va ulardan keyinchalik foydalanish mumkinligi yoki ularni yoʻq qilish zarurligi toʻgʻrisida qaror qabul qilish uchun zarur boʻlgan davrda xavfsizlikni taʼminlaydigan shart-sharoitlarga rioya etilgan holda alohida xonalarda saqlanishi lozim.
Belgilangan maqsadda foydalanish uchun yaroqsiz boʻlgan urugʻliklarni utilizatsiya qilish va (yoki) yoʻq qilish bilan bogʻliq xarajatlarning oʻrni urugʻlik yetishtiruvchilar va realizatsiya qiluvchilar tomonidan qoplanadi.
30-modda. Sugʻurta urugʻlik fondi
Tabiiy ofatlar roʻy bergan hollarda qayta ekish uchun navli urugʻliklar yetkazib berilishini taʼminlash maqsadida, shuningdek boshqa maqsadlarda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi sugʻurta urugʻlik fondini tashkil etadi.
Sugʻurta urugʻlik fondini tashkil etish va undan foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-apreldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan “Sugʻurta urugʻlik fondini tashkil etish va undan foydalanish tartibi toʻgʻrisida nizom”.
31-modda. Urugʻchilik sohasidagi ilmiy tadqiqotlar
Oldingi tahrirga qarang.
Urugʻchilik sohasidagi ilmiy tadqiqotlar Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, tegishli tarmoq ilmiy-tadqiqot muassasalari va oliy taʼlim muassasalari, shuningdek boshqa ilmiy tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi:
(31-moddaning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 12-noyabrdagi OʻRQ-583-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.11.2019-y., 03/19/583/4016-son)
urugʻchilikning, urugʻshunoslikning va navshunoslikning ilmiy asoslangan tizimlarini;
yangi va istiqbolli navlarni joriy etishga doir tavsiyalarni;
innovatsion texnologiyalarni va yuqori sifatli urugʻliklar yetishtirish samaradorligini oshirish usullarini;
urugʻchilikni axborot jihatidan taʼminlash tizimiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish boʻyicha dasturlarni ishlab chiqadi.
32-modda. Urugʻchilik sohasida intellektual mulk
Patent egalari, shuningdek litsenziyaga ega boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslar patent bilan muhofaza qilinadigan navlar va duragaylarning urugʻliklarini yetishtirish hamda ulardan foydalanish huquqiga ega.
Istalgan yuridik va jismoniy shaxslar patent yoki guvohnoma bilan muhofaza qilinmaydigan navlar va duragaylarning urugʻliklarini yetishtirishi hamda ulardan foydalanishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisida” (yangi tahriri)gi Qonuni.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
33-modda. Urugʻchilik sohasidagi faoliyatni moliyalashtirish
Oldingi tahrirga qarang.
Urugʻchilik sohasidagi faoliyatni moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
(33-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 2-yanvardagi 2-son “Respublika hududlarida paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlari tashkilotchilariga berilgan maydonlarda urugʻlik paxta xom ashyosini yetishtirishni moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori.
34-modda. Nizolarni hal etish
Oldingi tahrirga qarang.
Urugʻchilik sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(34-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
35-modda. Urugʻchilik toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Urugʻchilik toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(35-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 1042-moddasi.
36-modda. Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish
Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin:
1) Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 29-avgustda qabul qilingan “Urugʻchilik toʻgʻrisida”gi 267-I-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, № 9, 130-modda);
2) Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 25-aprelda qabul qilingan “Ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrimlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi 421-I-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-yil, № 4-5, 126-modda) 19-bandi;
3) Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 15-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 772-I-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-yil, № 5, 124-modda) XV boʻlimi;
4) Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 6-aprelda qabul qilingan “Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish tartib-taomillari soddalashtirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-31-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 4, 157-modda) 2-moddasi;
5) Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 21-dekabrda qabul qilingan “Urugʻchilik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 9-moddasiga oʻzgartish kiritish haqida”gi OʻRQ-134-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 12, 605-modda);
6) Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 23-iyulda qabul qilingan “Baʼzi davlat organlari va tashkilotlarning faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-486-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, № 7, 431-modda) 18-moddasi.
37-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
38-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
(38-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
39-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 16-fevral,
OʻRQ-521-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.02.2019-y., 03/19/521/2627-son; 13.11.2019-y., 03/19/583/4016-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son, 25.05.2022-y., 03/22/771/0448-son; 18.01.2024-y., 03/24/898/0046-son; 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)