toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 9-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1920-1]
Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 11-oktabrdagi OʻRQ-497-son “Yuridik yordam va huquqiy xizmatlar koʻrsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosini taʼminlash maqsadida buyuraman
1. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2009-yil 14-martdagi 68-mh-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 1920, 2009-yil 14-mart) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 12-son, 133-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin va bu haqda Hukumat bayonnoma qarorlari va idoraviy normativ hujjatlarni huquqiy ekspertizadan oʻtkazish boshqarmasi Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
3. Huquqiy xizmat koʻrsatishni davlat tomonidan tartibga solish boshqarmasi hamda Qonun hujjatlarini tahlil qilish va turkumlash boshqarmasi ushbu idoraviy normativ-huquqiy hujjatni “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilinishini taʼminlasin.
4. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
5. Mazkur buyruq ijrosini nazorat qilish vazir oʻrinbosari A. Tashkulov zimmasiga yuklansin.
Vazir R. DAVLETOV
Toshkent sh.,
2019-yil 9-yanvar,
10-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 9-yanvardagi 10-mh-son buyrugʻiga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 2-banddagi “advokatlar hamda Adliya vazirligi xodimlaridan teng miqdorda” degan soʻzlar “hamkasblari orasida hurmatga sazovor advokatlar, shuningdek huquq sohasidagi tajribali mutaxassislar orasidan toq miqdorda” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
2. 3-band “Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining hududiy boshqarmalari huzuridagi malaka komissiyalari toʻgʻrisidagi nizomga” degan soʻzlardan keyin “(roʻyxat raqami 1921, 2009-yil 14-mart) Advokatlarning kasb etikasi qoidalariga” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
3. 6-band quyidagi mazmundagi yettinchi va sakkizinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“litsenziyaning amal qilishini tugatish masalasini koʻrib chiqish toʻgʻrisida malaka komissiyalarining murojaatlari boʻyicha xulosalar beradi;
advokatlarga malaka darajalari berish toʻgʻrisida malaka komissiyalari qarorlari boʻyicha xulosalar beradi;”;
yettinchi va sakkizinchi xatboshilar tegishli ravishda toʻqqizinchi va oʻninchi xatboshilar deb hisoblansin.
4. 8-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“8. Oliy malaka komissiyasining tarkibi Advokatlar palatasi va Adliya vazirligining qoʻshma qarorlari bilan advokatlar hamda huquq sohasidagi tajribali mutaxassislar orasidan 9 kishidan iborat tarkibda ikki yil muddatga tasdiqlanadi. Bunda komissiya aʼzolarining kamida 5 nafari advokat boʻlishi lozim. Oliy malaka komissiyasi tarkibiga kelishuv asosida sud, adliya organlari hamda boshqa tashkilotlarning huquq sohasidagi tajribali xodimlari jalb etiladi.
Oliy malaka komissiyasi raisi va oʻrinbosari komissiyaning birinchi yigʻilishida toʻliq tarkibda ishtirok etgan aʼzolar umumiy sonining oddiy koʻpchilik ochiq ovoz berishi orqali malaka komissiyasi aʼzolari orasidan saylanadi. Oliy malaka komissiyasi raisligi va oʻrinbosarligiga nomzodlar ovoz berishda qatnashmaydilar.
Oliy malaka komissiyasi raisining oʻrinbosari Oliy malaka komissiyasining majlisida rais hozir boʻlmagan hollarda raislik qiladi.
Oliy malaka komissiyasi aʼzoligiga advokatlarning nomzodlari advokatlik faoliyati boʻyicha kamida besh yillik ish stajiga ega boʻlgan advokatlar orasidan taqdim etiladi.
Advokatlar palatasi va uning hududiy boshqarmalari xodimlari, ularning yaqin qarindoshlari Oliy malaka komissiyasining aʼzosi boʻlishi mumkin emas.”.
5. Quyidagi mazmundagi 81-band bilan toʻldirilsin:
“81. Quyidagi holatlarda Oliy malaka komissiyasi aʼzosi komissiya tarkibidan chiqariladi:
oʻz arizasiga binoan;
advokat maqomi toʻxtatilgan yoki tugatilganda;
komissiya aʼzosi boʻlgan sud, adliya organlari va boshqa tashkilotlar xodimining ish joyi oʻzgarganda yoki xodim ishdan boʻshatilganda;
komissiya aʼzosi tomonidan mazkur Nizom talablari qoʻpol ravishda buzilganda;
komissiya aʼzosi sogʻligʻining holatiga koʻra vazifalarini bajarish imkoni boʻlmaganda;
komissiya aʼzosi komissiya yigʻilishlarida surunkali 3-marta uzrli sabablarsiz ishtirok etmagan taqdirda.
Ushbu bandning beshinchi — yettinchi xatboshilarida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha Oliy malaka komissiyasi aʼzosini komissiya tarkibidan chiqarish masalasi komissiya raisi tomonidan kiritiladi.
Komissiya aʼzosini komissiya tarkibidan chiqarish toʻgʻrisidagi qaror komissiya aʼzolarining uchdan ikki qismi ovozlari bilan qabul qilinadi. Qabul qilingan qaror haqida komissiya tarkibidan chiqarilgan komissiya aʼzosiga yozma ravishda maʼlum qilinadi.
Komissiya aʼzosini komissiya tarkibidan chiqarish toʻgʻrisidagi qaror ustidan sudga shikoyat keltirilishi mumkin.
Malaka komissiyasi aʼzosini ushbu bandda nazarda tutilmagan asoslar boʻyicha komissiya tarkibidan chiqarilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Komissiya tarkibidan chiqarilgan aʼzo oʻrniga mazkur Nizomda nazarda tutilgan tartibda komissiya tasdiqlangan muddat doirasida yangi komissiya aʼzosi kiritiladi.”.
6. 9 va 10-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9. Oliy malaka komissiyasining aʼzosi boʻlgan advokatga nisbatan intizomiy ish yuritish koʻrib chiqilishi yoki Oliy malaka komissiyasi aʼzosining malaka imtihonini topshirishi natijalari boʻyicha shikoyat koʻrib chiqilgan hollarda, ular Oliy malaka komissiyasi majlisida qatnashishga haqli emas.
Komissiya aʼzosi, agar u:
komissiya majlisi koʻrilayotgan masalalar boʻyicha talabgor, advokat va boshqa manfaatdor shaxs malaka komissiyasi aʼzosining yaqin qarindoshi boʻlsa;
komissiya majlisining natijasidan va unda qabul qilinadigan qarordan bevosita yoki bilvosita manfaatdor boʻlsa yoxud uning begʻarazligiga shubha tugʻdiradigan boshqa holatlar mavjud boʻlsa, komissiya majlisida ishtirok etishi mumkin emas va u rad etilishi kerak.
Mazkur bandda koʻrsatilgan holatlar mavjud boʻlgan taqdirda, komissiya aʼzosi oʻzini oʻzi rad etishi shart. Agar u bunday qilmasa, ayni shu asoslar boʻyicha komissiyaning boshqa aʼzolari tomonidan, shuningdek masalasi koʻrilayotgan talabgorlar, advokatlar va boshqa manfaatdor shaxslar tomonidan rad etilishi mumkin.
Rad etish haqidagi bayonot asoslantirilgan boʻlishi kerak.
Rad etish bildirilgan komissiya aʼzosi rad etish toʻgʻrisidagi masala koʻrilishidan oldin oʻz tushuntirishlarini berishga haqli.
Rad etish toʻgʻrisidagi masala rad qilinayotgan shaxsning yoʻqligida komissiyaning qolgan aʼzolari tomonidan oddiy koʻpchilik ovoz bilan hal etiladi. Ovozlar teng boʻlib qolgan taqdirda, komissiya aʼzosi rad etilgan hisoblanadi.
Oliy malaka komissiyasining majlisi, agar unda Oliy malaka komissiyasi aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi qatnashsa, komissiya vakolatli (kvorumga ega) hisoblanadi.
Kvorum boʻlmagan holda, Oliy malaka komissiyasining majlisiga hozir boʻlgan aʼzolari tomonidan majlisni keyinga qoldirish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi, majlis oʻtkaziladigan sana, vaqt va joy haqida qoʻshimcha ravishda xabar qilinadi.
10. Oliy malaka komissiyasining majlislari zaruratga qarab, lekin ikki oyda kamida bir marta oʻtkaziladi. Oliy malaka komissiyasi raisi Oliy malaka komissiyasi majlisi oʻtkazilishidan kamida oʻn kun oldin majlisning kun tartibi, sanasi, vaqti va joyini belgilaydi.”.
7. 14-banddagi “barcha aʼzolari, shuningdek, masʼul kotib” degan soʻzlar “raislik etuvchi va masʼul kotib” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
8. 18-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Shikoyatlarni koʻrib chiqish Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining hududiy boshqarmalari huzuridagi malaka komissiyalari toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.”.
9. 22-band “aʼzolaridan birining” degan soʻzlardan keyin “yoki tegishli hududiy boshqarmaning” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
10. 25-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“25. Oliy malaka komissiyasining advokatlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisida malaka komissiyasining murojaati boʻyicha xulosasi u tuzilgan kundan eʼtiboran uch kundan kechiktirmay yozma shaklda Adliya vazirligiga yetkaziladi.
Adliya vazirligi mazkur xulosa kelib tushgan kundan yetti kun ichida litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisida tegishli maʼmuriy sudga murojaat qiladi.”.
11. Mazkur oʻzgartirish va qoʻshimchalar Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi bilan kelishilgan.
Kelishilgan:
Advokatlar palatasi raisi A. ERNAZAROV
2019-yil 7-yanvar
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.01.2019-y., 10/19/1920-1/2446-son)