1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.20.00.00 Energetika / 09.20.01.00 Umumiy qoidalar]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Energetika]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yoqilg‘i-energetika resurslarining narx va tariflarini bosqichma-bosqich o‘zgartirish to‘g‘risida
Yoqilg‘i-energetika resurslarini realizatsiya qilishning bozor mexanizmlarini yanada joriy etishni ta’minlash, ulardan oqilona foydalanish, energiya tejamkorligini rag‘batlantirish, moliyaviy intizomni mustahkamlash va yoqilg‘i-energetika kompleksi korxonalarini balansli rivojlantirish maqsadida, shuningdek, yoqilg‘i-energetika resurslarining jahon narxlari o‘sishini va tovarlar (xizmatlar) bozorlarida monopoliyani bosqichma-bosqich pasaytirilayotganligini inobatga olgan holda Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-iyuldagi 633-sonli qaroriga asosan 2019-yil 15-avgustdan o‘z kuchini yo‘qotadi — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 31.07.2019-y., 09/19/633/3494-son)
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-iyuldagi 633-sonli qaroriga asosan 2019-yil 15-avgustdan o‘z kuchini yo‘qotadi — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 31.07.2019-y., 09/19/633/3494-son)
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 30-iyundagi 348-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.07.2022-y., 09/22/348/0583-son)
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 15-sentabrdagi 475-sonli “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori.
4. “O‘zbekneftgaz” AJ, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi:
“O‘zneftgazqazibchiqarish” AJ va “O‘zneftmahsulot” AJ bilan birgalikda ishlab chiqarish samaradorligiga erishish maqsadida 2018-yilning 16-noyabridan boshlab neft va gaz sohasida qazib chiqaruvchi va qayta ishlovchi korxonalar mahsulotlarining tarmoq ichidagi narxlari tabiiy gaz uchun — o‘rtacha 2,2 barobarga, neft uchun — o‘rtacha 2 barobarga, gaz kondensati uchun — 1,6 barobarga va suyultirilgan gaz uchun — 2,3 barobarga oshirilishini ta’minlansin;
“O‘zbekneftgaz” AJ barcha iste’molchilarni dizel yoqilg‘isi bilan belgilangan narxlarda uzluksiz ta’minlash bo‘yicha 2019-yil 1-yanvargacha taklif kiritsin;
“O‘zdavneftgazinspeksiya” DI hamda tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda aholiga maishiy ehtiyoj uchun Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 28-martdagi 99-son qarori bilan tasdiqlangan Gaz hisoblagichlari bo‘lmagan taqdirda kommunal-maishiy ehtiyojlar uchun aholiga beriladigan tabiiy gazning oylik normalarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-iyuldagi 633-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 31.07.2019-y., 09/19/633/3494-son)
6. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “O‘zneftmahsulot” AJ, “O‘zbekenergo” AJ va “O‘ztransgaz” AJ bilan birgalikda joriy etilayotgan yangi narx va tarif preyskurantlarini tasdiqlasin hamda barcha manfaatdor vazirliklar, idora va tashkilotlarga yetkazsin.
7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2018-yil 16-noyabrdan boshlab issiqlik energiyasi tariflarini aholi uchun ko‘pi bilan 10 foizgacha oshirish va boshqa iste’molchilar uchun tannarxdan kelib chiqqan holda o‘rnatsin.
8. “O‘zneftmahsulot” AJ va uning hududiy korxonalari, shuningdek, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida benzin sotuvchi va avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalarida tabiiy gaz sotuvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlar, “O‘ztransgaz” AJ va uning hududiy filiallari “O‘zdavneftgazinspeksiya” DI va O‘zbekiston Respublikasi davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda 2018-yil 16-noyabrdagi holati bo‘yicha avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida benzinning hamda gaz to‘ldirish shoxobcha va punktlarida suyultirilgan gazning qoldig‘ini qayta hisoblasinlar.
Belgilansinki, qo‘shimcha baholash summasi to‘liqligicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti daromadiga kiritiladi.
9. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritilsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 4-ilovaga muvofiq ba’zi qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — Moliya vaziri J.A. Qo‘chqorov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.S. Sultanov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 1-noyabr,
897-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 1-noyabrdagi 897-son qaroriga 3-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar
1. Vazirlar Mahkamasining “2002 — 2004-yillarda uy-joy fondini gazni hisobga olish priborlari bilan jihozlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2002-yil 28-martdagi 99-son qaroriga 5-ilovada:
a) “Gaz priborlarining turi va gazni sarflash maqsadi” ustuni 4-pozitsiyasining birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“besh oylik isitish mavsumi mobaynida har oyda gaz bilan isitish priborining turidan qat’i nazar uylar, kvartiralarni yakka tartibda isitishda, shuningdek, markaziy isitishdan uzilgan ko‘p qavatli uylardagi kvartiralar gazdan foydalanganda”;
b) izoh 1-bandining ikkinchi xatboshidagi “bir yarim baravar miqdorda” so‘zlari “1,2 baravar miqdorda” so‘zlari bilan almashtirilsin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Yoqilg‘i-energetika resurslari bilan o‘z vaqtida ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2017-yil 14-noyabrdagi 913-son qarori 1-bandning “a” kichik bandi va 2-bandining ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-dekabrdagi 717-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 23.12.2022-y., 09/22/717/1112-son)
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 1-noyabrdagi 897-son qaroriga 4-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanayotgan ba’zi qarorlari
RO‘YXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Tabiiy gaz va elektr energiyasi yetkazib berish va realizatsiya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 28-dekabrdagi 1025-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Aholiga kundalik hayotda iste’mol qilish uchun sotiladigan suyultirilgan gazning respublika bo‘yicha yagona chakana narxini bosqichma-bosqich joriy etish to‘g‘risida” 2017-yil 29-dekabrdagi 1033-son qarorining 1-bandi hamda qarorga 1 va 2-ilovalar.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 02.11.2018-y., 09/18/897/2149-son; 25.03.2019-y., 09/19/243/2807-son; 01.06.2019-y., 09/19/452/3230-son, 31.07.2019-y., 09/19/633/3494-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.07.2022-y., 09/22/348/0583-son, 23.12.2022-y., 09/22/717/1112-son)