toggle_night_mode
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzitni amalga oshirish jarayonlarini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Respublikaning tranzit salohiyatini rivojlantirishni rag‘batlantirish, ishonchli tranzit transport yo‘llarini shakllantirish, O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzitni amalga oshirish jarayonlarini soddalashtirish maqsadida:
1. 2018-yilning 1-martidan boshlab avtomobil va temir yo‘l transporti orqali alkogol va tamaki mahsulotlarini O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit yo‘li bilan olib o‘tish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ruxsatnomasini berish tartibi shuningdek, alkogol va tamaki mahsulotlarini avtomobil va temir yo‘l transporti orqali tranzit olib o‘tishda O‘zbekiston Respublikasi bojxona organlari depozit hisobraqamiga yuk tashuvchi tomonidan bojxona to‘lovlari to‘langanining pullik ta’minoti summasini kiritish tartibi bekor qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlari ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
3. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ boshqaruvi raisi N.S. Otajonov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri J.A. Ko‘chkorov va O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi raisi M.B. Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 1-mart,
PF-5366-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-martdagi PF-5366-sonli Farmoniga
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining o‘z kuchini yo‘qotgan ayrim hujjatlari
ro‘yxati
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ba’zi hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida” 2012-yil 30-dekabrdagi PF-4494-sonli Farmoni ilovasining 5-bandi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aksiz solig‘iga tortiladigan ayrim turdagi tovarlarning O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit yo‘li bilan olib o‘tilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2007-yil 4-oktabrdagi PQ-703-sonli qarori.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 02.03.2018-y., 06/18/5366/1879-son)