toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 02.03.2018
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
AKSIZ SOLIG‘IGA TORTILADIGAN AYRIM TURDAGI TOVARLARNING O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI HUDUDI ORQALI TRANZIT YO‘LI BILAN OLIB O‘TILIShINI YaNADA TARTIBGA SOLISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-martdagi PF-5366-sonli “O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzitni amalga oshirish jarayonlarini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Aksiz solig‘iga tortiladigan ayrim turdagi tovarlarning O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit harakati ustidan tegishli bojxona nazoratini ta’minlash maqsadida:
1. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2007-yilning 10-oktabridan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali alkogolli va tamaki mahsulotlarining avtomobil va temir yo‘l transporti vositasidagi tranzit harakati quyidagi shartlar bajarilgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ruxsatiga binoan amalga oshiriladi:
yuk olib o‘tuvchi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi bojxona organlarining depozit hisobvarag‘iga tegishli bojxona to‘lovlarining barcha summasi to‘lanishi shart, keyinchalik tovarlar O‘zbekiston Respublikasi tashqarisiga olib chiqib ketilganligi tasdiqlangandan so‘ng to‘langan summalar qaytariladi;
tovar ishlab chiqarilgan mamlakat sertifikati, uni yetkazib berish shartnomasi (bitimi), tovarlar bir nechta qismga ajratilib, tranzit yo‘li bilan tashilgan taqdirda, uni olib o‘tish jadvalining mavjudligi.
(1-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 30-dekabrdagi PF-4494-sonli Farmoni tahririda — O‘R QHT, 2013-y., 1-son, 2-modda)
O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali olib o‘tiladigan alkogolli va tamaki mahsulotlarini bojxona organlarining kuzatib borishi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
2. Belgilansinki:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit yo‘li bilan alkogolli va tamaki mahsulotlarining olib o‘tilishiga ruxsat berish to‘g‘risidagi qarorining amal qilish muddati qaror qabul qilingan kundan boshlab uzog‘i bilan olti oyni tashkil etadi;
tranzit maqsadida O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan alkogolli va tamaki mahsulotlari, agar ularga Vazirlar Mahkamasining tranzit harakat qilish uchun ruxsatnomasi bo‘lmasa yoki bojxona to‘lovlari to‘liq hajmda to‘lanmagan bo‘lsa, ushbu mahsulotlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibga muvofiq qaytarib olib chiqib ketiladi.
3. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali alkogolli va tamaki mahsulotlarining tranzit harakatiga ruxsatnoma berish tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga* muvofiq;
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit yo‘li bilan olib o‘tiladigan alkogolli va tamaki mahsulotlariga nisbatan bojxona to‘lovlari pulini O‘zbekiston Respublikasi bojxona organlari depozit hisobvarag‘iga to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 2-ilova rus tildagi matnda berilgan.
4. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Davlat bojxona qo‘mitasi bilan birgalikda 2007-yilning 10-oktabrigacha bo‘lgan muddatda bojxona organlari depozit hisobvaraqlariga xizmat ko‘rsatuvchi vakil banklarni belgilasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tovarlarning tranzit harakati to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritilgani to‘g‘risida xorijdagi diplomatik vakolatxonalar orqali tegishli davlatlar tashqi ishlar vazirliklarini belgilangan tartibda xabardor qilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasining boj olinadigan hududi orqali tashiladigan aksiz solig‘iga tortiladigan tovarlarni nazorat qilishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1997-yil 12-noyabrdagi 509-sonli qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar hamda idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi vazirliklar va idoralarning me’yoriy hujjatlari mazkur qarorga muvofiqlashtirilishini ta’minlasin.
8. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri SH.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 4-oktabr,
PQ-703-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2007-y., 40-son, 415-modda; 2013-y., 1-son, 2-modda)