toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 01.01.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini Ichki isteʼmol bozorida narx-navoni barqarorlashtirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga xarid qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-dekabrdagi PQ-4086-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari hamda 2020-2021-yillarga budjet moʻljallari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2019-yil 1-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini yanada taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 16-yanvardagi PF-5303-son Farmonini ijro etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini Ichki isteʼmol bozorida narx-navoni barqarorlashtirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga xarid qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. “Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi” AJ Davlat axborot tizimlarini yaratish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yagona integrator bilan birgalikda ikki oy muddatda ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini Ichki isteʼmol bozorida narx-navoni barqarorlashtirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga import qilishni tashkil etish maqsadida davlat xaridlarining maxsus axborot portali ishga tushirilishini taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlov tashkilotlari tomonidan Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarining asosiy turlariga narx-navoni monitoring va nazorat qilish respublika komissiyasi belgilaydigan hajmlarda Ichki isteʼmol bozorida narx-navoni barqarorlashtirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga raqobat asosida xarid qilinishini tashkil etish uchun ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlariga jahon bozoridagi narxlar konyunkturasining doimiy monitoringini olib borsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Z.T. Mirzayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 30-iyul,
596-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 30-iyuldagi 596-son qaroriga
ILOVA
Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini Ichki isteʼmol bozorida narx-navoni barqarorlashtirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga xarid qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari mahalliy tayyorlov tashkilotlari tomonidan Ichki isteʼmol bozorida narx-navoni barqarorlashtirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) mablagʻlari hisobiga xarid qilinishi tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
Respublika komissiyasi — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika aholisini ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlarining asosiy turlari bilan ishonchli taʼminlashga oid kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2017-yil 23-iyundagi PQ-3082-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlarining asosiy turlariga narx-navoni monitoring va nazorat qilish respublika komissiyasi;
hududiy komissiyalar — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika aholisini ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlarining asosiy turlari bilan ishonchli taʼminlashga oid kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2017-yil 23-iyundagi PQ-3082-son qaroriga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida tashkil etilgan Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlarining asosiy turlariga narx-navoni monitoring va nazorat qilish boʻyicha doimiy faoliyat yuritadigan hududiy komissiyalar;
ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari — aholi isteʼmolining asosiy ratsionini tashkil qiladigan, ular boʻyicha ichki bozorda talab va takliflarning mavsumiy hamda boshqa keskin oʻzgarishlari kuzatiladigan oziq-ovqat mahsulotlari, birinchi navbatda, goʻsht (mol goʻshti, qoʻy goʻshti, parranda goʻshti), oʻsimlik va hayvon yogʻi, shakar, gʻalla, un, kartoshka, sabzi, boshpiyoz va roʻyxati Respublika komissiyasi tomonidan tasdiqlanadigan boshqa turdagi oziq-ovqat mahsulotlari;
Tayyorlov tashkilotlari reyestri — ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash uchun omborxonalarga hamda ularni Jamgʻarma mablagʻlari hisobiga xarid qilish uchun savdo shoxobchalariga ega boʻlgan Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qiluvchi, tayyorlovchi, gʻamlovchi, saqlovchi va sotuvchi tashkilotlar reyestri;
tayyorlov tashkilotlari — Tayyorlov tashkilotlari reyestriga kiritilgan va ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini Jamgʻarma mablagʻlari hisobiga xarid qiluvchi, tayyorlovchi, gʻamlovchi, saqlovchi va sotuvchi tashkilotlar;
buyurtmachi — ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan xarid qiluvchi tayyorlov tashkiloti;
yetkazib beruvchi — xaridlarni amalga oshirishga talabgor sifatida xarid tartibotida ishtirok etuvchi Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti va norezidenti boʻlgan xarid tartibotlari ishtirokchisi. Xarid tartibotlari yakunlari boʻyicha gʻolib deb topilgan va u bilan xaridlarni amalga oshirishga shartnoma tuzilgan ishtirokchi;
Jamgʻarma — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining maxsus jamgʻarmasi shaklida tashkil etiladigan va oʻz faoliyatini yuridik shaxs tashkil etmasdan amalga oshiradigan hamda mablagʻlaridan faqat Respublika komissiyasining qarorlari asosida foydalaniladigan Ichki isteʼmol bozorida narx-navoni barqarorlashtirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika aholisini ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlarining asosiy turlari bilan ishonchli taʼminlashga oid kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2017-yil 23-iyundagi PQ-3082-son qaroriga muvofiq).
3. Jamgʻarma mablagʻlari hisobiga ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish, ichki bozorda, birinchi navbatda, muhim turdagi ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari uchun talab va takliflarning mavsumiy va boshqa keskin oʻzgarib turishini yumshatish maqsadida amalga oshiriladi.
2-bob. Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilishda ishtirok etish uchun Tayyorlov tashkilotlari reyestrini shakllantirish tartibi
4. Ichki bozordagi talab va takliflarning mavsumiy va boshqa keskin oʻzgarib turishiga nisbatan tezkor choralar koʻrish uchun Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini Jamgʻarma mablagʻlari hisobiga xarid qilish boʻyicha tayyorlov tashkilotlarining muntazam yangilab boriladigan reyestri Respublika komissiyasi tomonidan oldindan shakllantiriladi.
5. Tayyorlov tashkilotlari reyestrini shakllantirish va tizimli ravishda yuritish hududiy komissiyalar tomonidan taqdim etiladigan materiallar asosida Respublika komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Tayyorlov tashkilotlari reyestri hududiy komissiyalar takliflari hisobga olingan holda har oyda joriy oyning 5-kunigacha yangilanadi.
6. Respublika komissiyasi Tayyorlov tashkilotlari reyestrini shakllantirish uchun har yili yanvar oyida Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida va xarid.uz davlat xaridlari axborot portalida ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari xaridida ishtirok etishga Tayyorlov tashkilotlari reyestriga kiritish uchun tayyorlov tashkilotini tanlash boʻyicha tanlov oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlonni joylashtiradi.
Tayyorlov tashkilotlarini tanlash boʻyicha tanlov oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlon tanlov oʻtkazilishi va tayyorlov tashkilotlaridan takliflarni qabul qilish muddati tamom boʻlishi sanasidan kamida oʻn kun oldin joylashtiriladi.
Eʼlonda quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak:
tovarning batafsil tavsifi va narxi;
tayyorlov tashkilotlariga qoʻyiladigan talablar;
tayyorlov tashkiloti bilan aloqa qilish uchun aloqa qiluvchi shaxslar sifatida belgilangan bir yoki bir necha mansabdor shaxslarning familiyasi, ismi va otasining ismi, lavozimi va manzili;
zarur hujjatlarning qoidalarini tushuntirishga soʻrov berish shakli;
takliflar bildirilgan buyurtmanomalarni berish muddati tamom boʻlishi sanasi va vaqti.
Eʼlonda qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa maʼlumotlar ham boʻlishi mumkin.
7. Tayyorlov tashkilotlari Tayyorlov tashkilotlari reyestriga kiritish maqsadida tayyorlov tashkilotlarini tanlash boʻyicha tanlovda ishtirok etish uchun hududiy komissiyalarga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
Respublika komissiyasi tasdiqlagan shakldagi ariza;
hisob-kitob raqami holati toʻgʻrisida maʼlumotnoma;
ulgurji savdoni amalga oshirish huquqiga litsenziya mavjudligi toʻgʻrisida maʼlumot;
talabgorda ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini tegishli ravishda saqlash va sotish uchun oʻzining yoki ijaraga olingan omborxonalari hamda savdo shoxobchalarining mavjudligini tasdiqlovchi hujjat;
shartnomalarni ijro etish uchun zarur texnik, moliyaviy, moddiy, kadrlar resurslari va boshqa resurslar mavjudligini tasdiqlaydigan hujjat.
Taqdim etilgan maʼlumotlarning ishonchliligi va toʻliqligi uchun tayyorlov tashkilotlari javob beradi.
Takliflar bildirilgan buyurtmanomalarni qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida eʼlon qilingan eʼlonda koʻrsatilgan muddat boshlangandan keyin toʻxtatiladi.
8. Oziq-ovqat mahsulotlari xaridlarida ishtirok etish uchun tayyorlov tashkilotlarining takliflarini hududiy komissiyalar tomonidan koʻrib chiqish va baholash muddati takliflar berish tamom boʻlgan paytdan boshlab uch kundan ortiq boʻlmasligi kerak.
9. Tayyorlov tashkilotlarining takliflarini koʻrib chiqish va baholash quyidagi mezonlar asosida amalga oshiriladi:
shartnomalarni ijro etish uchun talabgorda zarur texnik, moliyaviy, moddiy, kadrlar resurslari va boshqa resurslarning mavjudligi;
talabgorda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash boʻyicha qarzdorlikning yoʻqligi;
talabgorda ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini tegishli ravishda saqlash va sotish uchun oʻzining omborxonalari yoki ijaraga olingan omborlar hamda savdo shoxobchalarining mavjudligi.
Ushbu bandda koʻrsatilgan mezonlar hisobga olingan holda shartnomalarni ijro etish uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni taklif etgan tayyorlov tashkiloti gʻolib deb eʼtirof etiladi.
Bir necha tayyorlov tashkilotlaridan teng qiymatli takliflar tushgan taqdirda ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari xaridlarida ishtirok etish uchun birinchi boʻlib ariza bergan tayyorlov tashkilotiga ustunlik beriladi.
Takliflarni koʻrib chiqish va baholash natijalari hududiy komissiyaning bayonnomasida qayd etiladi.
Takliflarni koʻrib chiqish va baholash bayonnomasida:
tayyorlov tashkilotlarining takliflarini koʻrib chiqish va baholash sanasi va vaqti;
takliflarni koʻrib chiqish va baholashda qatnashgan hududiy komissiya aʼzolari va tayyorlov tashkilotlarining vakolatli vakillari tarkibi;
takliflari koʻrib chiqilgan tayyorlov tashkilotlari roʻyxati;
rad etishning aniq sabablari koʻrsatilgan holda takliflari rad etilgan tayyorlov tashkilotlari roʻyxati;
tayyorlov tashkilotlarini tanlash boʻyicha qabul qilingan qaror;
tanlab olingan tayyorlov tashkilotlarining toʻliq nomi, joylashgan joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak.
Takliflarni koʻrib chiqish va baholash bayonnomasi hududiy komissiyaning barcha aʼzolari tomonidan imzolanadi va undan koʻchirma u imzolangan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida maxsus axborot veb-portalida eʼlon qilinadi.
Tayyorlov tashkilotlari takliflarni koʻrib chiqish va baholash bayonnomasi eʼlon qilingandan keyin tegishli hududiy komissiyaga tanlov natijalari boʻyicha tushuntirish berish toʻgʻrisidagi soʻrovni yuborish huquqiga egadirlar. Bunday soʻrov tushgan sanadan boshlab uch ish kuni mobaynida hududiy komissiya tayyorlov tashkilotiga oʻz tanlovi asoslangan tegishli tushuntirishni taqdim etishi shart.
10. Baholash yakunlari boʻyicha hududiy komissiya uch kun mobaynida ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish va sotish boʻyicha tayyorlov tashkilotlari roʻyxatini shakllantiradi va tasdiqlaydi hamda uni Respublika komissiyasiga taqdim etadi.
11. Respublika komissiyasi hududiy komissiyalarning takliflari asosida ikki kun mobaynida ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qiluvchi va sotuvchi Tayyorlov tashkilotlari reyestrini shakllantiradi.
Tayyorlov tashkiloti tanlov natijalari boʻyicha hududiy yoki respublika komissiyalarining qaroriga rozi boʻlmagan taqdirda hududiy yoki respublika komissiyalarining qarori ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga egadir.
3-bob. Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojni shakllantirish tartibi
12. Hududiy komissiyalar ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarining amaldagi va kutilayotgan narxlari monitoringini olib borish doirasida har kuni ichki bozordagi narxlarning joriy holatini hamda omborxonalarda saqlanayotgan va savdo tashkilotlaridagi (savdo shoxobchalaridagi) mahsulotlar qoldigʻini oʻrganadilar. Monitoring natijalariga koʻra Respublika komissiyasiga kelgusi davr uchun ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlariga prognoz qilinayotgan narxlar va ehtiyoj boʻyicha asoslangan takliflarni har oʻn kunda taqdim etadi, ichki va tashqi bozorlarda ularni xarid qilish roʻyxati va hajmlarini belgilaydi.
13. Respublika komissiyasi kelgusi davrga ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarining prognozlashtirilayotgan narxlari va ularga boʻlgan ehtiyoj boʻyicha hududiy komissiyalarning takliflari olingandan keyin ikki kun mobaynida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligiga import kontraktlar boʻyicha xarid qilinadigan ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari roʻyxatini taqdim etadi.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari roʻyxati olingan kundan boshlab uch kun mobaynida Respublika komissiyasiga ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini Jamgʻarma mablagʻlari hisobiga import kontraktlar boʻyicha yetkazib berishga narxlar boʻyicha tavsiyalarni taqdim etadi.
Jahon bozorida tovarlar narxlari konyunkturasini oʻrganish Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi tomonidan:
boshqa xorijiy ishlab chiqaruvchi tashkilotlardan yoki mahalliy eksport qiluvchi korxonalardan yozma shaklda olingan shunga oʻxshash mahsulotlar narxlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
rasmiy ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingan eksport qilinadigan mahsulotga jahon narxlari darajasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
tovar-xomashyo birjalari, turli agentliklar, konsalting tashkilotlari, maxsus vakolatli organlardan va jahon narxlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplash va eʼlon qilish bilan shugʻullanuvchi boshqa yuridik shaxslardan yozma shaklda olingan xulosalar yoki maʼlumotlar asosida amalga oshiriladi.
15. Respublika komissiyasi hududiy komissiyalar rahbarlari taqdim etgan narxlar va hajmlar boʻyicha takliflarni koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi tavsiyalarini hisobga olib Jamgʻarma mablagʻlari hisobiga xarid qilinadigan ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari roʻyxatini ushbu mahsulotlar hajmlari va xarid qilish bozorlarini (ichki va tashqi) koʻrsatgan holda tasdiqlaydi, ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarining rejalashtirilayotgan xaridi toʻgʻrisidagi axborotni Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida va xarid.uz davlat xaridlari axborot portalida joylashtiradi.
4-bob. Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish tartibi
16. Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari Jamgʻarma mablagʻlari hisobiga ushbu Nizomga ilovaga muvofiq sxema boʻyicha xarid qilinadi.
17. Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari ichki va tashqi bozorlarda Jamgʻarma mablagʻlari hisobiga xarid qilinadi.
Ichki bozorda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari qish-bahor davriga gʻamlash uchun yetkazib beruvchilar va tayyorlov tashkilotlari oʻrtasida tuzilgan shartnomalar (kontraktlar) asosida xarid qilinadi.
Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari qish-bahor davriga gʻamlash uchun dehqon va shaxsiy yordamchi xoʻjaliklardan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-noyabrdagi PQ-3418-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekoziqovqatzaxira” uyushmasi tashkilotlari tomonidan dehqon va shaxsiy yordamchi xoʻjaliklardan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini xarid qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom talablariga muvofiq xarid qilinadi.
Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari Jamgʻarma mablagʻlari hisobiga faqat tovar-xomashyo birjalari, shu jumladan, xorijiy birjalarning ochiq elektron savdolari tizimi orqali import qilinadi.
18. Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish uchun Jamgʻarma mablagʻlari tayyorlov tashkilotlari va xizmat koʻrsatuvchi tijorat banklari bilan uch tomonlama shartnomalar tuzish asosida hamda ushbu shartnomalarda qarzni qoplash jadvallari va tayyorlov tashkilotlariga xizmat koʻrsatuvchi banklarning qarzni qaytarish boʻyicha kafolatlari nazarda tutilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan foizsiz qarz shaklida ajratiladi.
Bunda ichki yetkazib beruvchilar uchun toʻlovlar milliy valyutada, ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini import qilishda esa AQSh dollarida toʻlanadi.
19. Qarzlar Jamgʻarmaga tayyorlov tashkilotlari tomonidan foizsiz qarz ajratish toʻgʻrisidagi uch tomonlama shartnomalarning ajralmas qismi hisoblangan oʻzaro kelishilgan jadvallarga muvofiq qaytariladi. Qoplash jadvallarida, qoidaga koʻra, xarid qilingan ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini sotish uchun ruxsatnoma olingan sanadan boshlab 30 kun mobaynida qarzni qoplash nazarda tutilishi kerak.
Valyutadagi qarz Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qarzni qaytarish sanasidagi kursi boʻyicha milliy valyutada qaytariladi.
5-bob. Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini tovar-xomashyo birjalarining ochiq elektron savdolar tizimi orqali xarid qilish tartibi
20. Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini Jamgʻarma mablagʻlari hisobiga tovar-xomashyo birjalarining ochiq elektron savdolar tizimi orqali xarid qilish davlat xaridlarini tashkil etish va oʻtkazish uchun belgilangan qonun hujjatlari talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
21. Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarini yetkazib berishga mahalliy tovar-xomashyo birjalarining ochiq elektron savdolarida takliflar boʻlmagan taqdirda buyurtmachi ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini xorijiy birjalarning ochiq elektron savdolarida sotib olish huquqiga egadir.
6-bob. Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini sotish tartibi
22. Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan xarid qilingan ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlov tashkilotlari tomonidan ichki bozordagi narxlar konyunkturasi hisobga olingan holda Respublika komissiyasi belgilaydigan narxlar boʻyicha sotiladi.
23. Jamgʻarma mablagʻlari hisobiga xarid qilingan ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari faqat Tayyorlov tashkilotlari reyestriga kiritilgan savdo shoxobchalarida sotiladi.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
24. Jamgʻarmaga mablagʻlarini oʻz vaqtida qaytarish boʻyicha javobgarlik foizsiz qarz boʻyicha tuzilgan shartnomalar shartlariga muvofiq tegishli tayyorlov tashkilotlariga yuklanadi.
25. Tayyorlov tashkilotlari foizsiz qarz ajratish toʻgʻrisida tuzilgan shartnomalarga muvofiq Jamgʻarmaning maqsadli mablagʻlarini qaytarish bilan bogʻliq oʻz majburiyatlarini bajarmaganda yoki tegishli ravishda bajarmaganda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga qarzdorlarning barcha bank hisob raqamlaridagi mablagʻlari hisobiga qarzlarni va penyani hisobdan chiqarish uchun ustuvor huquq beriladi, qonunchilikka muvofiq daʼvo taqdim etish mumkin boʻlmagan qarzdorlar bundan mustasno. Bunda tayyorlov tashkilotlariga nisbatan qonunchilikka muvofiq asosiy hisob-kitob raqamiga inkassa talablari qoʻyiladi.
26. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliya nazorati bosh boshqarmasi Jamgʻarmaning ajratilgan mablagʻlaridan qatʼiy maqsadli foydalanish belgilangan tartibda nazorat qilinishini taʼminlaydi.
27. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini Ichki isteʼmol bozorida narx-navoni barqarorlashtirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga xarid qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini Ichki isteʼmol bozorida narx-navoni barqarorlashtirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga xarid qilish
SXEMASI

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari


Respublika komissiyasi

Tayyorlov tashkilotlarining reyestrini hududiy komissiyalar taqdim etadigan materiallar asosida shakllantirish va tizimli ravishda yuritish.

Har yili, yanvar oyida


Hududiy komissiyalar

1. Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlariga amaldagi va kutilayotgan narxlar monitoringini olib borish.

2. Respublika komissiyasiga ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari roʻyxatini hamda ularni ichki va tashqi bozorlarda xarid qilish hajmlarini belgilagan holda ushbu mah�ulotlar uchun prognoz qilinadigan narxlar va ehtiyoj boʻyicha asoslangan takliflarni taqdim etish.

Har kuni

Keyingi oʻn kunlikning birinchi kunida har oʻn kunda


Respublika komissiyasi

Tashqi savdo vazirligiga import kontraktlar boʻyicha xarid qilinadigan ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari roʻyxatini taqdim etish.

Ikki kun mobaynida


Tashqi savdo vazirligi

Respublika komissiyasiga Jamgʻarma mablagʻlari hisobiga import kontraktlar asosida ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish narxlari boʻyicha tavsiyalar taqdim etish.

Roʻyxat olingan kundan boshlab uch kun mobaynida


Respublika komissiyasi

Jamgʻarma mablagʻlari hisobiga xarid qilinadigan ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari roʻyxatini ushbu mahsulotlar hajmlari va xarid qilish bozorlarini (ichki va tashqi) hamda tayyorlov tashkilotlarini hududlar boʻyicha koʻrsatgan holda tasdiqlash.

3 kun mobaynida


Moliya vazirligi, xizmat koʻrsatuvchi tijorat banklari, tayyorlov tashkilotlari

1. Etkazib beriladigan ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari toʻlovi uchun foizsiz qarz ajratish toʻgʻrisidagi uch tomonlama shartnomalarni tuzish.

2. Xizmat koʻrsatuvchi tijorat bankida tayyorlov tashkilotlariga maxsus hisob raqamlari ochish.

3. Etkazib beruvchi va tayyorlov tashkiloti oʻrtasida ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish boʻyicha tuzilgan shartnomada koʻrsatilgan summada Jamgʻarmadan tayyorlov tashkilotining maxsus hisob raqamiga Moliya vazirligi tomonidan mablagʻlar yoʻnaltirish.

Shartnomalar tuzilgandan keyin uch kun mobaynida


Tayyorlov tashkilotlari,

Tovar-xomashyo

birjasi

1. Birjada kliring ishtirokchisi sifatida roʻyxatga olish.

2. Elektron tizimda belgilangan muddatlarda xarid qilish jadvalining rejasi va har bir xarid uchun buyurtmanomani joylashtirish.

Xaridlardan oldingi oyning 25-kunidan kechikmay


Tayyorlov tashkilotlari

1. Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini, shu jumladan, import kontraktlar boʻyicha xarid qilish.

2. Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini faqat roʻyxati hududiy komissiyalar tomonidan tasdiqlangan savdo tashkilotlari (savdo shoxobchalar) orqali sotish.

3. Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarining qoldiqlarini omborxonalar va savdo tashkilotlarida (savdo shoxobchalarida) saqlash.

Aholi ehtiyojlariga muvofiq



Jadvallarga muvofiq

(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.08.2018-y., 09/18/596/1599-son)