toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻsimliklarni oʻrganish sohasidagi ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, xalqaro standartlarni hisobga olgan holda noyob botanik kolleksiyalarni saqlash sharoitlarini yaxshilash, oʻsimlik dunyosini oʻrganish, saqlab qolish va undan barqaror foydalanish boʻyicha ixtisoslashgan vazifalarni jadal hal etish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika institutining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Innovatsion rivojlanish vazirligining:
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika institutining (keyingi oʻrinlarda — Institut deb yuritiladi) ilmiy faoliyatini yanada takomillashtirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
Institutni Oʻzbekistonning tabiiy oʻsimliklar xilma-xilligini oʻrganish sohasidagi yagona davlat ilmiy muassasa sifatida belgilash toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Institutning noyob ilmiy obyekti “Markaziy gerbariy” milliy ahamiyatga ega gerbariy deb tan olinsin va unga “Oʻzbekiston milliy gerbariysi” (keyingi oʻrinlarda — Milliy gerbariy) nomi berilsin.
3. Fanlar akademiyasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda Milliy gerbariyning ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish boʻyicha 2018 — 2020-yillarga moʻljallangan “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
4. Institut va Fanlar akademiyasi Milliy gerbariyni maxsus asbob-uskunalar bilan taʼminlash maqsadida ilmiy va kompyuter uskunalari, priborlar, reagentlar, butlovchi qismlar, sarflash materiallari, dasturiy taʼminotlar va texnik vositalarni xalqaro moliya institutlari hamda xorijiy tashkilotlarning grantlari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot muassasalari obyektlari realizatsiyasidan tushgan budjetdan tashqari mablagʻlari hisobiga oʻrnatilgan tartibda xarid qilsin.
5. Institut tarkibida:
noyob va endem oʻsimlik turlari boʻyicha maqsadli ilmiy-tadqiqotlarni olib borish va Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobi nashrlarini xalqaro standartlarga muvofiq tayyorlash vazifalari yuklatilgan noyob oʻsimliklar turlari kadastri va monitoringi laboratoriyasi;
Oʻzbekiston tabiiy florasining taksonomik xilma-xilligini xatlovdan oʻtkazish boʻyicha tizimli tadqiqotlar olib borish, oʻsimliklarning invaziv turlari tarkibini va geografik tarqalishini belgilash, alohida ahamiyatga ega botanik hududlarni aniqlash hamda oʻsimliklar dunyosining zamonaviy nomenklaturasi va filogenetik tizimi asosida “Oʻzbekiston florasi”ning yangi nashrlarini tayyorlash vazifalari yuklatilgan Oʻzbekiston florasi laboratoriyasi;
Institutning ilmiy-tadqiqot va oʻquv-amaliy faoliyatidagi yutuqlarini ommalashtirish, shuningdek, keng jamoatchilikni Oʻzbekistonning oʻziga xos oʻsimliklari xilma-xilligi bilan tanishtirish maqsadida Botanika muzeyi tashkil etilsin.
6. Fanlar akademiyasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi va Innovatsion rivojlanish vazirligining Fanlar akademiyasini Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobini tayyorlash va chop etish boʻyicha vakolatli organ etib belgilash toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobini tayyorlash, chop etish va yuritish tartibini tasdiqlasin.
7. Ilmiy boʻlinmalarning yaxlitligini saqlab qolish va ilmiy tadqiqot faoliyatining samaradorligini yanada oshirish maqsadida:
Institutning gʻoʻza sistematikasi va introduksiyasi laboratoriyasi, “Gʻoʻza genofondi” noyob ilmiy obyekti va issiqxona kompleksi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi institutiga;
Institutning anatomiya va sitoembriologiya, daraxt va oʻt oʻsimliklari introduksiyasi, shuningdek, dorivor oʻsimliklar laboratoriyalari akademik F.N. Rusanov nomidagi Botaniki bogʻiga oʻtkazilsin.
8. 2018 — 2020-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika institutining oʻsimliklar xilma-xilligini oʻrganish va saqlab qolish sohasidagi fundamental va amaliy tadqiqotlarini rivojlantirish, shuningdek, salohiyatini mustahkamlash boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Qurilish vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va Toshkent shahar hokimligining Institut, Milliy gerbariy va Botanika muzeyini joylashtirish uchun yangi zamonaviy binoni (keyingi oʻrinlarda — obyekt) akademik F.N. Rusanov nomidagi Botanika bogʻi hududida qurish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
10. Quyidagilar:
a) obyekt boʻyicha:
“Inkom kapital qurilish” injiniring kompaniyasi — buyurtmachi etib;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda oʻtkaziladigan tanlov (tender) savdolari yakunlari boʻyicha aniqlangan tashkilotlar — bosh loyihachi va bosh pudratchi etib;
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-maydagi 276-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat xaridlarini amalga oshirish bilan bogʻliq tartib-taomillarni tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
b) har yili tasdiqlanadigan Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirish davlat dasturlari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiga ajratiladigan kapital qoʻyilmalar limitlari — loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va obyektga doir qurilish-montaj ishlarini bajarish boʻyicha ishlarni moliyalashtirish manbai etib belgilansin.
Oldingi tahrirga qarang.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi va Moliya vazirligi 2021 — 2023-yillar uchun moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining rivojlantirish davlat dasturlarini shakllantirishda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga asosan obyekt boʻyicha qurilish-montaj ishlarini oʻtkazish uchun kapital qoʻyilmalarning tegishli limitlarini nazarda tutsin.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)
12. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda xorijiy mamlakatlardagi yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan Institutning hamkorligini kengaytirish choralarini koʻrsin, shuningdek, Institut negizida oʻsimliklarning molekulyar filogeniyasi, biogeografiyasi, xemotaksonomiyasi va oʻsimliklar olamining boshqa yoʻnalishlari boʻyicha budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladigan qoʻshma ilmiy laboratoriyalar tashkil qilish uchun grant mablagʻlari jalb etilishini taʼminlasin.
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidentiga Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda ushbu bandda nazarda tutilgan qoʻshma ilmiy laboratoriyalarni tashkil etishda Institutning ishchilari va ilmiy xodimlari umumiy cheklangan sonini koʻpaytirish huquqi berilsin.
13. Belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha Institut tomonidan olib kiriladigan Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan ilmiy va kompyuter uskunalari, priborlar, reagentlar, butlovchi qismlar, sarflash materiallari, dasturiy taʼminotlar va texnik vositalar 2021-yil 1-iyulgacha bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod etilsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 4-sentabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti va Zoologiya instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3256-son qaroriga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
15. Fanlar akademiyasi ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasining raisi S.R. Xolmurodov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.S. Qosimov va Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining prezidenti B.S. Yoʻldoshev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 17-iyul,
PQ-3861-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 17-iyuldagi PQ-3861-son qaroriga
1-ILOVA
2018 — 2020-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika institutining oʻsimliklar xilma-xilligini oʻrganish va saqlab qolish sohasidagi fundamental va amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish, shuningdek, salohiyatini mustahkamlash boʻyicha
CHORA-TADBIRLARI DASTURI

T/r

Tadbirlarning nomlanishi

Amalga oshirish mexanizmlari

Bajarish muddati

Moliyalashtirish manbai

Masʼul ijrochilar

I.Oʻsimliklar xilma-xilligi sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlar oʻtkazish
hamda innovatsion faoliyatni amalga oshirish

1.

2018 — 2020-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika institutining (keyingi oʻrinlarda Institut deb yuritiladi) oʻsimliklar xilma-xilligi sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlari oʻtkazish, innovatsion faoliyatni amalga oshirish konsepsiyasini ishlab chiqish va tasdiqlash.

Ijrochilar

qarori

2018-yil
1-noyabrgacha

-

Fanlar akademiyasi
(B. Yuldashev),
Innovatsiya vazirligi (I. Abduraxmanov)

2.

Oʻzbekiston oʻsimliklar dunyosi obyektlarini tahlil qilish, baholash va monitoringini olib borish.

Ilmiy
hisobotlar

2018 — 2020-yillar

Grant
mablagʻlari

Fanlar akademiyasi
(B. Yuldashev),
Innovatsiya vazirligi (I. Abduraxmanov)

3.

Oʻzbekiston tabiiy oʻsimliklar xilma-xilligining milliy elektron bazasini yaratish.

Tashkiliy
chora-tadbirlar

2018-yil
15-noyabrgacha

Grant
mablagʻlari

Botanika instituti
(K. Tojibayev),
Davlat ekologiya qoʻmitasi (B. Kuchkarov)

4.

Navoiy va Buxoro viloyatlarining noyob va yoʻqolib ketish arafasida turgan oʻsimliklarining davlat kadastrini tuzish.

Ijrochilar
qarori

Navoiy viloyatida — 2018-yil
1-dekabrgacha

Buxoro viloyatida —
2020-yil
1-dekabrgacha

Grant
mablagʻlari

Fanlar akademiyasi
(B. Yuldashev),
Botanika instituti
(K. Tojibayev)

5.

Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobini tayyorlash va nashr etish.

Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobini nashr etish

2019-yil
1-maygacha

Fanlar akademiyasining budjetdan tashqari mablagʻlari

Fanlar akademiyasi
(B. Yuldashev),
Davlat ekologiya qoʻmitasi (B. Kuchkarov),
Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi (N. Bakirov),
Oʻzbekiston Milliy universiteti (A. Maraximov), “Oʻzbekbaliqsanoat”
uyushmasi (A. Ergashev)

6.

Molekulyar filogeniya i sistematika, populyatsion genetika i filogeografiya yoʻnalishlarini rivojlantirish.

Ilmiy
hisobotlar

2018 — 2020-yillar

-

Fanlar akademiyasi
(B. Yuldashev)

7.

Quyidagilarni nazarda tutuvchi kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish:

oʻsimliklar turlarini barkodlash va pasportlash uchun ilmiy-texnik sharoitlarni shakllantirish;

barkodlash va pasportlash uchun mutaxassislar tayyorlash.

Kompleks
chora-tadbirlar

tasdiqlash — 2018-yil
1-dekabrgacha

Grant
mablagʻlari

Fanlar akademiyasi
(B. Yuldashev),
Innovatsiya vazirligi (I. Abduraxmanov)

8.

Oʻsimliklar xilma-xilligi boʻyicha ishonchli maʼlumotlarni olish maqsadida florani toʻr tizimli xaritalash uslubini joriy etish.

Zarafshon

tizmasi gʻarbiy tarmoqlarida dala tadqiqotlarini olib borish

2018 — 2020-yillar

Grant
mablagʻlari

Fanlar akademiyasi
(B. Yuldashev),
Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi (N. Bakirov),
Davlat ekologiya qoʻmitasi (B. Kuchkarov)

9.

Antropogen omillar va choʻllanish jarayonlari taʼsiri ostida ekotizimlarning zamonaviy holatini baholash, qurgʻoqchil ekotizimlardan asosiy yaylovlar sifatida barqaror foydalanish yoʻllarini ishlab chiqish.

Ilmiy
tavsiya

2020-yil
1-noyabrgacha

Grant
mablagʻlari

Fanlar akademiyasi
(B. Yuldashev),
Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi (N. Bakirov)

10.

Xom-ashyobop oʻsimliklarning ekspluatatsiya zaxiralarini aniqlash, tabiiy maydonlarini xaritalash, Oʻzbekiston florasi dorivor turlarining zamonaviy interaktiv elektron resurslarini yaratish.

Asosiy dorivor oʻsimliklar boʻyicha interaktiv atlas

2018 — 2020-yillar

Grant
mablagʻlari

Fanlar akademiyasi
(B. Yuldashev),
Innovatsiya vazirligi (I. Abduraxmanov)

11.

Oʻzbekistonning zamburugʻlar florasini, makro-va mikromitsetlar geografiyasini oʻrganish, maʼlumotlarning elektron bazasini yaratish va hududlar kesimida zamburugʻlarning tarqalish xaritalarini tuzish.

Maʼlumotlarning elektron bazasi

2018 — 2020-yillar

Grant
mablagʻlari

Fanlar akademiyasi
(B. Yuldashev),

Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi (N. Bakirov),
Innovatsiya vazirligi (I. Abduraxmanov)

12.

Quyidagilarni nazarda tutuvchi kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish:

noyob oʻsimliklar va manzarali daraxtlarning onalik koʻchatxonalarini yaratish;

istiqbolli iqtisodiy qiymatga ega oʻsimlik turlarini introduksiyalash va akklimatizatsiyalash;

Oʻzbekiston florasining noyob va endem turlarini genetik bankini yaratish.

Kompleks
chora-tadbirlar

tasdiqlash — 2019-yil
1-yanvargacha

Grant
mablagʻlari

Fanlar akademiyasi
(B. Yuldashev),
Innovatsiya vazirligi (I. Abduraxmanov),
Davlat ekologiya qoʻmitasi (B. Kuchkarov)

13.

“Oʻzbekiston florasi”ning yangi 3 jildlarini va “Oʻzbekiston yuksak oʻsimliklari kadastri”ning yangi 2 jildini tayyorlash va chop etish.

Tashkiliy
chora-tadbirlar

2019-2020-yillar

Grant mablagʻlari, Institutning budjetdan tashqari mablagʻlari

Fanlar akademiyasi
(B. Yuldashev),
Davlat ekologiya qoʻmitasi (B. Kuchkarov),
Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi (N. Bakirov), manfaatdor
vazirlik va idoralar

14.

Ilmiy tadqiqot natijalarining raqobatbardoshligini taʼminlash, Institut faoliyatining xalqaro nufuzini orttirish.

Tashkiliy
chora-tadbirlar

2018 — 2020-yillar

Institutning budjetdan tashqari mablagʻlari

Fanlar akademiyasi
(B. Yuldashev),
Tashqi ishlar vazirligi
(A. Kamilov)

II. Institut ilmiy salohiyatini yanada rivojlantirish hamda uning texnik bazasini mustahkamlash

15.

Oliy oʻquv yurti talabalarining amaliyot oʻtashini tashkil qilish, ularni ilmiy-tadqiqot va boshqa turdagi ijodiy ishlarga jalb etish orqali oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlash sifatini yaxshilash, iqtidorli yoshlarni oʻsimliklar toʻgʻrisidagi fan yoʻnalishlariga jalb etish.

Tashkiliy
chora-tadbirlar

2019-yil
1-iyulgacha

-

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi
(I. Madjidov),
Fanlar akademiyasi

(B. Yuldashev)

16.

Xorijiy yetakchi taʼlim va ilmiy tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirish, shu jumladan, dolzarb ilmiy yoʻnalishlar boʻyicha tadqiqotlar olib borish va yosh olimlarning stajirovkalarini tashkil etish.

Hamkorlik toʻgʻrisida memorandumlar

2018 — 2020-yillar

Grant
mablagʻlari

Fanlar akademiyasi
(B. Yuldashev),
Innovatsiya vazirligi (I. Abduraxmanov),
Tashqi ishlar vazirligi
(A. Kamilov)

17.

Institut ilmiy xodimlari malakasini ularni davra suhbatlari, seminarlar, konferensiyalar va boshqa ilmiy tadbirlarda ishtirok etish uchun yuborish orqali oshirib borish.

Tashkiliy
chora-tadbirlar

Doimiy

Grant
mablagʻlari

Fanlar akademiyasi
(B. Yuldashev),
Tashqi ishlar vazirligi
(A. Kamilov)

18.

Institutni ilmiy tadqiqotlar uchun zarur boʻlgan zamonaviy ilmiy, texnologik va laboratoriya uskunalari, shuningdek, priborlar, reagentlar, butlovchi qismlar va sarflash materiallari bilan taʼminlash.

Kompleks
chora-tadbirlar

2018 — 2020-yillar

Grant
mablagʻlari

Fanlar akademiyasi
(B. Yuldashev),
Innovatsiya vazirligi (I. Abduraxmanov)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 17-iyuldagi PQ-3861-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 4-sentabrdagi PQ-3256-son “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti va Zoologiya instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga kiritilayotgan
oʻzgartirishlar
1. 5-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
2. 1-ilova quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 4-sentabrdagi PQ-3256-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti
tUZILMAsi
Xodimlarning umumiy cheklangan soni ilmiy-tadqiqot va innovatsion ishlarning hajmiga bogʻliq boʻlib,
197 tani tashkil qiladi, shu jumladan ilmiy xodimlar soni — 56 ta.
Yordamchi xodimlarning soni qonun hujjatlarida belgilangan meʼyorlarga asosan belgilanadi.
Ilmiy-texnik loyihalarni amalga oshirish uchun mutaxassislar va olimlar shartnoma asosida jalb qilinishi mumkin.
* Budjet mablagʻlari hisobidan saqlanadi”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.07.2018-y., 07418/3861/1528-son; 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)