toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
Normativ-huquqiy hujjatlarni ijrochilarga yetkazish hamda ularning mohiyati va ahamiyatini aholi oʻrtasida tushuntirish boʻyicha namunaviy “Yoʻl xaritasi”ni tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 12-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3011]
Oʻzbekiston Respublikasining “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi PQ-3666-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq buyuraman:
1. Normativ-huquqiy hujjatlarni ijrochilarga yetkazish hamda ularning mohiyati va ahamiyatini aholi oʻrtasida tushuntirish boʻyicha namunaviy “Yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Davlat organlari va tashkilotlari oʻz faoliyati sohalariga oid normativ-huquqiy hujjat qabul qilinganda bir haftalik muddatda ushbu normativ-huquqiy hujjatni ijrochilarga yetkazish hamda mohiyati va ahamiyatini aholiga tushuntirish boʻyicha mazkur buyruqning 1-bandida belgilangan namunaviy “Yoʻl xarita” asosida oʻzlarining “Yoʻl xarita”sini tasdiqlashlari, shuningdek ularning amalga oshirilishini taʼminlashlari hamda doimiy nazoratni amalga oshirishlari belgilab qoʻyilsin.
3. Qonun hujjatlarini tahlil qilish va turkumlash boshqarmasi hamda Huquqiy targʻibot va maʼrifat boshqarmasi tegishli ravishda:
ushbu idoraviy normativ-huquqiy hujjatni barcha manfaatdor shaxslarga yetkazilishi va “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilinishini taʼminlasin;
davlat organlari va tashkilotlari tomonidan oʻz faoliyati sohalariga oid normativ-huquqiy hujjatlarni ijrochilarga yetkazish hamda mohiyati va ahamiyatini aholiga tushuntirish boʻyicha tasdiqlangan “Yoʻl xarita”larining amalga oshirilishini doimiy monitoring qilib borsin va nazoratni amalga oshirsin.
4. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin va Hukumat bayonnoma qarorlari va idoraviy normativ hujjatlarni huquqiy ekspertizadan oʻtkazish boshqarmasi Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuvni kiritsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2017-yil 3-martdagi 46-mh-son “Normativ-huquqiy hujjatlarning ijrochilarga yetkazilishi hamda mohiyati va ahamiyatining aholi oʻrtasida tushuntirilishi yuzasidan namunaviy chora-tadbirlar rejasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 2866, 2017-yil 3-mart) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 10-son, 150-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
6. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
7. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilish vazirning birinchi oʻrinbosari N. Joʻrayev va vazir oʻrinbosari A. Tashkulov zimmasiga yuklansin.
Vazir R. DAVLETOV
Toshkent sh.,
2018-yil 12-may,
278-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 12-maydagi 278-mh-son buyrugʻiga
ILOVA
Normativ-huquqiy hujjatlarni ijrochilarga yetkazish hamda ularning mohiyati va ahamiyatini aholi oʻrtasida tushuntirish boʻyicha namunaviy
“YOʻL XARITASI”
Oldingi tahrirga qarang.

T/r

Tadbir nomi

Amalga oshirish mexanizmi
va bosqichlari

Har bir mexanizmni amalga oshirish muddatlari

Masʼul ijrochilar

1.

Normativ-huquqiy hujjatlar, axborot-tahliliy materiallar (normativ-huquqiy hujjatning konsepsiyasi bayon etilgan tushuntirish xati, oʻzgartirish va qoʻshimchalar tushuntirilgan holdagi taqqoslash jadvali)ni tizimdagi barcha idoralarga elektron shaklda yuborish.

1. Belgilab olingan roʻyxat boʻyicha qonunchilik hujjatlarini tizimdagi barcha tashkilotlarning rasmiy elektron pochta manzillariga yuborish.

2. Yuborilgan qonunchilik hujjatlarining ijrochilarga yetib borganligini aniqlashtirish va qayd qilish.

Kelib tushgan
kunning oʻzida

Shu kunning oʻzida

Davlat organlari va tashkilotlari

2.

Qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni oʻzining rasmiy veb-saytiga joylashtirish.

1. Normativ-huquqiy hujjat matnini tegishli formatga oʻtkazish.

2. Normativ-huquqiy hujjat matnini rasmiy veb-saytiga joylashtirish.

3. Rasmiy veb-saytga joylashtirilgan qonunchilik hujjati matnining nazorat holatini tekshirib turish.

Normativ-huquqiy hujjat

rasman eʼlon qilingandan soʻng bir kun ichida


Doimiy

Davlat organlari va tashkilotlari

3.

Qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatning ahamiyatiga qarab targʻibot materiallari toʻplamini yaratish, uni tizimdagi va boshqa manfaatdor tashkilotlarga yetkazib berish.

1. Axborot-tahliliy materiallardan foydalangan holda hujjatlar toʻplamini (maʼruza matni, taqdimot, annotatsiya, infografika, sxema va h.k.) tayyorlash.

2. Targʻibot materiallari toʻplamini tizimidagi tashkilotlarga yetkazib berish.

3. Normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini tushuntirishga qaratilgan materiallar matnini, zaruratga koʻra rus, ingliz va boshqa xorijiy tillarga tarjima qilish, keng foydalanuvchilar uchun “Dunyo” axborot agentligiga yetkazish.

Normativ-huquqiy hujjat

qabul qilingandan soʻng
3 kun ichida



Ikki hafta muddatda

Davlat organlari va tashkilotlari

4.

Ommaviy axborot vositalari, shu jumladan bosma va elektron ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun markaziy va hududiy matbuot anjumanlarini oʻtkazish.

1. Matbuot anjumani haqida rasmiy veb-sayt
va ijtimoiy tarmoqlar orqali jurnalistlarni xabardor qilish.

2. Matbuot anjumanini oʻtkazish va ommaviy axborot vositalariga tayyorlangan targʻibot materiallari toʻplamini taqdim etish.

3. Matbuot anjumanini ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda yoritish.

Normativ-huquqiy hujjat

qabul qilingandan soʻng
3 kun ichida

Normativ-huquqiy hujjat

qabul qilingandan soʻng
1 hafta ichida

Davlat organlari va tashkilotlari

5.

Davlat organlari va tashkilotlar hamda ularning hududiy idoralarida “Huquqiy bilimlar” oʻquv mashgʻulotlarini joriy etish, malakali mutaxassislar, olimlar, ekspertlarni jalb etgan holda normativ-huquqiy hujjat
va axborot-tahliliy materiallarning oʻqib oʻrganilishini tashkil etish.

1. Choraklik “Huquqiy bilimlar” oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazish grafiklarini tasdiqlash.

2. Grafikka asosan malakali mutaxassislar, olimlar, ekspertlarni jalb etgan holda oʻquv mashgʻulotini oʻtkazish.

Har chorakda


Grafikka asosan

Davlat organlari va tashkilotlari

6.

Tegishli normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinganidan keyin uning ijrosini tashkil etish, ijrochilarga yetkazish va aholi oʻrtasida mohiyati va ahamiyatini tushuntirishni tashkil etishga masʼul boʻlgan davlat boshqaruvi organi tomonidan:

normativ-huquqiy hujjatlarning maqsadi, mazmun-mohiyatini va ahamiyatini tushuntirish boʻyicha hududiy va respublika, huquqiy targʻibot guruhlarini shakllantirish va tasdiqlash;

normativ-huquqiy hujjatlarning maqsadi va mohiyatini aholiga yetkazish boʻyicha tashkilotlar, mahallalar va boshqa jamoalarda manzilli va predmetli huquqiy targʻibot tadbirlarini tashkil qilish.

1. Hududiy va respublika targʻibot guruhlari shakllantirish.

2. Hududiy va respublika guruhlari tarkibini tasdiqlash.

3. Targʻibot guruhlarini targʻibot materiallari toʻplami bilan taʼminlash.

4. Targʻibot tadbirining Konsepsiyasi, dasturi va kalendar rejasini tayyorlash va tasdiqlash.

5. Manzilli va predmetli targʻibot tadbirlarini oʻtkazish.

Normativ-huquqiy hujjat

qabul qilingandan soʻng
1 hafta ichida





Targʻibot tadbirlarini oʻtkazish kalendar rejasiga muvofiq

Davlat organlari va tashkilotlari

7.

Qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning mohiyati va ahamiyatini aholiga ommaviy axborot vositalari, shu jumladan bosma va elektron ommaviy axborot vositalari orqali yetkazish.

1. Normativ-huquqiy hujjatlarning mohiyati
va ahamiyatini tushuntirishga qaratilgan maqola, materiallarni veb-saytlarda joylashtirish.

2. Mustaqil ekspertlar, mutaxassislar va aholining fikri va munosabatini aks ettiruvchi tahliliy tok-shoular, munozaralar, bahslar hamda huquqni qoʻllash amaliyotini keng muhokama qilishning boshqa zamonaviy shakllari nazarda tutilgan media rejani ishlab chiqish va tasdiqlash.

3. Media rejaga asosan targʻibot tadbirlarini amalga oshirish.

Normativ-huquqiy hujjat

qabul qilingandan soʻng
3 kun ichida






Rejaga asosan

Davlat organlari va tashkilotlari

8.

Qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni yetkazishda veb-texnologiyalarni qoʻllash.

1. Normativ-huquqiy hujjat matni boʻyicha savol-javoblar, animatsion roliklar va boshqa usullardan foydalangan holda huquqiy axborot kontentini yaratish.

2. Ijtimoiy tarmoqlar (Facebook.com, Twitter, Youtube, odnoklassniki.ru, Mytube.uz va h.k.)da yaratilgan maxsus profillar orqali tayyorlangan huquqiy targʻibot materiallarini tarqatish.

Qonunchilik hujjati
qabul qilingandan soʻng
1 hafta ichida

Davlat organlari va tashkilotlari

9.

Aholining huquqiy savodxonligini aniqlash maqsadida, zarur hollarda, belgilangan tartibda ijtimoiy soʻrovlar oʻtkazish.

1. Soʻrovnoma savolnomasini tuzish.

2. Soʻrovnoma oʻtkaziladigan aholi toifalari va hududlarni belgilab olish.

3. Soʻrovnomani oʻtkazish.

4. Soʻrovnoma natijalarini umumlashtirish, taklif kiritish.

Soʻrovnoma oʻtkazish zarur deb hisoblanganda
1 hafta ichida

Savolnoma tuzilgandan soʻng 1 haftalik muddatda

Soʻrovnoma oʻtkazilgandan keyin 1 oylik muddatda

Davlat organlari va tashkilotlari

Izoh:
1. Mazkur Namunaviy “Yoʻl xaritasi”ga qoʻshimcha tadbirlar kiritilishi mumkin.
2. Davlat organlari va tashkilotlari oʻz faoliyati sohalariga oid qabul qilingan qonunchilik hujjatlarini ijrochilarga yetkazish hamda mohiyati va ahamiyatini aholiga tushuntirish boʻyicha, ular qabul qilinganidan keyin bir hafta muddat ichida mazkur Namunaviy yoʻl xaritasi asosida oʻz markaziy apparatlari va hududiy organlarining rejalarini tasdiqlashlari va ularning amalga oshirilishini taʼminlashlari lozim.
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.05.2018-y., 10/18/3011/1224-son, 10.10.2019-y., 10/19/3011-1/3895-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-so)