toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 14.05.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
Normativ-huquqiy hujjatlarning ijrochilarga yetkazilishi hamda mohiyati va ahamiyatining aholi oʻrtasida tushuntirilishi yuzasidan namunaviy chora-tadbirlar rejasini tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 3-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2866]
 LexUZ sharhi
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 12-maydagi 278-mh-sonli “Normativ-huquqiy hujjatlarni ijrochilarga yetkazish hamda ularning mohiyati va ahamiyatini aholi oʻrtasida tushuntirish boʻyicha namunaviy “Yoʻl xaritasi”ni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3011, 12.05.2018-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 8-fevraldagi PQ-2761-son “Qonun hujjatlarini tarqatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Normativ-huquqiy hujjatlarning ijrochilarga yetkazilishi hamda mohiyati va ahamiyatining aholi oʻrtasida tushuntirilishi yuzasidan namunaviy chora-tadbirlar rejasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin va bu haqda Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boshqarmasi (B. Boliyev) Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
3. Davlat organlari va tashkilotlari oʻz faoliyati sohalariga oid qabul qilingan qonun hujjatlarini ijrochilarga yetkazish hamda mohiyati va ahamiyatini aholiga tushuntirish boʻyicha, ular qabul qilinganidan keyin 1 hafta muddat ichida oʻz markaziy apparatlari va hududiy organlarining rejalarini tasdiqlasin, ularning amalga oshirilishini taʼminlasin hamda doimiy nazoratni amalga oshirsin.
4. Huquqiy targʻibot va axborot boshqarmasi (A. Ochilov):
mazkur idoraviy normativ-huquqiy hujjatni “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da nashr etilishini taʼminlasin;
bir kunlik muddatda mazkur idoraviy normativ-huquqiy hujjatni vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, xoʻjalik boshqaruvi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlariga yetkazsin;
davlat organlari va tashkilotlari tomonidan tegishli axborot-tahliliy materiallari asosida qabul qilingan qonun hujjatlarini ijrochilarga yetkazish hamda mohiyati va ahamiyatini aholiga tushuntirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasining amalga oshirilishini doimiy monitoring qilib borsin va nazoratni amalga oshirsin;
zarur hollarda, chora-tadbirlar rejasi amalga oshirilishini monitoring qilish natijasida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan davlat organlari va tashkilotlari hamda ularning masʼullariga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlik choralarini koʻrish haqida tegishli takliflarni kiritsin.
5. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
6. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilish vazir oʻrinbosari N. Joʻrayev zimmasiga yuklatilsin.
Vazir M. IKRAMOV
Toshkent sh.,
2017-yil 3-mart,
46-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2017-yil 3-martdagi 46-mh-son buyrugʻiga
ILOVA

“TASDIQLAYMAN”

________________________________

(davlat organi yoki tashkilot rahbari)

________________________________

________________________________


20__ yil “____” _______________

Normativ-huquqiy hujjatlarning ijrochilarga yetkazilishi hamda mohiyati va ahamiyatinining aholi oʻrtasida tushuntirilishi yuzasidan namunaviy chora-tadbirlar
REJASI

T/r

Tadbir nomi

Bajarish muddati

Masʼul bajaruvchilar

1.

Normativ-huquqiy hujjatlar, axborot-tahliliy materiallar (normativ-huquqiy hujjatning konsepsiyasi bayon etilgan tushuntirish xati, oʻzgartirish va qoʻshimchalar tushuntirilgan holdagi taqqoslash jadvali)ni tizimdagi barcha idoralarga elektron shaklda yuborish.

Normativ-huquqiy hujjat kelib tushgan kuni

Tegishli normativ-huquqiy hujjat qabul qilinganidan keyin, uning ijrosini tashkil etish, ijrochilarga yetkazish va aholi oʻrtasida mohiyati va ahamiyatini tushuntirishni tashkil etishga masʼul boʻlgan davlat boshqaruvi organi

2.

Qabul qilingan qonun hujjatlarini oʻz rasmiy veb saytlariga joylashtirish.

Bir kun ichida

Davlat boshqaruvi organi

3.

Ommaviy axborot vositalari, shu jumladan bosma
va elektron ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun markaziy va hududiy matbuot anjumanlarini oʻtkazish.

Ikki kun ichida

Davlat boshqaruvi organi

4.

Davlat boshqaruvi organlari va tashkilotlari hamda ularning hududiy idoralarida “Huquqiy bilimlar” oʻquv mashgʻulotlarini joriy etish, malakali mutaxassislar, olimlar, ekspertlarni jalb etgan holda normativ-huquqiy hujjat va axborot-tahliliy materiallarning oʻqib oʻrganilishini tashkil etish.

Har haftaning juma kuni

Davlat boshqaruvi organi

5.

Tegishli normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinganidan keyin uning ijrosini tashkil etish, ijrochilarga yetkazish va aholi oʻrtasida mohiyati va ahamiyatini tushuntirishni tashkil etishga masʼul boʻlgan davlat boshqaruvi organi tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatning maqsadi, mazmun-mohiyatini tushuntirish boʻyicha hududiy va respublika, huquqiy targʻibot guruhlarini shakllantirish va tasdiqlash.

3 kun ichida

Davlat boshqaruvi organi

6.

Normativ-huquqiy hujjatlarning maqsadi, mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish boʻyicha konferensiya, seminar, davra suhbatlarining Konsepsiyasi, dasturi va kalendar rejasini tayyorlash va tasdiqlash.

3 kun ichida

Davlat boshqaruvi organi

7.

Qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning mohiyati va ahamiyatini aholiga ommaviy axborot vositalari, shu jumladan bosma va elektron ommaviy axborot vositalari orqali yetkazish, bunda mustaqil ekspertlar, mutaxassislar va aholining fikri va munosabatini aks ettiruvchi tahliliy tok-shoular, munozaralar, bahslar hamda qonun hujjatlari va huquqni qoʻllash amaliyotini keng muhokama qilishning boshqa zamonaviy shakllarini nazarda tutuvchi media-reja ishlab chiqish adliya organlari bilan kelishish va tasdiqlash.

Bir haftada

Davlat boshqaruvi organi

8.

Qabul qilingan qonunlarning mohiyati va ahamiyatini ijrochilarga yetkazish va aholiga tushuntirish boʻyicha risolalar va ularning elektron nusxalarini tayyorlash hamda tarqatish.

Ikki hafta ichida

Davlat boshqaruvi organi

9.

Normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini tushuntirishga qaratilgan materiallar tayyorlash, uning matnini rus, ingliz va boshqa xorijiy tillarga tarjima qilish, keng foydalanuvchilar uchun “Jahon” axborot agentligiga yetkazish.

Ikki hafta ichida

Davlat boshqaruvi organi

10.

Qabul qilingan qonun hujjatlarining maqsadi, mazmun-mohiyatini tushuntirishga qaratilgan maqola, material va ekspertlarning sharhlarini “uz” domenida davlat roʻyxatiga olingan veb-saytlarda joylashtirish.

Bir hafta ichida

Davlat boshqaruvi organi

11.

Targʻibot tadbirl�rida aholi tomonidan qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha bildirilgan takliflarni oʻrganish, umumlashtirish va tegishliligi boʻyicha kiritish (zarur hollarda, belgilangan tartibda ijtimoiy soʻrovlar oʻtkazish).

Doimiy

Davlat boshqaruvi organi

12.

Qabul qilingan qonun hujjatlari normalarining bir xilda qoʻllanilishi ustidan doimiy nazoratni amalga oshirish.

Doimiy

Davlat boshqaruvi organi

13.

Mazkur chora-tadbirlar ijrosini monitoring qilish, umumlashtirish va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga axborot kiritib borish.

Har chorakda

Davlat boshqaruvi organi

Izoh: mazkur Namunaviy chora-tadbirlar rejasiga qoʻshimcha chora-tadbirlar kiritilishi mumkin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 10-son, 150-modda)