toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
RESPUBLIKA OʻRMONLARINI HIMOYA QILISH BOʻYICHA AYRIM MEʼYORIY HUJJATLARNI TASDIQLASH TOʻGʻRISIDA
“Oʻrmon toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga va Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 21-iyuldagi 356-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻrmonlarda yongʻin xavfsizligi qoidalari, Oʻrmonni parvarish qilish uchun kesish qoidalari, Oʻzbekiston Respublikasi oʻrmonlarida pichan oʻrish va mol boqish qoidalari 1, 2 va 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi hamda idoraviy oʻrmon fondiga ega boʻlgan boshqa vazirliklar va idoralar tasdiqlangan meʼyoriy hujjatlarga amal qilsinlar.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-iyuldagi 530-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 30-son, 734-modda)
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosari B.M. Olimjonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
1999-yil 22-noyabr,
506-son
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil
22-noyabrdagi 506-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi oʻrmonlarida yongʻin xavfsizligi
QOIDALARI
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Mazkur Qoidalar “Oʻrmon toʻgʻrisida”, “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga va respublikaning boshqa meʼyoriy hujjatlariga muvofiq ishlab chiqilgan.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasi oʻrmonlarida yongʻin xavfsizligi qoidalarining bajarilishi ustidan davlat nazorati Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, Davlat yongʻin nazorati organlari tomonidan amalga oshiriladi. Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi oʻz tasarrufida boʻlgan davlat oʻrmon fondi hududida Qoidalarning bajarilishi ustidan idoraviy nazoratni amalga oshiradi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-iyuldagi 530-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 30-son, 734-modda)
Vazirliklar va idoralarga biriktirilgan oʻrmonlarda yongʻin xavfsizligi qoidalarining bajarilishini nazorat qilish tegishli vazirliklar va idoralarga yuklanadi.
Joylardagi davlat hokimiyati organlari va oʻrmon xoʻjaligi korxonalari yongʻin xavfi yuqori boʻlgan davrda aholining va transport vositalarining oʻrmonlarga kirishini taqiqlashlari mumkin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari mahalliy sharoitlardan kelib chiqqan holda mazkur Qoidalarda nazarda tutilmagan yongʻinga qarshi qoʻshimcha talablarni belgilashlari mumkin, ushbu talablar mazkur Qoidalarga va oʻrmonlarda yongʻin xavfsizligi masalalari boʻyicha boshqa meʼyoriy hujjatlarga zid boʻlmasligi, shuningdek yongʻin xavfi yuqori boʻlgan davrda muayyan uchastkalarda oʻrmonlardagi ishlarni toʻxtatib qoʻymasligi kerak.
3. Mazkur Qoidalar mulkchilik shakllari va idoraviy boʻysunishidan qatʼi nazar, barcha korxonalar, tashkilotlar, muassasalar, shuningdek jismoniy shaxslar uchun majburiy hisoblanadi.
II. OʻRMONLARDA YONGʻIN XAVFSIZLIGI QOIDALARIGA RIOYA QILINISHI UCHUN YURIDIK VA JISMONIY SHAXSLARGA QOʻYILADIGAN UMUMIY TALABLAR
4. Yongʻin xavfi mavsumida, yaʼni oʻrmonda qor qatlami ketgan paytdan boshlab barqaror yomgʻirli kuz ob-havosi kelgungacha yoki qor qatlami paydo boʻlgan davrgacha ignabargli daraxt koʻchatlari oʻtqazilgan joylarda, eski kuyuklarda, oʻrmonning ziyon yetkazilgan uchastkalarida, oʻrmonning kesilgan daraxt qoldiqlari va tayyorlangan yogʻoch-taxta qoldirilgan daraxt kesilayotgan uchastkalarida, oʻtlar qurigan joylarda, shuningdek daraxtlar shox-butoqlari ostida gulxan yoqish taqiqlanadi. Qolgan joylarda atrofi kamida 4 metr kenglikda maʼdanlashtirilgan maydonchalarda gulxan yoqishga ruxsat etiladi. Zarurat tugashi bilan gulxan puxtalik bilan oʻchirilgan boʻlishi kerak.
Joylardagi davlat hokimiyati organlari zarur hollarda:
a) oʻrmonda belgilangan uchastkalarda yoki yongʻin xavfi mavsumining belgilangan davrlarida gulxan yoqishni;
b) oʻrmonga yonib turgan gugurt, sigaret qoldiqlarini tashlashni va tamaki trubkasidan choʻgʻli kulni qoqishni;
v) oʻrmonda ov qilishda tez yonib ketadigan yoki tutab yonadigan materiallardan boʻlgan tiqinlardan foydalanishni;
g) moyli yoxud benzin, kerosin va boshqa yonuvchi moddalar shimdirilgan artish materiallarini oʻrmonda maxsus ushbu maqsadlar uchun nazarda tutilmagan joylarda qoldirishni;
d) oʻrmonda dvigatel ishlab turgan paytda yonilgʻi baklariga yonilgʻi quyishni, dvigatelning energiya tizimi nosoz boʻlgan mashinalardan foydalanishni, yonilgʻi quyilayotgan mashinalar yonida chekish yoki ochiq olovdan foydalanishni toʻliq taqiqlab qoʻyishi mumkin.
5. Oʻrmon yalangliklarida, sayhonliklarda, oʻtloqlarda oʻtlarni yoqish hamda Davlat oʻrmon fondi yerlarida hamda oʻrmonlarga, himoya va koʻkalamzorlashtirish daraxtzorlariga bevosita tutashgan yer uchastkalarida angʻizlarni yoqish taqiqlanadi.
6. Yuridik va jismoniy shaxslar:
a) oʻrmonda yoʻllar qurilayotganda, gaz quvurlari, neft quvurlari va mahsulot quvurlari yotqizilayotganda, elektr uzatish, aloqa, radiolashtirish liniyalari va boshqa kommunikatsiyalar oʻtkazilayotganda qolgan yogʻoch-taxta va boshqa tez yonadigan materiallarni oʻrmon xoʻjaliklari tomonidan belgilanadigan tartibda va muddatlarda yigʻishtirib olishga;
b) oʻrmonda ishlar bajarilganda yonilgʻi va moylash materiallarini tegishli standartdagi yopiq idishlarda saqlashga, yongʻin xavfi mavsumida ular saqlanadigan joylarni oʻsimlik qatlamidan, daraxt qoldiqlaridan va boshqa tez yonadigan materiallardan tozalashga hamda kamida 1,4 metr kenglikda maʼdanlashtirilgan polosa bilan atrofini oʻrashga;
Oldingi tahrirga qarang.
v) oʻrmonda ishlar bajariladigan va obyektlar joylashgan joylarda yoki madaniy-ommaviy va boshqa tadbirlar oʻtkaziladigan hududlarda Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi va Ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan normalar boʻyicha oʻrmonlardagi yongʻinlarni oʻchirish uchun yongʻinga qarshi asbob-uskunalar va vositalarga ega boʻlishga majburdirlar. Koʻrsatib oʻtilgan oʻt oʻchirish asbob-uskunalari va vositalarini darhol foydalanishga toʻliq tayyor holda saqlashga majburdirlar.
(6-bandning “v” kichik bandi birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-iyuldagi 530-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 30-son, 734-modda)
Yongʻinlarni oʻchirish uchun yongʻinga qarshi asbob-uskunalar va vositalar bilan taʼminlash normalari tasdiqlanmagan korxonalar, tashkilotlar va muassasalar ishlar bajariladigan va obyektlar joylashgan joylarda dastlabki oʻt oʻchirish vositalari (suv quyilgan bochkalar, qum solingan qutilar, oʻt oʻchirgich, boltalar, belkuraklar, supurgilar va boshqalar)ga ega boʻlishga majburdirlar;
g) yongʻin xavfi mavsumida oʻz tarkibida yoki oʻrmonda ishlar bajaruvchi ayrim boʻlinmalarda, shuningdek oʻrmonda joylashgan qoʻrgʻonlarda ishlovchilar va boshqa fuqarolardan iborat yongʻinga qarshi koʻngilli drujinalarni tuzishga majburdirlar.
7. Oʻrmonni maishiy va qurilish chiqindilari bilan ifloslantirish, ularda axlat uchun axlatxonalar tashkil etish taqiqlanadi.
Aholi yashash punktlaridan tashib chiqiladigan axlatlar oʻrmon yaqinida faqat belgilangan tartibda maxsus ajratilgan uchastkalarda quyidagi shartlarga rioya qilingan holda yondirilishi mumkin:
a) yondirish uchun joylar ignabargli oʻrmon yoki alohida oʻsuvchi igna bargli daraxtlar va yosh daraxtlar yonlaridan kamida 50 metr, yaproqli daraxtlar va alohida oʻsuvchi yaproqli boʻlmagan daraxtlar yonlaridan kamida 25 metr masofada ajratilishi kerak;
b) kotlovanlar yoki axlat yoqish maydonchalari atrofidagi hudud qurib qolgan daraxtlar, sinib tushgan daraxtlar, kesilgan daraxtlar qoldiqlaridan va boshqa tez yonadigan narsalardan 15 — 20 metr radiusda tozalangan va atrofi 1,4 metr kenglikda, quruq tuproqdagi ignabargli oʻrmonga yaqin joylashgan uchastkalarda esa — kamida 2,6 metr kenglikda maʼdanlashtirilgan polosa bilan oʻralgan boʻlishi kerak;
v) yongʻin xavfi mavsumi mobaynida axlatni yoqish faqat shamolsiz yoki yomgʻirli ob-havoda maxsus ajratilgan shaxslar kuzatuvi ostida amalga oshiriladi. Havo quruq boʻlganda axlatni yondirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
8. Oʻrmonda ishlar bajaruvchi yoki obyektlarga ega boʻlgan korxonalar, tashkilotlar va muassasalar rahbarlari yongʻin xavfi mavsumi boshlanishi oldidan, oʻrmonda madaniy-ommaviy va boshqa tadbirlar oʻtkazilishi uchun masʼul shaxslar esa oʻrmonga joʻnash oldidan oʻrmonlarda yongʻin xavfsizligi qoidalariga rioya qilish va oʻrmon yongʻinlari paydo boʻlishining oldini olish toʻgʻrisida, shuningdek ularni oʻchirish usullari toʻgʻrisida xodimlar yoki madaniy-ommaviy va boshqa tadbirlar qatnashchilariga maxsus daftarga imzo qoʻydirgan holda yoʻriqnoma berishga majburdirlar.
III. DARAXT KESAYOTGAN YURIDIK VA JISMONIY SHAXSLARGA QOʻYILADIGAN TALABLAR
9. Daraxt kesayotgan korxonalar, tashkilotlar va muassasalar, shuningdek fuqarolar, kesish usuli va vaqtidan qatʼi nazar, yogʻoch tayyorlash bilan bir vaqtda daraxt kesish joylarini yogʻoch qoldiqlardan tozalashga majburlar.
Tozalash usullari har bir alohida holatda daraxt kesish chiptalarida oʻrmon xoʻjaliklari tomonidan koʻrsatiladi.
Daraxt tanlab va bosqichma-bosqich kesilganda, shuningdek yoppasiga kesilganda yogʻoch tayyorlovchilar nihol va yosh daraxtlarni saqlab qolishga majburdirlar, oʻrmonning daraxt kesilayotgan uchastkasini yogʻoch qoldiqlaridan tozalashda yondirilmaydigan usullar qoʻllanishi kerak.
Daraxt kesish joylarini tozalashda yogʻoch tayyorlovchilar quyidagi talablarni bajarishlari shart:
a) daraxt qish vaqtida kesilganda kesish joylarini koʻklamda yana tozalash;
b) kesilgan daraxt qoldiqlarini chiritish (yoqish) uchun gʻaramlarga yoki uyumlarga taxlab qoʻyish yoki oʻrmon yonidan kamida 10 metr masofada oʻrmonning daraxt kesilayotgan uchastkasi boʻylab ularni maydalab sochib yuborish;
v) kesish joylarini kesilgan daraxt qoldiqlarini yondirish usuli bilan tozalashda yondirishni yongʻin xavfi mavsumi boshlangunga qadar tugallash. Yozgi yogʻoch tayyorlashdan qolgan daraxt qoldiqlarini va kesish joylarini koʻklamda tozalashdan toʻplanib qolgan kesilgan daraxt qoldiqlarini yongʻin xavfi mavsumi tugagandan keyin kuzda yondirish.
Kesilgan daraxt qoldiqlarini yondirishda oʻrmonning daraxt kesilayotgan uchastkalaridagi mavjud nihollar, urugʻzorlar va boshqa kesilmagan daraxtlarning saqlab qolinishi, shuningdek kesilgan daraxt qoldiqlarining toʻliq yonib ketishi taʼminlanishi kerak.
Oʻrmonning daraxt kesilayotgan uchastkalarida kesilgan daraxtlar qoldiqlarini yoppa uyumi bilan yondirish taqiqlanadi.
10. Kesilgan daraxtlar yongʻin xavfi mavsumida oʻrmonning daraxt kesilayotgan uchastkasida qoldirilgan taqdirda, ular shox-butoqlardan tozalangan va yerga tigʻiz qoʻyilgan boʻlishi kerak.
Yongʻin xavfi mavsumida oʻrmonning daraxt kesilayotgan uchastkasida qoldirilayotgan tayyorlangan yogʻoch mahsulotlari shtabellangan yoki sarjinlangan boʻlishi kerak.
11. Quruq tuproqdagi ignabargli yalanglik oʻrmonlarning yongʻin xavfi mavsumida qoldirilgan tayyorlangan yogʻoch mahsulotlari, shuningdek kesilgan daraxt qoldiqlari chiritishga qoldirilgan daraxt kesilayotgan uchastkalari kamida 1,4 metr kenglikda maʼdanlashtirilgan polosa bilan atrofi oʻrab chiqiladi, ularning uchastkalari 25 gektardan oshmasligi kerak.
12. Tayyorlangan yogʻochlar faqat ochiq joylarda:
joylashtirish maydoni 8 gektargacha boʻlganda yaproqli oʻrmon chetidan — 20 metr, 8 gektar va undan ortiq boʻlganda esa — 30 metr;
joylashtirish maydoni 8 gektargacha boʻlganda ignabargli va aralash oʻrmon chetidan — 40 metr, 8 gektar va undan ortiq boʻlganda — 60 metr masofada joylashtiriladi.
Joylashtirish joylari va ular atrofidagi koʻrsatib oʻtilgan yongʻinga qarshi masofa tez yonadigan materiallardan tozalangan boʻlishi va kamida 1,4 metr kenglikda maʼdanlashtirilgan polosa bilan, quruq tuproqlardagi ignabargli daraxtzorlarda esa — bir-biridan 5 — 10 metr masofada ikkita shunday polosa bilan atrofi oʻralishi kerak.
IV. TASARRUFIDA TEMIR YOʻLLAR VA AVTOMOBIL YOʻLLARI BOʻLGAN KORXONALAR VA TASHKILOTLARGA QOʻYILADIGAN TALABLAR
13. Tasarrufida oʻrmon dahalari orqali oʻtadigan faoliyat koʻrsatayotgan temir yoʻllar va avtomobil yoʻllari boʻlgan korxonalar va tashkilotlar:
a) temir yoʻllar va shosse yoʻllar boʻylab ajratilgan polosani shox-shabbalar, yogʻoch qoldiqlari va boshqa tez yonadigan materiallardan tozalangan holda saqlashga;
b) mazkur bandning “a” kichik bandida koʻrsatib oʻtilgan polosalar chegarasi boʻylab ignabargli daraxtzorlarda yongʻin xavfi mavsumi mobaynida 1,4 metr kenglikdagi maʼdanlashtirilgan polosani, quruq tuproqdagi ignabargli daraxtzorlarda va kesilgan joylarda bir-biridan 5 metr masofada boʻlgan 2 ta shunday polosalarni tozalangan holatda saqlashga;
v) yoʻllar yaqinida joylashgan quruq tuproqdagi ignabargli daraxtzorlarda, tekis taxlangan shpallar va qordan himoya qiluvchi toʻsiqlar, shuningdek yogʻoch koʻpriklar, turgʻun platformalar, turar joylar va yoʻl nazoratchilari budkalari atroflarida yongʻin xavfi mavsumi mobaynida eni kamida 1,4 metr boʻlgan maʼdanlashtirilgan polosa qurish va uni tozalangan holatda saqlashga majburdirlar..
Temir yoʻllar va avtomobil yoʻllari oʻtadigan oʻrmon massivlaridan foydalanganda yuridik va jismoniy shaxslar mazkur Qoidalarning 4 va 12-bandlarida koʻrsatib oʻtilgan umumiy talablarga rioya qilishlari kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻrmonda yongʻin paydo boʻlganda darhol uni oʻchirish chora-tadbirlari tashkil etiladi va koʻriladi. Koʻrsatib oʻtilgan talablarni buzganlik uchun yuridik va jismoniy shaxslar amaldagi qonunchilikka muvofiq oʻrmon xoʻjaligiga yetkazilgan zarar uchun maʼmuriy yoki mulkiy javob beradilar.
(13-bandning “v” kichik bandi uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
V. NEFT-GAZ QIDIRUV VA NEFT-GAZ QAZIB OLUVCHI KORXONALAR VA TASHKILOTLARGA QOʻYILADIGAN TALABLAR
14. Neft-gaz qidiruv va neft-gaz qazib oluvchi korxonalar va tashkilotlar davlat oʻrmon fondi hududida ishlarni bajarishda:
a) yongʻin xavfi mavsumi mobaynida burgʻulash qudugʻi va boshqa inshootlar uchun ajratilgan hududlarni yogʻoch qoldiqlari va tez yonadigan materiallardan tozalangan holda saqlashga, ushbu hududlar chegaralari boʻylab eni kamida 1,4 metr boʻlgan maʼdanlashtirilgan polosa qurish va uni yongʻin xavfi mavsumi mobaynida tozalangan holatda saqlashga;
b) burgʻulanayotgan va foydalanilayotgan quduqlardan 50 metr radiusdagi (neft va gaz quduqlaridan yopiq tizim boʻyicha foydalanilganda 25 metr radiusda) maydonni daraxtlar va butalardan toʻliq tozalashga;
v) neft ochiq idishlarda va kotlovanlarda saqlanishiga, shuningdek yonuvchi moddalar bilan hududlarning ifloslanishiga yoʻl qoʻymaslikka;
g) agar neft chiqindilari yoqish yoʻli bilan yoʻq qilinsa, neft chiqindilarini yoqib yuborish tartibi va vaqtini oʻrmon xoʻjaliklari bilan kelishib olishga majburdir.
VI. TASARRUFIDA ELEKTR UZATISH, ALOQA, RADIOLASHTIRISH LINIYALARI VA QUVURLAR BOʻLGAN KORXONALAR VA TASHKILOTLARGA QOʻYILADIGAN TALABLAR
15. Tasarrufida elektr uzatish, aloqa, radiolashtirish liniyalari va quvurlar boʻlgan korxonalar va tashkilotlar yongʻin xavfi mavsumi mobaynida ushbu liniyalar oʻtgan oʻrmon soʻqmoqlarini xavfsiz holatda saqlashga va quruq joylarda bunday liniyalarning yogʻoch machtalari va simyogʻochlari atrofini qazib qoʻyishga majburdirlar.
Tasarrufida quvurlar boʻlgan korxonalar va tashkilotlar yongʻin xavfi mavsumi mobaynida oʻrmon massivi orqali oʻtadigan quvurlar boʻylab ajratilgan polosalar va qoʻriqlanadigan hududlarning yongʻinga nisbatan xavfsiz holatini saqlashga va liniya nazoratchilari turadigan uy-joylar atrofida, shuningdek quvurlardagi quduqlar atrofida eni 2-2,5 metr boʻlgan maʼdanlashtirilgan polosa qurishga majburdirlar.
VII. OʻRMONLARDA QIDIRUV ISHLARINI OLIB BORUVCHI KORXONALAR VA TASHKILOTLARGA QOʻYILADIGAN TALABLAR
16. Qidiruv, geodeziya, geologiya, oʻrmon tuzish ekspeditsiyalari va boshqa ekspeditsiyalar, partiyalar va otryadlar ishlar boshlangunga qadar ishlar bajariladigan joyni, asosiy bazalarning oʻrnashish joyini, shuningdek oʻrmonda yurish yoʻnalishlarini ishlar bajariladigan hududlardagi oʻrmon xoʻjaliklarida roʻyxatdan oʻtkazishga majburdirlar.
VIII. OʻRMONLARDA MADANIY-OMMAVIY TADBIRLAR OʻTKAZUVCHI TASHKILOTLARGA QOʻYILADIGAN TALABLAR
17. Oʻrmonlarda madaniy-ommaviy tadbirlar oʻtkazuvchi sayyohlik bazalariga, bolalar sogʻlomlashtirish lagerlariga, dam olish uylariga va boshqa tashkilotlarga yongʻin xavfi mavsumida doimiy dam olish joylarini, sayyohlar toʻxtaydigan joylarni va boshqa ommaviy tadbirlar oʻtkaziladigan joylarni faqat oʻrmon xoʻjaliklari bilan kelishgan holda ushbu uchastkalarda oʻrmon xoʻjaliklari koʻrsatmasi boʻyicha gulxan yoqish va axlat toʻplash joylari jihozlangandagina tashkil etishga ruxsat etiladi.
IX. OʻRMON XOʻJALIKLARIGA QOʻYILADIGAN TALABLAR
18. Oʻrmon xoʻjaliklari:
a) oʻrmonda yongʻinga qarshi oraliq joylar, yoʻllar, yongʻinga qarshi maʼdanlashtirilgan himoya polosalari, zovurlar, suv havzalarini qurishga, oʻrmonlarni yogʻoch qoldiqlaridan va boshqa tez yonadigan materiallardan tozalashga va oʻrmonlarning yongʻin xavfsizligini oshirishga yoʻnaltirilgan boshqa oʻrmon xoʻjaligi tadbirlarini oʻtkazishga;
b) aholi, oʻquvchilar, oʻrmonda ishlar olib boruvchi yoki obyektlarga ega boʻlgan korxonalar, tashkilotlar va muassasalar xodimlari oʻrtasida olov bilan ehtiyot boʻlib muomala qilish va oʻrmonlardagi yongʻinlarni oʻchirish qoidalari boʻyicha tushuntirish ishlarini olib borishga;
v) keng foydalaniladigan oʻrmon yoʻllari boʻylab oʻrmonda olov bilan ehtiyot boʻlib muomala qilish zarurligi va yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik haqida ogohlantiruvchi eʼlonlar va plakatlarni oʻrnatishga;
g) oʻrmon yoʻllari boʻylab dam olish va chekish uchun umumiy foydalaniladigan joylarni jihozlashga;
d) oʻrmon xoʻjaliklari hududlarida paydo boʻladigan yongʻinlarni oʻz vaqtida aniqlash va tugatishni taʼminlash chora-tadbirlarini koʻrishga majburdirlar.
X. OʻRMONLARDAGI YONGʻINLARNI OʻCHIRISH BOʻYICHA YURIDIK VA JISMONIY SHAXSLARGA QOʻYILADIGAN TALABLAR
19. Oʻrmonlarda ishlar bajaruvchi yoki qoʻrgʻonlar, yoʻllar, omborlar, inshootlar va boshqa obyektlarga ega boʻlgan oʻrmon xoʻjaliklari va boshqa korxonalar, tashkilotlar va muassasalar ishlash joylarida, qoʻrgʻonlar yaqinida, yoʻllar, omborlar va boshqa obyektlarda oʻrmonlardagi yongʻinlar paydo boʻlgan taqdirda darhol oʻz kuchlari va vositalari bilan ushbu yongʻinlarni oʻchirish choralarini koʻrishga va yongʻin toʻgʻrisida yongʻin muhofazasi organiga va tegishli oʻrmon xoʻjaligiga yoki joylardagi davlat hokimiyati organlariga xabar berishga majburdirlar.
Oldingi tahrirga qarang.
20. Jismoniy shaxslar oʻrmonlardagi yongʻinni payqaganda darhol uni oʻchirish choralarini koʻrishga, oʻz kuchi bilan yongʻinni oʻchirish iloji boʻlmaganda yongʻin muhofazasi organiga, oʻrmon xoʻjaligi va ichki ishlar organlari xodimlariga yoki joylardagi davlat hokimiyati organlariga xabar berishga majburdirlar.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-maydagi 321-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.05.2018 g., № 09/18/321/1154)
21. Korxonalar, tashkilotlar va muassasalar rahbarlari yongʻinni oʻchirish rahbari, oʻrmon xoʻjaliklarining oʻrmonni muhofaza qilish xodimlari talabiga koʻra joylardagi davlat hokimiyati organlari qarorlariga muvofiq oʻrmonlardagi yongʻinlarni oʻchirish uchun texnika vositalarini tezda joʻnatishga majburdir.
22. Oʻrmonlardagi yongʻinlarni oʻchirish uchun jalb qilinadigan jismoniy shaxslar tumanlar hokimliklari qarorlariga muvofiq ushbu ishlarni oʻrmon xoʻjaliklarining oʻrmonni muhofaza qilish xodimlari, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat yongʻin nazorati organlari va mansabdor shaxslari rahbarligida bajaradi.
XI. OʻRMONLARDA YONGʻIN XAVFSIZLIGI QOIDALARINI BUZGANLIK UCHUN JAVOBGARLIK
23. Yuqorida sanab oʻtilgan yuridik va jismoniy shaxslar, korxonalar, tashkilotlar va muassasalar oʻrmondan foydalanishda va oʻrmonlarda ishlarni bajarishda mazkur Qoidalarning umumiy talablariga rioya qilishlari kerak.
Oʻrmonda yongʻin paydo boʻlishi bilan darhol ishlarni tashkil etishga va uni oʻchirish choralarini koʻrishga majburdirlar.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻrmonlarda yongʻin xavfsizligi qoidalari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar oʻrmon xoʻjaligiga yetkazilgan zarar uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilikka muvofiq javob beradilar.
(23-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
XII. YONGʻIN YETKAZGAN ZARARNI ANIQLASH
Oldingi tahrirga qarang.
24. Oʻrmonlarda yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzish natijasida oʻrmon xoʻjaligiga yetkazilgan zararni undirish miqdorini hisoblab chiqarish va yongʻin paydo boʻlishining turli sabablari va daraxtlar hamda boshqa oʻsimliklarning zararlanish darajasiga koʻra, daraxtlar qurishi yoki yogʻoch nobud boʻlishiga oid daʼvo summalarining hisob-kitobi qonun hujjatlarida belgilangan tartibga muvofiq belgilanadi.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-iyuldagi 530-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 30-son, 734-modda)
XIII. YONGʻINNI OʻCHIRISHNING DASTLABKI VOSITALARI
25. Oʻrmon xoʻjaligi yurituvchi korxonalar, tashkilotlar va muassasalar har bir uchastka (oʻrmon uchastkasi)da yongʻinni oʻchirishning dastlabki vositalarini saqlashi, zarur boʻlganda oʻrmonlardagi ayrim yongʻinlarni boshlangʻich bosqichda oʻchirishni mustaqil ravishda tashkil etishlari kerak.
Bunda ular quyidagilarga ega boʻlishlari zarur:
a) minish va yuk ortish egarlari boʻlgan otlar;
b) koʻchma yongʻin motopompasi yoki kichik koʻchma oʻrmon motopompalari;
v) ranetsli (safarxaltasi) oʻrmon oʻt oʻchirgichlari — suv purkagichlar;
g) benzin bilan ishlaydigan arra;
d) yongʻin belkuraklari, boltalar, motigalar, xaskashlar;
e) zarur suyuqliklarni tashish uchun sigʻimi 20 litrli kanistralar;
j) ish kiyimlari va maxsus poyabzal, ichimlik suvi uchun sigʻimi 20 litrgacha boʻlgan bidonlar yoki kanistralar, suv uchun krujkalar;
z) birinchi yordam koʻrsatish uchun tibbiy dori qutichalari.
Koʻrsatib oʻtilgan barcha vositalar yongʻin xavfi mavsumi boshlanishidan bir oy oldin oʻrmonlardagi yongʻinlarga qarshi kurash ishlariga toʻliq tayyor holga keltirilgan boʻlishi kerak.
26. Uchastkalar (oʻrmon xoʻjaligi uchastkalari)da oʻt oʻchirish anjomlari va vositalarini saqlash uchun oʻrmon uchastkasi boshliqlari (oʻrmonchilar)ga biriktirilgan binolar, shuningdek mayda taʼmirlash uchun asbob-uskunalar va anjomlar boʻlishi kerak.
27. Oʻrmon xoʻjaligi korxonalarining mansabdor shaxslari yongʻin anjomlarining saqlanishi va ularning oʻrmonlardagi yongʻinlarni oʻchirishda toʻgʻri ishlatilishi uchun toʻliq javob beradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Anjomlar ishdan chiqqanligi yoki ulardan boshqa maqsadlarda foydalanilganligi, shuningdek oʻrmonlarda yongʻin xavfsizligi qoidalari buzilganligi, ushbu sabablarga koʻra oʻrmonlarda yongʻin chiqqanligi uchun oʻrmon xoʻjaligi korxonalarining mansabdor shaxslari amaldagi qonunchilikka muvofiq maʼmuriy yoki jinoiy javob beradilar, yoki oʻrmon xoʻjaligiga yetkazilgan zarar uchun mulkiy javob beradilar.
(27-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil
22-noyabrdagi 506-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida oʻrmonni parvarish qilish uchun kesish
QOIDALARI
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Mazkur Qoidalar “Oʻrmon toʻgʻrisida”, “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga va respublikaning boshqa meʼyoriy hujjatlariga muvofiq ishlab chiqilgan.
II. OʻRMONNI PARVARISH QILISH UCHUN KESISH
2. Oʻrmonni parvarish qilish uchun kesish mustahkam va yuqori mahsulli, xoʻjalik jihatidan qimmatli daraxtlar oʻstirilishiga qaratilgan muhim oʻrmon xoʻjaligi tadbiri hisoblanadi.
3. Har xil turdagi daraxtlarning parvarish qilish uchun kesish boʻyicha yoshi quyidagicha:

‎‏Parvarish qilish uchun kesish turlari
‎‏

Daraxtlar yoshi (yil)‎‎‎

‎‏Igna bargli daraxtlar (qaragʻay, qoraqaragʻay‎

Yaproqli daraxtlar‎

Pista, yongʻoq, eman‎

Qayragʻoch, shumtol, zarang, akatsiya, olma, qayin‎

Terak, tol, bodom, toʻrangʻi‎

Siyraklashtirish‎

20 yoshgacha‎

20 yoshgacha‎

10 yoshgacha‎

5 yoshgacha‎

Tozalash‎

21 — 40‎

21 — 40‎

11 — 20‎

6 — 10‎

Yaganalash‎

41 — 80‎

41 — 80‎

21 — 40‎

11 — 20‎

Oʻtish joyi ochish‎

81 va undan yuqori‎

81 va undan yuqori‎

41 va undan yuqori‎

21 va undan yuqori‎

4. Quyidagilar parvarish qilish uchun kesishning asosiy vazifalari hisoblanadi:
— oʻrmonning himoya, suvni muhofaza qilish, sanitariya-gigiyena va boshqa foydali xossalarini saqlab qolish va kuchaytirish;
— daraxtlarning turi tarkibini yaxshilash;
— daraxtlarning sifati va mustahkamligini oshirish;
— oʻrmonning sanitariya holatini yaxshilash;
— daraxtlarning meva berishi sharoitlarini yaxshilash;
— yogʻochdan foydalanish hajmini koʻpaytirish va texnik jihatdan yetilgan yogʻoch yetishtirish muddatini qisqartirish.
III. PARVARISH QILISH UCHUN KESISH USULI, DARAXTLARNI YETISHTIRISH VA KESISH UCHUN TANLASH
5. Parvarish qilish uchun kesishda asosan oʻrmon xoʻjaligida shakllangan, oʻzida daraxtning quyi va yuqori qismini parvarish qilishni qoʻshib olib boruvchi usul qoʻllaniladi. Tasniflashga muvofiq eng yaxshi va yordamchi foydali daraxtlar yetishtirish uchun qoldiriladi, kesilishi kerak boʻlganlari olib tashlanadi. Daraxtlarning tarkibiga, holatiga va daraxt turlarining biologik xususiyatlariga qarab koʻlanka ostidagi kesiladigan daraxtlar kesib tashlanadi.
6. Daraxtlarni siyraklashtirish va oʻtish joylari ochish uchun kesishda daraxtlarni tanlash uchastkaning butun maydonida amalga oshiriladi, texnologiya yoʻlaklari va yuklash punktlari bundan mustasno.
7. Yosh daraxtlar oʻsayotgan joylarda daraxtlarni tanlash (siyraklashtirish va tozalash) ham butun maydon boʻylab, ham mayda yer uchastkalari (yoʻlaklar) boʻylab hamda toʻp-toʻp daraxtzorlarda olib boriladi.
Yongʻoq mevali daraxtlarning eng yaxshilari yakka tartibda yetishtirish va qoʻriqlash uchun ajratib olinadi. Uchastkalarning kengligi daraxtlarning balandligi hamda asosiy navlarning yetarlicha miqdorini qoldirish hisobga olingan holda belgilanadi. Bunda oʻrmonni parvarish qilish uchun bir marta kesishda uchastka maydonining kamida 50 foiziga ishlov berilishi kerak.
IV. DARAXTLARNI PARVARISH QILISH UCHUN KESISHNI TAYINLASH
8. Parvarish qilish uchun kesish eng avvalo yuqori bonitetli daraxtlarga nisbatan belgilanadi. Boniteti V klassli daraxtlarga nisbatan parvarish qilish uchun kesish, qoidaga koʻra, belgilanmaydi.
Sof daraxtzorlarda parvarish qilish uchun kesishga tanasi juda choʻzilib ketgan, shox-shabbalari rivojlanmagan, oʻsishdan kech qolgan, beoʻxshov shakldagi poyalari koʻp boʻlgan hamda nuqsonlari boʻlgan daraxtlardan iborat, sunʼiy ravishda barpo etilgan qalin oʻsgan uchastkalar ajratiladi.
9. Aralash daraxtzorlarda parvarish qilish uchun kesish tarkibi qoniqarsiz boʻlgan oʻrmon uchastkalarida belgilanadi. Bunda nomaqbul navlarni qisman yoki toʻliq kesish hisobiga ularning asosiy daraxtlarga noxush taʼsiri bartaraf etiladi va asosiy navlar ustunlik qilgan daraxtzor barpo etiladi.
10. Koʻlankasi zichligi 0,7 dan past boʻlgan sof daraxtzorlarda, zichligi 0,6 dan past boʻlgan aralash daraxtzorlarda siyraklashtirish va oʻtish joylari ochish uchun kesish qoidaga koʻra belgilanmaydi. Daraxtlar toʻp-toʻp boʻlib joylashgan sof va aralash daraxtlar majmuida, basharti ayrim toʻp-toʻp daraxtlarda (daraxtlar guruhida) asosiy navlarning ikkinchi darajali navlar tomonidan boʻgʻib qoʻyilishi xavfi mavjud boʻlsa, parvarish qilish uchun kesish ularning umumiy zichligi va toʻliqligidan qatʼi nazar, belgilanadi.
11. Yangilash uchun kesish istiqbolli yosh daraxtlar soni yetarli boʻlgan yetilgan va ortiqcha turib qolgan daraxtzorlarda oʻtkaziladi. Yosh daraxtlar uchun qulay sharoitlar yaratiladi, qurib qolayotgan oʻrtacha yoshli yoki yetilayotgan daraxtzorlarda — vegetativ yosh daraxt olish maqsadida toʻnkaga (oʻrmonzordagi pakana qayragʻoch uchun) daraxt ekish yoʻli bilan yangilanadi.
12. Qaytadan barpo etish uchun kesish bir yoshdagi daraxtlarni har xil yoshli daraxtlarga aylantirish maqsadida oʻtkaziladi.
V. PARVARISH QILISH UCHUN KESISHNI BELGILASH NAVBATI
13. Kesish uchun birinchi navbatda:
a) nomaqbul navlar bosib ketgan asosiy navlarning yosh daraxtlari (yongʻoq, pista, archa, Qrim qaragʻayi va boshqalar);
b) asosiy kovakchalari ikkinchi darajali daraxtlar ostida boʻlgan arzonbaho yosh daraxtlar;
v) qimmat navli qalin oʻsgan sof yosh daraxtlar (yongʻoq, archa, qaragʻay va boshqalar), shuningdek urugʻdan va bachkidan oʻsib chiqqan yosh daraxtlar;
g) asosiy navi ikkinchi darajali daraxtlar ostida joylashgan aralash daraxtzorlar kesish uchun belgilanadi.
14. Ikkinchi navbatda:
a) sof daraxtzorlarda siyraklashtirish;
b) sof daraxtzorlarda oʻtish joylari ochish;
v) yangilash uchun kesish;
g) qayta barpo etish uchun kesish amalga oshiriladi.
VI. DARAXTLARNI PARVARISH QILISH UCHUN KESISHGA AJRATISH
15. Maydonlar ajratish, yetishtirishga va kesishga daraxtlarni tanlash, ularni tamgʻalash, qayta hisoblash, sinov maydonlari barpo qilish barglar toʻkilgungacha yoz davrida, igna bargli daraxtzorlarda esa yilning boshqa mavsumlarida ham amalga oshiriladi. Daraxt ajratish ishlari kesishdan bir yil oldin oʻtkaziladi.
16. Parvarish qilish uchun bir yilda kesish uchastkalarini tanlash oʻrmon tuzish materiallari boʻyicha amalga oshiriladi. Uchastkalar oʻrmon uchastkasi mudiri yoki uning yordamchisi tomonidan bevosita oʻrmonning oʻzida koʻzdan kechirib chiqiladi.
Oʻrmon tuzish maʼlumotlari uchastkalarning haqiqiy holatiga muvofiq boʻlmagan taqdirda, bunday uchastkalar maʼlumotlar farq qilishi toʻgʻrisida dalolatnoma tuzilgan holda kesishdan chiqarib tashlanadi.
17. Yosh daraxtzorlarda (siyraklashtirish, tozalash) butun uchastkada kesish moʻljallangan daraxtlarga belgi qoʻyilmaydi, balki bir xildagi joylarda toʻgʻri burchak shaklida bir yoki bir necha yoxud uzun sinov maydonlari barpo etiladi, ularda butun uchastkada parvarish qilish uchun kesishda namuna boʻlib xizmat qiluvchi kesish amalga oshiriladi. Sinov maydonlari kattaligi uchastka maydonining 3-5 foizini tashkil etishi kerak. Butun uchastkada kesilishi kerak boʻlgan yogʻoch zaxirasi sinov uchun kesiladigan yogʻoch miqdori boʻyicha aniqlanadi.
18. Siyraklashtirish, oʻtish joylari ochish, shuningdek tanlab sanitariya kesishlarida, yangilash va qayta barpo etish bilan bogʻliq kesishlarda diametri koʻkrak balandligida 8 santimetr va undan yuqori boʻlgan kesish belgilangan daraxtlarga uzunasiga chiziq tortiladi va ildizi boʻgʻzidan tamgʻalanadi. Kesiladigan yogʻoch zaxirasi kesish belgilangan daraxtlarni yalpi qayta hisoblash asosida aniqlanadi. Diametri 8 santimetrdan ortiq boʻlgan kesilishi kerak boʻlgan daraxtlar zaxirasi maxsus barpo etiladigan sinov maydonlarida joylashtirish oʻlchovlari bilan aniqlanadi.
19. Qayir (toʻqay)lardagi oʻrmonlarda parvarish qilish uchun kesish daraxtlarning himoya va qirgʻoqni mustahkamlash xususiyatlarini oshirish, daraxtlar majmuini sogʻlomlashtirish va ularning mahsuldorligini oshirish uchun amalga oshiriladi.
Kengligi 150 metr boʻlgan daryo boʻyidagi qirgʻoqni himoya qiluvchi daraxtzorlar sifatidagi alohida himoya uchastkalarida va kanallar boʻyidagi, koʻllar hamda kengligi 250 metr boʻlgan boshqa suv havzalari atrofidagi toʻrangʻi, jiyda, tol va yulgʻindan iborat tabiiy daraxtzorlarda daraxtlarning (shikastlangan, quriyotgan va zararkunandalar uya qoʻygan daraxtlar) faqat tanlab sanitariya maqsadida kesilishiga yoʻl qoʻyiladi.
20. Tabiiy tolzorlar, toʻrangʻizorlar, jiydazorlarda parvarish qilish uchun kesish siyraklashtirish va oʻtish joylari ochish maqsadida kesiladi. Yosh daraxtzorlarda parvarish qilish uchun kesish bir martada 40 foizdan ortiq boʻlmagan daraxt tanasini tanlagan holda 4 — 5 yoshda, siyraklashtirish zaxira boʻyicha 25 foizini tanlagan holda 10 — 12 yoshda, oʻtish joylari ochish uchun kesish 21 yoshdan katta daraxtzorlarda tanlash zaxira boʻyicha 10 — 15 foizdan ortiq boʻlmagan holda amalga oshiriladi.
Tabiiy tolzorlar, toʻrangʻizorlar, jiydazorlarda himoya xossalarini yoʻqotgan, yetilgan va uzoq turib olgan daraxtlarni yangilash uchun kesish oʻrmonning yangi avlodini barpo etish maqsadida oʻtkaziladi. Yetilgan uzoq turib qolgan daraxtlar qolgan toʻnkalarni jonlashtirish va bachki koʻchatlarni tiklash uchun hamda kesishdan keyin uchastkaning kamida 50 foiz maydoni oʻrmon bilan qoplanadigan qilib 30-50 m kenglikda yalpi tor polosa qilib kesiladi. Oʻrmon uchastkasining ikkinchi yarmi birinchi yarmida ishonchli yosh daraxt olingandan va ular siyraklashtirilgandan keyin kesiladi.
Agar yetilayotgan, yetilgan va uzoq turib qolgan daraxtlardan iborat tabiiy qayirlardagi oʻrmonlarda yuqori qismi qurigan, qurigan daraxtlar 50 foizdan ortiq boʻlsa, yalpi sanitariya kesishi oʻtkaziladi. Kesish yoʻnalishi texnologiya yoʻlaklarini har 50 metrdan keyin daryo oqimiga tik joylashtirgan holda daryo oqimiga qarshi belgilanadi.
Parvarish qilish uchun kesish asosan qish davrida tuproq muzlagan paytda oʻtkaziladi.
21. Yongʻoqzorlarni parvarish qilish uchun kesish zichligi (toʻliqligi) 0,6 va undan yuqori boʻlganda oʻtkaziladi, bunda daraxtlar asosan ikki turga — mevali va keyin kesib tashlanadigan nomaqbul daraxtlarga ajratiladi. Parvarish qilish uchun kesishning quyidagi turlari amalga oshiriladi:
a) daraxtlarni siyraklashtirish ularning 6 -7 yoshida bir marta oʻtkaziladi. Bunda oʻsishdan qolgan, muzlagan va shikastlangan daraxtlar olib tashlanadi;
b) tozalash meva tugish pallasiga kirgan daraxtlarning 10 — 15 yoshida oʻtkaziladi. Tozalashning asosiy vazifasi xoʻjalik jihatidan qimmatli meva beradigan daraxtlarni tanlash, ularni maydon boʻylab bir tekis joylashtirishdan iboratdir, shox-shabbalar zichligi bunda 0,4 dan kam boʻlmasligi kerak. IV-V bonitetli yongʻoqzorlarda daraxtlar parvarish qilish uchun kesilmaydi;
v) yaganalash meva beruvchi daraxtlarni yakunlovchi shakllantirishda belgilanadi. Parvarish qilish uchun kesishda daraxtlar ikki turga ajratiladi. Bular: asosiy daraxtlar, ular daraxtzorni shakllantirish tugallangandan keyin mevali daraxtlarni tashkil etishi kerak va nomaqbul daraxtlarga aylanuvchi yordamchi daraxtlar, ular keyinchalik parvarish qilish uchun kesishda izchil ravishda olib tashlanadi.
Soʻnggi kesishlar 1-guruh balandlikdagi yongʻoqzorlarda 40 yoshgacha, 2-guruhga kiruvchi yongʻoqzorlarda 50 yoshgacha, 3-guruhga kiruvchi yongʻoqzorlarda 60 yoshgacha, 4-guruhga kiruvchi yongʻoqzorlarda 70 yoshgacha tugallanishi kerak. Oxirgi kesishdan keyin daraxtlarning zichligi 0,4 dan past boʻlmasligi kerak. Oʻsish sharoitlariga qarab asosiy daraxtlar 1 gektarda 30 tadan 70 tagacha boʻlishi kerak. Bunda ularni bir tekis joylashtirish nazarda tutilishi zarur.
22. Koʻlankasi ostida yongʻoq niholi yoki daraxti boʻlgan zarang, olma, olcha va boshqa daraxtlar koʻp boʻlgan tabiiy daraxtzorlarda qayta barpo etish (tarkibi boʻyicha) har 5 yilda kesgan holda amalga oshiriladi. Birinchi navbatda zarang, olma, olcha hamda boshqa yosh nihollarga soya soluvchi daraxtlar kesiladi. Tabiiy ravishda oʻsgan turli yoshdagi yongʻoq daraxtlari, shuningdek uzoq turib qolgan daraxtlar ostida yongʻoq daraxti ekilgan uchastkalarda parvarish qilish uchun kompleks kesish oʻtkaziladi. V klass yoshdagi va undan katta klassdagi daraxtlar yangilash uchun kesiladi. Bunday kesishning vazifasiga yongʻoqning urugʻdan koʻkarishini rivojlantirish, ular bilan daraxtzorning keksa avlodini asta-sekin almashtirish uchun shart-sharoitlar yaratish kiradi. Yorugʻlik tushadigan oraliqlar ochiladi, meva bermaydigan daraxtlar olib tashlanadi. Daraxtlarning (olma, olcha va boshqalarning) ikkinchi pogʻonasini parvarish qilish qalin oʻsgan guruhlarni kesishdan, mevali daraxtlarni qisilishdan xalos qilish va ularni yoshartirishdan iboratdir. Sanitariya holatiga koʻra, shamol, qor sindirgan hamda sinib tushgan daraxtlarni olib tashlash parvarish qilish uchun kesish kompleksiga kiradi.
Parvarish qilish uchun kesish jadalligi daraxtning zichligiga va yosh guruhiga, shuningdek togʻ yonbagʻirlarining tikligiga bogʻliq ravishda aniqlanadi. Qiyaligi 25 gradusdan ortiq boʻlgan yonbagʻirda eroziya bilan yuvib ketish xavfi oshadi.
23. Tabiiy pistazorlarda zichlik past boʻladi (0,3 — 0,4), shu sababli ular parvarish qilish uchun kesilmaydi. Qurigan, yuqori qismi qurib qolgan, kasal va kasallikka chalingan pista daraxtlari tanlab sanitariya maqsadlarida kesib tashlanadi.
Sunʼiy ravishda barpo etilgan qalin pistazorlarda parvarish qilish uchun kesish birinchi klass yosh daraxtlarda ularning zichligi 0,7 ga va undan yuqoriga yetganda yoki ularning yaxshiroq meva berishi uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida 1 gektarda 500 — 600 tupdan ortiq daraxtlar boʻlgan taqdirda belgilanadi.
Parvarish qilish uchun kesishdan keyin pistazorlarda 1 gektarda kamida 150—200 daraxt qolishi kerak. Imkoni boricha plantatsiyalarda erkak va ayol daraxtlar soni 1 : 5 yoki 1 : 7 nisbatga muvofiq boʻlishi kerak.
Toʻnkadan koʻkargan novdalarni yoʻqotish maqsadida amaldagi tavsiyalarga muvofiq kimyoviy usul qoʻllaniladi.
24. Mevasi shirin va achchiq boʻlgan qalinlashgan bodomzorlarda parvarish qilish uchun kesish II-III klass yoshda (10 — 15 yosh) ularning zichligi 0,7-0,8 ga yoki undan yuqoriga yetganda yoki 1 gektardagi daraxtlar tupi 600 — 700 dan ortiq boʻlganda belgilanadi.
Qatorlar oraligʻi 3-4 metr boʻlgan bodomzorlarda alohida qatorlarni kesilmaydigan qatorlar bilan navbatlashtirgan holda kesish zarur.
15 yoshda oziqlantirish maydoni 22 — 28 kvadrat metrni yoki daraxtlar soni 1 gektarda qariyb 400 tani tashkil etishi kerak.
Oddiy bodom daraxtlarini kesish mevalar yetilganda va taʼmiga qarab ularning shirin yoki achchiqligini aniqlash mumkin boʻlgan yoz paytida (iyun — avgust oylarida) belgilanadi.
25. Turli yoshdagi olma va olcha daraxtlariga nisbatan parvarish qilish uchun kesish shox-shabbaning zichligi 0,7 dan past boʻlmaganda belgilanadi. Yovvoyi holda oʻsuvchi olma va olcha daraxtlarining bunday uchastkalarida qalinlik 0,5 gacha yetkazilgan holda oʻtish joyi barpo qilish uchun kesiladi. Meva berayotgan daraxtlardan eng avvalo shox-shabbasini tiklashga qodir boʻlmagan quriyotgan, kasal va kasallikka duchor boʻlayotgan daraxtlar kesiladi.
Qiyaligi 20 gradusdan ortiq boʻlgan uchastkalarda moʻljallangan daraxtlar kesilgandan keyin I va II pogʻonadagi daraxtlarning zichligi 0,5 dan past boʻlmasligi kerak.
VII. EROZIYAGA QARSHI OʻRMONLAR
26. Ushbu oʻrmonlarda, shu jumladan tik togʻ yonbagʻirlaridagi uchastkalardagi oʻrmonlarda parvarish qilish uchun kesish tabiiy jarayonlar davomida oʻrmonlarning qiymati yomonlashgan taqdirdagina amalga oshiriladi. Zarafshon archasi, nimyumaloq va Turkiston archasidan iborat eroziyaga qarshi oʻrmonlar juda siyrakligi tufayli ularni parvarish qilish uchun kesish belgilanmaydi. Faqat tanlab sanitariya kesishlari oʻtkaziladi.
VIII. TANLAB SANITARIYA KESISHLAR
27. Tanlab sanitariya kesishlar daraxtzorlarni qoniqarli sanitariya holatida saqlash uchun amalga oshiriladi. Mustaqil tadbir sifatida ular parvarish qilish uchun kesishning asosiy turlari oʻtkazilish bilan bir vaqtda amalga oshirilishi mumkin boʻlmagan paytlarda oʻtkaziladi.
Sanitariya kesishlarida qurigan, quriyotgan, shamolga egiluvchi, qordan sinuvchi, mexanik yoki biologik shikastlangan, zamburugʻlar tufayli yuzaga keladigan kasalliklariga chalingan daraxtlar olib tashlanadi. Qoniqarsiz sanitariya holatiga ega boʻlgan va shikastlangan daraxtlarning barchasi, agar ularni olib tashlash zichlikni 0,5 dan kamaytirmasa, kesib tashlanadi.
IX. KESISH JOYLARINI TOZALASH
28. Oʻsib chiqish joyi sharoitlariga va kesilgan qoldiqlarni sotish imkoniyatlariga qarab kesilgan joylarni tozalash quyidagicha oʻtkaziladi:
a) kesilgan qoldiqlarni arava yoʻliga joylashtirish;
b) kesilgan qoldiqlarni keyinchalik yoqilgʻiga ishlatish yoki qayta ishlash uchun toʻplash;
v) ularni chiritish uchun joyida qoldirgan holda toʻplash;
g) mayda kesilgan qoldiqlarni maydon boʻylab bir tekis sochib yuborish;
d) yongʻin xavfsizligi choralarini taʼminlagan holda uzun yoʻl, sayhon va yalangliklarga tashish va toʻplab yoqish.
Tozalash usullari oʻrmonchilik xoʻjaligi tomonidan belgilanadi va oʻrmon chiptasida koʻrsatiladi.
X. OʻRMONNI PARVARISH QILISH UCHUN KESISHGA RUXSAT BERISH TARTIBI
Oldingi tahrirga qarang.
29. Oʻrmonni parvarish qilish uchun kesishga qaramogʻida davlat oʻrmon fondi boʻlgan vazirliklar va idoralar tomonidan ruxsat beriladi.
(29-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 22-iyuldagi 439-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2024-y., 09/24/439/0543-son)
Oʻrmonlarning xususiyatlariga va ularning maqsadli vazifasiga, yogʻoch-taxta va biologik massaning muayyan turini tayyorlashning xoʻjalik jihatidan maqsadga muvofiqligiga bogʻliq ravishda tuziladigan sanash vedomosti hamda oʻrmon xoʻjaligi yurituvchi korxona rahbariyati tomonidan tasdiqlanadigan parvarish qilish uchun kesish texnologiyasi yuzasidan qabul qilingan qoidalar bayon qilinadigan ish hujjatlari daraxtlarni kesishga ruxsat berish uchun asosiy hujjat hisoblanadi.
Oʻrmon xoʻjaligi korxonalari parvarish qilish uchun kesish oʻtkazilishiga ruxsat berilgandan keyin uchastka yoki oʻrmon uchastkasi rahbarlariga kesish joyi, kesiladigan maydon va yogʻoch massasi miqdori, yogʻochni tashib chiqarish va joylashtirish, kesish joylarini tekshirish, kesilgan qoldiqlardan tozalash tartibi koʻrsatilgan belgilangan namunadagi oʻrmon chiptasini yozib beradi.
Uchastka yoki oʻrmon uchastkasi rahbarlari oʻrmonni parvarish qilish uchun kesishda oʻrmonlarda yongʻin xavfsizligining, xavfsizlik texnikasining, sanitariya normalarining barcha talablariga rioya qilishlari shart hamda daraxtlarni kesish qoidalari aniq buzilganligi va barcha talablarga rioya etilmaganligi uchun kesishni bevosita amalga oshiruvchi shaxslarni ishdan chetlatish huquqiga ega boʻladilar.
Oldingi tahrirga qarang.
Kesish tartibi buzilishiga va oʻrmon chiptasida qayd etilgan boshqa talablar barbod etilishiga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslar Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq javob beradilar.
(29-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
XI. TURLI MAQSADLARDAGI OʻRMONNI PARVARISH QILISH UCHUN KESISH
30. Taqiqlangan oʻrmonlarda, daryolar, koʻllar, suv omborlari va boshqa suv obyektlari qirgʻoqlaridagi oʻrmonlarda parvarish qilish uchun kesish daraxtlar va butalar navlarini tanlagan holda sogʻlom va mustahkam daraxtlar yetishtirishga qaratilgandir. Har bir kesishda daraxtlar zichligi 0,7-0,8 toʻliqlikdan past boʻlmasligi kerak. Ushbu joylarda parvarish qilish uchun kesish yuza oqimni tuproqqa oʻtkazish va tuproq eroziyasining oldini olish uchun yuqori qismi zich daraxtzor barpo etishga qaratilgan.
Temir yoʻllar va avtomobil yoʻllari boʻylab ekilgan himoya daraxtlarini parvarish qilish uchun kesish daraxtlarning qorni singdirish, shamolning tezligini pasaytirish va tuproqni mustahkamlash xossalarini oshirishga qaratilgandir. Kesish jadalligi cheklangan va toʻliqligi 0,7 dan kam boʻlmasligi kerak.
Shaharlar, aholi punktlari va sanoat markazlari atrofidagi yashil zonalarda yuqori rekreatsiyali zoʻriqishga duchor boʻlgan hamda muhim himoya ahamiyatiga ega boʻlgan shahar oʻrmonzorlarida, oʻrmon-bogʻlarda parvarish qilish uchun kesish muayyan maqsadli yoʻnalishga — oʻrmonlar va daraxtlar sifat tarkibini yaxshilash maqsadiga ega boʻlgan turli xil landshaftli daraxtzorlar barpo etish uchun yakka tartibdagi loyihalar boʻyicha olib boriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Suv obyektlari, tabiiy kurort hududlari va dam olish hududlarining sanitariya muhofazasi zonalaridagi, 0,5 — 1 km radiusdagi oʻrmon uchastkalaridagi oʻrmonlarda parvarish qilish uchun kesish zichligi 0,5 — 0,7 boʻlgan koʻp yillik va mustahkam, yuqori mahsulli daraxtlar yetishtirishga qaratilgan. Parvarish qilish uchun kesish jadalligi hudud joylashgan joy hisobga olingan holda daraxtlarning zichligiga bogʻliq ravishda belgilanadi.
(30-bandning toʻrtinchi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 4-apreldagi 95-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2005-y., 14-son, 103-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
31. Oʻrmonlarda, davlat qoʻriqxonalarida, kompleks (landshaft) zakazniklarda, tabiiy bogʻlar va davlat biosfera rezervatlarining qoʻriqxona hududlarida, ilmiy va tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan oʻrmonlarda va tabiiy yodgorliklarda parvarish qilish uchun kesish amalga oshirilmaydi.
(31-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 4-apreldagi 95-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2005-y., 14-son, 103-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
32. tabiiy bogʻlari va davlat biosfera rezervatlarida (ularning qoʻriqxona hududlaridan tashqari) oʻrmonlarida parvarish qilish uchun kesish yakka tartibdagi loyihalar boʻyicha bajariladi.
(32-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 4-apreldagi 95-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2005-y., 14-son, 103-modda)
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil
22-noyabrdagi 506-son qaroriga
3- ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi oʻrmonlarida pichan oʻrish va mol boqish
QOIDALARI
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Davlat oʻrmon fondi uchastkalarida pichan oʻrish va mol boqish jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ushbu maqsadlar uchun maxsus moʻljallangan maydonlarda ushbu Qoidalar bilan belgilanadigan tartibda va belgilangan taksalar boʻyicha amalga oshiriladi.
2. Ushbu Qoidalar barcha oʻrmonlarda qoʻllanadi, korxonalar, tashkilotlar va muassasalarga biriktirilgan (idoralarga qarashli) oʻrmonlar bundan mustasno.
3. Ushbu Qoidalar oʻrmon xoʻjaligi yurituvchi korxonalar, tashkilotlar va muassasalar uchun majburiy hisoblanadi. Ushbu Qoidalar oʻrmonlarda pichan oʻruvchi va mol boquvchi oʻrmonlardan foydalanuvchilarning barcha toifalariga tatbiq etiladi.
II. PICHAN OʻRISH UCHUN YAROQLI MAYDONLARNI ANIQLASH
4. Oʻrmonlarda va daraxtzorlar bilan qoplanmagan davlat oʻrmon fondi yerlarida pichan oʻrish uchun yaroqli boʻlgan maydonlar, eng avvalo davlat oʻrmon fondi yerlari tarkibiga kiruvchi qishloq xoʻjaligi yerlari aniqlanadi.
Koʻrsatib oʻtilgan maydonlarni aniqlash oʻrmon tuzish va yer tuzishga oid reja-kartografiya materiallari, shuningdek boshqa reja-kartografiya materiallari asosida amalga oshiriladi.
5. Pichan oʻrish uchun shuningdek, oʻrmonning daraxtlari kesib olingan daraxt ekilmagan uchastkalaridan, yalangliklardan hamda oʻrmonlarning tabiiy ravishda tiklanishi kutilmayotgan, daraxtzorlar bilan qoplanmagan boshqa maydonlardan, ularga oʻrmon daraxtlari oʻtqazilgungacha foydalanish mumkin.
Zarur hollarda pichan oʻrish uchun kam qimmatli daraxtzorlarning ushbu maqsad uchun yaroqli, rekonstruksiya qilishga moʻljallanmagan uchastkalaridan foydalanish mumkin.
Koʻrsatib oʻtilgan maydonlar oʻrmon xoʻjaligi yurituvchi korxonalar, tashkilotlar va muassasalar tomonidan tumanlar hokimliklari vakillari ishtirokida, daraxtzorlar barpo etish reja–kartografiya materiallari, shuningdek xatlov, aerotaksatsiya va oʻrmonlarni boshqa tekshirish materiallari asosida belgilanadi va har yili aniqlashtirib boriladi.
III. MOL BOQISH
6. Mol boqishga barcha oʻrmonlarda va daraxtzorlar bilan qoplanmagan davlat oʻrmon fondi yerlarida ruxsat etiladi. Alohida qimmatga ega boʻlgan oʻrmon massivlari, yongʻoq yetishtiriladigan zona oʻrmonlari, kurortlarning sanitariya muhofazasi okruglari, eroziyaga qarshi oʻrmonlar bundan mustasno.
7. Quyidagilarda:
a) oʻrmon daraxtlarining boʻyi ularning yuqori qismini mollar shikastlay olmaydigan balandlikka yetmagan maydonlarda, urugʻlik daraxtli, tol, terak va yongʻoqmevali daraxtzorlarda, shuningdek tabiiy ravishda oʻrmonlar tiklanishiga koʻmaklashish tadbirlari amalga oshirilayotgan uchastkalarda;
b) yosh daraxtlarning yuqori qismini mol shikastlay olmaydigan balandlikka yetgunigacha jadal oʻsayotgan tabiiy yosh daraxtzorlarda;
v) daraxtlari kesilgan hamda igna bargli va qattiq bargli daraxtzorlar tabiiy ravishda tiklanishi moʻljallangan, daraxtzorlar bilan qoplanmagan boshqa maydonlarda;
g) oson yuvilib ketadigan va toʻzib ketadigan tuproqli maydonlarda mol boqish taqiqlanadi.
8. Oʻrmonlarning alohida muhofaza qilinadigan uchastkalarida choʻponsiz mol boqish har bir muayyan holatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari qaroriga koʻra taqiqlanishi yoki cheklanishi mumkin.
9. Oʻrmondan berilgan yaylovlarda mollarni choʻponsiz boqish taqiqlanadi.
Mollarni choʻponsiz boqishga atrofi oʻralgan uchastkalarda yoki mol bogʻlab qoʻyilgan holatda ruxsat etiladi.
Ovchilik xoʻjaliklari oʻrmonlarida mollarni itlar bilan boqishga yoʻl qoʻyilmaydi.
10. Echkilarni oʻrmonlarda boqish taqiqlanadi. Oʻrmon xoʻjaligi yurituvchi korxonalar, tashkilotlar va muassasalar mol egalari tomonidan atrofi oldindan oʻrab qoʻyilgan alohida ajratilgan uchastkalarda echkilar boqishga istisno tariqasida ruxsat berishlari mumkin.
11. Mol egalari zarur hollarda oʻrmon xoʻjaligi yurituvchi korxonalar, tashkilotlar va muassasalar koʻrsatmasiga binoan oʻrmon oʻsimliklarini, koʻchatzorlarini va oʻrmonning boshqa qimmatli uchastkalarini muhofaza qilish maqsadida mollar haydab oʻtiladigan maydonlar va yaylovlar atrofini oʻrashga majburdirlar.
Maydonlar atrofini oʻrash uchun yogʻoch yaylovlardan foydalanuvchilarga oʻrmon xoʻjaligi yurituvchi korxonalar, tashkilotlar va muassasalar tomonidan belgilangan taksa boʻyicha sotiladi.
12. Mollarni oʻtlatish muddatlari va normalari tegishli oʻrmon xoʻjaligi davlat organlarining taqdimnomasi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan belgilanadi.
IV. PICHAN OʻRISH VA MOL BOQISH UCHUN UCHASTKALARNI TAQSIMLASH VA ULARDAN FOYDALANISH TARTIBI
13. Oʻrmon xoʻjaligi yurituvchi korxonalar, tashkilotlar va muassasalar belgilangan tartibda oʻrmonlardagi va davlat oʻrmon fondi yerlaridagi pichan oʻrishga va mol boqishga yaroqli maydonlardan:
oʻrmon muhofazasi xodimlariga va yer uchastkasi olish huquqiga ega boʻlgan boshqa toifadagi xodimlarga pichan oʻrish uchun xizmat bilan bogʻliq yer uchastkalari, shuningdek moli bor mazkur xodimlarga mol boqish uchun uchastkalar;
oʻrmon xoʻjaligining moli bor boʻlgan, lekin xizmat bilan bogʻliq yer uchastkasi olish huquqidan foydalanmayotgan xodimlariga pichan oʻrish va mol boqish uchun uchastkalar;
oʻrmon xoʻjaligi korxonalarining jamoa chorvachiligini yem-xashak bilan taʼminlash uchun, shuningdek pichan xarid qilish boʻyicha shartnoma majburiyatlarini bajarish uchun uchastkalar ajratadilar.
14. Pichan oʻrish va mol boqish uchun yaroqli boʻlgan qolgan maydonlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar oʻrmon xoʻjaligi yurituvchi korxonalar, tashkilotlar va muassasalar tomonidan bu maydonlarni foydalanuvchilar oʻrtasida taqsimlash uchun (vaqtinchalik uzoq muddat foydalanish uchun ajratilgan uchastkalarni chegirgan holda) pichan oʻrish yoki mol boqish boshlanishidan kechi bilan ikki oy oldin tumanlar hokimliklariga taqdim etiladi.
Oʻrmon xoʻjaligi yurituvchi korxonalar, tashkilotlar va muassasalar rahbarlari koʻrsatilgan maʼlumotlarning oʻz vaqtida topshirilishi, toʻliqligi va aniqligi uchun shaxsan javob beradilar.
15. Tumanlar hokimliklari pichan oʻrish yoki mol boqish boshlanishidan kechi bilan bir oy oldin fuqarolarga, oʻrmon xoʻjaligi yurituvchi korxonalar, tashkilotlar va muassasalarga pichan oʻriladigan uchastkalar va yaylovlarning taqsimlanishi haqida xabar qiladilar.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻrmon xoʻjaligi yurituvchi korxonalar, tashkilotlar va muassasalar tumanlar hokimliklari qarorlari asosida oʻrmon chiptalari berilishini taʼminlaydilar va uchastkalarni pichan oʻrish va mol boqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq toʻlov asosida natura holida beradilar.
(15-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
16. Pichan oʻrish va mol boqish uchun uchastkalardan foydalanish huquqini beruvchi belgilangan namunadagi oʻrmon chiptalari oʻrmon xoʻjaligi yurituvchi korxonalar, tashkilotlar va muassasalar tomonidan barcha foydalanuvchilarga, shu jumladan pichan oʻrish uchun xizmat bilan bogʻliq yer uchastkalaridan foydalanish huquqi yuzasidan ham beriladi. Oʻrmon chiptasida foydalanish muddati, maydoni va joyi (oʻrmon uchastkasi, dala hovli, mavze, tabiiy chegara), shuningdek foydalanuvchining majburiyatlari koʻrsatiladi.
17. Korxonalar, tashkilotlar, muassasalar va fuqarolar oʻrtasidagi pichan oʻrish va mol boqish uchun uchastkalardan foydalanishga doir nizolar ariza berilgan kundan boshlab 10 kun muddatda tumanlar hokimliklari tomonidan yoki sud tartibida hal qilinadi.
Tumanlar hokimliklarining pichan oʻrish va mol boqish uchun uchastkalarni taqsimlash va ulardan foydalanish masalalari boʻyicha qarorlari yuzasidan sud tartibida shikoyat berilishi mumkin.
18. Oʻrmon xoʻjaligi yurituvchi korxonalar, tashkilotlar va muassasalar korxonalar, tashkilotlar, muassasalar va fuqarolar tomonidan ularga berilgan uchastkalardan oqilona foydalanilishi hamda belgilangan qoidalarga rioya qilinishi ustidan muntazam nazoratni amalga oshirishga majburdirlar.
19. Berilgan uchastkalarda pichan oʻrish va mol boqish oʻrmon chiptalarida koʻrsatilgan muddatlarda amalga oshirilishi kerak. Oʻrmon chiptalarida koʻrsatilgan muddatlarda foydalanilmagan uchastkalar ushbu Qoidalarda nazarda tutilgan tartibda boshqa foydalanuvchilarga beriladi.
20. Pichan oʻrish va mol boqish uchun uchastkalar (ushbu Qoidalarning 13-bandida koʻrsatilganlardan tashqari) korxonalar, tashkilotlar, muassasalar va fuqarolarga vaqtinchalik qisqa muddat foydalanishga 3 yilgacha muddatga, vaqtinchalik uzoq muddat foydalanish imkoniyati mavjud boʻlganda esa 3 yildan 10 yilgacha muddatga beriladi.
Koʻrsatib oʻtilgan uchastkalar vaqtinchalik uzoq muddat foydalanishga berilganda foydalanuvchilar zimmasiga pichanzorlar va yaylovlar sifatini yaxshilashga doir tadbirlarni amalga oshirish majburiyati yuklanishi mumkin.
21. Korxonalar, tashkilotlar, muassasalar va fuqarolar tomonidan ushbu Qoidalar bir necha marta buzilgan taqdirda ularga pichan oʻrish va mol boqish uchun berilgan uchastkalardan foydalanish huquqi tuman hokimligi qaroriga binoan toʻxtatilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
22. Oʻzboshimchalik bilan pichan oʻrganlik yoki mol boqqanlik, pichanzorlar va yaylovlarni payxon qilganlik, daraxtlar, butalar va oʻsimliklarni nobud qilganlik yoki ularga zarar yetkazganlik uchun, shuningdek oʻrmon qoidalarini boshqacha buzishlar uchun korxonalar, tashkilotlar, muassasalar va fuqarolar Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq javob beradilar.
(22-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1999-y., 11-son, 68-modda; 2017-y., 30-son, 734-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.05.2018 g., № 09/18/321/1154; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 24.07.2024-y., 09/24/439/0543-son)