1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.03.00.00 Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlari / 02.03.03.00 Qoʻmitalar;
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.11.00.00 Geodeziya va kartografiya / 09.11.01.00 Geodeziya;
3.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.11.00.00 Geodeziya va kartografiya / 09.11.02.00 Kartografiya;
4.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.03.00.00 Yerdan foydalanish va muhofaza qilish / 11.03.02.00 Yerdan foydalanish va muhofaza qilishning boshqaruvi. Yerga oid munosabatlarni tartibga solish yuzasidan davlat organlarining vakolatlari]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat hokimiyati organlari. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari;
2.Tabiiy resurslar / Er;
3.Iqtisodiyot / Davlat moddiy zaxirasi]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasini tashkil etish toʻgʻrisida” 2004-yil 15-oktabrdagi PF-3502-son Farmonini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi (“Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi) tarkibiga kiruvchi tashkilotlar roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;
“Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasining xodimlarning cheklangan umumiy soni 63 nafar, shu jumladan boshqaruv xodimlari soni 43 nafar boʻlgan markaziy apparati tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalarining namunaviy tuzilmasi va xodimlarning cheklangan soni 3 va 3a-ilovalarga muvofiq;
tuman (shahar) yer resurslari va davlat kadastri boʻlimining namunaviy tuzilmasi 4-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizom 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
“Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi raisiga, zarurat boʻlganda, markaziy apparat tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda viloyatlar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalari tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda viloyatlar yer resurslari boshqarmalari, yer, binolar va inshootlar davlat kadastri bosh boshqarmalari, texnik xatlovdan oʻtkazish kadastr byurolari negizida tashkil etiladi;
Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi Toshkent shahar yer munosabatlarini tartibga solish va koʻchmas mulk kadastri bosh boshqarmasi hamda yakka tartibdagi uy-joylarni hisobga olish va nazorat qilish boshqarmasi negizida tashkil etiladi;
tumanlar (shaharlar) yer resurslari va davlat kadastri boʻlimlari tegishli ravishda tumanlar (shaharlar) yer resurslari xizmatlari, koʻchmas mulk kadastri xizmatlari va texnik xatlovdan oʻtkazish kadastr byurolari negizida tashkil etiladi.
3. “Kartografiya” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi negizida “Kartografiya” davlat ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi tashkil etilsin, tegishli ravishda “Oʻzdaverloyiha” ilmiy-loyihalash instituti hamda Geodeziya nazorati davlat inspeksiyasi tarkibidan chiqariladigan “Agroxarita” kartografiya fabrikasi va Davlat kartografiya-geodeziya fondi uning tarkibiga berilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Geodeziya nazorati davlat inspeksiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi huzuridagi Davlat geodeziya nazorati inspeksiyasiga aylantirilsin.
5. Texnik xatlovdan oʻtkazish respublika kadastr byurosi hamda Xoʻjalik hisobidagi respublika koʻchmas mulk kadastri xizmati, “Yer-servis” ilmiy-texnika markazi, “Geotexnika” davlat unitar korxonasi tugatilsin, ularning funksiyalari va mol-mulki belgilangan tartibda “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasiga berilsin.
“Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi bilan birgalikda koʻrsatib oʻtilgan tuzilmalarni tugatish bilan bogʻliq tadbirlarni belgilangan tartibda amalga oshirsin.
6. “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi Andijon, Buxoro, Jizzax va Navoiy viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda Andijon, Buxoro, Jizzax, Navoiy shaharlarining, Gʻijduvon va Qorakoʻl tumanlarining ilgari xususiylashtirilgan texnik xatlovdan oʻtkazish kadastr byurolarining arxivlari belgilangan tartibda “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasining tegishli boʻlinmalariga berilishini taʼminlasinlar.
7. “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasini tashkil etish bilan bogʻliq tashkiliy-texnik masalalarni hal etish va uning rahbar xodimlarini, hududiy boʻlinmalar hamda Qoʻmitaga qarashli tuzilmalar rahbarlarini attestatsiyadan oʻtkazish boʻyicha Respublika komissiyasi 6-ilovaga* muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
Respublika komissiyasi (Sh.M. Mirziyoyev) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda:
“Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasini tashkil etish bilan bogʻliq barcha zarur tashkiliy-texnik tadbirlar amalga oshirilishini;
hududiy boʻlinmalarning tashkiliy tuzilmasi mazkur qarorga muvofiqlashtirilishini;
boʻshab qolayotgan xodimlarni ishga joylashtirish boʻyicha belgilangan tartibda chora-tadbirlar koʻrilishini;
“Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi markaziy apparati rahbar xodimlari, hududiy boʻlinmalar va qoʻmitaga qarashli tuzilmalar rahbarlari attestatsiyadan oʻtkazilishini taʼminlasin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida ana shunday hududiy komissiyalar tashkil etilsin.
8. “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi bir oy muddatda:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalari toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlasin;
moddiy-texnik bazani xatlovdan oʻtkazsin, “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi hududiy boʻlinmalarini texnik jihatdan qayta jihozlash dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi huzuridagi Davlat geodeziya nazorati inspeksiyasi toʻgʻrisidagi nizom, (sugʻoriladigan ekin maydonlarining oborotdan chiqib ketishiga yoʻl qoʻymaslikka alohida eʼtibor bergan holda) Yerdan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan davlat nazorati toʻgʻrisidagi nizom, yangi tahrirdagi Davlat kadastrlari yagona tizimini yaratish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom loyihalarini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi bilan kelishgan holda “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasiga qarashli tashkilotlar tomonidan bajariladigan loyiha-qidiruv va yer tuzish ishlari qiymatini shartnomaviy, joriy narxlarda aniqlashning yangi tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin, bunda bajariladigan ishlar (xizmatlar) qiymatini geodeziya, kartografiya, topografiya, yer tuzish, kadastr va baholash ishlarini amalga oshirishning zamonaviy texnologiyalarini joriy etish hisobiga pasaytirishni nazarda tutsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda respublikaning barcha hududida yerlarning miqdori va ulardan foydalanilishi toʻgʻrisidagi hisobotlar shakllarini qayta koʻrib chiqsin hamda belgilangan tartibda yangi yagona hisobot shakllarini tasdiqlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Geodeziya, kartografiya va davlat kadastri bosh boshqarmasi ilgari egallab turgan xizmat binolari va xonalari “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi va unga qarashli tashkilotlar ixtiyorida qoldirilsin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalarini, tumanlar (shaharlar) yer resurslari va davlat kadastri boʻlimlarini binolar, jihozlar va telefon aloqasi bilan taʼminlasinlar.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 7-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin hamda baʼzilariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
Vazirliklar va idoralar bir oy muddatda oʻz normativ hujjatlarini mazkur qarorga muvofiqlashtirsinlar.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 19-oktabrdagi 483-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi (“Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi) tarkibiga kiruvchi korxonalar va tashkilotlar roʻyxati
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalari
2. Tumanlar (shaharlar) yer resurslari va davlat kadastri boʻlimlari
Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 19-oktabrdagi 483-son qaroriga 5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi deb ataladi) davlat boshqaruv organi hisoblanadi.
“Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi oʻz faoliyati toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi.
2. “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi tizimiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) yer resurslari va davlat kadastri boʻlimlari, Davlat geodeziya nazorati inspeksiyasi, Markaziy va Samarqand aerogeodeziya korxonalari, Geodeziya va kartografiya milliy markazi, “Kartografiya” davlat ilmiy-loyihalash korxonasi, Oʻzbek davlat yer tuzish ilmiy-loyihalash instituti — “Oʻzdaverloyiha”, Tuproqshunoslik va agrokimyo davlat ilmiy-tadqiqot instituti, “Geoinformkadastr” davlat unitar korxonasi kiradi.
Hududiy boʻlinmalar “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasiga boʻysunadi va tegishli mahalliy davlat hokimiyati organiga hisobot beradi.
3. “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qarorlari va boshqa hujjatlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.
4. “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi oʻz faoliyatini davlat boshqaruvi boshqa organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradi.
5. “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi va uning hududiy boʻlinmalarining moddiy-texnika taʼminoti, shuningdek xodimlari mehnatiga haq toʻlash ajratiladigan mablagʻlar doirasida davlat budjeti mablagʻlari, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
6. “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi, uning hududiy boʻlinmalari, unga idoraviy mansub boshqa organlar, korxonalar va muassasalar yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi yozilgan muhrga ega boʻladi.
II. “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasining vazifalari va funksiyalari
7. Quyidagilar “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
yer resurslaridan oqilona foydalanish, yer munosabatlarini tartibga solish, yer tuzishni va yerlar monitoringini tashkil qilish, tuproq unumdorligini saqlash, oshirish va qayta tiklash boʻyicha yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlash;
tuproq unumdorligini oshirish, yerlardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilishga doir davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
yerlardan oqilona foydalanilishi va ular muhofaza qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
geodeziya va kartografiya faoliyatini boshqarish;
davlat geodeziya nazoratini tashkil etish;
davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining davlat kadastrlarini yuritish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
davlat yer kadastrini, davlat kartografiya-geodeziya kadastrini, binolar va inshootlar davlat kadastrini, shuningdek Davlat kadastrlari yagona tizimini yuritish.
8. “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) yerdan foydalanish sohasida:
yerga oid munosabatlarni tartibga solish tizimini takomillashtirishga, yerlardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilishga yoʻnaltirilgan yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
davlat boshqaruvi organlarining, yuridik va jismoniy shaxslarning yerlardan foydalanish, tuproq unumdorligini saqlash, oshirishni taʼminlash sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
yer tuzish, yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilishni, yer resurslarini hisobga olish va baholashni takomillashtirishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish, yuridik va jismoniy shaxslar, davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan yer toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini tashkil qiladi va amalga oshiradi, yoʻl qoʻyilgan qonun buzilishlarini bartaraf etish va aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish boʻyicha oʻz vaqtida chora-tadbirlar koʻrilishini taʼminlaydi;
yer fondining holatini kuzatish, oʻzgarishlarni oʻz vaqtida aniqlash, salbiy jarayonlarning oldini olish va oqibatlarini tugatish maqsadida yerlar monitoringini amalga oshiradi;
mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda tuproq unumdorligini oshirish, yerlardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish boʻyicha davlat dasturlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
Yer resurslarining holati toʻgʻrisida har yilgi Milliy hisobotni tuzadi.
b) geodeziya va kartografiya faoliyati sohasida:
davlat geodeziya tarmogʻini yaratadi, rivojlantiradi va ish holatida saqlaydi;
davlat maqsadidagi hamda maxsus maqsaddagi grafik, raqamli, fotosuratli va boshqa shakllardagi topografiya xaritalari va planlarini yaratadi, yangilaydi va nashr qiladi;
Yerni masofadan zondlashni va geodinamik tadqiqotlarni amalga oshiradi;
umumjugʻrofiy, siyosiy-maʼmuriy, ilmiy-maʼlumotnoma va boshqa mavzuli xaritalarni hamda tarmoqlararo maqsaddagi atlaslarni, oʻquv kartografiya qoʻllanmalarini tuzadi va nashr qiladi;
davlat maqsadidagi va maxsus maqsaddagi jugʻrofiy axborot tizimlarini yaratadi va yuritadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasi chiziqlarini delimitatsiya, demarkatsiya qilishni va tekshirishni geodeziya, kartografiya va gidrografiya jihatidan taʼminlashni tashkil qiladi;
geodeziya, kartografiya va kadastr ishlarini metrologiya jihatidan taʼminlashni tashkil qiladi;
geodeziya va kartografiya faoliyatini muvofiqlashtiradi va tartibga soladi;
davlat geodeziya nazoratini amalga oshiradi;
davlat kartografiya-geodeziya fondini shakllantiradi va yuritadi;
jugʻrofiy nomlar standartlashtirilishini, hisobga olinishini va ularni qoʻllash tartibga solinishini taʼminlaydi;
ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va tajriba-texnologiya ishlarini bajaradi, normativ-texnik hujjatlarni ishlab chiqadi, geodeziya va kartografiya asbob-uskunalari ishlab chiqarishni tashkil qiladi;
iqtisodiyot tarmoqlarini, fan, mudofaa va aholini geodeziya, kartografiya axborotlari bilan taʼminlaydi;
geodeziya va kartografiya faoliyati litsenziyalanishini tashkil qiladi;
v) davlat kadastrini yuritish sohasida:
davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining davlat kadastrlarini yuritish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
Davlat kadastrlari yagona tizimiga kiritiladigan tarmoq kadastr axborotlarini yigʻish, tahlil qilish, turkumlash, saqlash va yangilashni amalga oshiradi;
davlat yer kadastrini yuritadi;
binolar va inshootlarning davlat kadastrini yuritadi;
davlat kartografiya-geodeziya kadastrini yuritadi;
ilmiy-tadqiqot va tajriba-texnologiya ishlarini bajaradi, normativ-texnik hujjatlarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
viloyatlar, tumanlar va aholi punktlarining maʼmuriy chegaralarini belgilash (aniqlash) ishlarini tashkil qiladi va amalga oshiradi;
foydalanuvchilarni kadastr axborotlari bilan taʼminlaydi;
g) koʻchmas mulkka huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sohasida:
koʻchmas mulkka huquqlarni va koʻchmas mulkka doir bitishuvlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiradi;
koʻchmas mulkka huquqlar, ularning bir huquq egasidan ikkinchisiga oʻtishi toʻgʻrisidagi, koʻchmas mulkka huquqlarni chegaralash va koʻchmas mulkka doir boshqa bitishuvlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bankini tashkil qiladi.
9. “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bevosita, shuningdek oʻzining hududiy boʻlinmalari, boshqa idoraviy mansub organlar va muassasalar orqali hal qiladi.
III. “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasining huquqlari va javobgarligi
10. “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlaridan oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun zarur boʻlgan axborotlarni soʻrash va tekin olish;
kadastr maʼlumotlariga muvofiqligini aniqlash uchun tuproqni tekshirish;
hayʼat majlislarida davlat boshqaruvi organlari, korxonalar, tashkilotlar va muassasalar rahbarlarining “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi vakolatiga kiritilgan masalalar boʻyicha hisobotlarini eshitish;
yerlardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish masalalari boʻyicha tekshirishlarni belgilangan tartibda amalga oshirish, yer haqidagi qonun hujjatlari buzilishi sabablari va oqibatlarini bartaraf etishga yoʻnaltirilgan, davlat boshqaruvi organlari, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan yozma koʻrsatmalar berish;
aybdor mansabdor shaxslar va fuqarolarni belgilangan tartibda maʼmuriy javobgarlikka tortish, yer qonunchiligi buzilishi oqibatida yetkazilgan zararni undirish boʻyicha daʼvolar taqdim etish, yer haqidagi qonun hujjatlari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslarni javobgarlikka tortish uchun taqdimnomalarni tegishli korxonalar, muassasalar, tashkilotlarga joʻnatish;
yer haqidagi qonun hujjatlarida belgilangan hollarda yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni toʻxtatish toʻgʻrisida mahalliy davlat hokimiyati organlariga takliflar kiritish;
geodeziya va kartografiya faoliyati subyektlarini belgilangan tartibda tekshirish;
xalqaro tashkilotlarda yerlardan foydalanish, geodeziya, kartografiya va kadastr masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi manfaatlarini ifodalash;
yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish, shuningdek Davlat kadastrlari yagona tizimini yuritish bilan bogʻliq masalalarni birgalikda ishlab chiqish uchun boshqa vazirliklar, idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, hokimliklar, muassasalar va tashkilotlar mutaxassislarini belgilangan tartibda jalb etish.
“Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
11. “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan normativ hujjatlarni oʻz vakolatlari doirasida tasdiqlashga haqlidir.
“Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi, zarur hollarda, boshqa vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar bilan birga qoʻshma qarorlar va boshqa hujjatlar chiqarishga haqlidir.
13. “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tasdiqlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan rais boshchilik qiladi.
(13-bandning birinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 5-iyundagi 108-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 23-son, 183-modda)
“Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi raisi ayni bir vaqtda yerlardan foydalanilishi va ularning muhofaza qilinishini nazorat qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining bosh davlat inspektori hisoblanadi.
Raisning ikki nafar oʻrinbosarlari, shu jumladan bir nafar birinchi oʻrinbosari boʻladi.
(13-bandning uchinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 5-iyundagi 108-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 23-son, 183-modda)
“Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi raisining oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
(13-bandning toʻrtinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 5-iyundagi 108-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 23-son, 183-modda)
Raisning birinchi oʻrinbosari ayni bir vaqtda Geodeziya va kartografiya bosh boshqarmasining boshligʻi hisoblanadi.
14. “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasining raisi:
“Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi;
“Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha qarorlar qabul qiladi hamda “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
oʻz oʻrinbosarlari vakolatlarini belgilaydi, ular oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi, “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi tizimi boshqa mansabdor shaxslarining vakolatlarini, oʻz oʻrinbosarlarining va boshqa mansabdor shaxslarning “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi faoliyati ayrim uchastkalariga rahbarlik qilish hamda idoraviy mansub organlar va muassasalar ishlari yuzasidan javobgarlik darajasini belgilaydi;
“Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi tizimi xodimlari tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan buyruqlar chiqaradi va koʻrsatmalar beradi hamda ularning bajarilishi ustidan nazoratni tashkil qiladi;
“Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy soni doirasida oʻzgartirishlar kiritadi, qoʻmita markaziy apparatining shtat jadvalini, shuningdek “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi markaziy apparati, idoraviy mansub organlar va muassasalar xarajatlari smetasini tasdiqlaydi;
“Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasining tarkibiy va hududiy boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomlarni, idoraviy mansub boshqa organlarning hamda “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi tizimiga kiruvchi muassasalarning nizomlarini (ustavlarini) belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
“Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi markaziy apparati xodimlarini, hududiy boʻlinmalarning, idoraviy mansub boshqa organlarning hamda “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi tizimiga kiruvchi muassasalar rahbarlarini belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi.
Rais qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
15. “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasida rais (hayʼat raisi), uning oʻrinbosarlari (lavozimiga koʻra), shuningdek “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini muvofiqlashtiruvchi tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari hamda davlat boshqaruvi boshqa organlarining rahbar xodimlaridan iborat tarkibda hayʼat tashkil etiladi.
Hayʼatning aʼzolari soni va shaxsiy tarkibi “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi raisining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Hayʼat quyidagilar bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqadi:
“Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi faoliyatining yer resurslaridan oqilona foydalanish, yer munosabatlarini tartibga solish, yer tuzishni va yerlar monitoringini tashkil qilish, tuproq unumdorligini saqlash, oshirish va qayta tiklash boʻyicha yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlashni davom ettirish, tuproq unumdorligini oshirish, yerlardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilishga doir davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, yerdan oqilona foydalanish va uni muhofaza qilish yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish, davlat geodeziya nazoratini samarali tashkil etish boʻyicha ushbu Nizomda belgilangan asosiy yoʻnalishlarini tayyorlash va amalga oshirish;
“Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi nomenklaturasiga kiradigan lavozimlarga kadrlarni tanlash, joy-joyiga qoʻyish, tayyorlash va qayta tayyorlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlarida, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha ijro intizomini mustahkamlash, ularning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlash uchun “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi rahbarlari va xodimlarining shaxsiy javobgarligini oshirish.
Hayʼat “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni ham koʻrib chiqish huquqiga ega.
Hayʼat majlisiga “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha boshqa vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar rahbarlari taklif etilishi mumkin.
Hayʼat uning majlisida tarkibining yarmidan koʻpi qatnashgan taqdirda vakolatli boʻladi. Koʻrib chiqilayotgan masalalar boʻyicha qarorlar oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
Hayʼat qarorlari “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasining qarorlari va raisning buyruqlari bilan amalga oshiriladi. Rais va hayʼat aʼzolari oʻrtasida kelishmovchiliklar paydo boʻlgan taqdirda rais paydo boʻlgan kelishmovchiliklar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot bergan holda mustaqil ravishda qaror qabul qiladi. Hayʼat aʼzolari ham oʻz fikr-mulohazalarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga xabar qilishlari mumkin.
Hayʼat faoliyati tartibi uning hayʼat tasdiqlaydigan reglamentida belgilanadi.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 5-iyundagi 108-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 23-son, 183-modda)
16. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalari oʻz faoliyatini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan kelishilgan holda “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi tomonidan tasdiqlangan nizomlarga muvofiq amalga oshiradilar.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalari boshliqlari ayni bir vaqtda tegishli hududlarda yerlardan foydalanilishi va ularning muhofaza qilinishini nazorat qilish boʻyicha davlat inspektorlari hisoblanadilar.
Tumanlar, (shaharlar) yer resurslari va davlat kadastri boʻlimlari oʻz faoliyatini tumanlar (shaharlar) hokimlari bilan kelishilgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda viloyatlar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalari tomonidan tasdiqlangan nizomlarga muvofiq amalga oshiradilar.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalari boshliqlari, shuningdek xoʻjalik yurituvchi asosiy subyektlar rahbarlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari taqdimnomasiga binoan “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi raisi tomonidan lavozimga tayinlanadilar va lavozimdan ozod qilinadilar.
Tumanlar (shaharlar) yer resurslari va davlat kadastri boʻlimlari boshliqlari tumanlar (shaharlar) hokimlarining taqdimnomasiga binoan Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda viloyatlar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalari boshliqlari tomonidan lavozimga tayinlanadilar va lavozimdan ozod qilinadilar.
17. “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasini qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 19-oktabrdagi 483-son qaroriga 7-ILOVA
I. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan qarorlari roʻyxati
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Geodeziya, kartografiya va davlat kadastri bosh boshqarmasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 1996-yil 31-yanvardagi 44-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida koʻchmas mulk davlat kadastrini yuritish toʻgʻrisida” 1997-yil 2-iyundagi 278-son qaroriga qoʻshimchalar kiritish haqida” 1997-yil 9-dekabrdagi 541-son qarori.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish masalalari toʻgʻrisida” 1998-yil 27-iyuldagi 314-son qarori.
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash va ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 1998-yil 25-dekabrdagi 534-son qaroriga ilovaning 1-bandi.
II. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida koʻchmas mulk davlat kadastrini yuritish toʻgʻrisida” 1997-yil 2-iyundagi 278-son qarorida:
a) qaror nomidagi “koʻchmas mulk” soʻzi “binolar va inshootlar” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 1-bandning uchinchi xatboshidagi “binolar va inshootlarning” soʻzlari “binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarning” soʻzlari bilan almashtirilsin va 2-ilova yangi tahrirda bayon qilinsin (ilova qilinmoqda);
“2. Tumanlar va shaharlarda binolar va inshootlar davlat kadastrini yuritish Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining tumanlar (shaharlar) yer resurslari va davlat kadastri boʻlimlariga yuklansin”;
“3. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 84-moddasida nazarda tutilgan binolar va inshootlarga egalik huquqini hamda ular yuzasidan bitishuvlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalarining roʻyxatdan oʻtkazish idoralari tomonidan amalga oshiriladi.
e) Binolar va inshootlar davlat kadastrini yuritish tartibi toʻgʻrisida nizomda:
9-banddagi “tuman, shahar koʻchmas mulk kadastri xizmatlari” soʻzlari “tuman, shahar yer resurslari va davlat kadastri boʻlimiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
26-banddagi “Oʻzgeodezkadastr” bosh boshqarmasi” soʻzlari “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida davlat yer kadastrini yuritish toʻgʻrisida” 1998-yil 31-dekabrdagi 543-son qarorida:
a) 2-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“2. Tumanlar va shaharlarda binolar va inshootlar davlat kadastrini yuritish Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining tumanlar (shaharlar) yer resurslari va davlat kadastri boʻlimlariga yuklansin”;
b) 3 va 7-bandlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
v) Davlat yer kadastrini yuritish tartibi toʻgʻrisida nizomda:
23-bandda:
“Yer resurslari davlat qoʻmitasi va “Oʻzgeodezkadastr” bosh boshqarmasi” soʻzlari “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi” soʻzlari “Iqtisodiyot vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
24-banddagi “xizmatlarning” soʻzi “tumanlar (shaharlar) yer resurslari va davlat kadastri boʻlimlarining” soʻzlari bilan almashtirilsin;
25-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“25. Tumanlar va shaharlarda binolar va inshootlar davlat kadastrini yuritish Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining tumanlar (shaharlar) yer resurslari va davlat kadastri boʻlimlari tomonidan amalga oshiriladi”;
27—29-bandlar quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“27. Tumanlar (shaharlar) yer resurslari va davlat kadastri boʻlimlari:
mulkdorlardan, yer egalaridan, yerdan foydalanuvchilardan va ijarachilardan huquqiy holatda, yer uchastkalarining tarkibida va yer uchastkalaridan foydalanishda yuz bergan oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplaydilar va naturada tekshirilgandan keyin joriy oʻzgarishlarni uch kun mobaynida yer kadastri axborotiga kiritadilar;
tuman (shahar) yer resurslari miqdori va ularning sifati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar banklarini tuzadilar va ularni zamonaviy darajada tutadilar;
har yili 15-yanvargacha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalariga yerlarning miqdori va ulardan foydalanish toʻgʻrisida hisobot taqdim etadilar.
28. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalari:
tumanlar (shaharlar) yer resurslari va davlat kadastri boʻlimlarining yer kadastrini yuritishga doir faoliyatini muvofiqlashtirib boradilar;
tumanlar (shaharlar) yer resurslari va davlat kadastri boʻlimlarining hisobotlarini umumlashtiradilar, yer uchastkasiga egalik huquqi subyektlari, mintaqadagi yer resurslari miqdori, sifati va ularni baholashga doir maʼlumotlar bankini yaratadilar, Respublika yer maʼlumotlari yagona bankini yaratishda qatnashadilar;
yer uchastkalariga boʻlgan mulkchilik, ularga egalik qilish, ulardan foydalanish va ijaraga olish huquqini, servitutlar toʻgʻrisidagi bitimlarni va ushbu huquqlar boʻyicha boshqa cheklashlarni roʻyxatdan oʻtkazadilar;
tabiatni muhofaza qilish organlari bilan kelishib olingan mintaqa yerlarining miqdori va ulardan foydalanilishi toʻgʻrisidagi hisobotlarni har yili 1-fevralgacha “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasiga taqdim etadilar.
29. “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi:
davlat yer kadastri yuritilishini tartibga soluvchi meʼyoriy hujjatlarning ishlab chiqilishini taʼminlaydi;
viloyatlar, shaharlar, tumanlarning maʼmuriy chegaralarini, keyinchalik ularning maydonlarini muvofiqlashtirgan holda, geodezik usullar bilan belgilash va joylarga biriktirib qoʻyish ishlarini amalga oshiradi;
topografiya-geodeziya ishlarini va yerlarni tegishli masshtablarda xaritaga olishni tashkil qiladi;
yer resurslarini aerokosmik usullar bilan oʻrganishni tashkil etadi;
hududiy boʻlinmalarning yerlarning miqdori va ulardan foydalanilishi toʻgʻrisidagi hisobotlarini oʻrganadi, tahlil qiladi va umumlashtiradi;
ishlab chiqilgan yer kadastri axborotlari sifatini nazorat qiladi;
mutaxassislar tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etadi;
tuproq, geobotanik va boshqa turdagi maxsus tadqiqotlarni, yerlarni baholashni tashkil etadi;
yer kadastri axborotining sifati va har xilligiga talabni muntazam oʻrganib boradi, yer kadastrini yuritish texnologiyasini takomillashtirishni taʼminlaydi;
respublika mintaqalari boʻyicha yer kadastri hujjatlarini yangilash navbatini va muddatlarini asoslab beradi;
avtomatlashtirilgan yer axboroti tizimini joriy etishni va uning faoliyatini amalga oshiradi;
yer kadastri axborotlarini nashr etadi, manfaatdor vazirliklar va idoralarga maʼlumotlar taqdim etadi;
Davlat kadastrlari yagona tizimiga taqdim etiladigan yer kadastri axborotlari tarkibini, hajmini va ularga texnik talablarni belgilaydi;
har yili 1-martgacha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Yer resurslarining holati toʻgʻrisida Milliy hisobotni taqdim etadi”;
30 va 31-bandlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi oʻsimlik dunyosi obyektlarining davlat kadastrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni va Oʻzbekiston Respublikasi hayvonot dunyosining davlat kadastrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2000-yil 5-sentabrdagi 343-son qarorida (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2000-y., 9-son, 57-modda):
a) Oʻzbekiston Respublikasi oʻsimlik dunyosi obyektlarining davlat kadastrini yuritish tartibi toʻgʻrisida nizomda:
19-banddagi “Yer resurslari davlat qoʻmitasi” soʻzlari “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
21-banddagi “Oʻzgeodezkadastr” bosh boshqarmasi” soʻzlari “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) Oʻzbekiston Respublikasi hayvonot dunyosining davlat kadastrini yuritish tartibi toʻgʻrisida nizomning 20-bandidagi “Oʻzgeodezkadastr” bosh boshqarmasi” soʻzlari “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
4. Vazirlar Mahkamasining “Kommunal xizmat koʻrsatish tizimi faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish toʻgʻrisida” 2000-yil 21-dekabrdagi 493-son qarorida:
a) 5-band chiqarib tashlansin;
b) 3-ilovadagi “Texnik xatlovdan oʻtkazish kadastr byurosi” soʻzlari chiqarib tashlansin.
5. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida Yer monitoringi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2000-yil 23-dekabrdagi 496-son qarorida (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2000-y., 12-son, 79-modda):
a) 2-banddagi “Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasi” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) Oʻzbekiston Respublikasida Yer monitoringi toʻgʻrisida nizomda:
9-banddagi “Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Geodeziya, kartografiya va davlat kadastri bosh boshqarmasi” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
9-bandning ikkinchi xatboshidagi va 10-banddagi “Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasi” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
11-banddagi “yer resurslari boʻyicha tegishli xizmatlarga”, “yer resurslari boʻyicha xizmatlar” soʻzlari tegishli ravishda “yer resurslari va davlat kadastri boʻlimlariga”, “yer resurslari va davlat kadastri boʻlimlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“16. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida yerlarning bazaviy va davriy monitoringi — Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalari tomonidan yuritiladi.
17. Yerlarning tezkor (navbatchi) monitoringi tumanlar va shaharlardagi bazaviy va davriy monitoring maʼlumotlaridan foydalangan holda — tumanlar (shaharlar) yer resurslari va davlat kadastri boʻlimlari tomonidan yuritiladi.
18. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalari Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasining hududiy organlari bilan birgalikda har yili 1-fevraldan kechiktirmay mahalliy davlat hokimiyati organlariga, Oʻzbekiston Respublikasi “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasiga, Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasiga mintaqadagi yerlarning holati toʻgʻrisida axborotlar (hisobotlar) taqdim etadilar, oʻta xavfli va yoʻl qoʻyilishi cheklangan jarayonlar aniqlanganda tezkor maʼlumotlar yuboradilar”.
6. Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 31-dekabrdagi 492-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi hududlarini kadastr boʻyicha boʻlish hamda yer uchastkalari, binolar va inshootlarning kadastr raqamlarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisida nizomda (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2001-y., 11-12-son, 66-modda):
“7. Hududlarni kadastr boʻyicha boʻlish Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi”;
“15. Yer uchastkalariga, binolar va inshootlarga, binolarning, inshootlarning bir qismiga kadastr raqamlari berish ushbu obyektlarga egalik qilish huquqlari davlat roʻyxatidan roʻyxatdan oʻtkazish idoralari tomonidan oʻtkazilgan hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi”.
7. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida atrof tabiiy muhitning davlat monitoringi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2002-yil 3-apreldagi 111-son qarorida (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2002-y., 4-son, 19-modda):
a) 2-banddagi “Yer resurslari davlat qoʻmitasi” soʻzlari “Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) Oʻzbekiston Respublikasida atrof tabiiy muhitning davlat monitoringi toʻgʻrisida nizomda:
12-bandning beshinchi xatboshidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasi” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
1-2-ilovalardagi “Yer resurslari davlat qoʻmitasi” soʻzlari “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
8. Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 14-noyabrdagi 510-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2003-y., 11-son, 119-modda) bilan tasdiqlangan Geodeziya va kartografiya faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisida nizom matnidagi hamda unga 2-ilovadagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Geodeziya, kartografiya va davlat kadastri bosh boshqarmasi”, “Oʻzgeodezkadastr” bosh boshqarmasi”, “Oʻzgeodezkadastr” bosh boshqarmasiga”, “Oʻzgeodezkadastr” bosh boshqarmasining”, “Oʻzgeodezkadastr” bosh boshqarmasida” soʻzlari tegishli ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi”, “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi”, “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasiga”, “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasining”, “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasida” soʻzlari bilan almashtirilsin.
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 2-iyundagi 278-son qaroriga 2-ILOVA (Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 19-oktabrdagi 483-son qarori tahririda)
BINOLAR VA INSHOOTLARGA BOʻLGAN HUQUQNING DAVLAT ROʻYXATIDAN OʻTKAZILGANLIGI TOʻGʻRISIDA G U V O H N O M A
Seriya № 000000
Ushbu guvohnoma _____________________________________________________________________________ ___________________________________________________________________________________________
(yuridik yoki jismoniy shaxsning nomi)
soliq toʻlovchining identifikatsiya tartib raqami (INN)__________________________________________, ___________________________________________________________________________________________
(bino, inshootning joylashgan joyi)
_________________________________________________________________________manzilda joylashgan