toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 19.10.2004
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI YER RESURSLARI DAVLAT QOʻMITASI FAOLIYATINI TAShKIL ETISh MASALALARI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 2004-yil 19-oktabrdagi 483-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasini tashkil etish toʻgʻrisida” 1998-yil 24-iyuldagi PF-2059-son Farmonini roʻyobga chiqarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasi markaziy apparati tuzilmasi (2-ilova) va shtatdagi xodimlar soni (xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari) 40 nafar etib;
Yer resurslari hududiy boshqarmasi va tuman xizmatining namunaviy tuzilmalari 3 va 4-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasi raisiga zarur hollarda Qoʻmita markaziy apparati va unga qarashli hududiy organlarning tasdiqlangan tuzilmalariga xodimlarning belgilangan soni va ish haqi fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasiga Qoʻmita raisining ikki nafar oʻrinbosari, shu jumladan bir nafar birinchi oʻrinbosari boʻlishiga ruxsat etilsin. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasining hayʼati tarkibi yetti kishidan iborat etib belgilansin.
Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasi raisi va uning oʻrinbosarlari maqomiga koʻra tegishli ravishda vazirga, vazirning birinchi oʻrinbosariga va vazir oʻrinbosariga tenglashtiriladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasining raisi ayni paytda Oʻzbekiston Respublikasi Yerdan foydalanish va uni muhofaza qilishni nazorat qilish bosh davlat inspektori, uning oʻrinbosarlari esa, tegishli ravishda bosh davlat inspektorining oʻrinbosarlari hisoblanadilar;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Yer resurslari boshqarmasi boshligʻi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan viloyatlar yer resurslari boshqarmalari boshliqlari esa viloyat hokimliklari bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasi tomonidan;
yer resurslari tuman xizmatlari boshliqlari tuman hokimliklari bilan kelishilgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Yer resurslari boshqarmasi, viloyatlar yer resurslari boshqarmalari tomonidan tayinlanadilar.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi yer resurslari boshqarmasi boshligʻi, yer resurslari viloyat boshqarmalari va tuman xizmatlari boshliqlari ayni paytda tegishli hududlarda yerdan foydalanish va uni muhofaza qilishni nazorat qilish davlat inspektorlari hisoblanadilar;
Yer resurslari davlat qoʻmitasi markaziy apparati faoliyatini mablagʻ bilan taʼminlash respublika budjeti mablagʻlari hisobiga, yer resurslari hududiy boshqarmalari va tuman xizmatlarini mablagʻ bilan taʼminlash esa mablagʻ mahalliy budjet mablagʻlari va ularning xoʻjalik faoliyati daromadlari hisobiga amalga oshiriladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasi:
ikki hafta muddatda yer resurslari viloyat boshqarmasi va tuman xizmati toʻgʻrisidagi namunaviy nizomlarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari bilan birgalikda hududiy boshqarmalar va xizmatlarini tashkil etish, ularni joylashtirish, aloqa, asbob-uskunalar, texnik vositalar va avtotransport bilan taʼminlash yuzasidan tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi va Moliya vazirligi bilan Qoʻmita markaziy apparati va uning hududiy organlari xodimlarining Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlash razryadlarini kelishib olsin.
4. Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasi yer tuzish, yer monitoringini amalga oshirish va davlat yer kadastrini yuritish boʻyicha bosh buyurtmachi hisoblanadi;
“Oʻzdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalashtirish instituti bosh loyihalovchi — dastlabki loyiha, loyiha ishlari, qishloq xoʻjaligi ahamiyatiga ega boʻlgan rejalashtirish-kartografiya materiallarini tayyorlash va nashr etish hamda davlat yer tuzish, yer monitoringi va davlat yer kadastriga bogʻliq boshqa izlanishlarning bajaruvchisi hisoblanadi;
Tuproqshunoslik va agrokimyo instituti tuproq unumdorligini saqlab qolish, oshirish va qayta tiklash bilan bogʻliq tuproqshunoslik boʻyicha ilmiy ishlarning, boshqa tadqiqotlar va izlanishlarning bajaruvchisi hisoblanadi;
“Oʻzgeodezkadastr” bosh boshqarmasi belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasini yer resurslarini oʻrganish, yer tuzish, yer monitoringini va davlat yer kadastrini yuritish bilan bogʻliq maxsus tadqiqotlar va izlanishlarni, loyihalash hamda boshqa ishlarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan aerokosmik suratga olish materiallari, turli masshtabdagi xarita-kartografiya asoslari, topografiya ishlari va maʼlumotlari bilan taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasi belgilangan tartibda “Oʻzgeodezkadastr” bosh boshqarmasini Davlat kadastrlari yagona tizimini yuritishni taʼminlash uchun qishloq joylardagi yerlar davlat kadastrini yuritish bilan bogʻliq materiallar bilan taʼminlaydi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi respublika budjetida va mahalliy budjetlarda:
yer tuzishni amalga oshirish, yer monitoringini, davlat yer kadastrini yuritish va tuproqshunoslik tadbirlarini mablagʻ bilan taʼminlash uchun mablagʻlarni nazarda tutsin. 1998-yilda mablagʻ bilan taʼminlash Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligiga ushbu maqsadlar uchun budjet koʻrsatkichlarida nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida amalga oshirilsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining Yer tuzish va yerdan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasiga ega boʻlgan yer tuzish va yerdan foydalanish bosh boshqarmasining berilayotgan xodimlari soni, ish haqi fondi va boshqa xarajatlarini hisobga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasi va uning boʻlinmalari xarajatlariga mablagʻ ajratishni nazarda tutsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasiga uchta yengil avtomobil xarajatlariga limit ajratsin. “Toshshaharyoʻlovchitrans” davlat uyushmasi transport xizmati koʻrsatishni taʼminlasin.
6. Belgilab qoʻyilsinki, qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiligini qoplashdan tushadigan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Yer resurslari boshqarmasi va viloyat boshqarmalarining maxsus schyotlariga tushadi hamda ulardan Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 88-moddasiga muvofiq yangi yerlarni oʻzlashtirish va sugʻoriladigan yerlarni kompleks rekonstruksiya qilish, tuproq unumdorligini oshirish, kollektor-drenaj tarmoqlarini qurish va qayta qurish choralarini va oʻrmonlar ahvolini yaxshilashga yoʻnaltirilgan boshqa tadbirlarni amalga oshirish uchun qatʼiy maqsadli foydalaniladi.
Yer resurslari davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari bilan birgalikda qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiligini qoplashdan tushadigan mablagʻlarni jamlash va undan foydalanish tartibini bir oy muddatda ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
7. Tuproqshunoslik va agrokimyo instituti xodimlar soni va mablagʻ bilan taʼminlash hajmi, shuningdek Toshkent shahar, Qamarniso koʻchasi, 3-uyda joylashgan binolar kompleksi, inshootlar, asbob-uskunalar bilan Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi balansidan Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasi balansiga berilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda zarur miqdorda yer tuzish mutaxassislari, tuproqshunoslar, xarita tuzuvchilar tayyorlash yuzasidan bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasi markaziy apparati Toshkent shahar, Chilonzor tumani, Choʻponota koʻchasi, “M” mavzesidagi “Oʻzdaverloyiha” instituti binosiga joylashtirilsin.
10. Oʻzbekiston Pochta va telekommunikatsiyalar agentligi bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasi markaziy apparatini zarur aloqa vositalari, shu jumladan uchta hukumat aloqasi telefoni bilan taʼminlasin.
11. Adliya vazirligi, tegishli vazirliklar va idoralar ikki hafta muddatda amaldagi meʼyoriy hujjatlarni va nizomlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirsinlar.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari I. H. .Joʻrabekov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 27-iyul,
314-son
Vazirlar Mahkamasining 1998-yil
27-iyuldagi 314-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasi toʻgʻrisida
NIZOM
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasi (Yer resurslari davlat qoʻmitasi) yer munosabatlarini tartibga solish, yer tuzishni, yer monitoringini tashkil etish, davlat yer kadastrini yuritish, yerdan foydalanish va uni muhofaza qilishni nazorat qilish sohasidagi davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa qonun hujjatlariga hamda mazkur Nizomga amal qiladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi yer resurslari davlat qoʻmitasining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilinadigan qarorlari barcha yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiydir.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasi xalqaro tashkilotlarda yer masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi manfaatlarini ifodalaydi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasi yuridik shaxs hisoblanadi, bank muassasalarida hisob-kitob schyotlariga ega boʻladi.
II. OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI YER RESURSLARI DAVLAT QOʻMITASINING VAZIFALARI
6. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasining asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari hisoblanadi:
yer resurslaridan oqilona foydalanishga yoʻnaltirilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirish, Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksiga va yer toʻgʻrisidagi boshqa qonun hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilish, davlat boshqaruvi organlari, yuridik va jismoniy shaxslarning yerlardan foydalanish, tuproq unumdorligini saqlab qolish, oshirish va tiklash sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
bozor iqtisodiyotini rivojlantirish, qishloqda mulkdorlar sinfini shakllantirish ehtiyojlariga muvofiq yer munosabatlarini tartibga solish tizimini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash;
yer tuzish, yerdan foydalanish va uni muhofaza qilish, yer resurslarini baholashni hisobga olib borish, qulay ekologik muhitni yaratish va tabiiy manzaralarni yaxshilashni takomillashtirishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqish va amalga oshirish;
yer fondi holatini kuzatish, oʻzgarishlarni oʻz vaqtida aniqlash, yerlarni baholash, salbiy jarayonlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish maqsadida yer monitoringini amalga oshirish;
davlat yer kadastrini tashkil etish va yuritish, yerga egalik huquqini roʻyxatdan oʻtkazish, davlat boshqaruvi organlarini, yuridik va jismoniy shaxslarni yerning tabiiy, xoʻjalik va huquqiy rejimi, yerlarning toifalari, sifat tavsiflari, joylashgan oʻrni va yer uchastkalarining oʻlchamlari, ularning yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, ijarachilar va mulkdorlar boʻyicha taqsimlanishi toʻgʻrisidagi ishonchli maʼlumotlar va hujjatlar bilan taʼminlash;
yerdan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini tashkil etish va amalga oshirish, yuridik va jismoniy shaxslar, boshqaruv organlari, mahalliy hokimiyat organlari tomonidan qonun hujjatlariga rioya qilinishini taʼminlash, yoʻl qoʻyilayotgan qonun buzilishlarini bartaraf etish va aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish boʻyicha oʻz vaqtida choralar koʻrish;
yer fondidan foydalanishni yaxshilash, tuproq unumdorligini saqlab qolish, oshirish va tiklash Milliy dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish;
yer resurslarining ahvoli toʻgʻrisida har yillik Milliy hisobot tuzish;
yer munosabatlari sohasida yagona ilmiy-texnika siyosatini oʻtkazish, yer tuzishni, davlat yer kadastrini yuritishning eng yangi jahon texnologiyalarini oʻrganish va joriy etish hamda Yer resurslari davlat qoʻmitasi tashkilotlarini zamonaviy texnika vositalari va asbob-uskunalar bilan jihozlash;
“Oʻzgeodezkadastr” bosh boshqarmasi bilan birgalikda viloyatlar, tumanlar, shaharlar, qishloqlar va ovullar maʼmuriy chegaralarini belgilash (aniqlashtirish) ishlarini tashkil etish va oʻtkazish;
yer tuzish, davlat yer kadastri va tuproqshunoslik sohasi mutaxassislarini tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish;
yer resurslarini boshqarish, tuproq unumdorligini oshirish tizimini takomillashtirish, Vatanimiz yutuqlarini chet ellarda targʻib qilish maqsadida xorijiy mamlakatlar bilan aloqalarni rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
yer resurslaridan foydalanish maqsadli dasturlari boʻyicha xorijiy kompaniyalar, firmalar, ilmiy markazlar bilan hamkorlik qilish.
III. OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI YER RESURSLARI DAVLAT QOʻMITASINING HUQUQLARI
7. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasi quyidagi huquqlarga ega:
er monitoringi, davlat yer kadastrini yuritish, yer uchastkalariga huquqlarni, servitutlar toʻgʻrisidagi bitimlarni roʻyxatdan oʻtkazish, tuproq unumdorligini saqlab qolish, yer resurslarini hisobga olish, yerdan foydalanish va uning muhofaza etilishi ustidan nazorat qilish, shuningdek Yer resurslari davlat qoʻmitasiga yuklangan vazifalarning bajarilishini taʼminlovchi boshqa maqsadlar uchun zarur boʻlgan yer tuzish, tuproq, geobotanika, topografiya, kartografiya va yerni baholash ishlari boʻyicha meʼyoriy hujjatlarni ishlab chiqish va oʻz vakolatlari doirasida tasdiqlash;
yuridik va jismoniy shaxslardan yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish masalalari boʻyicha zarur axborotlarni soʻrash va tekin olish, tuproq kadastr maʼlumotlariga muvofiqligini aniqlash uchun tuproqni analiz qilish;
hayʼat majlislarida davlat boshqaruvi organlari, korxonalar, tashkilotlar va muassasalar rahbarlarining yerlardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish masalalari boʻyicha hisobotlarini eshitish;
yerlardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish masalalari boʻyicha tekshirishlar oʻtkazish, davlat boshqaruvi organlari, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan yer toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining buzilishi sabablari va sharoitlarini bartaraf etishga yoʻnaltirilgan yozma koʻrsatmalar berish;
aybdor mansabdor shaxslarni va fuqarolarni maʼmuriy javobgarlikka tortish, yer toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish oqibatida yetkazilgan zararni qoplash toʻgʻrisida daʼvo qilish, tegishli korxonalarga va tashkilotlarga hamda huquqni muhofaza qilish organlariga shaxslarni javobgarlikka tortish uchun taqdimnomalar yuborish;
er toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish hollari aniqlangan taqdirda mahalliy hokimiyat davlat organlariga yer uchastkalarini olib qoʻyish, shu jumladan yer ijarasi shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish, shuningdek yerdan foydalanishni cheklash va toʻxtatib qoʻyish toʻgʻrisida materiallar taqdim etish;
yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish masalalarini birgalikda ishlab chiqish uchun boshqa vazirliklar, idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, hokimliklar, muassasalar va tashkilotlar mutaxassislarini belgilangan tartibda jalb qilish.
IV. OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI YER RESURSLARI DAVLAT QOʻMITASI FAOLIYATINI TAShKIL ETISh
8. Yer resurslari davlat qoʻmitasi oʻz ishini kollegiallik, yakka boshchilik va markazlashtirilgan rahbarlikni uygʻunlashtirish asosida tashkil etadi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasiga Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadigan, keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tasdiqlanadigan rais boshchilik qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasi raisi ayni paytda Yerdan foydalanish va uni muhofaza qilishni nazorat qilish bosh davlat inspektori hisoblanadi.
10. Yer resurslari davlat qoʻmitasi raisining ikki nafar oʻrinbosari, shu jumladan bir nafar birinchi oʻrinbosari boʻladi.
Yer resurslari davlat qoʻmitasi raisining oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasi raisining oʻrinbosarlari ayni paytda Yerdan foydalanish va uni muhofaza qilishni nazorat qilish bosh davlat inspektorining oʻrinbosarlari hisoblanadilar.
11. Yer resurslari davlat qoʻmitasi tarkibiga:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Yer resurslari boshqarmasi;
viloyatlar yer resurslari boshqarmalari;
tuman yer resurslari xizmatlari;
“Oʻzdaverloyiha” yer tuzish davlat ilmiy-loyihalashtirish instituti;
Tuproqshunoslik va agrokimyo instituti kiradi.
12. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Yer resurslari boshqarmasi, yer resurslari viloyat boshqarmalari, tuman xizmatlari faoliyat koʻrsatayotgan tegishli yer tuzish xizmatlari negizida tashkil etiladi.
13. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Yer resurslari boshqarmasi, yer resurslari viloyat boshqarmalari, tuman xizmatlari Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasiga boʻysunadi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga va viloyatlar hokimliklariga hisob beradi.
14. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Yer resurslari boshqarmasi boshligʻi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan, viloyatlar yer resurslari boshqarmalari boshliqlari esa viloyatlar hokimliklari bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasi tomonidan tayinlanadilar.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Yer resurslari boshqarmasi, viloyatlar yer resurslari boshqarmalari boshliqlari ayni paytda tegishli hududlarda yerdan foydalanish va uni muhofaza etishni nazorat qilish davlat inspektorlari hisoblanadilar.
15. Yer resurslari tuman xizmatlari boshliqlari tuman hokimliklari bilan kelishilgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Yer resurslari boshqarmasi, viloyatlar yer resurslari boshqarmalari tomonidan tayinlanadilar.
Yer resurslari tuman xizmatlari boshliqlari ayni paytda tuman hududida yerdan foydalanish va uni muhofaza etishni nazorat qilish davlat inspektorlari hisoblanadilar.
16. “Oʻzdaverloyiha” yer tuzish davlat ilmiy-loyihalashtirish institutining bosh direktori va Tuproqshunoslik va agrokimyo institutining direktori Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasi tomonidan tayinlanadilar.
17. Yer resurslari davlat qoʻmitasida Yer resurslari davlat qoʻmitasi raisi — hayʼat raisi, uning oʻrinbosarlari va Yer resurslari davlat qoʻmitasining boshqa rahbar xodimlaridan iborat tarkibda hayʼat tuziladi. Hayʼat aʼzolarining soni va shaxsiy tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Hayʼat qarorlari, qoidaga koʻra, Yer resurslari davlat qoʻmitasi raisining buyruqlari bilan roʻyobga chiqariladi.
Yer resurslari davlat qoʻmitasi raisi bilan hayʼat aʼzolari oʻrtasida kelishmovchiliklar kelib chiqqan taqdirda Yer resurslari davlat qoʻmitasi oʻz qarorini hayotga tatbiq etadi, vujudga kelgan kelishmovchiliklar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga axborot beradi, hayʼat aʼzolari, oʻz navbatida, oʻz fikrini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bildirishlari mumkin.
18. Yer resurslari davlat qoʻmitasi, zarurat boʻlganda, boshqa vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qarorlar, buyruqlar, yoʻriqnomalar qabul qiladi.
19. Yer resurslari davlat qoʻmitasi raisi:
Yer resurslari davlat qoʻmitasi faoliyatiga rahbarlik qiladi, Oʻzbekiston Respublikasining davlat organlarida va boshqa organlarida va tashkilotlarida, shuningdek xalqaro tashkilotlarda Yer resurslari davlat qoʻmitasi nomidan vakillik qiladi;
oʻz vakolatlari doirasida buyruqlar chiqaradi, yoʻriqnomalarni, normalarni, qoidalarni va boshqa normativ hujjatlarni tasdiqlaydi, koʻrsatmalar beradi va ularning bajarilishi ustidan nazoratni tashkil etadi;
xodimlarning belgilangan soni doirasida Yer resurslari davlat qoʻmitasi markaziy apparati, unga qarashli Qoraqalpogʻiston Respublikasi Yer resurslari boshqarmasi, yer resurslari viloyat boshqarmalari, tuman xizmatlari shtat jadvalini tasdiqlaydi;
Yer resurslari davlat qoʻmitasi markaziy apparati xodimlarini belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi;
Yer resurslari davlat qoʻmitasi tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari va apparati xodimlarining javobgarlik darajasini belgilaydi, belgilangan tartibda ularni ragʻbatlantirish va jazolash choralarini koʻradi;
Yer resurslari davlat qoʻmitasi huzurida ilmiy-texnika kengashini tashkil etadi, uning tarkibini belgilaydi hamda kengash toʻgʻrisida nizomni tasdiqlaydi;
Yer resurslari davlat qoʻmitasi tarkibiga kiruvchi tashkilotlar va hududiy organlar ustav (nizom)larini tasdiqlaydi;
Yer resurslari davlat qoʻmitasini, uning tarkibiy boʻlinmalarini, tashkilotlarini va ilmiy-ishlab chiqarish dasturlarini mablagʻ bilan taʼminlash masalalarini hal qiladi;
moliyaviy-xoʻjalik faoliyat tahlilini, pul mablagʻlari va moddiy boyliklar saqlanishi ustidan nazoratni tashkil etadi;
tejamkorlik rejimiga rioya etilishini, toʻgʻri va ishonchli hisob-kitob va hisobot yuritilishini taʼminlaydi.
20. Yer resurslari davlat qoʻmitasi markaziy apparati faoliyatini mablagʻ bilan taʼminlash respublika budjeti mablagʻlari hisobiga, yer resurslari hududiy boshqarmalari va tuman xizmatlarini mablagʻ bilan taʼminlash esa mahalliy budjetlar mablagʻlari va ularning xoʻjalik faoliyatidan olinadigan daromadlar hisobiga amalga oshiriladi.
21. Oʻzbekiston Respublikasi yer resurslari davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan, oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga, tegishli shtamplarga va blanklarga ega boʻladi.
Vazirlar Mahkamasining 1998-yil
27-iyuldagi 314-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasi markaziy apparatining
tuzilmasi
Jami xodimlar soni — 40 nafar (xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari).
Vazirlar Mahkamasining 1998-yil
27-iyuldagi 314-son qaroriga
3-ILOVA
Yer resurslari viloyat boshqarmasining
namunaviy tuzilmasi
Vazirlar Mahkamasining 1998-yil
27-iyuldagi 314-son qaroriga
4-ILOVA
Yer resurslari tuman xizmatining
namunaviy tuzilmasi