1.14.00.00.00 Sogʻliqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.01.00.00 Sogʻliqni saqlash / 14.01.04.00 Sogʻliqni saqlash muassasalarini, aholini medikamentlar, dori-darmon vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlash. Dorixona]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Sogʻliqni saqlash. Sanitariyaga oid qonun hujjatlari]
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining
buyrugʻi
Etil spirtini realizatsiya qilish, berish, saqlash va hisobga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 6-fevralda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2970]
Oʻzbekiston Respublikasi “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasiga muvofiq buyuraman:
1. Etil spirtini realizatsiya qilish, berish, saqlash va hisobga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Vazir A. SHADMANOV
Toshkent sh.,
2017-yil 29-dekabr,
132-son
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2017-yil 29-dekabrdagi 132-son buyrugʻiga ILOVA
Etil spirtini realizatsiya qilish, berish, saqlash va hisobga olish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq tibbiyot amaliyotida qoʻllaniladigan etil spirtini realizatsiya qilish, berish, saqlash va hisobga olish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomning talablari tibbiy va farmatsevtika faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar, shu jumladan davolash-profilaktika muassasalari va ularning dorixonalariga (bundan buyon matnda tibbiy va farmatsevtika faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar) nisbatan tatbiq etiladi.
2. 70 foizli etil spirtini realizatsiya qilish, berish, saqlash va hisobga olish Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 6-apreldagi 185-son qarori bilan tasdiqlangan Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni ulgurji realizatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga hamda Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Etil spirtini realizatsiya qilish
3. 96 (shu jumladan 96,1 — 96,6) foizli etil spirti (bundan buyon matnda 96 foizli etil spirti deb yuritiladi) farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish uchun tegishli litsenziyaga ega boʻlgan ishlab chiqaruvchilar va ulgurji realizatsiya qiluvchi tashkilotlar (bundan bayon matnda etil spirtini realizatsiya qiluvchi tashkilotlar deb yuritiladi) tomonidan realizatsiya qilinadi.
4. 96 foizli etil spirti faqat tibbiyot amaliyotida qoʻllash uchun tibbiy va farmatsevtik faoliyatni amalga oshiruvchi tashkilotlarga ularning 96 foizli etil spirtga boʻlgan ehtiyojini hisobga olgan holda shartnoma asosida realizatsiya qilinadi.
5. 96 foizli etil spirti kilogramm oʻlchov birligida realizatsiya qilinadi.
6. 96 foizli etil spirtini chakana realizatsiya qilish taqiqlanadi.
7. 96 foizli etil spirtini realizatsiya qilishda Oʻzbekiston Respublikasining davlat standartlari, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari talablariga, yongʻin xavfsizligi qoidalariga, mehnat muhofazasi qoidalariga, texnika xavfsizligi qoidalariga va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi boshqa normativ hujjatlarga rioya etilishi taʼminlanishi kerak.
8. Etil spirtini realizatsiya qiluvchi tashkilotlar manfaatdor shaxslarga realizatsiya qilinadigan 96 foizli etil spirtining muvofiqlik sertifikati bilan tanishishlari uchun imkoniyat yaratishi shart.
3-bob. Etil spirtini hisobga olish va berish
9. Tashkilotga qabul qilingan (kirim qilingan) va tashkilot hisobida mavjud boʻlgan 96 foizli etil spirtining hisobi tashkilot rahbari tomonidan tayinlangan etil spirtini hisobga olish, saqlash va berish boʻyicha masʼul shaxs (bundan buyon matnda masʼul shaxs deb yuritiladi) tomonidan doimiy ravishda olib borilishi shart.
10. 96 foizli etil spirti u qabul qilingan (kirim qilingan) kunning oʻzida tashkilotlarda mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq shaklda yuritiladigan etil spirtining hisobini yuritish kitobida (bundan buyon matnda kitob deb yuritiladi) hisobga olinishi lozim.
11. Kitob ip oʻtkazib tikilgan, uning varaqlariga tartib raqamlari qoʻyilgan boʻlishi kerak.
Kitobning oxirgi betida jami varaqlar soni koʻrsatilib, masʼul shaxs tomonidan imzolanadi va tashkilot muhri (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) qoʻyiladi.
Kitobga maʼlumotlar masʼul shaxs tomonidan qayd etib boriladi.
12. Kitobda 96 foizli etil spirtini hisobga olish bilan birga uning hisobdan chiqarilishi, hisobda mavjud boʻlgan etil spirtining harakati (qoldigʻi) haqidagi maʼlumotlar ham qayd qilib boriladi.
13. Kitobni toʻldirishda yoʻl qoʻyilgan xato bir chiziq bilan oʻchiriladi va keyingi qatorga toʻgʻri yozuv kiritiladi. Kiritilgan har bir tuzatish shu varaqda tuzatishning oʻng tarafida izohlanib, masʼul shaxsning imzosi hamda tashkilot muhri (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) bilan tasdiqlanishi zarur. Kitobdagi yozuvlarni oʻchirish, boʻyash, ustidan qogʻoz yopishtirish, shuningdek kitobda ochiq qatorlar qoldirish taqiqlanadi.
14. 96 foizli etil spirtining tabiiy yoʻqotish miqdori har oyda (oyning 3 sanasigacha) etil spirtining haqiqiy qoldigʻini inventarizatsiyadan oʻtkazishda hisoblab chiqiladi va tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlanadigan dalolatnoma asosida hisobdan chiqariladi.
96 foizli etil spirtini saqlashda tabiiy yoʻqotish miqdori Birinchi guruhga etil spirtini yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaning (roʻyxat raqami 2524, 2013-yil 15-noyabr) 10-ilovasiga muvofiq aniqlanadi.
15. Masʼul shaxs tashkilot rahbarining koʻrsatmasiga asosan etil spirtini tashkilot tarkibiy tuzilmalariga ularning talabnomalarida koʻrsatilgan miqdorga mutanosib ravishda foydalanish uchun beradi, bundan etil spirtini realizatsiya qiluvchi tashkilotlar mustasno.
16. Berilgan 96 foizli etil spirtining har kunlik foydalanilgan miqdori hisobi olib borilishi zarur, bundan etil spirtini realizatsiya qiluvchi tashkilotlar mustasno.
17. Masʼul shaxs 96 foizli etil spirtini hisobga olish va berish uchun moddiy javobgar shaxs hisoblanadi.
4-bob. Etil spirtini saqlash
18. 96 foizli etil spirti etil spirtini realizatsiya qiluvchi tashkilotlarda omborxonalarda saqlanishi shart.
Tibbiy va farmatsevtika faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlarda 96 foizli etil spirti omborxonalarda yoxud dori vositalari saqlanadigan xonalarda qulflanadigan javonlarda saqlanadi.
19. 96 foizli etil spirti saqlanadigan omborxonalar (xonalar) sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari talablariga, yongʻin xavfsizligi qoidalariga hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi boshqa normativ hujjatlarning talablariga javob berishi kerak.
20. 96 foizli etil spirti saqlanadigan omborxonada elektr taʼminoti, issiqlik va suv taʼminoti, kanalizatsiya tizimi hamda havo almashtirish uskunasi boʻlishi kerak.
21. 96 foizli etil spirti saqlanadigan omborxonada spirtning miqdorini va foizini oʻlchash asboblari hamda havo parametrlarini qayd qilish asboblari (termometrlar, gigrometrlar yoki psixrometrlar) boʻlishi kerak.
22. 96 foizli etil spirti saqlanadigan omborxonalardagi (xonalardagi) asbob-uskunalar hamda jihozlar toza holda saqlanishi kerak.
23. 96 foizli etil spirti texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning talablariga javob beradigan idishlarda (metall, shisha idishlarda) yoki ishlab chiqaruvchining idishlarida saqlanadi. Idishlar germetik yopilgan boʻlishi shart. Etil spirti farmakopeya talablariga asosan polimer idishlarda ham saqlash mumkin.
24. 96 foizli etil spirti idishlarda saqlanganda idish hajmining toʻliqligi 90 foizdan koʻp boʻlmasligi kerak. Bunda etil spirti metall idishlarda katta hajmlarda saqlansa, idish hajmining toʻliqligi 75 foizdan koʻp boʻlmasligi kerak.
25. 96 foizli etil spirti saqlanadigan idishlar omborxonalarda stellajlarda yoxud tagliklarda joylashtirilishi shart. Idishlarni tagliklarsiz polda joylashtirish taqiqlanadi. Tagliklar polda bir qatorda yoki stellajlarning balandligi hisobga olingan holda stellajlarda bir necha qavatda joylashtiriladi.
26. 96 foizli etil spirti havo harorati salqin boʻlgan hamda uning fizik-kimyoviy xususiyatlarini inobatga olgan holda uni toʻgʻri saqlanishini taʼminlaydigan sharoitda saqlanadi.
27. 96 foizli etil spirtini mineral kislotalar (xususan, sulfat va azot kislotalari), ishqorlar, oʻsimlik moylari, oltingugurt, bogʻlov materiallar bilan bir joyda saqlash taqiqlanadi.
28. Masʼul shaxs 96 foizli etil spirtini saqlanishi uchun javobgar hisoblanadi.
29. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
(29-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 1861-moddasi.
30. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
Savdo-sanoat palatasi raisi A. IKRAMOV
2017-yil 27-dekabr
Etil spirtini realizatsiya qilish, berish, saqlash va hisobga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
________________________________________
(tashkilotning nomi)
Etil spirtining hisobini yuritish KITOBI
T/r
Oylar
Etil spirti hisobga olingan sana
Etil spirtini kirim qilish
Etil spirtini hisobdan chiqarish
Etil spirtining harakati (qoldigʻi)
Etil spirti qaysi tashkilotdan qabul qilinganligi (tashkilot nomi)
Qabul qilingan etil spirtining kirim hujjati (schyot-faktura, yuk xati, dalolatnoma) sanasi va raqami
Qabul qilingan etil spirtining miqdori
Qabul qilingan etil spirtining foizi
Qabul qilingan etil spirtining seriyasi / partiyasi
Etil spirtining berilgan sanasi
Etil spirti berilgan tashkilot (tarkibiy tuzilma)
Berilgan etil spirtining miqdori
Berilgan etil spirtining foizi
Berilgan etil spirtining seriyasi / partiyasi
Etil spirtini qabul qilib olgan tashkilot (tarkibiy tuzilma) masʼul xodimi F.I.O.
Etil spirtining tabiiy yoʻqotish miqdori (bunda hisobdan chiqarish uchun asos boʻlgan dalolatnomaning sanasi va soni ham koʻrsatiladi)
1
2
3
4
5
6
7
8
9
10
11
12
13
14
15
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2018-y., 10/18/2970/0667-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)