1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.04.00.00 Hudud / 01.04.03.00 Maʼmuriy-hududiy boʻlinish;
2.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.24.00.00 Buyuk shaxslar xotirasi, tarixiy voqealarni abadiylashtirish. Nom berish, toponimik obyektlarni nomlash va nomini oʻzgartirish]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Maʼmuriy-hududiy tuzilish]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDAGI MAʼMURIY-HUDUDIY BIRLIKLAR, AHOLI PUNKTLARI, TAShKILOTLARGA VA BOShQA TOPONIMIK OBʼEKTLARGA NOM BERISh IShLARINI TARTIBGA SOLISh TOʻGʻRISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 16-oktabrdagi 295-sonli ““Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq geografik obyektlarning nomlari sohasidagi ishlarni tartibga solish chora-tadbirlari haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mamlakatimizda mustaqillik yillarida milliy oʻzlikni anglash, qadriyatlarimizni hayotga qaytarish, sobiq kommunistik tuzum davrida asossiz ravishda oʻzgartirib yuborilgan koʻplab qadimiy joy nomlarini tiklash borasida katta ishlar amalga oshirildi va oshirilmoqda.
Shu bilan birga, taʼkidlash kerakki, bu muhim masalada ayrim xato va kamchiliklarga ham yoʻl qoʻyilmoqda. Xususan, baʼzi joylardagi toponimik obyektlarning eski tuzum va shoʻro mafkurasini eslatadigan, xalqimiz tarixi va milliy anʼanalariga yot boʻlgan nomlari hamoy saqlanib qolmoqda. Aholi punktlarining, koʻcha va maydonlarning tarixiy nomlarini oʻzgartirish bilan bogʻliq ishlarda loqaydlik, masʼuliyatsizlik holatlari ham uchrab turibdi.
Bu boradagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, “Oʻzbekiston Respublikasida maʼmuriy-hududiy tuzilish, toponimik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish masalalarini hal etish tartibi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining ijrosini taʼminlash, toponimik obyektlarga nom berish ishlarini tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining toponimik obyektlar nomlarini tartibga solish borasidagi ishlari talab darajasida emasligi koʻrsatib oʻtilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasidagi toponimik obyektlarga nom berish masalalarini muvofiqlashtiruvchi Respublika komissiyasiniig tarkibi 1-ilovaga*, ushbu komissiya toʻgʻrisidagi Nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
* 1-ilova berilmaydi.
3. Respublika komissiyasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi tabiiy-jugʻrofiy va boshqa toponimik obyektlarga nom berish hamda ilgari berilgan nomlarni oʻzgartirish ishlarini tartibga solish;
xalqimizning qadimiy oʻtmishi va qadriyatlari bilan bogʻliq joylarning tarixiy nomlarini muhofaza etish, ularning asossiz ravishda oʻzgartirilishining oldini olish;
joy va obyektlarning tarixiy-milliy anʼanalarimizga, milliy tafakkur va maʼnaviyatimizga yot boʻlgan nomlarini oʻzgartirish;
yangi qoʻyilayotgan joy nomlari oʻzbek tili toponimiya qoidalariga, milliy istiqlol gʻoyasi talablariga mos boʻlishini taʼminlash;
joylarga nom berishda mahalliychilik, tanish-bilishchilik, mansabini suiisteʼmol qilish holatlariga yoʻl qoʻymaslik.
4. Respublika komissiyasiga bir oy muddatda belgilangan talablar asosida toponimik obyektlarning nomlarini oʻzgartirish va tartibga solishga oid tavsiyalarni ishlab chiqish va joylarga yuborish vazifasi topshirilsin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi huzurida toponimik obyektlarga nom berish masalalarini muvofiqlashtirish boʻyicha maxsus komissiya tashkil etilsin. Mazkur komissiyaga Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududidagi toponimik obyektlarga nom berish masalalarini hal qilish huquqi berilsin.
6. Viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari huzurida toponimik obyektlarga nom berish masalalarini muvofiqlashtiruvchi hududiy komissiyalar tashkil etilsin. Mazkur komissiyalarning tarkibiga tarixchi va tilshunos olimlar, huquqshunoslar, tegishli mutaxassislar, jamoatchilik va mahalliy boshqaruv idoralari vakillari kiritilsin.
7. Belgilab qoʻyilsinki, mahalliy hokimiyat organlarining (Qoraqalpogʻiston Respublikasidan tashqari) obyektlarga kishilarning nomini berish haqidagi takliflari Oʻzbekiston Respublikasidagi toponimik obyektlarga nom berish masalalarini muvofiqlashtiruvchi Respublika komissiyasi tomonidan koʻrib chiqiladi va tasdiqlanadi.
8. Viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari huzurida tashkil etilgan hududiy komissiyalarga 2004-yilning oxiriga qadar shu hududlardagi toponimik obyektlar nomlarini qayta koʻrib chiqish, eski tuzum davridan saqlanib qolgan, xalqimiz tarixi va anʼanalari bilan bogʻliq boʻlmagan joy nomlarini oʻzgartirish yuzasidan Respublika komissiyasiga takliflar kiritish vazifasi topshirilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining “Oʻzbekiston Respublikasidagi maʼmuriy-hududiy birliklar, aholi punktlari, tashkilotlar va boshqa toponimik obyektlarning nomlarini tartibga solish toʻgʻrisida” 1996-yil 31 maydagi 203-son qarorining 2-bandi va 5-bandning ikkinchi xatboshi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A. Azizxoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 11-avgust,
383-son
Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 11-avgustdagi 383-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasidagi toponimik obyektlarga nom berish masalalarini muvofiqlashtiruvchi Respublika komissiyasi toʻgʻrisida
NIZOM
1. Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi tabiiy-jugʻrofiy va boshqa toponimik obyektlarga nom berish hamda ilgari berilgan nomlarni oʻzgartirish ishlarini tartibga solish;
xalqimizning qadimiy oʻtmishi va qadriyatlari bilan bogʻliq joylarning tarixiy nomlarini muhofaza etish, ularning asossiz ravishda oʻzgartirilishining oldini olish;
joy va obyektlarning tarixiy-milliy anʼanalarimizga, milliy tafakkur va maʼnaviyatimizga yot boʻlgan nomlarini oʻzgartirish;
yangi qoʻyilayotgan joy nomlari oʻzbek tili toponimiya qoidalariga, milliy istiqlol gʻoyasi talablariga mos boʻlishini taʼminlash;
joylarga nom berishda mahalliychilik, tanish-bilishchilik, mansabini suiisteʼmol qilish holatlariga yoʻl qoʻymaslik — Oʻzbekiston Respublikasidagi toponimik obyektlarga nom berish masalalarini muvofiqlashtiruvchi Respublika komissiyasining (keyingi oʻrinlarda matnda Komissiya deb yuritiladi) asosiy vazifalaridir.
2. Komissiya oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlariga va boshqa hujjatlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiping qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, ushbu Nizomga amal qiladi.
3. Komissiya oʻziga yuklatilgan vazifalarga muvofiq:
nom qoʻyish taklifini kiritgan tashkilotlardan toponimik obyektlarni tavsiflovchi barcha zarur hujjatlarni talab qilib oladi;
xizmat koʻrsatgan odamlarning xotiralarini abadiylashtirish masalalari boʻyicha tegishli hokimiyat organlariga tavsiyalar beradi, zarur boʻlgan hollarda vaqtinchalik ekspertlar guruhini tuzadi;
oʻz vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha barcha darajadagi ijroiya hokimiyat va tegishli boshqaruv idoralari rahbarlarining hisobotlarini eshitib boradi.
4. Komissiya toponimik obyektlarga nom berish va ilgari qoʻyilgan nomlarni oʻzgartirish haqida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining, vazirliklar va idoralarning takliflarini tarixchilar, tilshunoslar, meʼmorlar va boshqa soha mutaxassislarini bu ishga jalb qilgan holda koʻrib chiqadi. Komissiya oʻz xulosalarini belgilangan tartibda taklif kiritgan tashkilotlarga, mamlakat ahamiyatiga molik obyektlar boʻyicha esa Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga maʼlum qiladi.
5. Komissiya nom berish haqidagi takliflarni koʻrib chiqishda:
xalqning tarixiy-milliy anʼanalari, his-tuygʻulari, ahloqiy qadriyatlarini va aholining istaklarini hisobga oladi hamda bunda umumdavlat manfaatlaridan kelib chiqadi;
berilayotgan yangi nomning oʻzbek toponimiya tizimining talablari va til qonuniyatlariga zid kelmasligini inobatga oladi;
davlat va jamoat tashkilotlari hamda mehnat jamoalarining mulohazalarini oʻrganadi.
6. Komissiya zaruratga qarab oʻz majlislarini oʻtkazadi va qarorlarini bayon shaklida rasmiylashtiradi. Komissiya aʼzolarining yarmidan koʻpi qatnashgan komissiya majlisi qaror qabul qilishga vakolatli hisoblanadi. Qaror qabul qilinishi uchun majlisda qatnashayotgan komissiya aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi uni maʼqullashi kerak,
Ayrim hollarda komissiya qarorlari soʻrov yoʻli bilan rasmiylashtirilishi mumkin.
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 32-son, 363-modda; 2012-y., 41-42-son, 483-modda)