1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.03.00.00 Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlari / 02.03.01.00 Umumiy masalalar;
2.10.00.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona ishi / 10.01.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi umumiy qoidalar / 10.01.07.00 Maxsus iqtisodiy zonalar]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat hokimiyati organlari. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari;
2.Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona / Chet el investitsiyalari. Konsessiya shartnomalari. Xorijdan mablagʻ jalb qilish. Erkin iqtisodiy zonalar]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Erkin iqtisodiy zonalar samarali faoliyat koʻrsatishi uchun vazirliklar, idoralar va joylardagi davlat hokimiyati organlarini muvofiqlashtirishni kuchaytirish va ularning masʼuliyatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mamlakatimizda erkin iqtisodiy zonalarni (keyingi oʻrinlarda — EIZ) mahalliy mineral-xom ashyo resurslarni chuqur qayta ishlash asosida yuqori qoʻshimcha qiymatga ega raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarishni taʼminlaydigan zamonaviy korxonalar tashkil etish, respublika hududlarining ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan kompleks va samarali foydalanish, shu asnoda yangi ish oʻrinlari yaratish va aholi daromadini oshirish uchun xorijiy, avvalo, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishning muhim omili sifatida rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
EIZ faoliyatini tartibga soladigan mustahkam qonunchilik va meʼyoriy baza yaratildi, ularni rivojlantirish uchun xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etishga koʻmaklashadigan keng koʻlamli soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar tizimi shakllantirildi. Ayni paytda respublikamizning 10 mintaqasida 14 EIZ tashkil etildi va faoliyat yuritmoqda.
Shu bilan birga, EIZ faoliyatida toʻplangan tajriba ularni jadal rivojlantirish va samarali faoliyat koʻrsatishiga toʻsqinlik qilayotgan qator muammolar va hal etilmagan masalalar mavjudligidan dalolat beradi. Jumladan:
birinchidan, oʻrta va uzoq muddatli istiqbolda EIZni rivojlantirish borasida ularni tashkil etish va faoliyat koʻrsatishining aniq maqsadlarini, xususan, iqtisodiy, ijtimoiy, ilmiy-texnik va boshqa maqsadlarni belgilaydigan, shuningdek, EIZni ixtisoslashtirish boʻyicha aniq prinsip va yondashuvlar mavjud emas;
ikkinchidan, xorijiy kompaniya va firmalarning respublika EIZ hududlarida oʻz biznesini yuritish uchun Oʻzbekistonda yaratilgan qulay sharoitlarni keng yoritish va boʻlajak investorlarni, birinchi navbatda, xorijda ushbu sharoitlar bilan tanishtirish ishlari sust amalga oshirilmoqda;
uchinchidan, istiqbolli loyiha takliflarini shakllantirish, chuqur tahlil qilish hamda baholash maqsadga muvofiqligi, asosliligi va rentabelligi asosida EIZ hududida amalga oshirish uchun tanlab olish, shuningdek, loyihalarni amalga oshirishning barcha sikllarida sifatli tashkil etish, muvofiqlashtirish va monitoring qilish, jumladan, loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish, obyektlarni ishga tushirish va yakuniy maqsadlarga erishishni taʼminlaydigan yagona yaxlit tizim yaratilmagan;
toʻrtinchidan, investitsiya loyihalari portfelining sifati past, EIZ hududida yetakchi xorijiy kompaniyalar ishtirokida, avvalo, mahalliy mineral-xom ashyo resurslari va qishloq xoʻjaligi xom ashyosini chuqur qayta ishlash, shuningdek, jahonga mashhur brendlar ostida eksportbop tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha yuqori texnologiyali mahalliylashtirilgan zamonaviy korxonalar tashkil etish ishlari sust amalga oshirilmoqda, EIZ hududida tashkil qilingan xoʻjalik subyektlari oʻrtasida sanoat va kooperatsiya aloqalari yetarli darajada emas, zarur logistika tizimi mavjud emas;
beshinchidan, EIZ ishtirokchilarini roʻyxatga olish, ularga yer uchastkalari ajratish, investitsiya loyihalarini maʼqullash, korxonalarni tashqi muhandislik infratuzilmasiga ulash, tadbirkorlarga ishlab chiqarayotgan mahsulotini ichki va tashqi bozorlarda sotishga koʻmaklashish jarayonlari muddati asossiz choʻzilmoqda;
oltinchidan, EIZ salohiyatidan yetarlicha foydalanilmayotgani oqibatida EIZ ishtirokchilari tomonidan raqobatdosh, eksportbop va import oʻrnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi hamon past, ularning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi, ichki bozorni isteʼmol tovarlari va butlovchi buyumlar bilan taʼminlash, respublikada eksport salohiyatini kengaytirish va valyuta tushumlari miqdorini koʻpaytirishdagi ulushi past darajada qolmoqda.
Hududlarni rivojlantirish va yangi ish oʻrinlari yaratish, aholi daromadlarini koʻpaytirishda erkin iqtisodiy zonalar hissasini oshirish, loyiha boʻyicha boshqarish tamoyillari asosida hamda 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq vakolatli vazirlik, idora va joylardagi davlat hokimiyati organlarini muvofiqlashtirish hamda ularning masʼuliyatini oshirish maqsadida:
1. Quyidagilar erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini yanada rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
[OKOZ:
1.10.00.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona ishi / 10.01.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi umumiy qoidalar / 10.01.07.00 Maxsus iqtisodiy zonalar]
EIZ hududida, birinchi navbatda, klaster yondashuvlardan keng foydalangan holda EIZ ishtirokchilari oʻrtasida yaqin kooperatsiya aloqalarini yoʻlga qoʻyish, mahalliy xom ashyo va materiallar asosida raqobatbardosh tayyor mahsulotlar va butlovchi buyumlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish boʻyicha yuqori texnologiyali zamonaviy korxonalar tashkil etish;
[OKOZ:
1.10.00.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona ishi / 10.01.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi umumiy qoidalar / 10.01.07.00 Maxsus iqtisodiy zonalar]
EIZ hududida joylashgan sanoat korxonalari va infratuzilma obyektlarida yangi malakali ish oʻrinlari tashkil etishni taʼminlash, shu asosda respublika mintaqalari aholisining bandlik darajasini va daromadlarini oshirish;
mahalliy mineral-xom ashyo resurslarini chuqur qayta ishlash va dunyoda tanilgan brendlar ostida yuqori qoʻshilgan qiymatli raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarish uchun hududida EIZlar tashkil qilingan mintaqalar ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan kompleks va samarali foydalanishni taʼminlash;
yetakchi xorijiy kompaniya va korporatsiyalar ishtirokida yuqori texnologiyali zamonaviy innovatsion ishlab chiqarishlarni tashkil etish uchun xorijiy investitsiyalar, avvalambor, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha eng qulay sharoitlar yaratish;
ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya, yoʻl-transport va ijtimoiy infratuzilmani yanada rivojlantirish, shuningdek, sifatli logistika xizmatlari koʻrsatish boʻyicha zamonaviy infratuzilmani shakllantirish;
EIZ yoʻnalishlari boʻyicha kadrlarga boʻlgan joriy va istiqboldagi ehtiyojlaridan kelib chiqib va ularning EIZ hududida joylashgan sanoat korxonalari va infratuzilma obyektlarida ishlab chiqarish amaliyoti oʻtashini nazarda tutgan holda, oliy va oʻrta maxsus kasb-hunar taʼlimi muassasalarida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish.
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 25-oktabrdagi PQ-3356-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2017-y., 07/17/3356/0179-son)
[OKOZ:
1.10.00.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona ishi / 10.01.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi umumiy qoidalar / 10.01.07.00 Maxsus iqtisodiy zonalar]
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va Tashqi savdo vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi bilan hamkorlikda bir oy muddatda har bir erkin iqtisodiy zonaning rivojlanish darajasi va faoliyat samaradorligi, mahsulotlarni mahalliylashtirish va import oʻrnini bosadigan loyihalar amalga oshirilishini reyting asosida baholash mezonlari hamda koʻrsatkichlarini ishlab chiqsin;
[OKOZ:
1.10.00.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona ishi / 10.01.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi umumiy qoidalar / 10.01.07.00 Maxsus iqtisodiy zonalar]
joriy yilning 15-avgustigacha istiqbolli hamkorlik boʻyicha xorijiy mamlakatlarni aniqlagan holda, Maxsus komissiyaga har bir EIZ boʻyicha mazkur qarorning qoida va talablarini amalga oshirishga doir tarmoq jadvali va “yoʻl xaritalari”ni taqdim etsin.
[OKOZ:
1.10.00.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona ishi / 10.01.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi umumiy qoidalar / 10.01.07.00 Maxsus iqtisodiy zonalar]
Erkin iqtisodiy zonalar direksiyalari rahbarlari bir paytning oʻzida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimining maslahatchilari hisoblanishi belgilab qoʻyilsin.
5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
[OKOZ:
1.10.00.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona ishi / 10.01.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi umumiy qoidalar / 10.01.07.00 Maxsus iqtisodiy zonalar]
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimi, ularning birinchi oʻrinbosarlari yarim yil va yil yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga erkin iqtisodiy zonalar hamda kichik sanoat zonalarini rivojlantirish va ularning faoliyati samaradorligini oshirishga doir amalga oshirilayotgan ishlar haqida shaxsan hisobot beradi;
(5-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 18-yanvardagi PF-5305-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.01.2018-y., 06/18/5305/0592-son)
6. EIZ ishtirokchisi boʻlgan xoʻjalik subyektlariga EIZ hududida investitsiya loyihalarini oʻz vaqtida amalga oshirish boʻyicha kredit-moliya yordamini koʻrsatish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va tijorat banklarining tijorat banklarini erkin iqtisodiy zonalarga biriktirish toʻgʻrisidagi taklifi 2-ilovaga muvofiq qabul qilinsin.
Vakolatli tijorat banklari investitsiya loyihalarini amalga oshiradigan EIZ ishtirokchisi boʻlgan xoʻjalik subyektlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlasin, loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslarini, samaradorligi va oʻzini qoplashini puxta ekspertizadan oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratgan holda, ularga biznes-rejalar ishlab chiqishda amaliy koʻmaklashsin.
7. Oʻzbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi (Sh.A. Vafoyev) ushbu qarorning 2-ilovasida qayd etilgan vakolatli tijorat banklariga EIZ hududida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun umumiy hajmi 100 million AQSH dollari miqdorida kredit liniyalari ochilishini taʼminlasin.
Markaziy bank (M.B. Nurmuratov) Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (N.K. Xolmurodov) va vakolatli tijorat banklari bilan hamkorlikda EIZ hududida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun xorijiy banklar, xalqaro moliya institutlari va donor-mamlakatlarning kredit liniyalarini jalb qilish ishlarini faollashtirish tavsiya etilsin.
(7-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)
8. Davlat bojxona qoʻmitasi (M.V. Toxiriy):
uch oy muddatda barcha EIZ hududlarida bojxona postlari va omborxonalarining ochilishi va faoliyat yuritishini;
“Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi hududida joylashgan asbob-uskunalar va ularning ehtiyot qismlari, xom ashyo, materiallar va butlovchi qismlarni erkin bojxona zonasi rejimidan bojxona toʻlovlarini toʻlamasdan, muqaddam rasmiylashtirilgan bojxona koʻrigi asosida, eksport bojxona yuk deklaratsiyasi, sertifikatlar va tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida ruxsat beruvchi boshqa hujjatlarini taqdim etmasdan, erkin muomalaga chiqarish rejimiga qayta rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi (G.K. Saidova) va uning hududiy boshqarmalari:
Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi (R.A. Gʻulomov), Davergeodezkadastr qoʻmitasi (A.X. Abdullayev), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, EIZ direksiyalari bilan hamkorlikda ikki oy muddatda erkin iqtisodiy zonalar chegarasini qayta koʻrib chiqsin va Maxsus komissiyaga muhandislik tarmoqlariga ulangan, transport kommunikatsiyalari va ijtimoiy infratuzilma obyektlariga ega faoliyat koʻrsatmayotgan ishlab chiqarish maydonlari tarkibiga kiritishga alohida eʼtibor qaratgan holda, ularni optimallashtirish boʻyicha takliflarni taqdim etsin, bu, oʻz navbatida, yangi korxonalar tashkil etish va ularning kam mablagʻ sarflagan holda samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlaydi;
uch oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi (A.I. Axmedxodjayev), hududida EIZ tashkil etilgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda hududlar xususiyatlari, mavjud tabiiy, mineral-xom ashyo, qishloq xoʻjaligi va mehnat salohiyatidan kelib chiqqan holda, erkin iqtisodiy zonalar ixtisoslashuvini belgilasin, ularni istiqbolli rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqsin;
2017-yilning 1-oktabrigacha Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi (A.I. Axmedxodjayev), boshqa manfaatdor vazirlik, idora va xoʻjalik birlashmalari, vakolatli tijorat banklari, joylardagi davlat hokimiyati organlari, xususiy tadbirkorlar bilan hamkorlikda aniq loyiha takliflarini ishlab chiqsin, erkin iqtisodiy zonalar hududida joylashtirish uchun 2018-yilgi investitsiya loyihalari portfelini shakllantirsin;
Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturlari doirasida har yili buyurtmachilar, loyiha va pudrat tashkilotlari, moliyalashtirish manbalarini aniq belgilagan holda, erkin iqtisodiy zonalar hududida, avvalo ishlab chiqarishni mahalliylashtirish boʻyicha sanoat korxonalarini hamda infratuzilma obyektlarini qurish va ishga tushirishning manzilli roʻyxatini shakllantirsin;
erkin iqtisodiy zonalar hududida tashkil qilingan ishlab chiqarish korxonalari faoliyatining samaradorligini, ularning mamlakat eksport salohiyatini kengaytirishda ishtirokini muntazam ravishda omilli asosda tahlil qilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (N.K. Xolmurodov):
(10-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)
Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari bilan hamkorlikda boʻlajak xorijiy investorlar, avvalambor, toʻgʻridan-toʻgʻri chet el investitsiyalarini, shuningdek, xalqaro moliya institutlari, donor mamlakatlar, xorijiy banklar, kompaniya va fondlarning moliya resurslari hamda texnik koʻmaklashish mablagʻlarini (grantlari) EIZ hududida amalga oshiriladigan loyihalarga jalb etishni taʼminlasin;
xorijiy investorlardan tushadigan istiqbolli takliflar asosida loyihalar boʻyicha EIZ doirasida amalga oshirish uchun takliflar tayyorlasin;
boʻlajak investorlarni EIZda biznes yuritish uchun yaratilgan qulay sharoitlar bilan tanishtirish maqsadida xorijiy davlatlarda tadbirlar (biznes-forumlar, davra suhbatlari, taqdimotlar, maxsus videoroliklar tayyorlash, OAVda yoritish va boshqalar) tayyorlasin va oʻtkazsin;
jalb etiladigan xorijiy investitsiyalardan samarali foydalanish, EIZ ishtirokchilarining olingan qarz mablagʻlarini oʻz vaqtida qaytarishini tizimli monitoring qilib borsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun uning markaziy apparati tuzilmasida 4 kishidan iborat Erkin iqtisodiy zonalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha boʻlim tashkil etilsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi (A.X. Tuxtayev, K.N. Tulaganov) loyiha institutlari bilan birgalikda:
(11-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 18-iyuldagi PF-5483-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.07.2018-y., 06/18/5483/1594-son)
EIZ hududida sanoat korxonalari, transport, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi obyektlarini qurish boʻyicha texnik vazifalar, investitsiya loyihalarining loyiha hujjatlarini oʻz vaqtida va sifatli ishlab chiqsin;
belgilangan standartlar, qurilish norma va qoidalariga qatʼiy rioya etgan holda, EIZ hududida joylashgan obyektlar boʻyicha amalga oshirilayotgan loyiha va qurilish-montaj ishlarining sifatini doimiy asosda nazoratni amalga oshirsin.
(11-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 18-iyuldagi PF-5483-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.07.2018-y., 06/18/5483/1594-son)
12. Davlat soliq qoʻmitasi (B.R. Parpiyev) va Davlat bojxona qoʻmitasi (M.V. Toxiriy):
EIZ ishtirokchilari uchun qonunchilikda belgilangan soliq va bojxona imtiyoz hamda preferensiyalariga soʻzsiz rioya etilishini, ularning xoʻjalik faoliyatiga aralashuvga yoʻl qoʻymaslikni;
(12-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-iyuldagi PF-6021-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2020-y., 06/20/6021/1047-son — 2020-yil 1-avgustdan kuchga kiradi)
EIZ ishtirokchilari investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida texnologik uskunalar, materiallar, ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlarni olib kirishda taqdim etilgan soliq va bojxona imtiyozlaridan maqsadli foydalanishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatilishini taʼminlasin.
13. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar hokimlari:
EIZ hududida amalga oshirish uchun istiqbolli loyihalarni oʻz vaqtida koʻrib chiqish va kelishish, olingan ijobiy xulosalar asosida xoʻjalik subyektlariga EIZ ishtirokchisi maqomini berishni taʼminlasin;
EIZ hududida maʼqullangan investitsiya loyihalari boʻyicha “yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqsin va amalga oshirilishini taʼminlasin;
(13-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-oktabrdagi PF-6320-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.10.2021-y., 06/21/6320/0940-son)
14. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi (M.X. Soliyev), Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi (A.A. Abduvaliyev), “Oʻzbekenergo” AJ (U.M. Mustafoyev) va “Oʻztransgaz” AJ (A.S. Mustafoyev) rahbarlari zimmasiga EIZ ishtirokchilari boʻlgan xoʻjalik subyektlarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasiga oʻz vaqtida ulash va uzluksiz ishlashini taʼminlash boʻyicha shaxsiy javobgarlik yuklansin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J. Ramatov “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ (A.S. Shukurov), “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK (V.N. Tyan), Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi (V.V. Ismoilov) bilan hamkorlikda ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga EIZning respublika avtomobil va temir yoʻl tarmoqlari bilan integratsiyalashtirilgan transport-logistika infratuzilmasini tashkil etishga doir takliflarni kiritsin.
16. Tashqi savdo vazirligi (E.M. Gʻaniyev) Iqtisodiyot vazirligi (G.K. Saidova), Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi (A.I. Axmedxodjayev), Davlat bojxona qoʻmitasi (M.V. Toxiriy), “Oʻzfarmsanoat” AK (M.M. Doʻsmurotov) va boshqa manfaatdor vazirlik hamda idoralar bilan hamkorlikda bir oy muddatda Maxsus komissiyaga 2018-2019-yillarda EIZ hududida amalga oshirish uchun tavsiya etiladigan ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga oid yangi loyihalar boʻyicha takliflar kiritsin.
17. Maxsus komissiya Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi (G.K. Saidova), Moliya vazirligi (B.A. Xoʻjayev), Tashqi savdo vazirligi (E.M. Gʻaniyev), Adliya vazirligi (M.M. Ikromov), Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi (A.I. Axmedxodjayev) va boshqa manfaatdor vazirlik hamda idoralar bilan birgalikda:
bir hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Erkin iqtisodiy zonalar faoliyati samaradorligini ragʻbatlantirishni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni loyihasini belgilangan tartibda taqdim etsin;
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 25-oktabrdagi PQ-3356-son “Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari faoliyati samaradorligini oshirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori.
ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga qonunchilikka mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida takliflar kiritsin.
18. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi V.A. Golishev zimmasiga yuklansin.
LexUZ sharhi
Ushbu qaror “Xalq soʻzi” gazetasining 2017-yil 9-avgustdagi 156 (6850)-sonida eʼlon qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 7-avgust,
PQ-3175-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-avgustdagi PQ-3175-son qaroriga 2-ILOVA
Erkin iqtisodiy zonalarga biriktirilgan masʼul tijorat banklari
T/r
Tijorat banklarining nomi
Erkin iqtisodiy zonalarning nomi
1.
Milliy bank
“Navoiy” EIZ, Navoiy viloyati
2.
AT “Oʻzsanoatqurilishbanki”
“Angren” EIZ, Toshkent viloyati
3.
ATIB “Ipoteka bank”
“Jizzax” EIZ, Jizzax viloyati va Sirdaryo viloyati
Izoh. Oʻzbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining mazkur qarorga muvofiq “Turonbank” ATBda ochilgan kredit liniyasining 2021-yil 1-avgust holatiga qoldiq mablagʻlari Jamgʻarmaning bank ustav kapitalidagi ulushini oshirishga yoʻnaltiriladi.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-avgustdagi PQ-5207-sonli qaroriga asosan izoh bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.08.2021-y., 07/21/5207/0750-son)
LexUZ sharhi
2-ilova norasmiy tarjima.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 32-son, 798-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2017-y., 07/17/3356/0179-son, 19.01.2018-y., 06/18/5305/0592-son, 31.07.2018-y., 06/18/5483/1594-son; 09.07.2020-y., 06/20/6021/1047-son, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.08.2021-y., 07/21/5207/0750-son, 08.10.2021-y., 06/21/6320/0940-son)