|
1. |
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti |
|
2. |
Andijon davlat universiteti |
|
3. |
Buxoro davlat universiteti |
|
4. |
Guliston davlat universiteti |
|
5. |
Qarshi davlat universiteti |
|
6. |
Namangan davlat universiteti |
|
7. |
Samarqand davlat universiteti |
|
8. |
Termiz davlat universiteti |
|
9. |
Urganch davlat universiteti |
|
10. |
Fargʻona davlat universiteti |
|
11. |
Jizzax davlat pedagogika instituti |
|
12. |
Navoiy davlat pedagogika instituti |
|
13. |
Nukus davlat pedagogika instituti |
|
14. |
Qoʻqon davlat pedagogika instituti |
|
15. |
Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti |
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda taʼlim-tarbiya tizimini rivojlantirish, yoshlarga zamonaviy bilimlarni berish orqali ularning intellektual salohiyatini oshirish, xalqaro maydonda munosib oʻrin egallashi uchun shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan qabul qilingan “2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi”da mamlakatimizda uzluksiz taʼlim tizimini yanada takomillashtirish, yoshlarga sifatli taʼlim berish asosida ularni intellektual, estetik va jismoniy barkamol rivojlantirish, ularga taʼlim va tarbiya berayotgan oʻqituvchilarning yuqori malakaga ega boʻlishini taʼminlash bilan bogʻliq muhim yoʻnalishlar belgilab berildi.
Bugungi shiddat bilan rivojlanayotgan globallashuv zamonida yoshlarimizni yot gʻoyalardan asrash, ularda gʻoyaviy va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirish, fan, texnika va texnologiyalarning zamonaviy rivojlanish darajasiga mos bilim berish orqali ularni har tomonlama barkamol qilib tarbiyalashda taʼlim muassasalari oʻqituvchilarining oʻrni beqiyosdir.
Hozirgi kunda oʻquvchi yoshlarimiz respublikamizda faoliyat olib borayotgan 15359 ta taʼlim muassasasi, jumladan 4893 ta maktabgacha taʼlim muassasasi, 9680 ta umumiy oʻrta taʼlim maktabi, 23 ta Mehribonlik uyi, 304 ta bolalar musiqa va sanʼat maktabi, 211 ta “Barkamol avlod” markazi, 227 ta bolalar va oʻsmirlar sport maktabida taʼlim-tarbiya olmoqda. Ushbu taʼlim muassasalarida oʻrta maxsus, kasb-hunar kollejlarini, oldingi yillarda bitirgan 97564 nafar oʻrta maxsus maʼlumotli oʻqituvchi faoliyat yuritmoqda. Oʻrta maxsus maʼlumotli oʻqituvchilar Qashqadaryo viloyatida 13048 nafarni, Surxondaryo viloyatida 9447, Samarqand viloyatida 8907, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 4835, Toshkent viloyatida 5004, Namangan viloyatida 4653, Xorazm viloyatida 4192, Andijon viloyatida 4260, Buxoro viloyatida 3366, Jizzax viloyatida 1871, Fargʻona viloyatida 2048, Navoiy viloyatida 1282 nafarni tashkil qiladi.
Umumtaʼlim maktablarida faoliyat yuritayotgan 112261 nafar boshlangʻich taʼlim oʻqituvchisining 41718 nafari (37,2%) oʻrta maxsus maʼlumotli. Jumladan, boshlangʻich taʼlim oʻqituvchilarining Qashqadaryo viloyatida 9014 nafari (62,1%), Surxondaryo viloyatida 6035 nafari (53,2%), Qoraqalpogʻiston Respublikasida 3144 nafari (41,4%), Samarqand viloyatida 5551 nafari (42,7%) oʻrta maxsus maʼlumotli kadrlar sanaladi.
Maktabgacha taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan jami 57974 nafar pedagog xodimning 36305 nafari (63%) oʻrta maxsus maʼlumotga ega.
Shu munosabat bilan qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy taʼlim muassasalarida pedagogika yoʻnalishida maxsus sirtqi boʻlimlarni tashkil etish toʻgʻrisida”gi Qarori oliy taʼlim tizimida umumtaʼlim maktablari, maktabgacha va maktabdan tashqari taʼlim muassasalari uchun zamonaviy oʻqitish usullarini egallagan oʻqituvchilarni tayyorlash orqali ushbu muassasalarda taʼlim-tarbiya sifatini oshirish, ularda dars berayotgan oʻrta maxsus maʼlumotli oʻqituvchilarning oliy maʼlumot olish imkoniyatlarini kengaytirish uchun zarur sharoitlar yaratishni nazarda tutadi.
Qarorga koʻra, taʼlim muassasalarining maktabgacha, boshlangʻich, musiqa, tasviriy sanʼat, chet tillari, mehnat taʼlimi, jismoniy tarbiya yoʻnalishlari va boshqa fanlar boʻyicha oliy maʼlumotli oʻqituvchi va tarbiyachilarga boʻlgan ehtiyojlarini taʼminlash orqali taʼlim sifatini yaxshilash maqsadida 2017/2018 oʻquv yilidan boshlab, 15 ta oliy taʼlim muassasasida pedagogika yoʻnalishi boʻyicha maxsus sirtqi boʻlimlar tashkil etiladi. Bu, oʻz navbatida, mamlakatimizning chekka tumanlarida, qishloq joylarida faoliyat olib borayotgan oʻrta maxsus maʼlumotli oʻqituvchilarning oʻzlari istiqomat qilayotgan viloyat markazlaridagi oliy taʼlim muassasalarida oliy maʼlumot olishlari uchun sharoit yaratadi.
Oliy taʼlim muassasalari tarkibida tashkil qilingan maxsus sirtqi boʻlimlarning bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga qabul maktabgacha, maktab va maktabdan tashqari taʼlim muassasalari ehtiyojlari asosida oʻrta maxsus maʼlumotga hamda kamida uch yil pedagogik amaliy ish stajiga, shuningdek, ushbu taʼlim muassasalarining idoraviy boʻysinuviga muvofiq tegishli vazirliklar va idoralar tomonidan beriladigan tavsiyanomaga ega boʻlgan pedagog kadrlar hisobidan amalga oshiriladi.
Qarorning eʼtiborli jihatlaridan yana biri maxsus sirtqi boʻlim talabalariga qator imtiyozlar berilishi bilan bogʻliq. Jumladan, sirtqi boʻlimda oʻqiyotgan talabalarga imtihonlar, sinovlar topshirish, diplom, kurs, laboratoriya va boshqa oʻquv ishlarini bajarish vaqtida ularning asosiy ish joyida oylik maoshlari saqlangan holda bir oʻquv yilida ikki marta bir oydan oʻquv taʼtili beriladi. Bunda oʻquv taʼtillari, qoida tariqasida, umumtaʼlim muassasalaridagi qishki va yozgi taʼtil vaqtiga toʻgʻri kelgan davrda beriladi va ularga belgilangan tartibdagi yillik mehnat taʼtillarini berish tartibi ham saqlab qolinadi.
Maxsus sirtqi boʻlimga qabul qilishda tavsiyanoma beruvchi vazirlik yoki idora, oliy taʼlim muassasasi va talaba oʻrtasida oʻqishni yakunlagandan keyin tavsiyanoma bergan tashkilot yoʻllanmasida koʻrsatilgan ish joyida (taʼlim muassasasida) besh yildan kam boʻlmagan muddatda ishlab berish majburiyati bilan uch tomonlama shartnoma tuzilishi nazarda tutilgan.
Ushbu qarorda pedagogika yoʻnalishi boʻyicha maxsus sirtqi boʻlimlar tashkil etiladigan oliy taʼlim muassasalarida ikkinchi va undan keyingi oliy maʼlumot berish sirtqi taʼlim shaklida tashkil etilishi, bunda ikkinchi va undan keyingi oliy maʼlumot olish bakalavriat taʼlim yoʻnalishining 2-kursidan (oʻquv rejalardagi fanlar farqidan qatʼiy nazar) kamida 3 yil muddat etib belgilandi.
Taʼkidlash joizki, 2017/2018 oʻquv yili uchun maxsus sirtqi va sirtqi taʼlim shaklidagi oʻquv jarayoni, istisno tariqasida, joriy yilning 1-oktabridan boshlanadi.
Qarorga muvofiq, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti maxsus sirtqi boʻlim taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha malaka talablari, oʻquv rejalari va dasturlari, oʻquv va oʻquv-metodik adabiyotlarni yaratish boʻyicha tayanch oliy taʼlim muassasasi etib belgilandi. Uning huzurida pedagogika yoʻnalishlari boʻyicha maxsus sirtqi boʻlimlar tashkil etilgan oliy taʼlim muassasalarining oʻquv-metodik faoliyatini Muvofiqlashtiruvchi kengash faoliyat yuritadi. Shuningdek, Qarorda Muvofiqlashtiruvchi kengashning pedagog kadrlar tayyorlash mazmunini zamonaviy talablarga uygʻun rivojlantirishni taʼminlash bilan bogʻliq asosiy vazifalari belgilab berildi.
Tegishli vazirlik va idoralarga 2017/2018 oʻquv yili uchun oliy taʼlim muassasalarining maxsus sirtqi boʻlimiga 1-kursga talabalarni qabul qilishni yuqori saviyada va adolatli oʻtkazishni taʼminlash, taʼlim yoʻnalishlarining oʻquv reja va fan dasturlarini tasdiqlash, ularga muvofiq fanlarni oʻquv adabiyotlari bilan taʼminlash choralarini koʻrish topshirildi.
Shuningdek, pedagogika yoʻnalishlari boʻyicha maxsus sirtqi boʻlimlarda dars berish uchun yuqori salohiyatga ega professor-oʻqituvchilar tarkibini shakllantirish bilan bogʻliq alohida vazifalar qoʻyilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy taʼlim muassasalarida pedagogika yoʻnalishida maxsus sirtqi boʻlimlarni tashkil etish toʻgʻrisida”gi Qarorining qabul qilinishi umumtaʼlim maktablari, maktabgacha va maktabdan tashqari taʼlim muassasalarining yuqori malakali pedagog kadrlarga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash bilan bir qatorda pedagogik faoliyat olib borayotgan oʻrta maxsus maʼlumotli yoshlarning oliy maʼlumot olish imkoniyatlarini kengaytiradi. Bu, oʻz navbatida, pedagoglik kasbining jamiyatdagi oʻrni va nufuzini oshirish, jumladan yoshlarni tizimli asosda oʻqituvchilik kasbiga yoʻnaltirishga xizmat qiladi.
Mazkur qaror mamlakatimiz uzluksiz taʼlim tizimini yanada rivojlantirish, yoshlarimizni maʼnaviy barkamol, bilimli, intellektual rivojlangan boʻlib yetishishlarini taʼminlash yoʻlidagi saʼy-harakatlarga yangi kuch bagʻishlaydi.