toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 05.07.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ichki ishlar organlari xodimlarining turar joy sharoitlarini yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-iyuldagi 354-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari va Milliy gvardiyasining shaxsiy tarkibi hamda ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoya qilish tizimini tartibga solish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida” 2016-yil 16-sentabrdagi OʻRQ-407-son Qonuniga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni taʼminlashda ularning masʼuliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 10-apreldagi PF-5005-son Farmoniga muvofiq va ichki ishlar organlari xodimlarining turar joy-maishiy sharoitlarini yanada yaxshilash va ularni zamonaviy turar joy bilan taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Ichki ishlar organlari xodimlariga imtiyozli shartlarda turar joy sotib olish, qurish va rekonstruksiya qilish uchun uzoq muddatli ipoteka kreditlari berish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq ichki ishlar organlarining alohida oʻrnak koʻrsatgan, yuksak professionalizm darajasini namoyon qilayotgan, huquqbuzarliklarga qarshi kurashga salmoqli hissa qoʻshayotgan va Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadigan xodimlari (keyingi oʻrinlarda xodimlar deb ataladi) uchun Qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish dasturi va Shaharlarda arzon koʻp kvartirali uylar qurish va rekonstruksiya qilish dasturi (keyingi oʻrinlarda Dasturlar deb ataladi), shuningdek turar joylar barpo etishning boshqa dasturlari doirasida arzon koʻp kvartirali uylardan kvartiralar sotib olish uchun tijorat banklarining uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlari (keyingi oʻrinlarda ipoteka krediti deb ataladi) navbatdan tashqari tartibda beriladi.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining takliflari boʻyicha har yili, 2017-yildan boshlab 2-ilovaga* muvofiq jadval boʻyicha mintaqalar boʻyicha xodimlar uchun arzon koʻp kvartirali uylarda qoʻshimcha ravishda kamida 500 ta kvartira qurishni Dastur parametrlariga kiritsinlar.
* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Dasturlar, shuningdek uy-joylar barpo etishning boshqa dasturlari doirasida arzon koʻp kvartirali uylardan kvartira sotib olish uchun xodimlarning dastlabki badallarni belgilangan miqdorlarda toʻlashi uchun ularga Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobiga qaytarish asosida besh yil muddatga foizsiz uzoq muddatli qarzlar berilishini amalga oshirsin.
Belgilansinki, Dasturlar, shuningdek uy-joylar barpo etishning boshqa dasturlari doirasida arzon koʻp kvartirali uylardan kvartiralar sotib olishga ipoteka krediti boʻyicha asosiy summa tijorat banki bilan tuziladigan shartnoma boʻyicha belgilangan muddatlarda xodimning mablagʻlari hisobiga, ipoteka krediti boʻyicha hisoblangan foizlar esa — 50 foiz miqdorida xodimning mablagʻlari hisobiga va 50 foizi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining subsidiyalar sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga ajratiladigan mablagʻlari hisobiga qoplanadi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining asoslangan hisob-kitoblari asosida:
ushbu qarorga muvofiq Dasturlar doirasida arzon koʻp kvartirali uylarda har yili qoʻshimcha ravishda kamida 500 ta kvartira qurishni moliyalashtirish uchun shu jumladan xalqaro moliya institutlarining, tegishli tijorat banklarining mablagʻlari hisobiga kredit liniyasi ochilishini taʼminlasin;
zarurat boʻlganda, Dasturlar, shuningdek uy-joylar barpo etishning boshqa dasturlari doirasida koʻp kvartirali uylardagi kvartiralarni sotib olish uchun xodimlarning dastlabki badalni toʻlashi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobiga qoplanadigan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining maxsus budjetdan tashqari hisob raqamidagi mablagʻlar hisobiga besh yil muddatga foizsiz uzoq muddatli budjet ssudasi berilishini amalga oshirsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2017-yil uchun tasdiqlangan parametrlari doirasida, shuningdek 2018-yilga va keyingi yillarga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti loyihalarini shakllantirishda Dasturlar, shuningdek uy-joylar barpo etishning boshqa dasturlari doirasida arzon koʻp kvartirali uylardan kvartiralar sotib olish uchun ajratilgan ipoteka kreditlari boʻyicha hisoblangan foizlarni 50 foiz miqdorida qoplash uchun xodimlarga subsidiyalar ajratish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga zarur mablagʻlarni nazarda tutsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda arzon koʻp kvartirali uylardan kvartiralar sotib olish uchun dastlabki badallarni toʻlash uchun ichki ishlar organlari xodimlariga foizsiz uzoq muddatli qarzlar berish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni va Ipoteka kreditlari boʻyicha hisoblangan foizlarni qoplash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga subsidiyalar ajratish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
7. Vazirliklar va idoralar bir oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri A.A. Azizov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 29-iyun,
444-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 29-iyundagi 444-son qaroriga
1-ILOVA
Ichki ishlar organlari xodimlariga imtiyozli shartlarda turar joy sotib olish, qurish va rekonstruksiya qilish uchun uzoq muddatli ipoteka kreditlari berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida” va “Ipoteka toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni taʼminlashda ularning masʼuliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 10-apreldagi PF-5005-son Farmoniga muvofiq ichki ishlar organlari xodimlariga (keyingi oʻrinlarda xodimlar deb ataladi) imtiyozli shartlarda turar joy sotib olish, qurish va rekonstruksiya qilish uchun imtiyozli uzoq muddatli ipoteka kreditlari (keyingi oʻrinlarda ipoteka kreditlari deb ataladi) berish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizom:
yakka tartibda uy-joy qurish va rekonstruksiya qilish;
yakka tartibdagi uy yoki koʻp kvartirali uydan kvartira sotib olish;
Qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish dasturi va Shaharlarda arzon koʻp kvartirali uylar qurish va rekonstruksiya qilish dasturi (keyingi oʻrinlarda Dasturlar deb ataladi), shuningdek uy-joylar barpo etishning boshqa dasturlari doirasida arzon koʻp kvartirali uylardan kvartiralar sotib olish uchun ipoteka kreditlari berilishini nazarda tutadi.
3. Ipoteka banklari tomonidan xodimlarga Dasturlar, shuningdek uy-joylar barpo etishning boshqa dasturlari doirasida arzon koʻp kvartirali uylardan kvartiralar sotib olish uchun ipoteka kreditlari berish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
4. Ipoteka kreditlari tijorat banklari tomonidan qaytarish, toʻlov, taʼminlanganlik, muddatlilik va maqsadli foydalanish shartlarida turar joy sotib olish, qurish va rekonstruksiya qilish uchun ajratiladi.
5. Ipoteka kreditlari xodimlarga tijorat bankida xodimning nomiga ochilgan milliy valyutadagi jamgʻarma omonat hisob raqamiga xodim tomonidan turar joy qiymatining kamida 25 foizi miqdoridagi dastlabki badal toʻlangandan keyin kamida 10 yil muddatga beriladi, ushbu Nizomning 3-bandida koʻrsatilgan holatlar bundan mustasno.
6. Ipoteka kreditidan foydalanganlik uchun foiz muddati va stavkasi:
kredit liniyalari hisobiga berilgan kreditlar, shu jumladan imtiyozli kreditlar ipoteka krediti uchun bevosita tijorat banki tomonidan jalb etilgan xalqaro va xorijiy moliya institutlarining grantlari va investitsiyalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va Moliya vazirligi bilan kelishgan holda tijorat banki bilan koʻrsatib oʻtilgan moliya institutlari oʻrtasida tuzilgan ushbu mablagʻlarni berish toʻgʻrisidagi tegishli shartnomalar shartlaridan kelib chiqib belgilanadi;
tijorat banklari tomonidan oʻz mablagʻlari va jalb etiladigan mablagʻlar hisobiga beriladigan kreditlar bankning ichki kredit siyosatiga muvofiq bank bilan qarz oluvchi oʻrtasida tuzilgan bitim boʻyicha belgilanadi.
(6-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 16-yanvardagi 30-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.01.2020-y., 09/20/30/0061-son — 2020-yil 18-apreldan kuchga kiradi)
7. Turar joy sotib olish, qurish va rekonstruksiya qilish uchun tijorat banki tomonidan berilgan ipoteka krediti summasi turar joy qiymatining 75 foizidan ortiq boʻlmasligi kerak.
2-bob. Ipoteka krediti olish uchun berilgan arizani koʻrib chiqish va u boʻyicha qaror qabul qilish tartibi
8. Xodim turar joy sotib olish, qurish va rekonstruksiya qilish maqsadida ipoteka krediti olish uchun tijorat bankiga qonunchilikka muvofiq zarur hujjatlarni taqdim etadi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
9. Tijorat banki xodim tomonidan ipoteka krediti olish uchun ariza berilgandan keyin ipoteka krediti olish jarayonida u toʻlashi kerak boʻlgan quyidagi taxminiy xarajatlarning turlari bilan uni tanishtiradi:
ipoteka toʻgʻrisidagi shartnomani notarial tasdiqlash uchun davlat boji toʻlash;
garovga qoʻyilgan koʻchmas mulkni sugʻurta qilish bilan bogʻliq xarajatlar;
mol-mulk qiymatini aniqlash boʻyicha baholash tashkilotining xizmatlariga haq toʻlash;
ipoteka kreditini rasmiylashtirish bilan bogʻliq boshqa xarajatlar.
10. Tijorat bankining xodimi qonunchilikka muvofiq ipoteka krediti olish uchun ariza va barcha zarur hujjatlar qabul qilingandan keyin bir hafta muddatda uni oʻrganadi va unda koʻrsatilgan maʼlumotlarning ishonchliligini tekshiradi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
11. Tijorat bankining ipoteka krediti olish uchun berilgan arizani koʻrib chiqish uchun masʼul boʻlgan xodimi ipoteka krediti olish uchun berilgan arizani va unga ilova qilingan barcha hujjatlarni oʻrganish va tekshirish natijalari boʻyicha ipoteka krediti berishning maqsadga muvofiqligi yoki maqsadga muvofiq emasligi toʻgʻrisidagi asoslangan xulosani tijorat bankining kredit komissiyasiga (kredit qoʻmitasiga) kiritadi.
12. Kredit komissiyasi (kredit qoʻmitasi) kiritilgan hujjatlarni va tijorat bankining masʼul xodimi xulosasini koʻrib chiqib ipoteka krediti olish uchun berilgan arizani qondirish yoki rad etishning aniq va asoslangan sabablarini koʻrsatib qondirishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Kredit komissiyasi (kredit qoʻmitasi) tomonidan ipoteka krediti olish uchun berilgan arizani qondirish rad etilganligi toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda tijorat bankining xodimi uch ish kuni mobaynida rad etishning aniq sabablarini va xodim koʻrsatib oʻtilgan sabablarni bartaraf etib, hujjatlarni takroran koʻrib chiqish uchun taqdim etishi mumkin boʻlgan muddatni koʻrsatib xodimga yozma bildirishnoma yuboradi (topshiradi).
Xodim ipoteka krediti olish uchun berilgan ariza qondirilishi rad etilishi sabablarini bartaraf etib hujjatlarni takroran koʻrib chiqish uchun taqdim etishga haqli boʻlgan muddat ipoteka kreditini olish uchun berilgan ariza qondirilishi toʻgʻrisida yozma bildirishnoma olingan kundan boshlab besh ish kunidan kam boʻlmasligi kerak.
Ipoteka krediti olish uchun berilgan ariza qondirilishini rad etish toʻgʻrisidagi yozma bildirishnomada koʻrsatilgan muddat tamom boʻlgandan keyin xodim tomonidan berilgan ariza koʻrib chiqilmaydi.
13. Ipoteka kreditini olish uchun berilgan arizani koʻrib chiqish muddati ariza va barcha zarur hujjatlar taqdim etilgan kundan boshlab 30 ish kunidan ortiq boʻlmasligi kerak.
14. Kredit komissiyasi (kredit qoʻmitasi) tomonidan ipoteka krediti berish toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan keyin:
tijorat banki uch kun muddatda kredit shartnomasi tuzish uchun xodimni qaror qabul qilinganligi toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor qiladi. Shuningdek, sotuvchining nomiga talab qilib olinadigan depozit hisob raqamini ochish uchun xodim tomonidan tijorat bankiga (uy-joy ikkilamchi bozorda sotib olinganda) jismoniy shaxsning — kvartirani yoki yakka tartibdagi uyni sotuvchi (keyingi oʻrinlarda sotuvchi deb ataladi) kelishi taʼminlanishi zarurligi yozma shaklda koʻrsatiladi;
xodim kvartira yoki yakka tartibdagi uyning toʻliq qiymatini yoʻqotish yoki shikastlanish xavfidan oʻz hisobiga tijorat banki foydasiga sugʻurta qilishi, agar mol-mulkning toʻliq qiymati olingan kreditning va u boʻyicha hisoblangan foizlarning taʼminlangan ipoteka summasidan ortiq boʻlsa, tijorat banki oldida ushbu majburiyatning summasidan past boʻlmagan summaga sugʻurta qilishi shart;
tijorat banki xodim bilan “Ipoteka toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq notarial tasdiqlanishi va davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi kerak boʻlgan ipoteka toʻgʻrisidagi shartnomani, shuningdek kredit shartnomasini imzolaydi.
3-bob. Ipoteka kreditini berish va qaytarish tartibi
15. Ipoteka krediti berish tijorat banki tomonidan xodimning alohida ssuda hisob raqamini ochish va ushbu hisob raqamidan pul mablagʻlarini naqd boʻlmagan shaklda xodimning yozma topshirigʻi asosida, qonunchilikda belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan va notarial tasdiqlangan uy-joyning oldi-sotdisi toʻgʻrisidagi shartnomaning nusxasini ilova qilgan holda memorial order bilan sotuvchining (mulkdorning) depozit hisob raqamiga oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
16. Yakka tartibda uy-joy qurish yoki uni rekonstruksiya qilishga ipoteka krediti berish xodimning alohida ssuda hisob raqamini ochish va ushbu hisob raqamidan xodimning yozma topshirigʻi asosida memorial order bilan toʻlovlarni qurilish materiallari sotib olishga naqd boʻlmagan shaklda oʻtkazish — tashkilotlar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning depozit hisob raqamiga va bajarilgan qurilish-montaj ishi uchun — pudrat shartnomasida belgilangan shartlarda va muddatlarda pudrat qurilish tashkilotining depozit hisob raqamiga oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
17. Ipoteka kreditini qaytarish xodim tomonidan quyidagi shakllarda amalga oshirilishi mumkin:
ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, pensiyalar va boshqa daromadlar hisobiga naqd boʻlmagan shaklda pul oʻtkazish yoʻli bilan;
naqd pul mablagʻlari toʻlash;
plastik kartalardan va xodimning tijorat banklaridagi omonatlari boʻyicha hisob raqamlaridan naqd boʻlmagan shaklda pul mablagʻlari oʻtkazish yoʻli bilan.
Xodim asosiy qarzni va hisoblangan foizlarni kredit shartnomasida belgilangan qaytarish muddati boshlangunga qadar muddatidan oldin, kredit muddatidan oldin qaytarilganligi uchun vositachilik toʻlovi toʻlamasdan qaytarishi mumkin.
18. Dasturlar, shuningdek uy-joylar barpo etishning boshqa dasturlari doirasida arzon koʻp kvartirali uylardan kvartiralar sotib olish uchun ipoteka krediti olishda ipoteka krediti boʻyicha asosiy summa tijorat banki bilan tuziladigan shartnoma boʻyicha belgilangan muddatlarda xodimning mablagʻlari hisobiga, ipoteka krediti boʻyicha hisoblangan foizlar esa — 50 foiz miqdorida xodimning mablagʻlari hisobiga va 50 foizi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga ajratiladigan mablagʻlari hisobiga qaytariladi.
19. Tijorat banklari xodim tomonidan ipoteka krediti boʻyicha oʻz majburiyatlari bajarilishining doimiy monitoringini shu jumladan joyning oʻziga chiqib amalga oshiradi. Tijorat banki tomonidan monitoring olib borish tartibi kredit shartnomasida qayd etilishi kerak.
20. Asosiy qarz va u boʻyicha hisoblangan foizlar kredit shartnomasida belgilangan muddatlarda qaytarilmagan taqdirda tijorat bankining xodimi xodim bilan shaxsan uchrashib majburiyatlar bajarilmasligi sababini aniqlaydi va muddati oʻtkazib yuborilgan ipoteka kreditini qaytarishni taʼminlash choralarini koʻrishni talab qiladi.
21. Xodim tomonidan ipoteka krediti va hisoblangan foizlar boʻyicha toʻlovlar toʻlanmaganda yoki oʻz vaqtida toʻlanmaganda, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda tijorat banki qonunchilikda belgilangan tartibda garovga qoʻyilgan mol-mulkdan undirish toʻgʻrisida murojaat qiladi.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
4-bob. Dasturlar doirasida arzon koʻp kvartirali uylardan kvartiralar sotib olish uchun xodimlarning dastlabki badallarni toʻlashi uchun ularga qarz berish
22. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan xodimlar tomonidan ichki ishlar organlarining tegishli turar joy-maishiy komissiyalariga ariza berilishi yoʻli bilan Dasturlar, shuningdek uy-joylar barpo etishning boshqa dasturlari doirasida koʻp kvartirali uylardagi kvartiralar dastlabki badallarining belgilangan miqdorlarini toʻlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari mablagʻlari (keyingi oʻrinlarda budjetdan tashqari mablagʻlar deb ataladi) hisobiga qaytarish asosida xodimlarga 5 yil muddatga foizsiz uzoq muddatli qarzlar beriladi.
23. Qarz berish toʻgʻrisidagi ariza tegishli ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri va hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari tomonidan tashkil etiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi markaziy apparatining turar joy-maishiy komissiyasi (keyingi oʻrinlarda markaziy komissiya deb ataladi) va hududiy ichki ishlar organlarining turar joy-maishiy komissiyalari (keyingi oʻrinlarda hududiy komissiya deb ataladi) tomonidan koʻrib chiqiladi.
Markaziy komissiya va hududiy komissiyalarning tarkibi va ishini tashkil etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadi.
24. Qarz berish toʻgʻrisidagi ariza:
hududiy ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan — hududiy komissiyalarga;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi markaziy apparati xodimlari tomonidan — markaziy komissiyaga belgilangan tartibda beriladi.
25. Xodim qarz berish toʻgʻrisidagi ariza bilan birgalikda quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
doimiy yashash joyidan berilgan xodimning va u bilan birgalikda yashovchi oila aʼzolarining oxirgi 12 oydagi daromadlari toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar yoki yashash joyi boʻyicha davlat soliq xizmati organi tomonidan tasdiqlangan oxirgi 12 oyda xodim va uning oila aʼzolarining daromadlari toʻgʻrisidagi deklaratsiyalarning nusxalari;
pasportlarning (tugʻilganlik haqidagi guvohnomalarning nusxalari).
(25-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-iyuldagi 429-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2020-y., 09/20/429/1039-son)
26. Qarz berish toʻgʻrisidagi ariza va ushbu Nizomning 25-bandida koʻrsatilgan barcha zarur hujjatlar berilgandan keyin hududiy komissiya oʻrganish va tekshirish natijalari boʻyicha hududiy komissiya raisiga qarz berish mumkinligi yoki qarz berish mumkin emasligi toʻgʻrisidagi xulosani kiritadi.
27. Hududiy komissiya raisi qarz berish toʻgʻrisidagi arizani va unga ilova qilingan barcha hujjatlarni va hududiy komissiyaning xulosasini koʻrib chiqib hududiy komissiya nomidan qarz berish toʻgʻrisidagi arizani qondirish yoki asoslangan sabablarini koʻrsatib qondirishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Hududiy komissiya tomonidan qarz berish mumkinligi yoki qarz berish mumkin emasligi toʻgʻrisidagi arizani taqdim etish va hududiy komissiya raisi tomonidan tegishli qaror qabul qilinishi muddati qarz berish toʻgʻrisidagi ariza va ushbu Nizomning 25-bandida koʻrsatilgan barcha zarur hujjatlar berilgan kundan boshlab 15 ish kunidan ortiq boʻlmasligi kerak.
28. Hududiy komissiya raisi tomonidan hududiy komissiya nomidan qarz berish toʻgʻrisidagi arizani qondirish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda ushbu qaror va unga ilova qilingan barcha hujjatlar koʻrib chiqish uchun markaziy komissiyaga yuboriladi. Markaziy komissiya oʻn ish kuni mobaynida taqdim etilgan hujjatlarni oʻrganadi, qarz berish toʻgʻrisidagi arizani qondirish yoki qondirishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Markaziy komissiya tomonidan qarz berish toʻgʻrisidagi arizani qondirish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda markaziy komissiya ikki ish kuni mobaynida oʻz qarorini Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi markaziy apparatining Moliya-iqtisodiyot boshqarmasiga (keyingi oʻrinlarda Moliya-iqtisodiyot boshqarmasi deb ataladi) yuboradi.
29. Markaziy komissiya tomonidan qarz berish toʻgʻrisidagi arizani qondirish toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan keyin hududiy komissiya uch ish kuni mobaynida bu haqda xodimni qarz shartnomasi tuzish uchun yozma shaklda xabardor qiladi.
30. Moliya-iqtisodiyot boshqarmasi qarz shartnomasi tuzilgan kundan boshlab oʻn kun muddatda mablagʻlarni xodimning tijorat bankida ochilgan depozit hisob raqamiga oʻtkazadi.
31. Qarz berish toʻgʻrisidagi arizani qondirishni rad etish toʻgʻrisida tegishli qaror qabul qilingan taqdirda tegishli ravishda markaziy komissiya va hududiy komissiyalar bir kun mobaynida mablagʻ berish rad etilishining aniq sabablari koʻrsatilgan holda xodimni bundan yozma ravishda xabardor qiladilar.
32. Xodim tomonidan qarzni qaytarish quyidagi shakllarda amalga oshirilishi mumkin:
ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, pensiyalar va boshqa daromadlar hisobiga naqd boʻlmagan shaklda pul oʻtkazish yoʻli bilan;
naqd pul mablagʻlari toʻlash;
plastik kartalardan va xodimning tijorat banklaridagi omonatlari boʻyicha hisob raqamlaridan naqd boʻlmagan shaklda pul mablagʻlari oʻtkazish yoʻli bilan.
Bunda qarz boʻyicha toʻlovlar qarz shartnomasiga ilova qilingan jadvalga muvofiq toʻlanadi.
Xodim qarzni qarz shartnomasida belgilangan muddat boshlangunga qadar qaytarishga haqlidir.
5-bob. Yakunlovchi qoida
33. Ushbu Nizom talablari buzilishiga aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradilar.
(33-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 26-son, 595-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.01.2020-y., 09/20/30/0061-son, 08.07.2020-y., 09/20/429/1039-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)