1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.10.00.00 Sanoat / 09.10.02.00 Sanoat sohasidagi boshqaruv / 09.10.02.02 Sanoat sohasida boshqaruv;
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.14.00.00 Qishloq xoʻjaligi / 09.14.09.00 Qishloq xoʻjaligi tarmoqlari / 09.14.09.10 Asalarichilik. Baliqchilik]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Sanoat]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Baliqchilik tarmogʻini boshqarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Baliqchilik tarmogʻini boshqarish tizimini takomillashtirish, baliqchilik va baliq ovlash tashkilotlari faoliyati samaradorligini oshirish, baliq mahsulotlarini qayta ishlash boʻyicha ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, tabiiy va sunʼiy suv havzalaridan oqilona foydalanish, shuningdek, baliq yetishtirishning ilmiy asoslangan usullari va intensiv texnologiyalarini joriy etish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va “Ipoteka-bank” aksiyadorlik tijorat ipoteka bankining “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasining asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari etib belgilansin:
a) baliq chavoqlarini yetishtirishni takomillashtirish boʻyicha:
tabiiy va sunʼiy suv havzalarini baliqlantirish uchun qimmatli baliq turlarini koʻpaytirishni yoʻlga qoʻyishda baliqchilik tarmogʻi tashkilotlariga koʻmaklashish;
lichinka ishlab chiqarish boʻyicha yangi inkubatsiya sexlarini tashkil etish, baliq chavoqlari yetishtirish hajmlarini koʻpaytirish, baliq chavoqlari yetishtirish boʻyicha mavjud hovuzlarni modernizatsiya qilish va kengaytirish;
b) tabiiy va sunʼiy suv havzalarining resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha:
suv havzalari tashkil etish uchun yer uchastkalari berish masalalarida tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan oʻzaro samarali hamkorlikni taʼminlash;
baliq yetishtirishning zamonaviy texnologiyalarini, shu jumladan, qafas usulini keng joriy etish hamda tabiiy va sunʼiy suv havzalarida mahsuldorlikni koʻpaytirish hisobiga baliq ovlash hajmlarini oshirish;
baliqlar uchun toʻla qiymatli, yuqori oqsilli ozuqalar ishlab chiqarish uchun yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish va mavjudlarini modernizatsiya qilish yoʻli bilan baliqchilik tarmogʻining ozuqa bazasini mustahkamlash;
v) baliqchilik tarmogʻini jadal rivojlantirish boʻyicha:
baliqchilik tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha qabul qilingan dasturiy chora-tadbirlar amalga oshirilishini muvofiqlashtirish, yagona ilmiy-texnik, texnologik, investitsion va eksport siyosatini izchil amalga oshirish, shuningdek, ichki va tashqi bozorlarda narxlar monitoringini olib borish;
tabiiy va sunʼiy suv havzalaridagi baliq resurslaridan oqilona foydalanishni taʼminlaydigan normativ-huquqiy bazani ishlab chiqishda ishtirok etish, respublikada akvakulturani rivojlantirishni ragʻbatlantirish mexanizmlarini joriy etish;
imtiyoz va yengilliklar berish, xalqaro moliya institutlari va donor mamlakatlarning mablagʻlarini jalb etish yoʻli bilan baliqchilik tarmogʻi tashkilotlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga koʻmaklashish;
mahsulot sotish bozorlarini kengaytirish boʻyicha marketing tadqiqotlari olib borish, baliq mahsulotlari narxlari shakllanishining maqbul mexanizmini belgilash boʻyicha takliflar va tavsiyalarni ishlab chiqish, baliq mahsulotlarini eksport qilish hajmlarini koʻpaytirish;
xalqaro talablarga muvofiq sifat menejmenti tizimining zamonaviy usullarini, ishlab chiqarilayotgan mahsulotni sertifikatlashtirish va standartlashtirishni, baliq mahsulotlarini sanoat yoʻli bilan qayta ishlash va qadoqlashni joriy etish;
baliq yetishtirish va uni qayta ishlash sohasida ishlab chiqilgan innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish uchun ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish.
3. “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasining tashkiliy tuzilmasi, uning ijro etuvchi apparati boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 28 nafar boʻlgan tuzilmasi va hududiy “Baliqsanoat” MCHJlarning namunaviy tuzilmasi 1*, 2 va 3-ilovalarga* muvofiq maʼqullansin.
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-noyabrdagi PQ-4005-son qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.11.2018-y., 07/18/4005/2165-son)
“Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi raisiga zarurat boʻlganda boshqaruv xodimlarining shtatdagi cheklangan umumiy soni doirasida ijro etuvchi apparat tuzilmasiga oʻzgartishlar kiritish huquqi berilsin.
“Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi raisi va uning oʻrinbosarlari muassislarning umumiy yigʻilishi qarori bilan saylanadilar hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi raisining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tasdiqlanadilar;
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-fevraldagi PF-36-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.02.2024-y., 06/24/36/0130-son)
“Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi ijro etuvchi apparati faoliyatini joriy taʼminlash va moliyalashtirish Uyushmaning aʼzolari boʻlgan tashkilotlarning badallari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-iyuldagi PF-6021-son Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2020-y., 06/20/6021/1047-son)
6. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki:
hududiy “Baliqsanoat” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari (keyingi oʻrinlarda hududiy “Baliqsanoat” MCHJlar deb ataladi) va baliqchilik tarmogʻining boshqa tashkilotlari “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasining muassislari hisoblanadi;
(6-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-iyuldagi PF-6021-son Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2020-y., 06/20/6021/1047-son)
hududiy “Baliqsanoat” MCHJlar va “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasining tashkil etilishi 4-ilovaga* muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi bir oy muddatda Chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutining Baliqchilikni rivojlantirish ilmiy-tajriba stansiyasini Baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutiga belgilangan tartibda aylantirsin va uning filiallarini Aydar — Arnasoy koʻllar tizimida va respublikaning boshqa hududlarida tashkil etsin.
8. Ilmiy-tadqiqot va seleksiya-naslchilik ishlarini, zamonaviy ozuqalar retsepturasini ishlab chiqish va baliqchilik tarmogʻida zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga koʻmaklashish boʻyicha boshqa tadbirlarni amalga oshirishni, baliqlarning kasalliklari profilaktikasi va ularni davolashni, tarmoqni rivojlantirish boʻyicha investitsiya loyihalari shakllantirilishini moliyalashtirish uchun “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasining Baliqchilikni rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etilsin.
Belgilansinki, tabiiy suv havzalari ijarasidan tushgan mablagʻlar toʻliq miqdorda “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasining Baliqchilikni rivojlantirish jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi.
Vazirlar Mahkamasining “Baliqchilik tarmogʻida monopoliyadan chiqarish va xususiylashtirishni chuqurlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2003-yil 13-avgustdagi 350-son qaroriga muvofiq Chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti huzurida tashkil etilgan budjetdan tashqari Baliqchilikni rivojlantirish jamgʻarmasi tugatilsin.
9. Hududiy “Baliqsanoat” MCHJlarni va “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasini tashkil etish bilan bogʻliq tashkiliy tadbirlarni muvofiqlashtirish va ularni amalga oshirishga koʻmaklashish boʻyicha 5-ilovaga* muvofiq tarkibda Ishchi guruhi (keyingi oʻrinlarda Ishchi guruh deb ataladi) tashkil etilsin.
Ishchi guruh Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va “Ipoteka-bank” aksiyadorlik tijorat ipoteka banki bilan birgalikda bir oy muddatda:
mazkur qarorning 4-ilovasiga* muvofiq hududiy “Baliqsanoat” MCHJlari va “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi tashkil etilishini;
* 1, 3 — 5-ilovalar berilmaydi.
“Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi ustavi tasdiqlanishini va uning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini;
“Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi ijro etuvchi apparatining tasdiqlangan tuzilmasiga va shtatlar jadvaliga muvofiq yuqori malakali mutaxassislar bilan puxta tanlash asosida toʻldirilishini taʼminlasin.
10. Ishchi guruh Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda 2017 — 2021-yillar davrida baliqchilik tarmogʻini yanada kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi loyihasini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Dastur loyihasini ishlab chiqishda quyidagi ustuvor vazifalarga alohida eʼtibor qaratsin:
baliqchilik tarmogʻining normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish;
baliqlar uchun yuqori oqsilli ozuqalar ishlab chiqarish boʻyicha mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilish va yangi quvvatlarni barpo etish yoʻli bilan baliqchilik tarmogʻining ozuqa bazasini mustahkamlash;
baliqlarning yuqori mahsuldor zotlarini joriy etish, baliq yetishtirish hajmlarini bosqichma-bosqich koʻpaytirish, ichki ehtiyojni toʻliq taʼminlash uchun suv havzalarining sifatini yaxshilash va hosildorligini oshirish;
hududiy “Baliqsanoat” MCHJlar negizida inkubatsiya sexlarini qurish, baliqlarni parvarish qilish joylarini, baliqni qayta ishlash va omuxta yem ishlab chiqarish boʻyicha ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish;
Aydar — Arnasoy koʻllar tizimidan yanada samarali foydalanish, baliq yetishtirish, ovlash va qayta ishlashni kengaytirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish;
respublika suv omborlaridan samarali foydalanish uchun baliq yetishtirish va ovlash ishlarini tashkil etish;
yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni jalb etish yoʻli bilan baliq yetishtirishning qafas usulini tizimli ravishda keng joriy etish;
baliqchilik tarmogʻi tashkilotlariga boshqariladigan narxlar boʻyicha moddiy-texnika resurslarini yetkazib berish, shuningdek, katerlar, qayiq va boshqa maxsus texnikalarni sotib olish;
baliqchilik mahsulotlari sifati menejmentining zamonaviy usullarini keng joriy etish, shuningdek, uni xalqaro talablarga muvofiq sertifikatlashtirish va standartlashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish;
oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida kadrlar, shuningdek, baliqchilik tarmogʻi uchun ilmiy tadqiqotchilar, ixtiolog mutaxassislar tayyorlashning oʻquv rejalari hamda dasturlarini takomillashtirish va yangilash, kadrlar malakasini oshirishni tashkil etish.
11. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari:
(11-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi PF-6243-sonli Farmoniga 2021-yil 1-avgustdan chiqariladi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.06.2021-y., 06/21/6243/0540-son)
baliq ovlash tarmogʻini rivojlantirish maqsadida tabiiy suv havzalarini 2018-yildan boshlab belgilangan tartibda doimiy ravishda tanho foydalanish uchun “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasiga berilishini taʼminlasinlar.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi Moliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga:
baliqchilik xoʻjaliklariga tabiiy suv havzalari uchastkalarini ajratish, baliqni sanoat yoʻli bilan ovlash, baliqchilik tashkilotlarining tabiiy suv havzalaridan foydalanganligi uchun ijara toʻlovini hisoblash va undirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom loyihasini;
“Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasining Baliqchilikni rivojlantirish jamgʻarmasini shakllantirish va mablagʻlaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom loyihasini tasdiqlash uchun kiritsin.
13. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ quyi boʻlinmalari bazasida baliqchilik tarmogʻining, shu jumladan, Aydar — Arnasoy koʻllar tizimi ishchilarining vaqtinchalik yashashi uchun maxsus vagonlar va qafas uskunalari ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha bir oy muddatda taklif kiritsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda:
baliqchilik tarmogʻi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash va ularni qayta tayyorlash maqsadida Toshkent davlat agrar universitetida baliqchilik fakultetini tashkil etsin;
2017-2018 oʻquv yilidan boshlab Arnasoy qishloq xoʻjaligi va transport kasb-hunar kolleji bazasida baliqchilik tarmogʻi uchun kadrlar tayyorlashni hamda mazkur kollej Toshkent davlat agrar universitetiga biriktirilishini taʼminlasin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi “Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi bilan birgalikda har yili oziq-ovqat bugʻdoyi balansini shakllantirishda omuxta yem ishlab chiqarish uchun hududiy “Baliqsanoat” MCHJlarga birja savdolari orqali sotish uchun bugʻdoy ajratilishini nazarda tutsin.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)
16. Yuridik shaxslar 2023-yil 1-yanvargacha boʻlgan muddatda lichinka, baliq chavoqlari va tovar baliq yetishtirishdan, baliqchilik mahsulotlarini tayyorlash va qayta ishlashdan olingan daromadlar boʻyicha aylanmadan olinadigan soliqni toʻlashdan ozod etilsin.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-apreldagi PF-101-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.04.2022-y., 06/22/101/0288-son)
17. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasining asoslangan buyurtmalari boʻyicha premikslar, veterinariya preparatlari, baliq chavoqlari, baliqni qayta ishlash boʻyicha texnologiyalarni, boshqa zarur materiallar va uskunalarni hamda maxsus texnikalarni sotib olish uchun mablagʻlarning yetishmayotgan qismini konvertatsiya qilishni taʼminlasin.
18. “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasiga Uyushmaning aʼzolari manfaatlarini koʻzlab daʼvolar taqdim etish, davlat organlarining qarorlari, ularning mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan davlat boji toʻlamasdan sudga shikoyat qilish huquqi berilsin.
19. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “Oʻzbekbaliqsanot” uyushmasining buyurtmanomalariga binoan baliqchilik tarmogʻida ishlashga jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga kirish vizalarining konsullik yigʻimlari va boshqa yigʻimlar undirilmasdan rasmiylashtirilishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
20. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Oʻzbekbaliqsanot” uyushmasining buyurtmanomalariga binoan baliqchilik tarmogʻida ishlashga jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga davlat boji undirilmasdan koʻp martalik kirish vizalari berilishini va ularning muddati uzaytirilishini, shuningdek, ularning turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazilishini va uning muddati uzaytirilishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-109-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)
21. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi “Oʻzbekbaliqsanot” uyushmasining buyurtmanomalariga binoan baliqchilik tarmogʻida ishlash uchun yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni (Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari orasida bunday mutaxassislar boʻlmagan taqdirda) Oʻzbekiston Respublikasiga jalb etishga ruxsatnomalar berishni (muddatini uzaytirishni), shuningdek, koʻrsatib oʻtilgan xorijiy fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) taʼminlasin.
22. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi va Toshkent shahar hokimligi “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasini Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Kichik Halqa yoʻli koʻchasi, 21 “a”-uy manziliga bepul foydalanish huquqi bilan joylashtirilishini taʼminlasin.
23. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi hamda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiquvchi oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
24. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri Z.T. Mirzayev va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi raisi B.R. Parpiyev zimmasiga yuklansin.
LexUZ sharhi
Ushbu Qaror “Xalq soʻzi” gazetasining 2017-yil 3-maydagi 87 (6781)-sonida eʼlon qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-maydagi PQ-2939-sonli qaroriga 2-ILOVA
“Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasining ijro etuvchi apparati tashkiliy
tuzilmasi
Boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni — 28 kishi.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-noyabrdagi PQ-4005-son qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.11.2018-y., 07/18/4005/2165-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Baliqchilik tarmogʻini boshqarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga SHARH
Keyingi yillarda respublikada aholining oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, shu jumladan, sifatli baliq mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini koʻpaytirish boʻyicha bir qancha dasturiy chora-tadbirlar qabul qilindi.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida 2016-yilda qariyb 3 ming gektar yangi sunʼiy hovuzlar tashkil etildi, ularda 900 taga yaqin yangi baliqchilik xoʻjaligi tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirmoqda. Baliqchilik xoʻjaliklarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Ipoteka-bank” aksiyadorlik tijorat ipoteka banki tomonidan 116 milliard soʻmdan ortiq kreditlar ajratildi. Aholining baliq mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash maqsadida 2016-yilda 76 ming tonnaga yaqin baliq yetishtirildi, bu 2015-yilga qaraganda 16 ming tonna koʻpdir.
Shu bilan birga, tahlillar shuni koʻrsatadiki, baliq chavoqlari ishlab chiqarish hamda tabiiy suv havzalari va sunʼiy koʻllardan samarasiz foydalanish baliqchilik tarmogʻining eng zaif boʻgʻini hisoblanadi. Natijada sunʼiy koʻllarning hosildorligi bir gektarda 20 sentnerdan oshmaydi, bu jahondagi oʻrtacha koʻrsatkichlardan ancha pastdir. Baliqchilik sohasidagi ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrganish, intensiv texnologiyalarni keng joriy etish va baliq yetishtirishning yuqori texnologik usullaridan foydalanish alohida eʼtiborni talab qiladi.
Baliqchilikni yanada rivojlantirish va aholini keng turdagi va arzon baliq mahsulotlari bilan taʼminlashdagi kamchiliklar, muammolar va mavjud imkoniyatlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yilning 27-aprel kuni Jizzax viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish chogʻida koʻrsatib oʻtildi.
Baliqchilik tarmogʻidagi bu muammolarni bartaraf etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Baliqchilik tarmogʻini boshqarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi tashkil etiladi, uning tarkibiga joylarda baliqchilik tarmogʻi tashkilotlari ishlarini muvofiqlashtiruvchi 13 ta hududiy “Baliqsanoat” masʼuliyati cheklangan jamiyati kiradi.
Baliq mahsulotlari ishlab chiqarishning tashkiliy-texnologik jarayonlarini tizimli tashkil etish, baliq chavoqlarini takror koʻpaytirish va ozuqa bazani mustahkamlash, tabiiy suv havzalari va sunʼiy koʻllarning resurslaridan oqilona foydalanish, shuningdek, baliq yetishtirish jarayoniga ilmiy asoslangan usullarni va intensiv texnologiyalarni joriy etish “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari hisoblanadi.
Bundan tashqari, baliqchilik tarmogʻida ilmiy-tadqiqot ishlarini yanada takomillashtirish, ilmiy kadrlar tayyorlash, ilmiy va texnik yangiliklarni tadbirkorlik subyektlariga yetkazish maqsadida Baliqchilikni rivojlantirish ilmiy-tajriba stansiyasi Baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutiga aylantirildi va Aydar — Arnasoy koʻllar tizimida hamda respublikaning boshqa hududlarida uning filiallarini ochish belgilandi.
Tarmoq loyihalarini birgalikda moliyalashtirish, shuningdek, maslahat, axborot-tahlil va marketing xizmatlari koʻrsatish yoʻli bilan baliqchilikni rivojlantirish dasturlari amalga oshirilishiga koʻmaklashish uchun qarorda “Ipoteka-bank” aksiyadorlik tijorat ipoteka bankining investitsion kompaniyasini tashkil etish maʼqullandi va uning ulushi yangidan tashkil etilayotgan hududiy “Baliqsanoat” masʼuliyati cheklangan jamiyatlarining ustav fondida kamida 51 foizni tashkil etadi.
Ilmiy-tadqiqot, seleksiya va naslchilik ishlarini moliyalashtirish, ozuqalarning zamonaviy retsepturalarini ishlab chiqish va baliqchilik tarmogʻiga ilgʻor texnologiyalarni joriy etishda koʻmaklashish, baliqlarning kasalliklari profilaktikasi va ularni davolash hamda tarmoqni rivojlantirish boʻyicha investitsiya loyihalarini shakllantirish maqsadida “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasida Baliqchilikni rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etiladi.
“Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasini, uning hududiy “Baliqsanoat” masʼuliyati cheklangan jamiyatlarini va uyushma tarkibiga kiruvchi yuridik shaxslarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida ularga 2023-yilning 1-yanvarigacha urugʻ, baliq chavoqlari va tovar baliq yetishtirishdan, baliq mahsulotlarini tayyorlash va qayta ishlashdan olingan daromadlaridan yagona soliq toʻlovi toʻlashdan ozod etish boʻyicha imtiyozlar berilmoqda. Bunda boʻshaydigan mablagʻlar, birinchi navbatda, belgilangan tartibda baliqchilik tashkilotlarini iqtisodiy qoʻllab-quvvatlashga, baliqchilik tarmogʻining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga va soha xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishga yoʻnaltiriladi.
Mazkur qaror bilan, shuningdek, baliq yetishtirish va uni qayta ishlash hajmlarini koʻpaytirishga, baliq chavoqlari bilan taʼminlashga, baliq yetishtirishning zamonaviy usullarini joriy etishga yoʻnaltirilgan 2017 — 2021-yillarda baliqchilik tarmogʻini yanada kompleks rivojlantirish boʻyicha dasturiy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha ishchi guruh tashkil etildi. Yuqori mahsuldor baliq turlarini iqlimlashtirish ishlarini ilmiy asosda tashkil etish hisobiga baliqlarning afrika laqqasi, tilyapiya, forel, vengriya sazani va osyotr turlarini koʻpaytirish yoʻlga qoʻyiladi. Bu, oʻz navbatida, ichki bozorlarga uzluksiz ravishda keng assortimentdagi arzon va sifatli baliq mahsulotlari yetkazib berilishini taʼminlaydi.
Shubhasiz, bu yutuqlarga erishish uchun bir qator kechiktirib boʻlmaydigan va amaliy vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli hal etish talab etiladi. Ular jumlasiga Aydar — Arnasoy koʻllar tizimi va suv omborlaridagi mavjud imkoniyatlardan yanada samarali foydalanish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, qafas usulida baliq yetishtirishni keng joriy etish, baliq yetishtiruvchi va baliq ovlovchi tashkilotlarning moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash, bugungi kunda faoliyat koʻrsatayotgan bir qator kasb-hunar kollejlarining ixtisoslashuvini qayta koʻrib chiqish va Toshkent davlat agrar universitetida baliqchilik sohasi uchun kadrlar tayyorlash fakultetini tashkil etish, bu borada xalqaro tajribani oʻrganish va baliqchilik sohasida ishlash uchun chet el mutaxassislarini jalb etish kabi masalalar kiradi.
Qarorda nazarda tutilgan tadbirlarning amalga oshirilishi baliqchilik tarmogʻining barcha sohasini qamrab oluvchi va uning jadal rivojlanishini taʼminlovchi yagona boshqaruv tizimi tashkil etilishiga, yangi ish oʻrinlari yaratilishiga, baliq yetishtirish hajmlarini keskin koʻpaytirishga, respublika aholisining baliq mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini taʼminlashga va sohaning eksport salohiyatini oshirishga koʻmaklashadi.