toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Ichki ishlar organlarining jinoyatlarni tergov qilish sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni taʼminlashda ularning masʼuliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2017-yil 10-apreldagi PF-5005-son Farmoniga muvofiq, shuningdek qonuniylikni taʼminlash, jinoyatlarni oʻz vaqtida fosh etish, har tomonlama, toʻla va xolisona tergov qilish, javobgarlikning muqarrarligi prinsipini soʻzsiz amalga oshirishning samarali mexanizmlarini yaratish maqsadida:
1. Jinoyatlarni tergov qilish samaradorligini oshirishning quyidagi asosiy yoʻnalishlarini amalga oshirish Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va uning hududiy boʻlinmalarining eng muhim vazifasi deb hisoblansin:
birinchidan, jinoyat sodir etgan har bir shaxsga adolatli jazo berilishi va aybi boʻlmagan hech bir shaxs javobgarlikka tortilmasligini kafolatlovchi jinoyat-protsessual normasini qatʼiy taʼminlash;
ikkinchidan, jinoyatlarni oʻz vaqtida fosh etish, har tomonlama, toʻla va xolisona tergov qilish, surishtiruv va dastlabki tergovni amalga oshirishda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ustunligiga, ularning shaʼni va qadr-qimmati hurmat qilinishiga soʻzsiz rioya qilish;
uchinchidan, surishtiruvchi va tergovchilarning chinakam protsessual mustaqilligini taʼminlash, ularga nisbatan noqonuniy taʼsir koʻrsatish hamda faoliyatiga asossiz aralashishga yoʻl qoʻymaslik;
toʻrtinchidan, surishtiruvchi va tergovchilarga yuklatilgan vazifalarni samarali amalga oshirishlari uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, ularning moddiy va ijtimoiy taʼminoti masalalarini hal etish;
beshinchidan, ichki ishlar organlarining ekspert-kriminalistika boʻlinmalari faoliyatiga ilgʻor kriminalistik va ilmiy-texnik vositalarni, shuningdek ishlashning zamonaviy shakl va uslublarini keng joriy etish.
2. Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti (keyingi oʻrinlarda — Tergov departamenti) bevosita Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziriga hisobot beradigan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining mustaqil boʻlinmasi hisoblanadi;
Oldingi tahrirga qarang.
ichki ishlar organlarining tergov boʻlinmalari tizimiga Tergov departamenti, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Transportda jamoat xavfsizligini taʼminlash boshqarmasi huzuridagi tergov boʻlimi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari huzuridagi tergov boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) ichki ishlar boshqarmalari (boʻlimlari), shuningdek transportda jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻlimlari huzuridagi tergov boʻlimlari (boʻlinmalari, guruhlari) kiradi;
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-maydagi PQ-4343-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.05.2019-y., 07/19/4343/3206-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari huzuridagi tergov boshqarmalariga tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliq oʻrinbosarlari boshchilik qiladi;
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-maydagi PQ-4343-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.05.2019-y., 07/19/4343/3206-son)
tumanlar (shaharlar) ichki ishlar boshqarmalari (boʻlimlari) huzuridagi jami shtatlar soni 10 tadan kam boʻlmagan tergov boʻlimlariga — tumanlar (shaharlar) ichki ishlar boshqarmalari (boʻlimlari) boshliq oʻrinbosarlari boshchilik qiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
tergov boʻlinmalari surishtiruv va dastlabki tergovni tashkil etish va amalga oshirish masalalarida yuqori turuvchi tergov boʻlinmalariga va Tergov departamentiga, ichki ishlar organlarida xizmatni oʻtash masalalarida esa — tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Transportda jamoat xavfsizligini taʼminlash boshqarmasi boshligʻi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) ichki ishlar boshqarmalari (boʻlimlari), shuningdek transportda jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻlimlari boshliqlariga boʻysunadilar va hisobot beradilar;
(2-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-maydagi PQ-4343-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.05.2019-y., 07/19/4343/3206-son)
ichki ishlar organlarining tergov boʻlinmalari faoliyatiga aralashish, shuningdek ularning xodimlari tomonidan oʻz vakolatlarini amalga oshirishga toʻsqinlik qilish maqsadida har qanday shaklda taʼsir koʻrsatish hamda ularning bajarilishi shart boʻlgan qarorlarini bajarmaslik qonunda oʻrnatilgan tartibda javobgarlikka sabab boʻladi;
Oldingi tahrirga qarang.
Tergov departamenti, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari huzuridagi tergov boshqarmalarining tergovchilari lavozimiga tayinlash tergovchi sifatida uch yildan kam boʻlmagan ish stajiga ega boʻlgan taqdirda amalga oshiriladi;
(2-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-maydagi PQ-4343-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.05.2019-y., 07/19/4343/3206-son)
ichki ishlar organlarining tergov boʻlinmalari surishtiruvchilari, tergovchilari va boshliqlariga nisbatan jinoyat ishlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurori, Toshkent shahar, viloyatlar prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar tomonidan, Tergov departamentining tergovchilari, boʻlinma boshliqlari va boshligʻiga nisbatan esa — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning oʻrinbosarlari tomonidan qoʻzgʻatiladi.
3. Quyidagilar tashkil etilsin:
Oldingi tahrirga qarang.
Tergov departamentining tuzilmasida surishtiruv ishlarini muvofiqlashtirish va nazorat qilish boʻlimi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Transportda jamoat xavfsizligini taʼminlash boshqarmasi huzuridagi tergov boʻlimining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari huzuridagi tergov boshqarmalarining tuzilmalarida surishtiruv ishlarini muvofiqlashtirish va nazorat qilish boʻlimlari (boʻlinmalari, guruhlari);
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-maydagi PQ-4343-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.05.2019-y., 07/19/4343/3206-son)
tumanlar (shaharlar) ichki ishlar boshqarmalari (boʻlimlari) huzuridagi tergov boʻlimlari (boʻlinmalari)ning, transportda jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻlimlarining tuzilmalarida surishtiruv boʻlinmalari (guruhlari).
Belgilansinki, surishtiruv ishlarini muvofiqlashtirish va nazorat qilish boʻlimlari (boʻlinmalari, guruhlari) va surishtiruv boʻlinmalari (guruhlari) oliy yuridik maʼlumotga ega boʻlgan xodimlar bilan jamlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi 2017-yil yakunlari boʻyicha surishtiruv boʻlinmalari (guruhlari) ish hajmining tahlili asosida ularning shtat birligini maqbullashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar kiritsin.
4. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oldingi tahrirga qarang.
(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-fevraldagi PQ-122-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.02.2022-y., 07/22/122/0109-son)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2018-yil 1-yanvarga qadar:
ichki ishlar organlarida soʻroq jarayonini stenografiya qilish, videokuzatuv, shuningdek tergov harakatlarini audio- va video qayd etish tizimlari bilan jihozlangan maxsus xonalar tashkil etilishini;
Tergov departamenti va uning hududiy boʻlinmalari oʻrtasida videokonferensaloqa tizimi joriy etilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda:
ichki ishlar organlarining tergov boʻlinmalari xodimlariga qoʻshimcha ustamalar toʻlanadigan maxsus malaka darajasini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni;
ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlarni namunali fosh etganlik va tergov qilganlik uchun pul mukofotlari bilan taqdirlash toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-fevraldagi PQ-122-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.02.2022-y., 07/22/122/0109-son)
9. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublika Bosh prokuraturasi bilan birgalikda Tergov departamenti, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari huzuridagi tergov boshqarmalariga birinchi navbatda fosh etilmagan ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar boʻyicha jinoyat ishlarini tergov qilish yuklatilishini nazarda tutgan holda ichki ishlar organlarining tergov boʻlinmalari oʻrtasida jinoyat ishlarini taqsimlash mezonlarini tasdiqlasin;
ikki oy muddatda ichki ishlar organlarining tergov boʻlinmalari faoliyatini monitoring qilish tartibini, bunda ularni ragʻbatlantirish, yuqori lavozimlarga koʻrsatish, boshqa tergov boʻlinmalariga oʻtkazishda foydalaniladigan ular ishini baholovchi aniq mezonlarini nazarda tutgan holda joriy etsin.
ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
uch oy muddatda idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qaror talablariga muvofiqlashtirsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi O.B. Murodov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 18-aprel,
PQ-2898-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-apreldagi PQ-2898-sonli qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti (keyingi oʻrinlarda — Tergov departamenti) jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligiga asosan jinoyatlarni oʻz vaqtida fosh etish, har tomonlama, toʻla va xolisona tergov qilish, javobgarlikning muqarrarligi prinsipini soʻzsiz amalga oshirish, shuningdek ichki ishlar organlarining tergov boʻlinmalari faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirishni taʼminlaydigan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining (keyingi oʻrinlarda — IIV) mustaqil boʻlinmasi hisoblanadi.
Tergov departamenti bevosita Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziriga hisob beradi.
2. Tergov departamenti oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”gi Qonuni va boshqa qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining buyruqlari va farmoyishlariga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.
3. Tergov departamenti oʻz faoliyatiga doir masalalar boʻyicha oʻrnatilgan tartibda ichki ishlar organlarining boshqa boʻlinmalari, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat organlari hamda tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq xorijiy davlatlarning vakolatli organlari bilan oʻzaro hamkorlikni amalga oshiradi.
4. Ichki ishlar organlari tergov boʻlinmalari tizimiga quyidagilar kiradi:
Tergov departamenti;
Oʻzbekiston Respublikasi IIV Transportda jamoat xavfsizligini taʼminlash boshqarmasi huzuridagi tergov boʻlimi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari huzuridagi tergov boshqarmalari;
tumanlar (shaharlar) ichki ishlar boshqarmalari (boʻlimlari), transportda jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻlimlari huzuridagi tergov boʻlimlari (boʻlinmalari, guruhlari).
5. Tergov departamenti Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻzining toʻliq nomi yozilgan muhri va blankasiga, shtampiga ega, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan taʼsis etiladigan Tergov departamenti faoliyatining oʻziga xos xususiyatini aks ettiradigan ramziga ega boʻlishi mumkin.
2-bob. Tergov departamentining asosiy vazifalari va funksiyalari
6. Quyidagilar Tergov departamentining asosiy vazifalari hisoblanadi:
jinoyatlarni tergov qilish amaliyotini kompleks va tizimli tahlil qilish, shu jumladan jinoyatlarning sodir etilishi sabablari va bunga imkon yaratadigan shart-sharoitlarni aniqlash, shuningdek ularni bartaraf etish choralarini koʻrish;
ichki ishlar organlarining tergov boʻlinmalari faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish, jinoyatlarni oʻz vaqtida fosh etish, har tomonlama, toʻla va xolisona tergov qilinishini, surishtiruv va dastlabki tergovni yuritishda qonuniylikka soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash, shuningdek tergov boʻlinmalarining kadrlar tarkibini shakllantirish va xodimlarning malakasini oshirishni tashkil etish;
ichki ishlar organlarining tergov boʻlinmalariga surishtiruv va dastlabki tergovni yuritishda uslubiy va amaliy yordam koʻrsatish, shuningdek oʻta murakkab, viloyatlararo xususiyatga ega, respublikada shov-shuvga sabab boʻlgan, shu jumladan uyushgan jinoiy guruhlar va uyushmalar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni bevosita tergov qilish;
qonunchilik, huquqni qoʻllash amaliyotini hamda surishtiruv va dastlabki tergovni tashkil etishning shakl hamda uslublarini yanada takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqish va amalga oshirish.
7. Zimmasiga yuklatilgan vazifalarga muvofiq Tergov departamenti quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) jinoyatlarni tergov qilish amaliyotini kompleks va tizimli tahlil qilish, shu jumladan jinoyatlarning sodir etilishi sabablari va bunga imkon yaratadigan shart-sharoitlarni aniqlash, shuningdek ularni bartaraf etish choralarini koʻrish sohasida;
jinoyat ishlarini tergov qilish amaliyotini, ichki ishlar organlarining tergov boʻlinmalarida surishtiruv va dastlabki tergovning asosiy koʻrsatkichlarini umumlashtirish, tahlil qilish, baholash;
jinoyatlarning sodir etilishi sabablari va bunga imkon yaratadigan shart-sharoitlarni aniqlash, umumlashtirish va tahlil qilish, shuningdek ularni bartaraf etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
ichki ishlar organlarining tergov boʻlinmalarida boshqaruv amaliyotini oʻrganish, ularning faoliyatidagi dolzarb muammolarni va ularni hal etish yoʻllarini aniqlash;
Oʻzbekiston Respublikasi IIV faoliyatini joriy va istiqbolli rejalashtirishda, ichki ishlar organlari tergov boʻlinmalari rivojlanishining asosiy yoʻnalishlari konsepsiyalarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
tergov boʻlinmalari faoliyatining ahvoli toʻgʻrisida, jinoyatlarni tergov qilishning muammoli masalalari yuzasidan axborot-tahliliy maʼlumotlarni tayyorlash va tegishli takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi IIV rahbariyatiga kiritish;
ichki ishlar organlarining tergov boʻlinmalari vakolatiga kiruvchi masalalari yuzasidan hisobga olish, maʼlumotlar bazasi, axborot tizimlarini shakllantirish va yuritishni tashkil etish va amalga oshirish;
ijobiy xorijiy va milliy ish tajribasini, surishtiruv va dastlabki tergovning zamonaviy vositalari, shakllari, usullari va taktik uslublarini oʻrganish va amaliy faoliyatga joriy etish;
huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻyicha profilaktik tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish, shu jumladan ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni amalga oshirish;
b) ichki ishlar organlarining tergov boʻlinmalari faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish, jinoyatlarni oʻz vaqtida fosh etish, har tomonlama, toʻla va xolisona tergov qilinishini, surishtiruv va dastlabki tergovni yuritishda qonuniylikka soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash, shuningdek tergov boʻlinmalarining kadrlar tarkibini shakllantirish va xodimlarning malakasini oshirishni tashkil etish sohasida;
jinoyatlarni har tomonlama, toʻla va xolisona tergov qilinishini, jinoyat ishlari boʻyicha surishtiruv va dastlabki tergovni yuritishda qonuniylikka soʻzsiz rioya etilishini taʼminlashga qaratilgan tadbirlarni kompleks rejalashtirishni tashkil etish va amalga oshirish;
ichki ishlar organlarining tergov boʻlinmalari faoliyatini tekshirishni oʻtkazish, surishtiruv va dastlabki tergovni tashkil etishda aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻrish va mazkur choralarning amalga oshirilishini nazorat qilish;
ichki ishlar organlarining tergov boʻlinmalari faoliyati ustidan protsessual va idoraviy nazoratni amalga oshirish;
ichki ishlar organlarining tergov boʻlinmalarida hisobga olish-qayd etish intizomiga rioya etilishini taʼminlash;
jinoyatlar haqidagi arizalar va xabarlarni koʻrib chiqishda qonuniylikka rioya etilishi boʻyicha ichki ishlar organlarining tergov boʻlinmalari faoliyatini oʻrganishni tashkil etish va amalga oshirish;
ichki ishlar organlarining tergov boʻlinmalari tomonidan dastlabki tergovni toʻxtatish, jinoyat ishlarini tugatishning asosliligini oʻrganish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha koʻrsatmalar ishlab chiqish va ularning bartaraf etilishini nazorat qilish;
jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxslarga oʻz vaqtida qidiruv eʼlon qilinishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
hududiy ichki ishlar organlarida toʻxtatilgan jinoyat ishlari va ashyoviy dalillarning saqlanishini, shuningdek ularning hisobi toʻgʻri yuritilayotganini nazorat qilish;
surishtiruv va dastlabki tergovni amalga oshirishda ichki ishlar organlarining boshqa boʻlinmalari, davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorlikni tashkil etish va taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq xorijiy davlatlarning vakolatli organlaridan kelib tushgan jinoyat ishlari boʻyicha huquqiy yordam koʻrsatish haqidagi soʻrovlari ijrosini tashkil etish, shuningdek xuddi shunday soʻrovlarni xorijiy davlatlarning vakolatli organlariga yuborish;
xorijiy davlatlarning vakolatli organlariga jinoiy taʼqibni amalga oshirish maqsadida jinoyat ishlarini oʻrnatilgan tartibda yuborish, xorijiy davlatlarning vakolatli organlari tomonidan yuborilgan jinoyat ishlarining tergov qilinishini taʼminlash;
jinoyat-protsessual qonunchiligining Oʻzbekiston Respublikasining jinoiy sud ishlarini yuritish sohasidagi xalqaro hamkorlik masalalariga oid qismi talablari ijrosini taʼminlash;
jinoyatlarni tergov qilishda axborot-tahlil, kriminalistika va tezkor-maʼlumotlar tizimidan samarali foydalanishni taʼminlash;
quyi boʻgʻinlar faoliyatini muvofiqlashtirish va hamkorligini taʼminlash, maʼlumotlar bazasini shakllantirish, tergov harakatlarini amalga oshirish, dalillarni toʻplash maqsadida ichki ishlar organlari tergov boʻlinmalarining amaliyotiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
ichki ishlar organlarining tergov boʻlinmalarida ishlashga kasbiy tayyorgarligi, axloqiy-psixologik, irodali va maʼnaviy fazilatlarga ega boʻlgan kadrlarni tanlab olishni tashkil etish va amalga oshirish;
ichki ishlar organlarining tergov boʻlinmalari xodimlari oʻrtasida xizmat intizomi va qonuniylik buzilishi holatlarining oldini olish borasida ishlarni tashkil etish va amalga oshirish, ularga nisbatan xizmat tekshiruvlarini oʻtkazish, tekshiruv natijalari boʻyicha tegishli choralar koʻrish;
ichki ishlar organlarining tergov boʻlinmalari xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish, xodimlar kasbiy tayyorgarligining yuqori darajasini taʼminlash uchun oʻqitishning zamonaviy texnologiyalari va usullaridan keng foydalanish;
v) ichki ishlar organlarining tergov boʻlinmalariga uslubiy va amaliy yordam koʻrsatish, shuningdek jinoyatlarni tergov qilishda sohasida:
ichki ishlar organlarining tergov boʻlinmalari faoliyati ustidan tashkiliy-uslubiy rahbarlikni amalga oshirish;
ichki ishlar organlarining tergov boʻlinmalariga jinoyatlarni fosh etish va tergov qilishda amaliy yordam koʻrsatish, shuningdek surishtiruv va dastlabki tergovni tashkil etish boʻyicha uslubiy va boshqa materiallarni ishlab chiqish;
oʻta murakkab, viloyatlararo xususiyatga ega, shov-shuvga sabab boʻlgan, shu jumladan uyushgan jinoiy guruhlar va uyushmalar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni bevosita tergov qilish;
ichki ishlar organlarining tergov boʻlinmalariga surishtiruv va dastlabki tergovni amalga oshirish va tashkil etishda amaliy yordam koʻrsatish, alohida toifadagi jinoyat ishlarini nazoratdagi ish yurituvini olib borish;
ichki ishlar organlari tergov boʻlinmalarining surishtiruv va dastlabki tergovni amalga oshirish borasidagi faoliyati samaradorligini tahlil va monitoring qilish, uni yanada oshirish borasida choralar ishlab chiqish;
ichki ishlar organlarining tergov boʻlinmalari faoliyatini tashkil etish masalalari boʻyicha tahliliy materiallar, shuningdek surishtiruv va dastlabki tergovni tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar tayyorlash;
surishtiruv va dastlabki tergovni tashkil etish masalalari boʻyicha uslubiy va boshqa materiallarni ishlab chiqish va ichki ishlar organlarining tergov boʻlinmalariga tarqatish;
g) qonunchilik, huquqni qoʻllash amaliyotini hamda surishtiruv va dastlabki tergovni tashkil etishning shakl hamda uslublarini yanada takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqish va amalga oshirish sohasida:
surishtiruv va dastlabki tergov masalalariga doir normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar loyihalarini bevosita ishlab chiqish va ishlab chiqishda ishtirok etish;
Tergov departamenti faoliyati masalalariga doir Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, shuningdek idoralararo hujjatlar va kelishuvlar loyihalarini oʻrnatilgan tartibda ishlab chiqish va Oʻzbekiston Respublikasi IIV manfaatdor boʻlinmalari bilan hamkorlikda ishlab chiqishda ishtirok etish;
Tergov departamenti faoliyati masalalariga doir Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar loyihalari yuzasidan xulosalarni tayyorlash va tayyorlashda ishtirok etish.
Tergov departamenti qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
3-bob. Tergov departamentining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi
8. Tergov departamenti zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
Oʻzbekiston Respublikasi IIV boʻlinmalaridan, boshqa davlat organlari va tashkilotlaridan boshqaruv qarorlarni qabul qilish, axborot-tahlillar va hisobot maʼlumotlarini tayyorlash uchun zarur boʻlgan hujjatlarni (ularning nusxalarini), maʼlumotlar va boshqa materiallarni soʻrash va olish;
ichki ishlar organlarining tergov boʻlinmalari hujjatlari va materiallari bilan tanishish, ularning ijrosi yuzasidan zarur boʻlgan maʼlumotlarni olish;
boshqaruv qarorlarini ishlab chiqishda, Oʻzbekiston Respublikasi IIV hayʼatida va tezkor yigʻilishlarda koʻrib chiqilishi uchun axborot-tahlillar va boshqa hujjatlarni tayyorlashda Oʻzbekiston Respublikasi IIV tegishli xizmatlarini oʻrnatilgan tartibda jalb etish;
davlat organlari va boshqa tashkilotlariga, mansabdor shaxslarga kiritiladigan jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon yaratadigan shart-sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisidagi ijro etilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalarni tayyorlash;
tergovga qadar tekshiruv materiallari va jinoyat ishlari yurituvi boʻyicha jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillarini chaqirish, ulardan tushuntirishlar, hujjatlar, ularning nusxalarini olish, shuningdek uzrsiz sabablarga koʻra kelishdan boʻyin tovlayotgan shaxslarni oʻrnatilgan tartibda majburiy keltirish;
qonun hujjatlarida oʻrnatilgan tartibda tergov harakatlarini olib borish, ularni yuritishga mutaxassislar va ekspertlarni jalb etish, ilmiy-texnik vositalardan foydalanish;
qonun hujjatlarida oʻrnatilgan tartibda ichki ishlar organlarining boshqa boʻlinmalaridan ayrim tergov harakatlarini oʻtkazishda koʻmaklashishni talab qilish;
ichki ishlar organlarining tergov boʻlinmalariga yuklangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida ichki ishlar organlarining maʼlumotlar bazasidan foydalanish;
oʻz vakolatlariga kiruvchi masalalar boʻyicha tezkor-qidiruv yurituvidagi materiallar, xizmat tekshiruvlari materiallari va boshqa hujjatlar bilan tanishish;
ichki ishlar organlarining tergov boʻlinmalariga bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berish;
ichki ishlar organlarining tergov boʻlinmalari yurituvida boʻlgan jinoyat ishlarini oʻrganish uchun talab qilib olish;
ichki ishlar organlarining tergov boʻlinmalarida qonuniylikka va intizomga rioya etilishi ahvolini tekshirish;
ichki ishlar organlarining tergov boʻlinmalari moddiy-texnik taʼminotini yaxshilash, xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash boʻyicha takliflarni kiritish.
Tergov departamenti qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
9. Tergov departamenti quyidagi majburiyatlarga ega:
oʻz vakolatlari doirasida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, jismoniy va yuridik shaxslarning mulkini, shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligini himoya qilish choralarini koʻrish;
oʻz vakolatlari doirasida jinoyatlar faktlari boʻyicha jinoyat ishlarini qoʻzgʻatish, surishtiruv va dastlabki tergov davomida qonuniylikka soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash;
zarur holatlarda Tergov departamenti xodimlarining hodisa joyiga chiqishini taʼminlash;
ichki ishlar organlari tergov boʻlinmalarining ish faoliyati haqidagi zarur maʼlumotlarni tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasi IIV rahbariyatiga taqdim etish;
Tergov departamenti qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega boʻlishi mumkin.
10. Tergov departamenti zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi uchun javobgardir.
4-bob. Tergov departamenti faoliyatini tashkil etish
11. Tergov departamentiga Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining oʻrinbosari — Tergov departamenti boshligʻi boshchilik qiladi.
Tergov departamenti boshligʻi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
Tergov departamenti boshligʻi oʻrnatilgan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan ikki nafar oʻrinbosarga, shu jumladan bir nafar birinchi oʻrinbosarga ega.
12. Tergov departamenti boshligʻi:
Tergov departament faoliyatiga rahbarlik qiladi va Tergov departamentiga yuklatilgan vazifalar, funksiyalar va majburiyatlarini lozim darajada bajarilishi uchun shaxsan javobgar boʻladi;
jinoyat-protsessual qonunchiligiga muvofiq protsessual vakolatlardan foydalanadi;
oʻzining oʻrinbosarlari oʻrtasida majburiyatlarni taqsimlaydi, ularga yuklatilgan majburiyatlarning bajarilishini nazorat qiladi;
Tergov departamentining ish rejalarini tasdiqlaydi;
oʻzining vakolati doirasida ichki ishlar organlari tergov boʻlinmalarining barcha shaxsiy tarkibi tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar chiqaradi va rahbariyatga farmoyishlar loyihalarini kiritadi;
jinoyatlarni tergov qilishda tergov boʻlinmalarining ichki ishlar organlarining boshqa boʻlinmalari bilan hamkorligini muvofiqlashtiradi;
ichki ishlar organlarining tergov boʻlinmalari kadrlarini tanlash, joy-joyiga qoʻyish, boshqa lavozimga oʻtkazish va kasbiy tayyorlashni, shaxsiy tarkibini tarbiyalashni, xizmat intizomiga rioya etishni taʼminlaydi va tashkil etadi, oʻrnatilgan tartibda xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi IIV rahbariyatiga oʻrnatilgan tartibda Tergov departamenti xodimlariga maxsus unvonlar berish, ularni ragʻbatlantirish, shu jumladan taqdirlash, ularga nisbatan intizomiy jazolar qoʻllash haqida takliflar kiritadi;
Tergov departamenti xodimlarini oʻrnatilgan tartibda xizmat safarlariga yuboradi;
oʻz vakolatlari doirasida Tergov departamenti xodimlariga taʼtil beradi;
oʻrnatilgan tartibda Tergov departamentida safarbarlik tayyorgarligini taʼminlaydi va tashkil etadi, shuningdek Tergov departamentda fuqaro muhofazasi tadbirlari bajarilishini taʼminlaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
Tergov departamentida maxfiylik rejimiga rioya etilishi uchun javobgardir;
(12-bandning oʻn uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-sentabrdagi PF-171-sonli Farmoni tahririda)
ichki ishlar organlarining tergov boʻlinmalari faoliyatini bevosita yoki oʻzining oʻrinbosarlari orqali nazorat qiladi;
ichki ishlar organlarining tergov boʻlinmalari rahbarlarining hisobotlarini eshitadi;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari boʻyicha ichki ishlar organlari tergov boʻlinmalari xodimlarining xatti-harakatlari qonuniyligini, shuningdek xodimlar tomonidan har bir aniqlangan qonunchilik buzilishi holatlarini oʻrnatilgan tartibda tekshirilishini taʼminlaydi;
Tergov departamenti boʻlinmalarining shtatlar sonini qayta taqsimlash toʻgʻrisida takliflar kiritadi;
Tergov departamenti vakolatiga kiruvchi boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
13. Tergov departamenti boshligʻi yoʻqligida uning vakolatlari birinchi oʻrinbosar tomonidan amalga oshiriladi.
14. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari huzuridagi tergov boshqarmalariga tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vazirining oʻrinbosari, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlarining oʻrinbosarlari boshchilik qiladi.
Tumanlar (shaharlar) ichki ishlar boshqarmalari (boʻlimlari) huzuridagi jami shtatlar soni 10 tadan kam boʻlmagan tergov boʻlimlariga tumanlar (shaharlar) ichki ishlar boshqarmalari (boʻlimlari) boshliqlarining oʻrinbosarlari boshchilik qiladi.
15. Tergov departamentining xodimlari, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Transportda jamoat xavfsizligini taʼminlash boshqarmasi huzuridagi tergov boʻlimi boshligʻi va xodimlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari huzuridagi tergov boshqarmalari boshliqlari, Toshkent shahrining tuman ichki ishlar boshqarmalari (boʻlimi) huzuridagi tergov boʻlimlari boshliqlari, “Toshkent-Markaziy” vokzali va “Toshkent” aeroportida jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻlimlari huzuridagi tergov boʻlinmalari boshliqlari va xodimlari Tergov departamenti boshligʻining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari huzuridagi tergov boshqarmalari, Toshkent shahrining tuman ichki ishlar boshqarmalari (boʻlimi) huzuridagi tergov boʻlimlari xodimlari, tumanlar (shaharlar) ichki ishlar boshqarmalari (boʻlimlari) huzuridagi tergov boʻlimlari (boʻlinmalari, guruhlari), transportda jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻlimlari huzuridagi tergov boʻlinmalari boshliqlari va xodimlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari huzuridagi tergov boshqarmalari boshliqlarining taqdimnomasiga binoan Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
16. Tergov boʻlinmalari surishtiruv va dastlabki tergovni tashkil etish va amalga oshirish masalalari boʻyicha yuqori turuvchi tergov boʻlinmalariga va Tergov departamentiga boʻysunadi va hisob beradi, ichki ishlar organlarida xizmatni oʻtash masalalari boʻyicha esa — tegishlicha Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Transportda jamoat xavfsizligini taʼminlash boshqarmasi boshligʻi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) ichki ishlar boshqarmalari (boʻlimlari), shuningdek transportda jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻlimlari boshliqlariga boʻysunadi va hisob beradi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
17. Tergov departamenti faoliyati ustidan nazorat Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan amalga oshiriladi.
Ichki ishlar organlari tergov boʻlinmalarining protsessual faoliyati ustidan nazorat qonun bilan belgilangan vakolatlari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 382-moddasi, “Prokuratura toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Oldingi tahrirga qarang.
18. Ish yuritish va maxfiylik rejimi boʻyicha tadbirlar Tergov departamenti tomonidan mustaqil ravishda qonunda oʻrnatilgan tartibda amalga oshiriladi.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-sentabrdagi PF-171-sonli Farmoni tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-fevraldagi PQ-122-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.02.2022-y., 07/22/122/0109-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 17-son, 290-modda№; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.05.2019-y., 07/19/4343/3206-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.02.2022-y., 07/22/122/0109-son)