O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-apreldagi 337-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi, Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi va Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yo‘l xo‘jaligini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 14-fevraldagi PF-4954-son Farmoniga muvofiq, shuningdek yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish samaradorligini tubdan oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumani, Mustaqillik shoh ko‘chasi, 68-uy manziliga joylashtirilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasini zarur aloqa vositalari, shu jumladan Hukumat aloqasi bilan ta’minlashda belgilangan tartibda ko‘maklashsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi uch oy muddatda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 31-mart,
166-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 31-martdagi 166-son qaroriga 1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasining
TUZILMASI
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 31-martdagi 166-son qaroriga 2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksiga, “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi Qonuniga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yo‘l xo‘jaligini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 14-fevraldagi PF-4954-son Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasining (keyingi o‘rinlarda Inspeksiya deb ataladi) maqomi, vazifalari, funksiyalari, huquqlari va javobgarligini belgilaydi.
2. Inspeksiya yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan avtomobil yo‘llari va sun’iy inshootlarni, shuningdek yo‘l bo‘yidagi infratuzilmani qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va saqlash (keyingi o‘rinlarda yo‘l qurilishi deb ataladi), yo‘l-qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalarini ishlab chiqish sohasida texnik jihatdan tartibga solish borasida shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari va normativ hujjatlar talablari bajarilishini nazorat qiluvchi maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi.
3. Hududlarni kompleks rivojlantirish va kommunal soha, ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari kompleksiga bo‘ysunadi va unga hisobot beradi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-maydagi 400-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.06.2018-y., 09/18/400/1289-son)
4. Inspeksiya o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga va ushbu Nizomga amal qiladi.
5. Inspeksiyaning tuzilmasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
6. Inspeksiyaning faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasining mablag‘lari, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga moliyalashtiriladi.
7. Inspeksiya yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga, mustaqil balansga, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligida bank hisob raqamlariga va g‘aznachilik hisob raqamlariga ega.
2-bob. Inspeksiyaning asosiy vazifalari va funksiyalari
8. Quyidagilar Inspeksiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan yo‘l qurilishi ishlarida, yo‘l-qurilish materiallari, mahsulotlar va konstruksiyalarni ishlab chiqarishda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etilishini nazorat qilish;
qurilishi tugallangan yo‘l obyektlarini foydalanishga qabul qilish bo‘yicha komissiyalar ishida qatnashish;
yo‘l qurilishi yuzasidan shaharsozlik qonunchiligiga rioya qilinishi ustidan nazorat qilishni tashkil etish borasida texnik jihatdan tartibga solish sohasida normativ hujjatlarni takomillashtirishga doir takliflar kiritish va unda ishtirok etish;
yo‘l-qurilish materiallari, mahsulotlar va konstruksiyalarni standartlashtirish va sertifikatlashtirish ishlarini olib borish.
9. Inspeksiya o‘ziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
a) yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan yo‘l qurilishi ishlarida, yo‘l-qurilish materiallari, mahsulotlar va konstruksiyalarni ishlab chiqarishda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etilishini nazorat qilish sohasida:
buyurtmachi tashkilotlarga avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash ishlarini bajarishga ruxsatnomalar beradi;
yo‘l qurilishi jarayonida loyiha-smeta hujjatlariga kiritiladigan o‘zgarishlarning yo‘l qurilishi sohasida texnik jihatdan tartibga solish borasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi monitoringi olib borilishi va nazorat qilinishini ta’minlaydi;
ishlarni bajaruvchilarda va xizmatlar ko‘rsatuvchi loyiha va pudrat tashkilotlarida qonun hujjatlarida nazarda tutilgan loyiha va qurilish faoliyatining litsenziyalanadigan turlarini amalga oshirish huquqiga litsenziya mavjudligini nazorat qiladi;
bajariladigan qurilish-montaj ishlari sifati, ularning yo‘l qurilishi sohasida texnik jihatdan tartibga solish borasidagi normativ hujjatlar talablariga va loyiha-smeta hujjatlariga muvofiqligini nazorat qilishni ta’minlaydi;
bajariladigan ishlar, shuningdek yo‘l qurilishi obyektida qo‘llaniladigan yo‘l-qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalarini nazorat tartibida sinab ko‘radi, suratga oladi va o‘lchaydi;
mavjud yo‘llar va sun’iy inshootlarning texnik holatini ularni qayta tiklash yoki rekonstruksiya qilishning maqsadga muvofiqligi yuzasidan shartnoma asosida tekshiradi;
shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari va yo‘l qurilishi, yo‘l-qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalarini ishlab chiqish sohasida texnik jihatdan tartibga solish borasidagi normativ hujjatlar talablari buzilganda ma’muriy ta’sir ko‘rsatish choralarini qo‘llaydi;
arxitektura-shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish huquqiga va shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari va yo‘l qurilishi sohasida texnik jihatdan tartibga solish bo‘yicha normativ hujjatlar talablari buzilishiga yo‘l qo‘ygan tashkilotlarning qurilish sohasida faoliyatning ayrim turlarini amalga oshirishga bo‘lgan huquqiga berilgan litsenziyalarning amal qilishini to‘xtatib turish yoki to‘xtatish to‘g‘risidagi takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasiga kiritadi;
b) qurilishi tugallangan yo‘l obyektlarini foydalanishga qabul qilish bo‘yicha komissiyalar ishida qatnashish doirasida:
yo‘llar va sun’iy inshootlarning, ularning qismlari va konstruktiv elementlarining avariya holatidaligi sabablarini tekshirish bo‘yicha texnikaviy komissiyalar ishida ishtirok etadi;
texnik va mualliflik nazorati xizmatlari hamda idoralar va boshqa tashkilotlarning sinash yo‘l-qurilish laboratoriyalari faoliyatining doimiy monitoringini olib boradi;
v) yo‘l qurilishi yuzasidan shaharsozlik qonunchiligiga rioya qilinishi ustidan nazorat qilishni tashkil etish borasida texnik jihatdan tartibga solish sohasida normativ hujjatlarni takomillashtirishga doir takliflar kiritish va unda ishtirok etish bo‘yicha:
yo‘l qurilishi sohasida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini mustaqil ishlab chiqadi va ishlab chiqishda ishtirok etadi;
yo‘l qurilishi yuzasidan shaharsozlik qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni tashkil etish sohasida texnik jihatdan tartibga solishni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni mustaqil ishlab chiqadi va ishlab chiqishda ishtirok etadi;
g) yo‘l-qurilish materiallari, mahsulotlar va konstruksiyalarni standartlashtirish va sertifikatlashtirish ishlarini olib borish sohasida;
monitoring natijalarini tahlil qiladi, xalqaro tajribani o‘rganadi, yo‘l qurilishi sifati, shuningdek yo‘l-qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalaridan oqilona foydalanish masalalarini tartibga soluvchi metodik hujjatlarning normativ talablarini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqadi;
“O‘zstandart” agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi bilan birgalikda sifat bo‘yicha xalqaro talablarga muvofiq yo‘l-qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalarini standartlashtirish va sertifikatlashtirish ishlarini olib boradi;
yo‘l-qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalari sifatini ta’minlash, avtomobil yo‘llari sohasida shaharsozlik qonun hujjatlari va texnik jihatdan tartibga solish bo‘yicha normativ hujjatlar talablariga rioya etish masalalari bo‘yicha boshqa vakolatli davlat organlari, ilmiy-tadqiqot, sinash, loyiha va nodavlat notijorat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlik qiladi.
3-bob. Inspeksiyaning huquqlari va javobgarligi
10. Inspeksiya o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
a) yo‘l qurilishi, yo‘l-qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalari ishlab chiqarish obyektlariga to‘siqsiz kirish hamda yuridik shaxslar tomonidan yo‘l qurilishi sohasida texnik jihatdan tartibga solish borasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etilishini nazorat qilish;
b) loyiha-pudrat tashkilotlari va buyurtmachi tashkilotlardan qo‘llaniladigan yo‘l-qurilish materiallari, konstruksiyalari va buyumlari hamda bajariladigan yo‘l-qurilish va montaj ishlari sifatini nazorat qilish uchun zarur bo‘lgan loyiha, texnologik, ijro hujjatlarini va boshqa materiallarni olish;
v) pudrat tashkilotlariga konstruksiyalar, uzellar va detallarning alohida elementlarini ochishni, qo‘llanilgan yo‘l-qurilish materiallari, konstruksiyalari va buyumlarini, muhandislik tizimlarini asoslardagi va orqaga ko‘mib tashlashda tuproqni sinashni yuklash, zarurat bo‘lganda tegishli xulosani tayyorlash uchun ilmiy-tadqiqot, sinash va loyiha tashkilotlarining ekspertlarini, mutaxassislarini jalb etish;
g) yo‘l qurilishi va yo‘l-qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalarini ishlab chiqarish sohasida shaharsozlik faoliyati subyektlari bajarishi majburiy bo‘lgan aniqlangan qoida buzilishlarini bartaraf etish to‘g‘risida ko‘rsatmalar berish;
d) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yo‘l qurilishi sohasida ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida protokol tuzish;
e) yo‘l qurilishi sohasida texnik jihatdan tartibga solish borasida normativ hujjatlar talablari buzilganligi aniqlangan taqdirda yo‘l qurilishida materiallar va buyumlarni ishlab chiqarishni, sotishni va ularni qo‘llashni to‘xtatib turish to‘g‘risida ko‘rsatmalar berish;
j) tasdiqlangan loyiha yechimlari va yo‘l qurilishi sohasida mustahkamlik va barqarorlik tavsiflari buzilishiga olib kelgan yo‘l qurilishi sohasida texnik jihatdan tartibga solish borasidagi normativ hujjatlar talablari buzilishi aniqlanganda, shuningdek sun’iy inshootlar, o‘zboshimchalik bilan qurilishi avariyalari xavfi mavjud bo‘lgan hollarda yo‘l qurilishi sohasida qurilish-montaj ishlarini bajarishni to‘xtatib qo‘yish. Tadbirkorlik subyektining faoliyati to‘xtatib qo‘yilishiga olib kelgan qurilish-montaj ishlarini bajarishni to‘xtatib qo‘yish sud tartibida amalga oshiriladi, favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar va aholining hayoti va sog‘lig‘iga boshqa real xavf yuzaga kelishining oldi olinishi munosabati bilan faoliyatni o‘n ish kunidan ortiq bo‘lmagan muddatga to‘xtatib qo‘yish hollari bundan mustasno;
z) buyurtmachilarga, pudratchilarga va umumiy foydalaniladigan avtomobil yo‘llarini, xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llarini, shaharlar, shaharlar posyolkalari va ovullar ko‘chalarini balansida saqlovchilarga shaharsozlik sohasidagi qonun hujjatlari talablarini buzayotgan mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish to‘g‘risida taqdimnoma kiritish;
i) Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasidan, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasidan, Davlat statistika qo‘mitasidan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasidan, O‘zbekiston Respublikasining boshqa vazirliklari va idoralaridan yo‘l qurilishi, yo‘l-qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalari ishlab chiqarish sohasida texnik jihatdan tartibga solishga doir zarur axborotlarni va normativ hujjatlarni olish;
k) O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasining yagona axborot bazasidan foydalanish;
l) shaharsozlik sohasidagi qonun hujjatlarining buzilishlari to‘g‘risidagi materiallarni prokuratura va sud organlariga berish.
11. Inspeksiya o‘z zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi yuzasidan qonun hujjatlariga muvofiq javob beradi.
4-bob. Nazorat qilish ishlarini tashkil etish
12. Yo‘l qurilishi obyektlarida bajarilayotgan ishlarning sifatini nazorat qilish bo‘yicha ishlar buyurtmachi va pudratchining ularning buyruqlari bilan tayinlanadigan mas’ul vakillari ishtirokida amalga oshiriladi.
Zarur hollarda ushbu maqsadlar uchun Inspeksiya tomonidan loyihalash tashkilotlari, banklar va boshqa manfaatdor tashkilotlarning mutaxassislari shartnoma asosida jalb etilishi mumkin.
13. Ishlab chiqaruvchi tashkilotlarda yo‘l-qurilish materiallari, konstruksiyalari va buyumlari sifatini nazorat qilish ishlari texnik jihatdan tartibga solish normativ hujjatlari (mavjud bo‘lganda) talablariga rioya etilishi uchun mas’ul bo‘lgan mansabdor shaxslar (bosh muhandis, sex boshlig‘i, texnikaviy nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i va boshqalar) ishtirokida amalga oshiriladi.
14. Qurilish obyektida yuritiladigan ishlarni amalga oshirish jurnalida ishlarning sifatini nazorat qilish natijalari bo‘yicha tegishli yozuv qayd etiladi, Inspeksiya inspektori, buyurtmachi va pudratchi vakillari tomonidan imzolanadigan dalolatnoma tuziladi, zarurat bo‘lganda — yozma buyruq beriladi.
Shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida ma’muriy chora ko‘rish nazarda tutilgan buzilish faktlari bo‘yicha yozma buyruqlar Inspeksiya boshlig‘i yoki uning o‘rinbosari imzosi bilan beriladi.
15. Inspeksiya xodimlari o‘z funksional vazifalarini bajarishda davlat nazoratining boshqa vakolatli organlari bilan o‘zaro hamkorlik qiladilar.
5-bob. Inspeksiya faoliyatini tashkil etish
16. Inspeksiyani boshliq boshqaradi, u O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi hamda maqomi bo‘yicha vazirning birinchi o‘rinbosariga tenglashtiriladi.
17. Inspeksiya boshlig‘ining o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi hamda maqomi bo‘yicha vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi.
18. Inspeksiya xodimlari Inspeksiya boshlig‘ining buyrug‘i bilan tayinlanadilar.
19. Inspeksiya boshlig‘i:
Inspeksiya faoliyatiga bevosita rahbarlikni amalga oshiradi va zimmasiga yuklangan vazifalarning bajarilishi yuzasidan shaxsan javob beradi;
Inspeksiya xodimlarining lavozim yo‘riqnomalarini va funksional vazifalarini tasdiqlaydi, bo‘ysunuvchilarning shaxsiy javobgarlik darajasini belgilaydi;
yo‘l-qurilish ishlari sifati yuzasidan tizimli monitoringni va ta’sirchan nazoratni, shuningdek yo‘l qurilishi sohasidagi muammoli masalalarni hal etish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishning tashkil etilishini ta’minlaydi;
respublika mintaqalaridagi ishlarning yillik hajmlaridan kelib chiqqan holda Inspeksiya kadrlarini tanlash va joy-joyiga qo‘yishni amalga oshiradi, davlat inspektorlarini belgilangan xodimlar soni doirasida mintaqalar bo‘yicha qayta taqsimlaydi;
ushbu Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
20. Davlat inspektorlari:
yo‘l qurilishi sohasida qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishga ruxsatnoma olish uchun buyurtmachilar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni o‘rganadilar, ular bo‘yicha xulosalar tayyorlaydilar va rahbariyatga kiritadilar;
bajarilayotgan qurilish-montaj ishlarining sifati, loyiha-smeta hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartirishlarning muvofiqligi yuzasidan nazoratni amalga oshiradilar;
loyihalash va qurilish faoliyatining litsenziyalanayotgan turlarini amalga oshirish huquqiga litsenziyaning mavjudligini tekshiradilar;
obyektlarda qo‘llanayotgan yo‘l-qurilish materiallari, konstruksiyalari va buyumlarini nazorat sinovidan o‘tkazadilar;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlarda yo‘l qurilishi sohasidagi ma’muriy qonun buzilishlari to‘g‘risida protokollar tuzadilar;
tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilish komissiyalari hamda yo‘llar va sun’iy inshootlarning avariyali holatlari sabablarini tekshirish bo‘yicha texnik komissiyalar ishlarida qatnashadilar;
qonun hujjatlariga muvofiq vazifalarning taqsimlanishiga ko‘ra boshqa vakolatlarni amalga oshiradilar.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
21. Inspeksiya mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yoki sudlarga belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
22. Inspeksiya xodimlari noqonuniy harakatlari (harakatsizligi) hamda yuridik va jismoniy shaxslarga zarar yetkazganlik uchun qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
23. Inspeksiyani qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017-y., 14-son, 220-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.06.2018-y., 09/18/400/1289-son, 22.04.2019-y., 09/19/337/2997-son)