|
Hujjat kuchini yo‘qotgan 22.04.2024
|
Yoʻl xoʻjaligi sohasining ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan yuksak ahamiyatga ega ekani uning muhim xususiyati hisoblanadi. Iqtisodiyotning umumiy rivoji, aholi barcha qatlamlarining hayot sifati ayni shu tizimning samarali faoliyat koʻrsatishiga bogʻliq.
Mustaqillik yillarida viloyatlar va tumanlarning maʼmuriy markazlarini bogʻlovchi keng tarmoqli transport aloqalari hamda davlatlararo xavfsiz transport tashuvlarini taʼminlashga qaratilgan yoʻl-transport infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha katta miqyosdagi ishlar amalga oshirildi.
Ayni vaqtda, umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini boshqarish tizimi, avtomobil yoʻllarini saqlash, taʼmirlash, rekonstruksiya qilish va qurish ishlariga yoʻnaltirilayotgan mablagʻlardan foydalanish samaradorligini oshirish hamda ana shu yoʻllarning bugungi kundagi holati bilan bogʻliq bir qator muammolar hal etilmasdan qolmoqda.
Mamlakatimizda avtomobil yoʻllari tarmogʻi boʻyicha yuzaga kelgan haqiqiy holat va rivojlanish darajasi yoʻl xoʻjaligining barcha yoʻnalishlariga doir aniq va samarali chora-tadbirlarni ishlab chiqishni, avtomobil yoʻllarini boshqarishda hamda iqtisodiyot va aholi ehtiyojlariga muvofiq respublikamizda yoʻl tarmogʻi holatini sifat jihatidan oʻzgartirishga qaratilgan qoʻshimcha choralar qabul qilishni taqozo etmoqda.
Avtomobil yoʻllari va sunʼiy inshootlarni loyihalashtirish, qurish va ulardan foydalanish ishlariga kompleks yondashish asosida yoʻl xoʻjaligini boshqarishning samarali tizimini shakllantirish, ularni moliyalashtirish tizimini takomillashtirish, bu borada loyihalashtirish va yoʻl-qurilish ishlari sifatini oshirish imkonini beradigan toʻlaqonli buyurtmachi xizmatini yaratish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoʻl xoʻjaligini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi. Farmonda tugatilayotgan Avtomobil yoʻllari qurish va foydalanish davlat-aksiyadorlik kompaniyasi (“Oʻzavtoyoʻl” DAK) negizida Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasini tashkil etish nazarda tutiladi.
Avtomobil yoʻllarini boshqarish boʻyicha maxsus vakolatlarga ega boʻlgan davlat organi sifatida Davlat qoʻmitasining asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilandi:
avtomobil yoʻllari sohasida yagona texnik siyosatni olib borish;
avtomobil yoʻllari tarmoqlarini rivojlantirish va takomillashtirish istiqbollarini belgilash;
avtomobil yoʻllarining xalqaro tranzit yoʻlaklarini shakllantirish;
zamonaviy transport oqimi sharoitida avtomobil yoʻllaridan foydalanuvchilarning manfaatlarini hisobga olib, avtomobil yoʻllarini moliyalashtirish, loyihalashtirish, qurish, taʼmirlash va ulardan foydalanish masalalari kompleks hal etilishini taʼminlash hamda buyurtmachi xizmatining samarali faoliyatini tashkil etish;
xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllarining, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar koʻchalarining mavjud tarmogʻi saqlanishini taʼminlash ishlarini muvofiqlashtirish, ulardan transportda foydalanish darajasi yuqori boʻlishini taʼminlash;
ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, avtomobil yoʻllarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va saqlash sohasida innovatsion texnologiyalar va zamonaviy standartlarni joriy etish;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va saqlash sohasidagi shaharsozlik normalari va qoidalari, sifat standartlariga rioya etilishini taʼminlash;
avtomobil yoʻllari sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni, jumladan, chet ellarda oʻquv-amaliyot kurslari �a seminarlar tashkil etish.
Farmonda, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Yoʻl-qurilish ishlarining sifati ustidan nazorat olib boradigan Davlat inspeksiyasini tashkil etish nazarda tutilgan.
Quyidagilar Davlat inspeksiyasining asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari hisoblanadi:
yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan yoʻl qurilishi ishlarida, yoʻl-qurilish materiallari, mahsulotlar va konstruksiyalarni ishlab chiqarishda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etilishini nazorat qilish;
qurilishi tugallangan yoʻl obyektlarini foydalanishga qabul qilish boʻyicha komissiyalar ishida qatnashish;
yoʻl qurilishi boʻyicha shaharsozlik qonunchiligiga rioya qilinishi ustidan nazorat qilishni tashkil etish borasida texnik jihatdan tartibga solish sohasida normativ hujjatlarni takomillashtirishga doir takliflar kiritish va unda ishtirok etish;
yoʻl-qurilish materiallari, mahsulotlar va konstruksiyalarni standartlashtirish va sertifikatlashtirish ishlarini olib borish.
Farmonga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga boʻysundirilib, uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
Respublika yoʻl jamgʻarmasi mablagʻlari tushumi va sarf-xarajatlarining yillik va choraklik balanslarini shakllantirish;
yoʻl xoʻjaligi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va jihozlashning manzilli roʻyxatlarini belgilangan tartibda kelishish;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllaridan foydalanish va ularni saqlash xarajatlari smetasini roʻyxatdan oʻtkazish;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash, jihozlash hamda ulardan foydalanish borasidagi tadbirlarni tasdiqlangan xarajatlarga muvofiq moliyalashtirish.
Keng qamrovli avtomobil yoʻllari tarmogʻini yanada rivojlantirish, yuksak xalqaro talablarga javob beradigan transport kommunikatsiyalari tizimining xalqaro transport yoʻlaklariga keng integratsiyalashuvini taʼminlash, avtomobil yoʻllarini loyihalashtirish, qurish, taʼmirlash va saqlashga yoʻnaltiriladigan davlat moliyaviy resurslaridan samarali foydalanish, shu bilan birga, yoʻl korxonalari tuzilmasini takomillashtirish va faoliyat samaradorligini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Qarorda:
— Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi huzurida Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasini tashkil etish;
— “Oʻzavtoyoʻl” davlat aksiyadorlik kompaniyasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi hududiy yoʻllardan foydalanish tashkilotlarini Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasining hududiy bosh boshqarmalari etib qayta tashkil etish;
— Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar avtomobil yoʻllari hududiy bosh boshqarmalari huzurida mintaqaviy yoʻllarga buyurtmachi xizmatini belgilangan tartibda tashkil etish;
— Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar avtomobil yoʻllari hududiy bosh boshqarmalari huzurida mintaqaviy avtomobil yoʻllarini taʼmirlash boʻyicha ixtisoslashtirilgan korxonalar tashkil etish nazarda tutiladi.
Shuningdek, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida Toshkent avtomobil yoʻllarini loyihalashtirish, qurish va foydalanish instituti hamda ixtisoslashgan kasb-hunar kollejlari Oʻzbekiston Respublikasi avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi tarkibiga berilmoqda.
Ayni vaqtda qishloq avtomobil yoʻllari, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar koʻchalarining holati bilan bogʻliq boʻlgan bir qator muammolar hal etilmasdan qolmoqda, ushbu avtomobil yoʻllarining aksariyat qismi belgilangan sifat va xavfsiz harakatlanish talablariga javob bermaydi.
Yangi turar joy mavzelarining barpo etilishi, shaharlarning kengaytirilishi, transport vositalari sonining jiddiy koʻpayishi mintaqaviy avtomobil yoʻllari holatini tubdan yaxshilash yuzasidan amaliy chora-tadbirlar koʻrishni talab qiladi.
Tuman va shaharlarning yoʻl tashkilotlari yoʻl-taʼmirlash texnikasi, moddiy-xomashyo resurslari bilan yetarli darajada taʼminlanmagan, har yili ajratilayotgan mablagʻlar xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllarini, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar koʻchalarini zarur darajada saqlash va taʼmirlash ishlarining sifatli bajarilishini taʼminlash uchun yetarli emas.
Shu munosabat bilan mintaqaviy avtomobil yoʻllarining yoʻl qoplamalari holatini zarur darajaga keltirish va ularni ekspluatatsiya qilish xususiyatlarini oshirish orqali yoʻl-transport infratuzilmasini yanada takomillashtirish, aholining hayot faoliyati uchun, ayniqsa, qishloq joylarda qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlarini va hududlarini istiqbolli rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-2018-yillarda mintaqaviy avtomobil yoʻllarini rivojlantirish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Dasturda quyidagi vazifalar nazarda tutilgan:
2017-2018-yillarda 5454 kilometr, jumladan, 2017-yilda — 2700 kilometr, 2018-yilda — 2754 kilometr xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllari, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloq va ovullarning koʻchalarini kapital va joriy taʼmirlash;
xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllari, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloq va ovullarning koʻchalarini joriy taʼmirlash ishlarini bajarish uchun mintaqaviy yoʻllarni taʼmirlashga ixtisoslashtirilgan tashkilotlarni 330 ta yoʻl texnikasi bilan taʼminlash;
mavjud respublika xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllari, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloq va ovullar koʻchalarini bosqichma-bosqich xatlovdan oʻtkazish va ularni pasportlashtirish, bu boradagi ishlar natijalari boʻyicha elektron maʼlumotlar bazasini yaratish.
Shu bilan birga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha 295 kilometr, Andijon viloyati boʻyicha — 324 kilometr, Buxoro viloyati boʻyicha — 439 kilometr, Jizzax viloyati boʻyicha — 222 kilometr, Qashqadaryo viloyati boʻyicha — 679 kilometr, Navoiy viloyati boʻyicha — 216 kilometr, Namangan viloyati boʻyicha — 309 kilometr, Samarqand viloyati boʻyicha — 479 kilometr, Surxondaryo viloyati boʻyicha — 535 kilometr, Sirdaryo viloyati boʻyicha — 267 kilometr, Toshkent viloyati boʻyicha — 516 kilometr, Fargʻona viloyati boʻyicha — 520 kilometr, Xorazm viloyati boʻyicha — 321 kilometr va Toshkent shahri boʻyicha — 332 kilometr yoʻllar va koʻchalarni taʼmirlash nazarda tutilgan.
Yuqoridagi qarorlarning amalga oshirilishi quyidagi masalalarni hal qilish imkonini beradi:
birinchidan, yoʻl xoʻjaligini boshqarish tizimini takomillashtirish, umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarining zamonaviy tarmogʻini yanada rivojlantirish;
ikkinchidan, umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini saqlash, taʼmirlash, rekonstruksiya qilish va qurish ishlariga yoʻnaltirilayotgan mablagʻlardan foydalanish samaradorligini oshirish;
uchinchidan, loyihalashtirish va yoʻl-qurilish ishlari sifatini oshirish imkonini beradigan toʻlaqonli buyurtmachi xizmatini tashkil etish;
toʻrtinchidan, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan yoʻl qurilishi ishlarida, yoʻl-qurilish materiallari, mahsulotlar va konstruksiyalarni ishlab chiqarishda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga rioya etilishini nazorat qilish;
beshinchidan, umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash, jihozlash hamda ulardan foydalanish chora-tadbirlarini tasdiqlangan xarajatlarga muvofiq oʻz vaqtida moliyalashtirish;
oltinchidan, avtomobil yoʻllarini, ayniqsa, qishloq avtomobil yoʻllarini rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlarini amalga oshirishda yangi tuzilma, yashash uchun qulay ijtimoiy-maishiy shart-sharoitlar yaratish, mamlakatimiz aholisining turmush darajasini yaxshilash;
yettinchidan, Toshkent avtomobil yoʻllarini loyihalashtirish, qurish va foydalanish instituti va kasb-hunar kollejlari negizida, jumladan, bevosita ishlab chiqarish korxonalarida, laboratoriyalarda va ilmiy-loyiha tashkilotlarida amaliy mashgʻulotlarni tizimli tashkil etish yoʻli bilan taʼlim sifatini oshirishni taʼminlash va umuman, soha uchun professional kadrlarni tayyorlash;
sakkizinchidan, mintaqaviy avtomobil yoʻllarini saqlashga tegishli xodim va mutaxassislarni jalb etgan holda, yoʻllarni ekspluatatsiya qiladigan tashkilotlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;
toʻqqizinchidan, avtomobil yoʻllarini pasportlashtirish va yoʻllarning joriy holatini aks ettirgan holda, elektron maʼlumotlar bazasini yaratish.
Muxtasar qilib aytganda, ushbu vazifalarning amalga oshirilishi iqtisodiyot rivojiga, shahar va qishloqlarimizni yanada obod qilish, xalqimizning hayot darajasi va sifatini yuksaltirishga xizmat qiladi.