toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 16.12.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻRMONLARNING QOʻRIQLANISH TOIFALARINI ANIQLASH TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Oʻrmon toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni va Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 21-iyuldagi 356-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻrmonlarning qoʻriqlash toifalarini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻrmon bosh boshqarmasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va manfaatdor organlar bilan birgalikda respublikaning barcha hududlaridagi oʻrmonlarning qoʻriqlash toifalarini 2001-yil 1-martgacha aniqlasin va tasdiqlash uchun belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Agrosanoat kompleksi kotibiyatiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
2000-yil 5-iyun,
215-son
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 5-iyundagi 215-son qaroriga
ILOVA
OʻRMONLARNING QOʻRIQLANISH TOIFALARINI ANIQLASH TARTIBI TOʻGʻRISIDA
NIZOM
1. Mazkur Nizom “Oʻrmon toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga muvofiq, oʻrmonlarning qoʻriqlanish toifalarini aniqlashda ularning maqsadi va bajaradigan vazifalariga muvofiq aniqlashning yagona tartibi, shartlari va farqlovchi belgilarini belgilash maqsadida ishlab chiqilgan.
2. Oʻrmonlarning qoʻriqlanish toifalarini aniqlash oʻrmon fondi yerlari birkitilgan oʻrmon xoʻjaligi korxonalariga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi qoʻmitasiga, viloyatlar oʻrmon xoʻjaligi boshqarmalariga va Andijon, Sirdaryo va Xorazm davlat oʻrmon xoʻjaliklariga yuklanadi.
(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-iyuldagi 530-sonli qarori tahririda— OʻR QHT, 2017-y., 30-son, 734-modda)
Oʻrmonlarning qoʻriqlanish toifalarini aniqlashning belgilangan tartibiga rioya qilinishi ustidan nazoratni va respublika boʻyicha materiallarni umumlashtirishni Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi amalga oshiradi.
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-iyuldagi 530-sonli qarori tahririda— OʻR QHT, 2017-y., 30-son, 734-modda)
3. Oʻrmonlarning qoʻriqlanish toifalarini aniqlashda, oʻrmon fondi yerlarining iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatini, oʻrmonlarning ekologik muvozanatga va tabiiy muhitning barcha komponentlariga taʼsirini, daryolarning gidrologiya rejimiga, namlik bugʻlanishining pasayishiga, yomgʻir va qor-muz suvlarining yuza oqimini tartibga solishga, shamol tezligining pasayishga taʼsirini va iqlimga taʼsirini hisobga olgan holda, qoʻriqlanishning ajratiladigan toifalarining asosiy maqsadiga eng koʻp javob beruvchi daraxtlarning puxta tanlab olinishini taʼminlash zarur.
4. Oʻrmonlar qoʻriqlashining muayyan toifasi davlat oʻrmon fondi yerlari uchastkalari chegaralarini belgilaydi. Ushbu chegaralar oʻrmon bilan qoplangan va qoplanmagan, alohida himoya, suvni muhofaza qilish, sanitariya-gigiyena, rekreatsion, ilmiy, tarixiy yoki koʻrsatib oʻtilgan maqsadlarda koʻproq foydalanish uchun boshqa maxsus maqsadlar boʻyicha ajratilgan maydonlarni oʻz ichiga oladi. Bir xil maqsadda foydalanish uchun belgilangan tartibda ajratiladigan barcha oʻrmonlar qoʻriqlanishning bitta toifasiga kiradi.
5. Oʻrmonlarning qoʻriqlanish toifalari chegaralari joylarda belgilangan va oʻrmon tuzilishi kartografiya materiallarida aks ettirilgan oʻrmon xoʻjaliklari va oʻrmon mavzelari chegaralari bilan qoʻshilgan boʻlishi kerak.
6. Oʻrmon xoʻjaligini yuritish va oʻrmondan foydalanish tartibi oʻrmonlarning qoʻriqlanish toifalariga koʻra “Oʻrmon toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq belgilanadi va qonunchilik bilan aniqlanadi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
7. “Oʻrmon toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, Oʻzbekiston oʻrmonlari xalq xoʻjaligi ahamiyatiga, ularning joylashgan oʻrniga va bajaradigan funksiyalariga koʻra qoʻriqlanishning quyidagi toifalariga boʻlinadi:
a) oʻrmonlarning daryolar, koʻllar, suv omborlari va boshqa suv obyektlari sohillari boʻylab oʻtgan taqiqlangan mintaqalari;
b) oʻrmonlarning ovlanadigan qimmatli baliqlar uvildiriq sochadigan joylarini muhofaza qiluvchi taqiqlangan mintaqalari;
v) eroziyadan saqlaydigan oʻrmonlar;
g) oʻrmonlarning temir yoʻl va avtomobil yoʻllari boʻylab oʻtgan ihota mintaqalari;
d) choʻl va chala choʻl mintaqasidagi oʻrmonlar;
e) shahar oʻrmonlari va oʻrmon-bogʻlar;
j) shaharlar, boshqa aholi punktlari va sanoat markazlari atrofidagi koʻkalamzorlashtirilgan mintaqa oʻrmonlari;
Oldingi tahrirga qarang.
z) suv obyektlarini muhofaza qilish hududidagi oʻrmonlar;
(7-bandning “z” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 1-apreldagi 95-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 14-son, 103-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
i) tabiiy kurort hududlari va dam olish hududlaridagi oʻrmonlar;
(7-bandning “i” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 1-apreldagi 95-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 14-son, 103-modda)
k) alohida qimmatga ega boʻlgan oʻrmon mavzelari;
l) yongʻoqchilik mintaqasidagi oʻrmonlar;
m) oʻrmonning mevali daraxtzorlari;
n) davlat qoʻriqxona oʻrmonlari;
Oldingi tahrirga qarang.
o) kompleks (landshaft) zakazniklar, tabiiy bogʻlar va davlat biosfera rezervatlaridagi oʻrmonlar;
(7-bandning “o” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 1-apreldagi 95-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 14-son, 103-modda)
p) ilmiy yoki tarixiy ahamiyatiga ega boʻlgan oʻrmonlar.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Ilmiy yoki tarixiy ahamiyatiga ega boʻlgan davlat qoʻriqxonalari tabiiy bogʻlar va davlat biosfera rezervatlari hududlaridagi qoʻriqxonalarda, oʻrmonlarda, shahar oʻrmonlarida va oʻrmon bogʻlarida qoʻriqlanishning boshqa toifalari ajratilmaydi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 1-apreldagi 95-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 14-son, 103-modda)
9. Bitta hududda oʻsuvchi va ayni bir vaqtda bir nechta himoya funksiyalarini bajaruvchi oʻrmonlar uning uchun oʻrmon xoʻjaligini yuritish va oʻrmondan foydalanishning yanada qattiqroq tartibi belgilangan qoʻriqlash toifasiga kiradi.
10. Oʻrmonlarning daryolar, koʻllar, suv omborlari va boshqa suv obyektlari sohillari boʻylab oʻtgan taqiqlangan mintaqalariga suvni qoʻriqlash-himoya qilish funksiyalarini bajaruvchi, daryolar, koʻllar, suv omborlari va boshqa suv obyektlari sohillarida joylashgan, daryo oʻzaniga yoki havzasi sohiliga bevosita tutashgan oʻrmonlar kiradi.
Oʻrmonlarning taqiqlangan mintaqalari daryo boʻylarida, suv omborlarida va maydoni 100 gektardan koʻp boʻlgan koʻllar atrofida, ular kimning tasarrufida yoki foydalanishida ekanligidan qatʼi nazar, davlat oʻrmon fondi yerlarida ajratiladi.
Daryolar boʻyidagi aniq oʻtloq yerlardagi taqiqlangan mintaqalar kengligi oʻtloq yerlar va ularga tutash mintaqalar kengligidan iborat boʻladi.
Tikligi 30 gradusdan koʻp boʻlgan, katta daryolarga tutash togʻ qiyaliklari oʻrmonlarning taqiqlangan mintaqasiga toʻliq kiritiladi.
Oʻrmonlarning taqiqlangan mintaqalari tashqi chegarasi ularni belgilashda imkoniyatga koʻra tabiiy chegaralar yoki daraxtlari kesilgan mavzelar, ajratilgan yerlar chegaralari bilan birga qoʻshib yuborilishi va toʻgʻrilanishi kerak.
Suv obyektlari sohillari boʻylab oʻtgan oʻrmonlarning taqiqlangan mintaqalari kengligining aniq hajmlari Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi organlari tomonidan, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi organlari bilan kelishgan holda aniqlanadi.
(10-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-iyuldagi 530-sonli qarori tahririda— OʻR QHT, 2017-y., 30-son, 734-modda)
Koʻllar va suv omborlari atrofidagi oʻrmonlarning taqiqlangan mintaqalari kengligi ularga quyiladigan daryolar boʻyicha ajratilgan mintaqalarga teng holda belgilanadi.
Daryolarning asosiy oʻzanlari boʻyicha eroziya jarayonlariga uchragan hududlarda oʻrmonlarning taqiqlangan mintaqalari kengligi maxsus tadqiqotlar asosida ham belgilanishi mumkin.
Daryolarning, koʻllar, suv omborlari va boshqa suv obyektlari sohillari boʻylab belgilangan oʻrmonlarning taqiqlangan hajmi zarur boʻlganda maxsus tadqiqotlar asosida, qonunchilikda belgilangan tartibda oʻzgartiriladi.
(10-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Ushbu toifani ajratishdan maqsad suv obyektlarini qoʻriqlash va himoyalash hisoblanadi.
11. Oʻrmonlarning ovlanadigan qimmatli baliqlar uvildiriq sochadigan joylarini muhofaza qiluvchi taqiqlangan mintaqalariga daryolar, koʻllar va boshqa suv obyektlari sohillari boʻylab joylashgan, ovlanadigan qimmatli baliqlar uvildiriq sochadigan joylar hisoblanadigan va daryolar oʻzaniga yoki suv havzasi sohiliga bevosita qoʻshiladigan oʻrmonlar kiradi.
Oʻrmonlar qoʻriqlanishining ushbu toifasini ajratishdan maqsad ovlanadigan baliqlarni qoʻriqlash va ular uchun qulay sharoitlar yaratishdir.
12. Eroziyadan himoyalaydigan oʻrmonlarga chuqurliklar, soylarda, oson toʻzgʻiydigan qumliklarda, toshloqlardagi tabiiy va sunʼiy holda yaratilgan oʻrmonlar, sel xavfi boʻlgan joylardagi oʻrmonlar, tik togʻ qiyaliklaridagi oʻrmon uchastkalari kiradi, shuningdek, ularga konlar va tuproq qatlamlari kovlangan yerlardagi tabiiy va sunʼiy yaratilgan oʻrmonlar ham kirishi mumkin, agar ular eroziyadan saqlash va himoyalashda muhim ahamiyatga ega boʻlsa.
Ushbu toifaning asosiy maqsadi yerlarni, birinchi navbatda, qishloq xoʻjaligi yerlarini suv va shamol eroziyasidan himoyalashdir.
13. Oʻrmonlarning temir yoʻllar boʻylab oʻtgan ihota mintaqalariga temir yoʻlning har qaysi tomonidagi kengligi 300 metrgacha boʻlgan, ishlayotgan va qurilayotgan temir yoʻllarga tutash tabiiy va sunʼiy ravishda yaratilgan oʻrmonlar kiradi.
Qumli hududlarda ihota mintaqalari kengligi zarur hollarda maxsus tadqiqotlar harakati xavfsizligini taʼminlaydigan hajmlargacha uzaytirilishi mumkin.
Temir yoʻllar boʻylab oʻrmonlar ihota mintaqalarining aniq kengligi temir yoʻl transporti organlari bilan kelishilgan holda, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi organlari tomonidan belgilanadi.
(13-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-iyuldagi 530-sonli qarori tahririda— OʻR QHT, 2017-y., 30-son, 734-modda)
Avtomobil yoʻllar boʻylab oʻrmonlar ihota mintaqalariga yoʻlning har qaysi tomonidan kengligi 20-50 metr boʻlgan, respublika va viloyat ahamiyatiga ega boʻlgan foydalanishdagi avtomobil yoʻllariga tutash oʻrmonlar kiradi.
Respublika va viloyat ahamiyatiga ega boʻlgan yoʻllardagi qumli hududlarda oʻrmonlarning ihota mintaqalari kengligi zarur hollarda, maxsus tadqiqot asosida, avtomobil yoʻllarining saqlanishini va transport harakati xavfsizligini taʼminlaydigan hajmlargacha uzaytirilishi mumkin.
Temir yoʻl va avtomobil yoʻllari boʻyidagi oʻrmonlarning ihota mintaqalari transport yoʻllarini noqulay ob-havo sharoitlarida, qum va qor bosishidan, yuvilib ketishdan, koʻchkilardan, iqlim noqulayliklari va sellardan himoyalash maqsadida, shuningdek, ulardan foydalanish sharoitlarini yaxshilash uchun ajratiladi.
14. Choʻl va chala choʻl mintaqasidagi oʻrmonlarga tabiiy va sunʼiy ravishda yaratilgan oʻrmonlar, choʻl va chala choʻl hududlarida joylashgan, muhim ihota funksiyalarini bajaruvchi oʻrmon uchastkalari yoki mavzelari kiradi.
Choʻl va chala choʻl mintaqalarida joylashgan oʻrmonlar qishloq xoʻjaligi yerlari, aholi punktlari va boshqa obyektlarni noqulay tabiiy sharoitlar (qum bosishi)dan ihotalash uchun xizmat qiladi.
15. Shahar oʻrmonlari va oʻrmon-bogʻlariga shaharlar va shaharchalarning shahar hududining belgilangan tartibda tasdiqlangan chegaralarida joylashgan oʻrmonlar kiradi.
Shahar oʻrmonlari shaharlar, shaharchalar va boshqa shahar tusidagi aholi punktlari hududi chegaralari belgilanayotganda (oʻzgartirilayotganda) ajratiladi. Oʻrmon-bogʻlarga shahar hokimliklari tasarrufidagi, shaharlar chegarasi tashqarisida joylashgan oʻrmonlar kiradi.
Shahar oʻrmonlari va oʻrmon-bogʻlaridan birinchi navbatda madaniy-sogʻlomlashtirish maqsadlarida va aholining dam olishi uchun foydalaniladi. Ushbu oʻrmonlarda aholi dam olishiga toʻsqinlik qiluvchi daraxt kesish va yogʻoch tayyorlash kabi ishlarni amalga oshirish taqiqlanadi.
16. Shaharlar, boshqa aholi punktlari va sanoat markazlari atrofidagi koʻkalamzorlashtirilgan mintaqadagi oʻrmonlarga shaharlar, aholi punktlari va sanoat obyektlari chegarasidan tashqarida joylashgan, muhim ihota, sanitariya-gigiyena, ekologik va boshqa funksiyalarni bajaruvchi, aholini sogʻlomlashtirishni, mehnat qobiliyatini oshirishni va dam olishini taʼminlovchi, shaharlar havo boʻshligʻini tozalovchi va aholi punktlarini ifloslanishdan saqlovchi oʻrmonlar kiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
17. Suv obyektlarini sanitariya jihatdan muhofaza qilish mintaqasidagi oʻrmonlarga suv obyektlarini sanitariya jihatdan muhofaza qilish mintaqalari belgilangan tartibda tasdiqlangan chegaralardagi oʻrmonlar kiradi.
Suv obyektlarini sanitariya jihatdan muhofaza qilish mintaqasidagi oʻrmonlar suvdan ichish uchun foydalaniladigan joylarda suvni tozalash, muhofaza qilish, saqlash va uning sifatini oshirish uchun xizmat qiladi.
Suv obyektlarini sanitariya jihatidan muhofaza qilish mintaqasidagi oʻrmonlarda daraxtlarni faqat qatʼiy belgilangan chegaralarda parvarish qilish va sanitariya maqsadida kesishga yoʻl qoʻyiladi.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 1-apreldagi 95-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 14-son, 103-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
18. Tabiiy kurort hududlari va dam olish hududlari oʻrmonlariga muhofaza etiladigan, belgilangan tartibda tashkil etilgan ushbu tabiiy hududlar chegaralaridagi oʻrmonlar kiradi.
(18-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 1-apreldagi 95-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 14-son, 103-modda)
Bu oʻrmonlar iqlimni, sanitariya-gigiyena sharoitlarini hamda tuproq va suvni muhofaza qilishni tartibga soladi, kishilarning dam olishga va ularni sogʻlomlashtirishga yordam beradi.
19. Alohida qimmatga ega boʻlgan oʻrmon mavzelariga serunum oʻrmonlar, shuningdek, qimmatli genetik ahamiyatiga ega boʻlgan relikt va endemik daraxtlar navlaridan iborat oʻrmonlar kiradi.
Ushbu toifaning maqsadli ilmiy-tarixiy maqsadlar uchun qimmatli tabiiy oʻrmonlarni saqlab qolishdir.
20. Yongʻoqchilik mintaqasidagi oʻrmonlarga shirin, madaniylashgan grek yongʻogʻi, pista va bodom mevalari tayyorlash uchun xom ashyo bazasi sifatida muhim ahamiyatiga ega boʻlgan, tabiiy va sunʼiy ravishda yaratilgan oʻrmonlar va plantatsiyalar kiradi.
21. Mevali oʻrmon daraxtzorlariga davlat oʻrmon fondi yerlaridagi tabiiy va sunʼiy ravishda yaratilgan oʻrmonlar va xoʻjalik ahamiyatiga ega boʻlgan qimmatli meva-rezavor daraxtlar va oʻsimlik navlari oʻsadigan plantatsiyalar kiradi.
22. Davlat qoʻriqxona oʻrmonlariga respublika Hukumati qarori bilan barpo etilgan davlat qoʻriqxonalari hududlaridagi barcha oʻrmonlar, plantatsiyalar kiradi.
Qoʻriqxona oʻrmonlarining asosiy maqsadi tabiiy tabiat muhiti sharoitlarida oʻsimlik va hayvonot dunyosining ahvoli va rivojlanishini kuzatish, oʻsimlik va hayvonot dunyosining alohida ahamiyatiga ega boʻlgan relikt va endemik turlari genofondini saqlab qolish, shuningdek, oʻziga xos qimmatli hududlarni tabiiy holatda saqlashdir.
Oldingi tahrirga qarang.
23. Kompleks (landshaft) zakazniklar, tabiiy bogʻlar va davlat biosfera rezervatlari oʻrmonlariga Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarori bilan tashkil qilingan muhofaza etiladigan ushbu tabiiy hududlardagi oʻrmonlar kiradi.
Alohida ekologik, tarixiy va estetik qimmatga ega boʻlgan tabiiy obyektlar va komplekslarni saqlash maqsadida atrof tabiiy muhit holatini saqlash muhofaza etiladigan ushbu tabiiy hududlar oʻrmonlarining asosiy vazifasi hisoblanadi”.
(23-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 1-apreldagi 95-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 14-son, 103-modda)
24. Ilmiy yoki tarixiy ahamiyatiga ega boʻlgan oʻrmonlarga tarixiy-madaniy qoʻriqxonalar hududlarida joylashgan muhim tarixiy voqealar bilan bogʻliq alohida qimmatli va saqlanishi kerak boʻlgan joylardagi oʻrmon uchastkalari yoki alohida oʻrmon mavzelari, shuningdek, ilmiy kuzatishlar uchun xizmat qiluvchi oʻrmonlar kiradi.
25. Oʻrmonlarning qoʻriqlanish toifalarini aniqlash va ularni bir toifadan boshqasiga oʻtkazish boʻyicha takliflar Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi organlari tomonidan tayyorlanadi va mahalliy davlat hokimiyati organlari, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi hamda boshqa manfaatdor organlar bilan kelishib olinadi.
Oʻrmonlarning qoʻriqlanish toifalarini aniqlash va ularni bir toifadan boshqasiga oʻtkazish boʻyicha takliflar Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritiladi.
Taklifga oʻrmonlar qoʻriqlanishining bir toifasidan boshqasiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi ilmiy-texnikaviy va iqtisodiy asoslashlar, kartografik, hisobga olish hamda boshqa zarur materiallar va hujjatlar ilova qilinadi.
(25-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-iyuldagi 530-sonli qarori tahririda— OʻR QHT, 2017-y., 30-son, 734-modda)