1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.12.00.00 Zarar yetkazilganligi oqibatidagi majburiyatlar / 03.12.02.00 Fuqaroning hayoti yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni undirish;
2.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.04.00.00 Jamiyat xavfsizligi / 16.04.10.00 Terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurash]
[TSZ:
1.Fuqarolik qonunchiligi. Tadbirkorlik / Majburiyat huquqi. Majburiyatlarning alohida turlari]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Terrorchilikka qarshi operatsiya o‘tkazish natijasida shaxsga yoxud jismoniy yoki yuridik shaxslarning mol-mulkiga yetkazilgan zararni qoplash tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida
“Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Terrorchilikka qarshi operatsiya o‘tkazish natijasida shaxsga yoxud jismoniy yoki yuridik shaxslarning mol-mulkiga yetkazilgan zararni qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 24-may,
170-son
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 24-maydagi 170-son qaroriga ILOVA
Terrorchilikka qarshi operatsiya o‘tkazish natijasida shaxsga yoxud jismoniy yoki yuridik shaxslarning mol-mulkiga yetkazilgan zararni qoplash tartibi to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom terrorchilikka qarshi operatsiya o‘tkazish natijasida shaxsga yoxud jismoniy yoki yuridik shaxslarning (keyingi o‘rinlarda mol-mulk egalari deb ataladi) mol-mulkiga yetkazilgan zararni qoplash tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizomning amal qilishi terrorizmga qarshi kurashda qatnashayotgan shaxslarga yetkazilgan zararni qoplashga tatbiq etilmaydi, terrorchilikka qarshi operatsiyani o‘tkazishda qatnashayotgan shaxsga mulkiy zarar terrorizmga qarshi operatsiyani o‘tkazish hududida mol-mulk egasi sifatida yetkazilgan hollar, shuningdek mol-mulk egalarining mol-mulki mazkur xavf bo‘yicha sug‘urta qilingan holatlar bundan mustasno.
2. Mol-mulk egalariga yetkazilgan mulkiy zarar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjeti, viloyatlarning viloyat budjetlari, Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining zaxira jamg‘armalari mablag‘lari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga qoplanadi.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-maydagi 384-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.05.2018-y., 09/18/384/1266-son)
3. Quyidagilar qoplanishi lozim:
terrorchilikka qarshi operatsiya o‘tkazish natijasida butunlay yo‘q qilinganligi sababli tiklashning imkoni yo‘q bo‘lgan mol-mulkning bozor qiymati;
terrorchilikka qarshi operatsiya o‘tkazish natijasida mol-mulkka yetkazilgan zarar.
Terrorchilikka qarshi operatsiya o‘tkazish natijasida shaxsning sog‘lig‘iga zarar yetkazilgan taqdirda, unga bepul zarur tibbiy yordam ta’minlanadi, fuqaro halok bo‘lgan taqdirda esa — qonunchilikka muvofiq, uning oila a’zolariga pensiya yoki boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi tayinlanadi.
Ma’naviy zararni qoplash masalalari sud tartibida hal qilinadi.
4. Shaxsga uning terrorchilik harakatidagi ishtirokiga chek qo‘yilishi munosabati bilan yetkazilgan zarar qoplanmaydi.
O‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joy, ishlab chiqarishlar va boshqa bino va inshootlarning qiymati, shuningdek mol-mulk egasining boy bergan foydasi qoplanmaydi.
5. Terrorchilikka qarshi operatsiyani o‘tkazish natijasida mol-mulk egalariga yetkazilgan mulkiy zararni qoplash ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
II. Murojaatlarni ko‘rib chiqish va mulkiy zararni qoplash tartibi
6. Terrorchilikka qarshi operatsiya tugagandan so‘ng uch ish kuni mobaynida hududida terrorchilikka qarshi operatsiya o‘tkazilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyat yoki Toshkent shahri hokimi (keyingi o‘rinlarda vakolatli organ deb ataladi) tomonidan terrorchilikka qarshi operatsiyani o‘tkazish natijasida mol-mulkiga yetkazilgan mulkiy zararni qoplash uchun mol-mulk egalarining murojaatlarini ko‘rib chiqish komissiyasi (keyingi o‘rinlarda komissiya deb ataladi) tashkil etiladi.
Komissiyaga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyat yoki Toshkent shahri hokimi yoxud ularning o‘rinbosarlari boshchilik qiladi.
Komissiyaning shaxsiy tarkibi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, tegishli viloyat yoki Toshkent shahri hokimining qarori bilan tasdiqlanadi.
Komissiya tarkibiga tergov va moliya organlarining, Davlat raqobat qo‘mitasi, “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi, “Yergeodezkadastr” davlat qo‘mitasi va boshqa manfaatdor organlar, shuningdek fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakillari kiritiladi.
7. Mol-mulk egalarini komissiya o‘z ishini boshlaganidan xabardor qilish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, tegishli viloyat yoki Toshkent shahri hokimliklari tomonidan ommaviy axborot vositalarida ma’lumotni joylashtirish, shuningdek fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlarining yordamida komissiya tashkil qilingan kundan e’tiboran ikki ish kuni mobaynida amalga oshiriladi.
8. Yo‘q qilingan yoki shikastlangan mol-mulkni qoplash uchun mol-mulk egasi yoki uning vakili komissiyaga yozma ravishda murojaat qiladi va quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
a) terrorchilikka qarshi operatsiya o‘tkazish natijasida yetkazilgan mulkiy zararni qoplash to‘g‘risidagi ariza (keyingi o‘rinlarda ariza deb ataladi), unda quyidagilar ko‘rsatiladi:
yuridik shaxsning nomi, uning rekvizitlari, soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (keyingi o‘rinlarda STIR deb ataladi), bank rekvizitlari, rahbarning familiyasi, ismi va otasining ismi (yuridik shaxslar uchun);
familiyasi, ismi va otasining ismi, bank rekvizitlari, yashash manzili va bog‘lanish uchun boshqa ma’lumotlar (jismoniy shaxslar uchun);
b) davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi — yuridik shaxslar uchun;
v) pasport yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatning nusxasi — jismoniy shaxslar uchun;
g) mol-mulkka egalik huquqini tasdiqlovchi hujjatning nusxasi;
d) vakil sifatida murojaat qilish huquqini tasdiqlovchi hujjat va shaxsini tasdiqlovchi hujjatning nusxasi — yuridik yoki jismoniy shaxsning vakili uchun (mol-mulk egasining vakili murojaat qilgan taqdirda);
e) ko‘rilgan moddiy zararning miqdorini tasdiqlovchi hujjatlarning nusxalari (mavjud bo‘lgan taqdirda).
Ariza murojaat qilingan kundan boshlab ko‘rib chiqiladi, agar murojaat komissiya ish boshlagan kundan 6 oydan kechikmay kelib tushgan bo‘lsa.
Komissiya ish boshlagan kundan 6 oy o‘tgandan so‘ng komissiyaga murojaat qilingan taqdirda, yo‘q qilingan yoki shikastlangan mol-mulkni qoplash masalasi sud tartibida hal qilinadi.
9. Ariza va mazkur Nizomning 8-bandida qayd etilgan unga ilova qilingan hujjatlar komissiya tomonidan o‘n besh ish kuni mobaynida ko‘rib chiqilishi kerak.
10. Mazkur Nizomning 8-bandida qayd etilgan hujjatlar Komissiyaga to‘liq taqdim qilinmagan taqdirda, komissiya ariza kelib tushgan kundan boshlab bir ish kuni mobaynida mol-mulk egasini yoki uning vakilini yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish kerakligi haqida xabardor qiladi.
11. Komissiya ariza va unga ilova qilingan hujjatlar kelib tushgan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida baholovchi tashkilotni jalb etgan holda, mol-mulk egasiga yetkazilgan mulkiy zararning miqdorini baholashni tashkillashtiradi.
Mol-mulk egasiga yetkazilgan mulkiy zararning miqdorini baholashni tashkil qilish bilan bog‘liq xarajatlar mazkur Nizomning 2-bandida ko‘rsatilgan mablag‘lar hisobiga amalga oshiriladi.
12. Baholovchi tashkilot tomonidan mulkiy zararni baholash tugagandan so‘ng, komissiya uch ish kuni mobaynida mol-mulk egasiga yetkazilgan mulkiy zararni qoplashning miqdori bo‘yicha xulosani (keyingi o‘rinlarda xulosa deb ataladi) tayyorlaydi hamda vakolatli organga kiritadi.
13. Vakolatli organ mol-mulk egasiga yetkazilgan mulkiy zararni qoplash to‘g‘risidagi qarorni xulosani olgan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida qabul qiladi hamda uni tegishli moliya organiga va g‘aznachilik bo‘linmasiga ijro etish uchun yuboradi.
Bunda vakolatli organ qaror qabul qilingan kundan boshlab ikki ish kuni mobaynida mol-mulk egasiga qabul qilingan qaror to‘g‘risida yozma ravishda xabar qilishi shart.
14. Moliya organi g‘aznachilik bo‘linmasi bilan birgalikda vakolatli organning mol-mulk egasiga mulkiy zararni qoplash to‘g‘risidagi qarori olingan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida, qonunchilikka muvofiq, vakolatli organning qarorida qayd qilingan mol-mulk egasining bank hisob raqamiga pul mablag‘larini o‘tkazishni amalga oshiradi.
15. Mulkiy zararni qoplashni rad etish to‘g‘risidagi qaror quyidagi hollarda qabul qilinadi:
a) zarur shaklda rasmiylashtirilmagan hujjatlar taqdim etilganda;
b) taqdim etilgan hujjatlarda ishonchsiz ma’lumotlar mavjud bo‘lganda.
16. Mol-mulk egasi mulkiy zararni qoplashni rad etish uchun asos bo‘lgan sabablarni bartaraf etgan taqdirda, komissiya tomonidan hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish mol-mulk egasining arizasi talab qilingan barcha hujjatlar bilan birga olingan kundan boshlab o‘n kundan oshmaydigan muddatda amalga oshiriladi.
17. Zarurat bo‘lgan hollarda, mol-mulk egasi yoki uning vakili bilan kelishilgan holda, mulkiy zarar mol-mulk egasiga yoki uning vakiliga teng qiymatdagi mol-mulkni berish yo‘li bilan natura tarzida qoplanishi mumkin.
III. Yakunlovchi qoidalar
18. Ushbu Nizomning talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 14 va 985-moddalari.
19. Terrorchilikka qarshi operatsiya o‘tkazish natijasida shaxsga yoxud jismoniy yoki yuridik shaxslarning mol-mulkiga yetkazilgan zararni qoplash masalalari bo‘yicha nizo va kelishmovchiliklar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(19-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Terrorchilikka qarshi operatsiya o‘tkazish natijasida shaxsga yoxud jismoniy yoki yuridik shaxslarning mol-mulkiga yetkazilgan zararni qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizomga ILOVA
Terrorchilikka qarshi operatsiya o‘tkazish natijasida jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararni qoplash
SXEMASI
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2016-y., 21-son, 235-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.05.2018-y., 09/18/384/1266-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)