toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 19.05.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining
Qarori
Ishlarning taalluqliligi bilan bogʻliq protsessual qonun hujjatlari normalarini sudlar tomonidan qoʻllashning ayrim masalalari toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oliy xoʻjalik sudi Plenumining ayrim qarorlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrimlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 44-moddasiga muvofiq, har bir shaxsga oʻz huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining gʻayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlangan.
Har qanday manfaatdor shaxs buzilgan yoki nizolashayotgan huquqi yoxud qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun qonunda belgilangan tartibda sudga murojaat qilishga haqli.
Ishlar taalluqliligiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksida (bundan buyon matnda FPK deb yuritiladi) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksida (bundan buyon matnda XPK deb yuritiladi) belgilangan normalar asosida fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar yoki xoʻjalik sudlari tomonidan koʻriladi.
2015-yil 20-avgustda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yoʻlidagi toʻsiqlarni bartaraf etishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni asosida amaldagi qonunlar, FPK va XPKga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilganligi, xususan XPK korporativ nizolar boʻyicha ish yuritish toʻgʻrisida alohida 204-bob bilan toʻldirilganligi munosabati bilan ishlarning sudga taalluqliligi borasida kelib chiqayotgan masalalar yuzasidan tushuntirish berilishini, murojaatlarning toʻgʻri hal qilinishini, xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlari huquqlarini ishonchli himoya qilishni taʼminlash maqsadida, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 17 va 47-moddalariga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlarning eʼtibori, jismoniy va yuridik shaxslarning xususiy mulkini, tadbirkorlik subyektlarining buzilgan huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish masalalari yuzasidan taqdim etgan arizalarini (daʼvo arizalarini, shikoyatlarni) sud ish yurituviga qabul qilish va ish qoʻzgʻatish hamda ishni sudda koʻrishga tayyorlashda ishlarning taalluqliligi bilan bogʻliq protsessual qonun talablariga qatʼiy rioya etishga qaratilsin.
2. Ariza, shikoyat va daʼvo arizalarini ish yuritishga qabul qilish paytida FPKning 31-moddasi, XPKning 23-moddasi talablariga hamda mazkur Plenum qarori tushuntirishlariga rioya etgan holda ishlarning qaysi sudga taalluqliligi masalasini qonuniy va uzil-kesil hal etish lozimligi sudlarga uqtirilsin.
3. Umumiy yurisdiksiya sudlarida fuqarolik ishi, oʻzining huquqi yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatini himoya qilishni soʻrab murojaat qilgan shaxsning arizasi boʻyicha, prokurorning arizasi boʻyicha, agar davlat boshqaruvi organlari, tashkilotlar va ayrim fuqarolar qonunga muvofiq boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun sudga murojaat etishga haqli boʻlsalar, ularning bergan arizalari boʻyicha; xoʻjalik sudlarida xoʻjalik ishi, manfaatdor shaxslarning, prokurorning, qonun boʻyicha davlat va jamiyat manfaatlarini himoya qilish maqsadida xoʻjalik sudiga murojaat qilish huquqiga ega boʻlgan hollarda davlat organlari va boshqa organlarning arizalari boʻyicha qoʻzgʻatiladi.
4. Taraflardan hech boʻlmaganda bittasi fuqaro boʻlgan nizolarga doir ishlar, qonunda bunday nizolarni hal qilish xoʻjalik sudi yoki boshqa organlarga topshirilgan hollar bundan mustasno, FPK 279-moddasida sanab oʻtilgan alohida tartibda koʻriladigan ishlar, qonun bilan sudlarning vakolatiga berilgan boshqa ishlar umumiy yurisdiksiya sudlariga taalluqli;
iqtisodiyot sohasida yuridik shaxslar (bundan buyon matnda tashkilotlar deb yuritiladi), yuridik shaxs tuzmagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan va yakka tartibdagi tadbirkor maqomini qonunda belgilangan tarzda olgan fuqarolar oʻrtasidagi (bundan buyon matnda fuqarolar deb yuritiladi) fuqaroviy, maʼmuriy va boshqa huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarga doir, iqtisodiyot sohasida tashkilotlar va fuqarolarning huquqlari vujudga kelishi, oʻzgarishi yoki bekor boʻlishi uchun yuridik ahamiyatga ega boʻlgan faktlarni aniqlash toʻgʻrisidagi, tashkilotlar va fuqarolarning bankrotligi toʻgʻrisidagi, korporativ nizolar boʻyicha ishlar, bundan mehnatga oid nizolar mustasno, yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan fuqarolar ishtirokidagi nizolarga doir ishlar, agar tegishli talablar ularning avvalgi tadbirkorlik faoliyatidan kelib chiqsa, xoʻjalik sudlari sudloviga taalluqli ekanligiga sudlarning eʼtibori qaratilsin.
Oʻzaro bogʻliq boʻlib, baʼzilari xoʻjalik sudiga, boshqalari esa umumiy yurisdiksiya sudlariga taalluqli boʻlgan bir necha talab birlashtirilgan taqdirda, hamma talablar umumiy yurisdiksiya sudlari tomonidan;
korporativ nizolar boʻyicha ishlar, nizo vujudga kelgan huquqiy munosabatlar ishtirokchisi tashkilotlar yoki jismoniy shaxslar boʻlishidan qatʼi nazar, xoʻjalik sudlari tomonidan koʻrib chiqiladi.
Meros mol-mulkni yoki er-xotinning umumiy mol-mulkni boʻlish bilan bogʻliq holda yuzaga keladigan nizolar tarafi yuridik yoki jismoniy shaxs boʻlishidan qatʼi nazar, umumiy yurisdiksiya sudlari sudloviga taalluqli.
5. XPKning 15519-moddasida koʻrsatilgan korporativ nizolar roʻyxati tugal emasligi sababli, qonun hujjatlarida xoʻjalik sudlari vakolatlariga kiritilgan boshqa korporativ nizolar ham xoʻjalik sudlariga taalluqli boʻladi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 42-moddasida koʻrsatilgan faoliyatni tugatish;
6. Oʻzbekiston Respublikasi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 42-moddasida va XPK 15513-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan faoliyatni tugatish;
(6-bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2016-yil 27-dekabrdagi 25/309-sonli qarori tahririda)
atrof tabiiy muhitga zararli taʼsir koʻrsatayotgan obyektlar faoliyatini tugatish va (yoki) qayta ixtisoslashtirish, faoliyatni cheklash, toʻxtatib turish va taqiqlash, bundan favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sogʻligʻi uchun boshqa haqiqiy xavf yuzaga kelishining oldini olish bilan bogʻliq holda faoliyatni oʻn ish kunidan qoʻp boʻlmagan muddatga cheklash, toʻxtatib turish hollari mustasno;
banklardagi hisobvaraqlar boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib qoʻyish, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno;
moliyaviy sanksiyalarni qoʻllash, bundan soliq va yigʻimlarni toʻlash muddatini oʻtkazib yuborganlik uchun penya hisoblab chiqarish, tashkilotning yoki fuqaroning sodir etilgan huquqbuzarlikdagi aybiga iqror boʻlganligi va moliyaviy sanksiya summalarini ixtiyoriy ravishda toʻlaganligi hollari mustasno;
tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari bilan shugʻullanish uchun berilgan litsenziyalarning (ruxsatnomalarning) amal qilishini oʻn ish kunidan koʻp boʻlgan muddatga toʻxtatib turish yoki ularning amal qilishini tugatish va litsenziyalarni (ruxsatnomalarni) bekor qilish, bundan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan beriladigan litsenziyalar (ruxsatnomalar) mustasno, ishlar ham xoʻjalik sudlariga taalluqli.
7. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq har bir shaxsga oʻz huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining, mansabdor shaxslarning, jamoat birlashmalarining gʻayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi. FK 12-moddasining birinchi qismiga muvofiq davlat organining yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organining qonun hujjatlariga muvofiq boʻlmagan hamda fuqaroning yoki yuridik shaxsning fuqarolik huquqlarini va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzadigan hujjati sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
XPK 24-moddasining 9-bandiga muvofiq davlat organlari va fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining qonun hujjatlariga muvofiq boʻlmagan, tashkilotlar va fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzadigan hujjatlarini (butunlay yoki qisman) haqiqiy emas deb topish, mansabdor shaxslarning shunday harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish toʻgʻrisidagi nizolar xoʻjalik sudlariga, FPKning 3-kichik boʻlimiga muvofiq davlat organlari va boshqa organlar, shuningdek mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan berilgan shikoyatlarga doir ishlar, notariusning, fuqarolik holati aktlarini qayd qilish organining muayyan harakatlarni bajarishni rad etganligi yoki notoʻgʻri bajarganligi ustidan berilgan shikoyatlar, shuningdek prokurorning huquqiy hujjatni gʻayriqonuniy deb topish haqidagi arizasi umumiy yurisdiksiya sudlariga taalluqlidir.
Shunga koʻra davlat organlari va boshqa organlar, shuningdek mansabdor shaxslarning xatti-harakatlarini (qarorlarini) bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza (shikoyat) sudlar tomonidan koʻrib chiqilmaydi, qonunda nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno va bunday arizalarni XPK 117-moddasi birinchi qismining 1-bandiga, FPK 152-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan qabul qilish rad etiladi. Agar koʻrsatilgan holatlar ariza (shikoyat) ish yuritishga qabul qilingandan keyin aniqlansa, ish yuritish XPK 86-moddasining 1-bandiga, FPK 100-moddasining 1-bandiga asosan tugatiladi.
Sudlarga tushuntirilsinki, fermer xoʻjaligi tashkil etish uchun fuqaroga yer uchastkasi ajratish haqidagi hamda fermer xoʻjaligiga qoʻshimcha yer uchastkasi ajratish haqidagi hokim qarorlarini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi ariza (arizalar) fermer xoʻjaligi tomonidan berilgan boʻlsa, u (ular) xoʻjalik sudida, fuqaro tomonidan berilgan boʻlsa — umumiy yurisdiksiya sudida koʻrib chiqiladi.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2016-yil 27-dekabrdagi 25/309-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan)
8. Sudlarning eʼtibori, hakamlik sudlari fuqarolik huquqiy munosabatlaridan kelib chiquvchi nizolarni, shuningdek yuridik shaxslar, tadbirkorlik subyektlari oʻrtasidagi xoʻjalik nizolarini hal etishidan kelib chiqib, hakamlik sudlari hal qiluv qarori bilan bogʻliq ishlarning taalluqlilik masalasi hakamlik sudida koʻrilgan nizoning toifasiga bogʻliq hal etilishi lozimligiga qaratilsin.
9. Mehnat munosabatlariga oid nizolar umumiy yurisdiksiya sudlariga taalluqli.
Bunda, MKning 276-moddasiga asosan ayrim toifadagi davlat xizmatchilarining mehnat shartnomasini bekor qilish, boshqa ishga oʻtkazish, asossiz ravishda boshqa ishga oʻtkazish yoki mehnatga oid munosabatlarni bekor qilish bilan bogʻliq holda yetkazilgan zararni undirish va intizomiy jazo berish masalalariga taalluqli mehnat nizolari qonunda belgilangan tartibda koʻrib chiqilishiga eʼtibor qaratish lozim.
Ayrim toifadagi davlat xizmatchilari bilan bogʻliq mehnat nizolari deganda, ish beruvchi va xodim oʻrtasidagi mehnat munosabatlari maxsus Nizom yoxud Qonun bilan oʻrnatilgan alohida qoidalar bilan belgilangan munosabatlar tushunilishi lozim (masalan, mudofaa vazirligi, milliy xavfsizlik xizmati, ichki ishlar vazirligi, uning tarkibida boʻlgan jazoni ijro etish muassasalari, favqulodda vaziyatlar vazirligi, bojxona qoʻmitasi, prokuratura va boshqa davlat muassasalari).
Oʻzbekiston Respublikasi “Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 1-moddasiga asosan har bir fuqaro davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari yoki mansabdor shaxslarning gʻayriqonuniy xatti-harakatlari (qarorlari) bilan oʻz huquqlari yoki erkinliklari buzilgan deb hisoblasa, shikoyat bilan sudga murojaat qilish huquqiga ega ekanligini inobatga olib, ayrim toifadagi davlat xizmatchisi bilan mehnat shartnomasi tugatilganidan soʻng belgilangan tartibda yuqori boʻysunuv muassasasi mansabdor shaxsining murojaatga nisbatan bergan rad javobi yuzasidan manfaatdor shaxsning buzilgan huquqlarini tiklash toʻgʻrisidagi shikoyatlar FPK 269-moddasi talablari asosida umumiy yurisdiksiya sudlari tomonidan koʻriladi.
10. Harbiy qismlar, qoʻshilmalar va birlashmalar, harbiy boshqaruv organlarining qoʻmondonligiga nisbatan harbiy xizmatchilarning daʼvolari boʻyicha fuqarolik ishlarini va harbiy boshqaruv organlari hamda harbiy mansabdor shaxslarning, harbiy xizmatchilarning huquq va erkinliklarini buzuvchi xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan shikoyatlar harbiy sudlarga taalluqli ekanligiga sudlarning eʼtibori qaratilsin.
Mehnat munosabatlari tugagan harbiy xizmatchilar va mudofaa vazirligi tizimidagi muassasalari oʻrtasidagi ishga tiklash bilan bogʻliq va boshqa daʼvo tartibida koʻriladigan nizolar umumiy yurisdiksiya sudlariga taalluqli ekanligi sudlarga uqtirilsin.
11. Sudlarning eʼtibori ijro ish yurituviga bogʻliq munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarning taalluqliligi masalasini hal etishda ijro hujjati qaysi sud tomonidan berilganligi aniqlanishi lozimligiga qaratilsin.
“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 38-moddasiga koʻra xoʻjalik sudi tomonidan berilgan ijro hujjati asosida qoʻzgʻatilgan ijro ishi yuritishni toʻxtatib turish va tugatish masalasi ishni koʻrgan xoʻjalik sudi yoki sud ijrochisi turgan joydagi xoʻjalik sudi tomonidan amalga oshiriladi.
Ijro ishi yuritishni toʻxtatib turish va tugatish masalasi quyidagi hollarda ham xoʻjalik sudi tomonidan amalga oshiriladi:
ijro xatlari ijro etilganda, agar undiruvchi va qarzdor yuridik shaxs yoki yuridik shaxs tashkil etmagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolar boʻlsa;
sud ijrochisining ijro yigʻimini va ijro xarajatlarini undirish toʻgʻrisidagi qarorlari ijro etilganda, agar qarzdor yuridik shaxs yoki yuridik shaxs tashkil etmagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan fuqaro boʻlsa.
Qonunning ushbu moddasi birinchi qismida nazarda tutilmagan ijro hujjatlari boʻyicha ijro ishi yuritishni toʻxtatib turish va tugatish sud ijrochisi turgan joydagi umumiy yurisdiksiya sudi tomonidan amalga oshiriladi.
Sud ijrochisining xatti-harakatlari ustidan beriladigan shikoyatlarning sudga taalluqliligi masalasi ham yuqorida qayd etilgan Qonun normalari talablari hamda FPKning 31-moddasi va XPKning 23-moddalariga rioya etilgan holda hal etiladi.
Agar, xoʻjalik sudi va umumiy yurisdiksiya sudi tomonidan berilgan ijro varaqalar yagona ijro ishi yurituviga birlashtirilgan boʻlsa, sud ijrochisining ushbu ijro varaqalarining ijrosi bilan bogʻliq xatti- harakatlari ustidan ijro joyidagi umumiy yurisdiksiya sudiga shikoyat qilinishi mumkin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh sud ijrochisi va uning oʻrinbosarlari, shuningdek sud ijrochilari tomonidan Qonunning 83-1 va 84-moddalarida nazarda tutilgan vakolatlarini amalga oshirish jarayonida qabul qilgan qarorlari va xatti-harakatlari ustidan berilgan ariza va shikoyatlarni koʻrib chiqishning sudlarga taalluqliligi masalasi sudlar tomonidan ushbu qarorning 7, 10-bandlari talablaridan kelib chiqib hal etilishi lozim.
13. Sud raislariga, sudga taalluqlilik borasida yoʻl qoʻyilgan har qanday qonun buzilishiga tegishli munosabat bildirib borish orqali murojaatlarning taalluqliligi borasida protsessual qonunlarni qoʻllash boʻyicha yagona sud amaliyotini shakllantirish lozimligi uqtirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Sh. GAZIYEV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi D. KAMILOV
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi raisi K. KAMILOV
Plenum kotibi, Oliy xoʻjalik sudi sudyasi K. DAVLETOVA
Toshkent sh.,
2015-yil 13-noyabr,
16/287-son