toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 29.01.2025
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
Qo‘shma qarori
Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiya to‘g‘risida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2025-yil 29-yanvardagi 402-V/KQ-56-V-sonli “Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiyani tuzish to‘g‘risida”gi Qo‘shma qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi kafolatlarini kuchaytirish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 20-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladilar:
1. Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiya 1-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.
2. Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiya reglamenti 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Kengashining qarorlari 3-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri D. TOSHMUHAMEDOVA
Toshkent sh.,
2011-yil 15-iyun,
300-II-son
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2011-yil 15-iyun,
191-II-son
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2011-yil 15-iyundagi № 300–II/191–II-sonli Qo‘shma qaroriga
1-ILOVA
Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiyaning
TARKIBI

1.

Eshmatova Feruza Farxadovna

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), komissiya raisi

2.

lavozimi bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari, komissiya raisi o‘rinbosari

3.

Yunusova Aliya Tuygunovna

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani)

4.

Rashidova Sayyora Sharafovna

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti direktori

5.

Muxammadiyev Ulug‘bek Nasriddinovich

Toshkent davlat Sharqshunoslik instituti dotsenti

6.

Tulyakov Eldor Sobirjonovich

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori

7.

Mamatxanov Askar Maxmutovich

“Yuksalish” umummilliy harakati raisi o‘rinbosari — ijrochi direktori

8.

Xodjayeva Sayyora Ataxanovna

Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori

9.

Karimova Nodira Erkinovna

Respublika “Istiqbolli avlod” ijtimoiy axborot markazi raisi

10.

Mamarasulova Gulnoz Abulkosimovna

“Markaziy Osiyo Uyushmasi” Jamiyatining O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori

11.

Sharipov Bexzod Shuxratovich

“Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat notijorat tashkilotining raisi

12.

Kabulova Dilovar Nasimovna

Fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazi direktori

13.

Ganiyev Shuxrat Abduraimovich

“Gumanitar huquqiy markaz” direktori

14.

Farmonov A’zam Turg‘unovich

“Huquqiy tayanch” nodavlat notijorat tashkiloti raisi

15.

Muxamedova Zebiniso Ibroximovna

O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i

16.

Tursunmurodov Rustambek Permatovich

Kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi Sirdaryo viloyati Kengashi raisi

17.

Sobirov Baxodir Boypulatovich

Navoiy davlat pedagogika instituti rektori

18.

Tuxtasinov Ilxom Madaminovich

Samarqand davlat chet tillari instituti rektori

19.

Tursunov Muhammadamin Abduvosiyevich

“Farg‘ona dori-darmon” aksiyadorlik birlashmasi raisi

20.

Bektemirov Xamro Solayevich

Xorazm viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i

21.

Jo‘rayev Utkir Kamilovich

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Jizzax viloyatidagi mintaqaviy vakili

22.

Normurodov Murodullo Tog‘ayevich

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili

23.

Valiyev Jaxongir Mamadaliyevich

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Namangan viloyatidagi mintaqaviy vakili

24.

Artikov Abdurashid Zairovich

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Surxondaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili

25.

Shlimbetov Jenisbay Kurbanbayevich

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi mintaqaviy vakili

26.

Xuseynova Abira Amanovna

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili

27.

Djurayev Shuxrat Nizamovich

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili

28.

Xusanov Diyor Sheraliyevich

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili

29.

Alimov Shuxrat Ashrabovich

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Sirdaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili

30.

Kamalov Rustam Jamalovich

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Toshkent viloyatidagi mintaqaviy vakili

31.

Kamilov Alisher Odilovich

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Farg‘ona viloyatidagi mintaqaviy vakili

32.

Ollayorov Odilbek Davlatovich

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Xorazm viloyatidagi mintaqaviy vakili

33.

Abduvoxidova Gulnoraxon Abdug‘aniyevna

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili

34.

Azimov Saidbek Ibragimovich

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Kotibiyati mudiri, komissiya kotibi

Eslatma: Komissiyasi a’zolari boshqa ishga o‘tgan taqdirda ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar yoki tegishli majburiyatlarni bajarish zimmasiga yuklatilgan mas’ul shaxslar komissiya tarkibiga kiritiladi.
(1-ilova O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2022-yil 14-noyabrdagi 2661-IV/KQ-428-IV-sonli Qo‘shma qarori tahririda)
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2011-yil 15-iyundagi № 300-II/191-II-sonli Qo‘shma qaroriga
2-ILOVA
Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiyaning
REGLAMENTI
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Reglament “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 20-moddasiga muvofiq Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiyani (bundan buyon matnda Komissiya deb yuritiladi) tashkil etish hamda uning faoliyat yuritishi tartibini belgilab beradi.
2. Komissiya O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga (ombudsmanga) (bundan buyon matnda Vakil deb yuritiladi) davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslar tomonidan inson huquqlari va erkinliklari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishi yuzasidan parlament nazoratini ta’minlash bo‘yicha vakolatlarini amalga oshirishda ko‘maklashadi.
3. Komissiya o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalariga, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalariga, shuningdek mazkur Reglamentga amal qiladi.
4. Komissiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
Vakilning o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish borasidagi faoliyatiga ko‘maklashish;
Inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilayotganligi to‘g‘risida Vakilga kelib tushayotgan shikoyatlarni uning topshirig‘iga binoan o‘rganish va tahlil qilish;
Vakilning muayyan shikoyatlarga doir xulosalari loyihalarini tayyorlash;
inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash hamda himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
inson huquqlari va erkinliklari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha hamda ularni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalariga muvofiqlashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlashda ishtirok etish;
inson huquqlariga rioya etilishi monitoringini o‘tkazishda qatnashish va o‘rganish natijalari bo‘yicha tegishli materiallar tayyorlash;
inson huquqlari va erkinliklari himoya qilinishini ta’minlash masalalarini tartibga solishni nazarda tutadigan qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari yuzasidan Vakilning takliflarini tayyorlash;
inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash sohasida jamoatchilik nazorati mexanizmlarini ishlab chiqishga ko‘maklashish;
Vakilning yillik hisobotlarini, shuningdek inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro shartnomalarning bajarilishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining milliy ma’ruzalarini tayyorlashda ishtirok etish;
aholining inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi huquqiy savodxonligini oshirishga ko‘maklashish;
inson huquqlari va erkinliklari sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda ishtirok etish;
Vakilning vakolati doirasiga taalluqli boshqa masalalarni muhokama qilish.
5. Komissiya o‘ziga yuklatilgan vazifalarni hal etish uchun:
Vakil tomonidan yo‘llangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining va O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan chet el fuqarolarining, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning, shuningdek nodavlat notijorat tashkilotlarning inson huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari buzilganligi to‘g‘risidagi shikoyatlarini ko‘rib chiqish;
inson huquqlari va erkinliklari buzilishi holatlari to‘g‘risidagi axborotni Vakilning topshirig‘iga ko‘ra tekshirish;
davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning mansabdor shaxslarini, nodavlat notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari, ilmiy muassasalarning vakillarini, mutaxassislar va olimlarni o‘z majlislariga taklif etish;
inson huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi masalalariga doir axborotni to‘plash, o‘rganish va tahlil qilishni amalga oshirish, maxsus tadqiqotlar o‘tkazish;
Vakilning o‘z vakillari faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlarni eshitish huquqiga ega.
6. Komissiya o‘z vakolatlarini amalga oshirish vaqtida davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, shuningdek ommaviy axborot vositalari bilan belgilangan tartibda o‘zaro hamkorlik qiladi.
II. Komissiyaning faoliyatini tashkil etish
7. Komissiya Komissiya raisi va a’zolaridan iborat tarkibda tuziladi. Vakil komissiya raisi hisoblanadi. Komissiya tarkibiga Vakil o‘rinbosari lavozimi bo‘yicha kiradi.
Komissiya inson huquqlari sohasida tajriba va bilimlarga, huquqni himoya qilish faoliyatida katta tajribaga ega bo‘lgan shaxslardan, shu jumladan davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, oliy ta’lim muassasalari vakillaridan tuziladi.
8. Komissiya a’zolari Vakilning taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlarining qo‘shma qarori bilan Vakilning vakolati muddatiga tasdiqlanadi.
Komissiya tarkibiga ko‘rsatilgan nomzodlarning muhokamasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlarining qo‘shma majlisida mazkur nomzodlar ishtirokida o‘tkaziladi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlarining a’zolari muhokama qilinayotgan nomzodlar bo‘yicha o‘z fikrlarini bayon qilishga haqli.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlari Komissiya a’zolarini saylash masalalari bo‘yicha qo‘shma qaror qabul qiladilar.
9. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlari Vakilning taqdimnomasiga binoan Komissiya a’zosi vakolatlarini tugatish to‘g‘risidagi masalani quyidagi asoslar bo‘yicha ko‘rib chiqishlari mumkin:
u o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilish to‘g‘risida ariza berganida;
Komissiya a’zosining sog‘lig‘i holati barqaror tarzda buzilganida yoki u vafot etganida;
unga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganida;
u O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini yo‘qotganida yoki O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga doimiy yashash uchun chiqib ketganida;
u o‘z vazifalarini doimiy ravishda bajarmaganida.
10. Komissiya Komissiya a’zolari, olimlar, mutaxassislar, nodavlat notijorat tashkilotlarning vakillari orasidan o‘z faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha seksiyalarni, shuningdek faoliyatiga rahbarlikni Komissiya a’zolari amalga oshiradigan doimiy va muvaqqat ishchi guruhlarni shakllantirish huquqiga ega.
11. Komissiya raisi:
Komissiya faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi;
Komissiya majlislarini chaqiradi, ularda raislik qiladi;
davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mansabdor shaxslarini, nodavlat notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari, ilmiy muassasalarning vakillarini, mutaxassislar va olimlarni Komissiya majlislarida ishtirok etish uchun taklif etadi;
Komissiyaning istiqboldagi va joriy faoliyatini rejalashtirishni tashkil etadi, Komissiyaning ish rejasi va qarorlari bajarilishini nazorat qiladi;
Komissiya majlisining kun tartibini va majlisga taklif etilgan shaxslarning ro‘yxatini shakllantiradi;
Komissiyaning qarorlarini va boshqa hujjatlarini imzolaydi.
12. Komissiya a’zosi:
fuqarolarni qabul qilishni amalga oshiradi va Vakil tomonidan yo‘llangan shikoyatlarni ko‘rib chiqadi;
Komissiyaning majlislari to‘g‘risidagi axborotni oldindan olishga, Komissiya va uning ishchi guruhlari majlislarida ishtirok etishga haqli;
Komissiya majlisida so‘zga chiqishga, Komissiyaning vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha takliflar kiritishga haqli;
Komissiya faoliyatiga taalluqli har qanday hujjat va materiallar bilan tanishishga haqli;
Komissiyaning navbatdan tashqari majlisini chaqirish tashabbusi bilan chiqishga haqli;
Vakilning topshiriqlarini bajaradi;
Komissiya tomonidan qabul qilingan qarorlarga qo‘shilmagan taqdirda o‘z fikrini yozma ravishda bayon etishga haqli bo‘lib, uning bu fikri Komissiya majlisining bayonnomasiga albatta kiritib qo‘yilishi lozim.
Komissiya a’zosi ushbu Reglamentda va “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 19-moddasida nazarda tutilgan vakolatlarni amalga oshirish vaqtida ta’qib qilinishi yoki huquqlari boshqacha tarzda cheklanishi mumkin emas.
III. Komissiya majlislarini o‘tkazish tartibi
13. Komissiya ishining tashkiliy shakli uning majlislaridir. Komissiya majlislari kalendar ish rejasiga muvofiq muntazam ravishda o‘tkaziladi. Zarur bo‘lgan hollarda Komissiyaning navbatdan tashqari majlislari o‘tkazilishi mumkin. Komissiya majlisini Komissiya raisi yoki uning topshirig‘iga ko‘ra Komissiya a’zolaridan biri olib boradi.
Komissiya o‘z vakolatlari doirasida har qanday masalani ko‘rib chiqishga haqli. Komissiya majlisida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining va O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning, shuningdek nodavlat notijorat tashkilotlarning ko‘rib chiqilgan shikoyatlari to‘g‘risidagi axborot, Vakilning muayyan shikoyatlar bo‘yicha xulosalari loyihalari ko‘rib chiqilishi mumkin.
Komissiya majlisida Komissiya a’zolari umumiy sonining kamida yarmi ishtirok etayotgan bo‘lsa, majlis vakolatli hisoblanadi. Komissiya a’zosi Komissiya majlisida ishtirok etish imkoni bo‘lmagan taqdirda, ko‘rib chiqilayotgan masalalar bo‘yicha o‘z fikrini yozma ravishda taqdim etishga haqli.
14. Komissiya majlislari Vakilning Kotibiyati joylashgan yerda o‘tkaziladi. Komissiya sayyor majlis o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilishga haqli.
15. Komissiya majlislari, qoida tariqasida, ochiq va oshkora o‘tkaziladi. Komissiya majlislariga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalarining, ilmiy muassasalarning vakillari, mutaxassislar va olimlar taklif etilishi mumkin.
Komissiya majlislarida Vakil Kotibiyatining xodimlari, Vakil huzuridagi Ekspert kengashi va ishchi guruhlarning a’zolari ishtirok etadilar.
16. Komissiya majlisida Vakil yoki uning topshirig‘iga ko‘ra raislik qiluvchi:
Komissiya majlisini olib boradi;
Komissiya majlisi kun tartibidagi masalalarning muhokamasini tashkil etadi va ularni ovozga qo‘yadi;
Komissiya a’zolarining barcha takliflarini ularning kelib tushish tartibida ovozga qo‘yadi;
Komissiya a’zolari va taklif etilganlar tomonidan mazkur Reglament normalariga rioya etilishini ta’minlaydi.
17. Komissiya majlisi davlat tilida olib boriladi. Zarur hollarda Komissiya majlisi ishtirokchilarining chiqishlari boshqa tillarga tarjima qilinishi mumkin.
Komissiya majlisi bayonnoma bilan rasmiylashtirilib, raislik qiluvchi va majlis kotibi tomonidan imzolanadi. Komissiya bayonnomasida kun tartibi, Komissiya a’zolari va majlisda ishtirok etayotgan boshqa shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi, ko‘rib chiqilgan har bir masala bo‘yicha ovoz berish natijalari, qabul qilingan qarorlar qayd etiladi. Bayonnomaga kun tartibi materiallari ilova qilinadi.
18. Komissiya majlisi yakunlari bo‘yicha qabul qilingan qarorlar Komissiya qarorlari bilan rasmiylashtiriladi, ularni Komissiya raisi imzolaydi. Komissiya qarorlari majlisda ishtirok etayotgan Komissiya a’zolari umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Komissiya qarorlari tavsiya xususiyatiga ega bo‘ladi. Zarur bo‘lgan hollarda Komissiya qarori Komissiya a’zosining taklifiga binoan Vakilning farmoyishi bilan rasmiylashtirilishi mumkin.
Komissiya vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlar Vakilning imzosi bilan masalani hal qilish vakolati doirasiga kiradigan tegishli davlat organlariga va boshqa korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda mansabdor shaxslarga yuboriladi. Komissiya qarorini olgan davlat organlari va boshqa korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda mansabdor shaxslar uni belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqishlari va qabul qilingan qaror to‘g‘risida Vakilni xabardor qilishlari shart.
19. Masalalarga va muhokamaning borishiga qo‘shilmagan Komissiya a’zosi o‘z fikrini yozma ravishda taqdim etish huquqiga ega, bu fikr Komissiyaning barcha a’zolariga yetkaziladi va tegishli majlis bayonnomasiga ilova qilinadi.
20. Komissiya tomonidan muhokama qilinayotgan ijtimoiy muhim masalalar va Komissiya majlisida qabul qilingan qarorlar Vakilning farmoyishi bilan ommaviy axborot vositalari orqali jamoatchilik e’tiboriga yetkaziladi.
IV. Vakilning o‘z vakili
21. “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 20-moddasi uchinchi qismiga muvofiq Vakil Komissiya a’zosini o‘z vakili sifatida tayinlashi mumkin, shu jumladan mamlakatning tegishli mintaqalarida ham.
Vakilning o‘z vakili faoliyatini Vakil tomonidan berilgan vakolatlar doirasida va ushbu Reglamentda nazarda tutilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasining tegishli mintaqasida Vakil nomidan hamda uning bevosita rahbarligi ostida amalga oshiradi.
22. Vakilning o‘z vakili faoliyatini Vakil uni tayinlagan vaqtdan e’tiboran boshlaydi. Vakilning o‘z vakili faoliyatida bevosita Vakilga hisobdor bo‘ladi.
23. Vakilning o‘z vakili faoliyatini quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshiradi:
Vakilning topshiriqlarini bajarish, tadbirlarda ishtirok etish, tegishli mintaqada qo‘shimcha tadbirlar o‘tkazish;
tegishli mintaqada yashaydigan fuqarolarning shikoyatlarini qabul qilish va ko‘rib chiqish, ularning buzilgan huquqlarini tiklashda ko‘maklashish;
fuqarolarning Vakil Kotibiyatidan yo‘llangan shikoyatlarida bayon qilingan dalillar tekshiruvini o‘tkazish;
Vakilning Kotibiyati tomonidan amalga oshirilayotgan inson huquqlari monitoringini o‘tkazishda ishtirok etish, tegishli mintaqada rejalashtirilgan inson huquqlari monitoringini tashkil etish va o‘tkazish;
mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar hamda tashkilotlarning inson huquqlariga rioya etilishi bo‘yicha huquqni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risidagi tahliliy materiallarni hamda ularning faoliyatini takomillashtirishga doir takliflarni tayyorlash;
inson huquqlari sohasida axborot-ma’rifiy ishlarni amalga oshirish, fuqarolarga inson huquqlari to‘g‘risida axborot olishda ko‘maklashish;
tegishli mintaqada mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari bilan inson huquqlari masalalari bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilish.
24. Vakilning o‘z vakili shikoyatni olgach:
uni mohiyatan ko‘rib chiqishga;
shikoyatni hal etish Vakilning o‘z vakili vakolatlari doirasidan chetga chiqqan taqdirda, shikoyatni xulosa loyihasi bilan birga Vakilga yo‘llashga;
ariza beruvchi o‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishi uchun foydalanishi mumkin bo‘lgan vositalar va shakllarni ko‘rsatishga;
shikoyatni uni mohiyatan hal qilishga vakolatli bo‘lgan tashkilotga yoki mansabdor shaxsga berishga;
ariza beruvchini uning huquqlari va qonuniy manfaatlariga taalluqli hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishtirishga;
rad etish sabablari ko‘rsatilishi sharti bilan shikoyatni ko‘rib chiqishni rad etishga;
qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa chora-tadbirlarni ko‘rishga haqli.
25. Vakilning o‘z vakili faoliyatini amalga oshirish chog‘ida:
mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda mansabdor shaxslarga aniqlanishi lozim bo‘lgan holatlar tekshiruvini o‘tkazishda ko‘mak so‘rab murojaat qilish;
mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning vakillarini hamda mansabdor shaxslarni aniqlanishi lozim bo‘lgan holatlar tekshiruvini o‘tkazish uchun taklif etish. Tekshirish harakatlari yoki harakatsizligi yuzasidan shikoyat qilingan tashkilot yoki mansabdor shaxsga topshirilishi mumkin emas;
mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarga hamda mansabdor shaxslar huzuriga to‘sqinliksiz kirish;
mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda mansabdor shaxslardan hujjatlar, materiallar va boshqa ma’lumotlarni so‘rash va olish;
tashkilotlar va mutaxassislarga, Vakilning o‘z vakili huzuridagi ekspertlar guruhi a’zolariga aniqlanishi lozim bo‘lgan masalalar bo‘yicha ekspert bahosi va xulosalarini tayyorlashni topshirish;
ushlab turilgan yoki hibsga olingan shaxs bilan uchrashuvlar va suhbatlar o‘tkazish;
Vakilning topshirig‘iga binoan sud majlislarida kuzatuvchi sifatida ishtirok etish;
inson huquqlariga rioya etilishi hamda ularni himoya qilish sohasida mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar bilan birgalikda tadbirlar o‘tkazish;
tegishli mintaqada inson huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi to‘g‘risidagi hamda o‘z faoliyati haqidagi materiallarni Vakil bilan kelishilgan holda ommaviy axborot vositalarida doimiy ravishda yoritish huquqiga ega.
26. Mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning mansabdor shaxslari Vakilning tegishli mintaqadagi o‘z vakili tomonidan so‘ralgan fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi bilan bog‘liq hujjatlar, materiallar va boshqa ma’lumotlarni taqdim etishlari shart. Vakilning o‘z vakili faoliyati masalalari bo‘yicha mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning rahbarlari hamda boshqa mansabdor shaxslari tomonidan darhol qabul qilinishi huquqidan foydalanadi.
27. Vakilning o‘z vakili faoliyatini amalga oshirish chog‘ida:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi, “Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, ish yuritish qoidalari talablariga rioya etishi;
Vakilga shikoyatlarni ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risidagi axborotni muntazam ravishda taqdim etishi;
ariza beruvchining va boshqa shaxslarning shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, shuningdek shikoyatlarni tekshirishga doir axborotni Vakilni xabardor qilmay va uning roziligini olmay turib oshkor qilmasligi;
ariza beruvchini uning shikoyati ko‘rib chiqilishi natijalari to‘g‘risida xabardor qilishi;
harakatlari yoki harakatsizligi oqibatida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi aniqlangan mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi, korxona, muassasa, tashkilotga yoki mansabdor shaxsga buzilgan huquqlarni tiklash bo‘yicha o‘z tavsiyalarini yo‘llashi shart. Bunda Vakilning tegishli mintaqadagi o‘z vakili tomonidan berilgan tavsiyalarni olgan tashkilot yoki mansabdor shaxs ularni ko‘rib chiqishi va bir oydan kechiktirmay asoslangan javobni yo‘llashi shart.
28. Vakilning o‘z vakili ishini tashkil etish uchun mahalliy davlat hokimiyati organlari unga xona, mebel, zarur aloqa turlari va texnika vositalari ajratilishida ko‘maklashadilar.
Maslahat yordamini ko‘rsatish maqsadida mahalliy davlat hokimiyati organining qarori bilan Vakilning o‘z vakili huzurida inson huquqlari sohasida tajriba va bilimga ega bo‘lgan shaxslar orasidan ekspert guruhi tuzilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar, Adliya, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sud qonunchiligini demokratlashtirish va liberallashtirish hamda sud tizimi mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha tadqiqot markazi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi, O‘zbekiston sudyalar assotsiatsiyasi va boshqa davlat hamda jamoat tuzilmalari bilan Vakilning hamkorligi to‘g‘risidagi kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida Vakilning o‘z vakili joylarda birlashgan ishchi guruhlarni tuzishi mumkin.
29. Vakilning o‘z vakili tegishli hokimiyat vakillik organi sessiyalarida mintaqada inson huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi to‘g‘risidagi axborotni belgilangan tartibda taqdim etadi.
V. Yakunlovchi qoidalar
30. Vakil tomonidan Komissiya a’zosiga xizmat guvohnomasi beriladi. Xizmat guvohnomasining namunasi Vakil tomonidan tasdiqlanadi.
31. Komissiya faoliyatini axborot-tahlil va boshqa jihatlardan ta’minlashni Vakilning Kotibiyati amalga oshiradi.
Komissiya a’zolarining malakasini oshirish, stajirovkasi va xizmat safarlari masalalari Vakil tomonidan hal etiladi.
32. Mazkur Reglamentga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi takliflar Komissiya majlisida ko‘rib chiqiladi hamda keyin ko‘rib chiqish uchun Vakil tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlariga kiritiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2011-yil 15-iyundagi № 300-II/191-II-sonli Qo‘shma qaroriga
3-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Kengashining o‘z kuchini yo‘qotgan qarorlari
RO‘YXATI
1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Kengashining 1995-yil 29-avgustdagi “Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi № 985-I-sonli Qarori (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 9, 216-modda).
2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Kengashining 1999-yil 12-avgustdagi “Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiya tarkibiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi № 798-I-sonli Qarori (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-yil, № 8, 193-modda).
3. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Kengashining 2000-yil 13-dekabrdagi “Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiya tarkibiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi № 152-II-sonli Qarori (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-yil, № 11-12, 305-modda).
4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Kengashining 2002-yil 11-dekabrdagi “Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiya tarkibiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi № 428-II-sonli Qarori (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-yil, № 12, 235-modda).
5. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Kengashining 2003-yil 28-avgustdagi “Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiya tarkibiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi № 514-II-sonli Qarori (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-yil, № 8, 128-modda).
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2011-y., 6-son, 159-modda)