1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.06.00.00 Inson va fuqaroning huquqlari, erkinliklari va burchlari / 01.06.05.00 Huquq va erkinlikning kafolati va himoyasi. Ombudsman]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Inson va fuqaroning huquqlari, erkinliklari va majburiyatlari . Ombudsman. Fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi]
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI KENGAShINING
Qarori
OLIY MAJLISNING INSON HUQUQLARI BO‘YIChA VAKILI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2011-yil 15-iyundagi 300-II/191-II-sonli “Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiya to‘g‘risida”gi Qo‘shma qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Kengashi qaror qiladi:
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlansin (ilova qilinadi).
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisi E. XALILOV
Toshkent sh.,
1995-yil 29-avgust,
986-I-son
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Kengashining 1995-yil 29-avgustdagi 98b-I-sonli qarori bilan TASDIQLANGAN
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili to‘g‘risidagi
NIZOM
1. Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilini* Oliy Majlis deputatlar orasidan tegishli chaqiriqning vakolat muddati davriga saylaydi.
* Bundan buyon matnda “Vakil” deb yuritiladi.
2. Vakil boshqa institutlar bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari masalalariga doir qonun hujjatlariga rioya etilishini hamda ular xalqaro huquq normalariga muvofiq tarzda takomillashtirilishini, inson huquqlari sohasidagi hamkorlik rivojlanishini ta’minlashi lozim.
3. Vakil Oliy Majlis oldida hisobdor bo‘lib, o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga, xalqaro huquqning umum e’tirof etgan qoidalari va normalariga, O‘zbekiston Respublikasi ishtirok etgan xalqaro shartnomalarga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.
4. Vakil o‘z faoliyatida inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mavjud vositalarini to‘ldirib boradi, huquq va erkinliklarning himoya qilinishini hamda buzilgan huquq va erkinliklarning tiklanishini ta’minlovchi boshqa organlarning vakolatlarini bekor qilmaydi va qayta qurilishiga olib kelmaydi. Vakil davlatning boshqa organlari va mansabdor shaxslari vakolatiga taalluqli harakatlarni amalga oshirish va qarorlar qabul qilishga haqli emas.
5. Vakil o‘z vakolat muddati davomida siyosiy partiya a’zosi yoki siyosiy harakat qatnashchisi bo‘lishga haqli emas.
6. Vakil O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining, shuningdek respublika hududida bo‘lib turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquq va erkinliklari davlat organlarining, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ular mansabdor shaxslarining harakati (harakatsizligi) yoki qarorlari tufayli buzilganligi yoki ularga lozim darajada rioya etilmaganligi xususidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqadi.
Shikoyat, shuningdek uchinchi shaxslar yoki ustavda ko‘rsatilgan maqsadi inson huquqlarini himoya qilishdan iborat bo‘lgan nohukumat tashkilotlari tomonidan ham berilishi mumkin, lekin bunda arizachining fikricha huquq va erkinliklari buzilgan shaxsning roziligi bo‘lishi kerak.
Vakil hokimiyat vakillik organlarining harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqmaydi.
Fuqarolar o‘rtasidagi huquqiy munosabatlar bilan bog‘liq bo‘lgan nizolarga doir shikoyatlar ham, qo‘shinlarni tezkor boshqarish va ularning harbiy tayyorgarligini bevosita ta’min etish munosabati bilan harbiy boshqaruv organlari va mansabdor shaxslar tomonidan qilingan harakatlar va qarorlar ustidan berilgan shikoyatlar ham ko‘rib chiqish uchun qabul qilinmaydi.
7. Vakil, qoida tariqasida, yozma shaklda bayon etilgan, huquqlar buzilgan yoki huquqlar buzilganligi arizachiga ma’lum bo‘lgan vaqtdan boshlab yoxud arizachi o‘z huquqlarini himoya qilishning boshqa vositalaridan foydalangan-u, ammo shikoyati bo‘yicha qabul qilingan qarorlardan qoniqmagan bo‘lsa, ana shu qarorlarning so‘nggisi qabul qilingan kundan boshlab bir yil ichida berilgan arizalarni ko‘rib chiqish uchun qabul qilib oladi.
Shikoyatda arizachining familiyasi, ismi, otasining ismi va manzili, harakati (harakatsizligi) yoki qarori ustidan shikoyat qilinayotgan organ yoki mansabdor shaxsning manzili va nomi ko‘rsatilishi, arizachining fikricha, uning huquqlarini buzgan harakatlar (harakatsizliklar) yoki qarorlarning mazmuni bayon etilgan bo‘lishi kerak.
8. Vakil shikoyatlarni ko‘rib chiqish chog‘ida:
arizachiga u o‘z huquq va erkinliklarini himoya qilishi uchun qaysi vositalardan foydalanishga haqli ekanligini tushuntirish;
shikoyatni mohiyatan hal etishga vakolatli bo‘lgan davlat organiga yoki mansabdor shaxsga topshirish;
davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va mansabdor shaxslardan shikoyatni tekshirish uchun zarur bo‘ladigan har qanday ma’lumotlar, hujjatlar hamda materiallarni talab qilish va olish;
davlat organlari va muassasalariga moneliksiz kirish;
shikoyatda bayon etilgan faktlarni mustaqil tarzda yoki vakolatli organlar va mansabdor shaxslar bilan birgalikda tekshirish;
shikoyat tushganligi munosabati bilan aniqlashtirish lozim bo‘lgan masalalar bo‘yicha mansabdor shaxslardan tushuntirishlar olish;
aniqlanishi kerak bo‘lgan masalalar yuzasidan ekspert tadqiqotlari o‘tkazishni, xulosalar tayyorlashni vakolatli davlat muassasalariga topshirish huquqiga egadir.
9. Vakil shikoyatni tekshirish natijalariga ko‘ra:
arizachiga uning huquqlari buzilganligi aniqlanmaganligini ma’lum qilishi;
davlat organi yoki mansabdor shaxsning xatti-harakatlarida inson huquq va erkinliklarini buzish alomatlari aniqlanganligi hamda buzilgan huquqlarni tiklash uchun imkon beradigan va zarur bo‘lgan choralarni ko‘rishga taalluqli tavsiyanomalar bayon etilgan o‘z xulosasini chiqarishi va uni tegishli davlat organi yoki mansabdor shaxsga yuborishi;
agar sudlov ishini yuritish davomida inson huquqlarining buzilishi qabul qilingan sud qarorlariga ta’sir etgan bo‘lsa, qonuniy kuchga kirgan sud qarorlarini tekshirish to‘g‘risidagi xat bilan tegishli bosqichdagi sud idorasiga murojaat etishi mumkin.
10. Vakil shikoyatni ko‘rib chiqish jarayonida arizachini davlat organlari va mansabdor shaxslar taqdim etgan materiallar bilan tanishtirishga haqlidir.
11. Vakil inson huquqlari buzilganligini aniqlagan hollarda tekshiruv natijalari yuzasidan uzil-kesil qaror qabul qilingunga qadar buzilgan huquqlarni tiklashga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘rishga haqlidir.
12. Inson huquqlari ommaviy tarzda yoki qo‘pol ravishda buzilganligi to‘g‘risida ma’lumot mavjud bo‘lganida yoxud himoyaning huquqiy vositalaridan mustaqil tarzda foydalanishga qodir bo‘lmagan shaxslarning himoyasi yo‘lida Vakil faktlarni tashabbusi bilan tekshirishga haqlidir.
Vakil shikoyatni tekshirish jarayonida arizachi yoki boshqa kishilarning shaxsiy hayoti to‘g‘risida o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan ma’lumotlarni ularning roziligisiz oshkor etishga haqli emas.
13. Vakil ayrim masalalarni tayyorlash uchun olimlar va mutaxassislarni jalb etishi mumkin.
14. Vakilning xatini olgan davlat organi yoki mansabdor shaxs bir oy muddat ichida xatni ko‘rib chiqishi va Vakilga javob yo‘llashi shart. Agar Vakilning tavsiyalarini bajarishni iloji bo‘lmasa, mansabdor shaxs buning sabablarini asoslab berishi shart.
15. Vakilning o‘z vazifalarini bajarishiga monelik qilish qonunda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.
16. Oliy Majlis Vakil huzurida jamoatchilik asosidagi fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga rioya etilishi komissiyasini tuzadi. Komissiya Vakil raisligida ushbu Nizomga muvofiq faoliyat ko‘rsatadi.
17. Komissiyaning asosiy vazifasi Vakil zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishida unga ko‘maklashishdan iboratdir.
Vakilning topshirig‘iga binoan Komissiya:
Vakil nomiga kelayotgan materiallarni, fuqarolar va tashkilotlardan tushgan murojaatlarni o‘rganadi hamda tahlil qiladi;
inson huquqlariga rioya etilishiga doir ma’ruzalarning loyihalarini tayyorlaydi;
inson huquqlariga doir qonun hujjatlarini aholi o‘rtasida tushuntiradi va targ‘ib qiladi;
inson huquqlari masalalari yuzasidan xalqaro shartnomalar ishlab chiqishda hamda xalqaro tashkilotlarga ma’ruzalar tayyorlashda ishtirok etadi.
Komissiyaning takliflari Vakil uchun tavsiya tusida bo‘ladi.
18. Komissiya a’zolari Vakilning topshiriqlarini bajarish chog‘ida davlat organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga moneliksiz kirishga hamda ulardan qonunda belgilangan tartibda zarur ma’lumotlarni olishga haqlidirlar.
19. Vakilga hamda komissiya a’zolariga belgilangan nusxadagi xizmat guvohnomasi beriladi.
20. Vakil faoliyatining moliyaviy va moddiy-texnikaviy ta’minoti O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Kotibiyati tomonidan amalga oshiriladi.
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 9-son, 216-modda)