toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
“Buyuk xizmatlari uchun” ordenini taʼsis etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:
1. “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni taʼsis etilsin.
2. “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni toʻgʻrisidagi Nizom tasdiqlansin (ilova qilinadi).
3. “Buyuk xizmatlari uchun” ordenining tavsifi tasdiqlansin (ilova qilinadi).
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 29-avgust,
254-I-son
“Buyuk xizmatlari uchun” ordeni toʻgʻrisidagi
NIZOM
1. “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari hamda xorijiy davlatlarning fuqarolari fan va texnikani, iqtisodiyot va madaniyatni rivojlantirishdagi katta xizmatlari, davlatlararo hamkorlikni rivojlantirishga hamda Oʻzbekistonning xalqaro obroʻsini oshirishga qaratilgan ichki va tashqi siyosatni amalga oshirish ishiga sezilarli hissa qoʻshganligi uchun taqdirlanadilar.
2. “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlashga taqdim etish, mukofotlash va ordenni topshirish “Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 12-moddasi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
3. “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining oltmish karrasi miqdorida bir marta beriladigan pul mukofoti yoki shu summaga teng esdalik sovgʻasini oladilar.
(3-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)
Oldingi tahrirga qarang.
“Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan shaxslar qonunchilikda belgilab qoʻyiladigan imtiyozlardan foydalanadilar.
(3-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
4. “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni muhayyar lentaga birkitilib, koʻkrakka taqib yuriladi.
5. “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan vafotidan keyin mukofotlangan taqdirda, mukofotlash toʻgʻrisidagi hujjat va bir marta beriladigan pul toʻlovi mukofotlanganning oilasiga topshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
“Buyuk xizmatlari uchun” ordenining
TAvSIFi
“Buyuk xizmatlari uchun” ordeni 1 mikron qalinlikdagi oltin qoplangan 925 darajali (probali) kumushdan tayyorlanadi va sakkiz qirrali musamman koʻrinishida boʻlib, uning qirralari yoqutrangda tayyorlangandir. Musammanning burchaklari orasida moviyrang emal qoplangan taram-taram boʻlib taralayotgan nurlar joylashgan. Musammanning qarama-qarshi uchlari orasidagi masofa — 57 millimetr. Nurlar jo boʻlgan aylananing diametri — 52 millimetr.
Orden markazida bitta umumiy markazga ega boʻlgan, diametrlari 36 va 24 millimetrli ikkita aylana joylashgan. Ichki aylanada ramziy tarzda tasvirlangan moviy rangdagi yer kurrasi fonida Oʻzbekiston Respublikasi xaritasi tilla rangda tasvirlangan. Tashqi va ichki aylanalar oʻrtasida, yuqori qismida oq emal fonida kumush rangdagi “BUYUK XIZMATLARI UCHUN” yozuvi joylashgan. Harflarning balandligi — 3 millimetr. Aylananing pastki qismida yashil rangdagi ikkita birlashtirilgan dafna novdalari joylashtirilgan.
Orden oraliq kolodka va halqalar yordamida muhayyar lentaga biriktirilgan. Tillarang oraliq kolodka chiqib kelayotgan quyosh fonidagi Humo qushi tasviri koʻrinishida. Kolodkaning eni — 45 millimetr, balandligi — 30 millimetr. Muhayyar lenta yoʻl-yoʻl qizil, moviy, oq va yashil ranglardan iborat.
Ordenning orqa tomonida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirlangan. Pastki qismida ordenning raqami 1 millimetr kattalikdagi botiq shrift bilan yozilgan.
Ordenning qalinligi — 8 millimetr.
Ordenning ogʻirligi — 165 gramm.
(“Buyuk xizmatlari uchun” ordenining tavsifi Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 25-apreldagi 421-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 126-modda)
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 9-son, 119-modda; 1997-y., 4-5-son, 126-modda; 2003-y., 9-10-son, 149-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son )