1.05.00.00.00 Mehnat va aholining bandligi toʻgʻrisidagi qonunchilik / 05.02.00.00 Mehnat / 05.02.17.00 Attestatsiya (xodimlarni) (shuningdek, 13.02.04.00 va 13.01.16.00ga qarang);
2.05.00.00.00 Mehnat va aholining bandligi toʻgʻrisidagi qonunchilik / 05.10.00.00 Ayrim toifadagi xodimlarning mehnatini (xizmatini) tartibga solishning xususiyatlari / 05.10.03.00 Sogʻliqni saqlash xodimlarining mehnatini (xizmatini) tartibga solishning xususiyatlari;
3.14.00.00.00 Sogʻliqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.01.00.00 Sogʻliqni saqlash / 14.01.02.00 Tibbiyot muassasalari va xodimlari / 14.01.02.04 Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Mehnat. Aholining bandligi]
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI SOGʻLIQNI SAQLASh VAZIRINING
buyrugʻi
Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish va ularga malaka toifalari berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 19-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2649]
LexUZ sharhi
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2024-yil 5-fevraldagi 5-sonli ““Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish va ularga malaka toifalari berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruq, shuningdek unga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2649-9, 22.02.2024-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
1. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish va ularga malaka toifalari berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. ALIMOV
Toshkent sh.,
2014-yil 18-dekabr,
21-son
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2014-yil 18-dekabrdagi 21-son buyrugʻiga ILOVA
Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish va ularga malaka toifalari berish tartibi toʻgʻrisidagi
1. Mazkur Nizom talablari tibbiyot va farmatsevtika faoliyati bilan shugʻullanuvchi barcha tashkilotlarda faoliyat yuritadigan vrachlar, farmatsevtlar, “Oliy hamshiralik ishi” mutaxassisligiga ega boʻlgan hamshiralar, oʻrta tibbiyot va oʻrta farmatsevtika xodimlariga, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga (bundan buyon matnda tibbiyot va farmatsevtika xodimlari deb yuritiladi) nisbatan tatbiq etiladi.
2. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish va ularga malaka toifalari berish ularni oʻz malakasi va kasbiy darajasini muntazam ravishda oshirib borishga yoʻnaltirish va moddiy ragʻbatlantirish maqsadida amalga oshiriladi.
Tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga uchinchi, ikkinchi, birinchi va oliy malaka toifalari beriladi.
Malaka toifasi olish ixtiyoriy boʻlib, tibbiyot yoki farmatsevtika xodimining murojaatiga koʻra amalga oshiriladi.
3. Uchinchi malaka toifasi — kerakli nazariy bilimga ega boʻlgan, lekin ikkinchi malaka toifasini olish uchun zarur ish stajiga ega boʻlmagan quyidagi vrachlarga beriladi:
umumiy stomatologiya mutaxassisligi boʻyicha oliy maʼlumotga ega boʻlgan vrachlarga — faqat umumiy stomatologiya mutaxassisligi boʻyicha;
magistraturani tamomlagan yoki qayta tayyorlashdan oʻtgan vrachlarga — olgan tor mutaxassisligi boʻyicha.
Uchinchi malaka toifasi vrachlarning xususiy tibbiyot muassasalariga ishga kirishi va ushbu muassasalar faoliyatini litsenziyalashga sharoit yaratish maqsadida beriladi. Uchinchi malaka toifasiga ega davlat tibbiyot muassasalari vrachlariga malaka toifasiga ega boʻlmagan vrachlar mehnatiga haq toʻlash tartibi va shartlari qoʻllaniladi.
4. Ikkinchi malaka toifasi — mutaxassisligi boʻyicha kamida besh yil ish stajiga hamda zarur nazariy bilim va amaliy koʻnikmalarga ega boʻlgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga beriladi. Ikkinchi malaka toifasini olish uchun uchinchi malaka toifasining boʻlishi talab qilinmaydi.
5. Birinchi malaka toifasi — mutaxassisligi boʻyicha kamida yetti yil ish stajiga, yaxshi nazariy bilim va amaliy koʻnikmalarga hamda ikkinchi malaka toifasiga ega boʻlgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga beriladi.
6. Oliy malaka toifasi — mutaxassisligi boʻyicha kamida oʻn yil ish stajiga, yuqori nazariy bilim va amaliy koʻnikmalarga hamda birinchi malaka toifasiga ega boʻlgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga beriladi.
7. Malaka toifasini olish uchun murojaat qilgan vrachlarning mutaxassislik boʻyicha ish staji Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi 276-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi davlat muassasalari tibbiyot va farmatsevtika xodimlari mehnatiga haq toʻlash tartibi va shartlari toʻgʻrisidagi nizomning 3-ilovasiga muvofiq aniqlanadi.
Ish stajini hisoblab chiqishda mazkur Nizomning 1-ilovasida koʻrsatilgan turdosh mutaxassisliklar boʻyicha ish staji oʻzaro hisobga olinadi.
Tibbiyot va farmatsevtika xodimi mutaxassisligining nomi oʻzgarganda, uning oldingi mutaxassisligi boʻyicha olgan malaka toifasi va u boʻyicha mehnatga haq toʻlash shartlari saqlanadi, keyinchalik yangi nomdagi mutaxassislik boʻyicha malaka toifasini olish uchun murojaat qilganda oldingi mutaxassisligi boʻyicha ish staji va olgan malaka toifasi inobatga olinadi.
Sogʻliqni saqlash muassasalarining rahbarlari, ularning oʻrinbosarlari hamda boshqaruv xodimlari jamiyat salomatligi va sogʻliqni saqlashni tashkil qilish mutaxassisligi boʻyicha, davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmati rahbarlari, ularning oʻrinbosarlari hamda boshqaruv xodimlari umumiy gigiyena va epidemiologiya mutaxassisligi boʻyicha malaka toifasi olish uchun murojaat qilishlari mumkin.
8. Malaka toifasi tibbiyot yoki farmatsevtika xodimining murojaatiga koʻra asosiy va oʻrindosh ish joyidagi mutaxassisliklardan bittasi boʻyicha yoki ularning har biri boʻyicha alohida berilishi mumkin. Bunda tibbiyot yoki farmatsevtika xodimi tegishli mutaxassislik boʻyicha mazkur Nizomda belgilangan talablarga javob berishi kerak.
Zarur ish stajiga ega boʻlgan tibbiyot yoki farmatsevtika xodimiga u faoliyat yuritayotgan tibbiyot muassasasi rahbarining taqdimnomasiga asosan muddatidan oldin, biroq oxirgi malaka toifasi berilgan kundan kamida ikki yildan keyin navbatdagi malaka toifasi berilishi mumkin.
Tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga berilgan malaka toifalari ularga tabaqalashtirilgan haq toʻlash uchun asos boʻladi, uchinchi malaka toifasi bundan mustasno.
2-bob. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish va ularga malaka toifalari berishni tashkil qilish
1-§. Ixtisoslashtirilgan attestatsiya komissiyalarini tuzish va ularning ishini tashkil etish
10. Malaka toifalari tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini malaka toifasi olish uchun attestatsiyadan (bundan buyon matnda attestatsiya deb yuritiladi) oʻtkazish natijalariga koʻra beriladi.
Attestatsiya ixtiyoriylik, xolislik va oshkoralik prinsiplari asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi (bundan buyon matnda attestatsiyadan oʻtkazuvchi organlar deb yuritiladi) huzurida tashkil etiladigan ixtisoslashtirilgan attestatsiya komissiyalari (bundan buyon matnda attestatsiya komissiyalari deb yuritiladi) tomonidan oʻtkaziladi.
11. Attestatsiya komissiyalari tegishliligi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi (bundan buyon matnda hududiy sogʻliqni saqlashni boshqarish organlari deb yuritiladi) yoki Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan kamida yetti nafar aʼzodan, shu jumladan attestatsiya komissiyasi raisi, rais oʻrinbosari va kotibidan iborat tarkibda tashkil etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida tashkil etiladigan attestatsiya komissiyalari tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri tomonidan, hududiy sogʻliqni saqlashni boshqarish organlari huzurida tashkil etiladigan attestatsiya komissiyalari tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda hududiy sogʻliqni saqlashni boshqarish organlari rahbarlari tomonidan tasdiqlanadi.
Attestatsiya komissiyalari tarkibi har yili qayta tasdiqlanadi. Bunda attestatsiya komissiyasi tarkibining kamida yigirma foizi yangilanishi kerak.
Attestatsiya komissiyalari aʼzolari attestatsiya komissiyasi tarkibiga shartnoma asosida jalb etiladi.
12. Attestatsiyadan oʻtkazuvchi organlar huzurida tashkil etiladigan attestatsiya komissiyalarining soni, har bir attestatsiya komissiyasining ixtisosligi va ular tomonidan attestatsiyadan oʻtkaziladigan mutaxassisliklar tegishli hududda faoliyat yuritayotgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining sonidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Attestatsiya komissiyasining ixtisosligi attestatsiya komissiyasi aʼzolarining mutaxassisligiga muvofiq boʻlishi zarur.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida tashkil etiladigan attestatsiya komissiyalari tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Respublika sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti, oliy tibbiyot taʼlim muassasalari, ixtisoslashtirilgan ilmiy hamda ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, ilmiy-tadqiqot institutlari, davolash-profilaktika muassasalari, tarmoq kasaba uyushmasi respublika kengashi vakillari kiritilishi mumkin.
Hududiy sogʻliqni saqlashni boshqarish organlari huzurida tashkil etiladigan attestatsiya komissiyalari tarkibiga hududiy sogʻliqni saqlashni boshqarish organi, hududiy sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi, oliy tibbiyot taʼlim muassasalari, ixtisoslashtirilgan ilmiy hamda ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari filiallari, ilmiy-tadqiqot institutlari, davolash-profilaktika muassasalari, hududiy kasaba uyushma birlashmalari kengashlari vakillari kiritilishi mumkin.
14. Hududiy sogʻliqni saqlashni boshqarish organlari huzurida tashkil etilgan attestatsiya komissiyalari tomonidan quyidagi malaka toifalarini berish boʻyicha attestatsiyalar oʻtkaziladi:
vrach va farmatsevtlarga — uchinchi hamda ikkinchi malaka toifasi berish boʻyicha, mazkur Nizomning 16-bandida nazarda tutilgan vrach va farmatsevtlar bundan mustasno;
“Oliy hamshiralik ishi” mutaxassisligiga ega boʻlgan hamshiralar, oʻrta tibbiyot va oʻrta farmatsevtika xodimlariga — ikkinchi, birinchi va oliy malaka toifalarini berish boʻyicha.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida tashkil etilgan attestatsiya komissiyalari tomonidan tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga barcha turdagi malaka toifalarini berish boʻyicha attestatsiyalar oʻtkaziladi.
16. Quyidagi tibbiyot va farmatsevtika xodimlari faqat Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida tashkil etilgan attestatsiya komissiyalari tomonidan attestatsiyadan oʻtkaziladi:
respublika tibbiyot muassasalarining tibbiyot va farmatsevtika xodimlari;
faoliyat yuritayotgan joydagi hududiy sogʻliqni saqlashni boshqarish organlari huzurida tashkil etilgan attestatsiya komissiyalari tarkibida mutaxassisligi boʻyicha attestatsiya komissiyasi aʼzosi mavjud boʻlmagan tibbiyot va farmatsevtika xodimlari.
attestatsiyadan oʻtkaziladigan talabgor haqida qisqacha axborotni tinglaydi;
attestatsiyadan oʻtadigan talabgorga savollar beradi, uning javoblari natijalari boʻyicha ochiq ovoz berishni oʻtkazadi;
attestatsiya natijasi boʻyicha talabgorga baho beradi;
attestatsiyadan oʻtgan talabgor faoliyatini yaxshilash boʻyicha tavsiyalar beradi;
attestatsiya savollarini tuzadi va ularni yangilab boradi;
attestatsiya oʻtkazish bilan bogʻliq boshqa masalalarni koʻrib chiqadi.
Attestatsiya komissiyasi yigʻilishi uning ishida attestatsiya komissiyasi aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Vrachlar va farmatsevtlarga litsenziya berish va attestatsiyadan oʻtkazish Respublika markazi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida tashkil etilgan attestatsiya komissiyalarining doimiy ishchi organi hisoblanadi. Doimiy ishchi organ xodimlari attestatsiya komissiyalari tarkibiga kiritilmaydi.
attestatsiya savollari roʻyxatini Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining veb-saytiga joylashtirilishini taʼminlaydi;
attestatsiyani oʻtkazish sanasi va joyi toʻgʻrisidagi, shuningdek uzrli sabablarga koʻra ularning oʻzgarganligi haqidagi maʼlumotlarni attestatsiya komissiyasi aʼzolariga hamda talabgorlarga yetkazadi;
attestatsiya komissiyasi faoliyatini tashkil etishga doir boshqa vazifalarni amalga oshiradi.
20. Hududiy sogʻliqni saqlashni boshqarish organlari huzurida tashkil etilgan attestatsiya komissiyalarida doimiy ishchi organning vazifalari ushbu attestatsiya komissiyalarining oʻzlari tomonidan amalga oshiriladi.
21. Har bir attestatsiya komissiyasining yigʻilishlari attestatsiyadan oʻtkazuvchi organ tomonidan tasdiqlanadigan yillik jadval asosida oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida tashkil etilgan attestatsiya komissiyalari yigʻilishlarining yillik jadvali uning rasmiy veb-sayti va tizimidagi ommaviy axborot vositalarida, hududiy sogʻliqni saqlashni boshqarish organlari huzurida tashkil etilgan attestatsiya komissiyalari yigʻilishlarining yillik jadvali ularning rasmiy veb-saytlarida yanvar oyining oʻn beshinchi sanasiga qadar eʼlon qilinadi.
2-§. Talabgorlarning arizalarini qabul qilish va koʻrib chiqish
22. Mazkur Nizomning 1-bobi talablariga muvofiq, tegishli malaka toifasini olish huquqiga ega boʻlgan hamda Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 18-dekabrdagi 319-son qarori bilan tasdiqlangan Tibbiyot xodimlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq malaka oshirgan talabgorlar malaka toifasi olish uchun attestatsiyadan oʻtkazuvchi tegishli organga ariza bilan murojaat qiladi.
oliy (oʻrta maxsus) tibbiy yoki farmatsevtika maʼlumoti toʻgʻrisidagi diplom, shuningdek internatura, magistraturani tamomlaganligi yoki qayta tayyorlashdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi hujjatning notarial tasdiqlangan nusxasi;
ilmiy seminarlar, syezdlar, konferensiyalarda qatnashganligi hamda xorijiy davlatlarda malaka oshirganligini tasdiqlovchi hujjatlarning (diplom, guvohnoma, sertifikat va h.k.) nusxasi (mavjud boʻlganda);
talabgor faoliyat yuritayotgan tibbiyot muassasasi rahbarining taqdimnomasi (muddatidan oldin malaka toifasi olishga talabgorlar uchun);
oxirgi uch yil davomida talabgor faoliyat yuritayotgan tibbiyot muassasasi rahbari tomonidan tasdiqlangan talabgorning mehnat faoliyati haqidagi hisobot, ushbu davrda talabgorning ish joyi oʻzgargan taqdirda, oldingi ish joyidagi mehnat faoliyati haqidagi hisobot bilan birga;
23. Ariza va unga ilova qilinadigan hujjatlar attestatsiyadan oʻtkazuvchi organning elektron pochta manzili orqali ham taqdim etilishi mumkin. Bunda talabgor attestatsiyaning ikkinchi bosqichida ishtirok etish uchun kelganda elektron pochta orqali joʻnatilgan hujjatlarning qogʻoz nusxalarini taqdim etishi lozim.
24. Attestatsiya oʻtkazish uchun vrach va farmatsevt talabgorlardan eng kam ish haqining ikki baravari miqdorida toʻlov undiriladi. Attestatsiyadan oʻtkazish uchun “Oliy hamshiralik ishi” mutaxassisligiga ega boʻlgan hamshiralar, oʻrta tibbiyot va oʻrta farmatsevtika xodimlaridan toʻlov undirilmaydi.
25. Ariza va unga ilova qilingan hujjatlar qabul qilingan kundan boshlab oʻn kun ichida koʻrib chiqiladi. Quyidagi hollarda talabgorni attestatsiyadan oʻtkazish rad etiladi:
talabgor mazkur Nizomning 1-bobi talablariga muvofiq, tegishli malaka toifasini olish huquqiga ega boʻlmagan yoki Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 18-dekabrdagi 319-son qarori bilan tasdiqlangan Tibbiyot xodimlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq malaka oshirmagan taqdirda;
mazkur Nizomning 22-bandida nazarda tutilgan hujjatlar toʻliq boʻlmaganda;
taqdim etilgan hujjatlarda notoʻgʻri yoki qalbakilashtirilgan maʼlumotlar mavjudligi aniqlanganda.
Attestatsiyadan oʻtkazishni boshqa asoslar boʻyicha rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
26. Attestatsiyadan oʻtkazish rad etilgan taqdirda, bu haqda talabgorga yozma ravishda asoslantirilgan xabar beriladi va koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish uchun uch oy muddat beriladi.
Koʻrsatilgan kamchiliklar talabgor tomonidan uch oy ichida bartaraf etilgan taqdirda, attestatsiya oʻtkazish uchun qayta murojaat qilish, shu jumladan takroran toʻlov amalga oshirish talab etilmaydi. Ushbu muddat oʻtgach, talabgor attestatsiyadan oʻtish uchun umumiy asoslarda qayta murojaat qilishga haqli.
Koʻrsatilgan kamchiliklar talabgor tomonidan uch oy ichida bartaraf etilgan taqdirda, attestatsiya oʻtkazishni ilgari koʻrsatilmagan yangi asoslar boʻyicha rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
27. Malaka toifasi muddati tugashi bilan egallab turgan yoki boshqa malaka toifasini olish istagida boʻlgan talabgor, amaldagi malaka toifasi muddati tugashidan kamida uch oy oldin attestatsiyadan oʻtish toʻgʻrisida murojaat qilishi lozim. Bunda mazkur Nizomning 22-bandida nazarda tutilgan hujjatlar toʻliq boʻlgan taqdirda, ushbu talabgor uch oy ichida attestatsiyadan oʻtkazilishi shart.
Talabgor amaldagi malaka toifasi muddati tugagandan keyin ham malaka toifasi olish uchun murojaat qilishga haqli. Malaka toifasi muddatining tugaganligi talabgorga ushbu malaka toifasi yoki navbatdagi malaka toifasi berishni rad etish uchun asos boʻlmaydi.
3-§. Talabgorlarni attestatsiyadan oʻtkazish va ularga malaka toifasi berish
28. Attestatsiya ikki bosqichda oʻtkaziladi.
Attestatsiyaning birinchi bosqichida talabgor kompyuter vositasida test sinovidan oʻtkaziladi. Bunda talabgorga mutaxassisligi boʻyicha 50 ta test savoli beriladi. Har bir savol bir ballik tizimda baholanadi.
Test sinovi talabgorning tanloviga koʻra uning bevosita ishtirokida yoki masofadan turib (on-layn rejimida) oʻtkazilishi mumkin.
Test sinovida toʻplanishi mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 65 foizidan ortigʻini olgan talabgorlar attestatsiyaning ikkinchi bosqichiga qoʻyiladi. Mazkur talabgorlar bir yil davomida attestatsiyaning ikkinchi bosqichida ishtirok etish huquqiga ega.
Test sinovida toʻplanishi mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 65 foizidan kam ball olgan talabgorlarga bir yil ichida bir marta test sinovini qayta topshirish imkoniyati beriladi.
Test sinovi oʻtkazilgan kundan boshlab bir yil davomida qayta test sinovida ishtirok etmagan yoki unda toʻplanishi mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 65 foizidan kam ball olgan talabgorlar attestatsiyadan oʻtmagan deb hisoblanadi.
30. Talabgorning savollarga javoblari quyidagi mezonlar asosida baholanadi:
oʻz mutaxassisligi boʻyicha tayyorgarlik darajasi;
kasbiy faoliyati natijalari, umumiy va maxsus bilim hamda amaliy koʻnikmalari;
oʻz xizmat faoliyatini tahlil qila olish va kasbiga bogʻliq vaziyatli masalalarni toʻgʻri hal qilish qobiliyati;
zamonaviy profilaktika standartlari, diagnostika va davolash usullarini bilishi hamda amaliyotda qoʻllay olishi (vrachlar uchun);
tibbiyot deontologiyasi va kasb etikasi asosiy prinsiplarini bilishi;
sogʻliqni saqlash tizimidagi islohotlar, shu jumladan tibbiyot xodimlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimidan xabardorligi.
Talabgorning har bir savolga javobi attestatsiya komissiyasi aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan oʻn ballik tizimda baholanadi. Ovozlar teng boʻlganda attestatsiya komissiyasi raisining ovozi hal qiluvchi boʻladi.
31. Attestatsiyaning ikkinchi bosqichida olingan ballar har bir talabgor boʻyicha attestatsiya komissiyasi tomonidan quyidagicha qaror qabul qilinishi uchun asos boʻladi:
toʻplanishi mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 65 foizi va undan yuqori ball uchun — talabgorlik qilayotgan malaka toifasiga loyiq deb topish haqida;
toʻplanishi mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 56 foizidan 64 foizigacha ball uchun — talabgorlik qilayotgan malaka toifasidan bir pogʻona past malaka toifasi berish haqida;
toʻplanishi mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 46 foizidan 55 foizigacha ball uchun — talabgorlik qilayotgan malaka toifasidan ikki pogʻona past malaka toifasi berish haqida;
toʻplanishi mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 40 foizidan 45 foizigacha ball uchun — talabgorlik qilayotgan malaka toifasidan uch pogʻona past malaka toifasi berish haqida;
toʻplanishi mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 40 foizidan kam ball uchun yoki mazkur bandning uchinchi — beshinchi xatboshilariga muvofiq tegishli past pogʻonadagi malaka toifasi mavjud boʻlmagan hollarda — malaka toifasi berishga noloyiq deb topish haqida.
Talabgorlar tomonidan attestatsiyaning ikkinchi bosqichida olingan ballar hamda attestatsiya komissiyasi qarori shu kunning oʻzida ularga oʻqib eshittiriladi.
32. Attestatsiyaning birinchi va ikkinchi bosqichi natijalari hamda har bir talabgor boʻyicha attestatsiya komissiyasi qarori talabgorning attestatsiya varaqasiga kiritiladi hamda ushbu varaqa attestatsiya komissiyasining barcha aʼzolari tomonidan imzolanadi.
attestatsiyada qatnashgan attestatsiya komissiyasi aʼzolarining ismi va otasining ismi bosh harflari, familiyasi hamda lavozimi;
attestatsiyaning umumiy natijalari;
attestatsiya jarayoniga taalluqli boʻlgan boshqa maʼlumotlar.
Bayonnomaga attestatsiyada hozir boʻlgan va kelmagan talabgorlar roʻyxati kiritilgan jadval ilova qilinadi. Mazkur jadvalda har bir talabgorning familiyasi, ismi va otasining ismi, tugʻilgan yili, ish joyi, lavozimi, mutaxassisligi, umumiy ish staji, mutaxassisligi boʻyicha ish staji, malaka oshirgan vaqti, amaldagi malaka toifasi va berilgan yili, talabgorlik qilayotgan malaka toifasi, attestatsiyaning birinchi va ikkinchi bosqichida olingan ballar hamda attestatsiya komissiyasining qarori koʻrsatiladi.
Bayonnoma attestatsiya komissiyasi raisi va kotibi tomonidan imzolanadi.
34. Bayonnomaga asosan, attestatsiyaning ikkinchi bosqichi tugagan kundan boshlab oʻn kun ichida attestatsiya yakunlari boʻyicha attestatsiya oʻtkazuvchi organ rahbarining buyrugʻi qabul qilinadi hamda malaka toifasi berilgan talabgorlarga mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shaklda Malaka toifasi berilganligi toʻgʻrisida sertifikat (bundan buyon matnda sertifikat deb yuritiladi) rasmiylashtiriladi.
35. Sertifikat berilganligi uchun “Oliy hamshiralik ishi” mutaxassisligiga ega boʻlgan hamshiralar, oʻrta tibbiyot va oʻrta farmatsevtika xodimlaridan eng kam ish haqining yigirma foizi miqdorida toʻlov undiriladi.
36. Attestatsiyaning birinchi yoki ikkinchi bosqichida toʻplanishi mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 65 foizidan kam ball olgan talabgorlar tegishli bosqich oʻtkazilgan kundan boshlab bir yil oʻtgach, malaka toifasi olish uchun umumiy asoslarda qayta murojaat qilishlari mumkin.
Attestatsiyadan oʻtish uchun murojaat qilgan, biroq bir yil ichida attestatsiyaning bir yoki ikki bosqichida ishtirok etmagan talabgorlar malaka toifasi olish uchun umumiy asoslarda qayta murojaat qilishlari mumkin.
Talabgor attestatsiyadan oʻtmagan yoki unda ishtirok etmagan yoxud malaka toifasini olishdan bosh tortgan taqdirda, attestatsiya oʻtkazish uchun qilingan toʻlovlar qaytarilmaydi.
3-bob. Sertifikatning amal qilishini tugatish va uni bekor qilish
37. Quyidagi hollarda sertifikatning amal qilishi tugatiladi:
sertifikatning amal qilish muddati tugaganda;
tibbiyot yoki farmatsevtika xodimining faoliyatida bemorning oʻlimiga sabab boʻluvchi qoʻpol xato va buzilishlarga yoʻl qoʻyilgan yoxud nogironlik tayinlanishiga olib keluvchi ogʻir tan jarohatlari yetkazilganligi sudning qarori bilan aniqlanganda;
malaka toifasi muddati tugagunga qadar attestatsiyada ishtirok etgan talabgorga amaldagi malaka toifasidan pastroq malaka toifasi berilgan yoki malaka toifasi berilmagan hollarda.
Sertifikatning amal qilish muddatini oldin tugatish uni bergan attestatsiya oʻtkazuvchi organ rahbarining buyrugʻi bilan amalga oshiriladi. Bunda sertifikatning amal qilishi mazkur buyruq qabul qilingan sanadan eʼtiboran tugatiladi.
38. Malaka toifasi soxta hujjatlardan foydalanilgan holda olinganligi sudning qarori bilan aniqlanganda sertifikat bekor qilinadi.
Sertifikatni bekor qilish uni bergan attestatsiya oʻtkazuvchi organ rahbarining buyrugʻi bilan amalga oshiriladi. Bunda sertifikat u berilgan sanadan eʼtiboran bekor qilingan deb hisoblanadi.
39. Sertifikatning amal qilishini tugatish va uni bekor qilish haqidagi buyruqning nusxasi oʻn kun ichida uning egasiga va u faoliyat yuritayotgan tibbiyot muassasasiga yuboriladi.
Sertifikatning amal qilishi tugatilgan yoki u bekor qilinganda talabgor tomonidan qilingan toʻlovlar qaytarilmaydi.
4-bob. Apellatsiya shikoyati berish va uni koʻrib chiqish
40. Attestatsiya komissiyasining qaroridan norozi boʻlgan talabgorlar attestatsiya oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kalendar kun mobaynida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida tuziladigan apellatsiya komissiyasiga yozma ravishda apellatsiya shikoyati berish huquqiga ega.
Apellatsiya komissiyasi tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri tomonidan tasdiqlanadi. Attestatsiya komissiyasi aʼzolari apellatsiya komissiyasi tarkibiga kiritilmaydi.
41. Apellatsiya shikoyatini apellatsiya komissiyasi tomonidan ikki hafta ichida talabgor ishtirokida, zarur hollarda attestatsiya komissiyasi aʼzolari va betaraf mutaxassislarni taklif qilgan holda koʻrib chiqiladi.
Apellatsiya shikoyatida koʻrsatilgan vajlar apellatsiya komissiyasi tomonidan attestatsiya materiallari asosida oʻrganiladi. Apellatsiya shikoyatini koʻrib chiqish natijalariga koʻra uni qanoatlantirish yoki attestatsiya komissiyasi qarorini oʻzgartirishsiz qoldirish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
42. Apellatsiya komissiyasining apellatsiya shikoyatini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha qabul qilgan qarori yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilish mumkin.
43. Yoʻqotilgan yoki yaroqsiz holga kelgan sertifikatning oʻrniga ushbu sertifikat egasining arizasiga koʻra oʻn besh kun ichida uning dublikati berilishi shart.
44. Sertifikat dublikatida uning avvalgi hisobga olish raqami, belgilangan amal qilish muddati hamda yuqori oʻng burchagiga “DUBLIKAT” yozuvi koʻrsatiladi. Sertifikatning dublikatini berganlik uchun attestatsiyadan oʻtish va qoʻshimcha haq toʻlash talab qilinmaydi.
6-bob. Yakuniy qoidalar
45. Hududiy sogʻliqni saqlashni boshqarish organlari huzurida tashkil etilgan attestatsiya komissiyalari uchun undirilgan toʻlovlar mazkur organlarning, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida tashkil etilgan attestatsiya komissiyalari uchun undirilgan toʻlovlar doimiy ishchi organning hisob raqamiga oʻtkaziladi.
46. Hududiy sogʻliqni saqlashni boshqarish organlari huzurida tashkil etilgan attestatsiya komissiyalari tomonidan yillik jadval boʻyicha barcha yigʻilishlar oʻtkazilgandan keyin, biroq keyingi yil yanvar oyining oʻn beshinchi sanasidan kechiktirmasdan oʻtkazilgan attestatsiya natijalari haqida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga axborot taqdim etadi.
Vrachlar va farmatsevtlarga berilgan malaka toifalarining hisobi doimiy ishchi organ tomonidan, “Oliy hamshiralik ishi” mutaxassisligiga ega boʻlgan hamshiralarga berilgan malaka toifalarining hisobi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan yuritiladi.
Oʻrta tibbiyot va oʻrta farmatsevtika xodimlariga malaka toifalarini berishning hisobi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan olib boriladi.
48. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan kelishilgan.
Moliya vaziri R. AZIMOV
2014-yil 16-dekabr
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri A. ABDUHAKIMOV
2014-yil 16-dekabr
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi T. NARBAYEVA
2014-yil 16-dekabr
Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish va ularga malaka toifalari berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Malaka toifasini olish uchun murojaat qilgan vrachlarning mutaxassislik boʻyicha ish stajini hisoblab chiqarishda oʻzaro hisobga olinadigan turdosh mutaxassisliklar
“Mehnat gigiyenasi”, “Ovqatlanish gigiyenasi”, “Bolalar va oʻsmirlar gigiyenasi”, “Kommunal gigiyena”, “Radiatsion gigiyena”, “Pestitsid va mineral oʻgʻitlarning qoʻllanilishini nazorat qilish gigiyenasi”
6.
“Umumiy amaliyot shifokori”
“Terapiya”, “Pediatriya”, “Akusherlik va ginekologiya”, “Tez tibbiy yordam”
7.
“Oʻsmirlik davri va xizmatga chaqiriluvchi yoshlar kasalliklarining tibbiy ekspertizasi”
Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish va ularga malaka toifalari berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
(tashqi qismi)
3. ATTESTATSIYA KOMISSIYASINING QARORI:
Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish va ularga malaka toifalari berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 31-bandiga muvofiq, talabgor
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 3-son, 32-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.11.2017-y., 10/17/2649-1/0267-son; 27.12.2017-y., 10/17/2649-2/0467-son, 13.11.2019-y., 10/19/2649-3/4019-son, 31.12.2020-y., 10/20/2649-4/1699-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son, 29.09.2021-y., 10/21/2649-5/0912-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.10.2021-y., 10/21/2649-6/0949-son; 18.05.2022-y., 10/22/2649-7/0430-son; 21.08.2023-y., 10/23/2649-8/0630-son)