1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.17.00.00 Savdo / 09.17.10.00 Alohida turdagi mahsulotlar boʻyicha savdo;
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.17.00.00 Savdo / 09.17.14.00 Bozorlarda savdo]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Savdo va xizmatlar koʻrsatish]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
NOOZIQ-OVQAT ISTEʼMOL TOVARLARI BILAN SAVDO QILIShNI TAKOMILLAShTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 28-avgustdagi 253-sonli “Bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini tartibga solishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
LexUZ sharhi
Mazkur hujjatda koʻrsatilgan oziq-ovqat (qishloq xoʻjaligi) mahsulotlari sifatini tasdiqlovchi xulosa Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 25-avgustdagi PQ-1604-son qaroriga asosan 2011-yilning 1-sentabridan bekor qilingan.
Nooziq-ovqat isteʼmol tovarlarini chakana sotishni tashkil etishning zamonaviy usullarini joriy etish, chakana savdo sohasida yuridik va jismoniy shaxslar uchun teng shart-sharoitlar yaratish, bozorlarda savdo faoliyatini tartibga solish, shuningdek fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.17.00.00 Savdo / 09.17.07.00 Aholi bilan pullik hisob-kitoblar koʻrsatishda kassa apparatini va terminalni qoʻllash]
1. Belgilab qoʻyilsinki, 2003-yil 1-oktabrdan boshlab dehqon (oziq-ovqat) bozorlari, shuningdek ularning filiallari hududida nooziq-ovqat isteʼmol tovarlari bilan chakana savdo qilish faqat turgʻun savdo shoxobchalarida, majburiy tartibda nazorat-kassa mashinalari qoʻllangan holda amalga oshiriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari soliq va huquqni muhofaza qilish organlari bilan birgalikda bozorlarda savdo faoliyatini amalga oshirishni xohlovchi yakka tartibdagi tadbirkorlar oʻrtasida bozorlarda nooziq-ovqat tovarlarini sotishning belgilanayotgan tartibi boʻyicha yangi shartlar joriy etilgunga qadar tushuntirish ishlarini tashkil etsinlar va oʻtkazsinlar.
2. Oʻzbekiston Respublikasida bozorlarda savdo faoliyatini tashkil etish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Ushbu Qoidalar bajarilishini tashkil qilish va ularga rioya etilishi uchun shaxsiy masʼuliyat Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimlari, shuningdek bozorlar maʼmuriyati zimmasiga yuklansin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2003-yil 1-oktabrgacha boʻlgan muddatda:
oʻzlariga qarashli hududlarda anʼanaviy isteʼmol afzalliklari va aholiga qulaylik, bozorlarning barcha turlarini oqilona joylashtirishdan kelib chiqqan holda bozorlarni (dehqon bozorlari, buyum bozorlari, ixtisoslashtirilgan bozorlarni) ixtisoslashtirish;
dehqon (oziq-ovqat) bozorlari buyum bozorlari yoki ixtisoslashtirilgan bozorlar bilan yonma-yon boʻlmasligini nazarda tutgan holda, faoliyat koʻrsatayotgan bozorlarning hududlarini ularning ixtisoslashuviga koʻra aniq chegaralash;
dehqon bozorlaridagi nooziq-ovqat tovarlar savdosini nazorat-kassa mashinalari bilan jihozlangan turgʻun savdo shoxobchalariga koʻchirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirsinlar;
Tasdiqlangan Qoidalarni barcha bozorlarga yetkazsinlar va ularning bajarilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsinlar.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 10-noyabrdagi 235-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan— Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 46-47-son, 458-modda)
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga, bozorlarda savdo qilishning belgilangan qoidalariga rioya etilishi hamda chakana savdo qilish uchun ruxsat guvohnomalari boʻlishi ustidan qatʼiy nazoratni taʼminlasinlar.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 28-apreldagi PF-4215-son Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 17-son, 130-modda)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
amaldagi qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiquvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
idoraviy normativ hujjatlarning mazkur qarorga muvofiqlashtirilishini taʼminlasin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari M.Z. Usmonov va R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 28-iyul,
330-son
Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 28-iyuldagi 330-son qaroriga ILOVA
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.17.00.00 Savdo / 09.17.12.00 Savdo qoidalari;
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.17.00.00 Savdo / 09.17.14.00 Bozorlarda savdo]
Oʻzbekiston Respublikasida bozorlarda savdo faoliyatini tashkil etish
QOIDALARI
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasida bozorlarda savdo faoliyatini tashkil etishga qoʻyiladigan asosiy talablarni belgilaydi.
II. Asosiy atamalar va tushunchalar
2. Ushbu Qoidalarda quyidagi asosiy atamalar va tushunchalardan foydalanilgan:
bozor — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilangan joylarda doimiy yoki vaqtinchalik asosda faoliyat koʻrsatadigan hamda savdo rastalari, savdo oʻrinlari, turgʻun savdo shoxobchalari (shu jumladan savdo pavilonlari, kioskalari)dan foydalangan holda, erkin raqobat sharoitlarida isteʼmol tovarlari keng assortimentining chakana va mayda ulgurji oldi-sotdisi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga moʻljallangan mulkiy kompleks;
dehqon (oziq-ovqat) bozori — keng turdagi qishloq xoʻjaligi oziq-ovqat mahsulotlarining va uni qayta ishlashdan olinadigan mahsulotlarning savdo rastalari, savdo oʻrinlari, turgʻun savdo shoxobchalari (shu jumladan savdo pavilonlari, kioskalari)dan foydalangan holda chakana va mayda ulgurji oldi-sotdisi amalga oshiriladigan bozor;
buyum bozori — nazorat-kassa mashinalari bilan jihozlangan turgʻun savdo shoxobchalari (shu jumladan savdo pavilonlari, kioskalari), shuningdek savdo rastalari va savdo oʻrinlari orqali nooziq-ovqat, asosan ilgari foydalanishda boʻlgan isteʼmol tovarlarining chakana va mayda ulgurji oldi-sotdisi amalga oshiriladigan bozor;
ixtisoslashtirilgan bozor — tovarlarning ixtisoslashtirilgan guruhlari: qurilish materiallari, avtomobillar va avtomobillarning ehtiyot qismlari, tirik mollar, parrandalar, hayvonlar va boshqalar savdosi amalga oshiriladigan bozor;
dam olish kuni yarmarkasi — joylardagi davlat hokimiyati organlari tomonidan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining bevosita qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilari tomonidan oldi-sotdisi uchun muayyan vaqtga (odatda dam olish kunlariga) shart-sharoitlar yaratish uchun maxsus ajratilgan hudud.
3. Bozor hududida joylashgan turgʻun chakana savdo obyektlari faoliyati Oʻzbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
III. Bozorlarni tashkil etish tartibi
4. Bozorni tashkil etish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining bozor tashkil etish uchun yer uchastkasi ajratish toʻgʻrisidagi qarorlari asosida amalga oshiriladi.
Dam olish kuni yarmarkalari tashkil etish joylardagi davlat hokimiyati organlarining qarorlari asosida amalga oshiriladi.
5. Qarorda bozorning joylashgan oʻrni, uning ixtisoslashuvi, ish tartibi, undagi savdo oʻrinlarining soni va ularning joylashishi majburiy tartibda belgilab qoʻyiladi.
6. Bozor faoliyatini tashkil etish bozor tashkil etish uchun ajratilgan yer uchastkasini ijaraga beruvchi yuridik shaxs tomonidan taʼminlanadi. Koʻrsatib oʻtilgan yuridik shaxs ochiq aksiyadorlik jamiyati shaklida yoki masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etiladi, uning muassislaridan bittasi majburiy tartibda ustav jamgʻarmasidagi ulushi kamida 51 foiz boʻlgan joylardagi davlat hokimiyati organi boʻlishi kerak.
7. Tashkil etilayotgan bozorlar ustav jamgʻarmasining eng kam miqdori tegishli tashkiliy-huquqiy shakllar uchun qonun hujjatlarida belgilangan miqdorga muvofiq boʻlishi, lekin eng kam oylik ish haqining kamida 500 baravaridan kam boʻlmasligi kerak.
8. Davlat roʻyxatidan oʻtkazish paytigacha bozorning ustav jamgʻarmasiga taʼsis hujjatlarida koʻrsatilgan miqdorning kamida 30 foizi qoʻshiladi.
9. Bozorlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyish uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
10. Bozorlarni qayta tashkil etish va tugatish Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
IV. Bozor hududini obodonlashtirishga, obyektlarni joylashtirishga va asbob-uskunalarga qoʻyiladigan umumiy talablar
11. Bozorda:
asfaltlangan (mol bozorlaridan tashqari), yaxshi yoritilgan, yondosh hududdan toʻsiq bilan ajratilgan savdo maydoni;
bozorda ish vaqti tugagandan keyin yopiladigan kirish va chiqish joylari;
bozorning nomi, ixtisoslashuvi va ish tartibi davlat tilida yozilgan jihozlangan peshlavha;
jihozlangan va tartib raqamlari qoʻyilgan turgʻun hamda mavsumiy savdo rastalari va savdo qilish uchun joylar, turgʻun savdo shoxobchalari (shu jumladan pavilonlar, kioskalar) boʻlishi kerak. Bunda bozor maʼmuriyati tasdiqlagan va bozor obyektlarining joylashish sxemasi koʻrinarli joyga osilgan va obyektlarning amalda joylashgan oʻrni, shuningdek bozor rastalari va savdo oʻrinlarining joylashishi xaridorlarning bozorda erkin yurishini va savdo rastalari va joylariga bemalol borishini taʼminlashi kerak;
davlat soliq xizmati organlarining tayanch punktini joylashtirish uchun binolar, bojxona va soliq organlari (buyum bozorlari va ixtisoslashtirilgan bozorlarda), veterinariya-sanitariya ekspertizasi davlat laboratoriyasi yoki davlat veterinariya nazorati boʻlinmalari (mol va oʻsimlik oziq-ovqat mahsulotlarini sotishda) bilan birgalikda tashkil etiladigan maslahat berish punktlari;
buyumlarni saqlash joylari, dezinfeksiyalovchi moddalarni saqlash, goʻsht mahsulotlarini maydalash (goʻsht sotishda) uchun alohida xonalar;
tovarlarni savdo joylariga yetkazish uchun aravachalarni prokatga berish punkti, oʻlchov—tortish vositalarini prokatga berish punktlari;
yongʻinni oʻchirish va avariya hamda favqulodda vaziyatlar hollarida aholini xabardor qilish vositalari;
ijarachilar va xaridorlarning avtotransport vositalari turadigan joylar, jamoat hojatxonalari, suv quvurlari, qoʻl—yuz yuvish vositalari, axlat toʻplagichlar (buyum bozorlarida zarurat boʻlganda kiyimni kiyib koʻrish uchun jihozlangan kabinalar) va boshqa zarur infratuzilma obyektlari boʻlishi kerak.
12. Bozorlar hududlari ularning ixtisoslashuviga muvofiq, dehqon bozorlari nooziq-ovqat isteʼmol tovarlari bilan savdo qilishga ixtisoslashgan bozorlar (buyum bozorlari yoki ixtisoslashtirilgan bozorlar) bilan yondosh boʻlmaydigan darajada aniq ajratib qoʻyilgan boʻlishi kerak.
13. Bozor hududida:
obyektlarni joylashtirishning tasdiqlangan sxemasidan tashqari qoʻshimcha savdo oʻrinlarining tashkil etilishi;
yuklarni tashish uchun moʻljallangan vositalar (konteynerlar)dan oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlarini sotish;
oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlarini avtomashinalardan sotish taqiqlanadi, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ixtisoslashgan avtotransport va asbob-uskunalardan (avtolavkalar, avtodoʻkonlar, izotermik sigʻimlar, tirik baliq sotish uchun avtoakvariumlardan va shu kabilardan) sotish bundan mustasno.
14. Tanishish uchun qulay joylarda:
a) tovar nomenklaturasining asosiy guruhlari boʻyicha savdo zonalari koʻrsatkichlari;
b) savdo zonalari, umumiy ovqatlanish va servis xizmati koʻrsatish obyektlari, maʼmuriy binolar, namoyish qilish xonasining joylashish sxemasi koʻrsatilgan stend yoki veterinariya-sanitariya ekspertizasi davlat laboratoriyasi yoki bozordagi davlat veterinariya nazorati boʻlinmasi (mol va oʻsimlik mahsulotlarini sotishda), nazorat oʻlchovi tarozilari, avtomobillar toʻxtash joylari, jamoat hojatxonalari va boshqa obyektlar sxemasi koʻrsatilgan stendlar;
v) favqulodda vaziyatlar roʻy berganda bozorni evakuatsiya qilish sxemasi;
g) axborotlar stendi, unda sotuvchilar va bozorga keluvchilar uchun:
“Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni va ushbu Qoidalarning matnlari;
savdo faoliyatini va tovarlarning ayrim turlarini sotishni tartibga soluvchi qoidalar;
bozorda savdo oʻrinlarini berish va xizmatlar koʻrsatish tartibi va shartlari toʻgʻrisidagi axborot;
bozor maʼmuriyatining, tuman hokimligining, davlat sanitariya nazorati (davlat veterinariya nazorati) hududiy organlarining, davlat soliq xizmatining, ichki ishlar organlarining telefon raqamlari osib qoʻyiladi.
15. Savdo operatsiyalari oʻlchash-tortish vositalaridan (tarozilar, tarozi toshlari, oʻlchovli sigʻimlar, metrlar va boshqalar) foydalangan holda amalga oshirilishi kerak boʻlgan bozorlarda metrologik qoidalar va normalar talablariga muvofiq boʻlgan oʻlchov anjomlari mavjud boʻlishi shart.
Tarozilar va boshqa oʻlchov anjomlari sotuvchining ish joyida tortib koʻrish, qiymatini aniqlash va tovarni berish boʻyicha barcha jarayonlarning koʻrinib turishi taʼminlangan holda oʻrnatilishi kerak.
16. Bozor hududida maxsus ajratilgan joylarda:
umumiy ovqatlanish, servis xizmati koʻrsatish va tijorat banklari obyektlari (filiallar, mini-banklar, bank kassalari);
namoyish qilish xonasi yoki ishlab chiqaruvchi korxonalarga (shartnoma shartlarida) istiqbolli tovarlarni koʻrsatish, ularni ommalashtirish boʻyicha taqdimotlar, reklama kampaniyalari oʻtkazish imkoniyatini yaratish uchun stend joylashtiriladi.
17. Sanitariya kunlari bozorda joylardagi davlat hokimiyati organi tomonidan tasdiqlangan jadvalga muvofiq belgilanadi.
18. Bozor hududida tovarlarni tashishni va bozorda savdo jarayonini tashkil etish tovarlarni tashib keltirish (qabul qilib olish), saqlash va sotish uchun zarur sharoitlarni toʻliq taʼminlashi kerak.
19. Mijozlarning bozor hududiga kirishi – bepul.
20. Bozorlar hududida savdoni amalga oshirishda nazorat-kassa mashinalarini qoʻllanish amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq tartibga solinadi.
V. Bozorni boshqarish. Sotuvchilarning va bozor maʼmuriyatining huquq va majburiyatlari
21. Bozorni boshqarish bozor maʼmuriyati tomonidan amalga oshiriladi, unga ushbu Qoidalarga hamda bozorlarda savdo oʻrinlari berishning qonun hujjatlarida belgilangan tartibiga rioya etish uchun javobgarlik yuklanadi;
22. Bozorda sotuvchilar quyidagi huquqlarga ega:
ushbu Qoidalarga muvofiq savdo faoliyatini amalga oshirish;
bozor maʼmuriyatidan ushbu Qoidalarga muvofiq ishlash uchun shart-sharoitlar bilan taʼminlashni talab qilish;
bozor maʼmuriyatidan bozorning ish tartibi va rejimi boʻyicha zarur tushuntirishlar olish;
bozor maʼmuriyati tomonidan koʻrsatiladigan pulli xizmatlardan foydalanish;
oʻzlarining faoliyati nazorat organlari tomonidan tekshirilgan taqdirda bozor maʼmuriyati xodimlarini taklif etish;
bozor maʼmuriyatiga bozor faoliyatini yaxshilash boʻyicha takliflar kiritish.
23. Sotuvchilar bozorda quyidagilarga majbur:
bozorda savdo faoliyatini amalga oshirishda oʻz yonida shaxsini tasdiqlovchi hujjatga, patta toʻlovi toʻlanganligi toʻgʻrisidagi chekga, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hujjatlarga ega boʻlish;
ushbu Qoidalarga va qonun hujjatlarida belgilangan boshqa talablarga rioya etish;
faqat bozor maʼmuriyati tomonidan belgilangan joylardagina savdo qilish;
savdo oʻrinlarini toza va tartibli saqlash;
bozor maʼmuriyati va boshqa nazorat qiluvchi organlarning qonuniy talablarini bajarish.
24. Savdo oʻrnini uchinchi shaxsga berish taqiqlanadi.
25. Bozor maʼmuriyati amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish, bozorlar faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablari, savdo qoidalarida belgilangan talablarning bajarilishi uchun javob beradi.
Bozor maʼmuriyati rahbariyati ushbu Qoidalarga rioya qilinmaganlik yoki maʼmuriyat xodimlari tomonidan yoki bozorda sotuvchilar tomonidan ularga rioya etish yuzasidan zarur nazoratning yoʻqligi uchun yollash shartnomalarini bekor qilishgacha boʻlgan darajada intizomiy javob beradi.
26. Bozor maʼmuriyati quyidagi huquqlarga ega:
yuridik shaxslarga va yuridik shaxs boʻlmagan yakka tartibdagi tadbirkorlarga bozorda savdo faoliyatini amalga oshirish hamda xizmatlar koʻrsatish uchun shartnoma asosida savdo oʻrinlari berish;
dehqon bozorlarida jismoniy shaxslarga, ular tomonidan patta toʻlovi toʻlangan taqdirda yozma shartnomalar tuzmasdan savdo oʻrinlari berish;
shartnoma asosida qoʻshimcha xizmatlar koʻrsatish;
nazorat organlari vakillariga ular bozorlarda oʻz funksiyalarini amalga oshirayotganda hamrohlik qilish;
ijarachilar tomonidan bozorlarda savdo faoliyatini amalga oshirishga belgilangan talablar takroran buzilishi hollari hujjatli tarzda tasdiqlangan taqdirda ular bilan turgʻun obyektlarni ijaraga berish, savdo oʻrinlari taqdim etish yuzasidan tuzilgan shartnomalarni muddatidan oldin bekor qilish.
Bozor hududida tarozilar va boshqa oʻlchov anjomlarini ijaraga berish, yuk saqlash joylarini tashkil etish, yuklarni tashish uchun aravachalarni ijaraga berish boʻyicha xizmatlar faqat bozor maʼmuriyati tomonidan koʻrsatilishi mumkin.
27. Bozor maʼmuriyati quyidagilarga majbur:
sotuvchilar va oʻz xodimlari tomonidan ushbu Qoidalarga va belgilangan savdo qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish;
bozor ishlarini va bozor faoliyati bilan bogʻliq jarayonlarni amaldagi sanitariya qoidalariga hamda savdo faoliyatini amalga oshirishni belgilovchi va atrof-muhitni, bozor joylashgan hududdagi epidemiya, epizootiya va ekologiya xavfsizligini taʼminlovchi normalarga qatʼiy muvofiq holda tashkil etish;
jamoat tartibini saqlash, qoʻriqlashni tashkil etish boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrish, bozorning normal faoliyat koʻrsatishi uchun, shu jumladan uning energiya, issiqlik va suv taʼminoti boʻyicha zarur sharoitlarni taʼminlash;
oʻlchash vositalarini va saqlash kameralarini prokatga berish punkti ishlari uchun javobgar shaxslarni buyruq bilan tayinlash;
bozor maydonini, maʼmuriy-xoʻjalik binolarini, umumiy ravishda foydalaniladigan joylarni zarur sanitariya-texnik holatda saqlash;
yondosh hududlar oʻz vaqtida yigʻishtirilishini va obodonlashtirilishini taʼminlash;
qattiq maishiy chiqindilarni, yirik hajmli axlatlarni, turli xil idishlarni va shu kabilarning tashib ketilishini taʼminlash.
28. Bozor maʼmuriyati:
sotuvchilarning anjomlarga, tegishli texnik talablarga, sanitariya normalari va qoidalariga boʻlgan ehtiyojini;
xaridorlarga xizmat koʻrsatish chogʻida paydo boʻladigan nizoli vaziyatlarning sabablarini bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrilishini;
sotuvchilarning minimal kasbiy tayyorgarligi boʻyicha tadbirlar amalga oshirilishini;
mahalliy hokimlikda belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan mulohazalar va takliflar daftarlarining mavjud boʻlishini va ularni xaridorlarning birinchi talabiga binoan taqdim etilishini taʼminlaydi.
29. Bozor maʼmuriyati nazorat qiluvchi organlar vakillariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda oʻtkaziladigan tekshirishlarni amalga oshirishda koʻmaklashadi, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha taʼsirchan chora-tadbirlar koʻradi. Zarurat boʻlganda nazorat qiluvchi organlar xodimlariga tekshirishlarni oʻtkazish davri uchun xonalar ajratadi.
VI. Bozorning ish rejimi
30. Bozorning ish rejimi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining bozorni tashkil qilish toʻgʻrisidagi qarorida nazarda tutiladi.
31. Bozor hududidagi ayrim savdo obyektlarining ish vaqti bozor ishlarining umumiy rejimi bilan tartibga solinadi.
32. Bozor rejali sanitariya-texnik ishlarni amalga oshirish uchun yopilgan taqdirda bozor maʼmuriyati oldindan, mazkur ishlar oʻtkazilgungacha yetti ish kunidan kechikmay sotuvchilarni, aholini va joylardagi davlat hokimiyati organini bozorning yopilishi sabablari va davri toʻgʻrisida xabardor qiladi.
33. Alohida savdo obyektini (pavilon, palatkalar, kioskalar va shu kabilarni) yopish zarur boʻlgan taqdirda bozorning ish vaqtida sotuvchi xaridorlar uchun obyektning yopilishi sabablari va davri toʻgʻrisidagi eʼlonni osib qoʻyishi, obyekt bir ish soatidan koʻproq vaqtga yopilgan taqdirda esa xaridorlar uchun eʼlondan tashqari bozor maʼmuriyatini bu toʻgʻrida yozma ravishda xabardor qilishi shart.
34. Bozor avariya va favqulodda vaziyatlar yuz berganda shoshilinch tadbirlarni bajarish uchun yopilgan taqdirda bu toʻgʻridagi axborot zudlik bilan sotuvchilarga, xaridorlarga va joylardagi davlat hokimiyati organlariga yetkaziladi.
VII. Bozorlarning daromadlari manbalari
35. Quyidagilar:
patta toʻlovidan tushumlar;
bozorlarning hududida joylashgan va ularning tasarrufidagi yer uchastkalari, binolar va inshootlarni ijaraga berishdan olingan tushumlar;
sotuvchilar va xaridorlarga xizmatlar koʻrsatishdan olingan daromadlar;
bozor maʼmuriyati (yoki uning savdo-xarid korxonalari) tomonidan amalga oshiriladigan qishloq xoʻjaligi tovarlarini tayyorlash, xarid qilish va sotishdan (dehqon bozorlari uchun) olingan daromadlar;
qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa tushumlar bozorlar daromadlarining manbalari hisoblanadi.
36. Patta toʻlovi bozorlarda chakana savdoni amalga oshiruvchi shaxslardan amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan stavkalar boʻyicha undiriladi.
37. Sotuvchilar va xaridorlarga xizmatlar koʻrsatilganligi, yer maydonlari, binolar, inshootlar va boshqa mol-mulk yuridik va jismoniy shaxslarga ijaraga berilganligi uchun haq bozor maʼmuriyati tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari belgilaydigan miqdorlarda undiriladi.
Bunda yer uchastkalari uchun ijara haqi miqdori ushbu joy uchun yer soligʻining uch baravari miqdoridan oshmasligi kerak.
VIII. Bozorlar daromadlarini taqsimlash
38. Bozorlarning xizmatlar koʻrsatishdan, bozorlar hududidagi yer uchastkalari, binolar va inshootlarni ijaraga berishdan, shuningdek patta toʻlovini undirishdan olinadigan daromadlaridan umumdavlat va mahalliy soliqlar olinmaydi.
Daromadlar umumiy miqdorining 50 foizi bozor maʼmuriyati ixtiyorida qoladi va ulardan joriy xarajatlarni qoplashda, rekonstruksiya qilishda, obodonlashtirishda, bozorlar tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar roʻyxatini kengaytirishda, sifatini yaxshilashda foydalaniladi.
Qolgan 50 foizi belgilangan tartibda mahalliy budjetga oʻtkaziladi.
39. Dehqon bozorlarining mahsulot yetkazib beruvchilar bilan toʻgʻridan toʻgʻrishartnomalarga binoan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini xarid qilish, tayyorlash va sotish boʻyicha xoʻjalik faoliyatidan olingan daromadlari alohida hisobga olinadi va ularga umumiy ravishda belgilangan tartibda soliq solinadi.
IX. Patta toʻlovi undirishni, koʻrsatiladigan xizmatlarga haq toʻlashni tashkil etish
40. Bozor maʼmuriyati patta toʻlovi undirishning, koʻrsatiladigan majburiy va boshqa xizmatlar uchun haq toʻlashning barcha sotuvchilar uchun qulay, tushunarli shart-sharoitlari yaratilishi uchun javob beradi.
Shundan kelib chiqqan holda bozor maʼmuriyati quyidagilarni tashkil etishga majburdir:
barcha savdo rastalarida koʻzga koʻrinadigan joyda bozor hududida savdo qilish shartlari davlat tilida yoritilgan plakatlar, tushuntiruvchi jadvallarni patta toʻlovi stavkalari va xizmatlar qiymatlari koʻrsatilgan holda joylashtirish;
tegishli tarzda, shu jumladan nazorat-kassa mashinalari bilan jihozlangan patta toʻlovi undirish turgʻun shoxobchalari mavjud boʻlishi, u yerda hisobga olish xodimlari (kassirlar) doimiy ravishda boʻlishlari kerak. Bunda turgʻun shoxobchalar soni 500 sotuvchiga (savdo oʻrinlariga) 1 shoxobcha hisobidan kelib chiqqan holda belgilanishi kerak;
bozorda savdo qilganlik uchun patta toʻlovi undirishning asosiy shartlarini, sotuvchi va xaridorlarga koʻrsatiladigan xizmatlar roʻyxati va qiymatini radio orqali muntazam ravishda maʼlum qilib borish;
majburiy tusdagi xizmatlar koʻrsatilganligi uchun patta toʻlovi toʻlashdan bosh tortgan sotuvchilarni aniqlash maqsadida savdo rastalari va umuman bozor hududi har soatda nazoratchilar tomonidan aylanib chiqilishi;
savdoni amalga oshirish, patta toʻlovi toʻlash tartibini buzuvchi shaxslarga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan jazolar qoʻllanilishi zarur boʻladigan hollar uchun davlat soliq xizmati organlari va huquqni muhofaza qilish organlari bilan tezkor aloqa oʻrnatish.
41. Bozorlar maʼmuriyati tomonidan bir martalik yigʻimlar va ijara haqi toʻlovlarini qabul qilish majburiy tartibda fiskal xotiraga ega boʻlgan nazorat-kassa mashinalarini qoʻllagan holda amalga oshiriladi.
100 va undan ortiq turgʻun savdo shoxobchalari va savdo oʻrinlariga ega boʻlgan bozorlar va ularning filiallarida bir martalik yigʻimlar va ijara haqi toʻlovlari faqat avtomatlashtirilgan tarzda bank tizimi orqali hisobga olish yoʻli bilan, toʻlovning toʻliqligi davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan har kuni tekshirilgan holda undiriladi.
(41-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 8-iyundagi 112-son qarori tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 23-son, 186-modda)
42. Koʻrsatilgan xizmatlar uchun haq undirish joylarda hisobga olish xodimlari tomonidan sotuvchilarga nazorat-kassa mashinalari cheki yoki davlat soliq organlarida roʻyxatdan oʻtkazilgan kvitansiyalar berilgan holda amalga oshiriladi.
43. Patta toʻlovini undirish va undan tushgan tushumlar hisobini yuritish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan belgilanadi.
X. Bozor (bozordagi savdo obyekti) faoliyatini toʻxtatib qoʻyish uchun asos hisoblanadigan qonun buzilishlari roʻyxati
44. Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, tegishli hujjatlarda tasdiqlangan quyidagi mavjud qonun buzilishlarida bozor (bozordagi savdo obyekti) faoliyati vaqtincha toʻxtatib qoʻyilishi mumkin:
er uchastkasidan foydalanish huquqini belgilovchi, belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan hujjatlar mavjud boʻlmaganda, shuningdek yer uchastkasidan maqsadsiz foydalanilganda;
bozor (bozordagi savdo obyekti)ni tashkil etish va undan foydalanishda sanitariya va veterinariya qonun hujjatlarining toʻgʻridan toʻgʻrixavfli epidemiya va yuqumli kasalliklarining tarqalishiga sabab boʻluvchi buzilishi holatlari belgilangan muddatda bartaraf etilmaganda;
bozorni tashkil qilish va undan foydalanishda tabiatni muhofaza qilish qonun hujjatlarining, ekologiya talablarining buzilishi holatlari belgilangan muddatda bartaraf etilmaganda;
yongʻinga qarshi xavfsizlik talablariga rioya qilinmaganda;
savdoni amalga oshirishda nazorat-kassa mashinalarini qoʻllanish tartibi yoki xususiy tadbirkorlar tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq daromadlarni va tovar operatsiyalarini hamda tovarlar cheklari daftarlarini hisobga olish kitobini yuritish tartibi doimiy ravishda buzilganda;
bozorning ixtisoslashuviga nisbatan mazkur Qoidalarda belgilangan talablar buzilganda;
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa qonun buzilishlarida.
45. Koʻrsatilgan qonun buzilishlari (bozordagi savdo obyekti) aniqlanganda, nazorat organlari oʻz vakolatlari doirasida, tegishli hujjatlar bilan tasdiqlangan taqdimnomalar kiritadi, ular asosida mahalliy davlat hokimiyati organlari oʻn ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatga bozor faoliyatini toʻxtatib turish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi yoki oʻn ish kunidan ortiq muddatga bozorning faoliyatini toʻxtatib turish toʻgʻrisida sudga murojaat qiladi.
(45-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 10-noyabrdagi 235-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 46-47-son, 458-modda)
46. Yoʻl qoʻyilgan qonun buzilishlari toʻliq bartaraf etilgandan keyin koʻrsatib oʻtilgan holatlar bartaraf etilganligi tasdiqlangan kundan boshlab oʻn kun muddatda faoliyatni toʻxtatib turish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan organ bozor (bozordagi savdo obyekti) faoliyatini qaytadan tiklash toʻgʻrisida qaror qabul qilishi shart.
(46-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 10-noyabrdagi 235-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 46-47-son, 458-modda)
XI. Bozor faoliyatini toʻxtatish
47. Bozor faoliyati:
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yer uchastkasining ijara shartnomasi toʻxtatilganda;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, tomonlardan birining tashabbusi bilan yer uchastkasining ijara shartnomasi muddatidan oldin bekor qilinganda;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bozorni joylashtirishga ajratilgan yer uchastkasi davlat ehtiyoji uchun olib qoʻyilganda;
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda toʻxtatiladi.
XII. Bozorlar ishlarini nazorat qilish
48. Savdo faoliyatini tartibga soluvchi mazkur Qoidalar va boshqa talablar hamda normalarga bozorlarda rioya etilishini nazorat qilish joylardagi davlat hokimiyati organlari va nazorat organlari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiriladi.
49. Bozor faoliyatini tekshirish tasdiqlangan Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirishlarni oʻtkazish va tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq nazorat organlari tomonidan amalga oshiriladi. Nazorat organlari tomonidan oʻtkaziladigan tekshirishlarga isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish boʻyicha jamoat tashkilotlari vakillari jalb qilinishi mumkin.
50. Nazorat organlari oʻz vakolatlari doirasida, shuningdek qonun hujjatlarida belgilangan tartibda isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida, tadbirkorlik faoliyati, bozorlarda belgilangan savdo faoliyati qoidalari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga sotuvchilar tomonidan rioya etilishini tekshirishlari mumkin.
51. Mazkur Qoidalarning buzilishiga yoʻl qoʻygan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
XIII. Dehqon bozorlarida tovarlarni sotishga talablar
52. Quyidagilar dehqon bozorlarida sotiladigan tovarlarning asosiy turlari hisoblanadi:
qishloq xoʻjaligi oziq-ovqat mahsulotlari, uni qayta ishlashdan olingan mahsulotlar, yordamchi va hunarmandchilik korxonalari mahsulotlari;
koʻchatlar, urugʻliklar, gullar va gul koʻchatlari.
53. Dehqon bozorlarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotish:
jismoniy shaxslar — dehqon va fermer xoʻjaliklari vakillari, bogʻbonlar va polizchilar, yuridik shaxs boʻlmagan yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan — jihozlangan savdo oʻrinlarida, patta toʻlovini majburiy toʻlagan va nazorat-kassa mashinalarini qoʻllamagan holda;
yuridik shaxslar — qishloq xoʻjaligi korxonalari, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, taʼminot, sotish va savdo korxonalari tomonidan — ijara shartnomasi shartlarida, turgʻun savdo shoxobchalari orqali, nazorat-kassa mashinalarini majburiy qoʻllagan holda hamda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda naqd pul tushumini topshirgan holda amalga oshiradilar.
54. Dehqon bozorida, shuningdek bozorning savdo-xarid korxonalari tomonidan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini xarid qilish, tayyorlash va sotish ham amalga oshiriladi.
55. Goʻsht va goʻsht mahsulotlari, sut va sut mahsulotlari, baliq, uyda tayyorlangan konservalangan mahsulotlar, goʻsht va baliqdan tayyorlangan pazandalik mahsulotlari, uy sharoitida tayyorlangan qandolatchilik mahsulotlari bilan savdo qilish davlat sanitariya nazorati talablariga muvofiq maxsus jihozlangan va ushbu mahsulotni saqlash va sotish shartlarini taʼminlovchi umumiy ravishda foydalaniladigan ixtisoslashtirilgan turgʻun oziq-ovqat pavilonlarida amalga oshiriladi.
56. Dehqon bozorida import oziq-ovqat mahsulotlarini va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotishga faqat, uning sotib olingan manbasini tasdiqlovchi sifat sertifikati va hujjatlari mavjud boʻlgan taqdirda ruxsat beriladi.
57. Dehqon bozorlarida nooziq-ovqat isteʼmol tovarlari chakana savdosi faqat nazorat-kassa mashinalari majburiy qoʻllangan holda turgʻun savdo shoxobchalarida amalga oshiriladi.
58. Dehqon bozorlarida xaridorlarga qulaylik yaratish uchun oʻrash materiallari (qogʻoz va polietilen paketlar, savatlar, posilka qutilari) sotishga ruxsat etiladi.
59. Dehqon bozori hududida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotishda sotuvchilarda quyidagilar boʻlishi lozim:
sotilayotgan mahsulotning veterinariya qoida va normalari talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi veterinariya-sanitariya ekspertizasi davlat laboratoriyasining yoki davlat veterinariya nazorati boʻlinmasining xulosasi;
savdo joyi berish boʻyicha xizmatlar uchun toʻlov toʻlanganligi toʻgʻrisidagi hujjat.
Ushbu hujjatlar sotuvchida butun ish vaqti davomida saqlanadi hamda bozor va davlat soliq xizmati masʼul xodimlarining birinchi talabiga koʻra koʻrsatiladi.
XIV. Buyum bozorlarida tovarlarni sotishga talablar
60. Quyidagi nooziq-ovqat tovarlari buyum bozorlarida sotiladigan tovarlarning asosiy turlari hisoblanadi:
ilgari ishlatilgan tovarlar;
yuridik shaxs boʻlmasdan yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan tovarlar;
xalq ijodkorligi, xalq hunarmandchiligi va kosibchilik tovarlari;
mamlakatimiz korxonalarida ishlab chiqarilgan tovarlar (ularni faqat nazorat-kassa mashinalari bilan jihozlangan turgʻun savdo shoxobchalari orqali sotish sharti bilan);
yuridik shaxs boʻlmagan yakka tartibdagi tadbirkorlar yoki yuridik shaxslar tomonidan, belgilangan tartibda keltirilgan import tovarlar.
61. Buyum bozorida nooziq-ovqat isteʼmol tovarlari bilan savdo qilishga yuridik shaxs boʻlmagan yakka tadbirkorlar sifatida roʻyxatdan oʻtkazilgan jismoniy shaxslarga va:
chakana savdo huquqiga belgilangan tartibda berilgan ruxsat guvohnomasiga ega boʻlgan (faqat yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan);
(61-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 22-maydagi 92-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 20-21-son, 181-modda)
bozorda turgʻun savdo shoxobchasi yoki savdo oʻrnini ijaraga olish shartnomasini tuzgan yuridik shaxslarga ruxsat beriladi.
62. Buyum bozorida tovarlarni chakana sotish:
yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan turgʻun savdo shoxobchalari orqali – nazorat-kassa mashinalarini majburiy qoʻllangan holda hamda naqd pul tushumini belgilangan tartibda har kuni bank muassasalariga topshirgan holda;
jihozlangan savdo shoxobchasi boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan – qonun hujjatlarida belgilangan tartibda daromadlarni va tovar operatsiyalarini hamda xaridorga tovar cheklarini berishni hisobga olish daftarini majburiy yuritgan holda amalga oshiriladi.
63. Yuridik shaxs boʻlmagan yakka tartibdagi tadbirkorlar buyum bozorida faqat:
ilgari ishlatilgan tovarlar;
bevosita yakka tartibdagi tadbirkorlarning oʻzlari keltirishgan import tovarlar;
oʻzi tayyorlagan (sotilishi taqiqlanmagan) tovarlar;
boshqa yakka tartibdagi tadbirkorlardan — ushbu tovarlarning ishlab chiqaruvchilaridan sotib olingan tovarlar;
faqat nazorat-kassa mashinalari bilan jihozlangan turgʻun savdo shoxobchalari orqali sotilganda, ularning sotib olinganligining qonuniyligini tasdiqlovchi barcha hujjatlar mavjud boʻlganda — mamlakatimizdagi tovar ishlab chiqaruvchilar tovarlari bilan chakana savdo qilish huquqiga ega.
64. Import tovarlar bilan chakana savdo qiluvchi yakka tartibdagi tadbirkor yuridik shaxs boʻlmasdan yakka tartibdagi tadbirkor sifatida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtgan, eksport-import operatsiyalarini va chakana savdoni amalga oshirish huquqiga ega boʻlishi kerak hamda unda roʻyxatdan oʻtgan joydagi davlat soliq inspeksiyasi tomonidan berilgan import operatsiyalari subyektining hisobga olish kartasi, shuningdek respublika hududiga tovarlar olib kirganligini va ular bojxonada rasmiylashtirganligini, bojxona toʻlovlari va qatʼiy belgilangan soliq toʻlaganligini tasdiqlovchi hujjatlar, muvofiqlik sertifikati boʻlishi shart.
(64-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 28-yanvardagi 16-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2008-y., 5-son, 19-modda)
65. Oʻzi tayyorlagan tovarlarni chakana sotuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar ishlab chiqarish sharoitlari mavjudligi faktini isbotlovchi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan berilgan hamda davlat soliq xizmati organlari tomonidan tasdiqlangan hujjatlarga ega boʻlishi shart.
66. Boshqa yakka tartibdagi tadbirkorlardan – ushbu tovarlarning ishlab chiqaruvchilaridan sotib olingan tovarlar bilan chakana savdo qiluvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar sotilayotgan tovarlarning yakka tartibdagi tadbirkor – ishlab chiqaruvchi bilan tuzilgan oldi-sotdi shartnomasiga ega boʻlishi shart. Shartnomada majburiy tartibda quyidagi rekvizitlar koʻrsatilishi lozim:
yakka tartibdagi tadbirkorlar – sotuvchi va xaridorning ismi, familiyasi va otasining ismi;
yakka tartibdagi tadbirkorlar – sotuvchi va xaridorning pasportlari seriyasi, tartib raqami va berilgan sanasi;
yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtganlik toʻgʻrisidagi guvohnomaning tartib raqami va berilgan sanasi hamda guvohnomani bergan davlat hokimiyati organlari;
soliq toʻlovchilarning va roʻyxatdan oʻtgan joydagi davlat soliq inspeksiyasining identifikatsiya tartib raqamlari;
bank muassasalarida hisob raqamlari boʻlgan taqdirda bank rekvizitlari.
67. Buyum bozorida ruxsat guvohnomasisiz yoxud uning amal qilish davri toʻxtatib turilganda yoki u olib qoʻyilganda savdo faoliyatini amalga oshirish faoliyatni litsenziyasiz amalga oshirish hisoblanadi va qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlik choralari qoʻllanadi.
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.17.00.00 Savdo / 09.17.05.00 Koʻrgazma. Yarmarka. Kimoshdi savdolari. Birjalar]
XV. Qurilish materiallarining ixtisoslashtirilgan bozorlarida tovarlarni sotishga talablar
68. Taʼmirlash (pardozlash) va qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun foydalaniladigan qoʻshimcha materiallar qurilish materiallarining ixtisoslashtirilgan bozorlarida sotiladigan tovarlarning asosiy turlari hisoblanadi.
69. Qurilish materiallarining ixtisoslashtirilgan bozorlarida ulgurji narxlari deklaratsiya qilinganligi yoki ularning birja savdolarida sotib olinganligi toʻgʻrisidagi hujjatlar mavjud boʻlganda tovarlarni ulgurji guruhlar bilan sotishga yoʻl qoʻyiladi.
70. Qurilish materiallarini chakana sotish:
yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan — nazorat-kassa mashinalaridan majburiy foydalangan hamda belgilangan tartibda bank muassasalariga naqd tushumni har kuni topshirgan holda;
jihozlangan savdo oʻrinlarida yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan — Daromadlar va tovar operatsiyalarini hisobga olish daftarini majburiy yuritgan hamda naqd tushumni bank muassasalariga har kuni topshirgan holda amalga oshiriladi.
71. Qurilish materiallarini sotishda, sotuvchi tomonidan xaridor nomiga sotilgan tovarning nomi, miqdori, summasi koʻrsatilgan yuk xati yozib beriladi va qonun hujjatlariga muvofiq nazorat-kassa mashinasi cheki yoki tovar cheki beriladi.
72. Qurilish materiallarining ixtisoslashtirilgan bozorida ruxsat guvohnomasisiz yoxud uning amal qilish muddati toʻxtatib turilgan yoki u qaytarib olingan davrda savdo faoliyatini amalga oshirish faoliyatni litsenziyasiz amalga oshirish deb hisoblanadi va qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlik choralari qoʻllaniladi.
73. Qurilish materiallarini ixtisoslashtirilgan bozor hududidagi ajratilgan joylardan va qurilish materiallari doʻkonlaridan tashqarida sotishga yoʻl qoʻyilmaydi.
74. Bozor maʼmuriyati quyidagilarga majbur:
sochiluvchan qurilish tovarlarining ayrim turlarini avtomobildan sotish uchun maxsus maydonchalar tashkil qilish;
brokerlar tomonidan mijozlarga xizmat koʻrsatish va birjada bitimlar tuzish uchun aloqa vositalari, kompyuter va mebellar bilan jihozlangan xona ajratish;
birjadan olingan maʼlumotlar asosida har kungi birja savdolari natijalari boʻyicha shakllanayotgan narxlar (kotirovkalar) toʻgʻrisida xaridorlar va sotuvchilarni xabardor qilish.
(Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 31 maydagi 251-son qaroriga muvofiq yangi XV-boʻlim bilan toʻldirilgan — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 22-23-son, 260-modda)
XVI. Dam olish kuni yarmarkalarining ish tartibi
75. Dam olish kuni yarmarkalarini oʻtkazish joyi va muddatlari toʻgʻrisidagi qaror fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari taqdimnomasiga koʻra, joylardagi davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinadi.
76. Joylardagi davlat hokimiyati organlari ichki ishlar organlari, davlat sanitariya nazorati hududiy organlari va boshqa manfaatdor tashkilotlar ishtirokida dam olish kuni yarmarkalarini tayyorlash, oʻtkazish va yopish boʻyicha zarur tadbirlarni amalga oshiradilar.
77. Dam olish kuni yarmarkalari hududida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini va ularni qayta ishlashdan olingan tovarlarni, shuningdek ilgari ishlatilgan nooziq-ovqat isteʼmol tovarlarini sotishga ruxsat etiladi.
78. Dam olish kuni yarmarkalari hududida savdo oʻrinlari bepul beriladi.
79. Dam olish kuni yarmarkalarida mahsulotlarni sotish quyidagi hujjatlar mavjud boʻlgan taqdirda amalga oshiriladi:
tovarga oid hujjatlar (ilgari ishlatilgan tovarlardan tashqari);
oziq-ovqat (qishloq xoʻjaligi) mahsulotining sifati va xavfsizligini tasdiqlovchi davlat sanitariya nazorati laboratoriyasining xulosasi;
sotuvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar.
Ushbu hujjatlar sotuvchida butun ish vaqti davomida saqlanadi va nazorat organlari va shahar (tuman) hokimliklarining birinchi talabiga koʻra koʻrsatiladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 31 maydagi 251-son qaroriga muvofiq eski XV-boʻlim XVI-boʻlimga, shuningdek 68—72-bandlar tegishli ravishda 75—79-bandlariga oʻzgartirilgan — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 22-23-son, 260-modda)
Oʻzbekiston Respublikasida bozorlarda savdo faoliyatini tashkil etish qoidalariga ILOVA
Bozorlarda sotilishi taqiqlangan tovarlar
ROʻYXATI
Quyidagilarni bozorlarda sotish taqiqlanadi:
alkogolli mahsulotlar (bozor hududida joylashgan turgʻun savdo shoxobchasi bundan mustasno);
audiovizual asarlar, fonogrammalar, EHM uchun dasturlar va ularning moddiy jismlari, kompyuter va maishiy texnika (bozor hududida joylashgan turgʻun savdo shoxobchasi bundan mustasno).
(uchinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 15-martdagi 72-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 12-son, 130-modda)
qimmatbaho metallar va toshlar, shuningdek ulardan tayyorlangan buyumlar (bozor hududida joylashgan turgʻun savdo shoxobchasi bundan mustasno);
tayyor armiya buyumlari va belgilangan namunadagi maxsus kiyim-bosh, harbiy assortimentdagi boshqa tovarlar, muassasalar, tashkilotlar va korxonalar shtampi qoʻyilgan choyshablar, ichki ishlar organlarida qoʻllaniladigan maxsus vositalar va maxsus jihozlar;
hayvonlar terilari;
ilgari foydalanilgan avtomototransport vositalari, shuningdek ularning raqam qoʻyiladigan agregatlari (ixtisoslashtirilgan avtomobil bozorlarida qonun hujjatlarida belgilangan tartibga rioya qilgan holda sotishdan tashqari);
xorijiy valyuta va qimmatli qogʻozlar, vakolatli banklarning belgilangan tartibda jihozlangan va faoliyat koʻrsatayotgan almashtirish punktlaridan tashqari;
dorivor vositalar (dorixonalardan tashqari);
veterinariya preparatlari va biologik preparatlar (ixtisoslashtirilgan dorixonalar va zoodoʻkonlardan tashqari);
bolalar taomlari (davlat sanitariya nazorati talablariga muvofiq maxsus jihozlangan hamda ushbu mahsulotni saqlash va sotish sharoitlarini taʼminlovchi turgʻun savdo shoxobchalari bundan mustasno);
sotilishi qonun hujjatlarida taqiqlangan buyumlar.