Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining
Qarori
Soliq solish obyektlari hamda soliq solish bilan bogʻliq obyektlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil 10-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2600]
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining 2022-yil 14-iyundagi 2022-20-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan qabul qilingan ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 3373, 28.06.2022-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 68-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi Qonunining 7-moddasiga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 15-iyuldagi PQ-2003-sonli “Qonunlarning havolaki normalarini amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish rejalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Soliq solish obyektlari hamda soliq solish bilan bogʻliq obyektlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 17-iyun,
2014-25-son
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining 2014-yil 17-iyundagi 2014-25-son qaroriga ILOVA
Soliq solish obyektlari hamda soliq solish bilan bogʻliq obyektlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 68-moddasiga muvofiq, davlat soliq xizmati organlarida soliq solish obyektlari hamda soliq solish bilan bogʻliq obyektlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini elektron tarzda shakllantirish va yuritish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Soliq solish obyektlarini va soliq solish bilan bogʻliq obyektlarni hisobga olish davlat soliq xizmati organi tomonidan har bir soliq toʻlovchi boʻyicha hamda u toʻlayotgan barcha soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha, soliq solish obyektlari hamda soliq solish bilan bogʻliq obyektlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yuritish, shu jumladan elektron shaklda shakllantirish va yuritish orqali amalga oshiriladi.
2. Ushbu Nizomning qoidalari tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali olib oʻtilishi munosabati bilan toʻlanishi lozim boʻlgan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarga, shuningdek undirilishi tegishli davlat organlari va tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladigan boshqa majburiy toʻlovlarga tatbiq etilmaydi.
2-bob. Soliq solish obyektlari hamda soliq solish bilan bogʻliq obyektlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirish manbalari
3. Soliq solish obyektlari va soliq solish bilan bogʻliq obyektlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasi obyekt joylashgan joydagi hududiy davlat soliq xizmati organlarida ichki va tashqi axborot manbalari asosida elektron koʻrinishda shakllantiriladi.
4. Ichki manbalar quyidagilardan iborat:
a) soliq toʻlovchilar tomonidan davlat soliq xizmati organlariga taqdim etiladigan choraklik, yillik moliyaviy hisobotlar, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha hisob-kitoblar, aniqlashtirilgan soliq hisobotlari, tushuntirish xatlari, maʼlumotlar va maʼlumotnomalar toʻgʻrisidagi;
b) quyidagilarning summasi koʻrsatilgan soliq toʻlovchilarning shaxsiy kartochkalari toʻgʻrisidagi:
hisoblangan, toʻlangan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar;
qaytarilgan, kamaytirilgan hamda ortiqcha toʻlangan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar;
soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzdorlik va hisoblangan penyalar;
v) qoʻshimcha yoki kamaytirishga hisoblangan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar toʻgʻrisidagi soliq tekshiruvlari dalolatnomalari, shuningdek soliq tekshiruvlari materiallari boʻyicha sud qarorlari asosida yoki ixtiyoriy ravishda toʻlangan (undirilgan) jarimalar summalari toʻgʻrisidagi;
g) soliq qonunchiligi sohasida yoʻl qoʻyilgan huquqbuzarlik uchun maʼmuriy jarima qoʻllanilgan shaxslar va qoʻllanilgan jarima summasi toʻgʻrisidagi;
d) jismoniy va yuridik shaxslarni roʻyxatdan oʻtkazish maʼlumotlarini oʻz ichiga oluvchi davlat soliq xizmati organlarida hisobga qoʻyilgan soliq toʻlovchilar toʻgʻrisidagi;
e) soliq toʻlovchilarning mol-mulk, yer soliqlari hamda suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq boʻyicha soliq solish obyektlarini hisobga qoʻyish toʻgʻrisidagi;
j) chakana savdo va xizmat koʻrsatish sohasida bank kassalariga naqd pul tushumi kelib tushishi boʻyicha oʻtkazilgan xronometrajlar natijalari toʻgʻrisidagi axborotlar.
5. Tashqi manbalar quyidagilardan iborat:
a) davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organlarning tadbirkorlik subyektlari toʻgʻrisidagi;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 84-moddasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 30-oktabrdagi PQ-1843-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi davlat soliq xizmati idoralari axborot-kommunikatsiya tizimi faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga 2-ilovada nazarda tutilgan tegishli organlar va tashkilotlar tomonidan davlat soliq xizmati organlariga taqdim etiladigan soliq toʻlovchilarning majburiyatlari yuzaga kelganligi (tugatilishi) toʻgʻrisidagi;
v) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining yozma soʻroviga asosan tegishli axborot taqdim etuvchi boshqa organlar va tashkilotlarning soliq toʻlovchilarning majburiyatlari yuzaga kelganligi (tugatilishi) toʻgʻrisidagi axborotlari.
3-bob. Soliq solish obyektlari va soliq solish bilan bogʻliq obyektlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yuritish boʻyicha ishlarni tashkillashtirish
6. Soliq toʻlovchilarni hisobga qoʻyish va soliq toʻlovchilarni obyektlar boʻyicha hisobga qoʻyish Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 80 va 81-moddalarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
7. Soliq toʻlovchilar — jismoniy shaxslarni hisobga qoʻyish tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyalarining jismoniy shaxslar soliq maʼmuriyatchiligi boʻlimlari (tuzilmalari) tomonidan amalga oshiriladi.
(7-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining 2017-yil 28-avgustdagi 2017-46-sonli qarori (roʻyxat raqami 2600-1, 12.09.2017-y.) tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 1018-modda)
Bunda, jismoniy shaxsning pasport maʼlumotlari asosida ushbu Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shaklda Soliq toʻlovchi — jismoniy shaxsni roʻyxatga olish varaqasi toʻldiriladi hamda tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyasining jismoniy shaxslar soliq maʼmuriyatchiligi boʻlimi (tuzilmasi) masʼul xodimi tomonidan ushbu davlat soliq inspeksiyasining tahlil va prognozlash boʻlimi (tuzilmasi) masʼul xodimiga taqdim etiladi. Oʻz navbatida, ushbu masʼul xodim tomonidan soliq toʻlovchi toʻgʻrisidagi barcha maʼlumotlar Oʻzbekiston Respublikasi soliq toʻlovchilarining yagona reyestriga kiritiladi.
(7-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining 2017-yil 28-avgustdagi 2017-46-sonli qarori (roʻyxat raqami 2600-1, 12.09.2017-y.) tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 1018-modda)
Maʼlumotlar Oʻzbekiston Respublikasi soliq toʻlovchilarning yagona reyestrida ishlovdan oʻtkazilgach, tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyasi tomonidan jismoniy shaxsga ushbu Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shaklda Soliq toʻlovchining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasida roʻyxatga olinganligi va unga identifikatsiya raqami berilganligi toʻgʻrisida guvohnoma beriladi.
Soliq toʻlovchi — jismoniy shaxsni roʻyxatga olish varaqasidagi maʼlumotlar oʻzgarganda, jismoniy shaxs tomonidan ushbu Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shaklda Soliq toʻlovchi — jismoniy shaxsning roʻyxat maʼlumotlaridagi oʻzgarishlar varaqasi toʻldiriladi.
8. Jismoniy shaxsning mol-mulk soligʻi, yer soligʻi hamda suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq boʻyicha soliq solish obyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlari asosida tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyasining jismoniy shaxslar soliq maʼmuriyatchiligi boʻlimi (tuzilmasi) masʼul xodimi tomonidan ushbu Nizomning 4-ilovasiga muvofiq shaklda Soliq toʻlovchi — jismoniy shaxsning soliqlarini hisobga qoʻyish varaqasi toʻldiriladi hamda ushbu davlat soliq inspeksiyasining tahlil va prognozlash boʻlimi (tuzilmasi) masʼul xodimiga taqdim etiladi va mazkur maʼlumotlar Jismoniy shaxslarning soliq majburiyatlarini hisobga olish dasturiy majmuasiga kiritiladi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining 2017-yil 28-avgustdagi 2017-46-sonli qarori (roʻyxat raqami 2600-1, 12.09.2017-y.) tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 1018-modda)
9. Tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha” tamoyili boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatish yagona markazlarida roʻyxatdan oʻtkazilmaydigan soliq toʻlovchi — yuridik shaxslarni tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyasida soliq toʻlovchi sifatida hisobga qoʻyish uchun soliq toʻlovchi — yuridik shaxslarning mansabdor shaxslari tomonidan ushbu Nizomning 5-ilovasiga muvofiq shaklda Soliq toʻlovchi — yuridik shaxsni roʻyxatga olish varaqasi toʻldiriladi hamda ushbu davlat soliq inspeksiyasining yuridik shaxslar soliq maʼmuriyatchiligi va kameral nazorat boʻlimi (tuzilmasi) masʼul xodimi tomonidan qabul qilib olinadi.
(9-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining 2017-yil 28-avgustdagi 2017-46-sonli qarori (roʻyxat raqami 2600-1, 12.09.2017-y.) tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 1018-modda)
Soliq toʻlovchi — yuridik shaxsning mansabdor shaxsi tomonidan belgilangan tartibda Soliq toʻlovchi — yuridik shaxsni roʻyxatga olish varaqasi toʻldirilgandan keyin tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyasining yuridik shaxslar soliq maʼmuriyatchiligi va kameral nazorat boʻlimi (tuzilmasi) masʼul xodimi uni ushbu davlat soliq inspeksiyasining tahlil va prognozlash boʻlimi (tuzilmasi) masʼul xodimiga taqdim etadi. Oʻz navbatida, ushbu masʼul xodim tomonidan soliq toʻlovchi toʻgʻrisidagi barcha maʼlumotlar Oʻzbekiston Respublikasi soliq toʻlovchilarining yagona reyestriga kiritiladi.
(9-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining 2017-yil 28-avgustdagi 2017-46-sonli qarori (roʻyxat raqami 2600-1, 12.09.2017-y.) tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 1018-modda)
Maʼlumotlar Oʻzbekiston Respublikasi soliq toʻlovchilarning yagona reyestrida ishlovdan oʻtkazilgach, tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyasi tomonidan soliq toʻlovchi — yuridik shaxsga ushbu Nizomning 6-ilovasiga muvofiq shaklda Soliq toʻlovchining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasida roʻyxatga olinganligi va unga identifikatsiya raqami berilganligi toʻgʻrisida guvohnoma beriladi, soliq toʻlovchi — yuridik shaxsning alohida boʻlinmasiga esa ushbu Nizomning 7-ilovasiga muvofiq shaklda Soliq toʻlovchi — yuridik shaxsning alohida boʻlinmasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasida roʻyxatga olinganligi va unga identifikatsiya raqami berilganligi toʻgʻrisida guvohnoma beriladi.
Soliq toʻlovchi — yuridik shaxsni roʻyxatga olish varaqasidagi maʼlumotlar oʻzgarganda, soliq toʻlovchi — yuridik shaxsning mansabdor shaxsi tomonidan bunday oʻzgarishlar yuzaga kelgan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddatda ushbu Nizomning 8-ilovasiga muvofiq shaklda Soliq toʻlovchi — yuridik shaxsning roʻyxat maʼlumotlaridagi oʻzgarishlar varaqasi toʻldiriladi.
Soliq toʻlovchi — yuridik shaxs toʻgʻrisida qoʻshimcha maʼlumotlar yuzaga kelganda soliq toʻlovchi — yuridik shaxsning mansabdor shaxsi tomonidan ushbu Nizomning 9-ilovasiga muvofiq shaklda Soliq toʻlovchi — yuridik shaxs toʻgʻrisida qoʻshimcha maʼlumotlar varaqasi toʻldiriladi.
10. Soliq toʻlovchilarni Oʻzbekiston Respublikasi soliq toʻlovchilarining yagona reyestridan chiqarish Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 83-moddasiga koʻra, quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
soliq toʻlovchi — jismoniy shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari — ular vafot etgandan keyin, basharti soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash majburiyatlari ularning merosxoʻrlari tomonidan toʻliq uzilgan yoki soliq qarzi belgilangan tartibda hisobdan chiqarilgan boʻlsa;
soliq toʻlovchi — yuridik shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari — ular tugatilganidan keyin, basharti soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash majburiyati toʻliq uzilgan yoki soliq qarzi belgilangan tartibda hisobdan chiqarilgan boʻlsa;
Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari — ularning Oʻzbekiston Respublikasi soliq toʻlovchilarining yagona reyestriga kiritilishini belgilagan holatlar bekor boʻlgan, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash majburiyati toʻliq uzilgan taqdirda.
4-bob. Yakuniy qoida
11. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
Soliq solish obyektlari hamda soliq solish bilan bogʻliq obyektlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Soliq solish obyektlari hamda soliq solish bilan bogʻliq obyektlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Soliq solish obyektlari hamda soliq solish bilan bogʻliq obyektlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Soliq solish obyektlari hamda soliq solish bilan bogʻliq obyektlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
Soliq solish obyektlari hamda soliq solish bilan bogʻliq obyektlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 5-ILOVA
(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining 2017-yil 28-avgustdagi 2017-46-sonli qarori (roʻyxat raqami 2600-1, 12.09.2017-y.) tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 1018-modda)
Soliq solish obyektlari hamda soliq solish bilan bogʻliq obyektlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 6-ILOVA
Soliq solish obyektlari hamda soliq solish bilan bogʻliq obyektlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 7-ILOVA
Soliq solish obyektlari hamda soliq solish bilan bogʻliq obyektlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 8-ILOVA
(8-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining 2017-yil 28-avgustdagi 2017-46-sonli qarori (roʻyxat raqami 2600-1, 12.09.2017-y.) tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 1018-modda)
Soliq solish obyektlari hamda soliq solish bilan bogʻliq obyektlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 9-ILOVA
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 28-son, 350-modda; 2017-y., 37-son, 1018-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)